Halima Ahmedova 1960 yil 1 oktyabrda Buxoro viloyati, Qiziltepa tumanidagi Poʻlot qishlogʻida tugʻildi. Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning filologiya fakultetida (1978–1983), Moskvadagi Oliy adabiyot kursida (1988–1991) tahsil oldi.
Mehnat faoliyatini oʻqituvchilikdan boshlab, Navoiy shahar pedagogika bilim yurtida dars berdi (1983–1884). Shundan soʻng Navoiy viloyatining “Doʻstlik bayrogʻi” gazetasida (1985–1986), Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyotida (1987–1988), “Tong yulduzi” (1994–1998) gazetasida turli vazifalarda xizmat qildi. 1998 yildan Oʻzbekiston radiosi musiqiy yozuvlar boʻlimida faoliyat yuritadi.
Shoiraning “Koʻzimning tili” (1986), “Tungi marvaridgullar” (1987), “Erk darichasi” (1996), “Tiyramoh” (2005), “Afsun” (2007), “Umid soyasi” (2008), “Shafaq ibodati”, “Nigoh qiblasi” (2011), “Yosuman gulining soyasi” (2013), “Yashil”, “Tashbeh” (2016) nomli kitoblari chop etildi.
Shoiraning “Vatan” sheʼridagi rayhon, tuproq obrazlariga yuklatilgan badiiy obraz Vatan tushunchasini butkul yangicha talqin etishga olib kelgan. Sheʼrning badiiy-estetik salohiyatini poetik obrazlar zimmasiga yuklatilgan ohorli mazmun belgilaydi. “Nigoh qiblasi”, “Shafaq ibodati” majmualari lirik qahramon yuragidagi Olloh nigohining maʼnolarini, Tangri nazarining ranglarini anglashga, tushuntirishga yoʻnaltirilgan. Quyosh – Tangri taoloning oliy nigohi. U shunchalar ozodaki, hatto togʻu toshlar ham nurga yoʻgʻrilib poklanadi:
…Hayotni qaytadan sevishim uchun,
Koʻzimu koʻnglimni yuvib ber, quyosh.
Inson maʼnan tozarib, poklangani sayin koʻnglidagi Ollohni tanib, bilib boradi. Shoira oʻz sheʼrlarida ana shu jarayonni tasvirlashga harakat qiladi.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.
https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/halima-ahmedova-1960/