Gapni bir misoldan boshlasam, misolki, sizni oʻzingiz koʻrib kelayotgan shunga oʻxshash juda koʻp boshqa misollarga yana roʻpara qiladi. Uzr, shu gapim ham oʻngʻovsizroq chiqyapti. Lekin muammoni birga, koʻpchilik boʻlib oʻrganishim kerak-ku, boisi uning shuncha keng tarqalganida, hammamiz birga oʻylashimiz lozimligida.
Xoʻsh, yangi bosh direktor edim, studiya gʻaladonida maʼlum sabablar bilan besh yilmi, koʻpmi “osilib” yotgan ssenariyni oʻqib qoldim-da, darrov ishga tushirib yubordim. Kinochilarga rahbar boʻlib kelishimdan ilgari yuzlab koʻrsatuv, hujjatli film qilgan boʻlsam-da, hali biror marta badiiy filmni suratga tushirish jarayoni tepasida turmagan edim. Bir kuni kattasinib, shu film “sʼyomka”sidan xabar olgani bordim. Juda murakkab yumush ekan: “motor-stop”, “boshladik-toʻxtat!”, “qaytadan ketdik”, “dubl! “…Taniqli sanʼatkorlar oʻynab beryapti. Ulardan ichimda sal hayiqqanim bois, rahbardek aql oʻrgatmay, chekkada qarab oʻtirdim. Lekin bir joyi keldi, syujet boʻyicha “eru xotin” aytishib qoladi, shunda “xotin” “eri”ga achchiq qilib, siz ketsangiz, men ham bittasini topib olaman mazmunida: “Teshik munchoq yerda yotmaydi”, dedi. Suratga olish tez-tez toʻxtab, sahnalar qayta-qayta olinadi, oradagi tanaffusda oʻsha “xotin” aktrisaga: “Singlim, ssenariydan chiqmang. “Teshik munchoq yerda yotmaydi” emas, “Teshik kulcha yerda yotmaydi” edi”, dedim. Aktrisa ruscha oʻqigan, tabiiy, muomalasi, tili ham oʻrischa edi. “Yoʻq, men shunday deyman! Munchoq teshik boʻladi (Net, ya tak govoryu! Munchaki tishik biʼvayut”)”, deb menga aql boʻldi. Obbo, munchoqning teshigini bilar ekan, lekin shunday maqol borligidan tubdan bexabar! Tepadan pastga tushmasa, qayoqdan ham bilsin! “Falonchixon, bu – keng tarqalgan xalq maqoli, oʻzbekchani buzib aytmang. Ha, munchoq teshik boʻladi, lekin maydaligidan yerga tushsa ham, koʻrinmaydi, yotaveradi. Ammo kulcha – bu non, shuning uchun uning teshikkulchasi ham yerda yotmaydi. Mabodo tushib qolsa ham, odamlar olib, koʻziga surtadi”, dedim. “A ya ne xochu! Iz-za kakoye-to uzbekskoye slovo ne budu izmenit svoy yaziʼk”, deb, til madaniyatini ovrupocha anglar ekan, aytganida turib oldi. Shunda rejissyor akamiz qulogʻimga: “Uncha farqi yoʻgʻ-u? Mayli, hozir koʻnglini xira qilmang, munchogʻini dublyajda toʻgʻrilarmiz”, deb shivirladi. Bilaman, tasvirga olish jarayonida birovning aralashishi, aql oʻrgatishi nojoiz, ham akstrisaning tarbiya koʻrgan muhiti boshqa, tabiiyki, xalqnikidan farqli sharoitda yashayotgan bu “elita” vakiliga ming tushuntirgan bilan foydasi yoʻq, ona tilini shuncha yantoqqa sudrab gapirishini ham unga bir marhamat koʻrsatish deb oʻylaydi. Turgan gap, mendan ranjib qoldi. Rost-da, shundoq taniqli sanʼatkorni qanaqadir avom soʻzni aytishga majbur qilyapman… Asli bu tomorqa rejissyorniki, unga ssenariydan chiqmaslikni tayinlab, qaytdim.
