“Qodiriy qoshida qizarmaysizmi?”

Adabiyotshunos olim, tarjimon Ibrohim Gʻafurov bilan suhbat

 

Ibrohim aka, Sizni soʻz muhiblari zakiy munaqqid, yetuk tarjimon, mohir adib va tanglayi kitob bilan koʻtarilgan ziyoli deb biladi. Ijozatingiz bilan badiiy tarjima mavzusida suhbatlashsak. Menimcha, tarjimaga asar tanlashingizning oʻzi bir maktab. Hamisha “baland dorga osilgansiz” – mualliflarni chertib-chertib tanlaysiz, qoʻlga ilingan asarni yeng shimarib, tarjima qilib ketavermaysiz. Aytmatov, Dostoyevskiy, Joys, Markes, Mopassan, Rasputin, Sartr, Turgenev, Folkner, Heminguey… Salaflarni oʻzbekcha gapirtirib, tarjimani “toʻyga borgudek” darajaga yetkazguncha, yillar davomida igna bilan quduq qazidingiz. Savolim “ishi bitib, ulovi loydan oʻtgan” kitobxonning noshukurligiga oʻxshab qolsa, maʼzur tutasiz. Tarjimaga xarjlagan quvvat va fursatni badiiy ijodga yoʻnaltirganingizda, boʻy baravar magʻzi toʻq romanlar yozishingiz mumkin edi. Umringizning talay yili oʻzingiz qolib, boshqa adiblarni yuzaga chiqarishga ketganidan jilla boʻlsa-da achinasizmi?

Dunyo marhamatli va rang-barang. Rang-barang va marhamatli. Har kimning chekiga nimadir tushadi. Chekimga soʻz va nafosat dunyosida tanqid, tarjima va mansura tushgan. Romanlar yozilmaganidan afsuslanmayman. Romanlarga gʻoya boʻla oladigan fikrlar ustida ishlaganman. Mansuralarning gali keladi. Tarjimalarning ham gali keladi. Tarjimalarimda jumla, jumlalarda nurli ruh va kuchli ifodaviylik, butunlik, badiiyat bor. Shunchaki tarjima emas ular.

Moʻjizakor ilohiy Qurʼon odamzodga nozil qilingan asrda Isʼhoq Shomiy degan ajoyib tarjimon va donishmand oʻtgan. Uning hikmatlarini ulugʻ olim va tadqiqotchi Sergey Averinsev koʻhna oromiy tilidan ruschaga oʻgirib qoldirgan. Isʼhoq Shomiy hikmatlari teranligining qiyosi yoʻq. Koʻhna oromiy tilini bilmayman. Ammo Sergey Averinsev tarjimasi vositasida bu moʻjizaga oshno boʻldim. “Yurak yashagan chogʻda, hissiyot tugaydi. Hissiyotning jonlanishi yurak uchun oʻlim. Hissiyot jonlangan chogʻda, bu Xudo oldida yuragimizning oʻlgani belgisidir”. Oddiy soʻzlar bilan aytilgan poyonsiz hikmat. Buni ilk bor oʻqiganimda, oʻzimni hech narsa yozmaganday va yozmasligim kerakday sezganman. Bunday soʻz oldida har qanday kibr, har qanday dimogʻdorlik, har qanday iftixor maʼnosiz, tamomila maʼnosiz bir narsaga aylanib qoladi. Isʼhoq Shomiydan besh yuz yil keyin choʻl toʻrgʻayiday havolanib inson sirini ochgan Yassaviy va Boqirgʻoniyni, Majnunning Majnunligini tushunganday boʻladi odam. Men Isʼhoq Shomiyning moʻjiza soʻzlarini hali tushunib yetganim yoʻq. Bayron hissiyotni sajdaga aylantiradi. Har soʻzi demonsiraydi. Soʻzning sohirsoz olamlarida har qalam rangin tajriba-da.

Bir suhbatingizda tarjima payti har bir soʻzni tegirmonga don solgandek yuragimga solib, tinimsiz aylantiraman, deb tashbih qilgandingiz. Musohaba bahona ijodiy laboratoriyangizga birrov bosh suqishga izn bersangiz. Heminguey “Alvido, qurol!”ning xotimasini oʻttiz toʻqqiz marta yozib chiqqan ekan. Soʻzga nihoyatda talabchan Markes “Buzrukning kuzi”ni boshdan-oyoq oʻn besh topqir tahrir qilgan ekan. Odatda, qoʻlyozmalarni qayta-qayta tahrir qilasizmi? Deylik, “Buzrukning kuzi” roman-epopeyasi tarjimasi qanday kechgan?

