yoxud
“Dunyoni balanddan koʻrgim keldi”
Axtamquli adabiy jarayonga nisbatan kech aralashdi. Bu shoir manglayiga yozilgan taqdir bitigi shunday ekan. Baʼzi ijodkorlar adabiyot maydoniga maktab sinfxonlaridan, ayrimlari oliy oʻquv yurtlari auditoriyalaridan kirib boradilar. Axtamqulining bu ijod olami bilan bevosita oshnoligi, adabiyotning ulkan qozonida qaynashlari boshqalardan farq qiladi. Keng paxta maydonlarida, baland togʻlar bagʻrida oʻzi oʻziga sheʼrlar oʻqib yurgan shoir “gʻoʻzalardan izn soʻrab” Toshkentga kelganida hayotning baland-pastini koʻrgan tajribali bir inson edi. Qarashlari teran, oʻz haq-huquqini tanigan, telbagezar shamollar izmiga soʻzini beravermaydigan, adabiyot haqida muayyan fikrga ega va oʻz qarashlarini qatʼiylashtirib olishga zarurat sezgan “yosh ijodkor” edi.
Men Oliy Adabiyot kursiga qabul jarayonini, yoshi qirqdan oshgan bu “yosh shoir”ning yuragini hovuchlab, umid bilan imtihon natijalariga koʻz tikib oʻtirishlarini, hayʼat qarori oʻqilishi arafasida uyushma raisi Abdulla Oripovning sochlarga yakkam-dukkam oq oralab qolgan Axtamquliga ishora qilib “Oqsoqolning yoshlari toʻgʻri keladimi?” deb soʻraganlari va men shubhaga oʻrin qoldirmasdan dadillik bilan tasdiq javobini berganimni – barcha-barchasini juda yaxshi eslayman.
Naql:“Sumsiraygan och oʻlmas, suyanishgan yiqilmas”. Ikki yillik tahsil oʻz hosilini berdi. Axtamquli universitetdan maslakdosh va suyanch topdi; buloqning aynan oʻzidan tashnaligini qondirdi. Ijodi qizgʻin bir pallaga kirdi. Qulochi qamrovini, dardining qadr-qiymatini chamalab koʻrdi; soʻzining boshqalarga zaruratini his etdi. Aytar soʻzi ustida uzoq oʻyladi; oʻchirdi-yozdi – yozdi-oʻchirdi. Oʻziga ustoz maqomidagi shoirlarga havaslanib qaradi; tengqurlarini mushoiraga, bahsga chorladi; uka-singillariga maslahatlar beradigan boʻldi. Baʼzan jon joyidan qaynab chiqqan bitta soʻzi uchun talashib tortishdi – fikr va soʻz himoyasidan taʼlim oldi. Axtamqulining joʻyali maslahat, oʻrinli tanqid boʻlsa, oʻrlik qilmasdan, “aybgʻinasi”ni darrov tuzatishga uringan hollari koʻp boʻldi. Bularga ham men guvohman.
Bilib takror aytaman – Axtamquli adabiy jarayonga nisbatan kech aralashdi. Ammo shoirlik talanti, soʻzlarining tarovati, goʻyo togʻ daralari oralab kelayotgan gumbirlagan ovozi, eng muhimi – tinimsiz izlanishlari bilan adabiy jamoatchilik orasida tezda shuhrat qozondi. Sheʼrlari qoʻshiq boʻlib kuyga solindi. Toshkentga bekorga kelmaganiga amin boʻdi. Shukur qildi.
Bugungi adabiy hayotda Axtamqulining oʻz oʻrni, oʻz ovozi, oʻziga xos sheʼriy uslubi bor. Aruzning nodir vazniga mos goʻzal gʻazallari bilan bu mumtoz janrga jonli hayot bagʻishladi. “Qirq gʻazal”i Yoqubjon Isʼhoqovdek soʻz zargarlari eʼtirofiga sazovor ham boʻldi. “Bodomginam”, “Qorachiqda asraganimsan”, “Bahorimdan kechikkan gul” kabi sheʼriy toʻplamlari adabiy jamoatchilikda yaxshi taassurot qoldirdi.
Rivoyat: Qadimda bir podshoh qoʻshnisining yeriga koʻz olaytiribdi. Ahvolini bilib kelish uchun oʻsha yurtga josus yuboribdi. Aygʻoqchi dushman qoʻshini kamligidan xabar beribdi. Bundan joʻshgan podshoh yurishga tayyorgarlikni boshlamoqchi boʻlibdi. Shunda aygʻoqchi “u yurtning otashnafas, tili tigʻidan oʻtkir shoirlari koʻp ekan”, debdi. Ularning el suygan “Xalqi sheʼrlarini yoddan biladigan, ogʻzi bilan qush ovlaydigan shoiri yetti nafar” ekanini aytibdi. Bu xabarni eshitgan shoh urushish fikridan qaytibdi. Va bu qarorining sababini shunday izohlabdi: “Xalq suygan yetti nafar shoir – oshib oʻtib boʻlmaydigan yetti togʻ, suzib oʻtib boʻlmaydigan yetti dengiz! Yetti dengizdan kechib, yetti togʻdan oshib oʻtib boʻlarmidi? Yetti shoir yetti tomondan naʼra tortib, otga minganda xalq dengizday toʻlqinlanib, alp toqqa aylanmaydimi? Dengizni – dovul, xalqni – shoir koʻtaradi. Mening yetti yuz ming askarim boʻlgani bilan, xalqning ruhini koʻtaradigan, diliga quvvat boʻladigan bitta ham shoirim yoʻq. Davlatimiz qudratli. Elimizda hamma narsa bisyor. Lekin, eng keraklisi – suyansa boʻladigan shoiri yoʻq. Qirq vazirim bilan ming ahbobimni ogʻzi duoli bir shoirga almashmas edim. Afsuski, bu mening armonim!”