Film suratga olinib boʻldi, yigʻma, yaʼni montajdan ham chiqdi. Endi “ovozlashtirish” (“ozvuchivat”ning tarjimasi-da bu soʻz), yaʼni filmga ovoz berish, dublyaj gali keldi. Bilasiz, aktyor endi ekrandagi oʻziga qarab yana “rolga kirib” ovozini yozdiradi (hozir koʻp filmlarda bu qoida qolib ketgan – aktyor yodlamaydi, matnni oldiga qoʻyib oʻqiyveradi, shundan dialoglar sunʼiy chiqadi). Xoʻsh, shunda rejissyor akamiz huzurimizga qadam ranjida qildilar: “Shu, ukajon, bir iltimos: shu, aktyorimiz oʻz shevasida gapirsa!”. “Gapiravermaydimi, kim uning ogʻziga xoʻjayin? Mendan nimaga soʻraydi?”, dedim ajablanib. “Yoʻq, filmda oʻz shevamda ovoz bersam, shunga bosh direktordan ruxsat olib bering, deyapti”. Ana xolos! Qayoqqa kelib qoldim! “Ssenariy toza adabiy tilda yozilgan, tilni buzib nima qiladi?”, dedim. “Oʻz shevamda ovoz bersam, chapaniligim samimiy chiqadi, deyapti. Arzimas gap-ku! Yoʻq demang endi siz”, deb yalindi rejissyor akamiz. Bu kishim ham aktyor tomonida! Ruxsat soʻraganiga ham rahmat – anov kungi bahs esida-da. “Aka! Davlat tili haqida qonun bor, bunga adabiy tilga rioya qilish ham kiradi. Qonun har qanday bosh direktordan, undan kattalaridan ham baland turadi, uni buzishga hech kimning haqqi yoʻq. Keyin filmda shevada gapirish chapanilik emas, madaniyatsizlik. Qahramonning chapaniligini til buzishda emas, ijroda koʻrsatsin edi”, dedim. Rejissyor akamiz bosiq-vazmin odam, boʻldi, tushundim, dedi-da, chiqib ketdi. Oʻzimning ichimdan nimalar oʻtganini anglab turibsiz: bu shunaqa, menga begona bir dunyo ekan! Haligi sanʼatkor joʻramiz ham, turgan gap, bosh direktor oshirib yuboryapti, shevaga qarshi, mana, shevada shuncha film olinyapti-ku, birov birovdan qonunga boʻysunishni talab qilyaptimi, deb yozgʻiradi.
Ovoz berishda u jumlani buzmadi-yu, lekin baribir talaffuzni shevacha qildi. Buni toʻgʻrilash, albatta, mumkin edi, ammo sut bilan kirganni chiqarish… oʻzingiz bilasiz. U kishim sal oʻtib bir mustaqil telekanalda koʻrsatuv olib bora boshladi, albatta atayin shevada va… mana boʻlmasam deb, mustaqil bir gazetada “Men ataylab shevada gapiraman” degan chiqish ham qildilar.
Bu misol oʻsha, yetti-sakkiz yil oldin urchib boshlagan, koʻp odamlarga arzimas tuyulgan holatlarning bir koʻrinishi edi. Endiga kelib, uni yuz yo mingga koʻpaytiring, oʻzimiz koʻnikkan, koʻnikayotgan manzara – kinochiligimiz tilining kundalik manzarasi koʻz oldingizga keladi. Ne tongki, til ham aynib, maʼnaviy tarbiyaga zid shaloq ahvolga tushgan!
Men bu misolni oʻzingiz biladigan muammoni yana bir oʻylab olish taklifida aytyapman.
Yuksak minbarlardan ham aytilyapti, matbuotning oʻzida gapirilyapti, bong urayotganlar chiqyapti, ammo oʻz – oʻzbek tilimizning buguni va ertasi borasidagi bu tashvishu daʼvatlar oʻzimizning loqaydligimiz botqogʻiga choʻkib ketayotir.
Dod deb yuborging keladi – qogʻozga dodlaysan odam! Qogʻozning esa faqat qulogʻi bor, ogʻzi yoʻq – sado bermaydi! Axir, hamdardga dodlaysan-da, odam!
Tilda atay buzgʻunchilik bilan davlat qonunini buzib, bunaqa kinolaru qoʻshiqlarni yasab tashlayotgan, hammayoqni chet atamalaru chalasavod yorliq, reklama matnlariga toʻldirayotgan, allambalo alfozda jild-jild bosmalarni “badiiy asar” deb chiqarayotgan, efirda qanaqadir yaroqsiz “oʻzbekcha” vagʻillab turganlar shu loqaydlik botqogʻimizda gurkirab oʻsayotgan alaflardir va ularni insofga chaqirish, tarbiyali boʻlishga undash, til – bu tafakkurimiz zamini, milliy boyligimiz – oʻzligimiz, uni buzish emas, qoʻriqlash, asrash, tozalab turish lozimligini uqtirish ham befoyda. Xuddi men yozayotgan shu gaplarni ham devorga gapirayotganim kabi.
