Qari qizning qismati

Qoʻngʻiroq chinqirigʻidan uygʻonib ketdim. Soat endi besh yarim boʻlgandi. Telefonimni yoqdim. Hech kim qoʻngʻiroq qilmabdi. Rost-da, kim ham meni tunda bezovta qilardi? Tanishlar, kasbdoshlar uchun bu vaqt kech hisoblanadi… Oʻzim ham qiziqman-da… Tez yuzimni yuvib kelib, tikishga oʻtirdim. Kechagi “buyurtma”ni bitirishim kerak. Har qalay bir soʻm, ikki soʻm… Mashinani taqillatmaslikka harakat qilib, tikishni boshladim. Kelin kech uxlagan. Bir emas, ikkita yosh bolasi bor, axir. Yarim soatlar tikuvdim, hovlidan supurgining “ship-ship”i eshitildi… Soat yetti yarimda oʻrnimdan turdim. Koʻylak bitgandi. Yoqalari, yenglari kashtali, yaltiroq kelinlar koʻylagi. Qimmatbaho matodan. Juda chiroyli chiqibdi. Ichimdagi xoʻrsiniqni arang bosdim.

Deraza orti kattagina bogʻ. Daraxtlarning oq-pushti gullari bir-biriga qoʻshilib, biram goʻzal manzara hosil qilgandiki… Shaftoli gulining boʻylari oʻsha yoqdan turib ham kishini mast qilardi. Bolaligimdan bahorni yaxshi koʻraman. Bir paytlar bahor chogʻlari oʻsha bogʻdan beri kelmasdim. Hozir bunday sayru tomoshalarga vaqt qayerda deysiz?! Bir lahza mahliyo boʻlib qoldim. Ichkaridan ukamning ovozi qattiq-qattiq eshitildi:

–… Qari qiziz soat toʻqqizgacha yotadi-yu, mening xotinim hammadan vaxli turib, hovli supurishi, choy damlashi kerakmi? Tursin oʻrnidan uyam. Endi oʻn sakkiz yashar qizmas. U tengilarning bolasi maktabga borayapti. Hech boʻlmasa choyini oʻzi damlab ichsin zahriga!..

Nimadir taraqladi. Dadasining ovozidan kichkina jiyanim yigʻladi. Kelinim uni ovutdi:

– Voy, aylanay, boʻldi, boʻldi… Dadang sani urishmayaptilar…

Ayamdan sado chiqmadi. Ortimga qaytdim. Maktabda biror nima yeb olarman…

Bugun olti soat darsim bor edi. Nonushta qilishgayam, tushlikkayam ulgurolmadim. Darsdan keyin bufetga kirsam, hech narsa qolmabdi. Sekin-sekin uy tomon sudraldim. Avvallari uyda meni bir moʻjiza kutib turganday, oshiqardim. Yillar oʻtgani sari qadamlarim sustlashganday. Bahor sabosi yuzimni siypalab oʻtdi. Koʻchada ham daraxtlar chaman boʻlib gullagan. Lekin yoʻlovchilar bunga beparvo, shahd bilan koʻzlagan manzillari tomon oshiqishadi. Koʻpchilik ishdan uyiga qaytmoqda. Yonimdan ikkita bolasini bogʻchadan olib, qoʻshni kelin oʻtib qoldi. Darsi erta tugagan shekilli bozorlik qilishgayam ulguribdi. U bilan bir maktabda ishlaymiz. Boshlangʻich sinflarni oʻqitadi. Yaxshi ayol. Qoʻlidagi yuki ogʻirligini bilib, uni chaqirdim.

– Toʻxtang, Mavluda. Qoʻlingizdagini menga bering.

– Ha, yoʻgʻ-a, qoʻyovring, Ruxsora opa, – deb jilmaydi kelinchak.

– Bering, ikkita bola bilan qiynalasiz, axir.

– Rahmat, – dedi u, keyin soʻzsiz yurish noqulay boʻldimi, gap boshladi:

– Bozorda yuruvdim, dadasi telefon qipqoldila. Ishdan kech qaytaman, bolalaniyam opke deb.

– Ha.

– Ikki bola bilan ishlash qiyin ekan. Hali unisi kasal boʻladi, hali bunisi. Hali unisi xarxasha qiladi, hali bunisi.

– Ha.