1978 yili yozuvchi Odil Yoqubov Maskovdan Gabriel Garsia Markesning “Buzrukning kuzi” romanini koʻtarib keldi. U payt atoqli adib bilan Davlat badiiy adabiyot nashriyotida bir xonada roʻparama-roʻpara oʻtirib xizmat qilardik. Odil aka oʻzbek adiblari paydar-pay yozayotgan roman va qissalarning qoʻlyozmalarini oʻqir, mualliflar bilan uzoq choʻzilmay loʻnda-loʻnda gaplashar, Maskovning tarbiyasini olgan emasmi, gapning poʻstkallasini aytib qoʻya qolar, mualliflar uning fikrlarini inobatga olishardi. “Samolyotda shu romanni oʻqib qoldim. Maskovda toza shov-shuv boʻlyapti. Ilgari bunaqa romanni hech oʻqigan emasman. Baʼzan odam bolasi yozganmikin, shunchalar xayol, fantaziya, mifologiya zoʻr, deyman. Oʻzbek tiliga oʻgirib boʻlarmikin, qani, oxirigacha oʻqib chiqay-chi…”.

Odil Yoqubov romanni tarjima qilishni koʻngliga tugib yurdi. U kunda-kunora kanda qilmay oʻtadigan kunduzgi va kechki davra suhbatlarida roman haqidagi taassurotlarini aytar, gurung berardi. U asarlarni oʻquvchi sifatida emas, yozuvchi sifatida oʻqirdi. Odil akaning yonida yurib, nihoyat, oʻquvchi sifatida oʻqish bilan yozuvchi sifatida oʻqishning farqiga borganman. Yozuvchining kitob oʻqishi bu – toʻla maʼnodagi haryoqlama ijodiy ish. Bu oʻqish jarayonida fikr tinimsiz ishlaydi, xayol toʻxtovsiz parvoz qiladi. Yozuvchida oʻzini bezovta qilib yurgan narsalar qandaydir baxtiyor yechim topganday, ijodiy niyatlarda yangi yoʻl yoki yoʻnalish ochilganday, ilhom uchqunlari har tomonga charsillab otilayotganday boʻladi. Tolstoy, Dostoyevskiy, Balzak kabi ulugʻ adiblarning kundaliklari, yozishmalarini, kitoblarini ham oddiy oʻquvchi kabi emas, yozuvchi kabi oʻqiganliklari, mutolaa asnosida xayol va fikr shovvalari bir zum tark etmaganligiga guvoh boʻlish mumkin. Hozir buni chin maʼnodagi intellektual oʻqish deb aytish oʻrinli. Gʻoyalardan gʻoyalar, niyatlardan niyatlar tugʻiladigan oʻqish bu…

Odil Yoqubov keyin kitobni menga oʻqishga berdi. Oʻsha paytda “Telba” romani ustida bosh koʻtarmay ishlayotgan edim. Ammo adabiy jamoatchilik oʻrtasida Markes asarlari, chunonchi, “Buzrukning kuzi” xuddi Chingiz Aytmatov kitoblari kabi faol oʻqilib, fikr yuritilib turgani uchun bu asardan bexabar “bilmasvoy” boʻlib yurishni oʻzimga munosib koʻrmadim. Odil aka: “Pirimqul ham oʻqimoqchi”, dedilar. Kitob qoʻlimga tekkach, bir haftada xatm qildim. Voqealar bu qadar zich, bu qadar tarang, mifologiyasi, mifologik tafakkuri bu qadar boy asarga ilk bor duch kelishim edi. Albatta, “Oq kema”ning nolakorligi jondan ketmas, nasliy jarohatday tirik edi. Ammo Markes butunlay boshqa olam, oʻzga qitʼa hayoti tajribalari. “Buzrukning kuzi” menda muhabbat uygʻotmadi. Men cheksiz hayratga gʻarq boʻldim. Hayrat va muhabbat boshqa-boshqa narsalar ekanligini angladim.

Keyin yangi asr kirdi. “Jahon adabiyoti” jurnali chiqib, hammamizni quvontirdi. Global – yalpi dunyoga tutashdik. Yer kurrasi bitta. Temir devor, temir panjara orqasida qanday biqinib yashaysiz? Jurnal menga Nitshe va Markes tarjimasini topshirdi. Markesni yana bir qayta tadqiqotchi nazari bilan oʻqidim. Haqiqatan, yana u odam qoʻli bilan yozilganga oʻxshamadi. Uni endi odam qoʻli bilan qanday tarjima qilish mumkin? Odil Yoqubov tarixiy roman qatlamlari ichiga kirib tarjimaga vaqt va imkon topmadi…

Bir kuni Pirimqul aka: “Markesni oʻgiribsiz. Nomini nima qildingiz?” deb soʻradilar. “Buzrukning kuzi” dedim. “Ha-a-a…” dedilar. Boshqa gap aytmadilar.

Buzruk originalda ham (patriarca), inglizcha tarjimada ham (ratriarch) ayni shaklda qoʻllanilgan. “Patriarx” qanday qilib “buzruk”ka aylandi?