Albatta, shevada gapirsinlar, toʻyib gaplashsinlar. Zero, shevalar tilning ildizlari, toʻgʻrirogʻi, buloqlari; ular ham qurib qolmasligi lozim. Lekin afsuski, shevalarni ham OAVning sunʼiy tili tanglikka solib qoʻygan, globallashuvni roʻkach qilib, uning panasida yot atama, yot ibora, buzuq birikmalar ularga ham bostirib kirayotir. Hayotning ravishi – keksalar oʻtib ketadi, kattalar keksayadi, izimizdan kelayotgan yosh avlod “globallashib”, oʻz shevasini mayib-mayriq qilib gaplashadi – bu buloqlarning ham qurib boshlaganini shundan ham bilsa boʻladi.
Gap jamoat minbari egasi adabiy til ekani haqida ketayotir! Millatning tarkib topish omili va shu millatdagi boshlarni bir-biriga qovushtirib kelayotgan tilimiz haqida. OAV minbariga chiqqan, koʻpchilikka yuzlangan odam, agar oʻzini hurmat qilsa, marhamat qilib adabiy tilda gapirsin! Minbarga yetgan odamning yelkasida umummillat yuki boʻlishi zarur! Maktabdan oliy oʻquv yurtlarigacha, majlisu yigʻinlardan rasmiy tadbirlargacha davlat tilida boʻlishi lozim va lobid! Davlatimizga madhu sano oʻqimang, uning tiliga amal qiling. Axir, kecha uni himoya qilib koʻchaga chiqqan oʻzimiz emasmi! Hamma darslar adabiy tilda oʻtiladigan, ustozlar oʻquvchilar shevasini adabiy tilga burib, uni oʻrgatadigan chiroyli qonun majburiyatlari qayerda qoldi? Endi buni qilib boʻlmaydi, deb oʻylaysizmi? Yoʻq, boʻladi! Men eski shaharning qoq markazida turaman, shu mahalladagi maktabda muchal tadbiri boʻlyapti ekan. Taklif qildilar, bordim. Ikki soatcha oʻtirib, oʻqituvchilarning gaplarini, bolalarning soʻzga chiqishlari, sheʼr oʻqishlari va qoʻygan sahnalarini tomosha qildim. Bolalarning hammasi shu atrofdan, asosan tub toshkentlik oilalardan, oʻqituvchilar ham shunday. Lekin bir ogʻiz ham sheva eshitmadim. Hayronu xursand boʻlib yonimda oʻtirgan oʻqituvchiga: “Qanday yaxshi, bolalar maktabda adabiy tilga rioya qilar ekan”, desam, oʻqituvchi sapchib tushdi: “Voy, nima deyapsiz, mumkin emas! Darslarni adabiy tilda oʻtamiz, hovlida ham bolalarning adabiy tilni buzib gapirishiga yoʻl qoʻymaymiz. Axir, bu davlat tilimiz-ku!” dedi. Boʻlar ekan-ku! Qoyil boʻldim, lekin qani edi hamma maktabda shunday boʻlsa! Afsus!
Asli muammoning tubi chuqurroq, masala tilning sut bilan qachondan kirishi, bolaning ona tilini qayerdan oʻrganib boshlashida. Beshik tebratadigan kelinlarning bir qoʻli beshikda, ikki koʻzi televizorda – alla aytish faqat koʻrik-tanlovlarda qoldi. Onalar roʻzgʻordan boʻshamay ham televizorga qadalib oladi. Bola bir narsa soʻrasa, boshimni qotirma, bor koʻchaga, oʻyna yo darsingni qil, deb haydaydi. Erkaklar ish bilan, bolasi bilan gaplashib oʻtirishdan oʻzini olib qochadi. U ham xotiniga qoʻshilib serial koʻradi. Ertak aytib beradigan buvilar oʻzi azaldan siyrak, ekranga koʻzi oʻtgani… bunda ham oʻsha ahvol. Bular ham oʻtib ketyapti. Dasturxon ustidagi gurunglar yoʻq boʻlib ketdi. Bola qayerdan til mashqini oladi – u ham noiloj, televizorga tikiladi, sal esi kirgani kompyuterni titkilaydi, surrogat narsalar ongiga quyilaveradi, jumladan buzuq til ham.