– Lekin ishlamasangizam, uydan chiqmay qolarkansiz. Oʻzizga qaramay qoʻyarkansiz. Shuning uchun ishga chiqdim… Dadasi avvaliga rozi boʻlmadila.

– Ha, – zoʻr-bazoʻr jilmayaman.

Yoʻlda qoʻshnimizga kelin boʻlgan sinfdoshimning uyi bor. Oʻzi chiqib qolsa-ya, degan xavotir aralash yerga qarab oʻtdim. Xayriyat, chiqmadi. Qizchasi paqirchada suv sepayapti. Bir oʻrim sochi tebranib qoʻyadi. Kalta koʻylakchasi shabadada hilpiraydi. Oʻgʻli futbol oʻynayapti. Baqirib-chaqirib, terlab-pishib toʻp tepayapti. Bolalarini koʻrib, uning sarguzashti esimga tushib ketdi. U maktabni bitirgan yili bir yigit bilan sevishgandi. Ota-onasi oʻzlariga teng koʻrmay, yigit yuborgan sovchilarni qaytarishdi. Lekin sinfdoshim sevgisiga sodiq boʻlib, oʻsha yigit bilan qochib ketdi. Institutga endigina kirgandi, oʻqishiniyam tashladi. Toʻgʻri qilgan ekan. Mana endi toʻrt bolaning onasi boʻlib oʻtiribdi.

Undan keyingi hovlida mahallamiz “koʻz-qulogʻi” turadi. Kimning kelini homilador, kimning qizi arazlab kelgan, hammasidan xabardor. U Mavludadan eri-yu qaynona, qaynotasini, oʻzining ota-onasi-yu, yonidagi bola-chaqalarini obdon soʻrab boʻlgach, menga istamaygina koʻz tashladi.

– Sen yaxshimisan, ayang yaxshimi?

– Ha.

Yonidan oʻtarkanman menga achingandaymi, jirkangandaymi qaraganini, hatto Mavludaga gʻalati ishora qilganini koʻrib qoldim. Uning uchta qizi, ikki oʻgʻli bor. Katta oʻgʻli mening sinfdoshim. Alohida uyda yashaydi. Kichik kelini oʻzi bilan birga. Uch qizi bor, ikkitasi gap-soʻz bilan toʻy boʻlganini eshitgandim. Ikkalasi ham tinib-tinchib ketishdi, shekilli.

Uyga kirsam, opamlar kelishgan ekan. Koʻrishib boʻlgach, ularning yoniga oʻtirmadim. Ukamning ertalabki gapi esimga tushib, kelin bilan birga xizmat qildim. Oshxonada jiyanlarimning “vagʻir-vugʻur”i bilan kelinim ikkovimiz tamaddi qilgan boʻldik.

Xonamga kirsam, men ertalab tikib qoʻygan koʻylak joyida yoʻq, egasi olib ketgan hoynahoy, uyquga yotdim.

Ertalab yana telefon soati chinqirigʻidan uygʻondim. Tez turib, koʻcha eshigini ochdim. Hovliga suv sepdim. Kelin turgancha supurib qoʻydim. Yana tikishga oʻtirdim. Bugun bir hamkasbim uchun zamonaviy fasondagi kostyum-yubka bichdim. Eri allaqanday katta joyda amaldor. Bir oʻgʻil-bir qizi bor. Birni kiyib, birni yechadi. Qaygʻu-gʻami yoʻq… Maktabdayam ermakka, kunini oʻtkazish uchun ishlaydi. Libosni bichdim-u, tikishga ulgurolmadim. Soat yetti boʻlayotgandi. Oshxonaga borib, nonushta tayyorladim. Ayam oʻrnidan turib keldi. Bechora ayamning yuzidagi ajinlar kechagidan-da koʻpayganday koʻrindi koʻzimga. Sut pishirib, oldiga qoʻydim. Non toʻgʻrab yeya boshladi.

– Aya, koʻylakni egasi obketdimi? – deb soʻradim yoniga oʻtirib.

– Qanaqa koʻylak? E, ha, anavi yaltiroqmi? Ha, obketdi.

– Hmm…

– Puliga moy obkeldik, uyda moy qomagan ekan.

– Ha… – damim ichimga tushib ketdi.

Har safar shunday boʻladi. Mening buyurtmam bitishiga uyda nimadir tugab turadi.