Bu nom birdan va dafʼatan tugʻilgani yoʻq. Ungacha bir qancha variantlar nazardan kechirildi. “Buzruk” soʻzi Boqirgʻoniyni oʻqib oʻtirganda, miyamda lip etib yondi. Asliyatga toʻla monand konseptual nom topmaguncha tarjimaga qoʻl urish mumkin emasday tuyuldi. “Buzruk” “kuz” bilan ichki-tashqi ohangdoshlik kasb etdi. Tarjima prinsipining uchi topilganday boʻldi. Uni mahkam tutib roman labirintlari ichiga qoʻrqmasdan kirib bordim.

Mumtoz matnlarning xususiyatlaridan biri – ularga boshqa hech narsani qoʻshib va olib tashlab boʻlmaydi. Mumtoz matn asliyatdagi qimmati barobarida boshqa tilga oʻgiriladi. Mumtoz asar har qanday boshqa tilda ham mumtozlik salohiyatini saqlashi, mumtozlik xosiyatidan hech narsani boy bermasligi, yoʻqotmasligi shart. Buning uchun zargar diqqati, zargar mehnati, zargar nigohi, zargar talabchanligi lozim. Eʼtiborlisi, injiq zargar oʻzi yaratgan buyumga qayta-qayta sayqal berishdan hech qachon erinmaydi. Adib, tarjimon ham shunday. Tarjimonning sayqali – tahririda, qayta-qayta tahririda. Tahrirda matn ilma-teshik boʻlib ketadi. Matnga ishlov berishning cheki yoʻq. Mumtoz tarjima matni shunday ishlovdagina yaratiladi. Tarjimashunoslikning “asliyat uslubini chiqarish”, “badiiy uslubni qayta yaratish” singari tushunchalari mavjud. Yaʼni tarjimada Turgenev Turgenevday, Goncharov Goncharovday, Dostoyevskiy Dostoyevskiyday boʻlishi kerak. Kuchli tarjimon – kuchli muharrir ham! Bunga men Zulfiya, Abdulla Qahhor, Asqad Muxtor, Hamid Gʻulom, Oʻtkir Hoshimov, Mirkarim Osim, Vahob Roʻzimatovning ijodiy mehnati timsolida guvoh boʻlganman…

Ilgari Gʻarb adabiyoti namunalari oʻzbekchaga asosan rus tilidan oʻgirilgan. Rus tili vositachi til (medium) vazifasini bajargan. Tabiiyki, ogʻizdan ogʻizga oʻtgan rivoyatning sahihligiga putur yetadi. Qolaversa, vositachi tilda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar uchinchi tilga oʻtganda ham aynan takrorlanishi ehtimoli katta. Bu holatda – asliyatning ohori toʻkilmasligi, gʻozi yoʻqolmasligi uchun mutarjim qanday yoʻl tutishi kerak?

Vositachi til orqali badiiy tarjimada asliyat uslubi va, ayniqsa, personajlar nutqi, dialoglarning oʻziga xos jonli jihatlarini chiqarish qiyinroq kechadi. Soʻzlarda ifodalangan milliy oʻziga xosliklar, xarakterli holatlar siyqalanib ketishi ehtimoli yoʻq emas. Bunday “yoʻqotish”larga yoʻl qoʻymaslik tarjimonning yozuvchi va uning aynan shu asarini qanchalar toʻgʻri, teran tushunishi, qanchalar nozik bilimdonlik bilan idrok etishiga bogʻliq. Eruditsiya va intuitsiya har qanday tarjimada ishtirok etishi oʻzgarmas zarurat kabi qaraladi. Ayniqsa, u vositachi til orqali tarjimada asliyatga yaqinlikni saqlashda suv va havoday zarur. Shu ikki muhim narsa boʻlmasa, tarjimaga havaskorlik “husnbuzar”i toshib ketadi. Hamma gap asliyatni qanchalar tushunishda, tushunib talqin etishda. Hemingueyning inglizchadan ruschaga hamda inglizchadan oʻzbekchaga oʻgirilgan “Kilimanjaro qorlari”, “Frensis Makomberning omonat baxti” asarlarini bir sira qiyoslab chiqsak, eruditsiya, interpretatsiya, intuitsiya kabi tushunchalar amalda qanday natijalarga olib kelgani, qanchalar jiddiy badiiy oʻzgarishlarni yuzaga chiqarganini kuzatamiz. Badiiy tarjima qonun-qoidalari, prinsiplari universal, oʻzgarmas qimmatga ega va ularni bilmaslik, mensimaslik, rioya qilmaslik professional yaroqsizlikka olib boradi.

