VATAN TUPROGʻI
Bu zaminda ungan har maysa-giyoh,
Ildizdan ayrilsa, oh chekkaydir, oh!
Uzilsa bagʻriga qaytgay har yaproq,
Oh, undan ayrilmoq eng ogʻir firoq,
Shunchalar muqaddas bu aziz tuproq.
Har qadamda qadim sajdagohi bor,
Ulugʻ ajdodlarim qutlugʻ xoki bor,
Tavof etgum, tanda jonim toki bor,
Yiroq ketsam, dilga tushgaydir titroq,
Shunchalar muqaddas bu aziz tuproq.
Qir-adirdan olib qalbim rangini,
Yurakka joyladim ishq ohangini,
Gʻanimga bermasman hatto changini,
Jonim fido etgum bamisli Shiroq,
Shunchalar muqaddas bu aziz tuproq.
Gulga toʻlsin ikki daryo orasi,
Unda yashar farzandlarim bolasi,
Shudir Zikrilloning yurak nolasi:
Vatanni jon qadar, asraylik har chogʻ,
Shunchalar muqaddas bu aziz tuproq!
MIRZO ULUGʻBEK
Yelkangizga Istiqlolning oftobi tegdi,
Koʻkka yetdi pok nomingiz, Ulugʻbek bobo.
Poyingizga yetti iqlim bosh egib keldi,
Budir ulugʻ ayyomingiz, Ulugʻbek bobo!
Elu ulus baxtin koʻzlab jang-jadal emas,
Oʻt yoqdingiz ilmu fanning manqallariga.
Olam ahli hali-hanuz aylagay havas,
Qadim “Ziji Koʻragoniy” jadvallariga.
Samarqandu Buxoroyu hur Gʻijduvonda,
Siz qurdirgan madrasalar hamon nur sochur.
Siz rahnamo boʻlgan oʻshal ilmu irfondan –
Turon zamin sayqal topib, yashnab gul ochur.
Kimki kelib Samarqandni aylasa tavof,
Sizning ulugʻ shaʼningizga tahsin oʻqilgay.
Kunduzlari boshingizda nur sochsa oftob,
Tunlar esa poyingizga yulduz toʻkilgay.
Avlodlar ham meros bilib siz bosgan izni,
Izlanishu ijod ila oʻtar har kuni.
Kashf aylashib falakda bir yangi yulduzni
Sizning qutlugʻ nomingiz-la atashdi uni.
Siz borsizki, quyosh yangligʻ taratgay yogʻdu,
Samarqandning madrasayu minoralari.
Sayqal yurtim quchogʻidan yangragay mangu
Ona Sharqning ohangrabo taronalari.
SOʻZI KATTA, OʻZI MAYDALAR…
Hayotdagi ayrim lahzalar,
Yuragimga sanchar nayzalar,
Oh, nogoh duch kelib qolsalar
Soʻzi katta, oʻzi maydalar…
Soʻzdan qasr quriblar berar,
Koʻkdan yulduz teriblar berar,
Oyoq qolib, til bilan yurar,
Soʻzi katta, oʻzi maydalar…
Bir gul eksa, bogʻ qildim, deydi,
Bir tosh qoʻysa, togʻ uydim, deydi,
Mish-mish qilib, boshingni yeydi,
Soʻzi katta, oʻzi maydalar…
Goʻyo u bor, aylanadir Yer,
Amu, Sirni-da men qazdim, der,
Oftob chiqsa, men chiqazdim, der,
Soʻzi katta, oʻzi maydalar…
Achingumdir holingga dunyo,
Oʻngimmi bu va yoki roʻyo?!
Bilmam, qaydan boʻlmoqda paydo,
Soʻzi katta, oʻzi maydalar…
Qabohat ham qurib ketsin-ey,
Har kim oʻz ekkanin oʻrsin-ey,
Alloh Sizga insof bersin-ey,
Soʻzi katta, oʻzi maydalar…
MUHABBATIM
Bugun yana tushding yodimga,
Ilk sogʻinchim, ilk muhabbatim!
Chiroydirsan gul hayotimga,
Dil ovunchim – ilk muhabbatim!
Oʻn sakkizdan sirdoshim eding,
Goh quvonch, goh koʻz yoshim eding.
Oshiq koʻnglim osmonida sen –
Porlab turgan quyoshim eding.
Samolardan kulib boqursan,
Yuragimga kuydek oqursan.
Esga solib ajib damlarni
Yana bagʻrim oʻtda yoqursan.
Ayt-chi, bukun qay joylardasan,
Daryolarmu yo soylardasan?
Yurak boʻzlar seni sogʻinib
Yulduzlarmu yo oylardasan?!
Umrimdagi mangu bahorsan,
Koʻzlardagi soʻnmas sharorsan.
O, Muhabbat – qalbim erkasi,
Yaxshiyamki, olamda borsan.
TUYUQLAR
Bu kecha, o, buncha oydin kechadur,
Koʻkda oy daryo-yu soylar kechadur.
Bu kecha yor vasliga yetmoq uchun
Necha oshiq ohki, jondin kechadur.
* * *
Ishq bogʻida gul ochildi gʻunchalab,
Gul uzgali keldi bir shoʻx, gʻuncha lab.
Gulgʻuncha ishqida yongan dilginam,
To tonggacha boʻzlab chiqdi “gʻuncha”lab.
* * *
Kiprigin oʻqlab, qoshini yo qilur.
Hajr oʻtida jismu jonim yoqilur,
Ishq yoʻlida shoʻxu beparvo sanam,
Menga shafqat yoki qilmas, yo qilur.
* * *
Nozaninim nozi menga yoqadur,
Noz qilib qalbimga oʻtlar yoqadur.
Nozli yor boʻynin yoshurgan yoqasi –
Men uchun tilsimi gavhar yoqadur.
* * *
Mahvashim, Laylomisan, ayt, yo Shirin,
Koʻzlaring fitna qilurlar yoshirin.
Sen uchun tortmoqqa shayman, yor mudom,
Ishq azobi talx erurmi yo shirin.
Zikrilla NEʼMAT
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil 7–8-sonlar
https://saviya.uz/ijod/nazm/shunchalar-muqaddas-bu-aziz-tuproq/