Birinchi SMS toʻyning ikkinchi kuni ertalab, Zebo kelinlik libosida oʻzini biroz oʻngʻaysiz sezib, hovli sahniga olachalpoq qilib suv sepayotganida keldi.
“Tabriklayman. Bir-biringizga juda monandsizlar. Havasim keldi. Baxtli boʻlinglar. Qani endi, menga ham sizdek bir goʻzal qiz uchrasa”.
Zebo kim tabriklayotganini bilmasa-da, koʻngli biroz yorishdi. Toʻy chiroyli oʻtdi, ammo koʻnglida ozroq xavotir ham yoʻq emasdi. Javlon bilan tanishganiga, aniqrogʻi, tanishtirishganiga uncha koʻp boʻlgani yoʻq. Durustroq gaplashishga ulgurishmadi ham. Kuyov nomdor firmada ishlar ekan, uchrashuvga chiqishga arang vaqt topdi. Onasiga: “Men u bolani yaxshi bilmasam…” degan edi, “Toʻydan keyin bir-biringizni yaxshilab bilib olasizlar, vaqtingiz yetib ortadi”, deyishdi. Sinfdoshlaridan birini xushlab yurardi, ayta olmadi ham.
Toʻyni tezlashtirishdi. Kuyovning singlisi chet elga ketishi kerak ekan. Qiz tomonning: “Biroz vaqt beringlar, uyimizni taʼmirlayotgandik”, degan gapiga hech kim quloq tutmadi.
Ikki kun avval hashamatli “Orzu” kafesiga odam sigʻmay ketdi. Oʻziyam, aytilgan bir kishi oʻrniga uch kishi keldi-yov. Kelinning qulogʻiga: “Sanʼatkorlar navbat kutib qolishdi, ana, bittasi arazlab ketvordi”, degan gap chalindi.
Qistir-qistir avjiga chiqdi. Varyettechi qizlar avval oʻrtadagi sahnada raqsga tushishdi, keyinroq davra aylanib, shunaqangi muqom qilishdiki…
Zebo, yangalari tayinlaganlaridek, ibo bilan, odamlarga qaramay, kazo-kazo odamlar qutlov soʻzlari aytishganida, kuyov bilan birga oʻrnidan turib, toʻy adogʻida juda horidi. Tomogʻi qaqrab ketdi. Shundoqqina oldida turli sharbatlar turibdi, ammo dasturxonga qoʻl uzatsam yaxshi boʻlmas, deya sabr qildi.
Bir-ikki Javlonga oʻgirilib qaragisi keldi. Yomon yigitga oʻxshamaydi. Hurmati joyida shekilli, shu yerning oʻzida ham toʻyona yigʻib ulgurmayapti. Hozir ortiqcha qiligʻi yoʻq yigitlarni topish hammaga ham nasib qilavermaydi. Omad deganlari shu boʻlsa kerak-da…
Kuyov yonida oʻtirgan kelinchakka uncha eʼtibor bermadi. Kuyovjoʻra bilan allanimalarni pichirlashib oʻtirishdi. Ora-chira qoʻl telefoniga javob berib, “rahmat-rahmat” dedi, kimlargadir topshiriq berdi, bittasiga: “Hoʻ maraz, sanga ertagacha srok, olib kelmasang, bilasan-a, yanchib tashlayman”, deya doʻq urdi.
“Oʻzini tutib oʻtiribdi, shunisi yaxshi”, deb oʻyladi Zebo.
* * *
Oradan ikki kun oʻtib, yana SMS keldi.
“Kecha azonda nahor oshga ketaturib, koʻzim tushib qoldi. Qaynonalar kelinchaklarni sira ayashmaydi-da. Tongda koʻchani supurish shartmi? Qaddi-qomatingizga supurgi yarashmabdi. Oʻzingizni ehtiyot qiling. Kuyovbolaga hali koʻp kerak boʻlasiz”.
Erta-azonda kelin boʻlib tushgan hovlini supurish qizlarning qulogʻiga juda erta quyiladi. Zebo buni yaxshi biladi. Ammo shundoq ham kech yotib, saharmardonda turish qiyin boʻlarkan. Shularni oʻylab turganida, notanish kishining bu tasallisi yoqib tushdi. Shu yaqin-atrofda yashaydigan qoʻshnilardan boʻlsa kerak. Telefon raqamini qayerdan bila qoldiykin?..