Ogʻriqli masaladan gap ochdingiz. Bugun ajnabiychada burro-burro soʻzlashadigan avlod yetishib kelyapti. Tili biyron yoshlarimiz safi kengayayotgani nur ustiga nur. Lekin ayrim havaskorlar xorijiy tilning zeru zabarini puxta oʻzlashtirmay, gʻarq pishgan olma daraxtiga tirmashgan bola-baqradek oʻzini badiiy tarjimaga urayotgani chatoq-da. Baʼzida tarjimachilik Navoiy, Bobur, Ogahiy kabi ulugʻlarimizdan qolgan tabarruk meros ekani unutib qoʻyilyapti, baʼzida esa quruq “vositai joh” boʻlib qolyapti. Axir, badiiy tarjima bachkana mahsi tikish emas-ku. “Aldayveraman, aldayveraman, kim bilsin, balki tuyqus dono gap aytib yuborarman” deydi Dostoyevskiy personajlardan biri. Ayrim grafoman-tarjimonlarda ham “Oʻgiraveraman, oʻgiraveraman, balki tuyqus birorta zoʻr tarjima chiqib qolar” degan tagi puch daʼvo bor, shekilli. Hoynahoy, italyanlarning “Traduttore – traditore” (“Tarjimon – xoin”) maqoli ham qoʻlyozmasi ustabuzar tilmoch qoʻliga tushib, sitam chekkan biror muallif tomonidan toʻqilgan boʻlsa kerak… Yoʻlni tor olayotgan boʻlsam, aytavering, balki kengbagʻirlik qilish, mutolaaga yalpi munosabat susaygan bir davrda badiiy tarjimaga qoʻl urayotgan himmatli havasmandning yelkasini qoqib qoʻygan maʼquldir. Nafsilamri, tarjima saltanatiga kirish uchun “Sim-sim, och eshigingni!” degandek oʻron qoʻyish kerakmi?

Har bir ishni shu ishga layoqati hamda haqiqiy qiziqishi bor odamlar qilgani maʼqul. Har bir kasb-hunar, mutaxassislik aslida qismat. Tarjimonlik ham ijodkorlik kabi qismat. Sermashaqqat hunar. Boshqa sohalarda yaroqsiz boʻlgan odam kun koʻrish uchun yoki oson deb tarjimonlikka oʻzini ursa, bunda ham, albatta, yaroqsizlik qiladi. Kishi oʻz-oʻzini yaxshi anglamaguncha va qismat amrini masʼuliyat bilan his qilmaguncha ijtimoiy jabhalarda adashib-uloqib yurishga mahkum. U oʻziga ham, jamiyatga ham koʻp ortiqcha tashvishlar keltiradi. Layoqatlilik koeffitsiyentlari ishlab chiqilgan. Oliy oʻquv dargohlariga yoki ishga qabul qilishda shu layoqatlilik koeffitsiyentiga javob berishiga qarab baholagan maʼqul.

Jahon adabiyotida har bir avlodning oʻz tarjimasi boʻlishi lozim, degan qarash bor. Masalan, Mixail Bulgakovning “Usta va Margarita”si italyan tiliga oʻn xil talqinda oʻgirilgan. Bir asarga turli avlod mutarjimlarining qayta-qayta murojaat etishini qanday baholaysiz?

Insoniyatga kerakmi, badiiy hamda falsafiy darajasi yuksak kitoblarning tarjimalari yangilanib boraveradi. Atoqli tarjimon Qodir Mirmuhamedov katta jasorat bilan Homerning “Iliada” hamda “Odisseya” dostonlarini rus tilidagi eng yaxshi tarjimalaridan oʻzbekchaga oʻgirdi. Tili ravon, salmoqli, oʻqiganda ichiga ohanraboday tortib ketadi. Xoʻsh, shu sharafli tarjima necha yilga chidaydi? Oʻn yil, yuz yil, ikki yuz yilgami? Biz bunga javob berolmaymiz. Bu oʻzbek tilining badiiy, ilmiy, falsafiy, madaniy qobiliyati qanchalar saqlanishi, oʻsib-rivojlanib, xalqni, millatni qanchalar birlashtirib, ilhomlantirib turishiga bogʻliq. Ammo biror tarjimon bir kunmas-bir kun yunon tilini Homer miqyosida oʻrganib, insoniyatga beshik boʻlgan bu asarlarni asliyatdan oʻzbekchaga agʻdarish fikriga tushib qolmaydi, deb kim ayta oladi? Oʻshanda u albatta Qodir Mirmuhamedovning olijanob, ezgu tajribasiga ham suyanadi. Oʻzidan oldingi avlod vakili bu ishga tamal toshini qoʻyganidan minnatdor boʻladi. Oʻshanda anʼana ham boshlanadi. Oʻzbek adabiyotida Homerni tarjima qilish anʼanasi…