Albatta, ota-ona bolalariga ega-kesim undoq boʻladi, til qoidalari bundoq boʻladi deb oʻrgatib oʻtirmaydi. Aksincha, bolaning tili tabiiy muhitda: oʻzaro muloqot, soʻzlashuv, oʻyinlar, hangomalarda kamol topadi. Va maktabda bu tarbiyani oladi. Toʻgʻrirogʻi, olishi lozim. Maktablarda esa til oʻqitilishi oʻquvchi bolalar uchun ogʻirlik qiladigan, zerikarli qoida-yu bogʻlanishlar izohiga oʻtib qolgan. Azaldan beri shunday. Maktablar jonli muloqot tilini oʻrgatmaydi, egayu kesim, gap boʻlaklarini koʻrsatib beradi, xolos, binobarin, tirik tilga muhabbat ham uygʻotmaydi,
Fikr shakllanishi, tilni bilishning yana bir muhim omili – kitob, badiiy asar. Hozir oʻquvchilarning aksariyati kitob oʻqimaydi, badiiy asarlarni varaqlab koʻrmaydi. Ustiga ustak, darslik – xrestomatiyalar ham kambagʻal, ular nom sanash bilan, oʻtmishdagi katta adiblarimizning hozirgi yoshlarning dunyoqarashi, qiziqishi, dunyobinligi, koʻngil kechinmalaridan yiroq asarlari bilan toʻla. Yoshlar oʻqiydigan narsa kam. Mana, bugungi kunga kelib shu maktablar ekkan arpa hosilini oʻryapmiz-da, yoshlarimizning tili buncha kambagʻal, buncha sunʼiy deb, nimaga bular beodob boʻlib ketyapti, deb yozgʻiramiz. Qoʻshiq aytyapman deb almoyi-aljoyi shangʻillab yotganlar, ularga shaydoyi qarsak urib, oʻyinga tushayotganlar nafaqat til masʼuliyati, til nomusi nimaligini, balki uning oʻzi nimaligini ham bilmaydilar. Gʻuliylikni oʻzi ixtiyor qilib tanlagan va shu bilan faxrlanadigan manqurt toifa! Bu oʻzimiz yetishtirayotgan avlod.
Millat ruhining ifodasi boʻlmish adabiy tilni buzmay, boʻlaklamay rivojlantirish kerak. Zero, u davlatchiligimiz asosi hamdir. Toʻqson ikki bovli oʻzbekni birlashtirgan! Endi bu oʻzbekning har elati maktabdan boshlab oʻz shevasida gapirib, oʻqib-yozadigan boʻlsa, keyin adabiy tilni har yoqqa tortqilasa, tasavvur qilasiz-ku qayoqqa oʻtib ketishimizni! Oʻzi-ku shoʻro yaxlit yashab kelayotgan turkiy millatni sen alohida, sen alohida, mana, senga bitta respublika, kamrogʻingga, mana, muxtoriyat deb uluslarga boʻlib, oraga qutqu urugʻini qadab qoʻygan edi. Turkiston turkiylari har biri alohida millat boʻlib oldi, mayli, bu millatlarga ham barakasini bersin. Lekin yagona turkiy til boʻlaklandi, har boʻlagi oʻzicha ihotalanib oldi. Bir-birini baloday tushungan ellar bugun qon-qardoshi tilini lugʻatsiz anglashi mushkul. Mayli, har biri oʻz davlatida unib-oʻssin, taraqqiy topsin, lekin umumturkiy til birligini yoʻqotmasinlar. Bu til Turkistonday ulkan hududda umrguzaronlik qilayotgan millatlar tafakkuri rivojining garovidir. Bu til birligiga rahna solish bugungi kunda har bir turkiy millatning oʻzini ichdan parchalashga ham olib keladi. Oʻtmish tarixlarda bu necha bor qaytarilgan, yalakatmagʻiz katta uluslar parchalangan.