Oʻylab oʻyiga yeta olmadi, Javlon “Choyni oyimlar bilan birga ichamiz”, deganida xayoli boʻlindi. Ichkariga kirib, kiyimini oʻzgartirdi, bigʻillab qaynayotgan samovarni koʻtarib, soʻri tomonga yurdi.
Keyingi hafta tigʻiz oʻtdi. Kuyovning qarindoshlari oʻziga toʻq kishilar ekan, biri qoʻyib, ikkinchisi kelinchakni yoʻqlab kelishdi.
* * *
Javlon uch-toʻrt kunga viloyatlardan biriga xizmat safariga ketdi.
SMS keldi.
“Zebo, zerikmayapsizmi? Kafeda sizlarni koʻrib, toʻgʻrisi, mening ham uylangim kelib ketdi. Javlondan bir yosh kichikman. Biznesni birga boshlaganmiz. Ichidan pishgan bola. Oʻzidan soʻrab yurmang. Rashki yomon, sizni xafa qilib qoʻymasin tagʻin…”.
Kafeda oʻtirishganini koʻribdi-da. Kecha Javlon ikkovi kechgi ovqatdan keyin, ochiq havoda biroz aylanamiz deya koʻchaga chiqishgandi. Yangi ochilgan kafe ekan, bir chetda oʻtirib, muzqaymoq yeyishdi. Katta zalda nikoh bazmi boshlanib, tez chiqib ketishdi. Shu ham oshkor boʻlibdi-da. Mahallaninng shunisi yomon, chumchuq bir shoxdan ikkinchisiga oʻtsa, yetti xonadon eshitadi. “Rashki yomon…”. Qiziq, bu pismiqdan hali koʻp gap eshitaman shekilli…
Pismiq uzoq kuttirmadi.
“Zebo, bugun sizni atlas koʻylakda koʻrib, hushimni yoʻqotayozdim. Dunyo dunyo boʻlganidan beri hali hech bir kelinchak bu qadar latofatli koʻrinmagan. Atlas sizni emas, siz atlasni bezabsiz. Menga qolsa, shu koʻylakdan boshqasini kiymang… Ammo men kimman, bir bechoraman, bunday deyishga haqqim yoʻq…”.
Ana xolos! Bu “bechora” haddidan osha boshladi-ku. Nima, qaysi koʻylagimni kiyishni undan soʻrashim kerakmi? – Zebo avvvaliga biroz achchiqlanganday boʻldi. Hovlidagi yumushini tashlab, beixtiyor yotoqxonaga qarab yurdi. Ichkariga kirib… atlas koʻylagini qoʻliga oldi. Kiydi. Oyna oldiga keldi. “Dunyo dunyo boʻlganidan beri hali hech bir kelinchakka nasib etmagan latofatni” oʻz koʻzi bilan koʻrmoqchi boʻldi.
Koʻrdi ham.
Chiroyi ancha ochilgan. Qizgʻish, loʻppi yonoqlari oʻziga ham yoqib ketdi. Qoshlari bir nimadan choʻchib, uchishga chogʻlanayotgan qushlarday, hurkib turibdi.
Koʻzlariga tikildi. Koʻzlaridan soʻradi: chindan ham chiroylimanmi, yigitlar hushini yoʻqotishi rostmi?
Oʻzi javob qildi: rost, chiroy boʻlsa shunchalik boʻladi-da.
Ammo…
Atlas koʻylagini kiyib, nonushta hozirlayotganida Javlon oldidan ketmadi, qarashib turdi, oyisiga koʻrsatmay, belidan quchib, erkaladi, yonoqlaridan boʻsa oldi, lekin “Koʻylaging yarashibdi” demadi. Oʻzi ham: “Koʻylagim yarashibdimi?”, deb soʻramadi. Soʻrasa aytarmidi. Aytardi.
Zebo SMSni oʻchirishdan oldin yana bir marta oʻqidi va… yoqimli hayajon bilan entikib qoʻydi.
* * *
Javlon haqida oʻylay boshladi.