“Soʻz soʻylashda va ulardan jumla tuzishda uzoq andisha kerak” deb oʻgit beradi hassos yozuvchimiz Abdulla Qodiriy. Oʻquvchi (tinglovchi, tomoshabin) didini ayovsiz jizgʻanak qilayotgan bozor adabiyoti va tijoriy oʻzandagi teatr-kino Andishadan mosuvo ekani achchiq haqiqat. Qoʻlbola molini ustalik bilan badiiyat namunasi sifatida koʻrsatishga urinayotganlar echkining chandirini barra qoʻy goʻshti deb oʻtkazayotgan sulloh qassobdan farq qilmaydi. Sizningcha, sanʼat niqobini tutgan joʻnlik, sayozlik, oʻrtamiyonalik, didsizlik bilan qanday kurashish mumkin? Shishadan allaqachon chiqib ketgan devni unga qaytarish yoʻli bormi? Yo, ayrim ziyolilarimiz maslahatiga kirib, loyqa oqayotgan daryoning tinishini kutish kerakmi? Suv tinguncha, asov daryo ancha-muncha koʻprikni buzib-yanchib-yuvib ketmaydimi? Tarjimonning oʻquvchi didiga moslashishini yoq(oq)laysizmi?

Tarjimon ham, yozuvchi ham hech qachon did-farosatda zamondosh oʻquvchiga moslashib, tenglashib ijod qilolmaydi. Ijodkor hamma vaqt did-farosat, vijdonlilikda zamondan, zamondoshlaridan ancha oldinroqda yuradi. Boʻyi ommaning boʻyiga baravar, qiligʻi ommaning qiligʻidan farq qilmaydigan, oʻz fikriga ega boʻlmagan kishi qanday qilib yozuvchi, shoir, sanʼatkor, tanqidchi, tarjimon boʻlishi mumkin? Yoʻq, ijodkor hamma vaqt chuqurroq oʻylaydi, uzoqroqni koʻradi, umum manfaatini oʻtkirroq, teranroq tushunadi. Shuning barobarida u ijodkor deb ataladi. Odamlar oʻqimaydi deb, Joys, Flober, Dostoyevskiy, Kafka, Nitshe, Bekket, Ioneskoni tarjima qilmay oʻtiraversak, bizni kim ijodkor deb tan oladi? Bizni insoniyat madaniyatlaridan kim bahrador qiladi? Moslashish madaniyat tabiatiga, ijtimoiy vazifasiga tamomila zid. Moslashish – ommaviy madaniyatning eng suyukli usuli, oʻyinchogʻi. Ommaviy madaniyatga oʻng-tersi koʻrinmaydigan, bosh-keti bir boʻlib ketgan ommaviy ermak kerak.

Taniqli adib Xurshid Doʻstmuhammad “Har qanday milliy adabiyotning nufuzi “Jarayon” oʻsha tilga oʻgirilgan-oʻgirilmagani bilan belgilanadi” deb yozgandi. Frans Kafkaning dovruqli asari Vafo Fayzulloh tarjimasida oʻzbek oʻquvchisi qoʻliga yetib bordi. Xurshid akaning mulohazasidan kelib chiqsak, bemalol oʻmganimizni koʻtarsak boʻladi. Sizga qolsa, milliy adabiyotning “boʻyi”ni qaysi asarlar tarjimasi bilan oʻlchaysiz? Zamonaviy oʻzbek tarjimoni qaysi mualliflarga koʻproq eʼtibor qaratishi zarur?

Hozirgi milliy adabiyotning boʻyini ham, enini ham muayyan biron asar bilan oʻlchab boʻlmaydi. Milliy adabiyot bugun va ertaga ham oʻzini qidirishda davom etadi. Juda-juda koʻplab ommaviy adabiyot, ommaviy sanʼat namunalari yaratiladi. Odamlar ularga koʻnikadilar. Sanʼat, adabiyot shu ekan-da deydigan, chumchuqni saʼvadan, bulbulni qarqunoqdan ajratolmaydiganlar ham koʻpaygandan-koʻpayadi. Ular nainki adabiyotning vijdoni, balki insoniyatning vijdoni haqida ham oʻylamay qoʻyadilar va bunday savol qoʻyilganda, shu hozir kerakmi, odamzod endi benzinning qaygʻusini qilsin, deydilar. Shunday sharoitda ham milliy adabiyot insonga nima kerak: bir qarich yermi yo bir burda nonmi, deb izlanishda davom etadi. Bugun va uzoq-yaqin ertaga insoniyatga toʻgʻri yoʻl koʻrsatolgan, muallimlik qilgan, axloq, axloq va yana axloqni odamzodni saqlab qolishning yagona quroli deb bilgan adiblar, faylasuflar, taʼlimotchilar madadga keladilar. Bizning madadkorimiz va olislarni yorituvchi mashʼalamiz klassika! Navoiy, Bobur, Tolstoy, Flober, Balzak, Stendal, Dostoyevskiy, Tagor, Qodiriy, Choʻlpon, Russo, Volterga boraylik! Avvalo, aqlimiz, soʻng hissiyotlarimizni tarbiyalaydigan asarlarni doim koʻz oʻngimizda tutaylik, qulogʻimizni shularga osaylik, yuragimizni shularga ochaylik. Klassika oʻlgan emas! U doim dolzarb, doim aktual, doim bizga hamdard!

