ShUKURLI BANDA YOXUD JANAQUL MISKAR
Turmushim kechar tinchgina joyda,
Jilmayib yashash – umrga foyda,
Gunohlarim bor maydadan mayda,
Savoblarim ham shunga yarasha.
Bir hovuchgina xushnud chogʻlarim,
Nuqradekkina koʻngil dogʻlarim,
Unsizginadir chekkan ohlarim,
Xitoblarim ham shunga yarasha.
Bori xazinam – qizu oʻgʻlonim,
Xotinga shirin gapim – ehsonim,
Doʻkonchi ayol men uchun “xonim”,
“Janob”larim ham shunga yarasha.
Tunlar ichimda guvillar shamol,
Qumlardek toʻzar boshimda xayol,
Hiringlar yuz xil jaydari savol,
Javoblarim ham shunga yarasha.
Tozadir koʻnglim, metin toqatim,
Shundan kunma-kun chopar omadim,
Bozorim nechogʻ yursa – rohatim,
Azoblarim ham shunga yarasha.
QUTLUGʻ MAKON
Koʻp oshiqma, yuragim,
Yerni toʻpdek quchmoqqa.
Bor qitʼaning ustida
Tarlon boʻlib uchmoqqa.
Garchi charxda bir parcha,
Ayrilma shu kulbadan.
Yiroqlarda biz uchun
Na faxr bor, na Vatan.
U
Koʻzgudagi – shunchaki aksim,
Qistamang, U ovqat yemaydi.
Ming tahqirlang, turaverar jim,
Ming savalang, gʻiring demaydi.
Yotdir unga ogʻriq, oʻch, gʻazab,
Gap chaqmaydi, tarqatmas igʻvo.
Tilaydi na hasham, na mansab,
Kerak emas hatto suv, havo.
Qoʻrquv, huzur, hayratdan judo,
Taʼmni bilmas, sezmaydi isni.
Yo farishta, hissiz kesak yo,
Bolish tishlab oʻylamas qizni.
Qarz soʻramas, qarz ham bermas U,
Qilmas taʼma, qilmas iltimos.
Orzulamas, ketmas, bezmas U,
Bor olami shu oynak xolos…
Adashtirmang, U – faqat aksim,
Koʻzgudagi aksim sheʼr yozmas…
OLIY FASL
Bahra olgay sochin oqidan
Paygʻambar yoshiga yetganlar.
Odimlar royishlar bogʻida
Paygʻambar yoshiga yetganlar.
Ortdagi yoʻllarga jim boʻylar,
Hadisdan keltirib gap soʻylar,
Paygʻambar yosh ketgan deb oʻylar
Paygʻambar yoshiga yetganlar.
Nazdida – keksa u az-azal,
Umrining har kuni tavakkal,
Goʻyo bor ishlarin qilgan hal
Paygʻambar yoshiga yetganlar.
Fikri qut bor boʻlgan joydadir,
El bilan azada, toʻydadir,
Tinch boʻlsin yurt degan oʻydadir
Paygʻambar yoshiga yetganlar.
Mol-davlat oldida past boʻlmas,
Koʻnglida hech kimga qasd boʻlmas,
Shaytoniy hirslardan mast boʻlmas
Paygʻambar yoshiga yetganlar.
Har soʻzi duoga aylangay,
Kundalik rizqiga boylangay,
Bundan koʻp yashashga iymangay
Paygʻambar yoshiga yetganlar.
* * *
Yigitdirman, shartingni ayt, yor,
Ne istasang, kelar qoʻlimdan.
Erkaklik lafz bois barqaror,
Oriyat deb qaytmam oʻlimdan.
Oʻylab gapir faqat maʼni-la,
Shartlaringda boʻlsin diyonat:
Dogʻ tushirmay xalqim shaʼniga,
Qilmasam bas yurtga xiyonat.
KUNTUGʻDI TONGI
Jilgʻalarda irgʻishlar yomgʻir,
Tomni chertar toʻzgan jin misol.
Quvgʻin boʻlgan tomchilar oxir
Koʻlmaklarda topishar visol.
Koʻribsizki, parquv oʻtloqlar
Misli goʻdak ivitgan koʻrpa.
“Beshqarsak”ka oʻynar yaproqlar,
Kelinchakdek soch yuvar arpa.
Dildirashib shilta koʻylakda,
Toʻlpoq qizlar boqishar xumor.
Dehqon bobo siniq oynakdan
Nazar tashlar koʻkka minnatdor…
Yuragimda irgʻishlar hislar…
OʻTAR-KETAR DUNYo
Bu dunyoda yasharlar bir bor…
Sergey Yesenin.
Bir bor yashar dunyoda
Shahanshohlar, gadolar.
Shodonlaru adolar
Bir bor yashar dunyoda.
Inisin shod quchgan ham,
Mol deb undan kechgan ham,
Ichmagan ham, ichgan ham
Bir bor yashar dunyoda.
Yurt deb oʻyga botganlar,
Yurtin oshga sotganlar,
Gʻam tortmagan, tortganlar
Bir bor yashar dunyoda.
Chiqib asta kulbadan,
Yonimga kel, gulbadan,
Qiz va shoir, jumladan,
Bir bor yashar dunyoda.
IGNABARG SHEʼRLAR
Kezdim xayol avtobusida.
* * *
– Yuragingni birpas berib tu-u-r…
* * *
Kim bu qoʻshkoʻz fotoapparat?!
* * *
– Kasalxona, sogʻliging qalay?
* * *
Bor topgani – koʻnglidagi kir.
* * *
Kutmaganim tund fasl keldi,
Bunda hatto oʻy surmoq ogʻir.
Tuygʻularim yam-yashil edi,
Soʻlgʻinlanib sargʻaydi oxir.
Bir-bir ezib oʻtarlar endi…
* * *
Nuqul tunda menga yor boʻldi qalam,
Oʻzimni zindonga tashlagandekman.
Ijod chin umrimdir,
Qilsak uni jam,
Bor-yoʻgʻi bir kecha yashagandekman.
OʻZLIGI BOR SOQQA
Men – kazino qimor soqqasi,
Aylanaman gʻildirakka ters.
Izimdan koʻz uzmay boqasiz,
Turxatingiz boʻlganicha bez.
Garchi quvonch sochmoqqa shayman,
Gar hushim yoʻq alamingizga.
Har gal “xoʻp” deb tushavermayman
Siz istagan raqamingizga.
HABIBIY
Doʻstlarim, marmar-la bermangiz sayqal,
Qabrim ham koʻrinsin oʻzimdek sodda.
Yurtga kerak boʻlsam – shu oʻzi haykal,
Elga aziz boʻlsam – saqlashar yodda.
TUYGʻU JILOLARI
Sheʼrlarim bor, eslatar –
Jikki oʻsmir qiligʻin.
Qoʻzgʻatadi hattoki
Alvastining qitigʻin.
Dilim birda pokligu
Ezgulikning gadoyi…
Shariatan qolipli
Har sheʼrim – bir xudoyi.
Anvar OBIDJON
“Yoshlik”, 2013 yil, 10-son
https://saviya.uz/ijod/nazm/yurtga-kerak-bolsam-shu-ozi-haykal/