Birga yashashayotganiga oʻn kundan oshdi. Ochilib bir gaplashishgani yoʻq. Koʻproq ishini oʻylaydi. Yolgʻiz qolishganida bir-ikki bagʻriga bosganday boʻladi, durustroq erkalamaydi ham, gaplari endi qovushganida sabil qolgur telefon jiringlab qoladi: “Eshitaman, alaykum assalom, xoʻsh, pishdimi? Nima, qaytarvor, nasiyaga beradigan ahmoq yoʻq. He, manga qara…”.
Shunga oʻxshash gaplar.
Yana entikdi. Bunisi endi sal boshqacha entikish boʻldi. Xayoliga “Erim menga beparvomi?” degan savol keldi.
Shu savol, oʻzi bilan birga ancha-muncha narsani boshlab keldi. Nahotki…
Kun boʻyi oʻziga oʻxshamay yurdi.
* * *
SMS keldi.
“Zebo. Meni kechiring. Sizni aldadim, yaxshi ish qilmadim. Hammasini tushuntirib beraman. Menga ishoning. Habib”.
Bunisi endi hammasidan oshib tushdi.
“Sizni aldadim…”. Nima degani bu? Kim oʻzi bu Habib degani? Nega mendan kechirim soʻrayapti?
Fikri algʻov-dalgʻov boʻlib ketdi.
Ertalab nonushta payti, qoʻlidan piyola tushib sindi. Tushlikda qozon qusdi, moshxoʻrda emas, qora atalaning oʻzi boʻldi.
Qaynonasi piyola singanida: “Mayli-mayli, kelgan balo-qazo shunga ursin”, dedi. Ammo Zeboning ichidan kelayotgan ovoz bunday demadi.
Boshqacha gap qildi.
Zebo toʻyqus-toʻyqus telefoniga qaraydigan boʻlib qoldi.
* * *
Ikki kun oʻtdi.
Javlon xizmat safaridan qaytib keldi. Xotinini bilinar-bilinmas oʻpdi. Bor-yoʻgʻi bitta soʻz aytdi: “Yaxshimisiz”. Shuni ham nomigagina, yarim ovoz bilan, onasi: “Bor, xotiningning oldiga kir”, deganidan keyin aytdi.
Bu Zeboga kamlik qildi. Hech boʻlmasa: “Sogʻindim” desa boʻlardi. Demadi. Yasan-tusaniga eʼtibor ham qilmadi. Telefonga zoʻr berdi.
“Allo, alaykim salom, ha, keldim. Nima gaplar? A? Hali ham ivirsib yuribsanlarmi? Vey, menga qara…”.
Xotiniga “Menga qara” demadi. Shunisi alam qilib ketdi.
* * *
SMS keldi.
“Zebo, privetik, kak tiʼ…”.
Maktabda birga oʻqigan dugonasi ekan. Dubayga ketuvdi. Zoʻr narsalar olib kelganmish.
Koʻziga zoʻr narsalar emas, boshqa narsalar koʻrindi. Idish yuvayotganida SMS keldi. Dugonasi: “Biror narsa olsang, biznikiga kel”, debdi.
Hayoliga “Habib emas ekan” degan gap keldi. Badani seskandi. Nima, undan maktub kutyaptimi? Yoʻgʻ-e, nega kutsin, shunchaki…
Zebo “Kutayotganim yoʻq”, deya oʻzini oʻzi ishontirishga behuda urinayotganini bilib turardi. Ammo buni tan olgisi kelmasdi. Bunday paytda xayolni bir joyga yigʻish juda mushkul.
Xotining bu holatini sezdi chogʻi, Javlon unga tikilibroq qaradi. Hech nima demay shundoq qaradi. Bir nima desa yengilroq boʻlarmidi.
Zebo taraddudlanib qoldi. Beixtiyor javob qilishga shaylandi, baxt qushi qanotida osmonda uchib yurgan ayollarday jilmayishga harakat qildi. Oʻxshamadi. Tamomila teskarisi boʻldi.
Javlon xotinining yoniga yaqinroq kelib: “Biror narsadan xafamisiz, yo oyim…” dedi.
Sal nariroqdan turib aytsa ham boʻlardi shu gapni. Yoniga kelib, koʻziga qarab dedi.
Eri sezmadi, yo sezsa ham oʻzini sezmaganlikka oldi: Zeboning badani titrayotgandi.