Jaloliddin Rumiyda shunday hikoyat boʻlardi. Fors, arab, turk va yunon ittifoqo bir dirham topib olibdi. Aqcha bor joyda gʻalva ham chiqadi-da: toʻrtovlon tangaga nima xarid qilish masalasida oʻzaro dovlashib qolibdi. Fors – angur, arab – inab, turk – uzum, yunon – istofil cotib olishni taklif qilibdi. Bir-birini tushunmagan toʻrtovlon oʻzinikini maʼqullab turaveribdi. Mojarodan oʻnlab tilni biladigan zukko zot (poliglot) xabar topibdi. Toʻrtovlon aslida bir narsani xarid qilmoqchi ekanini tushuntirib, murosaga keltiribdi… Bu-ku, olis oʻtmish hikoyati. Lekin hozir ham – dunyo “global qishloq”qa aylanib, millatlar bir-biriga jonsarak talpinayotgan davrda tilmochga ehtiyoj oshgandan-oshyapti. Bir dirham ustida gʻijillashib qolgan toʻrtovlon rivoyatini bejiz eslamadim. “Qoʻlning kiri” deb har qancha katta ketmaylik, ming taassufki, kunimiz shu zormandasiz oʻtmaydi. Ayniqsa, qalam ahli koʻnglidagi pokiza tuygʻularni begard saqlashi, kuchini oʻtin yorishga sarflamasligi uchun ham aqcha zarur. Bir paytlar tarjimashunos olim Gʻaybulla Salomov mutarjimlarni moddiy ragʻbatlantirish zarur, deb xoʻb kuyungandi. Hozir-chi, bu borada ahvol qanday? Nashriyot va tahririyatlarda tarjima uchun belgilangan qalam haqi, moddiy ragʻbatdan koʻnglingiz toʻladimi?

Tarjimadan oʻzim uchun estetik, gʻoyaviy manfaatlarni birinchi oʻringa qoʻydim. Tarjima adabiyotimizning otalari boʻlgan Qutb Xorazmiy, Sayfi Saroyi, Alisher Navoiy tarjimani xalqning maʼnaviy bahradorligi deb tushungan va bu ulugʻ gʻoyani adabiy-ijtimoiy prinsip darajasiga koʻtargan edilar. Tarjimada – bahradorlik, bahradorlikda – tarjimonlik. Bu olijanob prinsipdan ortiq moddiy ragʻbat, manfaatdorlik yoʻq.

Irland yozuvchisi Jeyms Joysning “Uliss”i XX asr romanchiligining noyob namunasi deb baholanadi. Dunyo intellektuallariga qudratli taʼsir koʻrsatgan roman tarjimasi ham har bir milliy adabiyot uchun HODISA desa degudek. Mashaqqatli mehnat va daqiq izlanishlaringiz mahsuli oʻlaroq, oʻzbek kitobxoncevarlari “Uliss”ga mahram tutindi. Balki sabrsizlik qilayotgandirman, lekin “Uliss” kabi salmoqli roman tarjimasidan keyin fikr ahli oʻrtasida jonli tortishuvlar, tigʻiz muhokamalar avj olishi kerak edi. Qarangki, bunday boʻlmadi. Joysni, mayli, “xos”lar yozuvchisi, deb turaylik. Lekin necha zamonki, Dostoyevskiy, Markes, Mopassan, Aytmatovdan tarjimalaringiz ham dovyurak tadqiqotchilarga ilhaq-da… Umuman, oxirgi yillar tarjimashunoslik xiyla zaiflashgani taassuf bilan qayd etilyapti. Jezga har qancha yaltir-yultur chaplagan bilan tillaga aylanib qolmaydi. Qolaversa, “oynasi bor kishining bari Iskandar” boʻlmaydi. Jezni tilladan, chin Iskandarni qallobidan ajratib beradigan tarjima tanqidini kuchaytirish qanchalik muhim, deb hisoblaysiz?

