M Ye N
Havo tundlashgandan tundlashdi. U goʻyo lahza sayin qorongʻulashib borayotgan qismatimga oʻchakishayotgandek edi.
Men shosha-pisha ishdan qaytar edim. Ust-boshim shallabbo. Yomgʻir tinay demasdi. Shu dam negadir yomgʻirning taʼmini bilgim keldi va hovuchimni behush yogʻayotgan yomgʻirga tutdim.
Bir zumda hovuchim toʻldi. Bolaligimda ariq suvini ichganday uni yutoqib sipqordim. Buncha totli. Men doim yomgʻir yogʻishini osmon yigʻlayapti, deb taʼriflardim.
Aytishlaricha, gʻamdan yigʻlasang koʻz yoshing shoʻr, shodlikdan yigʻlasang shirin boʻlar ekan… Osmon buncha xushbaxt boʻlmasa?!
Men hamon ketardim oʻzini tanib-tanimagan yomgʻirlar bilan, mening bosgan qadamlarim yelkasiga malol kelayotgan yoʻl bilan… Ortimdan kelayotgan bir erkak hansiraganicha qoʻlidagi ulkan qora soyaboni panasiga meni ham taklif etadi. Unga minnatdor boqib: “Soyabonni xush koʻrmayman”, deyman. U mening yomgʻir yuvib borayotgan yuz-koʻzimga ajablanib qaragancha yugurib ketadi. Men nega oʻzi soyabonni yomon koʻraman? Negadir soyabon mening boshimni qoʻriqlabgina qolmay, balki erkimni ham boʻgʻib qoʻyayotgandek boʻlaveradi. Yaratganning oʻzi kechirsin-u, baʼzida osmon ham boshimda ulkan bir soyabonga aylangandek boʻladi. Oʻshanday paytlarda shu qadar siqilib ketamanki, boʻgʻilish jahdida beixtiyor osmon ortidagi dunyo haqida oʻylay boshlayman. Qiziq, u yerda nima bor ekan-a? Harchand urinmay chala-chulpa oʻqigan kitoblarimdagi baʼzi manzaralar va allaqanday farazlarimdan boshqa hech narsa topolmayman.
Hozir esa yomgʻirli olam ichra borar ekanman, roʻparamdan bir-birining pinjiga kirgancha kelayotgan yoshgina oshiq-maʼshuqlarga koʻzim tusharkan, nima haqda oʻylayotganimni esimdan chiqaraman. Ularga qorni och qolib sevimli taomining shirin hidi dimogʻini qitiqlayotgan odamdek entikib qarayman. Shu payt bir tomchi yomgʻir kiprigimga ilinib koʻzimga toʻlayotgan suv bilan oʻynashgisi kelganday shoʻxlik qila boshlaydi. Endi yuzimda shirin va shoʻr suv bir-birining pinjiga kirgan oshiq-maʼshuqlarday bitta boʻlib oqa boshlaydi.
Koʻcha chiroqlari birin-ketin yonib, atrofimda baxtiyor raqsga tushayotganga oʻxshaydi. Men hanuz kalovlanib borayapman, ammo qayerga?! Albatta uyimga-da, deb oʻylayman, miskin karaxtlik bilan. Mening uyim. U qayerda edi, oʻzi bor edimi?! Tahlikali bir savol butun vujudimni uygʻotmoqchi boʻlganday barmogʻimdan sochim uchigacha sovuq oʻrmalaydi. Men esa loqayd dunyo-ning bir loqayd savoli yangligʻ hamon qayoqqadir sud-ralaman. Koshkiydi shu damda ( hatto qattol gʻanimim boʻlsa ham mayli) kimdir yoʻlimni toʻsib chiqib, mendan hol soʻrasa. O, oʻshanda bulutday tilkapora boʻlib toʻkilardim. Aytaverardim, yigʻlayverardim, aytaverardim, yigʻlayverardim. Mendan hol soʻragan ustimdan kulsa ham mayli…
Gʻiyqillagan keskin bir ovoz yoʻlning oʻrtasida meni oʻzimga keltiradi. Hashamatli mashina egasi boshini chiqarib, soʻkinadi:
– Oʻlging kelgan boʻlsa, boshqa joy izla, iflos, sening kasofatingga qolaymi endi?!
