Kibor

Koʻzimizga mitti va xira koʻrinayotgan yulduz aslida butun Yer sharini bosib qolishi mumkin.

 

UYGʻONISH

Muqaddima oʻrnida

U juda mayda odam edi. “Mayda” degan soʻzni pastkash, yaloqi emas, shunchaki millionlab tugʻilib-oʻlayotganlar qatori nomsiz, rutbasiz, qadr-qimmatsiz va pulsiz odam deb tushuning. Baxtsiz deyish ham mumkin, ammo baxtni juda joʻn narsa, masalan, biror insonning unga yaxshi gapirishini yoki non doʻkonidagi tirbandlikda hammadan birinchi turib qolganini ham katta iltifot deb qabul qiladigan bechoraga nisbatan bu soʻzni ishlatish adolatsizlik boʻladi. Hatto, gʻisht quyib yiqqan puliga yangi, lekin allaqachon urfdan qolgan pidjak olganida uni koʻchaga kiyib chiqishga ham tortinardi. Chunki atrofdagilar uning yangi libosiga atayin ayricha ahamiyat berayotgandek, ajablanayotgandek oʻngʻaysizlanardi. Shunaqa paytlarda xuddi birovning kiyimini kiyib yurgandek yuzi qizarib, manglayi terlab ketaverardi, tezroq uyga qaytgisi, oʻzining odmi uychisini yelkaga ilgisi kelardi.

Bir gal muyulishda kimdir toʻxtatib, “Baland bogʻ” mahallasini soʻraganida ham yuzi shunaqa qizarib-boʻzarib ketgandi. Aslida, ular oʻsha mahallaga kiradigan koʻchaning naq boshida turishgandi, barmogʻi bilan shunchaki ishora qilib beparvogina ketsa ham boʻlardi. Lekin tasodifiy yoʻlovchining uvvalo odam oʻtib-qaytib turganda aynan shu boladan yoʻl soʻragani uni hovliqtirdi, toʻgʻrirogʻi, gangitib qoʻydi. Oddiygina yoʻl soʻrash ulkan eʼtibordek tuyuldi, goʻyo hamma unga tikilib turgandek yuzida, manglayida, yelkalarida minglab nigohlarni his qildi. Uni odam deb soʻrashgani hayajonga solgandi.

U tabiatan chiroyli, boʻy-basti, bichimi kelishgan yigit edi. Ovozi dagʻal boʻlishiga qaramay, qandaydir shirin, titroqli edi. Tiniq chehrasi, tub-tubida kuchli yashash ishtiyoqi yashiringan koʻzlari, shijoatsiz, ammo aniq harakatlariga razm solgan odam uni asli oqsuyaklardan boʻlgan, taqdir taqozosi bilan saroydan quvgʻin qilingan shahzoda deb oʻylashi mumkin edi. Qizigʻi, buni oʻzi ham shunday tasavvur qilardi: goʻyo Xudodanmi, bandasidanmi boʻlib tugʻruqxonada chaqaloqlar almashib qolganu qaysidir manglayi tor oila alal-oqibat uning ota-onasiga aylanib qolgan.

U oʻn olti yoshgacha mana shunaqa kayfiyatda ulgʻaydi. Ulgʻaygani sari imkonsizligi, ojizligi, ich-ichidagi toʻlgʻanishlari ham kattalashib, ogʻirlashib bordi. Ayniqsa, yugurik qonida yigitlik belgilari oqa boshlaganidan keyin u oʻzini xuddi doʻppi ostiga berkitilgan oltin tuxumdek seza boshladi. Nazarida, dunyodagi jamiki odamlarga baxt ulashadigan oʻsha zangʻar tuxumni hamma axtarayaptiyu, ammo doʻppini koʻtarib koʻrish, boringki, oʻsha laʼnati bosh kiyimiga eʼtibor berish hech kimning xayoliga kelmayotgandek kechalari yuragi siqilardi. Shunaqa paytlarda hali yulduzlari oʻchib-oʻchmagan osmonga qarab past, qaltiroq ovozda sheʼr oʻqirdi:

 

Goh kezarman koʻk yuzida, sayr etarman olamni,

Goh enarman yer yuziga, sayr etar olam mani.

 

* * *

Otasi duo berib, onasi gʻamgin boʻlib uni poytaxtga kuzatishlaridan bir kun oldin tuni bilan dadasi ikkovi suhbatlashib chiqishdi. Toʻgʻrisi, shu kungacha munday xotirjam oʻtirib ikkovlon tuzukroq gaplashishmagan ham ekan. Yigit tushundiki, dadasi u oʻylagandan koʻra ancha zakiy, hayotning past-balandini teran sharhlay oladigan inson ekan. Ertasi kuni suvi qaynayverganidan oʻrindiqlarining tagi qizib, ter hidi bosib ketgan shaloq avtobusda shaharga ketar ekan, kechagi suhbatning ayrim joylarini qaytadan esladi.

– Hayotda qoʻli uzun, didi past kishilar koʻp boʻladi, – dedi dadasi oʻgʻlining chayir tortgan kelbatiga gʻurur bilan qarab. – Odam zoti umri davomida hamma narsaga erishishi mumkin. Bilimga ham, davlatga ham, obroʻ-eʼtiboru martabaga ham. Ammo bitta narsani, agar u tabiatan zuvalasiga qoʻshilmagan boʻlsa, ming chiransin topolmaydi. Buni farosat deyishadi. Kun kelib, boʻyningga boʻyinbogʻ osarsan, qoʻlingdan charm portfel tushmas. Biroq bu dahmazalar befarosatlikni yashirolmaydi.

Umri omadsizliklar ichida oʻtgan boʻlsa ham, nega odamlar uning dadasini bu qadar hurmat qilishlarini yigit endigina tushunganday boʻldi.

– Yana bir gap, oʻgʻlim. Har qanday katta daryoning ham qayeridadir koʻprik boʻladi. Ozgina moʻlroq yoʻl bossang ham, doimo koʻprikdan oʻtishga harakat qil. Shu yoshga kirguncha daryodan sakrab oʻtaman deb chatanogʻi yirtilib ketganlarni koʻp koʻrdim. Qoʻlingdan kelgan ishni qil demoqchiman. Axir sartarosh soch-soqol olishni qoʻyib jarrohlikni daʼvo qilsa, boshning qiymati ikki pul boʻp qoladi.

U dadasining salmoq bilan, ammo shu bilan birga tomogʻida achchiq yigʻi aralash soʻzlashiga quloq solib, ehtimol hayotida ilk bora shu odamning oʻgʻli ekanidan faxrlandi. “Ogʻir tosh hadeganda dumalamaydi, ammo bir qoʻzgʻalsa hammayoqni titratib yuboradi”, degandi bir paytlar devor-darmiyon qoʻshni turadigan mahalla oqsoqoli. Bu gapni uning dadasi haqida aytgandi oʻshanda. Yigit esa oqsoqolning bu taʼrifini endi-endi angladi.

– Bolam, choʻtir yuzda xol koʻrinmaydi, – dedi dadasi suhbat yakunida, – sen qanchalik chiroyli xol boʻlsang ham gʻadir-budur yuzda yoʻq boʻlib ketasan. Shundan ehtiyot boʻl. Endi yot, erta turishing kerak.

Yigit oftob tushaverib qizib-terlagandan soniga yopishib qolgan shimining chokidan chimdib-chimdib koʻtarib, badaniga havo kirgizarkan, dadasi bilan boʻlgan bu suhbat uning kelgusi hayoti uchun qisqa va mazmunli dars vazifasini oʻtaganini his etdi.

Shundan beri necha bor kurtaklar koʻz yorib, necha bor yaproqlar sargʻaydi. Yigitning koʻnglidagi orzular ham birda nish urib, birda qovjirab ancha yillar oʻtdi. U oʻz hayoti ildizlarini matonat bilan yerga tobora chuqurroq botirib borarkan, vaqti kelib na shamol, na xazonrezgi, na qor-qirov unga aziyat yetkazmasligiga, kundan-kun baquvvat tortib borayotgan shoxlarini birov qayirolmasligiga ishonardi.

Nigohida gʻalati yolqin paydo boʻla boshladi. Ilgari qorachiqlarining tub-tubida koʻrinar-koʻrinmas boʻlib yotgan shijoat, jurʼati endi naq koʻzlarining pardasigacha surilib kelgandi. Qarashidagi bu keskinlik asta-asta yuziga yoyila boshladi, xokisor chehrasini qatʼiyat va aniq ifodalar egalladi. Agar u birov bilan biron masalada gaplashadigan boʻlsa, har qanday suhbatdosh hech qancha muddat oʻtmay yigitning nigohiga, gʻururiga taslim boʻlardi. Bu oʻziga ham yoqardi, axir qiyofasidagi bunday oʻzgarish savlatidan ot hurkadigan uncha-muncha odamlarni ham u bilan hurmat chegarasida gaplashishga, uni tinglashga, fikriga qoʻshilishga majbur qilayotgandi. Tabiiyki, uning shu kungacha ichida qaynab yotgan tugʻyonlari atrofidagilarni jodulashga qodir qudratga aylanib tashqariga chiqayotgandi.

U hech kimni ayamasdi. Odamlar qamchi tushaverib itoatkor boʻlib qolgan sirk otidek uning oldida ortiqcha harakat, ortiqcha gap qilmaydigan boʻlishdi. Sababi, u qoʻliga ilingan birinchi bahona bilanoq ularni shu qadar ayovsiz jazolardiki, natijada bir marta kulgiga qolgan, izza boʻlgan odam keyingi bor masofa saqlashga tirishardi. Chindan ham tili zahar bilan sugʻorilgandek edi.

Bir safar unga ilmiy rahbarlikka tayinlangan dotsentni shunday chaqdi. Domla moʻmayroq pul undirish maqsadidami, unga siyqasi chiqib ketgan, kamida uch-toʻrt marta odamlar qoʻlida aylangan bir tadqiqotni tutqazib, “Mana shuni u yoq-bu yogʻini sal-pal almashlasang boʻldi. Hozir bu hech kimning esida yoʻq. Shu bilan kandidat boʻlasan-qoʻyasan”, dedi.