Albatta, tarjima ijodi bilan birgalikda, yelkama-yelka tarjima tanqidi ham rivojlanib borishi lozim. Bular birini biridan ajratib boʻlmaydigan sohalar. Tarjima tanqidi tarjimashunoslikning tarkibiy qismidir. Har ikki soha adabiy tanqid, adabiyotshunoslik hamda tilshunoslik bilan yondosh, baqamti ish koʻradi va ijodiy yoʻnalishlarni belgilaydi, shakllantiradi, jarayondagi xarakterli xususiyatlarni ochib, yoritib boradi. Tarjimachilikka adabiy tanqid bilan birga tarjima tanqidi oʻz mezoniy talablari orqali, jarayonni jahon tarjima sanʼatida roʻy berayotgan ijodiy-ilmiy hodisalar bilan chambarchas bogʻlagan holda kuchli taʼsir koʻrsatishi mumkin. Biz tarjima, tarjimashunoslik, tarjima tanqidi yoʻnalishida jahonda, Gʻarb va Sharq mamlakatlarida qilinayotgan ulkan miqyosdagi ishlar, oʻzgarishlar, izlanishlar, yangilanishlarni jon-dildan kuzatib borish, qoʻldan kelgancha ularga hissamizni qoʻshishni istardik. Oʻzbekistonda tarjima va tarjimashunoslik jahon maktablariga uzviy bogʻlanib borishini orzu qilamiz. Katta milliy adabiyotimizning koʻlami, tarjima maktablarimizning koʻhna tarixi va ularda shakllangan prinsiplar (sharhlar, tafsirlar, maʼnolar tarjimalari, vositachi til orqali tarjima namunalari, ijodiy musobaqalar, shariat, ilohiyotshunoslikka doir asarlar tarjimasi) shuni taqozo etadi. Ammo bular hali orzu, xolos. Xorijiy tillar va ayniqsa, ingliz tilini chuqur oʻrganish davlat miqyosida keng yoʻlga qoʻyilayotgani, bunga katta eʼtibor qaratilayotgani kelajakning umidbaxsh ufqlari ochilayotganini koʻrsatadi.

Yoshlardan umid katta. Ular ingliz, rus, fransuz, nemis, ispan, italyan, arab, hind, fors, xitoy, yapon, turk tillarini chuqur bilish zaminida oʻz izlanishlari doirasiga Gʻarb va Sharq tarjimashunosligi, lingvistikasi manbalarini ham keng jalb qilsalar, ularni amaliyotda tahlil va talqin etsalar, tadqiqotlarning konseptual-analitik jabhasini kuchaytirib bersalar, oʻn-oʻn besh yil ichida bu soha jahon tarjimashunosligining uzviy jonli qismi kabi yashay boshlaydi. Hozirgacha bajarilgan ilmiy ishlar, tadqiqotlar rus tilida keyingi yarim asrda nashr etilgan ilmiy manbalarga suyanish, ularni xoʻjakoʻrsinga qayd etish bilan cheklanib qolmoqda, jahon manbalariga murojaat etishga ojizlik qilmoqda. Bugungi tarjima tanqididagi ojizliklar, hafsalasizlik, sayozlik, siyqaliklarning asosiy sababi nazariyadagi shu kabi umum nochorlik bilan bogʻliq. Til oʻrganishning oʻsishi ilmiy-tadqiqotchilik harakatining kuchayishi, yuksak saviyaga qoʻyilishi bilan birga uygʻun borishi zarur. Sohalarga esa faqat shu ijodiy, ilmiy ishlarga ayon layoqatli kishilargina jalb etilishi kerak.

Fransuzlarda millatparvarlik kuchli. Ayniqsa, oʻz tilini himoya qilishda Ovroʻpadagi biror millat ularga bas kelolmaydi. Ingliz tilida biror istiloh paydo boʻlsa, faranglar hayallamay uning “egizagi”ni oʻylab topishadi. Hatto kurrai arzning turli davlatlarida bemalol-bedallol istifoda etilayotgan somputer, software, email, blog, supermodel kabi baynalmilal soʻzlarning ham fransuzcha muqobili bor. Fransua Rable tilining rasmiy qoʻriqchisi – Fransuz akademiyasi 1635 yildan beri tilbuzarlarga qarshi “qilich va qalqon bilan” kurashib kelyapti. Akademiyaning ayrim bayonotlariga laqqa tushgan odam, “mustabid” ingliz tilining dastidan “baxti qaro” fransuz tiliga kun yoʻq ekan-da, deb oʻylaydi. Aslida-ku, farang zaboni juda oʻlar holatda emas – dunyo tillaridan biri maqomida sobit turibdi. Lekin jarohatni gazak olmasidan davolashga oʻrgangan faranglar tilini ham harislik bilan ihotalaydi. Ona tilini koʻz qorachigʻidek asrash borasida ulardan ancha-muncha ibrat olsak, zarar qilmasa kerak. Uzoq yillar “maʼrifat chopari” (Pushkin taʼbiri) rutbasida jonbozlik koʻrsatgan, Soʻz xizmatida sochi oqargan mutarjim sifatida ayting-chi, bugun ona tilimizni avaylay olyapmizmi?

