Nurli xonadon

– Bugunning oʻzida Aytmatovning “Qiyomat”ini soʻragan toʻrtinchi talabasiz, – deya jilmaydi kutubxonachi ayol va oʻquv zaliga ishora qildi: – Ana, bizdagi nusxalarning barini oʻqishyapti.

Qarasam, muk tushib mutolaa qilayotganlarning yarmi oʻzimning saboqdoshlarim. Nima qilsam ekan, ikki kundan keyin Muhabbat Sharafiddinovaning darsi. Romanni oʻqib tugatishim kerak…

Ustozning metodi shunday: har bir darsga bittadan kitob oʻqishni topshiradi – “Anna Karenina”, “Omon boʻlsang, unutma!”, “Qizil va qora”…

Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakultetida Muhabbat opa Sharafiddinova (oxirati obod boʻlsin) qoʻlida saboq olgan avlod vakillari oʻsha “uyga vazifa”lar uchun bugun ustozdan minnatdor boʻlsalar arziydi.

Zahmatkash olim, munaqqid, publitsist, Oʻzbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinovni xotirlash, domla yashagan xonadonni ziyorat qilish niyatida borarkanman, beixtiyor talabalik yillarimni esladim. Mana oʻsha Ozod Sharafiddinov tunlarni tongga ulab mutolaa qilgan, asarlarni sinchiklab tahlil etgan, qizlari – ustoz Muhabbat opaning jamalaksoch yoshlik damlari oʻtgan xonadon.

– Kelinglar, bolalar, assalomu alaykum! – deya ochiq chehra bilan kutib oladi adibning kelini Zamira Madaliyeva hamda xonadonning ulugʻ bekasi – “Oʻzbekfilm” kinostudiyasining dublyaj boʻlimida muharrir, tarjimonlik vazifalarida xizmat qilgan, Ozod Sharafiddinovning ham hayotdagi, ham ijoddagi hamkor-hamrohi Sharofat momo Qoʻshboyeva huzuriga boshlaydi.

Sakson olti bahorni qarshilagan aya bilan suhbatlashish maroqli.

– Opa, siz tarjima qilgan kinolarni yayrab tomosha qilamiz, ayniqsa, “Ivan Vasilyevich kasbini oʻzgartiradi” filmi qahramonlarini oʻzbekchada zoʻr gapirtirgansiz! – deya lutf qilamiz.

– Xudoga behisob shukr, bolam, – deydi momo. – Oʻzim tarjima qilgan kinolarni televizorda bersa, har gal mamnun boʻlaman. Dublyajda oʻnta muharrir ishlar edik. Men tarjimonlik yoki muharrirlik qilgan kinolarni koʻrsa, oʻsha hamkasblarim: “Nega faqat sizning ishingizni koʻrsatishadi, siz televideniyedagilar bilan kelishib qoʻygansiz-da!”, – deb hazillashadi. Koʻp qoʻyilgani uchun shunday tuyulsa kerak-da. Oilada ikki qiz oʻsganmiz, oʻgʻil yoʻq edi. Biz qiz bola boʻlsak, otamga oʻgʻil kerak, aka-ukamiz yoʻq, otamning nomi oʻchib ketadi, deb koʻp kuyinardik. Yigʻlab-yigʻlab olardik. Bugun kinolarda otamning nomini eshitganda toʻliqib ketaman. Rahmatli otamni Mulla Qoʻsh deyishardi. Bechora mol-dunyosi tufayli surgunlarga uchrab, koʻp azob yedi. U zamonlarda davlatli bilan ilmli odamga kun bormidi. Hasratga toʻlib ketgan vaqtlarda koʻzlari namlanardi. “Erkak kishi yigʻlamaydi-yu, nima qilay, shu oqib ketaveradi-da…” derdi koʻz yoshini yashirishga urinib…

Sharofat aya soʻzlar ekan, oʻsha dublyaj qilingan filmlardagi “Muharrir (yoki tarjimon) Sharofat Qoʻshboyeva!” degan tantanavor ohangli jumla qulogʻim ostida jaranglagandek boʻladi. Bu kamtarin, munis onaxonning oʻzining ismi emas, familiyasi yangrashidan (unda mehridaryo padarining nomi bor! ) shunchalar quvonishini koʻrib, koʻnglim buziladi. Bir qiz farzand boʻlsa, shuncha boʻladi-da!..

– Dublyajga nihoyatda jiddiy yondashilardi, – bu haqdagi savolimizga javob beradi opa. – Masalan, baʼzi filmlarni bir oyda dublyaj qilib tugatardik.

