KETDING
Befarq oʻtib ketding necha bor,
Senday befarq oʻtib ketdi oy.
Sen va oy boqmagan koʻzlarga,
Hatto bahor berolmas chiroy.
Kapalakday yashil koʻylakda,
Osmoningda uchardim sassiz.
Oʻn sakkizda chiqqandim yoʻlga,
Oʻttizda ham turibman yolgʻiz.
Mayli, boqma koʻzlarimga tik,
Men tomonga topsang agar yoʻl.
Kelganingni aytmoqchi boʻlsang,
Ostonamga sochib ketgin gul.
SIZDAN OLISDA
Yoʻlingizga chiqmadim peshvoz,
Bilolmadim nima qilishni.
Axir sizdan olisda ming yil,
Orzu qildim baxtli boʻlishni.
Baxtsizlikdan qoʻrqib yashadim,
Sizni koʻrmay erta soʻlishdan.
Ne uchundir bugun azizim,
Qoʻrqayapman baxtli boʻlishdan.
VAQT
Sochlarimga oq tushib bir kun,
Xayrlashmay ketar yoshligim.
Ilk bor tunda sheʼr aytmay xasta,
Yomgʻir kuyin tinglagayman jim.
Yuzlarimga tushar – gul, ajin,
Arz qilolmam shunda hech kimga.
Ne qilsa ham qilar-ku vaqt, lek
Rahna sololmaydi sevgimga.
SAVOL
Ming shukur, til berib soʻzlatib qoʻyding,
Oʻzimni oʻzimdan izlatib qoʻyding.
Men gumroh oʻzimni topdim deganda,
Koʻnglimni kimlarga yuzlatib qoʻyding?
KETSANGIZ…
Koʻnglima olovlar yoqib keldingiz,
Poyima daryoday oqib keldingiz,
Boshimda bulutday boqib keldingiz,
Bahorda gullamas bogʻ boʻlib qoldim.
Bulutni boshimdan koʻchirib keting,
Daryoni shamolga ichirib keting,
Ketsangiz olovni oʻchirib keting,
Kulning tagidagi choʻgʻ boʻlib qolmay.
ISHONCH
Bir kuni bilasiz,
Yogʻayotgan yomgʻir emasligini,
Toʻxtamaganini koʻzimdagi yosh.
Bir kuni bilasiz,
Botayotgan quyosh emasligini,
Qattiq emasligin koʻksimdagi tosh.
FARISHTA AYOL
Magʻrur turgan qishgi bogʻlarning,
Koʻksin yordi pishqirgan shamol.
Bir ayolning mahzun sevgisi,
Tun bagʻriga kelganda malol.
Sochlarida yomgʻir tomchisi,
Gunohlarin yuvib kuyladi.
Oʻziniki emas gʻami ham,
Shamolniki edi koʻylagi.
Bulut boʻlib koʻkda kezdi u,
Qoʻlida suv, koʻksida olov.
Uning yonishlari oldida,
Qaqnuslar ham berolmadi dov.
Togʻlar boshi egilib qoldi,
Daryo toʻldi ayol sabriga.
U gul ekib qaytib ketdi jim,
Muhabbatning ochiq qabriga.
QALB KOʻZIM
Hali sendan umidlarim koʻp,
Baxt yogʻilar boshingdan toʻp-toʻp,
Yashaydirman men ham koʻnglim toʻq,
Yassaviylar tugʻib ber, singlim.
Tilin tishlab qolsin gʻayrlar,
Odam sotib, otib – boyirlar,
Boshini tik tutsin shoirlar,
Mir Alisher tugʻib ber, singlim.
Oʻzak tomir – nurli tuprogʻda,
Chingizxonni qoldirdi dogʻda,
Choʻktirsa-da onaizorin,
Jaloliddin tugʻib ber, singlim.
Boychiborim, sen ham oʻksima,
Qolib ketdik kimlar nuqsiga?
Shamol tegsin Barchin koʻksiga,
Alpomishlar tugʻib ber, singlim.
Imonimga berar zeb, oro,
Suvlaridan jannatdir sahro,
Har bir gʻishti tillo Buxoro,
Ibn Sino tugʻib ber, singlim.
Ravshan tortsin mudom qalb koʻzim,
Yorugʻ boʻlsin, ey Xudo, yuzim,
Doya boʻlay senga men oʻzim,
Toʻmarisni tugʻib ber, singlim.
Hali sendan umidlarim koʻp…
* * *
Zoʻr shoir boʻlmasman, balki azizim,
Yolgʻonlar, boʻhtonlar, yovlardan bezib.
Lek sening oldingda qilaman taʼzim,
Tayyorman chiqishga dunyoni kezib.
Zoʻr shoir boʻlmasman, balki azizim,
Har yerda shahdi zoʻr boʻlganga qiyin.
Lek ishqing osmoni quyoshi boʻlib,
Bedor yuraklarga botmogʻim tayin.
Zoʻr shoir boʻlmasman, balki azizim,
Dardimni tishimda tishlay olaman.
Lek bilsang soʻnggi dam, ketar chogʻda ham,
Qoʻlingdan qattiqroq ushlay olaman.
Farogʻat XUDOYQULOVA
“Yoshlik”, 2013 yil, 10-son
https://saviya.uz/ijod/nazm/yomgir-kuyin-tinglagayman-jim/