Dunyo tillarning rang-barangligi, irqlarning rang-barangligi bilan ham jozibali. Agar Xudo odamlarning manfaatlari uchun olamning rang-barang boʻlishini istamaganida edi, hammani bir xil, bir tusda, bir tilda soʻylashadigan qilib yaratish uning izmu ixtiyorida edi. Ammo bir xil qilmadi. Nega? Odamlar bir-birlariga jozibali koʻrinsinlar, bir-birlariga intilsinlar dedi. Tortish kuchi – dunyo ohanrabosining markaziga rang-baranglikni qoʻydi.

Tilni eʼzozlamagan, unga eʼtiborsiz, bormi-yoʻqmi, farqiga bormaydigan kimsalarda qandaydir noqislik, ojizlik, siniqlik koʻzga tashlanib turadi. Til odamni goʻzal qiladi, jamoaviylik tuygʻusini uygʻotadi va kuchaytiradi. Tillar rang-barang boʻlmasa, millatlar rang-barang boʻlmasdi. Arab, rus, ingliz tilining yonboshida qadim oʻzbek tilining borligi naqadar goʻzal, naqadar maʼnodor! U Qurʼonni bayon qilib, Qurʼon tiliga, Injilni bayon etib, Injil tiliga, “Odisseya”ni bayon etib, “Odisseya” tiliga, “Uliss”ni bayon etib, “Uliss” tiliga aylandi. Naqadar goʻzal bu rang-baranglik! Shuning qudratini sezmaysizmi tarjimalarda! Ipakday chiyratma, oʻn ming daraja haroratda ham kulga aylanmaydigan jumlalarda! Ular xuddi Koinotning qora oʻpqonidan yogʻilayotgan shuʼlalardan bitilganday! Kechagina bir kitob oʻqidim, Buxoro lahjasida bosilibdi. Yana bir kitob koʻrdim, Xorazm shevasida yozilgan. Baraka topkur, qani qudratli oʻzbek adabiy tili?! Nega siz uni inkor etmoqchi boʻlasiz? Lahja darajasiga tushasiz? Navoiy qoshida uyalmaysizmi? Qodiriy oldida yuzingiz qizarmaydimi? Kuningiz ommaviy madaniyatning “Uyalmasang, har ishni qilaver” qoidasiga qoldimi? Endi onadan aziz, otadan ulugʻ tilimizning yuziga tuproq sochasizmi? Oʻnglaning! Uyaling! Asralmaganni asramas!

Ibrohim aka, boya tarjimon mehnatini zargar mashaqqatiga oʻxshatdingiz. Odatda, zargar ahli injiqlik bilan xalfa tanlaydi. Ardoqli sirini uchragan odamga dasturxon qilgisi kelmaydi-da. Negadir tarjimada shogird tayyorlamadingiz. Nahot, soʻzgarlik hunaringizni oʻrganishga munosib, koʻksida laxcha choʻgʻi bor qorakoʻz topilmagan boʻlsa? Gustoxlikka yoʻymangu, Sizdek ustozlarning shogird hozirlamayotgani ham maktab koʻrmaganlarning tegirmoniga suv quymayaptimi?..

– Soʻfiyga murid qanday maqom va holda boʻlsa, adabiy ustozga shogird ham shunday maqom va shunday holatda. Imonim komilki, ustozu shogird bir tan-bir jon boʻlib ketgandagina, ikki oʻrtada batamom uygʻunlik tugʻilgandagina mavjud. Aks holda, bu oʻqitganu oʻqigan, muallimu tolib munosabatlaridir. Soʻfiylar ustoz – shogird muomala-munosabatlarining eng yuksak axloqiy darajasiga qatʼiyan rioya qilganlar. Shogird oʻsib, ustozdan oʻzib keta boshlasa, soʻfiy darhol uni boshqa, oʻzidan kuchliroq ustoz soʻfiyga havola qilib joʻnatgan. Mansur Halloj, Xoja Ahror Valiy kabi ulugʻ soʻfiy donishmandlar tarjimai holida buning ulugʻ ibratli misollari bor. Soʻfiylardan oʻrganadigan axloq moʻjizalari koʻp. Ammo ularning ustoz – shogirdlik (pir – muridlik) anʼanalari biz uchun benihoya qimmatli. Shogird desa, har jihatdan arziydigan mumtoz zotlar bor, Xudoga behisob shukur! Ammo ularga ustoz kerakmikin? Hamma gap shunda!

Men esa ustozlarimga yukinib, ular haqida hol-behol nafis majlislar tuzib, kamtarin soʻzlarimni hamisha ular poyiga sochib, boshimni moʻjiza daftarlaridan koʻtarmay tarjima yoʻsinida izlanib, shogirdlik burchlarimni Alloh imkon bergancha ado etib kelyapman. Xudo hamma narsani biluvchi, koʻruvchi, eshituvchi, oxirgi soʻz – Unikidir.

 

Suhbatdosh: Sobirjon YOQUBOV

 

“Yoshlik” jurnali, 2013 yil 6-son

https://saviya.uz/hayot/suhbat/qodiriy-qoshida-qizarmaysizmi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x