Nonushta qilib boʻlgunimizcha oshxonaga ukam ham, kelinim ham kirishmadi. Idishlarni yuvib qaytayotganimda, ukamning uyidan kelinimning ovozi eshitildi:

– Kelin boʻlib tushganimga toʻrt yil boʻldi. Bitta uzuk oberganiz yoʻq. Ikkita qoʻchqorday oʻgʻil tugʻib berganimga rahmatiz shumi?! Odamlarni erlari har bayramda tilla sovgʻa qiladi. Tugʻsa-ku, komplektlar oberishadi… Men bilmayman, oberasiz shuni!

Orada ukamning gʻoʻngʻillagani eshitildi. Jiyanim yigʻladi. Kelinim bolasiga “ey, oʻchir-ey”, deb davom etdi:

– Juda boʻlsa, oʻsha mehribon opangiz bir oy maoshini roʻzgʻorga berar. Nima, faqat Siz uni boqishiz kerakmi? Uyam qarashsin-da, tekin yeb yotavermay.

Xoʻrligimni arang bosib ichkariga kirib ketdim. Ammo kelinning baland ovozi bu yerga ham baralla eshitilardi:

– Erga tegib ketmaydimi endi, oʻoʻ-oʻtiravermay? Izzati bitmadimi? Yoʻqolsa, xonasini bolalarga berardik. Ikkita bola bilan ikki xonada yashash jonga tegdi…

Zumda kiyinib, pardoz ham qilmasdan, koʻchaga yugurdim. Maktabga borarkanman, kelinimning soʻzlari quloqlarim ostida jaranglardi.

U chekka qishloqdagi uzoqroq xolamizning qizi. Otasi yoʻq, ancha yillar avval vafot etib ketgan. Maktabni bitirganidan keyin, onasi menga shogirdlikka olib kelgandi. “Aylanay, biz buni katta oʻqishlarda oʻqitolmaymiz, sizlarga oʻxshab. Hech boʻlmasa, bir hunar oʻrgansin”.

Oʻsha yili ukamni uylantirish tashvishida edik. Uyatchan, kamgap, mehnatkash qizligi uchun men kelinlikka tavsiya qilgandim uni. Yangi kelinligida biram yaxshi edi. Qoʻlimni sovuq suvga urdirgani qoʻymasdi. Men tikib bergan yaltiroq koʻylaklarni kiyib, “opajon-opajon” deb bir gapirib, oʻn kulardi.

Bolali boʻlib, tugʻruqxonadan kelgach, uyiga kirdim. Jiyanimni bir koʻray deb qoʻl uzatsam, chaqaloqni zoʻrgʻa qoʻlimga berdi. Oʻshandan beri muomalasi kundan-kunga sovib boryapti.

Toʻrt soat darsim bor edi. Tugatib, uyga bordim. Kelinimning qovogʻi shishgan, onam maʼyus. Nima boʻlgan bu uyga oʻzi, hammalari bir boʻlib yigʻlashganmi? Qoʻlimni yuvib kelib, soʻriga – onamning oldiga chiqdim. Kelinim bir lagan oshni “taq” etkizib, dasturxonga qoʻydi-da, oʻzi oʻtirmay, ketib qoldi. Sovugan choy bilan osh yedim. Nimagadir yuragim bezilladi. Oylik olmadingmi, deb soʻradi onam.

– Yoʻq, hali vaqt bor-ku.

– Tezroq olganingda yaxshi boʻlardi. Bozorlikning barakasi uchib turibdi. Bu yoqda unniyam tagi koʻrinib qoldi. Ukangni bolasi kasal boʻlganida birovdan qarz olgan ekan. Shuning uchun…

– Yaxshi, – dedim gapni kalta qilish uchun. – Erta-indin oylik berar. Yo boʻlmasa, tikkanlarimdan tushib qolar…

Onamning chehrasi ochildi.

Oylik maoshga hali erta boʻlsa-da, ertasi kuni allaqanday umid bilan maktab kassasiga bordim. Kassirimiz Umrzoq aka “hech gap yoʻq” deb ikki qoʻlini yoydi. Yoʻlakda ayol oʻqituvchilar gaplashib turishgan ekan. Tarixchi hamkasbim Saltanat opa menga qarab soʻz qotdi:

– Oylikdan xabar olgani keluvdiyzmi, aylanay?