Bir zum hushyor tortaman: “Iflos dedimi?” Nimadandir jahlim chiqqandek boʻladi. Ammo, zum oʻtmasdan yana labimga loqayd tabassum sigir yeliniga yopishgan kanaday yopishadi. Bu tabassum shu qadar mazmunsizki, agar shu lahzada kimdir menga boqsa yigʻlab yuborish hech gap emas, deb oʻylayman.
Nega toʻrt tomonim boʻm-boʻsh, koʻnglimning ichida huvillayotgan kimning ovozi?! Men qayoqqa ketayapman?!
Xullas, mana shunday savollar arqoniga oʻzimni chandib tashlaganimga ancha boʻldi. Har tongda soʻnggi jangga otlangan majolsiz askarday hayotga kiraman. Faqat bu jang soʻngida gʻolibligimni ham, magʻlubligimni ham anglolmayman. Hozir esa yomgʻirlar shaffof qamchisida meni savalab ana shu ogʻir xayollar ichidan quvib chiqarmoq uchun zoʻr berayotgandek. Afsuski, men allaqachon oʻsha xayolning oʻziga aylanib boʻlganman.
Yomgʻirli shomning soyasiga qoqilib ketaman. Xayriyat-yey, yiqilmadim. Meni bekatda anchadan buyon avtobus poylayotgan bir ayol suyab qoladi. Unga rahmat aytgancha, shoshilib soʻrayman:
– 21–avtobus oʻtmadimi?
U ayol parishon javob beradi:
– Oʻtmadi shekilli.
Bu ayol koʻzimga juda tanish koʻrinadi. Uni avval qayokda koʻrgan edim-a? Uning bir tutamgina boʻlib qolgan yuzi, taram-taram ajinga toʻla peshonasi, koʻzlari ichidagi mung yuragimni azob tirnogʻida qitiqlay boshlaydi.
Bekatda u ayoldan boshqa hech kim boʻlmaganligi boismi yoki yuragimdagi gʻashlikni tarqatish uchunmi, uni suhbatga tortgim keladi:
– Siz qaysi avtobusni kutayapsiz?
– Bilmayman.
– Nima, adashib qoldingizmi?
– Adashganimga ancha boʻlgan.
– Farzandlardan nechta? – soʻrayman suhbatga sal iliqlik kiritish uchun.
Ayol avvalgi ohangda javob beradi:
– Bitta oʻgʻlim bor…
U shu soʻzni aytib, nazarimda juknjikkandek boʻladi. U yoqdan bu yoqqa betoqat yura boshlaydi. Ayolning bu holatini kuzatib turib, oʻsmoqchilab soʻrayman:
– Nimadandir xafamisiz?
– Oʻzimdan xafaman, – deydi ayol koʻzlariga toʻlib borayotgan qorongʻulikni yashirib.
– Qiziq, men sizni qayerdadir koʻrgandekman. Qayerda ishlaysiz?
– Radioda ishlayman, – deydi u nimadandir toliqqan va nimadir joniga tekkanday.
– Men ham radioda ishlayman, ammo sizni u yerda koʻrmaganman, – deyman hovliqib.
Ayol mening koʻzlarimga manosiz boqadi. Ruhimda jinlar bazm qura boshlaydi, jonim qandaydir noxushlikni sezganday tinimsiz tipirchilaydi. Bor kuchimni toʻplab soʻnggi savolimni beraman:
– Uzr, koʻnglingizga kelmasin-u, qayerda yashaysiz?
Ayol toshdan yoʻnilgan oʻrta asr haykaliday sovuq va pinagini buzmasdan men yashaydigan manzilni aytadiyu borib bekatdagi oʻrindiqqa oʻtiradi. Odmigina sumkasini changallagan qoʻllariga boqaman. Uning barmoqlarida mening sevimli kumush uzuklarim siniqqina jilmayadi. Mening esa bu ayolning oldidan tezroq ketgim, yomgʻirgami, shamolgami aylangim keladi. Ovozsiz bir ovozda baqiraman:
– Men kimman, u ayol kim?!
