Adabiyotni halol odamlar yaratadi

Oʻzbekiston xalq shoiri Usmon Azim bilan suhbat

 

 – Koʻz tegmasin, eng sermahsul ijodkorlardan birisiz. Sheʼr ixlosmandlari orasida hatto “Usmon Azim sheʼrlarini qoralama qilib oʻtirmay, toʻppa-toʻgʻri kompyuterda yozaverar ekan” degan “zamonaviy rivoyatlar” yuradi. Yana siz haqingizda “sheʼr yozish texnikasini puxta egallab olgandan keyin yozaveradi-da”, deyishadi. Nahotki, muntazam ijod jarayoni uchun faqat sheʼr yozish texnikasining oʻzi kifoya qilsa?

Endi… Juda sodda qilib aytsam, hamma ham ish bitirishning qulay yoʻllarini izlaydi. Kemalar bahri muhitlarni kesib, oylab suzgan manzillarga tayyoralar bir necha soatlarda yetayapti. Ijodkor ham ishining ijoddan xoli taraflarini tezroq bitirish yoʻllarini izlagan-da! Bilasiz, Alisher Navoiy hazratlarining huzurida yozganlarini oqqa koʻchirguvchi xattotlar xizmat qilgan. Lev Tolstoyning “Urush va tinchlig”ini rafiqalari Sofya Andreevna, adashmasam, yetti marta boshdan-oyoq koʻchirib chiqqan. Tolstoy Dostoyevskiyning mehnatkash rafiqasi haqida “shunday xotini boʻlsa, hamma ham katta yozuvchi boʻlar edi” degan gapni aytgan. Rahmatliklar “yoʻq, hammasini oʻzim qoyillataman!” demagan-ku! Xullas, real koʻmakchilari va imkoniyatlari bor ijodkorlargina oʻzlarining isteʼdodlarini toʻliq namoyish eta olganlar. Imkoniyatlari yoʻqlar esa, Xudo bergan isteʼdod azobini qogʻozga yetkazolmay, dardlarini oʻzlari bilan tuproqqa olib ketavergan. Bu hol juda achinarli – dunyoning beshafqat, adolatsiz bir oʻyinidir. Oʻylang, bunday imkoniyatlari boʻlganida, Maxmur yoki Gulxaniy kabi isteʼdodlardan ehtimol buyuk asarlar qolgan boʻlardi. Poshsho xizmatini or bilgan, saroydan naridagi azobli hayotni roʻy-rost yozishga jurʼat etgan bu shoirlar oʻzlari bilan qogʻozga tushirolmagan koʻp narsalarni olib ketganlar. Oʻsha payt uchun imkoniyati behad Amiriyning jimjimador sheʼrlardan iborat devoni esa eʼzozlanib, goʻzal kitoblar holiga keltirilgan. Mana, sizga imkoniyatlarning taqqosi. Shu sababli, Sharqda shoirlar oʻziga toʻq odamlar boʻlgan. Ahvoli nochorlar esa biror-bir maʼrifatparvar hukmdorning saroyiga tiqilishga majbur boʻlganlar. Bu yoʻlga kirolmaganlar esa qogʻozga tushmagan ilhom selida oqib, sarosar ketganlar, yoʻqlikka yuz tutganlar.

Yaqingacha, texnik vositalar yetishmagani sababli yozuvchilik ishi juda-juda sermashaqqat mehnat edi. Ilhomli va zavqli yozish jarayonidan keyin qora mehnat boshlanar, bu mehnatni esa yordamchilarsiz hamma ham koʻtara olmasdi.