Umumturkiy daryoning ariqlarga boʻlaklab tashlangani yetmaganday, chigʻatoy tilini adabiy tilga aylantirishda leksik boy imkoniyatlar yana ham toraytirilgan, bugungi oʻzbek adabiy tiliga asos qilib qarluq-chigil shevalarigina olingan. Masalan, juda ulkan areal-qipchoq lahjasi shevalarining aksari boyliklari adabiy tilga kiritilmagani bizni qozoq, qirgʻiz, qoraqalpoq, tatar, boshqird, oltoy tillari… umuman Rossiyaning markaziy, janubiy, shimoliy hududlari, Oltoy oʻlkalari, Moʻgʻuliston, Xitoy hududlarida yashayotgan turkiy xalq, el-elatlardan oramizni uzoq qilib, leksikamizni ham toraytirib qoʻygan, binobarin tilimizning ifoda imkoniyatlari cheklanib qolgan. Jahonning yetakchi tillari qatoriga chiqa olmasligimiz sabablarini ham shu yerdan izlash kerak. Bu mening emas, tilchi mutaxassislar fikri va bu haqiqat. Ayni paytda leksikografiyamizga oʻgʻuz shevalari boyliklaridan juda oz kiritilgani uchun, mana, bugungi kunga kelib usmonli turk va turkman tillarini gaplashganda anglashimiz qiyin, oʻqishda esa lugʻatga muhtojmiz. Bu “ilmiy” tadbirlar oqibatida adabiy tilimizning soʻz boyliklari kambagʻallashib, ifoda imkoniyatlari yaroqsiz ahvolga tushib boryapti. Gap tilimizning chindan-da bugungi zamon talablariga javob bera olishi yo bera olmasligi borasida ketayotir.
Teskari ish qilyapmizmi deyman. Tepada men keltirgan misol mayda, ammo katta ham maydadan kattaradi. Hozir biz OAV, TV-radio tilini har birimiz oʻz mahallamiz, oʻz tuman-viloyatimiz shevalariga tortqilasak, bu maydaliklar yorigʻi ertaga borib jarlikka aylanadi. Alaloqibat oʻzbek millatining ham bir butunligiga tahdid soladi. Bu vahima gap yo mubolagʻa emas, endi uch berib oʻsayotgan xavf. Nahotki boʻrini koʻrib turib oʻzimizni asramasak, uzoq va yaqin oʻtmishdagi boʻlinishlar saboq boʻlmasa!
Sohibqiron bobomizning: “Bizkim, maliki Turon, amiri Turkistonmiz, millatlarning eng qadimi va ulugʻi turkning bosh boʻgʻinimiz” degan gaplarini aytib faxr qilamiz-u, bu oʻgit-vasiyatni tanimizga olmaymiz.
Turkiy chigʻatoy, yaʼni hozirgi oʻzbek tilimiz oʻtmishda barcha turkiy el va elatlarga tushunarli bir oʻzak til edi. Turk Yunus Emro, turkman Maxtumquli, ozar Fuzuliy, qozoq Abay, qoraqalpoq Berdaq bitta til daryosidan bahra olgan va bugun ularni oʻgirish ham uncha shart emas. “Alpomish”, “Goʻroʻgʻli”, “Manas”, “Oʻgʻuznoma”, “Qoʻrqut ota” bir til zaminida yaratilgan. Bu tilning bosh boʻgʻini – shu, ona tilimizdir. Uni asrab-avaylash, uning sheva-lahjalarining toza buloqlaridan yana suv olish, faqat oʻzimiz uchungina emas, qardosh tillar rivoji uchun ham nihoyatda kerak. Tilda oldi-berdi oʻzimiz uchun ham suv bilan havodek zarur.
Negaki tilimizning ohori toʻkilyapti, taqirlanib borayotir. Gulu chamanzor boʻlishi lozim zamin suvsiz biyobonga aylanayotir. Gap faqatgina chet istilohlar istilosida ham emas, tilimiz ichdan ham yemirilyapti: “Men yolgʻiz qolishni xohlayman” – nima degani bu, eri oʻlib, beva qolishni istayaptimi yoki yonimdan keting, demoqchimi? Qaysi tilda bu? “Meni oʻz holimga (tinchimga) qoʻying” desa boʻlar edi-ku! Yoʻq, shunaqa besoʻnaqay gap qulogʻimizga har kuni qayta-qayta quyiladi, shunday gapirishni odatga aylantiradi. “Ayiqlarning bilish qobiliyatlari juda rivojlangan”, “Yuzlab shunday iplar osilib turishadi” (Gʻorda tepadan silqib tushadigan oltingugurt kislotasi haqida), “Barneo qurbaqalari mana shunday imo-ishoralardan foydalanishadi”, “Ular istagancha yashashimga imkon berishadi” (baland binolarga tirmashib chiqadigan anuv odam oʻz oilasi haqida) “Hozir kayfiyatingni koʻtarishga harakat qilib koʻraman”, “Qaynatilgan qozondagi suv bunchalik bugʻlanmaydi“,”… dastlabki magʻlubiyatni qabul qilib olgan”, “Ancha past turish holatiga ega” (bokschi haqida), “Tabiatga nooqilona munosabatda boʻlish…”, men bu oʻlamsa birikmalarni eʼtiboringizni tortish uchun misol qilyapman. Boʻlmasa oʻzingiz ham har kuni mudom eshitasiz. Nafaqat ortiqcha, sunʼiy soʻzlar, balki jumlaning tarkibi, leksikasi ham buzuq. Shu buzuqlik urfga, qoidaga aylanib, tilimizni chok-chokidan soʻkib yuborayotir.