Mening hayqirigʻimni bekatda daydib yurgan yomgʻirli shamol yutib yuboradi.
SEN
Tun edi. Sen choʻchib uygʻonding. Kim uchundir yashirib qoʻyganing xasta yurak, endi hech kimga kerak emasligini sezganidanmi, sozanda yomgʻirlar chertayotgan deraza oynasidan taralayotgan kuyga oʻziga qasd qilgandek tinimsiz raqsga tushar, uning bu zarbi sening koʻkrak qafasingga ogʻirlik qilar edi.
Sen oʻzingga boʻysunmayotgan vujudingni sudrab, bir amallab derazani ochib yubording. Bahor va yoz qovushgan tunning havosi xonangga gupirib kirdi. Yana yomgʻirda ivigan tuproqning juda tanish hidi dimogʻlaringni toʻldirdi. Nogahon unda onangning shirin boʻyini tuyib, entikib qoʻyding.
Deraza raxiga suyanib uzoq oʻtirding. Qiziq, yomgʻir yogʻayapti-yu, oy hech narsa boʻlmagandek bulutlar osha kulib turibdi. Shu damda oyga juda havasing kelib ketdi. Qaniydi men ham barcha gʻamu qaygʻularim ustidan kulib yashay olsam edi, deb oʻylading.
Ammo oʻylaring ham shu qadar ojiz ediki, ruhingdagi qorongʻulikdan choʻchib seni bir zumda tark etdi.
Yana sudralib kelib, sovib ulgurmagan oʻrningga yotding. Uyqusizlikdan ogʻriyotgan koʻzlaringni harchand yumishga urinmagin, ular uxlashdan bosh tortardi.
Shunda birdan ochiq derazadan kirib kelgan oppoq nurga nigohing tushdi. U nur xonangni obdon aylandi va gʻalati ovozda shivirladi:
– Uyqung kelmayaptimi?
Avvaliga gʻayritabiiy bir qoʻrquvdan titrab ketding. Soʻng esa aqldan ozayapman shekilli, degan xayolga bording. Nur senda kechayotgan holatni sezdi. Va yana tilga kirdi:
– Meni tanimadingmi, deyman.
– Sen oʻzingni qoʻlga olishga urinding va xasta ovozda soʻrading:
– Sen kimsan?
Nur sening yoshlikdagi ovozingda uzoq qahqaha urdi.
Nigohingga kirguday boʻlib shivirladi.
– Endi tanidingmi?
– Tanigandayman…
– Men sening joningdan qochgan nurman.
– Nega jonimdan qochding?
– Sen bilan birga tugʻilgan edim. Men bilan naqadar goʻzal eding, xushbaxt eding. Afsus, meni qadrlay olmading. Menga xiyonat qilding.
– Xiyonat, qanday xiyonat?!
– Arzon garovga qaygʻu, gʻamlarni sotib olaverding. Senda shaffof bir ishq bor edi. Uni yolgʻonning bir boʻsasiga tuhfa qilib yubording. Agar yodingdan chiqqan boʻlsa, mana koʻr.
Oq nur bir aylanib koʻzguga aylandi-da, sening oʻtgan kunlaring bu koʻzguda aks eta boshladi. Sen ularni koʻra turib hayqirib yubording:
– Bas, bas, yetar. Maqsading nima oʻzi sening? Yo meni ajalimdan burun oʻldirmoqchimisan?!
– Yoʻq, aslo unday emas vaholanki necha yildan buyon eshiging ortida ajaling seni poylab turibdi… Faqat men uni chalgʻitib seni undan asrayapman.
– Tashakkur, mendan arazlab ketganingni bildim, ammo qaytishingning boisi nima?
– Senga juda rahmim keldi.
– Hozir qayerda yashayapsan?
– Baland oq terakning uchidagi bir yaproqda…
– Jonimga qaytsang boʻlmaydimi?
– Yoʻq, endi u yerga qaytolmayman. Faqat bu dunyoni tark etganingda joningni koʻtarib Haqning oldiga borishim kerak…
– Unda ayt-chi, yana qancha yashayman?
