* * *
Ernest Xeminguey har qanday insonni taʼsirlantiradigan, oʻzi atigi bir necha soʻzdan iborat hikoya yoza olishdan bahs boylashgan. Unga gʻalaba olib kelgan hikoya mana: “Bolalar poyafzali sotiladi. Kiyilmagan…”
* * *
Frederik Braun eng qisqa va qoʻrqinchli hikoyani yozgan: “Yerdagi oxirgi odam xonada oʻtirardi. Birdan eshik taqillab qoldi…”
* * *
Anʼanaviy hikoyachilikning tugun, kulminatsiya va yechim kabi tarkiblaridan iborat boʻlgan eng qisqa hikoyalar tanlovida O. Genri ushbu hikoyasi bilan gʻolib boʻlgan: “Chekib olgan haydovchi qancha yoqilgʻi qolganini koʻrish uchun benzobak tomon egildi. Marhumning yoshi yigirma uchda edi”.
OYNA
Ritani shafqatsizlarcha oʻldirib ketishgandan buyon Karter oyna yonida oʻtiradi.
Televizor ham, kitob oʻqish-u xat yozish ham yoʻq. Uning hayoti – parda ortida koʻringan neki boʻlsa – oʻsha. Unga baribir, ovqatni kim olib keladi, hisobni kim toʻlaydi… U xonani tark etmaydi.
Uning hayoti – yugurayotgan jismoniy tarbiyachilar, yil fasllari almashuvi, gʻizillab oʻtayotgan avtomobillar, Ritaning koʻlankasi.
Namat bilan oʻralgan ushbu palatada oynalar yoʻqligini Karter tushunmasdi.
Alan Ye. Mayer
OMADSIZLIK
Tanamdagi shiddatli ogʻriqdan uygʻonib ketdim. Koʻzimni ochishim bilan karavotim oldida turgan hamshirani koʻrdim.
– Mister Fudjima, – dedi u, – omadingiz bor ekan, siz ikki kun avval Xirosimadagi bombardimondan omon qoldingiz. Hozir siz gospitaldasiz, ortiq xavf ostida emassiz.
Madorsizlikdan bazoʻr soʻradim:
– Qayerdaman?
– Nagasakida, – javob berdi u.
Robert Tompkins
HAQIQATNI QIDIRIB
Nihoyat, bu xilvat, ovloq qishloqda uning qidiruvlari yakunlandi. Chirib, toʻkilay deb qolgan xaroba kulbada miltillab turgan olov yonida Haqiqat oʻtirardi.
U umrida hech qachon bundayin qari va badbashara ayolni koʻrmagan edi.
– Siz, Haqiqatmisiz?
Qartaygan, burushiq alvasti tantanavor bosh silkidi.
– Ayting-chi, men insoniyatga siz haqingizda aytishim kerakmi? Ularga qanday xabarni yetkazay?
Kampir olovga tupurdi-da, javob berdi:
– Ularga meni yosh va sohibjamol deb ayt!
Endryu E. Xant
* * *
Afrikalik bolakay tomonidan yozilgan ushbu hikoya “2005 yilning eng yaxshi hikoyasi” tanlovida gʻolib boʻlgan ekan:
“Tugʻilganimda, men qora edim;
Qora boʻlib ulgʻaydim;
Men quyoshda uzoq tursam, yana qorayaman;
Hattoki oʻlganimda ham qoraligimcha qolaman.
Siz, oqlar esa:
Tugʻilganingizda – qizgʻish boʻlasiz;
Ulgʻayganingizda – oqarasiz;
Oftobda toblanganingizda – qizarasiz;
Sovqotganingizda – koʻkarasiz;
Qoʻrqqaningizda – sargʻayasiz;
Oʻzingizni yomon his qilganingizda – yashil tusga kirasiz;
Oʻlganingizda esa boʻzarasiz.
Va yana siz meni qora tanli deysiz”.
Davronbek TOJIALIYEV toʻplab, tarjima qildi.
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil 7–8-sonlar
https://saviya.uz/ijod/nasr/dunyo-adabiyotidagi-eng-qisqa-hikoyalar/