Yigit ishni shapillatib muallimning yoniga tashladi. “Mavzuni oʻrganish oʻzimning qoʻlimdan keladi, – dedi soʻng tap tortmay. Keyin esa zahar aralash davom etdi:

– Suvni buloqdan ham, ariqdan ham, quduqdan ham ichib chanqoqni qondirsa boʻladi. Ammo buloqdan ichganlar baxtliroq, chunki unga oyoq yuvilmagan, chelak botirilmagan”.

Oʻqituvchi oʻshanda shu qadar gʻazab, shu qadar ojizlik bilan qaradiki, yigit hozir ham eslasa, “Nima balo, qudugʻiga birov chelak botirib qoʻygan ekanmi?”, deb qoʻyadi.

Chaqin-chaqmoqlar orasida oʻtgan bir necha yillaridan soʻng u oʻz maqsadiga yetdi – hayot daraxtining eng baland shoxiga oʻrnashib olib, endi pastda gʻimirlab yurganlarni kuzatish fursati yetgandi.

 

YOʻL

 

Odamzot oʻz harakatlarini tiyishga, jilovlashga, aniqrogʻi, oʻzini sipo qilib koʻrsatishga uringani sari aslida battarroq quyushqondan chiqib keta boshlaydi. Axir yoʻrgʻa ot ham toʻgʻri yoʻlda ravon, bemalol yuradi, lekin qachonki balandlikka chiqayotib zoʻriqqandagina quyushqoni surilib, hamma yoqni bulgʻab tashlaydi. Ne-ne jamiyatlar, ne-ne ziyoli va ziyoli boʻlmagan doiralar ming yillardan beri amal qilib kelayotgan, insonlar koʻnglida qandaydir sirli-vahimali tushunchalar paydo qilgan, baʼzida esa paqqos hayot qonuniga aylanib ketgan qoliplar odamni buzadi. Ha, ha, yoʻldan ozdiradi, izdan chiqaradi. Ammo agar bular shunchaki oʻylab topilgan har xil shaklli, biroq hammasi ham qalbni mahdudlikka olib boradigan ihotalar ekanini aytadigan boʻlsang, kishilar senga xuddi shakkokka qaragandek ijirgʻanib nigoh tashlaydilar. Goʻyoki sen sopol sanamni yerga urib chilparchin qilgandek, temir xochni boʻyningdan yulqib balchiqqa otgandek yoki masjid mehrobiga kir oyoq bilan chiqqandek yuzingga dahshatli va berahm koʻzlarini qadaydilar. Biroq oʻsha burgutning tumshugʻi yoki boʻrining tirnogʻidek oʻtkir nigohli kimsalar koʻnglingda, ularga koʻrinib turgan yalang va tukdor koʻksing ortida qanaqa tugʻyonlar, qanaqa ogʻriqlar, qanaqa beayov sanchiqlar borligini hech qachon ilgʻay olmaydilar. Koʻrgan-bilganlari – sen oʻzingdan ketib qolding, haddingdan oshding, ular uchun turgʻun va muqaddas meʼyorlarni buzding, “ramka”lariga boʻy bermading. Ular esa bu bepisandligingni, shaddodligingni minbaʼd kechirmaydilar. Uzundan-uzoq ilmiy maʼruzalar qilayotib ham koʻzlarining bir uchi senga taʼna toshi otib turadi, safar-sayohatlarida, taʼtillarida ham, jazmanlari bilan uchrashuvda ham ularning xayolini butkul sen band etasan, kechalari tanasini soʻrib yotgan gijjalardan emas, koʻproq sening qilmishingdan tishlari gʻijirlab chiqadi. Ammo, taassufki, ular bu xatti-harakatlaring zamirida nima yotgani emas, bunday qilishga qanday jurʼat topganing, topa olganing haqida oʻylashadi.

Yoshligida uning ham onasi hamma onalar kabi “supurgini tik qoʻyma”, “shomda supurma”, “ovqatlanayotganda qoʻlingga tayanib oʻtirma”, “tirnogʻingni tishlama” deganga oʻxshash tanbeh-taqiqlarni koʻp takrorlardi. Uning bolalik shuuriga, toʻgʻrirogʻi, unga kichkinaligida sovgʻa qilingan boshida tanga tashlaydigan teshikchasi bor gips mushukchaning qornidek hali boʻm-boʻsh yuragiga bu eslatmalar xuddi buzib boʻlmas qonundek, amal qilmasa uni gunohkorga aylantiradigan farzdek quyilib-qotib qolgandi. Aqli toʻlishgach tushundiki, bu taxlit chek-chegaralar bolani maʼlum qolipda, ehtimol kattalar nazaridagi odob doirasida ulgʻaytirish uchungina ishlatiladigan vositalar ekan. Mantiqan oʻylab koʻrilganda, supurgini devorga tirab qoʻysa nima boʻladi, palakat bosadimi? Yoʻq, bor-yoʻgʻi matohning tezroq beli sinib ishdan chiqadi, xolos. Yoki tirnoqni tishlash ham gunoh emas, faqat hamma mikrob degan balo oʻshanda boʻladi, kasalning uyasiga duchor boʻlasan-qoʻyasan. Hadeb tayanib oʻtiraversang, umurtqang qiyshayib qoladi. Shu xolos. Faqat bechora onalar agar shu gaplarni shundayligicha toʻppa-toʻgʻri aytishsa, bolalarining ikki qulogʻidan yelvizak boʻlib chiqib ketishini oʻylagan boʻlsalar kerak. Ammo bir toifa onalar borki, bunday antiqa toʻqimalar tagidagi oddiy va mayda haqiqatlarni tush ham koʻrishmaydi. Amal qilishadi, vassalom. Boʻysunmaganlar esa gunohkor.

…U kirib kelgan xona haddan ortiq dabdabalarga toʻlib-toshgan edi. Bu yerdagi narsalar shu qadar rasamadi bilan joylashtirilgandiki, biror buyumning oʻrnini almashtirib boʻlmaydi, masalan, yigʻma darpardaning shokilali ipini tortsang, butun xona birvarakay yiqilib tushadigandek tuyuladi. Hatto javondagi kitoblar ham odam qoʻli bilan terilmagan, balki goʻyo devorga javon-pavoni bilan oʻxshatib chizilgan rasmdek koʻrinardi. “Odamzot oʻzini qanchalik yaxshi koʻradi-ya, – deya oʻyladi u oyogʻi tagidagi gilamga tuflisi botib ketayotganini sezib, – bir kunda bu xonada ikki soat boʻladimi-yoʻqmi, shunga shuncha dahmaza. Balki odamlar oʻzining qanchalik maydaligini, ojizligini, urvoqligini yashirish uchun bunaqa ulugʻvorlikka mahkam tirmashib olishar. Yoki yumush bilan huzuriga kirgan odamlarning hali bir soʻz demayoq ogʻzini yopishga, tizzasini qaltiratib, gapini yoʻqotib qoʻyishiga moʻljallangandir bu salobat”.

– Manavi atirgul shu guldonning oʻzidan oʻsib chiqqanmi… – dedi u rostmana zaharlik bilan orqasida gʻalati qiyshayib turgan kotiba atalmishga.

Qoʻqqis berilgan savoldan xuddi tirgak choʻpi sinib ketgan qari shaftoli daraxtidek munkib ketdi kotiba. Keyin lab-daxanini uchburchak-toʻrtburchak qilib ochib, sannashga tutindi:

– Bilasizmi, hurmatli…

U shartta ortga oʻgirilib, kotibaga qatʼiyat bilan boqdi, gap taqqa toʻxtadi. Tushundiki, hozir qoʻyib bersa shu birgina guldastani allaqaysi mashhur gulchining qalin suvqogʻoz bilan yopilgan issiqxonasidagi gulzordan uzilib to xonaga kelguncha boʻlgan ezma tarixini aytib bermoqchi, ehtimol mavzuni yana ham uzoqroqdan boshlar, gulning urugʻidanmi yo qimmatfurush gulchining tugʻilishidanmi… Bu “tarixiy hikoya” ichida albatta ancha-muncha qoʻshimcha qahramonlari ham boʻladi. Deylik, uni kim dastaladi, kim keltirdi, kim hafsala bilan guldonga joyladi, kim suv quyib turibdi. Eng urgʻu beriladigani – gul sovgʻa qilish kimning tashabbusi. Vaqtida toʻxtatmaganda, mana shularning barchasini eshitishi kerak edi, ustiga-ustak ora-sirada madaniyatli odamlar singari goh zoʻraki jilmayib qoʻyishi, ahyon-ahyonda esa “rahmat” deb turishi lozim edi.

– Eringiz yaxshi odammi?

Hali baqrayganicha qolgan kotiba bu savolni chinakamiga tushunmadi.

– Nima dedingiz? Uzr, eshitolmay qoldim.

– Eshitdingiz, faqat tushunmadingiz. Eringiz yaxshi odammi, deyapman.

Kotiba bu safar shubhalanib qaradi. Aftidan u koʻzlari bilan yangi boshligʻini santimetrlab oʻlchab chiqishga ahd qilgandek edi.

– Nolimayman, er desa degudek… – dedi negadir horgʻin va behafsala ovoz bilan. Keyin esa “Tinchlikmi? Kelasolib meni tergov qilayaptimi?” degan xavotirda tagʻin ishtibohga berildi.

– Men ayol kishining yuziga bir qarashdayoq uning oilaviy ahvoliga tashxis qoʻya olardim. Axir aytishadi-ku, xotinning yuzi – erning feʼli, deb. Siz ayollar istaysizmi-yoʻqmi, eringizning har bir shirin gapi yoki kaltagi, mehri yoki befarqligi, muhabbati yoki xiyonati yuzingizga muhrlanib qoladi. Biroq koʻpchilik buni yashirishga urinadi. Ammo qiziqki, bugun sizning turishingizga qarab na u yoqlik, na bu yoqlik fikrga keloldim.

U “qiyofangiz juda chuchmal ekan”, deyishdan oʻzini tiydi. Kotiba qarshisidagi odam uning farosatini sinayotganini endi sal-pal tushundi.