– Buni aytishga ojizman. Faqat qushlarning koʻziga qamalgan osmon ozod boʻlgan kuni omonatingni topshirishingni bilaman, xolos.
– Yaqinginamda yashar ekansan, nega oldinroq kelmading?
– Seni har kuni kuzataman. Bu tun juda abgorsan, taskin beray deb keldim. Bilasanmi, sening chekkan har ohing menga borib tegadi va mening kuchimni zaiflashtiradi. Nahotki hayotdan rozi boʻlib yashashingning iloji boʻlmasa?!
– Men koʻp harakat qildim. Ammo…
– Yoʻq, bu shunchaki bahona. Men seni yana bir sirdan ogoh etmoqchiman. Barcha doʻstlaringning yuzida, hattoki sevgan insoningning yuzida ham niqobi bor. Sening eng katta fojiang dunyoga niqobsiz boqishingda.
– Yoʻgʻ-yey, nahotki doʻstlarim meni aldasa?! Aytganday men sevgan insondan xabaring bormi?! U baxtlimi?!
– Uni bilmadimu, ammo seni allaqachonlar unutib yuborgan…
– Unutish shunchalar osonmi?!
– Har holda niqobi borlarga yashash ancha oson… Aytganday tunlarda derazangdan qandaydir nigoh seni kuzatganini sezasanmi?
– Sezganman. Menga shunday tuyuladi deb oʻylardim…
– Yoʻq, u bir senga oʻxshagan alamzada ayolning nigohi.
– Tushunmadim.
– Bu dunyoni tark etar chogʻda hayotga toʻymagan insonlarning ruhi daraxtlar ruhi bilan qovushadi.
– Nahotki?!
– Ha, shunday, derazang oldidagi katta oʻrik daraxtiga oʻsha ayolning ruhi koʻchgan. U ayol bir paytlar juda dilbar va davlatmand boʻlgan. Husnining davlati ortida turib oʻz ishqiga xiyonat qilgan. Ishqning qargʻishi urgan.
– Qanday qilib?!
– Yaqin bir dugonasi zaharlab oʻldirgan. Qilgan xiyonatini oʻzga bir xiyonat ogʻusi bilan yuvgan bu ayol qiyomatgacha daraxtdan daraxtga koʻchib yashaydi.
– Sen bularni qayerdan bilasan?
– Esingdan chiqarma, men Oq Nurman.
– Tushundim. Ammo menga qaytishingning hech ham iloji yoʻqmi?
– Iloji boʻlganda qaytgan boʻlar edim. Mayli, men ketdim.
– Shoshma, shoshma, yana kelasanmi?!
– Balki…
– Ayt-chi, men qanday qilsam yaxshi yashayman?!
– Hayotning koʻziga qoʻrqmasdan qara. Hayot kuchlilarni yaxshi koʻradi…
Oq Nur xonangni yana bir bor aylanib chiqdi-da, xayr deganday bir silkinib chiqib ketdi. Sen esa oʻzingni ancha bardam his qila boshlading.
Yomgʻir ham tindi. Osmonning oppoq shohi roʻmoli sirgʻalib yerga tushdi. Tong mayingina jilmaydi. Tun boʻyi yomgʻir bodasidan toʻygan gʻunchalar kerishib koʻz ochdi.
Farroshlarning supurgisi tiriklikning yangi qoʻshigʻini kuylay boshladi.
Sen titrab turgan baland oq terakning uchidagi yaproqqa koʻz tutding. Unda qandaydir nur porlab turardi. Joning oʻsha nurga yomon talpindi.
U
U Buxorodan ancha olis, ammo ildizlari Buxorodan suv ichgan, kichik bir qishloqchada yashar edi. Bolaligi kapalaklar qanotiday rang-barang kunlar jilvasida oʻtdi. Qushlar, qumursqalar, maysayu giyohlar tilini oʻrganishdan aslo erinmadi.
Ammo negadir uni shamol sevgisi oʻziga jalb qilar, qayerda boʻlmasin shamolning sogʻinchi bilan yashar edi.