Ammo dunyo oʻzgarayapti. Zamon bir joyida turgani yoʻq. Ijodkorlarga ham madad boʻlguvchi koʻmakchilar paydo boʻlmoqda. Mana, bizning zamonda yozuvchiga kompyuterlar yordamga keldi. Men ijod ishiga nima yordam bersa, “Allohning inʼomi” deb, minnatdorchilik bilan qabul etganman va shu sabab, bu yangilikni juda tez qabul qildim. Chunki kompyuter paydo boʻlguncha, ancha qiynalganman. Mening yozishim jarayoni allaqanday talvasali – bir fikr ortidan bir fikr juda tez almashadi. Hozir yozganim satrning, soʻzning oʻrniga, oʻzimcha durustroq deganim boshqa satrlar, soʻzlar shoshqin bir tarzda oqib keladi. Yozilgan fikrlar oʻrnini kutilmagan fikrlar egallaydi… Bu oʻzgarishlar butun sahifa boʻylab sachragan koʻyi davom etadi. Qogʻoz bir damda oʻchirilgan soʻzlar, oʻrni almashgan satrlar tufayli boʻyalib, bir-ikki kundan keyin oʻzim ham oʻqib chiqolmaydigan koʻrinish oladi. Buning ustiga, yozish jarayonida vujudi ruhimni qamrab olgan gʻujur taʼsirida ruchkani juda ham qattiq ushlayman. Natijada, oʻn-oʻn besh daqiqa oʻtmasdan qoʻllarimga ogʻriq kiradi. Barmoqlarim zirqiraydi… Bu yozishda kattaroq asarlarni udda qilish juda azobli ish. Ha, yana anchagina pala-partishligim bor…

Men bu tarzda yozish jarayonimga oʻzgartirish kiritish lozimligini doim his qilganman. Chunki kaminaga faqat yozish jarayonining oʻzi qiziq va qogʻozga tushganni qayta koʻchirish, birovga mashinkalatish kabi alohida uquv talab qiladigan ishlar hamma vaqt zerikarli edi. Men hamma vaqtimni yozishga bagʻishlamoqchi boʻlganman. Ichimda esa, sezishimcha, mudom yozadigan gapim koʻpday tuyulgan. Ularni yozib qolish imkoniyatini axtarganman. Dastlab, ilk hikoyalarimni (“Gʻoz”, “Siz bilmaydigan zamonlarda” va hokazo) mashinkada yozdim. Va nasrni bu tarzda yozish mumkinligini oʻzimga isbotlagan boʻldim.

Kompyuter chiqqach esa, imkoniyatlarini birovlardan soʻrab bilganim sayin, unga qiziqishim osha boshladi. Bu moʻjiza aynan men uchun yaratilganday tuyuldi.

Oradan olti-yetti yil oʻtib, bir balo qilib, pul toʻplab, ishlatilgan bir kompyuter sotib oldim va oʻgʻlim, uning nimalarga qodirligini menga namoyish etganda, hayratga tushdim. Qariyb tong otguncha, komyuterda qanday yozib, qanday tahrir qilishni oʻrganib chiqdim. Uning ruhimga mos moshin ekanligi shundoq ayon – bu texnika, aniq, menga Parvardigorning inʼomi edi. Va oʻsha kundan boshlab, sheʼrni hech ikkilanmasdan kompyuterda yoza boshlaganman. “Kuz”, “Yurak”, “Fonus”, “Jimlik”, “Adibning umri” kabi kitoblarim shu tarzda yozilgan. Men sheʼrimni ishlash uchun, tahrir uchun cheksiz imkoniyat bergan Parvardigordan minnatdorman. Ha, aytganday, men bu moʻjizadan faqat yozuv uskunasi sifatida foydalanaman va unda boshqa bir amallarni amalga oshirishni bilmayman. Masalan, internetga kirish menga qorongʻu bir yoʻl. Rosti, bunga qiziqmaganman. Men mudom ichimdagini yozib ulgurishim kerakligini anglaganman, xolos.

