1998 yil. 6 sentyabr. Toshkent.
Bu sana kurash tarixining solnomasida oltin harflar bilan bitilgan. Aynan shu kuni Toshkent shahrida yigirma sakkizta mamlakat ishtirokida Kurash Xalqaro Assotsiatsiyasi tashkil etilib, milliy kurashimizga xalqaro sport maqomi berildi. Shu sana bilan kurash dunyo xalqlarining eʼtiboriga tushdi.
* * *
Togʻliklarning gʻalati odati bor-da: otlarni behad yaxshi koʻradi. Mehmon kelsa, avval otga mulozamat koʻrsatadi. Ayniqsa, chavandozning tulpori boʻlsa bormi, butun oila bedovning xizmatida. Biri arpa bersa, boshqasi beda, yana biri suv tashiydi… Mana shunaqa eʼtibor berishadi bu togʻliklar va bu voqeani yillar davomida eslab, toʻlqinlanib bolalari, nabiralariga hikoya qilib yuradilar.
Polvon ham xuddi chavandoz singari eʼzozlanib uy toʻriga oʻtqaziladi, bir taxt koʻrpa-toʻshakdan, hali ishlatilmagan yap-yangi bolishlardan beriladi. Xoʻsh, bunda qanday hikmat bor, deb ajablangandirsiz? Rosti, oʻzim ham necha bor hayratlanganman. Balki, toʻy bunga sababdir. Axir, biz chavandozniyam, polvonniyam faqat toʻylarda koʻrardik-da.
Odatda qishlogʻimizda toʻy kuzda boʻlardi. Yosh bola boʻlsak-da, borardik. Bunga birgina sabab: kurash. Toʻydan bir oy oldin ovozayu doston bunday boʻlardi: falonchi polvon kelarkan, pistoncha polvon kelmas ekan.
Biror sayhonlikdami, maydondami kurash boshlanardi. Avvaliga ikki yoshi ulugʻ – otaxon kurashgandek quchoqlashar, ularga sarpo – jelak, chopon berilar keyin biz bolalar davraga chumchuqday yopirilardik. Bola yoshimizga mos boʻlgan sovrinni olib davra chetida saf tortar va katta polvonlarning kurashini tomosha qilardik. Boshqa tomosha boʻlmas va eng alam qilgani – shu bilan keyingi toʻyni kutib yurardik.
Davraga chiqdingmi, halol kurash. Polvonning amalu tadbiriga zarracha gʻirrom aralashishi mumkin emas. Shuning uchun ham “polvon” bilan “mard” soʻzlari hamisha yonma-yon qoʻllanib kelingan.
Polvonlarda oliyjanoblik, insoniylik, hatto raqibiga nisbatan hurmat eng oldingi oʻrinda turadi.
Sportning falsafasi mardlik, raqibga hurmat, insoniylik va shunga mushtarak tuygʻularning yigʻindisidir.
Kurash uch yarim ming yillik tarixga ega boʻlib, bir necha asrlardan buyon oʻt-oʻlanlar ustida, biror sayhonlikda yoki toʻy-hashamlarda, sayillarda oʻtkazilgan boʻlsa, rasman 1991 yildan boshlab musobaqa maydonida gilam ustida yangi qoidalar bilan oʻtkazila boshlandi.
Prezident sovrini uchun 1992 Shahrisabzda Amir Temur (toʻrt yilda bir marta), Termiz shahrida Hakim at-Termiziy xotirasiga (ikki yilda bir marta) bagʻishlab oʻtkazilgan turnirlar yetti iqlimni kurashga boʻlgan qiziqishini orttirdi va butun dunyoda sof oʻzbekcha: “kurash”, “taʼzim”, “toʻxta”, “yonbosh”, “chala”, “dakki”, “halol” singari soʻzlar yangray boshladi.
Oliyjanob xislatlarni oʻzida mujassam etgan va insoniylik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan kurash adolatli qoidalari, chiroyli usullari bilan jahon xalqlarining hurmatiga sazovor boʻldi. Va bu sport turi boʻyicha oʻtkazilayotgan jahon chempionati dunyo ahliga yorqin taassurotlar, zavqu shavq bagʻishladi.
Afrikalik janob Andre French: “Biz – Afrikada yashovchi xalqlar millatimizning, mamlakatimizning besh yuz-olti yuz, boringki, ming yillik tarixi emas, hatto oʻzbek millatining birgina qadriyati – (aslida qadriyati koʻp demoqchi S. T) kurash tarixi uch ming yilga tengligini eshitib, toʻgʻrisi, sizlarga havasim keldi” desa, estoniyalik Tonu Lume ham hayratini yashirishni istamay, bunday fikr bildiribdi: “Kurash musobaqasi meni oʻta hayratlantiradigan darajada oʻziga jalb qildi. Polvonlarning bel olishlari, maydondagi harakatlari dunyoda bunday sport turi yoʻq ekanligidan guvohlik beradi”.
Bu kabi hayratu havasga yoʻgʻrilgan fikrlarni dunyoning turli mamlakatida yashovchi odamlardan eshitish mumkin. Bu eʼtirof ham, faxr ham bir qancha oydin tuygʻularga oshno etadi kishini.
Mana, bir vaqtlar – doʻppidek qishloq, togʻu dashtda maʼlum boʻlgan kurash bugun dunyo sahnasida oʻzini butun boʻy-basti bilan namoyon etdi. Yaqinda Osiyoning oʻttizdan ortiq mamlakati 16-17-18 noyabr kunlari Tailandning Pxuket orolida boʻlib oʻtadigan Sohil kurashi chempionatida qatnashishga, imkoniyatlarini sinab koʻrishga mayl bildirganlar. Kurashning yildan yilga ommalashib borishiga sabab nima? Sportning qaysi turida gʻirromlik boʻlmasa, halollik ustun tursa, qolaversa, ishtirokchining jarohat olish xavfi imkon qadar kam boʻlsa, bu sohaga qiziqish oʻz-oʻzidan kuchayaveradi. Oʻzbek kurashining aynan mana shu jihatlari sportchilarni oʻziga jalb etgan boʻlsa ne ajab?
Kurash xalqimizning goʻzal qadriyatlaridan biridir. Goʻzalligi shundaki, u asrlar davomida shakllandi, takomillashdi, aqidalari umumbashariy falsafa bilan uygʻunlashib ketdi. Xalqimiz maʼnaviyati va ruhiyatining tayanch nuqtalaridan biriga aylandi.
Niyatni katta qiling, togʻday soʻrasang qirday beradi, deydi keksalar. Ha, biz niyatni katta qilamiz, togʻday soʻrab togʻday olamiz. Bizning niyatimiz – milliy kurashimiz ham jahon Olimpiadalari sport turlariga kiritilajak. Aslida Tailandda oʻtkazilayotgan musobaqaning ham asl maqsadi shu.
Sanjar Tursun
https://saviya.uz/ijod/publitsistika/kurash-va-mardlik/