Azaldan ayon haqiqat shuki, inson haqidagi eng toʻliq maʼlumotni badiiy asarlardan, birinchi navbatda, nasrdan olsa boʻladi. Inchunun, yaqin va uzoq kechmish borasidagi toʻla-toʻkis haqiqatlar ham ilmiy-tarixiy manbalar yoinki hissiz statistika raqamlarida emas, yozuvchilarning bitiklarida aks etadi.
Misol izlab uzoqqa borib oʻtirmaylik. Oʻtgan asrning oʻninchi-oʻn beshinchi yillarida elimizning hayoti, odamlarning dunyoqarashi, oʻy-intilishlari, bir soʻz bilan aytganda, yashash tarzi qanday kechgan, degan savollarga batafsil javob topish uchun “Oʻtmishdan ertaklar”ni oʻqib chiqish kifoya.
Mana shu holatning oʻziyoq qalamkashning zimmasiga zalvorli masʼuliyatni yuklab qoʻyadi, undan faqat va faqat boʻyab-bejalmagan haqiqatni yozishni talab etadi.
Shaksiz, sheʼriyatimiz, garchi tarjimonga yolchimayotgan boʻlsa-da, azaldan yuksak. Biroq ogʻir karvon nasrimizda keyingi yillarda kechgan, kechayotgan vazmin yuksalishlarni koʻrib, ochigʻi, mamnun boʻlasan kishi. Muhimi, bu tor doiradagi eʼtirof emas. Deylik, bugun ijodkor doʻstimiz Isajon Sultonning hikoyasi Chikagodagi tanlovda sovrinli oʻrinni qoʻlga kiritgani yoxud oʻzbek adiblarining fransuz va ingliz tillaridagi kitoblari taqdimoti oʻarb shaharlarida oʻtkazilganining oʻzi adabiyotimizning ulkan yutuqlaridan emasmi? Bundan quvonaylik, faxrlanaylik, ibrat olaylik…
Kasb taqozosiga koʻra, koʻplab qoʻlyozmalarni oʻqishga toʻgʻri keladi. Tan olaylik, bizni hayratlarga solayotgan, odmi tasavvurlarimizni parchalab tashlayotgan asarlar miqdori ortib, koʻlami kengayib bormoqda. Muqaddas joy hech qachon boʻsh qolmaydi. Elimiz iqtidorlarga boy. Adabiyotimizga Nazar Eshonqul, Ulugʻbek Hamdam, Muhammad Sharif… lardan keyin yangi toʻlqin kirib kelmoqda. Bular dunyo adabiyotidan boxabar, til biladigan va – baxtlariga – mafkuraviy qoliplardan xoli avloddir.
Yaqinda adabiyotshunos olim Sayfiddin Meliyev bilan yosh qalamkashlar oʻrtasida oʻtkazilayotgan “Yurt kelajagi” tanlovida ishtirok etishimizga toʻgʻri kelib qoldi. Aksariyati maktab, litsey va kollej oʻquvchilari. Koʻzlari chaqnab turgan bolalarga qarab beixtiyor koʻngildan: “Biz bularning yoshida bu qadar jurʼatli, oʻzimizga ishonadigan darajada emasdik”, degan oʻy oʻtdi.
Qoʻlyozmalar bilan tanisha boshladik. Bir litsey oʻquvchisi oʻzining mashqlarini rus va ingliz tillariga ham tarjima qilib kelibdi. Oʻzi. Tap-tayyor zullisonayn ijodkor. Xitoy tilini oʻrganayotgan, zamonaviy oʻzbek yozuvchilari asarlari haqida bir necha maqolalar chop etishga ham ulgurgan yana bir qizimiz, kollej talabasi bilan esa bugungi Chin yurti adabiyoti xususida gurunglashdik, Mo Yan romanining oʻziga xosligi borasida gʻaroyib mulohazalarini tingladik. Talaba ukamizning mashqlarini oʻqib zavqlandik… Biz bunday qalamkashlarni hatto adabiyotimizning ertangi kuni deyishga andak istihola qilamiz. Nazarimizda, ular adabiyotimizning, xususan, nasrimizning bugungi kuni ham. Zero, ular yurtimizda erkin ijod uchun yaratilgan shart-sharoit, imkoniyatlar tufayli yuzaga qalqib chiqqan, ayni oʻqib-izlanadigan, qalam tebratadigan yoshdagi salohiyat sohiblaridir.