“Sheʼr texnikasini oʻzlashtirgandan keyin yozaveradi-da” deydiganlar haqida. Bu – ijodning mohiyatini bilmaydiganlarning gapi. Yangilikni ilgʻashni istamaydigan erinchoq pisandasi. Havaskorning – tagida nochorlik yotgan – bepisand lafzi. Chunki sheʼr texnikasi oʻrganilmaydi. Shoir boʻladigan odam bolaligidayoq koʻngliga uchib kirgan allaqanday ohanglarni sheʼriy satrlarga aylantirishni oʻz-oʻzidan biladi. Bu narsa uning vujudida boʻladi. Nazarimda, sheʼr texnikasini ataylab oʻrgangan shoir boʻlmasa kerak. Sheʼrning qanday boʻlishini, ohangini, shaklini ichingda yaralgan ohang belgilab beradi. Betinim izlanish, koʻngil va ruhni toza saqlash; mutolaa, hayotga va jamiyatga munosabat; bu dunyodan hayratlanish, taʼsirchanlik (bular – dunyoni his etishdagi turfa antennalar) shoirning yozishiga muntazam turtki boʻladigan vositalardir. Men ijodda “uzluksiz ilhom” maqomiga koʻtarilish haqida ilgari yozganman. Muhimi, mana shu maqomga yetib olish…

Oʻz yuragiga shafqat qilmagan ijodkorgina chinakam shoir boʻladi. Chunki dunyo sheʼriyatining eng goʻzal, eng unutilmas namunalari mana shu shafqatsizlikning mevalaridir. Ayting-chi, siz aytgan “sheʼriyatning pichogʻini qalbga sanchib” yashash shoirdan qanday fidoyilikni talab qiladi?

Oʻzining isteʼdodini xor qilmaslikni, uning qargʻishiga qolmaslikni, umrini oʻzi yaxshi koʻrgan ishiga bagʻishlashni, mehnat qila bilishni, ilhom bilan hamnafas yashashni oʻrganishni va buning ustiga, sheʼrga oʻxshab yashashga intilishni ham talab etadi. Mana bu sheʼrdagiday:

 

Men yolgʻon yozdimmi sheʼrda ataylab,

Yoxud martaba deb gapimdan qaytdim?

Yoxud soʻz kelganda – jonni avaylab –

Nodon shevalarda madhiya aytdim?

Qara, kuyib bitgan jonimga, qara,

Soʻzimga qaragin: ushlasang – olov.

Otashin tuygʻular – umrimni qamrab –

Alanga ichiga otar – beayov.

Boʻgʻzimga yopishgan dunyo bilan bahs,

Hayotni ichaman – ogʻudir asru…

Men – umrim tongidan – sheʼr yozishnimas,

Sheʼrday yashamoqni etganman orzu.

 

Mening Shoirlarga (bu soʻzni kengroq maʼnoda oʻqing) talabim juda katta. Chunki bizning maʼrifatli xalqimizda Shoirga mudom shoirlikdan kattaroq talablar bilan qaralgan. Chunki ular hamisha muallimlik vazifalarini ham boʻyinlariga olganlar. Xalqning ogʻir kunlarida ular erku ozodlik uchun kurashga boshchilik qilganlar. Ularning kichkina odam boʻlishga haqlari yoʻq.

Shu paytgacha nashr etilgan katta-kichik kitoblaringizni koʻzdan kechirgan oʻquvchi ijodingizda “Alpomish” dostoni muhim oʻrin tutishini anglaydi. Doston taʼsirida goʻzal sheʼrlar, baxshiyonalar, keyinchalik kinodoston va hikoyalar yozdingiz. “Siz bilmaydigan zamonlarda” va “Gʻoz” nomli hikoyalarni oʻqiy turib, baxshi tugallagan joyda dostonni shoir davom ettirishi ham mumkin ekan deb oʻyladim. Nazarimda, Usmon Azim yuragida uning oʻz dostoni, oʻz “Alpomish”i bor va u shoir hayoti qadar davomiydir…

