Gi de MOPASSAN
Margarita de Terel jon talvasasida edi. U oltmish besh yoshda boʻlib, koʻrinishi yetmish beshlarga borgandek taassurot uygʻotardi. Ayol zoʻrgʻa nafas olar, dokadek oqargan yuzi bezovta titrar, azobda qolgan vujudini qaltiroq bosgan, koʻzlarida yovvoyi oʻt chaqnar, shu paytda u qoʻrqinchli bir manzarani koʻrib turganga oʻxshardi.
Undan olti yosh katta opasi Syuzanna karavot yonida choʻkkalagan koʻyi, boʻzlab oʻtirardi. Jon berayotgan ayolning yonginasida, sochiq toʻshalgan moʻjaz stol ustida bir juft sham yonib turar, shu tobda uning badaniga zaytun moyi surishi va uni gunohlardan forigʻ etishi uchun ruhoniyni kutishardi.
Yotoqxonada, oʻlim talvasasidagi odam yotgan odatiy xonalardagi singari, mangu vido onlarining mudhish sarosimasi hukmron edi: stol va tokchalar doridan boʻshagan idishchalarga toʻlgan, chor tomonda shoshilinchda oyoq bilan toptalgan yoki pollatta oʻrnida ishlatilgan sochiqlar yoyilib yotardi. Kursi va oʻrindiqlar duch kelgan joyda turar, hatto buyumlar ham bu xonani tashlab qochishga urinayotgandek edi. Ajal shu yaqin oraga berkinib olib, fursat kutardi.
Opa-singillar qismati gʻoyat taʼsirli boʻlib, ularning taqdir hikoyasi butun okrugga maʼlum edi. Bu hikoyani tinglaganlardan hech biri quvonganidan koʻz yoshi toʻkmagan.
Gap shundaki, opa-singillarning kattasi Syuzanna qachonlardir bir yigitga koʻngil bergan, yigit ham uni qattiq sevgan. Ularni unashtirib qoʻyishgan. Hatto toʻy kuni ham tayin qilingan. Biroq boʻlajak kuyov Anri de Sampyer toʻsatdan qazo qilgan.
Bundan chuqur anduhga botgan qiz hech qachon turmushga chiqmaslikka qasam ichgan. U soʻzida turdi. Bevalar libosini egniga ildi-yu, qaytib yechmadi.
Kunlarning birida uning kichik singlisi, oʻn ikki yashar Margarita oʻzini opasining quchogʻiga otib, dedi:
– Opajon, men sening baxtsiz boʻlishingni, butun umr yigʻlab oʻtishingni xohlamayman. Hech qachon, eshityapsanmi, hech qachon seni tashlab ketmayman. Men ham sira turmushga chiqmayman. Hamisha yoningda qolaman, hamisha…
Uning bolalarcha sadoqatidan qattiq hayajonga tushgan Syuzanna, singlisini mehr bilan oʻpib qoʻydi, lekin soʻzlariga unchalik ishonmadi.
Biroq singlisi ham ahdida turdi. Ota-onasining pand-nasihatlari, hattoki yolvorishlari ham unga kor qilmadi – qiz turmushga chiqishdan bosh tortdi. U juda kelishgan qiz boʻlib, koʻp yigitlardan dil izhori eshitar, lekin oʻylab oʻtirmay, hammasini rad etardi. Xullas, Margarita bir umr opasining yonida qoldi.
Ular umr boʻyi birga, sira ayrilmay yashadilar. Bu ikkisi mustahkam rishtalar bilan bogʻlangan taqdir yoʻlidan yonma-yon ketib borishar, lekin Margarita hamisha qaygʻuli koʻrinardi. Uning qiyofasi opasidan koʻra jahldor va tashvishli tuyular, buyuk fidoyiligi uni quvvatdan butunlay mahrum etganga oʻxshardi. U juda tez keksaydi. Oʻttiz yoshidayoq sochlari oqarib ketdi. Margarita bot-bot ogʻrib qolar, goʻyo sirli bir xastalik uni ich-ichidan yemirib borayotgandek edi.