Bir eʼtibor bering: “Yangi yil muborak!” Hamma yerda shunday yozadigan boʻldik. “Boʻlsin”ni qoʻshmaganimiz bois jumla maʼnosi siljib, yil bizga emas, oʻziga muborak boʻlib qolyapti. Xuddi gapirishga arzimaydigandek tuyuladi bu ham. Lekin shunday yozish va oʻqish odatga aylanib borayotgani odamni seskantiradi. Bir singlimiz chiqishini he-be yoʻq, salomsiz: “Omonmisiz, azizim?”, deb boshlaydi. Salom qani? Nima, biz ekranga qarab oʻtirganlar ur-toʻpolon mushtlashuvdan chiqdikmi, omonligimizni soʻraydi? “Men sizlar bilan xayrlashaman” – goʻyo bizga qarab oʻn kishi gapirayotgan edi, shulardan bittasi bizdan arazlab qoldi! Nimaga xayrlashadi, yuz koʻrmas boʻlib ketgulik qilganimiz yoʻq-ku? “Xayr” bilan “xayrlashaman”ning farqiga bormasa, “Koʻrishguncha, omon boʻling”” deb qoʻya qolsin – shu kifoya-ku!
Demoqchimanki, oʻz tilimizdagi soʻz, ibora, birikmalarning maʼnisiga bormaslik koʻnikma boʻlyapti va bu, aylanib kelib yoshlarning tilini buzyapti. Kattalar esa eʼtiborsiz.
Shu gaplarni aytyapman-u, lekin, masalan, menga televizorda futbol matchini sharhla, desalar, oʻzim ham shu “Koptokni boshi bilan urib kiritdi”, “Koptokni oyogʻi bilan olib qochdi” kabi sunʼiy iboralar tortanagida tipirchilab qolsam kerak. Chunki tinmay takrorlanadigan shu “zarba-yu kuchli zarbalar”dan kallam gangib, ochiq gap, sharhning haqiqiy tili qanday boʻlishiga aqlim ham yetmay qolgan. Jumla oʻzbekcha, sharhlovchi (shuni bemalol “sharhchi” desa ham boʻlardi) oʻzbek, soʻzlari ham oʻzbekcha, lekin sharhi oʻzbekcha gapirishga oʻxshamaydi. “Futbolchi toʻpni oʻyinga kiritadi”, oyogʻidan, boshidan, umuman hamma yogʻidan nuqul “jarohat oladi”, oyogʻi qayriladimi, lat yeydimi, eti yo payi choʻziladimi, boshi yoriladimi, suyagi darz ketadimi, farqi yoʻq – “jarohat oladi”, tamom! Boshqa soʻzni qoʻllamaymiz. Holbuki, tilimizda “jarohat” – ochiq shikast. “Jarohat” bilan “yara”ning ham farqi bor. Hujum qilinmaydi, balki “uyushtiriladi” yo “amalga oshiriladi”. Baraka topgur, jilla qursa, “hujumga oʻtdi” de, nima qanaqa “amalga oshirilayotganini” koʻrib turibmiz-ku. Yana qarang, ikki bokschi mushtlashyapti, bittasi koʻproq musht yeyapti, “zarbalarni qabul qilyapti” ekan, chidash beryapti, “yutqizish niyatidan voz kechmoqchi emas”, deb, keyin goʻyo toʻgʻrilanadi: “yutqizish niyatidan chekinmoqchi emasga oʻxshaydi”. Ey joʻra, gaping oʻxshamaydi, axir, bokschi “yutqizish niyatida” emas, balki yutaman degan umidda oʻrtaga tushgan.
Oʻn yillardan oshib ketdi, ruscha “dobroye utro”, “dobriʼy den”, “dobroy nochi”, usmonli turkchadan “iyi sabahlar”, “iyi gunlar”, “iyi gejaler”, “iyi akshamlar”, “iyi uykular”, (“iyi” – egzu, egulik; turkchada tilak bildirishning “xayrli…” muqobili ham keng qoʻllanadi) yozma tilimizdan “xayrli tong”, “xayrli kun”, “xayrli tun” tarzida, xususan TVning kino va tarjima seriallari tufayli bolalab, yozma tilimizdan joy olib boʻldi. Usmonli turkiy bizga tushunarli, chunki tubi bir til. Lekin soʻz qoʻllashdagi tafovutlarni befarq tarjimonlarimiz farqlab oʻtirmaydilar. Endi bu yasamalik ogʻzaki tilimizga va hatto shevalarga ham oʻtib ketayotir.