– Ochigʻi, ikki marta turmush koʻrganman, biroq yolchimadim.

– Demak, mening tashxis qoʻyishga qiynalganim bejiz emas ekan, ikkita erdan qolgan turmush lavhalari yuzingizda qorishib ketibdi, – dedi u ayolning ustidan rostmana kulib. Keyin esa jiddiy tus oldi:

– Boravering, zarur boʻlsangiz chaqiraman.

Kotiba chiqib ketarkan, bu yangi va tamoman notanish, yosh va takabbur, achchiqtil va bepisand rahbar ishxonani agʻdar-toʻntar qilishiga, otam zamonidan beri oftobda tovlanaverib, semirib-yaltillab ketgan arzanda mushuklarini “pisht” deyishiga aqli yetdi.

U hozir ikki, balki koʻproqdir, yoʻl boshida edi. Biri – uni bu kursiga mixlagan, ha, xuddi devor yoki eshik orqasiga taqvim qadagandek mixlagan yuqoridagilarga bir ogʻiz xabar berib, ketish-qoʻyish. Bu ancha osonroq. Harqalay, sirtmoq boʻyniga bir marta keladi, har kuni ming marta arqonga bosh tiqib, keyin esa “Sizga rahm-shafqat qilindi, siz ertaga osiladigan boʻldingiz”, degan sovuq istehzoni eshitgach, shalpayib yiqilmaydi. Eng yomoni, kunda-kunosha bir-biridan kulgili, tiyiqsiz hukmlarni va bir-biridan riyokor, tahqirli shafqat soʻzlarini tinglashga majbur boʻlmaydi.

Ikkinchisi… mana shu birinchi dordan keyingi hammasi “ikkinchisi”ga kiradi. Boshqa turli yoʻllari ham koʻp. Ammo u bu yoʻllardan or qiladi. Chunki unda anavi guldonga oʻxshab qoladi. Qoʻyniga nima solishsa, shuni koʻrsatib turaveradi. Hozircha bu bejirim yaltiroq idish kattakon rahbarning xonasida, unga har kuni anvoyi, qimmatbaho gullar solib turiladi, chang-chungi, dogʻ-pogʻi toza doka bilan artib qoʻyiladi, suvi-ku hech qachon sargʻayib ham, hidlanib ham ketmaydi. Ammo deylik, oʻrtacharoq xodimning xonasiga oʻtib qolsa, qay ahvolga tushadi? Xodimning hushi kelsa gul solar, boʻlmasa oddiy buyumdek deraza raxidami, javon ichidami turaveradi-da. Yo uyiga qoʻltiqlarmikan? Endi tasavvur qiling, mana shu billur matoh bironta usta, masalan, mashina tuzatadigan ustaning qoʻliga tushib qoldi. U ikki dunyoda gul ham solmaydi, changini artib asrab-avaylamaydi ham. Qaytanga, bolt-gaykaga oʻxshagan mayda-chuydalarini saqlashga ishlatadi, ahyon-ahyonda moyga belangan qoʻllarini botirib turadi. Darvoqe, unga ehtimol moy quyib qoʻyar. Har ne boʻlganda ham, u bu ishlarni mutlaqo tabiiy ravishda qiladi, idish shishadanmi, billurdanmi, tunukadanmi, buning umuman qizigʻi yoʻq ustaga.

U shular haqda oʻylab, xuddi janggohning oʻrtasida oʻqi tugab qolgan askardek his qildi oʻzini. Ha, endi rostdan ham qiyin boʻladiganga oʻxshaydi. Bir tomoni qaynoq va shafqatsiz hayot, bir tarafi esa osmondek musaffo va keng, son-sanoqsiz kabutarlar oʻynab uchayotgan koʻngil. Koʻngilning bir chetida esa, gʻala-gʻovur bozorda dadasini yoʻqotib qoʻyib, izzillab yigʻlab oʻtirgan boladek notavon muhabbat.

U enli, toʻq jigarrang, har bitta oyogʻi oʻymakorlik sanʼati namunasidek naqshlangan bejirim ish stoliga oʻtarkan, qachondir jurnalda oʻqigan va xotirasida qolgan satrlarni pichirladi: “Axir kun oʻtkazish dardidan boshqa, bor-ku mardlarcha yashamoq degan tushuncha!”*

 

* * *

Shom aralash uyiga kelib, qoʻl uchida ovqat tayyorlay boshladi. Oshxonada kuymalanish asnosida u xonadan bu xonaga paydar-pay oʻtarkan, beixtiyor boyagi hashamatli kabineti bilan uyini taqqoslab qoldi. Xayoliga kelgan fikridan miyigʻida kulib qoʻydi. Oʻsha kotibasi bir kelib yashashini koʻrsami, koʻzlariga ishonmay yonboshini chimchilab qoʻygan boʻlardi. Axir uning xayolida rahbari hindcha kinolardagi saroy-uylarga taqlidan qurilgan koshonada yashaydi, hech boʻlmaganda oshpaz va bogʻbonga oʻxshagan xizmatkorlari ham boʻlsa kerak deb oʻylar ehtimol. Balki bironta dugonasigami, qoʻshnisigami “Itboqari ham bor!”, deb oshirib-toshirib yuborar.

Ovqatini naridan-beri yedi-da, taqsimchani surib qoʻydi. “Uy ancha sovuq, aynimasa kerak”, degan xayolda taom ustiga sochiqni omonat tashladi. Kitoblari ayqash uyqash boʻlib yotgan xonasiga oʻtarkan, poldagi manzara xuddi dunyoning tabiiy xaritasidek boʻlib koʻrindi.

“Xarita”ni oz-moz yigʻishtirgan boʻldi. Kecha tunda yerga uzala tushib, Remarkni oʻqigandi. Stol lampasi ham shundoq polda yoqiq holicha qolib ketibdi, ustiga-ustak agʻanab tushgan. Lampaning choʻchqa dumidek eshilib ketgan simini burab-toʻgʻrilab stolga olarkan, bundan uch-toʻrt yil avvalgi kulgili suhbatni esladi. Oʻshanda “targʻibot guruhi” deya ataluvchi kattagina jamoa bilan qaysi bir mehmonxonaga qoʻnishgan edi. Hamma, tabiiyki, oʻziga yoqadigan xonalarni olishni istardi, ayniqsa, bir-ikki oliftalar “Alohida nomer berasan”, deb mezbonlarni ancha sarson qilib, ensasini qotirgandi. U olomon lash-lushini sudrab-tortqilab xona-xonasiga kirib ketishini kutib turdi, keyin mehmonlarning qosh-qovogʻiga qarashga majbur qilingan mutasaddining yoniga borib, birinchi uzatilgan kalitni oldi. Xona ikki kishilik edi. U eslagan voqea esa ertasiga kechqurun, yoniga mashhuri zamon bir shoir joylashganida boʻldi. Shoir ham avvaliga xonasida sherik koʻrib, ayniqsa, uning ona suti ogʻzidan ketmagan bola deb fahmlab, jomadonini divan chetiga omonat qoʻydiyu mutasaddining oldiga bir-ikki bor chiqib keldi. Aftidan, boshqa xona “tashkillashtirib” berilmadi shekilli, noiloj qaytib kirdi.

– Qurgʻur, kiyim ilgichlari kam, buning ustiga nimjon ekan-da, – dedi noroziligini sherigiga bildirish uchun.

U miq etmadi.

– Men ham kecha sizlar bilan kelishim kerak edi, roʻyxatda familiyamga koʻzingiz tushgandir… – gapida davom etdi shoir uni koʻrib joyidan qimirlab ham qoʻymagan yigitga gʻashlik bilan. – Bilasiz-ku shoirchilik, bir nozin joyga uchrashuvga chaqirishgandi. Yoʻq desam ham qoʻyarda-qoʻymay olib ketishdi. Oʻziyam guldastalarga koʻmishdi. Uchrashuvdan keyingi ziyofatning quyuqligini aytmaysizmi.

Yangi hamxona gap shu yerga yetganda toʻxtab, ortiga oʻgirildi. Boyadan beri shimni ilgichga ilolmay shundogʻam xunob boʻlib turgandi, u oʻgirilganda ilgich orasiga zoʻrgʻa oʻtkazilgan shim shigʻillab chiqib ketdi. Shoirning ortga oʻgirilgani – u hadeb gapirayaptiyu sherigidan sado chiqmayapti, shunga edi.

– Bugungi tadbirlar yaxshi oʻtdimi? – u endi toʻppa-toʻgʻri yigitga savol tashladi.

–…

– Sovgʻa-povgʻalar ham boʻlgandir?..

Yigit yana indamadi. Ammo shartta oʻrnidan turdi-da, televizor ustidagi tugmachali dastakni oldi. Duch kelgan kanalning ovozini balandlatib koʻra boshladi.

Hamxona gapirishdan toʻxtadiyu, biroq ivirsib yurishni bas qilmadi. Dam deraza yoniga boradi, dam yuvinish xonasini koʻzdan kechiradi, dam devorni chertib koʻradi. Xullas, tinchimadi. Hatto devorga mahkamlangan telefon goʻshagini ham qulogʻiga tutib koʻrdi. Yigit bu hovliqmaning xatti-harakatlarini koʻz qirida kuzatib yotar ekan, “Shoirlikni guldur-guldur uchrashuvlaru guldastalardan iborat deb biladi bu odam”, deya xayol qildi.

Bir mahal yuvinish xonasidan supradek lungiga oʻranib chiqqan yangi sherik gilamni shilta qilib oʻrniga oʻtdi-da, yapaloq burniga koʻzoynak qoʻndirib qogʻozlarini titkilay boshladi. “Ishqilib, sheʼr oʻqiyman deb qolmasin-da”, deya yuragini hovuchladi yigit, basharti shunday degan taqdirda televizor ovozini yana ham koʻtarish uchun shaylanib.

Ammo ulgurmadi.