Beda gullarining nafis hidiga koʻmilgan dalalarda shamol bilan oʻynashdan charchamas, ichidagi bor – yoʻq dunyosini unga tuhfa qilgisi kelardi. Sunbulaning sochlariga quyosh oʻzini osgan kunda shamol uning yuragini sirli chimchiladi. Va Uni ortidan boshlab katta shaharga yoʻl oldi.
U yoʻl boʻyi bolalikdan yod boʻlgan qoʻshiqni xirgoyi qilib bordi:
Shamol-shamol kokili haydar.
Sen darbadar, men ham darbadar…
Bu qoʻshiqni u shamol bilan shu qadar koʻp kuyladiki, bundan charchagan hayot ularning ovozini eshitmaslik uchun qulogʻini berkitdi. Shundan soʻng hayotning qulogʻi eshitmaydigan boʻlib qoldi.
Xullas, u shamolning ortidan ergashib, nokaslar oyogʻi ostida taʼna-maʼlomatlardan ezilib yuragi toshga aylangan shaharga kelib qoldi.
Shamol bilan bu shaharni obdon aylandi. Uzoq yillar bu shahardan nimadir izladi. Ammo nima izlayotganini oʻzi ham bilmas edi. U shodlikdan ham, gʻamdan ham toʻyib boʻlgan bir paytda, sodiq doʻsti shamol uning qulogʻiga shivirladi:
– Yur, seni dunyoning eng toza joyiga olib boraman. U avvaliga shamolning gapiga ishonmadi. Chunki u bu dunyoda toza joy qolmagan deb oʻylardi.
Ammo azbaroyi zerikkanidan shamolning ortidan yana yoʻlga tushdi. Va nihoyat bogʻ desa boqqa, togʻ desa toqqa oʻxshamaydigan joyga yetib keldi. Qiziq, bogʻ desa, daraxtlarining mevasi yoʻq, oʻrta-oʻrtasida marmar toshlar bosh koʻtarib turibdi. Togʻ desa choʻqqisi yoʻq…
Bu joy shunchalar sokin ediki, u kar quloqlarining ichidagi bezori shovqinning aks-sadosi yanada balandlashganini sezdi.
Nogahon koʻzi yaltirab turgan qora marmartosh ustida oyoqlarini oʻynatib xotirjam oʻtirgan oʻsmirga tushdi. Oʻsmirning koʻzlari ichidagi armonli shuʼla shu qadar ogʻir ediki, u buni koʻtara olmay, beixtiyor yerga oʻtirib oldi.
Oʻsmir hayron boʻlib unga uzoq tikildi. Va uningg sevimli qoʻshigʻini baralla kuylay boshladi:
Shamol, shamol kokili haydar,
Sen darbadar, men ham darbadar.
Avvalliga bu bola uni masxaralayotganday tuyulib, rosa, jahli chiqdi.
– Hey, bola, uyalmaysanmi oʻzingdan kattani masxara qilishga?!
– Men hech kimni masxara qilganim yoʻq, bu bolalikdagi sevimli qoʻshigʻim.
– Senga bu qoʻshiqni kim oʻrgatgan?
– Shamol oʻrgatgan. Siz ham bilasizmi bu qoʻshiqni?!
– Bilaman.
– Keling, birgalashib aytamiz boʻlmasa.
Bolaning koʻngli uchun U bu qoʻshiqni joʻr boʻlib aytdi.
Qoʻshiq tugagach, boladan soʻradi:
– Sen bu yerda nima qilyapsan?
– Men uch yildan buyon shu yerda yashayman.
– Nega, uying yoʻqmi?
– Mana mening uyim, – dedi bola katta qora marmartoshning ostini koʻrsatib…
Shundagina uning koʻngli sovuq bir nimani sezganday boʻldi.
– Seni bu yerda yashashga nima majbur qildi?
– Oʻzim, – dedi bola pushaymonligini oshkor etmoqchiday.
U razm solib bolaga qaradi shundagina bolaning boʻynida qolgan arqon izlarini koʻrdi.
– Nega axir bunday qilding?!
– Qadrimni oʻtkazmoqchi edim.
– Xoʻsh, oʻtkaza oldingmi?