Chet istilohlarning ona tilimizga kirishiga meʼyorida yoʻl qoʻyib berish bilan ularni oʻrganishni aralashtirmaslik kerak. Lekin masala shundaki, chet istilohni, oʻz ongingizda ayni lugʻaviy maʼno ifodasi – milliy soʻz boʻlmasa, qanday anglaysiz, oʻrganishda nimaga suyanasiz, xorijiy istilohni nimaga qiyosan tushunasiz? Anglangan ong – tafakkurning siyrati, bu soʻz. Milliy Soʻz chet tilni oʻrganishda zamin, shu boisdan ham ona tilimizni qancha teran bilsak, chet tilni shuncha puxta oʻzlashtiramiz. Bu oddiy aksioma. Mana oʻylang, masalan, oʻzi asli oʻzbek boʻlaturib, bolaligidan ruscha bogʻchaga qatnab, ruscha maktabda oʻqib va, tabiiyki, keyingi hayoti davomida yevropocha hayot (bu ham bir gibrid tushuncha, taʼsiri jihatidan koʻproq sayoz ruscha) muhitida yashagan odamlarning tili haminqadar, fikrlash tarzlari na u, na bu boʻlib qoladi. Til zaminidan oyogʻi uzilgandan keyin tafakkur tarkibi ham oʻzgaradi, buziladi. Bunga, masalan, badiiy adabiyotimiz ham bir misol. Oʻzi oʻzbek boʻlaturib boshqa tilda yozgan isteʼdodlarning asarlari oʻzbek zaminida uncha ildiz ota olmadi, hatto ularni tarjima qilganda ham tashqaridan qarash, badiiy tafakkur begonaligi ayon sezilib qoladi.
Milliy istilohlarni izlab topish, yangilarining qanday ildiz, affiks, suffiks, prefikslardan yasalishini tilchilarimizga qoʻyib beraylik, bu ish ularsiz bitmaydi ham. Bizning fikrlarimiz undash, xolos. Milliy tilning tasarrufda kelayotgan soʻzlaridan soʻz yasash, buni bilgan tilchilarimiz uchun tinkani quritadigan ogʻir, keng koʻlamli, lekin qilib boʻlmaydigan ish emas. Xuddi shunday, shevalarimizdan soʻzlar olishning mehnati bor, meningcha. Yaʼni ular adabiy tilning meʼyor, qoidalari va orfografiya shartlariga moslashtirib isteʼmolga kiritilishi lozim, bu ham mutaxassislar yumushi. Leksikografiyamiz ahvolini qayta qarab chiqish, uni boyitish nechogʻli dolzarb boʻlmasin, bu borada ham chumchuqni qassob soʻygani maʼqul. Faqat taysallamaslik lozim.
“Oʻquvchi”, “yozuvchi” kabi nisbatan “yosh” oʻnlab istilohlar ilk isteʼmolga kiritilganda bular ham gʻalati tuyulgan boʻlsa kerak: “adib”, “navisanda”, “talaba”, “tolib” kabi oʻrgangan soʻzlarimiz turganda bularga na hojat, deb. Lekin hozir muomalada tabiiy boʻlib ketdi, arabiy “adib”, “talaba”ga qaraganda kengroq koʻlamda istifoda etiladi. Shevalarimizda esa adabiy tildan chetda qolayotgan boshqa muqobillari ham bor: “yozarman”, “oʻqirman”. Negadir, shu”… man” qoʻshimchali soʻzlar adabiy tilda juda siyrak, bu suffiks imkoniyatlaridan yangi soʻz yasashda foydalanmaymiz. Aholi tilida esa keng qoʻllanadi: “Bu sotarman, u olarman boʻpti. Bu olarman, qiz tegarman”, mana, “Zominning til qomusi”da shunaqa”… man” qoʻshimchasi bilan yasalgan, adabiy tilga kirmagan yigirmadan ortiq soʻz keltiriladi. Yana bir misol”… gilik”, “…gulik” kabi qoʻshimchalar bilan yasaladigan “borgulik”, “ketgulik”, “kelgulik”, “oʻtgulik” (“oʻtgilik”) adabiy tilda juda siyrak, ahyon-ahyonda, bu ham badiiy asarlarda qoʻllanib qoladi. Istambul koʻchalarida yengil ulovlar koʻchada qator terib sotuvga qoʻyilgan, hammasining old oynasida “satilik” degan yozuv. Demak, sotiladi, tushunarli, lekin bizga oʻxshab “sotiladi” deb kitobiy emas, nimadir tub turkiy, bizda uning aynan shunday loʻnda muqobili bormi-yoʻqmi deb rosa oʻylaganman. Yaqinda “Qashqadaryo xalq soʻzlari”ni varaqlab, ayniyatini topib oldim: “sotqiliq!” Oʻzimizning soʻz! Yonimizda turgan! Xalq bemalol qoʻllaydi. Biz esa ruscha “prodaja”dan olib, “uy sotiladi” (“dom prodayotsya”), “sotiladigan uy” (“dom na prodaju”) deb birikmani soʻljaytirganmiz. “Baliqlar tozalovchilik vazifasini bajaradi” – bu ne jumla ekanini baholashni oʻzingiz “amalga oshiring”!