Alpomish haqidagi oʻqiganlaringizga “Alpomishning qaytishi” va yaqinda Milliy teatr sahnalashtirishni boshlagan “Tong otgan taraflarda” pyesalarini qoʻshib qoʻysangiz, roʻyxat toʻliqroq boʻladi. “Alpomish” dostoni mening jon-qonimga singigan. Oʻzim qoʻngʻirotlardanman. Buning ustiga boysunlikman. Bolaligimdan men bu dostonni baxshilardan eshitib, kitobdan oʻqib katta boʻlganman. Menga Alpomishning nevarasi ekanimni koʻp taʼkidlashgan. Hozir ham Alpomishning qoni tomirimda gupirib turganini har lahza his etaman. Yozish uchun, hayotga tik qarash uchun Alpomish boʻlish kerakligini ham aniq bilaman. Haqiqiy Adabiyotni faqat va faqat mard, halol odamlar yaratadi deb oʻylayman. Faqat Adabiyotning emas, hayotning hamma jabhasida Alpomish kerakligini tuyaman…

Odatda, shoirlar yoshi ulgʻaygani sayin mumtoz janrlarga murojaat eta boshlaydi. Gʻazallar, muxammaslar degandek… Sizda esa, aksincha, anʼanaviy sheʼrdan sal uzoqlashib, modernga yaqinroq uslubda yozayapsiz. Soʻnggi yillarda nashr etilgan “Kuz” va “Fonus” nomli sheʼriy toʻplamlaringizni oʻqib, shunday xulosaga kelish mumkin.

Men Xudo koʻnglimga qanday solsa, shunday yozaman. Anʼanaviy yozishni ham, zamonaviy yozishni maʼlum bir darajada udda qilaman. Shoir faqat bu tarzda yozishi lozim deb turib oladigan nodonlardan uzoqroq yuraman. Ular faqat qoʻlidan keladigan bir uslubni maqtashga kirishadilar. Mening nazarimda esa, shoir sheʼriyatdagi hamma yoʻnalishni oʻzlashtirgan boʻlishi kerak. Bu uning ijodida rang-baranglikka olib keladi.

“Modern” haqida. Bu soʻz koʻpincha oʻziga bino qoʻyish uchun ishlatilyapti. Bu soʻzdan meni ozod etishingizni soʻrayman. Men “izm-izm”lardan toʻygan odamman. Qariganimda qandaydir “dernchi” boʻlishdan Xudo saqlasin. Bu soʻzni boʻynimga olib, kimning oldiga boraman? “Jahon adabiyoti” jurnalida yaqinda gapirib berishdi. Oʻzini qaysidir bir yoʻnalishning yoʻlboshchisi deb eʼlon qilgan shoirga tarjima uchun sheʼrlar berishgan ekan, u bir necha kundan keyin sheʼrlarni qaytarib olib kelib shunday debdi: “Qofiyali sheʼrlar ekan, tarjima qilolmayman. Agar boʻlsa, qofiyasiz sheʼrlardan beringlar!..” Shumi shoir? Eshitgan quloqqa erish tuyuladi.

Siz sheʼrlarimda koʻrayotgan yangiliklar haqida aytsam, men yangilikka oʻch odamman. Ruhu qalbim juda yosh. Yutoqib, hapriqib yashayman. Birgina vujudimda juda koʻp shoir bor. Ularning hammasini kuylatgim keladi.

Sheʼr sheʼrdan tugʻiladi, degan fikr bor. Qolaversa, har qanday ijodkorning oʻz ilhomchisi boʻladi. Shu maʼnoda sermahsul shoir Usmon Azimning ilhomchilari hazilakam ijodkorlar boʻlmasa kerak? Kutubxonangizda siz qayta-qayta murojaat qiladigan kitoblar bormi va ular qaysilar?

Bu savolga aniq javob berolmayman. Men maʼlum bir guruh adibu shoirlarning ijodi bilan bogʻlanib qolmaganman. Oʻrgangan adiblarim nihoyatda koʻp. Alisher Navoiydan tortib Qodir baxshigacha, Homerdan tortib, deylik, zamonaviy gʻarb yozuvchilarigacha, turk shoirlaridan tortib mumtoz yaponu xitoy sheʼriyatigacha, rus adabiyotidan Amerika qitʼasi adabiyotigacha… Men asosan oʻquvchiman.