Endi boʻlsa, u birinchi boʻlib ajalga roʻpara kelmoqda. U naq yigirma toʻrt soat tildan qoldi. Nihoyat tongotar pallasi, soʻzlashga kuch topdi:
– Ruhoniyga odam joʻnating, kunim bitganga oʻxshaydi.
Ayol bezgak tutgandek qaltiragan koʻyi chalqancha yotar, yuzi qoʻrqinchli edi. Lablari tinimsiz pichirlar, goʻyo yuragining tub-tubidan qandaydir dahshatli soʻzlar koʻchib ulgurgan-u, hozircha ularni aytishga darmoni yetmayotgandek, atrofga olazarak boqardi…
Opasi toʻshak chetiga peshonasini bosganicha, alamli koʻz yosh toʻkar va tinimsiz bitta jumlani qaytarar edi:
– Margo, jigarbandim, goʻdakkinam mening!
U singlisini hamisha “goʻdagim” deb atar, singlisi esa unga har doim “opajon”deb murojaat qilardi.
Zinapoyada qadam tovushlari eshitildi. Eshik ochilib, avval xizmatchi bola, ortidan keng va uzun kiyimdagi keksa ruhoniy koʻrindi. Jon berayotgan ayol ularni koʻrgach, shoshilinch ravishda boshini koʻtardi. Ogʻzini ming mashaqqat bilan ochib, tirnoqlari bilan choyshabni yirtmoqchi boʻlgandek timdalar ekan, bir nechta soʻzni pichirladi.
Abbat Simon unga yaqinlashdi. Uni bagʻriga bosib, peshonasidan oʻpdi va mehribonlik bilan dedi:
– Tangri sizni magʻfirat qiladi, boʻtam. Bardam boʻling. Vaqt-soatingiz yetdi. Tavba qiling.
Margaritani shunday kuchli qaltiroq tutdiki, butun karavot silkina boshladi. U pichirladi:
– Opajon, oʻtir va meni eshit.
Ruhoniy hanuz toʻshak yonida choʻkkalab oʻtirgan Syuzannaga yuzlandi. Uni turgʻizib, kursiga oʻtqazdi. Soʻng har ikkisining qoʻlidan tutib, xitob qildi:
– Yaratgan Egam! Oʻzing ularga kuch ber! Ulardan marhamatingni darigʻ tutma!
Nihoyat Margarita tilga kirdi. U xirqiroq ovozda, uzuq-yuluq soʻzlar, hayot shami lahza sayin soʻnib borardi.
– Kechir, kechir, opajonim, meni kechir! Oh, butun umr shu fursat yetib kelishidan qanchalik qoʻrqib yashaganimni bilsang edi…
Syuzanna yigʻi aralash gʻoʻldiradi:
– Seni nima uchun kechirishim kerak, goʻdakkinam? Axir sen men uchun hamma narsangni qurbon qilding. Sen farishtasan…
– Jim boʻl, hech narsa dema. Menga imkon ber, soʻzimni boʻlma!.. Toki hammasini aytib olishga ulguray… Eshit… Sen Anrini eslaysanmi?