– “Tungi hamroh”. Bu stol lampasi haqida, – eʼlon qildi shoir. Keyin ijozat kutmayoq oʻzicha qiroat bilan oʻqiy boshladi. Yigit, hartugul, Lorkani, Pushkinni, Blokni, Oripovni oʻqigan. Sheʼrning maza-matrasiga tushunadi. Uncha-muncha yod olganlari bor. Ammo bu baqiroq tizmalar qanaqa sheʼr, idroki yetmadi. Sakkizmi-oʻnmi satrdan iborat bu aytimda, oʻlsin agar, hech vaqoni ilgʻamadi. Taassufki, “sheʼr” tugagach, muallif boyagi sakkizmi-oʻnmi qatorni boshqatdan izohlay boshladi. Emishki, bu satrida bunday demoqchi boʻlganmish, u jumlasida unday demoqchi boʻlganmish. Tuf-e, oʻsha izoh-pizohingga. Agar hamma sheʼr shunaqa izohtalab boʻlsa, bechora Navoiy olti yuz yildan beri oʻlolmay yurib, hozirgacha yoʻlda uchragan zanjiyu hindga, turku arabga gʻazallarini sharhlab berishi kerakmidi?

Biroq bu gaplarini aytsa, shoir joʻshib ketib, alyorlarining ketini ketiga ulab yuborishidan hadiksirab indamay qoʻya qoldi. Ammo nimadir ham deyishi kerak edi.

– Bir faylasuf aytib ketgan ekan, – nihoyat jodulangan shahzodadek oʻtirgan yigit tilga kirdi. Hamxonasi esa yosh yigitdagi bu qadar qatʼiyatli ovozni koʻrib, picha hayron qarab qoldi. – Birovlarning hayotida stol lampasi emas, quyosh boʻl. Chunki lampani zaruratga qarab yoqib-oʻchiradilar. Quyosh esa hammani oʻz izmiga yurgizadi – unga qarab kunduzu tunni, yozu qishni belgilaydilar.

– Ofarin! Tasanno! Bay-bay, maʼnoni qarang. Menimcha, yunonlardan biri aytgan-a? – dedi shoir hayratiga donoligini qoʻshib koʻrsatib.

– Aniq esimda yoʻgʻ-u, lekin eradan oldingi xitoylardan edi, shekilli, – dedi yigit masxaraomuz kulib.

– Nima deysiz, shu hikmatni boyagi sheʼrimga epigraf qilib olsammikin?

– Oʻzi oʻn qator narsaga yana oʻn qator gapni epigraf qilmoqchimisiz. Hech boʻlmaganda stol lampasiga bagʻishlangan roman-poman boʻlgandayam boshqa gap edi.

Yigit sherigini rostakamiga kalaka qilayotgandi. Shoirning laqqa tushib, hanuz hayajonlanib yotishini koʻrib, ovoz chiqarib kulib yubormaslik uchun ogʻziga koʻrpani tortdi. Aslida esa, bu “hikmat” yonidagi polvonogʻizni tiyib qoʻyish uchun hozirning oʻzida oʻylab chiqarilgan tasodif toʻqima edi. “Dumbul ekan-da, – deb xayol qildi u shipga qarab pichirlab yotgan shoirga razm solib, – boʻlmasa sen aytgan faylasuflaring zamonida stol lampasi tushib qoptimi, hech qursa sham-pam degin, deya malomat qilgan boʻlardi”.

U hozir lampaga termilib, mayin tabassum bilan oʻsha shoʻxligini eslarkan, chiroq qalpogʻini xuddi ukasining boshidek shapatilab qoʻydi:

– Ehtimol, sen haqingda roman-poman yozilayotgandir, a?

 

* * *

Lavozimga oʻtganining ertasimidi, indinimidi, qabuliga birinchi muovini kirib keldi. Naynov va oriqligidan yurganda goh boshi, goh beli, gohida esa chilchoʻp oyoqlari oldinga ilgarilab ketardi. Ayniqsa, qoʻllari ajoyib ekan, bilagi uzun, ammo kafti juda kalta, barmoqlari ramaqijon. Eshikdan to rahbari oldigacha boʻlgan yetti-sakkiz qadamdayoq va, ayniqsa, qoʻshkaftlab soʻrashayotgandayoq oʻzining qanday odam ekanini ayon qildi. Ammo yigit xulosa yasashga oshiqmadi – ehtimol u oʻylaganchalik ayyor, tullak emasdir. Bolta oʻz dastasini oʻzi kesmaydi, degan uchirma bor ekan qaysidir xalq maqolida. U ham shoshmasin-chi…

Odatiy salom-aligu hol-ahvol soʻralgach, muovin oʻzgarish boʻlgan kuni safarda ekanini, bugun tonggi reys bilan qaytganini, uyiga ham birrov borib kiyim almashtirganiyu yangi boshligʻini qutlay deb idoraga yugurganini juda ustalik bilan qistirib oʻtdi. Ammo gapini mutlaqo kutilmagan mavzu bilan yakunladi. Hatto shu paytgacha xotirjam oʻtirgan rahbar ham biroz tiyrak tortdi.

– Shu deyman, koʻnglingizga olmasangiz, bir taklifim bor edi-da, – dedi oʻrinbosar soʻzlarini tupugi bilan chaynab chiqarib, – sobiq rahbarga ham aytuvdim, bugun-erta deb paysalga solib yuraverdi, mana endi oʻzining “bugun-erta”si chiqib qoldi. Shu desangiz, telefonda siz haqingizda soʻraganimda “boʻyi baland” deyishdi. Bir quvondim, bir quvondim. Nihoyat, taklifimni qoʻllab-quvvatlaydigan, tushunadigan odamga yolchidim, deb xursand boʻldim…

U muovinining mijgʻovligiga ortiq chidolmadi.

– Tezroq hasratingizni tugating, hozir sizni yigʻilishga yuboraman, – dedi shu soʻzlariga qolgan hamma munosabatini ham qoʻshib.

– Da, da, konechno, mana hozir… – muovin negadir ortiga oʻgirilib, eshikka qarab qoʻydi. – Mana shu eshikka andak eʼtirozim bor-da, – dedi xatti-harakatiga izoh berib, – oʻsha paytda ustalarning aybi bilan pastroq eshik oʻrnatilgan ekan. Ishonmasangiz, oʻzingiz bir koʻring, sal boʻyi tikroq odamni egib qoʻyadi…

– Naynov odamni deyavering, – dedi yigit ochiqcha mazax bilan.

Muovin gapni oʻziga tekkizmay, beparvo davom etdi:

– Ana, boshqa hamma xonaning eshigi bip-binoyi. Negadir shunisi… shuni, ijozat bersangiz, almashtirsakmi?

Yigit bu taklif haqiqiy hiyla ekanini darhol fahmladi. Va shuni ham angladiki, bu “taklif” oʻzidan oldin kelgan koʻpgina rahbarlarga ham xuddi shu tarzda aytilgan. Ular, kim bilsin, nimkosani anglaganmi yo shunchaki behafsala qaraganmi, nima boʻlganda ham muovinning “taklif”i inobatga olinmagan va hali-hanuz davom etayati. Bunday qaraganda, uning fikrini quvvatlasang nima boʻladi, eshik soz, boʻying gʻoz boʻladimi? Yoʻq, bari balo oʻshanda boshlanadi. Atrofda “Yangi shefimiz kela solib hamma yoqning agʻdar-toʻntarini chiqardi. Bir chiroyli turgan eshikda nima ayb, shuncha yildan beri turuvdi-da… Endi pastlik qilib qoptimi? Bu bilan pakanalarni yomon koʻraman demoqchimi yoki oʻzining kalondimogʻligini koʻrsatyaptimi? Oʻzgarish qilmoqchi boʻlsang, ana, ish degani oqsab-choʻloqlanib yotibdi, oʻshani oʻzgartir. Manti koʻrmagan gadoy qosqonga muk tushdi, degandek tagingga choʻchqa terili oʻrindiq tegib uncha-muncha narsa yoqmay qoldimi? deganga oʻxshash shivir-shivir, baʼzan esa oshkora pisandalar urchiydi. Janob muovinning maqsadi ham shu.

U salmoq bilan kreslodan qoʻzgʻaldi, stolini aylanib oʻtarkan, “Gapingizda ancha jon bor, kechadan beri menga shu xonada nimadir yetmayotgandek, nimadir kamdek tuyulayotgandi. Dilim xufton edi. Mana, sababini siz aytdingiz”, dedi taklif egasining yosh boladek qiliqlarini nazardan qochirmay. Bu paytda oʻrinbosar chindan ham taltayib ketgandi, gapini maʼqullagan rahbariga ishshayib, “da, da” deyishdan nariga oʻtolmasdi.

Ular eshik yonigacha yetaklashib borishdi. Muovin tutqichni shahd bilan tortib tashqariga chiqdi, keyin yana ichkariga suqildi. Qiziq, rostdan ham u eshikdan kirayotganda xuddi suv tor quvurdan qiynalib oqib oʻtayotganga oʻxshab tasavvur qoldirarkan. Shu payti talabalikdagi bir doʻstini esladi, u ham shunaqa xudoberganlardan edi, hamma “poltora” deb chaqirardi.

– Mana, koʻrdingizmi, – dedi ikkinchi bor oʻtib-qaytarkan muovin koʻzlarini pirpiratib.

– Ha, ha, masala jiddiy, ancha jiddiy, – kinoyasini yashirmadi rahbar.

Ammo bu kesatiqlarning taʼmini muovin sezmayotgan edi. Yigit masalaga shu joyda, hozirning oʻzidayoq nuqta qoʻymasa, uni ham paysalga solishda ayblashi mumkin bu daroz. U eshik uchun kuyunib turgan manavi odamga avvaliga “Qadimiy madrasayu obidalarga, biron piri komilning xoki turobi qoʻyilgan maqbaraga borganmisiz. Oʻshanaqa joylarning eshiklari ataylab ham juda pastak ishlangan. Puldormi, zodagonmi, kim boʻlsa ham yogʻ bosgan gardanini ozgina egib kirsin, degan maʼnoda shunday qilingan”, demoqchi boʻldiyu, ammo soʻzining oxirgi qismini aytib qoʻya qoldi:

– Boʻychan boʻlgan yaxshi, – gap boshladi hukmini kutayotgan xodimiga. “Men ham shuni aytaman-da” deya luqma tashladi muovin ham gal olib. Biroq rahbar aytgan gapning davomi oʻta qatʼiy yangradi.