– Ha.

– Sizga oylikning nima keragi bor ekan, – dedi u boshimdan oyogʻimgacha razm solib. Indamadim.

Bu ayolning Alining alamini Validan olish odati bor. Hozir bolalar darsini eshitishmagan yoki gap qaytarishgan shekilli, menga yopishayapti.

– Bizga oʻxshab uch-toʻrtta bolayiz, eriyz, roʻzgʻoriyz boʻlmasa. Bir boshiyiz, bir oʻziyiz. Buning ustiga tikish qilib, pul topsangiz. Shuncha pulni nima qilasiz?..

Gapini eshitmaslikka olib, tez-tez yurib ketdim. Yonidagi oʻqituvchilar “Hay, opa”, “Ob-bo, bekor qildiyiz” deb qolishdi.

– Ha, nima, rost-da. Tavba, burnidan baland gapirolmaymi? Shuning yonini olishlaringni-chi?..

Salima opa bir yarim stavka dars beradi. Yarim stavkasini direktor bilan urishib-talashib olgan. Eri amaldornamo. Uyida bitta kelini bor. U ham bekor oʻtirmay, uyining oldida “bozorcha” qiladi. Shunga qaramay, nuqul pulga zoriqib, norozilanib yuradi.

Uyga kelib, buyurtmalarimning pullarini onamga olib chiqib berdim. “Bir-ikki kunda oylik berarkan, ungacha yetib turar”, dedim. Onam pulni indamay oldi.

Bugun havo billurday toza, chertsang jaranglaydiganday. Havoning lahzadagi oʻzgarishidan kayfiyatim yorishib, kunduzgi dilxiralik yodimdan koʻtarildi. Onam meni kutib oʻtirgan ekan, shekilli, xonasidan chiqib, men bilan oshxonaga yurdi. Ukamning xonasidan kelinimning jiyanlarimga baqirgani eshitildi. Onam oshxonaga borib, ovqat isitib, choy damlab berdi. Anchadan beri bunday qilmasdi, hayron boʻldim. Yonimga oʻtirdi, kech qolganimni soʻradi. Hayronligim oshdi. Taftishchilar kelayotgani sababli kechga qolganimni aytdim. Onam ovqatlanishimga zavq bilan termulib turib sekin gap boshladi:

– Seni bugun yaxshi bir joydan soʻrab kelishdi.

Onamdagi oʻzgarishning sababini endi tushundim. Toʻgʻrisi, hayajonlandim. Chunki bunday gaplarni eshitmay qoʻyganimga ancha boʻlgandi.

–… Kim ekan?

– Oʻzi qoʻshni mahalladan. Toshkentdagi katta oʻqishlarda oʻqib, shu vaqtgacha uylanolmagan ekan. Oʻzimga mos, oʻqimishli qizni olaman, oʻqituvchi boʻlsa yana yaxshi, debdi. Shunga… seni… Nima deysan?

– Bilmadim, – dedim oʻn sakkiz yashar qizlarday uyalib, – unday odamni koʻrmagan boʻlsam, tanimasam…

– Toʻgʻri aytasan, biz ham shunday dedik. Shuning uchun ertaga uchrashuvga chiqasan.

– Buncha tez?.. – Javobimdan oʻzim uyalib ketdim.

– Yaxshi ishning tez boʻlgani yaxshi-da! – Onamning koʻzlari chaqnardi.

Javonni ochib, uchrashuvga koʻylak tanladim. Toʻgʻrisi, yaxshiroq koʻylagim yoʻq ekan. Hammasi odmi, oʻqituvchilarga mos. Yana aniqrogʻi, qirq yoshdan oshgan ayollarning kiyimi. Mana bu koʻylak boʻlmaydi, uzun, harqalay, Toshkentda oʻqigan boʻlsa… Mana bu kostyum-yubka juda qalin, bu kofta-yubka esa yozgi, yupqa. Tanlab-tanlab, oxiri oʻtgan yili yozda olgan ixchamgina koʻylakni tanladim. Sal yupqaroq demasa, boʻladi! Ertaga kunduzi uchrashamiz, har qalay bugungiday jala quyvormas, qora devlarga insof bersa!… Soat oʻnga yaqinlashib qolganda, oʻrnimga yotdim. Toʻxta, uchrashuvga bir oʻzim boramanmi?! Har qalay birinchi marta koʻrishim boʻlsa, uyat boʻlmasmikin? Oʻylay-oʻylay Gulshanga qoʻngʻiroq qildim. Gulshan qoʻshni mahallada turadi, mendan ikki yosh kichik. Maktabimiz oldidagi goʻzallik salonida ishlaydi. Har zamon dardlashib turardik. Aniqrogʻi, u dardini aytardi. Ertaga ishi koʻp ekan, yalinib-yolvorishga toʻgʻri keldi. Oxiri rozi qildim. Endi uxlasam boʻladi!