Syuzanna choʻchib, singlisiga qaradi. U esa toʻxtovsiz gapirardi:
– Soʻzlarimni diqqat bilan eshitsang, hammasini tushunasan. Oʻshanda men endigina oʻn ikki yoshga toʻluvdim. Atigi oʻn ikki yoshda edim… Sen u paytlarni yaxshi eslaysan, toʻgʻrimi? Men juda tantiq edim, xayolimga nima kelsa – shuni qilardim! Meni qanday erkalatganlari yodingdadir… Eshit… U ilk bor uyimizga kelganida, oyogʻida yaltiroq etigi bor edi. Oti bilan darvozadan kirib kelarkan, ust-boshi uchun uzr soʻradi va bu yerga otamga bir xabarni yetkazish uchun kelganini aytdi. Sen bularni kechagidek eslaysan, toʻgʻrimi? Toʻxta, gapirma… Meni eshit… Oʻsha fursatda unga shunday mahliyo boʻlib qoldimki, u otam bilan gaplashib olgunicha, mehmonxonaning bir burchagida toshdek qotib turaverdim. Bolalar – juda gʻalati, qoʻrqinchli mavjudotlar… Oh, oʻsha kezlarda u haqda tinimsiz xayol surganimni bilsayding…
U uyimizga tez-tez kelishni odat qildi. Men har safar unga koʻzlarimni katta ochib, butun qalbim bilan boqar edim. Oʻz yoshimga nisbatan ancha ulgʻayib qolgan, boz ustiga tengdoshlarimga nisbatan ancha ayyor ham edim. Anri uyimizda tez-tez mehmon boʻla boshladi. Men esa faqat uni oʻylardim. Oʻzimga-oʻzim: “Anri… Anri de Sampyer” deb pichirlardim.
Koʻp oʻtmay u senga uylanmoqchi ekanligini aytishdi. Oh, opajonim, bu yangilikni eshitib, shunchalar qaygʻuga botdimki, uch kun uxlamadim, tuni bilan yigʻlab chiqdim… U esa har kuni nonushtadan soʻng uyimizga kirib kelardi. Yodingdami? Sen har safar u kelganida, un, yogʻ va sut qoʻshib tayyorlanadigan shirin kulcha pishirarding. Bu shirinlik unga juda yoqardi. Oʻsha kulchalarni men ham tayyorlay olardim! Kerak boʻlganida hatto hozir ham pishirib berishim mumkin! Anri kulchalarni butunligicha ogʻziga solib, sharobdan hoʻplarkan, “Ajoyib!” deb xitob qilardi. Bu soʻzni u qanday talaffuz qilishini eslaysanmi?
Oʻsha damda rashk olovida qovrilardim!.. Toʻylaring boʻladigan kun esa tobora yaqinlashib kelardi. Toʻygacha atigi ikki hafta vaqt qoldi. Men butunlay esimni yoʻqotib qoʻydim. Oʻz-oʻzimga: “U Syuzannaga uylanmaydi. Ulgʻayganimdan keyin faqat mengagina uylanadi. Chunki men umrim boʻyi hech kimni unga koʻngil berganchalik qattiq seva olmayman”, der edim. Toʻygacha oʻn kun qolgan edi. Oqshom chogʻi sen u bilan qalʼa atrofida, oy nuri ostida sayr qilding. Oʻsha yerda… archa tagida… baland archa tagida u seni mahkam quchdi va uzoq-uzoq boʻsa oldi… Sen buni eslaysan, toʻgʻrimi? Shubhasiz, bu sening ilk boʻsang edi… Shunday… Chunki mehmonxonaga qaytganingda ranging boʻzdek oqarib ketgandi…
Men bogʻda, butalar ortida turib, sizlarni koʻrdim. Koʻrdim-u, aqldan ozay dedim. Qoʻlimdan kelganida, ikkovingizni ham oʻldirardim.
Oʻzimga-oʻzim: “U hech qachon Syuzannaga uylanmaydi. U hech kim bilan turmush qurmaydi. Men bunday baxtsizlikka chiday olmayman”, der edim. Kutilmaganda yuragimda unga nisbatan kuchli nafrat uygʻondi.
Bilasanmi, men nima qildim?.. Eshit… Men bogʻbon amaki daydi itlar uchun zaharli boʻgʻirsoq tayyorlaganini koʻruvdim. U shishani tosh bilan maydalar, soʻng shisha kukunini boʻgʻirsoqqa solinadigan qiyma bilan yaxshilab aralashtirardi.
