Rey Bredberi: yosh yozuvchiga 12 maslahat

Rey Bredberi (1920–2012) mumtoz adabiyot vakili emas. Lekin oʻz yoʻnalishi – fantas­tikada mumtoz sanaladi. Fentezi, hikoyat va ertak janrlarida ham barakali ijod qilgan. Adib bir qancha romanlar, yuzlab hikoyalar, oʻnlab pyesalar, maqolalar, sheʼrlar – jami sakkiz yuzdan ortiq adabiy asar muallifi. Uning yozganlari asosida bir qancha filmlar, sahna va musiqa asarlari yaratilgan. Rey Bredberi ilmiy fantas­tika va fentezi janrini ommalashtirdi.

 

  1. Roman yozishdan boshlamang. U juda koʻp vaqt oladi. Yozuvchilikka qisqa hikoyalar orqali yoʻl toping. Har hafta bir nechta hikoya yozing. Qancha koʻp boʻlsa, shuncha yaxshi.

Bredberining oʻzi ilk romani – “Farengeyt boʻyicha 451 daraja”ni yozguniga qadar 30 yil shu taxlit ishlagan.

  1. Buyuk yozuvchilarga mehr qoʻying, ammo ularday boʻla olmaysiz. Ularga atay yoki beixtiyor taqlid qilishingiz aniq. Oʻsha paytlarda shu gaplarimni esga oling.

Yosh Bredberi Herbert Uels, Jyul Vern, Artur Konan Doyl, Laymen Frenk Baum singari adiblarning asarlarini sevib oʻqigan.

  1. Yaxshi hikoyalarning eʼtiborli jihatlarini tadqiq qiling.

Rey Bredberi Roald Dal, Gi de Mopassan, Nayjel Nil, Jon Kolliyer singari adiblarining asarlarini oʻrgangan.

  1. Kallani bilim bilan toʻldiring.

Bredberi uxlashdan oldin birorta saviyali hikoya yoki poema; arxeologiya, biologiya, zoologiya, falsafa, siyosatshunoslik yoki adabiy tanqidga oid biror-bir ilmiy tadqiqot oʻqishga odatlangan edi.

  1. Isteʼdodingizga ishonmaydigan doʻstlardan qutuling.

Bunday kishilar qobiliyatingiz yuzaga chiqishiga faqat xalal beradi. Ular bilan aloqani uzishni bir daqiqaga ham kechiktirmang.

  1. Umringiz kutubxonada oʻtsin, kompyuter qarshisida emas!

Oliy maʼlumot olish Rey Bredberiga nasib etmadi. U oʻz iborasi bilan aytganda oliy oʻquv yurtini emas, “kutubxonani tugatgan”di. Ana shunday oʻqish-oʻrganishlar natijasida yozuvchi 28 yoshida har tomonlama keng bilimga ega boʻlgan.

  1. Kinofilmlarni seving – qancha eski boʻlsa, shuncha yaxshi.

Har qanday filmni koʻraverish umrni sovurishdan boshqa narsa emas. Vaqt sinovidan oʻtgan, kishiga bilim va fikr beradigan, tasavvurini boyitadigan filmlarnigina koʻrish zarur.

  1. Yozganda koʻnglingiz shodlik hissini tuysin. Adabiyot – yengil yumush. Agar asaringiz ogʻir mehnat singari azob-uqubat beryotgan boʻlsa, shu joydayoq uni axlat chelakka uloqtiring va dilingiz yayraydigan yangi bir narsani qogʻozga tushirishni boshlang.
  2. Pul dardida yurmang.

Bredberining ayoli “qashshoqlikdan zorlanmaslikka qasam ichgan” edi. Er-xotin oʻn yil birga yashaganlaridan keyingina avtomobil sotib olishgan.

  1. “Oʻzingiz sevadigan va yomon koʻradigan 20 ta narsa roʻyxatini tuzing. Dastlabki oʻntalik haqida asar yozing. Keyin qolgan oʻntasi ham ijodiy ishingiz mavzusiga aylansin. Qoʻrquvlaringizni ham shunday yengib oʻting”.
  2. Har qanday eski xotira qogʻozga tushirishga arziydi. Ijodiy chorasizlikni tinimsiz urinishlar bilan yengish mumkin.
  3. Doim yodingizda tursin: siz koʻrishib qolgan payt: “Yozgan asarlaringiz menga juda yoqadi”, deydigan muxlis uchun yozyapsiz. Agar bu ishning uddasidan chiqolmayotgan boʻlsangiz, barcha urinishlaringiz “Haligi bemaza narsalarning muallifi siz ekansiz-da!” degan bahoga loyiq boʻladi, xolos.

 

Orif Tolib tarjimasi

 

“Yoshlik” jurnalining 2016 yil 5-sonida chop etilgan.

https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/rey-bredberi-yosh-yozuvchiga-12-maslahat/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x