Yana erta turib, hovli supurdim. Hovlidagi bir tup olma gullay boshlagan. Xushboʻy hidi butun hovliga taraldi. Kayfiyatim koʻtarilib, ashula aytgim keldi. Uchrashuvga yarim soat qolganda Gulshan keldi. Yasanib, chiroyli boʻlib ketibdi. Uning oldida mening kiyimim odmi, soch turmagim, pardozim oʻta oddiy boʻlib qoldi. Mayli, goʻzallik – oddiylikda.

“Istiqlol” bogʻiga bordik. Yoʻllarda oʻtlar endi koʻkarib, atrof yashillikka oʻranayotgan paytlar. Yigitga unchalik qarolmadim. Lekin menimcha, boʻyi-basti kelishgan, oʻziyam koʻrimlikkina, shekilli. U bilan asosan Gulshan gaplashdi. Men bir-ikkita savollariga javob berdim, xolos. Gulshan bilan suhbatidan maʼlum boʻlishicha, oʻtgan yili aspiranturani bitirib, fan nomzodi boʻlibdi. Texnika fanlari nomzodi! Hozir politexnika institutida ishlarkan. Shuncha gapning orasida Gulshan hatto uning telefonidan qoʻngʻiroq qilishga ham ulgurdi… Haliyam shu Gulshanning kelgani, boʻlmasa ikkovimiz ham ogʻzimizga talqon soli-ib oʻtiraverdik. Ismi Ozod ekan! Ozod! Chiroyli ism. Ota-onasi bilan birga turarkan, kenja oʻgʻil ekan, shunaqa gaplar!.. Nazarimda bugun havo har kungidan ajoyibroq boʻldi. Quyosh charaqlab turibdi, lekin havo salqin. Ariqchalardagi suvning “jildir-jildir” qilib oqishi kishiga biram xush yoqadi-yey…

Hovlimizdagi olma chaman boʻlib gulladi, gulini toʻkdi, mevaga kirdi hamki, sovchilardan darak boʻlmadi… Kelinim jiyanlarimni olib, onasinikiga ketgan, ukam ishdan hali qaytmagan, uyda onam ikkovimiz edik. Hovlidagi soʻrida kitob oʻqib oʻtirsam, uyga opam kirib keldi. Oʻrnimdan turib koʻrishmoqchi edim, “He” yoʻq, “be” yoʻq, yerda yotgan onamning kovushi bilan meni ura ketdi. Urib-urib qargʻadi, qargʻab-qargʻab urdi:

– Ha, bozori kasod, qari qiz, oʻzingga er topib qoʻyuvdingmiki, birovga ilinsang?! Yo oʻzingdan ortdimi, koʻnglingga urdimi, inʼom qilasan uni Gulshan-pulshan deganlariga! Bizzi oriyatdan oʻldirding-ku bir ergami yo qaro yergami tegmay?! Pochchang koʻzimni ochirmaydi, qoziqda qarigan singling biznikiga kelmasin, mening qizlarimga ham nuqsi uradi, deyaveradi.

Soʻrida oʻtirgan onam ham yuzimga bir shapati urdi:

– Sen bozori kasodni deb kelindan tilim qisiq, bir nima desam, qari qizingni bil, deydi. Shu yoshgacha it ham olmadi, bundan keyin goʻr boʻlarmidi, deydi. Ukang bilan har kuni urush, har kuni janjal. Qari qizing uyimdan chiqib ketsin, deydi. Joʻralarimni uyga chaqirishga or qilaman, deydi. Sen nimani ham bilarding, yashshamagur…

Onam shunday deb oʻtirgan joyida yigʻlay boshladi. Men butunlay gangib qolgandim. Opam urayotganidan ham koʻra onamning yigʻlagani koʻproq taʼsirlantirdi meni.