– Boʻychan boʻlgan yaxshi, albatta! Lekin pastak eshiklar bundan aziyat chekmasligi kerak…

Muovin rostdan ham gap magʻzini tushundimi, yo boshligʻining avzoyi jiddiylashganigami, har nechuk, “haq aytasiz, haq aytasiz” deya takrorlab, uzr soʻrab chiqdi-qochdi.

U kresloga qayta choʻkarkan, stol yonidagi tugmani bosdi.

“Labbay!”

Eshikdan kotibaning boshi koʻrindi.

– Muovinimga ayting, majlisga oʻzim boraman…

“Xoʻp” degan soʻzdan soʻng eshik yopilarkan, “U yerda ham eshiklarni qarichlab yurmasin, harqalay yigʻin eshiklar haqida emas”, deya xayol qildi va yuziga tabassum yugurdi.

Oqshomda horgʻin qiyofada xizmat mashinasiga oʻtirarkan, kuni bilan uni obdon holdan toydirgan qoʻngʻiroqlaru yigʻilishlarni, kirdi-chiqdi xatlaru arizalarni emas, aynan bitta qabulni yana bir bor yodiga oldi.

Oʻta xokisorlik va iymanish bilan qarshisiga kelib oʻtirgan onaxon avvaliga sir bosib, picha kalovlanib turdi. Ammo dardining zoʻri bilan tilga kirdi. Va keyinchalik, masala jiddiylashgani sari shunaqa oʻktam qiyofa kasb etdiki, yigit beixtiyor oʻtkir nigohini undan olib qochdi. Onaning arzi bir qarashda sodda edi – nogiron qizi bor, oʻqishga qiynalyapti ekan. Jismoniy jihatdan emas, ona agar shunday boʻlganda yordam soʻramagan boʻlardim dedi, moddiy tanglik jonidan oʻtib ketibdi. Toʻgʻri, bir ogʻiz jumla bilan aytilgan hozirgi holatni onaxon yarim soatcha gapirdi. Ochigʻi, rahbar uning koʻproq soʻzlashiga atayin yoʻl qoʻyib berdi. Chunki bu mushtipar ayol kirgandayoq, bir-ikki jumla gapirgandayoq u sehrlanib qolgandi. Xayolida oʻzining onasi qachonlardir kimlarningdir huzuriga shu ahvolda kirganini, shunaqa qimtinib oʻtirganini esladi. Allaqaysi korchalonlarning ishga kelishini kutib, ularning eshigiga koʻz tikib shom qoraytirgan onaizorini koʻrgandek boʻldi.

U ham kimningdir bitta imzosigami, bir luqma gapigami intizor boʻlib onasi yonida oʻtirarkan, nari yoqqa-beri yoqqa chiqib ketaverardi, sabr qayoqda deysiz oʻspirinda. Biroq onasi na ul-bul yeb olgani, na oyogʻining uvishigʻini yozgani chiqardi. Xuddi sal chalgʻisa, oʻsha anqoning urugʻidek odam keladiyu ketib qoladigandek xavotirlanardi. U tashqarini aylanib kelsa koʻrardiki, volidasi bir nuqtaga tikilgancha hamon yogʻoch kursiga qapishib oʻtiribdi. Ichlari achishib ketardi, ammo bilardiki kutishdan oʻzga choralari yoʻq. Endi-endi oʻylasa, onasi juda mardona ayol ekan. Lekin shoʻrva-qatiq hayotning izlari toʻkis hayotnikidan koʻra chuqurroq botar ekan odam koʻksiga. Mana, onasi oltmishga yetib-yetmay “qon bosimi” boʻldi-qoldi.

U qabulida oʻtirgan onaning yuzlariga qarab oʻsha yillarini eslarkan, toʻsatdan bu hashamatli, ammo sovuq tusli xonasiga nima yetishmayotganini tushunib qoldi. Fayz! U mana shu soʻz kallasiga kelganidan benihoya xursand boʻlib ketdi.

Aslini olganda, bu idora moddiy ishlar bilan shugʻullanmasdi. Yoʻrigʻi boshqacha. Lekin hozir bu gapni aytadigan boʻlsa, ayol bir vaqtlar xuddi onasi allaqanday tirrancha qizning “Falonchi akam bugun kelmas ekanlar. Ertaga kelarsizlar…” degan taʼnasini eshitganda qanday mungʻayib qolgan boʻlsa, shu ahvolga tushadi. Bu manzarani qayta koʻrishga esa yigitning yuragi dosh bermaydi.

– Ertaga shu vaqtda kelolasizmi? – dedi u onaxonga mayinlik bilan.

– Mayli, bolam, mayli… Biror ish chiqsa boʻldi.

– Chiqadi, xavotir olmang. Ertaga keling deganimning sababi, bir-ikkita hujjatni tayyorlab qoʻyishadi. Tushunasiz, pul bor joyda qogʻoz-pogʻoz toʻldirmasa boʻlmaydi.

Ayolning xotirjam tortgan chehrasiga, koʻz yosh miltillab turgan mijjasiga boqarkan, hozir borib bu xushxabarni eshik tiq etsa quloq solib oʻtirgan nogiron qiziga qanday yetkazishini, muhimi, bu kecha ona-bola qanchalik tinch uxlashlarini tasavvur qilib, zavqlandi. Aslida, yigitning rejasi boshqacha edi. Rostdan ham, bu yer ijtimoiy yordam bera oladigan joy emas. Lekin u bugun uyga borib, konvertga uncha-muncha pul solib, kompyuterida ikki nusxada hisob-kitob deydimi, oldim-berdim deydimi, shunga oʻxshash varaqa tayyorlaydi. Va shu ishi bilan ertaga yana bir bor mushtipar onaning xursand koʻzlarini, duoga ochilgan qoʻllarini koʻradi.

Haydovchi uzun, mahobatli mashinani markaziy yoʻldan olib oʻtarkan, yigit “Baʼzan bir tegirmon suv bir tomchi koʻzyoshning ishini qilolmaydi”, deb koʻnglidan oʻtkazdi va qishloqqa – ota-onasiga telefon qildi.

 

* * *

Uy yutaman deydi. Yigit darvozaxona va ayvon chiroqlarini birin-ketin yoqib, dahlizga kirdi. Hovli shinam, uy ozoda, hamma narsa botartib. Biroq yakka-yolgʻizlik bularning barini rangsiz suratga, ovozsiz filmga oʻxshatib qoʻygandi. U ota-onasiga necha bor yalindi, shaharga kelinglar, sizlar u yoqda, men bu yoqda qiynalib yurmaylik, deb. Lekin har safar onasi bir ogʻiz qatʼiyatli javobi bilan suhbatni yakunlaydi.

– Hafta oʻtib keladigan singillaring yetimchaga oʻxshab qoladi. Biz ketib qolsak, huvillagan uyga kelarmidi ular. Sening yoʻrigʻing boshqa. Har kuni odamlarning ichidasan.

Onasi haq. Qaysidir yili kutilmaganda bir ish bilan qishloqqa kelib qoldi. Oʻsha kuni narigi mahallada toʻymi-maʼrakami ekan. Ota-onasi oʻsha yoqda, darvoza halqasiga chilvir bogʻlangan. Shu qadar yuragi siqilib ketgandiki, to onasi eshikdan koʻringuncha dunyo koʻziga qorongʻi tuyulgandi.

Toʻgʻri, u har kuni odamlar ichida, shovqin-suronli, ur-yiqitli hayot oqimida. Shaharda qishloqdagidek bir maromda, sokin oquvchi kunning oʻzi boʻlmaydi. Hatto qosh qorayguncha kishining sillasi qurib ketadi ham. Lekin oqshomda hamma oʻzining qoʻrgʻoniga oʻrmalaydi. Uy-joy, bola-chaqa, oddiy turmush tarzi. Yigit esa…

Ish boʻlmasiga oʻtib, kofesini deraza raxiga qoʻydi. Hali darvoza qutisidan olib kirgan gazeta-jurnallarni, xat-patlarni titkilay boshladi. U xat yozish-xat olishni avvaldan yaxshi koʻrardi. Hozir ham agar bir-ikki oy birov xat yozmay qoʻysa, oʻzi biror bahona topib maktub yozadi-da, keyin javob kutib oʻtiradi.

“Temir xat”larning oʻrni boshqa. U internetdagi, qoʻl telefonlardagi xabarlarni shunaqa ataydi. Bunaqa yozishmalarda na koʻngil harorati, na samimiyat, na noma bitayotgan qoʻlning titrogʻi boʻladi, deb oʻylardi. Ikki enlik xatni yuz oʻylab, oʻchirib-chizib, qayta koʻchirib yozishning, ayniqsa, uni konvertga joylab joʻnatishning gʻalati yoqimli gashti bor. Bundan ham qizigʻi, kechki payt ishdan qaytsang, shundoq boʻsagʻada yoki pochta qutisida konvert turgan boʻlsa, uni to ochib oʻqiguncha boʻlgan hayajon ham tamoman boʻlakcha. Maylida, joʻngina xabar, ikki ogʻiz hol-ahvol soʻrash boʻlsin, oʻshaning ham zavqi boʻladi.

U konvert yelimini ehtiyotkorlik bilan koʻchirarkan, u qizning ikki yillardan beri xat yozmay ketganini esladi. Avval tinimsiz yozardi, hafta sayin maktub almashishardi. Nima haqda boʻlsa ham, oʻtgan-ketgan gaplarmi, bahor kelganimi, qor yoqqanimi, yozaverishardi. Ular bir-birlarining xatini oʻqishga bora-bora shunchalik oʻrganib qolishdiki, agar ikkovidan biri sal kech qolsa, narigisi arazlay boshlardi. Aslida, ikkisi ham notanish edi. Yigit talabalik yillarida nimadir sabab bilan televizorga chiqqan edi. Qiz esa, uning ismi-sharifini, qayerda oʻqishini eslab qolgan va tavakkal maktub yozgan. Shu xolos. Shundan beri qadrdonlashib ketishgandi.

Lekin nimadir boʻldiyu, qizning xati uzilib qoldi.