Oyimning dori shishasini oldim-da, bolgʻacha bilan maydaladim. Keyin shisha kukunini choʻntagimga solib qoʻydim. Bu qoyilmaqom kukun edi. Ertasi kuni shirin kulcha tayyorlayotgan paytingda, payt poylab, har bir kulcha ichiga shisha kukunidan solib qoʻydim. Anri kulchadan uch dona yedi. Oʻzim ham bir donasini yeb oldim. Qolgan oltita kulchani esa hovuzga tashlab yubordim… Uch kun oʻtib, ikkita oqqushimiz oʻlib qolgani yodingdami? Qoʻy, gapirma… Soʻzlarimni eshit… U oʻldi… Sen buni yaxshi bilasan… Biroq bu hali hech narsa emas… Eng dahshatlisi shundan keyin boshlandi… Eshit…
Hayotim, mening butun hayotim azob ichida kechdi. Men oʻzimga: “Opamni hech qachon tashlab ketmayman va oʻlimim oldidan unga hammasini aytaman”, deb soʻz berdim. Ha… Oʻshandan beri shu daqiqalar, qarshingda haqiqatni tan olishim kerak boʻlgan dahshatli daqiqalar haqida oʻylayman. Mening kunim bitdi. Shunchalik qoʻrqib ketyapmanki! Oh!.. Opajonim!
Sahar chogʻi va quyosh botayotgan vaqtda ham, kunduzi va hatto tunda ham faqat bir narsani oʻylardim… “Vaqti kelib, gunohlarimni tan olaman”. Men uzoq kutdim. Bilasanmi, bu juda ogʻir qiynoq. Mana, senga hammasini aytib berdim… Yoʻq, gapirma! Bir ogʻiz soʻz aytma… Endi men dahshatga tushyapman… Shunchalik dahshatga tushyapmanki… Narigi dunyoda uni koʻradigan boʻlsam, bir oʻylab koʻrgin-a, uni birinchi boʻlib men koʻraman. Lekin u bilan yuzma-yuz kelishga jurʼatim yetmaydi! Biroq sharoit shuni taqozo etmoqda. Vaqt-soatim yetganga oʻxshaydi. Kechir meni! Meni kechirmasingdan, Anrining qoshiga borolmayman. Janob kyure, unga ayting, gunohimdan oʻtsin… Ayting, oʻtinaman sizdan… U meni kechirmasa, jon berolmayman…
U tinchib qoldi. Ogʻir-ogʻir nafas olganicha, tirnoqlari bilan choyshabni tirmalay boshladi.
Syuzanna yuzini kafti bilan berkitib, harakatsiz oʻtirardi. U oʻsha – bir umr sevib, ardoqlab yashashi mumkin boʻlgan inson haqida oʻylardi. Ikkovlari qanday baxtli hayot kechirishlari mumkin edi-ya! U qalligʻini yana koʻrdi. Allaqachon gʻoyib boʻlgan va hech qachon ortga qaytmaydigan oʻtmishga juda yaqindan nazar tashladi. Oh, qadrdon marhumlar! Ular qalbimizni qanchalar chuqur jarohatlashadi-ya! Uning ilk va yagona boʻsasi-chi? Syuzanna uni qalbining tub-tubida asrab yashadi. Undan soʻng boshqa hech nimani bir umrga eslab qolmadi.
Ruhoniy toʻsatdan qaddini koʻtardi va titroq ovoz bilan qichqirib yubordi:
– Syuzanna xonim! Singlingiz jon berayapti.
Syuzanna shoʻrtang koʻz yoshlaridan hoʻl boʻlgan yuzidan qoʻllarini olib, singlisi tomon otildi. Uning peshonasidan qattiq oʻpib, pichirladi:
– Seni kechiraman, goʻdakkinam. Kechiraman…
Rus tilidan Gulnoz MOʻMINOVA tarjimasi
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil 7–8-sonlar
https://saviya.uz/ijod/nasr/tavba/