Kechqurun oʻz xonamga kirib, boʻlib oʻtgan janjalni eslarkanman, xonamga koʻz yugurtirdim. Rahmatli dadam “Bu xona kenja qizimga” deb oʻzimga mos qilib bezatib bergandilar. Oʻshanda beshinchi sinfda oʻqirdim. “Mening ham alohida xonam boʻldi”, deb quvonganman. Devorga kichkina gilam osib, yerga palos yozgandik. Uy burchagida ixchamgina xontaxta. Oʻshanda dars tayyorlardim. Maktabda, institutda oʻqiganimda. Haliyam tayyorlayman. Eshikdan kiraverishda kichkina shkaf. Unda kiyimlarim, kitoblarim turadi. Endi mana shu kichkinagina xonaga, dadam menga bergan xonamga ham sigʻmay qoldimmi?!…

Opamning uyiga koʻp boravermasdim-ku. Borsam ham, pochchamning yoʻgʻida, birrovga borib kelardim. Keyin uning qizlari kichkina. Hali maktabda oʻqiydi. Nega ularga mening nuqsim urarkan?! Bir paytlar, institutga kirganimda, uni bitirganimda shu opamning oʻzi qizlariga meni ibrat qilib koʻrsatib “xolangga oʻxshasalaring, odam boʻlasizlar”, degan emasmidi?!

Darvoqe, opam nima dedi?! Ha, Gulshan Ozodni oʻziga qaratib olibdimi?! Shundan beri uchrashib yurisharkan?! Unashtirilishibdi! Yaqinda toʻylari boʻlarmish! Bu nimasi boʻldi?! Men uni dugonam, yaqinim deb uchrashuvga olib borsamu, u men uchun kelgan yigitni oʻziga ogʻdirib olsa?! Insof qayerda qoldi? Lekin… lekin men buni bilmagandim-ku. Axir, oʻzim xohlamagandim-ku.

Kelinim nega onamga meni taʼna qiladi. Unga ogʻirligim tushgani yoʻq-ku. Ukam, mening jon ukam, tugʻilganida xursandligimdan osmonlarga sakraganim, yakka-yu yagona ukajonim mendan or qilar ekan-da. Boya opam nima dedi? Uydan chiqib ket, dedimi?! Endi tugʻilgan uyimga ham begona boʻldimmi? Demak, ketishim kerak. Lekin… qayerga boraman…

Oʻrnimdan turib, xonadan chiqayotganimda eshik yonidagi koʻzguga duch keldim. Maktabni bitirganimda sinfdoshlarim sovgʻa qilishgan koʻzgu. Yurak shaklidagi, pastda, yurakning tutashgan joyida ikkita uzuk aksi tushirilgan koʻzgu. Tepasida oʻsha bitiruv kechasi sovgʻa qilingan sunʼiy gul… Koʻzguda koʻzlari nam, oq oralagan sochlari toʻzigan, koʻzlari ostiga bilinar-bilinmas ajin tushgan bir qiz mungʻayib turardi. Qari qiz. Hech kimga kerak boʻlmagan qiz. Hammadan dakki yeyishga yaralgan qiz. Hammadan taʼna eshitishga yaralgan qiz. Soʻnggi umidi ham poymol boʻlgan qiz. Ogʻzidagini oldirgan landovur qiz. Bu dunyoda hech kimi yoʻq qiz…

Oʻsha kuni xonadan chiqmadim. Yigʻlab-yigʻlab, uxlab qolibman. Ertasi kuni ertalab ishga otlandim. Nonushta ham qilmadim. Yoʻldagi salonda Gulshanning quvnoq chehrasiga koʻzim tushdi. Meni koʻrib, uyalmadi, aksincha menga eshittirib, qah-qah otib kuldi. Avvalgidan-da yasharib-ochilib ketgandi…

Darslarimni oʻtib boʻlib, uyimga emas, mutlaqo boshqa tomonga yurdim. Yurib-yurib, shahar chekkasiga bordim. Bu yerda temir yoʻl bor. Undan poyezdlar tez-tez, vajohat bilan oʻtib turadi. Bolaligimda uyimiz shu yaqin atrofda edi. Hozir u uylar buzilib, oʻrniga qandaydir harbiy bino qurilgan. Onam bu yerga kelib, oʻynagani qoʻymasdi. “Xudo koʻrsatmasin, bir falokat boʻlmasin”, derdi. Hozir esa menga oʻsha falokat kerak.