Qaysidir manbadan oʻqiganim bu rivoyatni negadir Axtamquli munosabati bilan bir-ikki marta esladim. Nazarimda, Axtamquli “ogʻzi duoli”, “xalqning ruhini koʻtaradigan, diliga quvvat boʻladigan” shoirlar sirasiga kiradi.
Shunday bir shoirga “Axtamquli doʻstim, hormang. Ijodga baraka”, degan bir ogʻiz tasalli aytishni oʻzimning kichkina burchim deb bildim. Axtamqulining esda qoladigan sheʼrlari, original oʻxshatishlari, devonavor iboralari koʻp.
Koʻtar boshingni majnuntol, nechun qaddingni qilding dol,
Meni devona qilgan xol qarosi dilni oʻrtaydur…
Yetar Axtamquli, bas qil, borib bulbul bilan dars qil,
Saboq ol, yorga soʻng arz qil, ibosi dilni oʻrtaydur.
Axtamqulining tabiati tabiatga yaqin. Axtamquliyona quyma misralaridan “daryo kabi ayqirgan” odamning sasi eshitiladi:
Izimdan ot solar daryo, yiqilsam dod solar daryo,
Nuqul faryod solar daryo, yuvolmasdan gʻuborimni.
Koʻzimni toʻldirib ranglar, oqar qonimda ohanglar,
Tanam tanburdayin yangrar, ado aylaydi borimni.
Baland togʻ, kechikkan gul, mudarris bulbul, ayqirgan daryo kabi qator obraz va sifatlashlarda shoirninig badiiy tafakkur tarzi namoyon boʻladi.
Bugun Axtamquli juda faol. Adabiy uchrashuv, mushoira, sheʼrxonlik kabi anjumanlarga koʻp boradi; davraning bosh qahramoniga aylanadi. Axtamquli avjiga chiqqanda gumbirlagan qarsaklar yangraydi. Axtamquli telbalanib sheʼr oʻqiganida, oʻzidan ketadi; davra ahlining vujudi quloqqa aylanadi. Shoirning ruhiy hayajonlari tinglovchilarga koʻchadi. Qayta va qayta sheʼrga xaridorlardan takliflar yogʻiladi. Ovoz togʻlardan toshlarga urilib kelayotgan mavjli daryo hayqirigʻini esga soladi. Togʻ odami baland-baland gapiradi, baland-baland sheʼr oʻqiydi. Togʻ odami balandlikni suyadi.
Darvoqe, ushbu maqolani qoralashga, Axtamquliga bir ogʻiz ezgu soʻz aytishga undagan omil ham aslida uning “Togʻlar ham qariydi” deb nomlangan kitobidir. Unda Axtamqulining shoirona nasri; voqea-hodisalarni lirik manzaralar bilan uygʻunlikda tsvirlaganidir.
“Oʻzbekiston” nashriyotida bosilgan bu kitobchadan Axtamqulining oltita hikoyasi joy olibdi. Mavzusi – togʻ va togʻ odamlarining turmush tarzi. Voqea-hodisalar, kattalarning dardu dunyosi bola nigohi bilan kuzatiladi. Hikoyalardagi bola koʻzidek begʻubor togʻlar va inson manzaralari tasavvurga muhrlanadi. Togʻbegining mardligi, ayanchli taqdiri, bu “qoʻtir dunyo”da “yaxshilikning ham goho yaroqsiz” boʻlishi odamni oʻyga toldiradi. Togʻlik Momoqiz – momo va qiz tasviri, urush koʻrgan Toshboyevning bir kechada rasmiy hujjatlaridan ajralib, bir umr iztirobda oʻtishi, Omonatbon devonaning halolligi, ovchining oʻlja xumori – bularning barida hayotning butun fayzu tarovati, inson ruhiyatining turli ziddiyatli qirralari yaqqol koʻrinadi. Axtamquli hikoyalarida xalq tilidagi iboralarni, frazeologik birliklar va oʻzbek adabiy tilini boyitadigan nodir soʻzlarni oʻrinli qoʻllaydi (“hadahalab yurish”, “echki ajriq urugʻi ekan”, “piyoda gurung”, “doyovroq”, “qoʻygʻor” va boshqalar).
Axtamquli bir hikoyasiga Oʻzbek boboning: “Balandda yurgan odam koʻp narsani koʻradi…”, degan gapi epigraf qilib olgan. Yana hikoyalardagi bir qahramon: “Togʻlarga chiqdim. Dunyoni balanddan koʻrgim keldi”, degan fikrni aytadi. Har jihatdan yuksalish, ayniqsa, maʼnan baland boʻlish va shu estetik tamo-yilga ishtiyoq – ijod ahli uchun nihoyatda muhim fazilat.
Kelajakda Axtamquli katta adib sifatida ham goʻzal nasriy asarlar yozishiga ishongimiz keladi. Zotan, hikoyalar shunday ishonchli fikrga qaysidir maʼnoda asos ham beradi.
Bahodir KARIM,
filologiya fanlari doktori, professor
“Yoshlik”, 2012 yil, 9-son
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/ishtiyoq/