Hammamiz koʻrib-bilib turibmiz, keyingi yillarda badiiy kitoblarga ehtiyoj kuchaydi. Qaysi kitob doʻkoniga kirmang, xaridorlar bilan gavjum. Ayni paytda kitob saviyasiga, sifatiga nisbatan talab ham oshdi. Endi shunchaki koʻngilni ovlash uchungina qalam tebratadigan belletrist-grafomanlar davri oʻtdi. Xaridor kitobni saralab, taʼbir joiz boʻlsa, chertib-chertib tanlab olmoqda. Shukrki, kitob bozori shunday talabga yarasha takliflar bilan toʻlmoqda.
Bu, albatta, oʻz-oʻzidan paydo boʻlib qolgan jarayon emas.
Kuni kecha matbuotda Yurtboshimizning “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma besh yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilindi. Qarorda, jumladan, shunday dalolat keltirib oʻtilgan: “Mustaqillik yillarida iqtisodiyotimiz qariyb 6 barobar, aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan real daromadlar 12 barobardan ziyod oshgan”.
Yaʼni daromadga yarasha buromad; axir, boʻsh qop tik turmaydi. Choʻntagi aqchaga toʻlgan, bugungi tinch-farovon hayotidan xotirjam, ertangi kuniga ishonchi barqaror odam mutolaa uchun vaqt topadi, oʻzi uchun, farzandlari uchun kitob sotib oladi.
Iqtisodiy omilni chetga surib qoʻyishga shoshmaylik. Ikki yilcha boʻlib qoldi, shekilli, “Science” deb atalgan nufuzli jurnalda bir maqola chop etilgandi. Xullas, Buyuk Britaniya, AQSH, Kanada olimlari oʻtkazgan qator ilmiy tajribalarda bir haqiqat ayon boʻladi. Yaʼni zoʻr berib faqat pul topish, oilasini boqish haqida oʻylayotgan odamning IQ (intelligence quotient – aqliy rivojlanish koeffitsenti, keng maʼnoda iqtidor, salohiyat, isteʼdod darajasi) koʻrsatkichi kamida 13 foizga pastga tushib ketarkan. Bu hali hammasi emas. Bunday hol kognitiv qobiliyatga salbiy taʼsir koʻrsatarkan: odam izlanish, intilish, toʻgʻri qaror qabul qila bilish uchun oʻzida aql va kuch topishga qiynalarkan.
Bu natija bilan tanishar ekanmiz, buyuk Eynshteynning bir oʻgiti yodga tushadi: “Bolalaringiz aqlli boʻlishini istaysizmi? Ularga kitob bering. Siz ularning yanada aqlli boʻlishini istaysizmi? Unda yanada koʻproq kitob bering…”.
Zero, odamning oʻzini kashf etishida, oʻzligini yaratishida, hayratlarga oshno boʻlishida, ilhomlanishida, yaratuvchanlikka qoʻl urishida Adabiyotning oʻrni va xizmatini soʻz bilan taʼriflab boʻlmaydi. Asl Adabiyot insonni ruhan tozartirishi, maʼnan yuksaltirishi bilan bir qatorda ijodkorlikka undashi, ragʻbatlantirishi, chorlashi, ilohiy ilhom onlariga hamdam etishi bilan ham qadrli. Zamondoshimiz Sanjar Nazar bu nuqtai nazarni oʻta muxtasar tarzda ifodalaydi: “Badiiy adabiyotsiz zoʻr fizik, matematik, kimyogar, doktor boʻlish mumkin, ammo bu sohalarning dahosiga aylanish imkonsiz, deb oʻylayman”. Illo, shoir aytganiday, elimizda isteʼdodlar moʻl, bizga endi daholar kerak. Daholikning yoʻli esa Adabiyot orqali oʻtadi…
Asl yozuvchilar haqida gapirgan mutafakkirlardan biri ular shifokorlar emas, dardning oʻzidir, degan ekan. Darhaqiqat, shunday. Dilda dardi boʻlmagan ijodkor sardaftarini kavlamaydi. Ammo bu qanday dard? Bu savolning eng odil javobi “Adabiyotga eʼtibor – maʼnaviyatga, kelajakka eʼtibor” asarida keltirib oʻtilgan: “Chinakam yozuvchi odamlarning dardu gʻami bilan yashashi, xalq ichiga kirib borishi, oʻzi uchun ilhomni, yangi mavzularni shu hayotdan, unda boʻlayotgan oʻzgarishlardan olishi kerakligini barchamiz yaxshi bilamiz”.
Abduqayum YOʻLDOSH
“OʻzAS”dan olindi.
https://saviya.uz/ijod/publitsistika/yozuvchining-dardi/