Mark TVEN
Qishning izgʻirinli tuni. Doʻkondor doʻkon derazasining tashqi panjaralarini tushirar ekan, toʻsatdan oynadan doʻkon ichidagi kimsaga koʻzi tushdi. Doʻkonda hali odam borligini payqamagan ham ekan. U notanish kishining doʻkon peshtaxtasida turgan bir necha boʻlak sariyogʻni chaqqonlik bilan shlyapasi ichiga yashirganini koʻrib qoldi.
“Gʻaroyib ish boʻldi-ku”, dedi doʻkondor oynadan tashqariga chiqishga shoshilgan oʻgʻrini kuzatarkan. Ayni paytda unga qanday jazo berish yoʻllarini qidirardi. Doʻkondor ichkariga qadam qoʻyarkan, chiqib ketishga taraddudlangan notanish kimsaning qoʻllari allaqachon eshik tutqichida edi.
– O, janob, ketyapsizmi? Sovuq juda zabtiga oldi-ku! Koʻrinishingizdan siz ham juda sovqotgan koʻrinasiz. Qani, orqamdan yuring-chi!
Notanish odam doʻkondorga olazarak qaradi. Koʻzlarida bezovtalik aks etdi. U nima qilishni, nima deyishni bilmasdi, tezroq doʻkonni tark etishni xohlardi. Axir shlyapasining ichidagi sariyogʻ… Lekin noiloj magazinchining orqasidan yurdi. Doʻkon egasi uning yelkasiga qoʻlini qoʻyib xona burchagidagi pech yoqiniga oʻtqazdi.
– Bilasizmi, – dedi u mehribonlik bilan. – Agar bunday sovuq tunda biroz isinib olmasangiz, muzlab qolishingiz hech gap emas.
Doʻkondor pechga oʻtinlardan ketma-ket tashlay boshladi. Notanish odam oʻtirgan joyida sariyogʻning erib borayotganini his qilardi. Birdan u sakrab oʻrnidan turdi va ketishi zarurligini aytdi.
– Qayoqqa shoshasiz, yana biroz oʻtiring, yaxshilab isinib oling! Men ham oʻzim zerikib oʻtirgandim. Yaxshisi, men sizga qiziqarli bir hikoya aytib beraman.
– Yoʻq, yoʻq! Ketmasam boʻlmaydi. Mollarimga qarashim kerak. Ular hoynahoy och qolishgan boʻlsa kerak.
Notanish kishi toqatsizlandi.
– Qoʻysangiz-chi, issiqqina xonada birpas gurunglashamiz, borasiz-da…
Bechora kishi bu vaqtda oʻzini qoʻygani joy topolmay qolgandi. Chunki shlyapasining ichidan yuz-koʻzlariga sariyogʻ oqib tusha boshlagan edi. Doʻkondor esa bu holni koʻrmaganga olib, pechkaga oʻtin tashlashda davom etardi.
– Bugun yaxshi tun boʻldi, – dedi doʻkondor gapida davom etib. – Shlyapangizni yechib qoʻysangiz boʻlardi. Axir xona juda issiq.
– Yoʻq! – qichqirdi bechora nihoyat. – Men ketishim kerak! Ruxsat bering! Tobim qochyapti!
Bu paytda sariyogʻ uning boʻyinlaridan kiyimiga, poyabzalining ichigacha oqib borardi. U xuddi yogʻli vannaga tushib qolgandek edi.
– Xayrli tun unda, janob, – dedi sotuvchi jilmaygancha. – Agar siz haqiqatdan ham ketishni xohlayotgan boʻlsangiz.
Notanish odam doʻkondan chiqib ketayotganda doʻkondor yana qoʻshib qoʻydi:
– Men toʻqqiz pensni juda qadrlayman, lekin shlyapangiz ichidagi bir funt sariyogʻ uchun sizni ayblay olmayman!
Ingliz tilidan Mohinur MUHAMMADJON qizi tarjimasi
“Yoshlik”, 2013 yil, 4-son
https://saviya.uz/ijod/nasr/garoyib-ogirlik/