Badan titrashi nimaligini bilasizmi? Bunday paytda birovning koʻziga qarash oson emas.
Kechqurun Javlon mahalla choyxonasiga chiqib ketdi.
* * *
SMS keldi.
“Zebo, endi aytmasam boʻlmaydi. Yuragim qon boʻlib ketdi. Oʻzim haqimda avval yozgan gaplarimning hammasi yolgʻon. Javlon bilan tanish emasmiz. Uni toʻy kuni koʻrdim. Asli, men noshudlik qildim. Baxtimni qoʻldan chiqardim. Siz… meniki boʻlishingiz kerak edi… Oʻzim yaratgan qora taqdirga tan berishdan boshqa choram yoʻq endi. Yagona yupanchim – Sizning baxtingiz. Ammo… baxtli boʻlarmikinsiz…”.
* * *
“Kelin, chiqa qoling…”.
Zebo qaynonasining ovozini eshitibgina oʻziga keldi.
Qaynona qoʻrqib ketdi.
Voy kelin, tuzukmisiz, nima boʻldi sizga? Biror joyingiz…
Qaynona Javlonning uchta akasini uylantirib, uyli-joyli qilgan, birdan tutib qoladigan ogʻriqlarni koʻp koʻrgan ayol edi. Shu bois, xayoli yaxshi tomonlarga qochdi. Savolini takrorladi:
– Voy shoʻrim, rangingizda rang qolmabdi-ku, tinchlikmi oʻzi?
Zebo bir ogʻiz “Tuzukman oyi” desa boʻlardi, shunga ham tili kelmadi. Ayb ish qilib qoʻygan boladay turib qoldi.
– Voy, boʻyginangdan oʻrgilay, oʻzimning asal kelinim, kirib yoting, charchabsiz shekilli…
“Asal kelin” shundagina:
– Yoʻq oyijon, yaxshiman, haligi, sal…, – deya oldi, xolos.
* * *
Oʻsha kuni tong qiynalib otdi. Oqarmay, boʻzarib turaversa qiyin ekan.
Zebo toʻlgʻonib chiqdi.
“Kim boʻldi bu Habib degani? Maktabda bunday bola yoʻq edi-ku? Maqsadi nima? Yo uyimni buzmoqchimi?
Javlon pishillab uxladi. Yarim kechada turib, choynakda qolgan choyni jumragidan xoʻrillatib ichdi. Xotinining holatini sezmadi.
Nonushta payti oralaridan kichginagina “ola mushukcha” oʻtdi.
Bexosdan oʻtdi.
– Zebo, mendan xafamisan? – dedi Javlon kutilmaganda.
– Voy, nega unaqa deysiz, xafa emasman, – dedi Zebo kulimsirab. Ammo kulgisi oʻxshamadi. Bu dunyoda oʻxshamagan kulgidan koʻra yoqimsiz narsa yoʻq. Xuddi shunday boʻldi. Kulgisigina emas, keyingi gapi ham pishiq chiqmadi:
– Oyim juda mehribonlar…
Bu gap Javlonning ensasini qotirdi. Chunki u onasini bafurja tinglab ulgurgan edi.
– Mendan nimanidir yashirayotganga oʻxshaysiz?
– Voy, Javlon aka, nimani ham yashirardim, hammasi joyida.
– Joyida boʻlsa, nega ovozing titrab, gʻalati boʻlib oʻtiribsan?
Xullas, oilada “ola mushukcha” paydo boʻldi.
Koʻchada, qaysidir muyulishda esa, Zeboning nazdida, “katta ola mushuk” voqealar rivojini kuzatib turardi…
* * *
Oradan ikki kun oʻtdi.
Eslagulik voqea yuz bermadi desa ham boʻladi.
Faqat bir narsa: Javlon gapni boshlashga boshladi-yu, davom ettirmadi. Hech narsa boʻlmaganday, ertalab nonushta qildi, ishiga otlandi. Kechqurun Zeboga bir-bir qarab qoʻyganini aytmasa, oʻzini xotirjam tutdi.
Zebo boʻlsa, birovning hovlisiga kirib qolgan qoʻzichoqday, uyda, hovlida oʻziga joy topa olmaydi. Nimanidir kutadi, toʻgʻrirogʻi, sodir boʻlishi mumkin boʻlgan voqeani, shu bois, ehtiyotkorlik qiladi.