Bunaqa holatlarda, mayli, lugʻat titkilamaylik, oʻzimizga quloq solaylik: soʻzlashuv – jonli avom tilimiz ming koʻrgulikka duch kelayotgan boʻlsa-da, hali ham boy, asl soʻzlarimizning maʼnosi teran, koʻlami keng. Adabiy tilning oʻz zamini – avom tili, xalqning jonli tili hisobiga boyib, rivojlanib borishi ham qonuniyat-ku.
Izlash, izlanish kerak. Soʻz ham tirik, til daryosi oqimida nafas olib yashaydi, taʼbir joiz boʻlsa, urchiydi ham. Biz esa oʻz soʻzlarimizni jonsiz qilyapmiz hamda ularning ustiga koʻp kushanda qoʻyib yuboryapmiz.
Bugungi kunda goʻyo sof oʻzbekcha soʻzlardan tuzilgan birikmalarning sunʼiyligi, bir soʻz ifoda qiladigan tushunchani toʻrt-besh soʻz bilan ifodalashga oʻtib ketayotganimizga ajablanasiz. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” qirqdan ortiq yoʻnalishda parvozlarni amalga oshiradi”, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” istiqbol sari dadil qadam tashlamoqda”, “Bunday uygʻunlik hamma oʻsimliklar tomonidan amalga oshirilavermaydi” – sirtdan oʻzbekchaga oʻxshagan mazkur jumlalarni tilchi olimlarimiz bir leksema qoidalariga solib tekshirsalar, nima boʻlyapti oʻzi deb tashvishga tushib qoladilar.
Soʻzga eʼtiborsizlik, befarqlikdan u oʻlishi ham, aniqrogʻi boshqa soʻz uning oʻrnini egallab, oʻldirishi ham mumkin. Mana, hammamiz “axlat”ni ogʻizga oladigan va bundan hazar qilmaydigan boʻlib ketdik: “Axlat tashlama! Axlat moshin keldi… Axlat chelakni olib tushaman”. Milliy axloqu odobimiz tagida pokizalik yotadi. Axlat esa – bu najosat. Maʼnosini bilgan odam shu soʻzni yozishga ham iymanadi. Axir, uyimizdan chiqqan sabzavotu meva poʻchogʻi, ovqat sarqiti, supurindini shunday deyapmiz! Farishtali kelinlardan tortib, nuroniy, taqvoli buvalargacha. Jonli, avom tilida ham, OAV yozma nutqida ham beeʼtibor “axlat” deb qoʻllayveramiz. Holbuki, tilimizda asl maʼnosini beradigan “chiqit”, “chiqindi” kabi besh-oltita istiloh beega yotibdi. Ammo bularning ustidan ruscha “musor”dan koʻchirma oʻgirilgan “axlat” bosib qoldi. Qizigʻ-ey, “tezak”, “tezakladi” turganda kaptaru chumchuqdan karkidonu filgacha – hammasi “axlat tashlaydigan yo sochadigan” boʻlib ketdi. Darvoqe, TVga rahmat, yaqindan beri ora-sira “chiqit”ni qoʻllaydigan boʻldi.
Ona tilimizga munosabatimizni tubdan oʻzgartirishimiz lozim. Tilimiz xarob ahvolga tushib boryapti, uni qayta jonlantirish uchun hayallamay ish boshlash kerak.
Ahmad AʼZAM
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil 6-son
https://saviya.uz/hayot/nigoh/gulzordagi-alaflar/