Toʻy koʻchirildi

Qulmurod qurumsoqning toʻngʻich farzandi Elmurod Qoraqurum qishlogʻidan ancha olis… shahardagi oliy dargohining tuprogʻini yalaydi. Qurumsoqning oʻgʻlidan koʻngli toʻq. Boisi, puxta-pishiqligi xuddi oʻzi! Har holda, mana toʻrt yildan oshdiki, otasini bezovta qilmay, yaʼni, pul-mul soʻramay, yarim kun saboqda, yarim kun “Yangi bozor”da tirikchiligini binoyidek oʻtkazib yuribdi. Ammo xavotirlanadigan jihatlar ham koʻp. Axir u yoqni shahar deb qoʻyibdi-ya?! Boshi ochiq qiz-juvondan birining nozi-karashmasiga uchib, begona joyda “ichkuyov-itkuyov” boʻlib qolib ketsa nima boʻladi?! Bundan ortiq koʻrgilik bormi?

Ertaga qichiydigan joyini bugun qashlab qoʻyadigan Qurumsoq “xavf”ning oldini olish payiga tushdi. Ayoli bilan yelib-yugurib, boshqa qizning suratini koʻrsatib boʻlsa-da, oʻgʻliga obroʻliroq xonadondan non ushatib qoʻyishdi. Katta toʻy esa, ikki tomonning oʻzaro kelishuviga muvofiq kuyovning “diplom yuvdisi” bilan qoʻshib oʻtkaziladigan boʻldi. Ammo, ungacha hali bir qovun pishigʻicha fursat bor. Turgan gap, shu lahzadan boshlab qurumsoqning koʻzidan uyqu qochdi:

“Ey-y, hozirda toʻy qilishning oʻzi boʻlarkanmi?! Hay, kelganlar, aroq ichmasa “barmatuxa” ichishar, meva-cheva deganing kolxoz bogʻidan chiqar… Lekin, goʻsht-chi?! Axir, toʻyning masalligʻiga… Shoshma, hozir ayni bahor fasli. Kech kuzgacha ikkita bundayroq sovliqni arzon garovga olib, oʻt-poʻt berib boqsa toʻy mahaligacha boʻrdoqiga aylanib qolar-ov!”

Qurumsoq shu niyatda sogʻ tishini sugʻurgandek qilib boʻlsada, bir juftgina tirraqi qoʻy oldi. Oʻylagani toʻgʻri chiqdi. Oy oʻtar-oʻtmas jonivorlar etga kirib qoldi.

…Oʻsha tongda ham Qulmurod qurumsoq har kungi odaticha sovliqlarni soy tomonga haydadi. Shirin-shakar xayollarga gʻarq boʻlgan koʻyi qoʻylarini qirma-qir oʻtlatgancha jildiratib boqdi. Choshgohga yaqinlashganda esa ochiqqanidan qorni quldiragach, jovdiragancha yon-atrofga termuldi. Koʻrdiki, sal narida tutzor. Mevasi qontalash holda qizarib-pishib yer bilan bitta boʻlib toʻkilib yotibdi. Qurumsoq nafsini jilovlolmay qoldi. Ogʻzidan suvi qochgancha yosh boladek dikonglab tutzor tomon chopqilladi. Qoʻylar ham anoyi emaskan. Beboshvoq qolishganini sezishgach, anchadan buyon “koʻz ostiga olib qoʻyishganmi”, yaqinroqdagi yashnab turgan yoʻngʻichqazorga oʻzlarini urishdi.

Qulmurod qurumsoq tutzordan kekirib, qornini silab chiqsa, koʻrdiki, qoʻylari ham shishirilgan pufakdek tap-tarang, damlab, oyogʻi osmondan boʻlib yotishibdi. Qurumsoqning hushi boshidan uchdi. “Dod” degancha beixtiyor belbogʻidagi pichoqqa tarmashdi. Xayriyatki, ulgurdi. Ikkala sovliqni ham soʻyib saranjomlagach, manglayida ajin oʻrniga paydo boʻlgan muzdek terni sidirdi:

Bu yogʻiga endi nima qildi?! Qanday qilib ulov topadi-yu, qanday qilib bu matahni guzarga eltib sotadi? Sotgandayam tirraqi qoʻyning goʻshtidan hamyon toʻlarmidi? Suv tekinga ketishi tayin… Obbo, bu yogʻi rasvo… Shoshma!

Qurumsoq miyasiga kelgan fikrdan chehrasi yorishdi. Yoʻngʻichqazorning oʻrtasida tik turgan koʻyi, bor ovozda baqirishga tutindi:

– Hoy, xotin! Kenja oʻgʻil Dilmurodni top… Biring raisga chop, biring oqsoqollarga! Qarshiboy togʻangga ayt, Qarshiga sim qoqsin. Elmurod tez yetib kelsin! Xaloyiq, eshitmadim demanglar, katta oʻgʻil Elmurodning uylanish toʻyi shu bugun!..

Qurumsoqning aytgani boʻldi – toʻy oʻsha kun oʻtkazildi. Esda qoladigani, sal boʻlmasa kuyovning oʻzi toʻyidan qolib ketayozdi.

 

Muhammad OCHIL

 

“Yoshlik” jurnali, 2013 yil 5-son

https://saviya.uz/ijod/nasr/toy-kochirildi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x