(Yozuvchi Ahmad Aʼzamga ochiq xat)
Hozir, “Quroq”ni oʻqib tugatgach, taassurotimni ifodalab berishga soʻz topolmay turgan paytimda bir narsa xayolimga keldi: asaringizni oʻqiyotgan odamni kuzatish imkoni boʻlganmi Sizda? Afsuski, oʻqiyotgan paytimda yuzimda qanday ifoda boʻlganini, nima deb xitob qilganimni, qaysi joyida miriqib kulganimni, qayerida xazin tortib qolganimni koʻrganingiz yoʻq. Agar koʻra olganingizda, bular barchasi asaringizga berilgan chin baho boʻlar edi… Siz kabi soʻz ustasi boʻlganimda, nimalarni his qilganimu nimalar xayolimdan oʻtganini juda yaxshi ifodalab berolgan boʻlar edim… Hozir yozayotganlarim esa olaquroq qaydlar, xolos…
* * *
Bu asar menga “Oyning gardishi”ni eslatdi. Eshak mingan bola, maktabning olmasidan oʻgʻirlab yeyishi, quloqchoʻzar muallim, otangiz… Yoʻq, buni oʻzingizni takrorlagansiz degan maʼnoda aytmadim. Toʻgʻrirogʻi, “Oyning gardishi”ning yaratilishida qaysi xotiralarga tayanganingizni bilib oldim demoqchiman. Shunday, bu mening kasb kasalim, asar (“Oyning gardishi”)ning ijodiy tarixini bilish istagi bilan bogʻliq. “Oyning gardishi” boshqa bir olam. “Quroq”ning yuki ogʻirroqdek tuyuldi menga. Boshda shunchaki oʻyinqaroqlik bilan berilayotgan eshak haqidagi tasvirga asar oxiriga borib shunaqa jiddiy (hatto anchagina qaltis) mazmun yuklanishini, ochigʻi, kutmagandim. Ehtimol, boshqa bir odamda kutmagani sodir boʻlganligi oʻzgacha taassurot uygʻotar. Lekin men shundan keyin yana ortga qaradim: barcha xotiralarni birlashtiradigan, ularga umumiy bir ruh beradigan narsani yaqqolroq his qildim. Kutmagandim deyishim ham aslida unchalik toʻgʻri boʻlmas. Asarning boshlanishida, sinfdoshlarimning gaplarida menga taʼna bor edi, deganingizdayoq keyingi xotiralarni shunga mos tushunish, his qilishga tayyorlanganman (albatta, oʻzim sezib-sezmay). Keyin ham ora-orada oʻsha umumiy ruh, kayfiyatga kelib bogʻlanayotgan iplarni sezib turdim. Biroq aynan eshak obraziga shunaqa jiddiy mazmun, shunaqa ogʻir yuk ortishingizni kutmagandim. Chunki bu shunchaki bir eshak, bolaligingizda minib yurgan, xotiralaringizdagi bir detal edi, xolos-da, men uchun.
* * *
…Ey Xudoyim, qachon bunaqa kulgandim-a?! Yoʻq, meni bunaqa kuldirgan joyini koʻchirma qilib keltirolmayman, mana bu joyi deb ham aytolmayman, yoʻq…
* * *
“Shu chopishim bir umrlik ekan, bir umr odamlar orasida yashab, bir umrki ularga tomon yuguraman”. Yolgʻizlik haqida aytganlaringiz odamni oʻylantiradi. Yuz yil, ming yildan beri yolgʻizlikdan qochib qutulolmadim, yoʻq, qancha oʻylasam ham, sababini, oxirini, nimaligini oʻylab, ming bor tahlildan oʻtkazsam ham undan qutulolmadim… Ehtimol ana shu oʻylovlar jarayonining oʻzi meni odamlardan uzoqlatib, yanayam yolgʻizlatib qoʻyayotgandir…
* * *
Hashar sahnasi koʻp narsani ochib beradi. Hamqishloqlarni yashab turgan hayotidan uyalishga majbur qilgansiz, bunda sizning aybingiz yoʻq, lekin turish-turmushingizning oʻzi shuni taʼkidlab turaveradi. Oʻz hayotidan qoniqmasliklari kerakligiga ishora qilib turaveradi.
Chiqib ketgan odamning faqat oʻzi emas, hamqishloqlari ham oʻzgaradi. Oʻzingdagi oʻzgarishni yengib qishloqqa borsang ham, ulardagi oʻzgarishni yengolmaysan, nedir qayta uygʻunlikka yoʻl bermaydi. Mana shu oʻzinikilarga begonalik, yolgʻizlik kayfiyati qishloqdan shaharga kelib qolgan yolgʻiz odamlarni birlashtiradigan kayfiyatmikan, degan oʻylarga boraman…
Begonasiratgan narsa, nima oʻzi shu? Oʻzing ham kechagina ularning biri eding, qishloqdagi shu turish-turmushni tabiiy deb bilarding. Endi esa bunga hech oʻzgarmasligi kerak narsa deb qarayolmaysan. Shunday qarayolmasligingni sezishadi, sening koʻzing bilan oʻz hayotlariga qarash yoqmaydi, sen tufayli oʻz turmushini meʼyorga zid holat deb qarash birovga yoqarmidi?
