Sheʼr yozish kayfiyat bilan chambarchas bogʻliq amal. Yaʼni, inson borliqdan taʼsirlangan paytda his-hayajon ogʻushida yozuvga murojaat qiladi. Sheʼrning qogʻozga toʻkilishi, tuygʻuning ifoda topishi qalamkashning bilimiga, malakasiga, estetik didiga mutanosib ravishda takomillashadi. Yana bir jihat shuki, shoirlik salohiyati yosh tanlamaydi. Kimdir qalamga erta oshino tutinsa, yana kimdir hayotda ancha tajriba orttirganidan soʻng sheʼriyat olamiga kirib keladi.
Oʻzbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon shoira Z.Narzullayeva qalamiga mansub “Sogʻinib yashayman” nomli toʻplamiga bitgan soʻzboshisida masalaning aynan shu tarafiga diqqat qilib quyidagilarni yozadi: “Shoira Zurafo Narzullayeva hayotning achchiq-chuchuklarini totib, yaxshi-yomonni jiddiy farqlay oladigan darajaga yetibgina qoʻliga qalam olishga jazm etibdi. Bu ham ijodga oʻziga xos tushuncha, dunyoqarash bilan yondashuv boʻlsa ajabmas. Shuning uchun, uning sheʼrlari anchagina magʻzi toʻq. Uning ijodida hayotga vazmin nigoh, azaliy va abadiy tuygʻularga eʼtiqod, hayotsevarlik kabi xususiyatlar boʻrtib turadi”.
Haqiqatan Zurafo Soʻzga eʼtiqod bilan yondashadi. Uning bitiklarida hayotga muhabbat, tiriklikka shukrona keltirish tuygʻulari porlaydi. Shoira uchun mehrning oʻzi bir boylik. Koʻngil shod boʻlmas ekan, yaltir-yultirlardan ne naf? Dunyoni mehr-muhabbat harakatga solmaganmi axir? Bir sheʼrida shu hikmatni ifoda qiladi:
Osmoningda oy boʻlay,
Poylaringda soy boʻlay,
Mehring bilan boy boʻlay,
Aylanay yor, aylanay.
“Aylanish” soʻzining lugʻaviy maʼnosi biror narsaning atrofi boʻylab harakat qilish demak. Bu soʻz evrilish mazmunini ham beradi. Zurafoning bitiklarida ushbu soʻz ikki maʼnoda ham qoʻllanilgan. Yuqorida toʻrt satri keltirilgan “Baxshiyona” sarlavhali sheʼrda erkalash maʼnosida ishlatilgan boʻlsa, bir sakkizligida evrilish maʼnosini anglatadi:
Majnunimni topmoq uchun,
Layli misol shaylanganman.
Vujudimga sachrab uchqun,
Men olovga aylanganman.
Olov – uchqunlar jamuljami. Muhabbat koʻngilga otash soladi. Shu zaylda insonning koʻziga hamma narsa chiroyli koʻrinadi. Olovga aylanish – oshiq boʻlmoq, diydorga intilish demak. Lirik qahramon Majnuni sari talpinadi. Majnun muhabbati ideal muhabbat ekanligini bilamiz. Zurafo ana oʻsha ideal maqomidagi ishqni tarannum etadi.
Uning bitiklarida shodlik va qaygʻu oʻrin almashinib turadi. Bir sheʼrida: “Changda qolgan gul yigʻlamoqda” deb yozadi. Yana bir sheʼri “Soyadagi atirgul” deb ataladi. Shoira gul obrazi orqali koʻngil timsolini yaratadi. Gul ardoq topmaguncha hayot oʻz mazmuniga ega boʻlmaydi. Borliq uygʻonyapti. Tabiat goʻzalliklari koʻzni quvontiradi. Gul-chechak hidi atrofni tutgan. Olloh moʻjizalariga tikilib aql shoshadi. Tuygʻu ranglanadi. Chunki tiriklik, goʻzallik botinida mehr bor, muhabbat bor. “Boshlandi gul hayoti, Sindi qishning nafasi” deb lutf qiladi shoira. Nafosatning panada qolishini aslo xohlamaydi:
Quyosh chiqdi koʻk uzra,
Oʻngirlardan ketdi qor.
Osmon rangi feruza,
Havo toza, begʻubor.