Ehtiyotkorlik qilgani sari…
Bu hayotda tavakkalchilardan koʻra ehtiyotkorlar koʻproq qoqilishadi. Qani, birorta donishmand buning sababini izohlab bersin-chi?
* * *
Oralaridan “ola mushuk” oʻtgan kuni Zebo qaynonasidan soʻrab, ikki koʻcha naridagi dugonasinikiga borib keldi. Aslida, borgisi yoʻq edi. Ammo oʻziga ham nomaʼlum boʻlgan ichki bir kuch uni tashqariga yulqib olib chiqdi.
Hali hech qachon bunday ahvolga tushmagandi. Koʻchada duch kelgan odamga, albatta yoshrogʻiga, zimdan, oʻgʻrincha razm soladi. “Yoʻq, bu emas, bu emas, bu ham emas. Balkim hu anudir. Yoʻq, oʻxshamaydi…”.
Qaytishda ham shu ahvol.
Bunday holatga duch kelmagan odamga tushuntirish qiyin: izlaysiz, qidirasiz, ammo nimani izlayotganingizni, kimni qidirayotganingizni bilmaysiz. Oʻzingizdan oʻzingiz qochasiz, oʻzingizdan oʻzingiz yashirinmoqchi boʻlasiz.
* * *
Uyiga qaytib keldi. Telefoni jim. Ichki bir ovoz: “Shu sabilni oʻchirib qoʻy, xotirjam boʻlasan”, deydi. Qani endi oʻchirib boʻlsa. Barmoqlari mitti tugmachalar ustiga boradi-yu, tok urganday orqaga tisariladi.
* * *
Kechga yaqin…
“Zebo, mening menga nasib qilmagan jonim. Boʻlar ish boʻldi. Sizni ortiqcha tashvishga qoʻymoqchi emasman. Ammo, men ham odamman, hech kimdan kam joyim yoʻq. Javlonga oʻxshab qoʻli uzunlardan boʻlmaganim aybim emas. Shunday ekan, bu dunyoda hech boʻlmasa dardingni eshitadigan, holingni soʻraydigan bir kishi boʻlishi kerak-ku. Nahotki shunga ham arzimasam? Nima dedingiz?”.
Ikki soat oʻtib…
“Zebo, sizni koʻchada koʻrib qoldim. Yoʻq, men oʻzim orzulagan magʻrur, latofat bogʻining koʻrki, muhabbat taxtining bezagi, baxtdan entikkan, menga tutqich bermagan Zeboni emas, soʻlishga boshlagan gavdani – vujudini oʻkinch kemirayotgan bir bechorani koʻrdim. Oʻzimni oʻzim aldamay – bu siz edingiz. Hammasiga chidayman, ammo bu holatingizga chidashim qiyin, ishoning. Nima boʻldi? Hech boʻlmasa bir ogʻiz javob qilsangiz boʻladi-ku…”.
* * *
Zebo oʻziga oʻxshamasdi.
Qaynonasi mahalla poliklinikasiga olib chiqdi. Uch-toʻrtta xonaga kirishdi. Koʻrikdan oʻtdi. Vrachlar aniq bir gap aytishmadi, qaynona oʻylanib qoldi. Koʻnglidan: “Kelinim telefonini yonidan qoʻymaydi, erta-kech uyiga qoʻngʻiroq qiladimi-a. Qudalar tinchmikin, ishqilib?”, degan xayol oʻtdi.
Xullas, oʻsha kuni kechki ovqatdan soʻng “ola mushuk” yana ozroq “miyovladi”.
* * *
Ertasiga tush payti…
Eri bugun tushlikka keldi. Qaynonasi bilan birga ovqatlanishdi. Bunday paytda kimdir: “Baraka toping, shirin boʻlibdi” deyishi taomilda bor, ammo na qaynona, na er churq etishmadi.