Odamlardan oldinlab ketish ham begonasiratadi, yolgʻizlatadi. Qiziq… Yoʻq, odamga alam qiladi: dardini oʻzingniki deb bilganlaring sendan begonasirashadi, turish-turmushing oʻzgargani bilan iching, ruhing, koʻngling oʻzgarmaganini sezishmaydimi?
* * *
Yozganlarimni oʻqib dadam hamisha “tanqid qilmabsan, yaxshi qilibsan”, deydilar. Meni atayin tanqid qilmaslikka harakat qiladi, deb oʻylasalar kerak. Aslida esa doim asarni bir butun holida koʻrishga, qabul qilishga intilaman. Har qanday asarning qaysidir qismi, epizodi, obraz talqini kimdir boshqa birovda tanqidiy fikr uygʻotar. Lekin men oʻzimga yoqqan asarning har bir qismi, epizodi, obrazlari, uslubi… va boshqa barcha jihatlarini bir butunlikda his qilish, anglashga uringanim uchun tanqid faqat oʻzimga nisbatan boʻlishi mumkin. Chunki asarning oʻzim yaxshi anglamagan jihatini ayb qilib yozuvchining zimmasiga yuklasam boʻlmaydi.
“Quroq”da, masalan, asarning yarmigacha voqealar tafsilotlari keng berilgan, yarmidan oʻtgach xotiralar tigʻizlashibroq boradi, tafsilotlar kamayadi. Bu oʻzgarish har kimga har xil taʼsir qilishi mumkin. Men uchun esa bu holat ham tabiiy. Odatda eski tanishlar uchrashib qolganida shunaqa boʻladi: avvaliga voqealarni tafsilotlari bilan birgalikda eslanadi, keyin har kim esiga tushganini bir-bir aytadiyu tafsilotlarga hojat qolmaydi, ozgina ishora bilan koʻ-oʻ-oʻp narsalar xotiraga kelaveradi…
* * *
“Quroq”dan kelib chiqadigan asosiy gapni aytolganim yoʻq. Buni ikki ogʻiz gap bilan aytolmayman. Qishloqning, shu bir qishloq timsolida, misolida oʻzbekning, millatning, xalqning DARDi oʻzgacha bir yoʻsinda ifodasini topibdi. Talqin ham boshqacha, lekin toʻgʻri talqin, oʻz bolaligi bilan, oʻzining chin xotiralari bilan dalil keltirib turgan odamga eʼtiroz yoʻq. Dalil keltirayotganingiz uchun faqat sizga eʼtirozim yoʻq, desam toʻgʻri boʻlmaydi. Xotiralaringiz meniyam ortga qarashga majbur qildi, oʻzim koʻrgan-bilganlarimga ham boshqacha qarashga undadi. Agar eʼtiroz qilmoqchi boʻlsam, sizgagina emas, oʻzimga, oʻzimning bilganlarimga ham qarshi chiqishim kerak boʻladi. Bu esa mumkin emas.
Boshqa odam yozganida, ehtimol, koʻp yigʻlatgan boʻlardi, lekin siz yozganingiz ilojsiz holat haqidagisi ham odamga qanaqadir kuch beradi, odamning yolgʻiz emasligini eslatib turadi.
* * *
Asarning tili juda ajoyib. Menga juda yoqqanini his qilib turibmanu lekin taʼriflab aytib berishim qiyin. “Quroq”ning tili juda ravon, erkin. Xotiralar biri ikkinchisiga zanjir boʻlib bogʻlanib ketgan. Bir voqeada eslangan detal boshqa xotirani tabiiy ravishda yetaklab kelyapti.
“Quroq” bilan Oybekning “Bolalig”i, A. Qahhorning “Oʻtmishdan ertaklar”i, Gʻ. Gʻulomning “Shum bola”si oʻrtasida umumiyliklar koʻryapman (buni aslo takror deb tushunmang, yana kasb kasalim boshlandi). Bu umumiylik, avvalo, bolalik haqida asar yozishdagi shaxsiy, psixologik ehtiyoj bilan bogʻliq. Yana nimalarnidir aytmoqchi boʻlyapman-u, lekin gaplarim oʻta ilmiylashib, quruqlashib ketmasin. Har holda, bir narsani aniq aytishim kerak – men “Quroq”da Oybek, A. Qahhor, Gʻ. Gʻulomniki kabi avtobiografik xarakterdagi qissani koʻrdim.
* * *
Xullas, juda maza qilib, zavq bilan oʻqidim. Bu zavq uchun sizga katta rahmat, Ahmad aka!
Mashhura SHERALIYEVA
“Yoshlik”, 2013 yil, 9-son
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/quroq-haqida-olaquroq-qaydlar/