– Bir yilcha eslab yigʻlab oldimga kelib yurishdi. Ammo keyin hamma doʻstlarimning yodidan chiqdim. Bilasizmi, sinfimizda juda goʻzal bir qiz bor edi. Uni yaxshi koʻrardim. Ammo u menga qiyo ham boqmasdi. Men uchun kuydimi, yoʻqmi – bilmayman…
Shu payt yuzlariga gʻam soya solgan bir ayol toʻgʻri oʻsmir oʻrnashib olgan marmar tosh tomon kela boshladi.
Bu ayolni koʻrgan bola sakrab tushdiyu, “oyijon” degancha ayolga talpindi. Ayol karaxt edi. Muk tushib yigʻlarkan, boʻyniga osilgan bolaning mehribon qoʻllarini sezmasdi. U mung haykaliga aylanayozgan onaga va oʻz xatosini kech anglagan oʻsmirga qanday soʻz ila taskin berishni bilmasdi.
Ularni xoli qoʻyib, yana shamol etagi bilan erinmay artayotgan marmar toshlar oralab borar ekan, U kar qulogʻini qomatga keltiruvchi baland – past, turli-tuman ovozlarni eshita boshladi.
U goʻyo qiyomatning shahriga kelib qolganday edi.
Mahobatli marmar toshga suyangan, qirq yoshlardagi sochi oppoq kishi oʻzidan sal naridagi yaqindagina qorni doʻppaygan tuproq boshida abgor oʻtirgan keksa odamga qahrini toʻkardi.
– Oxiri kelar ekansanku men kelgan joyga. Nega shunday qilding-a, senga mening unvonim kerakmidi, seni doʻst deb ishonibman. Uyalmay-netmay oʻzing qilgan rasvolikni mening boʻynimga yuklading. Bechora bir qizning shaʼnini bulgʻab, yana uni oʻldirib yubording. Hammasi uchun esa men javob berdim. Bu koʻrguliklarga yuragim dosh berganda edi, hammasi boshqacha boʻlardi.
Bilasanmi, oʻsha qiz har tunda kelib menga dardlarini aytib ketadi…
– Men nobakorni kechir, doʻstim.
– Doʻst dema, hech qachon doʻst dema…
Marmar toshlar aro u yoqdan bu yoqqa yugurib yurgan bir telba ayolning figʻoni ikki doʻstning suhbatini bosib ketdi.
Marmartoshlarning sovuq, sirli nigohi telba ayolga tikiladi.
Ayol tinimsiz:
– Oʻgʻri, oʻgʻrini ushlang, topgan barcha boyligimni oʻgʻirlab ketdi…
U bu telba ayolning suratini qaysidir marmartoshda koʻrganday boʻldi. Qoʻrquvdanmi yoki bu joyning sovuq nafasidanmi, eti junjikib ketdi.
Telba ayol yugura-yugura oʻsha surati aks etgan marmartoshning oyogʻida hushidan ketib, ogʻzidan koʻpik oqa boshladi. Ammo hech kimning u bilan ishi yoʻq edi.
Zotan, hayot bu goʻshadan allaqachon oyogʻini uzgan. Uning qonuni bu yerda kor qilmas edi.
U bu yerda qorni doʻppayib, umid bilan farzand kutayotgan onalarning allasini eshitdi, visol tunidan ayro tushgan kelinchaklarning yor-yorini tingladi. Ammo ular juda sovuq, umidsiz edi. Ulardan quyoshning nur tomirlari allaqachon uzilgan edi.
Oʻzidan ketib borayotgan ruhini mahkam quchoqlagancha U shamolni chaqirdi. Ammo shamol javob bermadi.
Togʻ desa toqqa, bogʻ desa boqqa oʻxshamaydigan joydan bir amallab chiqdi-yu, hayotni toʻyib-toʻyib hidladi.
– Mayli, arzu-dodimni eshitmaydigan kar boʻlsa ham Hayot juda xushboʻy, juda shirin, – dedi u yuragining rangini oʻgʻirlab, koʻziga qaray olmay botishga chogʻlangan oftobga boqib…
Halima AHMEDOVA
“Yoshlik”, 2012 yil, 9-son
https://saviya.uz/ijod/nasr/ruh-olmoshlari/