Uyoq-bu yoqqa yurib, kech boʻlishini kutdim. Quyosh bota boshladi. Uzoqdan vishshillab poyezd kelardi.

Shu payt orqamdan qandaydir tovush eshitildi. Norozilanib oʻgirildim. Harbiy kiyimdagi bir kishi menga qarab kulimsirab turardi. Noiloj ortimga qaytdim:

– Menga gapirayapsizmi?

– Ha-da. Boyadan beri sizga gapiraman.

– Kechirasiz, eshitmay qolibman.

– Boʻp turadi. Xayollar bilan band edingiz.

– Ha, bu yerlarda bolaligim oʻtgan. Oʻsha paytlarni sogʻinib kelgandim.

– Uylaringiz shu yerdamidi?

– Sizlarning ishxonangiz joylashgan yerda, – dedim qoʻlim bilan ishora qilib.

– Ey, shundaymi. Unda hamdardlik bildiraman. Lekin biz… bunday boʻlishini xohlamagandik…

Mendan kulayaptimi desam, yuzida samimiy, sodda tabassum akslanib turardi. Yoshiyam uncha kattaga oʻxshamaydi. Juda nari borsa mendan bir-ikki yosh katta, xolos. U bilan tanishdik. Ismi Bahodir, Andijondan ekan. Shu yerda ishlarkan, qanday vazifadaligi sir emish.

Men ham oʻzimni tanishtirdim. Kasbimning sirli joyi yoʻq, oʻqituvchiman, dedim. U kulib yubordi. Kulganda yuzlari yashnab ketdi. Qiziq, bundan nari borsa oʻn-oʻn besh daqiqa oldin oʻzimni oʻldirish haqida oʻylardim. Endi u xayollarim oʻzimga ahmoqlik boʻlib tuyulardi. Bahodir aka bilan tez chiqishib ketdik. Telefonlarimizni almashdik.

Hayotimga maʼno kirganday edi. Endi meni kechqurunlari ham yoʻqlaydigan kishim bor. Ertalab nonushta qilmay, ishga otlanaman. Kun boʻyi maktabda yurib, uyga kun botganda boraman. Uch-toʻrt kunda, baʼzan kun ora biror joyda uchrashadigan boʻldik. Bir kun u menga ancha tikilib turdi. Birinchi uchrashuvimizdagiday quyosh botib borar, shabada allaqayerlardan gul isini dimoqqa olib kelib urardi. Avval kulimsiradi. Keyin koʻzlarimga jiddiy tikildi. Negadir yuzlari bir oz qizardi.

– Ruxsora, – dedi u yutinib, – meni Nukusga joʻnatishyapti. Ancha paytga. Men… agar qarshi boʻlmasangiz… sizni olib ketmoqchiman. Bir umrga… rozimisiz?

Yuragim bexos gupirlab urib ketdi. Axir men nima ham deyishim mumkin? Sekin bosh irgʻab yerga qaradim.

– Ha.

Bahodir aka hayajon bilan qoʻllarimni siladi.

– Rahmat sizga, rahmat… Lekin… biroz kutib turasiz… Avval oʻzim borib yaxshilab joylashib olay, soʻng… axir sizni ovora qilib qoʻymay deyman-da… Keyin… Andijonga borib xotinim bilan rasmiy ajrashishim kerak… Shunga ozroq vaqt kerak boʻladi. Ruxsora, meni kutasiz-a?

Men, yana yerga qaradim. Axir shu ham savol boʻldimi? Kutaman-da! Kutmay nima ham qilardim. Bahodir yonimga qaytmagan taqdirda ham oʻz bahodirimni kutaveraman.

U ketdi. Men xiyobondan chiqarkanman, yuzimga quyoshning otash nafasi urildi. Bahor chekinib, oʻrnini issiq va qaynoq yozga boʻshatib bermoqda edi.

 

Zuhra MAMADALIYEVA

 

“Yoshlik”, 2013 yil, 3-son

https://saviya.uz/ijod/nasr/qari-qizning-qismati/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x