– Bir yarim soatlik kinoni bir oyda? – shundoq ham qizib borayotgan gurungga yana ham choʻgʻ tashlagim keladi. Aya tushuntiradi:

– Tarjima qilish – filmni oʻzbekchalashtirishning dastlabki bosqichi, har bir aktyor-personajga toʻgʻri keladigan oʻzimizning aktyorlarni topish, tarjima ustida qayta ishlash kabi murakkabliklar hali oldinda boʻladi. Ovoz berayotganda oʻzbekcha soʻz aktyorning ogʻiz harakatlariga mos tushishi kerak. Bu soʻzni topish uchun ekranga tikilgancha, izlanish talab qilinadi. Ekranga koʻp tikilaveribman, mana bugun koʻzlarim ancha xira tortib qolgan, bolam.

– Domla bilan yarim asrdan koʻproq birga yashadingiz, nafaqat hayotda, balki ijodda ham hamkoru hamfikr, hamroh boʻlgansiz, – deyman yana lutf bilan.

– Domla – eng ulugʻ ustozimiz boʻladilar, u kishiga yetishga yoʻl boʻlsin, – deydi opa nurli tabassumi nuroniy chehrasini yoritib. Bu iqrorda momoning umr yoʻldoshiga sadoqati, mehri, chuqur ehtiromi shundoqqina jilvalanib turadi.

Oʻzbekning munis ayoli…

 

Kutubxonada

Adabiyotshunos olim, tanqidchi, mohir tarjimon, adib, Oʻzbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov nomi, adabiy qarashlari, badiiy didi aks etgan kitoblari, publitsistik asarlari qanchalik mashhur boʻlsa, tolibi ilmlar orasida uning kitobsevarligi, shaxsiy kutubxonasi dovrugʻi ham shunchalar baland desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Mana oʻsha dongʻi ketgan kutubxonadamiz.

Toʻrt tarafini javonlar egallagan kenggina xona.

“Kitob yigʻaveribman, yigʻaveribman, Mana, hammayoq kitob… Bularning taqdirini oʻylayman… Hozirgi aqlim boʻlganida, kitobni tanlab-tanlab oʻqirdim…”, – degan ekan ustoz suhbatlarining birida. Javonlarda tartib bilan terilgan kitoblarga qaraymiz. Eshikdan kirganda oʻng tarafda Sharq mumtoz adabiyotiga oid nodir kitoblarga koʻzingiz tushadi. Navoiy, Bobur, Furqat, Muqimiy, Qodiriy, Choʻlpon, Nizomiy Ganjaviy, Hofiz Sheroziy kitoblari. Mahmud Qoshgʻariyning “Devonu lugʻotit-turk”i… Bir tarafda jahon adabiyotining nodir namunalari: Lev Tolstoy, Aleksandr Dyuma, Chexov, Erix Mariya Remark, Chingiz Aytmatov, Aziz Nesin, Nozim Hikmat… Yana bir tarafda XX asar oʻzbek adabiyotining zabardast vakillari: Gʻafur Gʻulom, Oybek, Maqsud Shayxzoda, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Shukur Xolmirzayev. Shuningdek, turli lugʻatlar, ensiklopediyalar, Oʻzbek adabiyoti bibliografiyasi, “Qozoq hikoyalari”, “Belinskiy va zamonaviylik”, T. Qorayev hamda R. Vohidovning taxalluslar haqidagi risolasi (qiziq kitobga oʻxshaydi), Yevropa yozuvchilarining yumoristik asarlari toʻplami “Yumor nashix druzey”, yosh publitsistlar uchun tayyor oʻquv-amaliy qoʻllanma boʻlishga arzirli “Hikoya va ocherklar” toʻplami (kitob 1955 yilda chop etilgan, qahramonlari kim boʻlishidan qatʼi nazar, ocherklar zoʻr yozilgan). Tagʻin men nomini umrimda eshitmagan mualliflarning kitoblari ham koʻp. Masalan, Leon Spreg de Kampning “Bashnya Zanida” kitobiga oʻxshagan…

– Dadam qaysi shaharga borsalar, birinchi boʻlib u yerdagi kitob doʻkonlarini surishtirarkan, – deydi Zamira Madaliyeva. – Baʼzan bir yengil mashina toʻla kitob bilan uyga kirib kelardilar.