“Men sizning oldingizda uzrliman. Ha, chin dildan kechirim soʻrayman, – deb boshlangandi noma, – oʻsha mening soʻnggi xatim yetib borgan paytlarda bilingki, turmushga chiqqan edim. Avvaliga buni taqdirning buyrugʻi, hayotning qonuni deb oʻyladim. Biroq ushbu gaplar odamni shunchaki ovutish uchun oʻylab topilgan iboralar ekan. Na taqdir buyrugʻi, na hayot qonuni koʻnglingni toʻldirmasa qiyin ekan. Oʻylamang, turmushga chiqqunicha boshqani sevgan ekan-da, deb. Yoʻq. Hech kimni sevmaganman. Men shunchaki qismat ne desa shunga koʻnikmoqchiydim, umr yoʻldoshimning kim boʻlishidan qatʼi nazar raʼyiga yurmoqchiydim. Biroq hayot deganlari hatto shu ojizligingda ham oʻz holingga qoʻymas ekan.

Turmushimiz sovuq boshlandi. Nima desam ekan, biz ikki xil dunyodan ekanmiz. Agar tushunarliroq aytadigan boʻlsam, men hind kinosiga ishqiboz boʻlsam, u hali ham multfilmlarni tomosha qilarkan. Endi angladingizmi, yoshi oʻttizga qarab ketayotgan boʻlsa ham, hayotni oʻn yoshli bolachalik ham idrok qilolmaydigan notavon ekan.

Bunisiga chidasa boʻlar ehtimol. Lekin shu holiga koʻcha isiga oʻrgandi. Kimgadir ilakishdi, alal-oqibat esa, boshimga bir shallaqining janjaliyu bir haromi goʻdakning chinqirigʻini olib keldi.

Nima deb oʻylaysiz? Ketib qoldimmi? Aslo, ketganim yoʻq, qaytanga oʻsha norasidani oʻzimning bolamga qoʻshib boqayapman. Bu dadamning amri boʻldi.

Mana shunaqa gaplar…”

Qiz xatning qolgan qismida yigitdan hol-ahvol soʻragan, yana nimadir gaplar. U esa hozir oʻqigan fojiasi taʼsiridan chiqib ketolmay qoldi. Ikki yilda shuncha mashmasha, shuncha gʻavgʻo. Qanaqa goʻzal orzulari bor edi uning. Ana, kitob javonining bir boʻlmasi mana shu qizning maktublari bilan toʻlib-toshgan. Qanday nafis oʻylardi hayot haqida, qanchalik romantik edi. U oʻqigan kitoblar, u joʻnatgan sheʼriy parchalar naqadar yashash ishtiyoqi bilan sugʻorilgandi. Yigit har gal qiz joʻnatgan xatjildni ocharkan, “Maktublaridan ham atirgul hidi keladi”, deb oʻylardi va xat egasini qizil, sariq, oq atirgullar orasida yurgan bogʻbon qiz timsolida tasavvur qilardi. Mana endi gulzor ham, muattar hidlar ham barham topish arafasida.

Kofesini peshma-pesh hoʻplab, xatni kerakli boʻlmaga joyladi. Keyin oʻzi ham qogʻoz-qalamini oldi.

“Taqdir bilan olishuv – suv yuzasiga imzo chekkandek gap. Odamzot esa, bu urinishlari besamar ketayotganini payqashi qiyin. Men sizga har ne deyishga ojizman. Chunki bugun sizning yarim varaq maktubingizni oʻqiboq, tang qoldim. Siz esa ikki yildan beri yarim varaqdagidan ming marta koʻproq boʻlgan dardu hasrat ichida yashabsiz.

Sizning ikki yillik ogʻriqlaringiz va sabr-toqatingiz aks etgan maktubingizni oʻqib nimani tasavvur qilganimni aytaymi – xuddi ketmonning sopiga zarhal harflar bilan “goʻzallik” deb yozib qoʻyilgan nomutanosib manzarani. Agar shu holni hatto jinni koʻrsa ham, ensasini qotirib, labini burishi aniq. Ammo inson matonati har nedan ustun keladi. Sizning shu qadar bosiqlik bilan yashayotganingiz meni lol qoldirdi.

Sizga yordami tegar degan umidda, qachonlardir hayotim uchun shior qilib olgan bir gapni aytmoqchiman. Axir odam umr deb atalmish yoʻlning oʻnqir-choʻnqirlarida yoʻq boʻlib ketmasligi uchun ham oʻzini ishontirgan qandaydir tamoyillarga suyanishi kerak-ku! “Hayotda shoxmot donasi boʻlishdan emas, oʻyin taxtasida “piyoda” boʻlib oʻynashdan koʻproq choʻchiyman”. Mana shu bir chiziq gap hayot ummoniga gʻarq boʻlib ketayotgan na qayigʻi, na eshkagi bor omadsizni kema dargʻasiga, oyoqlar ostida toptalib ketishi mumkin boʻlgan niholni zabardast daraxtga, duch kelgan yirtqich yutib yuborishi hech gap boʻlmagan polaponni kuch-qudratli burgutga aylantirdi. Bilasizmi, agar men hayotim davomida kimdandir qarzdor boʻlsam, mana shu soʻzlar oldida burchliman.

“Nomunosib erni xotinning fazilatlari ham asrab qololmaydi” degan naql bor. Yana bir gap: axloqsiz erkak qargʻaga oʻxshaydi, duch kelgan joyga yongʻoq koʻmadi-da, unutadi. Bundaylarga jazo muqarrar. Ammo bir osiy banda gunohi uchun dorga osilayotganda uni tomosha qilib turganlarning umri uzayib qolmaydi-ku. Demoqchimanki, eringiz tavbasiga tayangan holda ham sizning chashmadek tiniq orzularingiz va kimningdir shodligi uchun shartta kesilgan atirguldek yoshligingizni kim qaytarib bera oladi.

Bu gaplarni yozishdan boshqa qoʻlimdan hech bir ish kelmaydi. Biroq yaxshi gapdan yaxshi xotira qoladi, deganlaridek koʻnglingizga biroz taskin bermoqchiman va ehtimol siz sogʻingan suhbatga munosib javob berishga uringandirman…”.

U xat shu yerga kelganida ortiq yozolmasligini bildi va maktubni qayta oʻqib koʻrish ham koʻngliga ogʻirlik qilib konvertga joyladi.

Kechasi uyqusini tush bosdi. Ishxonaga onasi kelgan emish, qoʻlida bejirim, charm gʻilofga solingan koʻzoynak. “Bolam, hali koʻzing oʻtkir, lekin olib qoʻy, kun kelib kerak boʻlib qoladi”, dedi. U hayron holida matohni avvaliga obdon qoʻlida aylantirib koʻrdi, gardishi kumushrang, oynalari ixcham-ixcham, gard qoʻnmagan, chizilmagan. Keyin avaylab qanshariga olib bordi. “Qalay, yarashdimi?” deya onasiga yuzlandi. Vo ajabki, onasi gʻoyib boʻlgandi. Hayratlanib alangladi, oldiniga past ovozda, soʻng esa baland, hadikli tovush bilan chaqirdi. Shunda moʻjiza yuz bera boshladi. Xona birdan kengayib, shiplari koʻz ilgʻamas yuqorilab ketdi. Endi u kabinetda emas, oʻxshatib dekoratsiya ishlangan mahobatli teatr sahnasida turgandek his qildi oʻzini. Lekin hammasi hali oldinda ekan… Ne koʻz bilan koʻrsinki, ish stoli naq uydek kattalashib ketgan, ustidagi qalam-ruchkalar devorga tirab qoʻyilgan belkurakdek tikkayib turibdi. Yo qudratingdan!!!

Shu payti esiga bir qitmirlik kelib, nigohini kitob javoniga burdi. Kitoblar sandiqdek-sandiqdek, ayniqsa “Xamsa” xuddi koʻrpadek eniga ham, boʻyiga ham choʻzilib ketgan. Shu tariqa hamma narsani kattalashtirib idrok qila boshladi – guldon tuzlama tayyorlaydigan bochkadek, gullar joʻxoripoyadek, qogʻozlar supradek, telefon apparatlari muzlatkichdek semirib-shishib ketgan.

U biror narsaga urilib ketishdan qoʻrqib oʻzi oʻrgangan xonada ehtiyotkorona qadam bosgancha deraza yoniga bordi. Ana moʻjiza! Quyosh ulkanlashganidan shu qadar yaqin kelib qolgandiki, goʻyo Yer sharining yuzasi quyoshga tegib aylanayotgandek tuyulardi. “Yulduzlar ham hech boʻlmasa patirdek-patirdek koʻrinar ekan-da” xayol qildi u. Onasining antiqa sovgʻasidan juda xursand boʻlib ketdi. Qanday yaxshi! Endi hamma narsani – kulguni, quvonchni, hatto yaxshilikni ham kattalashtirsa boʻladi. Qoyil!

Ammo shu payt naq qarshisida uni moʻljallab uchib kelayotgan qora maxluqqa koʻzi tushib, shoshib orqaga tisarildi. Maxluq esa xuddi haybatli kema aysbergga urilgandek qarsillab oʻn qulochli deraza oynasiga urildi. Yaxshilab razm solsa, oddiy pashsha. “Laʼnati, yuragimni chiqarib yubording, – dedi u koʻzoynagi hali burnining ustida turganini eslab. – Ilonvachchalar ajdahoga aylanar ekan-da endi. Ha, shunisi chakki ekan. Bir yoqda tovusdek keladigan chiroyli kapalakning raqsini zavq bilan kuzatib tursang, bu yoqda dinozavrdek kattalashib ketgan qurbaqa bir hamla bilan uni yamlab tursa”.

U endi bu yangilikdan ortiq quvonmay qoʻydi. Garchi ezgulik, odamiylik, havas, muhabbat, mehr, doʻstlik, haqiqat qanchalik yiriklashgan taqdirda yovuzlik, fitna, hasad, nafrat, qahr, gʻanimlik va nohaqlik ham shuncha semirar ekan, bunday gigantlikning nima keragi bor? Xuddi bir doʻnglikda boʻlayotgan jang butun dunyoga qirgʻinbarot boʻlib yoyilgandek gapda bu. Axir sichqon filga aylansa, bugʻdoy donining qopdek kattalashganidan nima naf?