Sen qachon ochilasan,
Soyadagi atirgul?
Ushbu sheʼrda taʼkid “Qachon ochilasan?” soʻrogʻi ustiga tushmoqda. Atirgul – ramziy obraz. Shoira insonlarni tabiat koʻrinishlaridan ruhlanishga chorlamoqda. Befarqlikni qoralamoqda. Yaʼni: “Yayramasang, kulmasang, Nega kelding dunyoga?” Shoira qorni xunuk narsa deyayotgani yoʻq, albatta. Faqat qordagi sovuqlikni obraz sifatida ishlatmoqda. Uning nazdida, hayot ummonini yoritib turgan javohir – gul rangi, koʻngil timsoli sanalmish lola bamisoli suv ostida ham soʻnmagan choʻgʻ:
Bahor etagiga tutashgan uchqun,
Olamni yondirmoq qasdida yonur,
Kecha-kunduz birdek taratar yolqin,
Cheksiz ummon ichra jilo topgan dur –
Lolalar, lolalar, alvon lolalar.
Shoira lolalarni goʻyoki bu sheʼrida pastga tushiradi. Lolalar yashil ummon ostida yotibdi. Suv tiniqlashgani sari qizilligi yoqut misoli jilo topadi. Yaʼni yaltiroqligi olis-olislarga taraladi. Hayotning maʼnosi oʻsha ranglarda. Bunday nozik tasvirlar oʻquvchi idrok qatlamlarini lazzatlantira biladi: “Yaproqlar kaftidan simirdim shabnam”, deydi. Yana boshqa sheʼrida shoira lolani yuqoriga koʻtaradi:
Hilpiraydi qirlarda lola,
Shaʼn jaranglar hayot qoʻshigʻi.
Sheʼr bitaman, dilda yoʻq nola,
Zurafoman, Vatan oshigʻi.
Zurafo sheʼriyatidagi ana oʻsha xilma-xillikni Anvar Obidjon ham taʼkidlagan. “Zurafo aqlni shoshiradigan, diqqatni toshiradigan sheʼrlar yozmaydi. U hayotga qalb koʻzi bilan qaragancha… tuygʻularini jimgina, oddiy soʻzlar bilan bayon etadi” deydi. Toʻgʻri, shoiraning poetik tili bir muncha soddaroq. Lekin ayrim sheʼrlarida betakror tashbihlarni ham qoʻllaydi. Bayondan tasvirga oʻtadi. Tushunganingiz sayin tasvir jilolangandek boʻlaveradi:
Qahrabo ranglarga boʻyaldi borliq,
Soʻqmoqda sargardon sudralar yaproq.
Qish oldi kuzakning qoʻlidan yorliq,
Jarangladi yomgʻir qoʻshigʻi yangroq.
Toʻrtta satrda ham holat aks qildirilgan: Borliq qahrabo tusiga boʻyaldi. Keyin soʻqmoqda yaproq suriladi. Soʻng esa qish kuzakning qoʻlidan yorliq oladi (Yaʼni hukm yuritish ruxsati hujjatini). Bundan keyin kuzak yomgʻirlari jaranglab xayrlashadi. Bunday ketma-ket harakatlar oʻquvchi qiziqishlarini tagʻin oshiradi. Mazkur sheʼr “Qishning birinchi kuni” deb nomlagan.
Vatan, fasllar, daryo mavjlari haqidagi koʻplab sheʼrlarida shu kabi tashbihlar qoʻllanilishi sheʼr zohiridagi oddiylikning sirli shaklda koʻrinishiga sabab boʻladi. Umuman olganda, Zurafo eski mavzularda ham yangicha fikrlar aytishga intiladi.
Shoiraning shu choqqacha “Tanbal boy”, “Koʻngil sirlari”, “Sogʻinib yashayman”, “Oqdaryo mavjlari” nomli sheʼriy toʻplamlari eʼlon qilingan. Turkum bitiklari “Soʻz tashrifi” bayoziga kiritilgan. Xullas, u oʻz estetik dunyosiga ega qalam sohibasi sifatida tanilmoqda. Ustoz shoirlarimiz nazariga tushmoqda.
Bahrom ROʻZIMUHAMMAD
“Yoshlik”, 2012 yil, 7–8-son
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/tasvir-jilolari/