Nozik narsa emasmi, yillar oʻtgani sayin qogʻozlar oʻzining asl holatini yoʻqotib borishi tabiiy. Eng zamonaviy matbaa texnologiyalari asosida nashr etilsa-da, kitoblarning fizik sifatiga vaqt oʻz hukmini oʻtkazadi. Shu bois barcha zamonaviy kutubxonalarda kitoblarni saqlash uchun maxsus moʻtadil iqlim hosil qilinadi. Bu xazinani saqlashning ham oʻziga yarasha mashaqqatlari boʻlishi tabiiy. Bir-ikki javon boʻlsa ham mayli, amallab saqlab, foydalanish mumkindir. Minglab kitoblarni zarur muhitda yaxshi saqlash uchun bu yerda yetarli sharoit yaratilganmikan?

Bu haqdagi savolimizga Zamira opa: “Ozod Sharafiddinov kutubxonasini zamonaviy professional kutubxona-muzeyga aylantirish niyatimiz bor, afsuski, hozircha bunga erisholmadik”, deya javob berdi.

Kitoblarni olib varaqlashda davom etamiz. Har biriga ustozning qoʻllari tekkan, koʻz nuri toʻkilgan kitoblar. Tilsiz-zabonsiz tuyulgan, ammo qalb koʻzi bilan koʻrilgan kabi, yurakdan quloq tutsangiz, oʻz sohibi haqida mamnunlik bilan shivirlayotgan munis kitoblar. Baʼzilariga mualliflarning dilsoʻzlari-dastxatlari bitilgan goʻzal xotiralarni yodga soluvchi kitoblar.

“Aziz Ozodxon! Bu kitobni chin koʻngildan taqdim etib, hayot, ijod va ijtimoiy faoliyatingizda ulugʻ muvaffaqiyatlar tilayman. Muallif M. Shayxzoda. 1959. 3. I.”. Bu dastxatni Maqsud Shayxzoda 1958 yilda nashr qilingan “Chorak asr devoni” kitobiga bitib taqdim etgan. Ellik yoshli ulugʻ ijodkorning yigirma toʻqqiz yashar yosh doʻstiga bildirgan samimiy tilaklarini oʻqib, oʻzingni ajib bir dunyoga tushib qolgandek his etasan. Bu qalbi toza, vijdoni pok, aʼmoli ezgulik boʻlgan insonlar olami. Unda sen ham oʻsha olamga munosib boʻlishga intilasan.

 

Bobomning armoni

Adibning nevarasi Kamola Sharafiddinova hikoya qiladi:

“Bobomning kutubxonalari juda boy. Oʻzbek mumtoz adabiyotidan deysizmi, jahon adabiyotidan eng sara asarlar deysizmi, barchasidan topiladi. Bobomdan: “Shu-uncha kitobni qanday qilib oʻqib chiqqansiz?” deb soʻraganim yodimda.

– Ularning hammasini oʻqib chiqishga bir insonning umri yetmaydi, – degandilar. – Men ham oʻzim yiqqan kitoblarimning barini oʻqiy olmadim… Shuning uchun odam hayoti davomida imkoni boricha eng zoʻr kitoblarni oʻqib qolishi kerak. Shoh asarlar, dunyo tan olgan yozuvchilarning sara kitoblarini vaqtida mutolaa qilib qolish kerak…

Bugun bobomning ushbu soʻzlari men uchun, barcha nabiralari, tengdoshlarim, umuman, biz, yosh avlod uchun vasiyat yangligʻ aytilganini his etyapman”.

 

Maktublarda yurak zarbi…

Uchta xonada joylashgan kutubxonaning ikkita javoni Ozod Sharafiddinovning qoʻlyozmalari uchun ajratilgan. Jild-jild qoʻlyozmalar. Papkalarda adibning turli yillarda yozilgan adabiy-tanqidiy maqolalari, ocherk va esselari, boshqa publitsistik asarlari, jahon adabiyotidan qilgan tarjimalarining qoʻlyozmalari saqlanmoqda. Bir yonda esa domla Sharafiddinov nomiga kelgan xatlar…

– Ustoz barakali ijod qilgan, u kishining adabiyotshunoslik yoki tarjimonlik faoliyatiga oid biror-bir ilmiy ish (hech boʻlmaganda diplom ishi) qilinganmi? – deb soʻrayman Zamira Madaliyevadan.

– Bu haqda xabarim yoʻq, lekin hali biror talaba yoki tadqiqotchi bizga murojaat qilgani yoʻq, – deydi u kishi.

Oʻylab qoldim: baʼzi kitoblarni olim qalam bilan chizib oʻqigan, bu albatta tadqiqot uchun boʻlsa kerak. Ularni oʻrganib chiqish ham oʻquvchiga koʻp narsa beradi. Qoʻlyozmalar esa alohida tadqiqot obʼyekti boʻlishi aniq. Ulugʻ olimning ish uslubi, tadqiqotchilik mahorati ilm yoʻlini tanlagan yoshlar uchun tayyor maktab-ku! Ustoz oʻttiz besh yoshida nomzodlik dissertatsiyasini chet tilida yozib, shu tilda yoqlagan! Bu katta natija emasmi?