Shularni xayoldan oʻtkaza turib kechagi eshik voqeasi esiga tushib qoldi. “Mana, sizga oppa-oson yechim, janob muovin, – dedi goʻyo yonida rostdan ham oʻrinbosari turgandek, – mana sizga avtobusdek keladigan eshik. Ammo, qoʻrqamanki, siz bunga ham sigʻmaysiz. Chunki, boʻyingizga qarang, xuddi qari emandek choʻzilib ketibsiz”.

U muovini bilan xayolan suhbatlashar ekan, tuyqus bir haqiqatning tagiga yetdi. Axir bu koʻzoynak onasi bergan oddiy saboq-ku. Axir xalqda ham “Koʻzingni kattaroq och”, degan ibora bor. Mana, sizga katta ochilgan koʻz…

Koʻzoynagini ohista yecharkan, boya yuk mashinasidek tarvaqaylab ketgan, endi yana bir burchakka qisilib olgan seyfiga kalit soldi. Xudo koʻrsatmasin, birontasining qoʻliga tushib qolsa, kim biladi, pashshadan fil yasashi mumkin.

Tongda uygʻonarkan, tushi xayrli ekaniga imoni komil edi. Kayfiyati chogʻ boʻlib, mashinasi signalini kutib oʻtirib nonushta qildi.

Idora eshigidan kirayotib kotibasiga duch keldi, ayol ham boshligʻini xoli uchratganidan foydalanib, bir xodim ustidan arz qila ketdi. Oldinma-ketin liftga chiqisharkan, rahbar soʻradi:

– Yaxshi uxlab turdingizmi?

“Men bogʻdan kelsam, bu togʻdan keladi-ya”, deya ichida norozilandi gapi eʼtiborsiz qolayotgan kotiba. Ammo javob bermasa ham boʻlmasdi.

– Rahmat, yaxshi.

– Menga biror nima demoqchi boʻlsangiz, avval puxta oʻylab oling. Judayam nuqta-vergulsiz gapirar ekansiz. Mana, oʻn minutdan beri nimalardir deyapsizu, sizni tuzukroq tushunolmadim.

Yigit shunday dediyu xonasi tomon yoʻnaldi. Eshik yoniga yetganda ortiga burilib, “Darvoqe, tun uzun boʻlsa tush koʻpayar, degan maqolni eshitganmisiz?” deya soʻradi kotibasidan tushini yana bir bor zavqlanib eslab. Keyin esa, javob ham kutmay, “Kundaligingizga yozib qoʻying”, deganicha ichkariga kirib ketdi.

 

* * *

Uning endi hamma yerga qoʻli yetadi. Hayotida tashvish, muammo deydigan nuqta qolmadi hisob. Bolaligidan yelkasini ayovsiz ezib kelgan qashshoqlik allaqachon barham topdi, suv desa sharbat, non desa holva tutishadi odamlar hozir. Bir mahallar qadr-qimmati ikki pulga olinmaydigan, bormisan-yoʻqmisan boʻlib yurgan bola vaqtning hukmi bilan cheksiz qudratga ega boʻldi. Bu qudratni agar uning bugun egallab turgan lavozim-martabasi bilan bogʻlab tushunilsa, albatta xato boʻladi. Bu daraja uning rejasidagi bir boʻlimcha edi, xolos. Uning asl maqsadi – qachonlardir qoʻl yetmas boʻlib koʻringan, erishilishi dargumon boʻlgan orzu-xayollarini endi xuddi yulduzlar yer yuzidagi mitti jonzotlarni qanday kuzatsa, shunday tomosha qilib huzurlanish edi. Hozirgi odamlar yetti uxlab tushida koʻrolmayotgan imkonlarni u endi oʻyinchoqdek xohlasa oʻynaydi, xohlamasa bir chetga surib qoʻyadi. Ammo oʻzi ham tushunadiki, ayni vaqtda qoʻlida turganlardan koʻra atrofiga sochilib yotgan oʻyinchoqlari koʻproq. Hamma narsaga erishgani sayin oʻsha hamma narsaning qadri tasodifan yoʻqolib bormoqda uning uchun.

Odamlar yurtma-yurt izgʻib, kimlarningdir qora mehnatini qilib, keyin esa shohona uy solishga urinyapti. Xuddi qasrda yashasang, boshqalar senga chandonroq hurmat-ehtirom koʻrsatadigandek, poydevoringning balandligiga qarab martaba beriladigandek. U esa mana shu katalakdek hovlisidan narisini xohlash tugul, xayoliga ham keltirgani yoʻq, axir odamning puli koʻpayib ketsa yangi, kattaroq oshqozon qoʻydirib, bir kosaning oʻrniga ikki kosa taom yeya olmaydi-ku. Yoki yana bir toifa kimsalar pulning sassigʻidan kekirgancha, mashinalarni kolleksiya qilishga ishqiboz. Uning uchun esa, rulga qapishib oʻtirgandan koʻra, haydovchiga “Ertaga falon vaqtda kel”, deyish koʻproq zavq bagʻishlaydi. Axir u hayot bilan murosasiz kurashda boy berilgan oʻn yildan ortiq umrini bekorga sarfladimi? Kimlarningdir hovlisida goʻng tashishga, ekin sugʻorishga, haligi bir narsa uchun oʻra qazishga koʻnikib yashashga boʻlgan sabrni, qanoatni qayerdan topgandi. Shuncha yil nega tishini tishiga qattiq bosib keldi. Bir kuni uning taqdirida ham mana shunday hukmfarmolik, hayotning hamma imkonlariga egalik qilishdek ajib gashtli damlar kelishiga chin dildan ishongani uchun emasmi? Bir zamonlar teng-toʻshlari bilan parkka aylanishga qurb topolmasdan ezilgan oʻspirinning oradan oʻn yil oʻtib yuzta istirohat bogʻi qurishga chogʻi keladi. Bir vaqtlar undan chaqa pulini qizgʻongan xasislar ustidan u bugun tillo tangalar sochishi mumkin. Ammo uning maqsadi na pul sochish, na oʻzini koʻz-koʻzlash emasdi, bor-yoʻgʻi barcha narsalarga erishganidan soʻng buning ortidan keladigan hissiyotning taʼmini bilmoqchi edi, qudratning shakli qanaqa boʻlishini oʻz koʻzi bilan koʻrmoqchi edi, xolos. Shuning uchun ham unga bundan ortigʻini keragi ham, qizigʻi ham yoʻq.

U nimada boʻlmasin, sheriklikni yoqtirmay keldi. Sababi, oʻylardiki, garchi odam bolasi yarimta nonga bemalol toʻysa ham, biroq butun nonni ikki kishiga boʻlib berilsa, ikkovi ham toʻymay qoladi. Nima uchun, mundoq olib qaraganda mohiyat oʻzgarmadi-ku. Yarimta nonni bir kishi yedi nimayu, bitta non ikki kishiga berildi nima? Gap shundaki, inson koʻnglidagi xohish xohlanayotgan narsaning hajmiga qarab paydo boʻladi. Eʼtibor bersangiz, yosh bolalar koʻchadan qaytayotgan dadasining choʻntagidan chiqqan bitta qurutgami-konfetgami benihoya xursand boʻlishadi. Lekin uyga mehmon kelganda, bitta-ikkitaga qanoat qiladigan bolani topish qiyin. Boyagi yarimta non masalasi ham shunday, qoʻlidagi nondan tashqari yana borligini bilgan odam, garchi u boshqa qoʻlda turgan boʻlsa-da, oʻshandan ham umidvor boʻladi.

Yoshligida bolalar uni koʻp oʻrtaga olishgan. Kaltak ustiga kaltak, tepki ustiga tepki. Ammo shunaqa vaziyatlarda ham unga joni achigan biron bolani yoniga yaqinlashtirmasdi, u hamma narsaning mazasini yolgʻiz totib koʻrishni istardi. Ayovsiz kaltaklangan kunlari, qoshu koʻziga muz bosib yotarkan, “Yer yuzida tulporlar bor ekan, qamchi ham boʻladi”, derdi oʻziga oʻzi. Hayot keyinchalik ham uni koʻp qamchiladi. Lekin bora-bora xuddi joni halqumiga kelgan qul oʻz xojasini oʻldirib qoʻygandek, u ham yelkasiga vizillab tushayotgan bu qamchini hayotning qoʻlidan qanday tortib olib qoʻyishni oʻrgandi.

Yillar mobaynida titroqli qoʻllari changakka, madorsiz oyoqlari poydevorga, xokisor va maʼsum chehrasi takabbur qiyofaga, jurʼatsiz koʻzlari bemisl joduga aylandi. U hammollikka odatlangan yelkalarini yengil va olifta kostyum ilib yurishga, musht boʻlib tugilishga hamisha tayyor barmoqlarini qogʻoz-qalam ushlashga, muloyim tilini keskin va achchiq soʻzlar ishlatishga oʻrgatdi. Qilichboz ustoz noʻnoq shogirdini qanchalik qiynab jangga tayyorlasa, u ham joniga undan kam azob bergani yoʻq. Alal-oqibat esa, chinakam kibor qiyofasini yaratishga muvaffaq boʻldi. Bu qiyofa keyinchalik, xuddi plastik jarrohlik yaxshi natija bergan kabi, unga ham shu qadar tabiiylik bilan singib ketdi. Hozir birovga, bu yigit avvallari qanchalik maʼsum edi, desangiz sizni tentakka chiqarishi turgan gap.