Kitoblardan ozmi-koʻpmi oʻqiganmiz: Abdurahmon Jomiy, Mavlono Lutfiy, Alisher Navoiy kabi shoirlar oʻz zamonasining axloq bobida benazir kishilari boʻlgan. Shoir va shoh Husayn Boyqaro “Risola” asarida Alisher Navoiyning axloq bobidagi komilligiga baho berib, hatto uni farishtaga tenglashtiradi. Undan keyingi zamonlarda ham ijod ahli axloq borasida boshqalarga oʻrnak boʻlgani aniq. Xoʻsh, bugun-chi? Bugun shoir desa, koʻpchilik sal telbanamo, koʻpincha sal shirakayf yuradigan, ust-boshi haminqadar odamni tasavvur qilishi odamga alam qiladi. Nahotki, ijod ahli birlashib bu munosabatni oʻzgartira olmasa? Umuman, ijodkor axloqi haqida qanday fikrdasiz?

Men ijodkor qiyofasini, yoki siz aytganday, “axloq”ini yozganlaridan izlayman. Duppa-durust odamlarning manfaat va mukofotlar yoʻlida, qilpanglab ijod qilishlari meni uyaltiradi. Adabiyot buzuq ayolday sotilmasligi kerak. Adabiyotning Parvardigor tomonidan berilgan vazifasi borligini his qilmogʻimiz zarur. Axir, shuning uchun ham isteʼdodlar dunyoga kelgani kelgan. Shoirning qanday kiyinishi haqidagi gap esa juda bahsli. Masalan, deylik, Mashrab, yoxud Maxmur qanday kiyingan ekan? Hozirgi shoirlarning kiyinishiga kelsak, mening davramdagi odamlar juda qoyilmaqom kiyinishadi. Albatta, gʻarb ijodkorlarining erkin va odmi kiyinishi tobora bizda ham rasm boʻlib bormoqda…

Ammo, tan olishimiz kerak, kiyinish ham insonning jamiyatdagi oʻrnini belgilab beradi. Ehtimol yozganiga munosib qalam haqi toʻlanmaydigan (yoki umuman toʻlanmaydigan) shoirlarning yaxshiroq kiyinishga moddiy ragʻbatlari yetmas. Bu juda oʻylab koʻriladigan masala. Hukumat qarori boʻlishidan qatʼiy nazar, nashriyotlar mualliflarga koʻrsatilgan qalam haqini toʻlashdan shu kungacha bosh tortib kelyaptilar. Keling, avval ishni birgalashib shundan boshlaylik.

Sharq sheʼriyatida azaldan inson ruhiyatidagi evrilishlarni tabiat manzaralariga uygʻun ravishda tasvirlash anʼanasi mavjud. Bunga sizning ijodingiz yaqqol misoldir. Bahor, yoz, kuz va qish manzaralari tasvirlangan koʻplab sheʼrlaringiz bor va ular bir-birini takrorlamaydi. Nazarimda, eng koʻp sheʼrlaringiz kuz haqida. Tiyramohning ilk kunlarida qogʻozga tushgan, hali hech kim oʻqimagan sheʼr jurnalxonlar uchun ajoyib sovgʻa boʻlar edi.

– Soʻnggi yozgan sheʼrim mana bu…

 

MAKTUB

 

Koʻchang boshida bir tol bor edi. Bormi? Xabar bergin.

Meni koʻrmoqqa zor erdi. Hanuz zormi? Xabar bergin.

 

Holing soʻrsam, ogʻib qismat xatarlarga ketar boʻldi.

Faqat tolning holidin, yor, xabar bersang, yetar boʻldi.

 

Yashnaganmi? Koʻkarganmi? Boʻyi necha quloch oʻldi?

Yoki oʻzga imoratga meningdek bir ogʻoch oʻldi?..

 

Suhbatdosh: Gulnoz MOʻMINOVA

 

“Yoshlik”, 2013 yil, 9-son

https://saviya.uz/hayot/suhbat/adabiyotni-halol-odamlar-yaratadi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x