Kutubxonada avaylab saqlanayotgan maktublar ham biror izlanuvchi yosh olimga ancha-muncha material berishiga shubha yoʻq. “Ozod Sharafiddinov maktublari” deya sarlavha qoʻyib, ustozning yaqinlariga, shogirdlariga, doʻst-birodarlariga, adabiyot muxlislariga va oʻz navbatida ularning Ozod Sharafiddinov nomiga yozgan nomalarini oʻrganib, maqola va hatto, kattaroq biror narsa qoralash ham mumkin. Biz, ushbu ziyo maskanida boʻlgan vaqtimiz davomida ustoz nomiga kelgan maktublarning ayrimlari bilan tanishib, bildikki, ularda adabiyot, ilm, tadqiqotlar haqida soʻz boradi. Mualliflar oʻz adabiy-badiiy qarashlarini ifoda etganidan anglash mumkinki, ularga berilgan javoblar ham shunga yarasha, balki undan-da salmoqli boʻlgan.

Maktublardan biriga 1964 yil 6 sentyabr sanasi bitilgan. Muallif oʻzini Oʻsh pedagogika instituti huzurida ochilgan boshlangʻich sinflar uchun bir yillik rus tili oʻqituvchilari tayyorlov kursi talabasi deb tanishtirgan holda, baʼzi oʻqigan kitoblari haqida fikr-mulohazalarini bildiradi. Tushunmagan joylari toʻgʻrisida soʻraydi. Bu keyinchalik oʻzi ham taniqli ijodkor boʻlib kamol topgan, koʻplab jurnalist-ijodkorlarni tarbiyalagan ustoz muharrir Ahmadjon Meliboyevning maktubi edi. Ozod domla uzoqdagi gʻoyibona shogirdiga qanday javob yozgan, yetuk adabiyotshunos olim va boʻlajak adib oʻrtasidagi bu yangligʻ fikr almashishlar, musohabalar, doʻstona munosabatlar qay tariqa rivoj topgani oʻz yoʻliga, bizning diqqatimizni tortgani allomaning oddiy xalq bilan, yoshlar bilan, adabiyot muhiblari bilan mana shunday samimiy aloqalarni yoʻlga qoʻyganidir.

“Assalomu alaykum, muhtaram Ozod aka!” deb boshlanadi Shahrisabz tumanidagi Gʻilon qishlogʻidan kelgan maktub. Mazmunidan anglashiladiki, 1971 yilning kirib kelishi munosabati bilan Ozod Sharafiddinov gʻilonliklarga yangi yil qutlovini yozib yuborgan. Usta Ikrom ismli gʻilonlik yurtdoshimiz bu tabrikka javoban qishloqdoshlari nomidan tashakkur aytib, oʻz oʻrnida domlani ham bayram bilan chin koʻngildan qutlaydi. Xat 1971 yilning 6 yanvarida bitilgan.

Ustoz nomiga kelgan xatlar orasida bir askar maktubi ham bor. “Yiroqdagi shogirdingiz U. Qosimov” deb imzo qoʻyilganiga qaraganda, xat egasi adabiyotga yaqin odam. U maktubida domlaning bir nechta maqolasi nomini keltirib, ularda “haqiqiy Ozod Sharafiddinovga xos talqinlar borligi”ni aytib, “Domla, nega mana bu maqolangizda ana shunday ruh kamroq? Uni ham oʻshanday qilib yozishingiz mumkin edi-ku?” deya ayrim eʼtirozli mulohazalarini ham bildiradi. Ulugʻ olimning ijodiy va ilmiy ishlarini mana shu taxlit oʻz ilmi va saviyasi darajasida erkin, xolis baholayotganiga qaraganda, u Ozod muallim bilan oldin ham adabiyot mavzusida fikrlashganini taxminlasa boʻladi.

Maktublar ichida yurtimizning deyarli barcha viloyatlaridan tashqari, Berlin, Buxarest, Moskva, Qozon, Ufa shaharlaridan kelganlari ham bor. Bu – olimning xalq bilan yaqinligi, samimiy, doʻstona yaqin munosabatlar oʻrnatganidan nishonadir.

Chin olimlar el farzandi boʻladi deganlari rost-da!

 

 

Elmurod Nishonov.

“Hurriyat” gazetasining 2015 yil 21-sonida chop etilgan.

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/nurli-xonadon/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x