Mana, oʻzi istagandek dunyodagi davlatmandlaru korchalonlarning kallasida nima xayollar boʻlishi mumkinligini deyarli bilib boʻldi. Ularning tiyiqsiz va bemaza xohishlari, tor doiralarda oʻtadigan zerikarli umrlari, soyadan ham shubhalanib yashaydigan behalovat kunlari, ildizsiz gap-soʻzlari – hamma-hammasi haqida endi unda yetarlicha xulosalar bor. U endi hayotning ikki qutbini – qashshoqlikning eng chuqur jarligiyu badavlatlikning eng yuksak choʻqqisini toʻla zabt etgan haqiqiy tadqiqotchi boʻldi. Mana shu qiziqarli yoʻl davomida bir narsaga amin boʻldiki, bu ikki chegara oʻrtasidagi masofa aslida u qadar uzoq emas ekan. Faqat odamlarning oʻzi bu masofani borsa kelmasga aylantirib yuborishgan. Dunyodagi jamiki boylar oʻzlarining yasama, soxta koʻrinishlari bilan qolganlarni shu qadar sir bostirishar ekanki, natijada bechora kamxarjlar bu masofani bosib oʻtish uchun yoʻlga chiqishdan beixtiyor choʻchib qolar ekanlar. Davlatmandlarning bu qiligʻi goʻyo bir qarich ilonning dahshatli vishillashiga oʻxshaydi – odamlar uni koʻrmay turiboq orqaga tisariladilar.

Oʻsha kuni mushtipar ona nogiron qiziga yordam puli olib ketgani kelganda bir ajoyib naqlni aytib ketdi. Kechirasiz, bu naql emas, onaxonning hojatbaror yigitga bildirgan minnatdorligi edi. “Bolam, – dedi u, onaxonning koʻziga qaramay oʻzi qoʻlbola yasalgan hisob-kitob qogʻoziga imzo chektirayotgan yigitga, – bilaman, hozir siz pulni ana shu seyfingizdan olasiz, hech qanaqa hisobchingiz yo yordamchingiz olib kirib bermaydi, buni yaxshi bilaman. Ammo baribir siz yaxshilikning hech kim yoʻqqa chiqara olmaydigan yoʻlini topdingiz. Ehtimol, qachonlardir boshingizga tushgan koʻrguliklarning mevasidir bu, balki ota-onangizning tarbiyasidir. Nima boʻlganda ham, sizga rahmat. Mana shu seyfingizning faqat bitta dona kaliti bor, agar uning kaliti ikkita boʻlib qolsa, seyfning seyfligi qolmaydi. Koʻngil ham seyfga oʻxshaydi, uni yaxshi aʼmoldan boshqa kalit bilan ochib boʻlmaydi. Ha, odamlar faqat yaxshilik degan tushuncha bilangina bir-birlarining qalblariga yoʻl topishadi”.

Onaxon keyin ham nimalardir dedi, u hozir eslolmaydi. Ammo ayolning shu gaplaridan keyin yigit yuzidagi har qancha kibor pardasini surib tashlab, onaga chinakam oʻgʻil nigohi bilan boqdi. Bu oʻktam ayolning mehribon koʻzlariga qarab, tiniq va samimiy ovoziga quloq solib turarkan, volidasini hajga olib ketayotgan yigitdek vujudida tuganmas kuch tuydi.

 

INQIROZ

Xotima oʻrnida

 

Unga buncha pul, molu dunyo qayerdan kelishiga atrofidagilar hech ham tushunishmasdi, aniqrogʻi, bu jumboqning tagiga yetisholmasdi. Unga oʻxshagan rahbar zoti koʻp, ammo ularning orasida biri ikki boʻlmayotganlari qancha axir… Yoki maoshi ham hammaning koʻz oʻngida, oshib-toshgan joyi yoʻq. Lekin, taajjubli jihati, u hech qachon maoshini oʻziga ishlatmasdi, kimningdir toʻyiga, kimningdir maʼrakasiga berdirib yuborardi. U bu idorada ishlagan yillarida qancha odamning oʻgʻli uylanib, qizi uzatildi, hatto qurilishga deb pul soʻraganlar ham koʻp boʻldi. U hammaga bir xil javob berardi – hisobchini aytib chiqing. Boʻldi, shu bilan imzo chekilardi, mushkul oson boʻlardi.

Biroq baribir qiziq edi. Hali oʻttizga toʻlmagan, oila qurmagan yigit bunday toʻkinlikka, shohona hayotga qanday erishgan? Biron qoʻli uzun, boʻyni yoʻgʻon, qoʻr-qutli odamning erkatoyi, arzandasi boʻlganda ham boshqa gap edi. Ammo oʻqishni tamomlayotgan yili sodir boʻlgan voqea uning hayotini xuddi Iskandarning sartaroshi qornim yorilib ketmasin deb sir aytgan quduqqa aylantirganini esa hech kim, hatto ota-onasi ham bilishmasdi. Nima boʻlgandi? Sulaymonning xazinasini topganmidi? Be, qayoqda… Yer sharining ilma-teshik boʻlmagan joyi qolmagan hozirgi zamonda xom tuproqning tagida xumcha qoptimi… Ammo odamlar uning favqulodda davlatmandligi haqida oʻylashganida koʻproq shunaqa aql ishonmaydigan taxmindan kelishardi.

U kasalxonaning kraxmalli oppoq pardalar bilan zichlab toʻsilgan, ichkarisi esa haddan tashqari yorugʻ boʻlmasiga kirganida, bosh shifokor oxirgi marta soʻradi:

– Bu ishingning oqibatiga aqling yetib turganiga ishonaman. Mana, sen bilan uch kundan beri koʻrishayotgan boʻlsam, ogʻzingdan chiqayotgan har bitta gaping meni lol qoldiryapti. Ammo umr sen oʻylaganchalik arzimas narsa emas, bugungi qahramonlik ertaga ancha qimmatga tushadi.

Yigit bu gaplarni, toʻgʻrirogʻi, shifokorning hamdardlik bildirishini, oʻz burchini shunga oʻxshagan ogohlantirishlar bilan oqlashini bilardi.

– Muhabbat sevgan insoningning hamma-hamma narsasiga – azobu uqubatlariga, visolu hijroniga, yengilligu ogʻirliklariga jimgina rozi boʻlishdir, – dedi vrachning koʻzlariga nigohini tik qadab. – Men bu ishim bilan ortiqcha narsa yoʻqotmayman, lekin u hayot degan, tiriklik degan moʻjizani qaytadan kashf qiladi.

Mana shu qisqa, ammo oʻta nozik suhbatdan soʻng jarrohlik stoli ustidagi chiroqlar yondi. Uning chap buyragini olishdi.

Sevgan qizi chindan ham omon qoldi. Ammo unga turmush qurishni qatʼiyan man etishdi. Oradan yillar oʻtgan sari ehtimol bu voqea unutilishi mumkin edi. Biroq har oyda yigitning nomiga keladigan sirli qogʻoz qutichadagi pullar uning hayotini oʻzi bir mahallar ich-ichidan intilgan, kun kelib nimadir sabab bilan roʻyobga oshishiga qattiq ishongan kiborlik dunyosiga aylantirdi.

U uzluksiz ravishda moddiy jihatdan bekamu koʻstlikka erishar ekan, bir vaqtning oʻzida hayot deb atalmish imoratning har bir zinasini, qat-qat devorlariyu mogʻorlagan yoʻlaklarini chuqur nigoh bilan oʻrganib bordi. Baxtiyorligu baxtsizlik, donishmandligu nodonlik, doʻstligu dushmanlikka oʻxshagan ming-minglab tushunchalar bir-biriga naqadar yaqin turishini, hatto birining isboti uchun biri albatta boʻlishi shartligini anglab yetdi. Unga salom uchun uzatilgan kaftning barmoqlari orasida mitti ignalar bor-yoʻqligini darrov payqaydigan boʻldi. Va eng muhimi, u hammaga bir xil – ayovsiz va magʻrur nigoh tashlash sanʼatini egalladi. Bularning bari bir boʻlib yigitni yengilmas ruh va cheksiz qudrat sohibiga aylantirdi.

U sigaret qoldigʻini kuldonga ezdi-da, gʻir-gʻir shabada kirayotgan deraza raxiga suyanib, pichirlay boshladi:

Qorayganda uzoq togʻlarning qori,

Bogʻlarga choʻkkanda oqshomgi tuman;

Sovuq kuz yelidan junjikib, nari –

Ochiq ayvon ostin etganda maskan;

Azizim, xayolan quchaman seni,

Xazon davrasida kutaman seni…*

 

Hayotda barcha-barcha narsani – ojizligu qudratni, muhabbatu uning achchiq sharobini, turfa odamlar dunyosini idrok qilib boʻlgan yigit bu uzoq davom etgan darsdan juda zerikdi, uning sabri shu kungacha yetdi, goʻyo yuzlab qari daraxtlarning zaxil-zaʼfaron yaproqlari orasida uning durkun va yashil barglari qiynalib nafas olayotgandek, umri borgan sari xazonning achchiq hidiga moslashib ketayotgandek tuyuldi. Endi u na oʻzini, na shubhakor odamlarni ortiq qiynashni xohlar edi.

Mana, oʻn yil ichida xuddi yer yuzasini qarichlab oʻlchab chiqqandek bir olam xulosalar yigʻdi, ammo oʻzi ham obdon holdan toydi. Axir har kuni, har soat, har soniyada bir vujuddagi ikkita odam boʻlib yashash naqadar ogʻir. U oʻzi uchun olamdagi eng yuksak choʻqqida turib dunyoni balanddan tomosha qilayotgan odam boʻlsa ham, biroq atrofdagilar uchun savlat-salobatli, sirli va kishini hayiqtiradigan qiyofa sifatida yashab keldi. Bugun esa bu sarguzashtga toʻla ikkinchi hayotiga tamoman nuqta qoʻyadi. U nimani xohlagandi, hamma narsaga erishishnimi? Mana, orzusiga yetdi. Endi inson koʻnglini aldaydigan va tubanlashtiradigan bu taxlit hayot bilan bogʻlab turgan barcha rishtalarni uzib tashlaydi. Uning bir marta qilgan chinakam jasorati va kelajagi “qatʼiyan taʼqiqlangan” muhabbati evaziga uzluksiz oqib keluvchi pullarning bugundan boshlab unga zarracha keragi yoʻq.

U oʻzining ikkinchi qiyofasi oʻng biqinidagi bittayu bitta buyragiga ogʻirlik qilayotganini sezgandi.

 

Nosirjon JOʻRAYEV

 

2012

 

“Yoshlik” jurnali, 2013 yil 5-son

https://saviya.uz/ijod/nasr/kibor/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x