Onasi dasturxonga fotiha oʻqib, hovliga chiqqach, Javlon tilga kirdi:
– Doʻxturlarga koʻrinibsan, dori-pori yozib berishgandir…
Zebo bir nima demoqchi boʻlib, endi ogʻiz juftlagandi, Javlon gapini hali tugatmagan ekan:
– Toʻydan oldin kasal-pasal boʻlmaganmisan oʻzi?…
Bu gapni shunchaki bir qiziqdi-da, deb ham tushunish mumkin. Biroq, Zeboga ogʻir botdi. “Ogʻir botdi” deyish oz, bu gap Zeboning boshidan oʻtib, tanasini ming-ming boʻlakka boʻlib, tovonini yorib chiqib ketdi, yer ham chok-chok boʻldi. Qayergacha yetib borgan boʻlsa, oʻsha yerga olov ilashdi.
Mana shunisi toʻgʻri.
* * *
Zeboning singlisi keldi. Qudalar yoʻqlov togʻora, quda xolaga, kuyovga kiyimlik yuborishibdi.
Opa-singil ancha dardlashib oʻtirishdi.
– Endi sening navbating, – dedi Zebo singlisiga.
– He, men sizga oʻxshab shoshmayman, – dedi shaddod qiz.
Bu gap opasiga yoqmadi. Javob oʻrniga:
– Boraqol, ancha oʻtirib qolding, oyim kutib oʻtirgandir, – dedi qoʻydi.
– Telefoningiz nuqul band, pochcham bilan rosa-a?..
– Boraqol, jinni…
* * *
Zebo singlisini sogʻingandi. Juda sirdosh boʻlib qolishgandi bu qaqajon bilan. Yarim tungacha allanimalarni pichirlashib yotishardi.
Gaplari qovushmadi. Bir-birlariga begona qarash qilishdi. Buning ustiga, kelishi bilanoq, “Voy-vuy, koʻzlaringiz kirtayib qolibdimi, opa?”, degani Zeboni dovdiratib qoʻydi. “Oyimga borib aytadi bu yaramas…”.
* * *
SMS keldi.
“Turmush deganlari shunaqa boʻladi, kelin bola. Bir kun undoq, bir kun bundoq. Chidash kerak, boshqa iloj yoʻq. Ammo hamma narsani ichiga yutaverib, adoyi-tamom boʻlish mumkin. Bir ogʻiz soʻz desangiz-chi, bir ogʻizgina-ya! Qahringiz buncha qattiq…”.
* * *
Zebo chidab turolmadi. Telefoniga yopishdi. Bir ogʻiz soʻz sen tentakdan ayrilsin, mana:
“Nima demoqchisiz?”.
Javob keldi.
“Baxtli boʻling demoqchiman, baxtli yashashga haqqingiz bor demoqchiman”.
“Siz aytmasangiz ham, baxtliman”.
“Yoʻq, unday emas, baxtingiz juda omonat, buni oʻzingiz ham yaxshi bilasiz…”.
“Mendan nima istaysiz oʻzi? Gaplaringiz jonimga tegib ketdi”.
“Yolgʻon baxtga ishonib qolmang, demoqchiman”.
“Sizningcha, nima qilishim kerak?”.
“Ana, oʻzingizga kela boshladingiz. Shu savolga javob topsangiz bas…”.
* * *
Hovlida bir nima taraqlab ketdi. Zebo telefonining ovozini pasaytirib, tashqariga chiqdi. Yoʻq, qoʻshni hovlidan kelayotgan ovoz ekan. Ichkariga kirib, bahsni davom ettirmoqchi boʻldi, lekin oʻzini toʻxtatdi. “Bir baloni boshlab qoʻydim, endi meni tinch qoʻymaydi…”.
* * *
Ertasiga yozishma davom etdi.
“Yaxshi yotib turdingizmi, kuyov bola omonmilar, sizni xafa qilmadilarmi?”.
“Sizga nima?
“Kayfiyatingiz buzilmasin, ochilib-sochilib yuring, deyman-da”.
“Gʻalati bola ekansiz, sizdaqalarni dovdir deyishadi”.
“Toʻgʻri topdingiz, dovdirligim bor. Koʻrsangiz kula-kula oʻlasiz”.
“Shunaqa oʻladigan tasqaramisiz?”.
“E, tasqara ham gapni, shalpangquloq, karnayburun, gʻilaykoʻzman”.
“Onangiz gapga tuqqan ekan shekilli…”.
“Shunaqa. Lekin, gapdan boshqa narsalarni ham bilaman…”.
“Siz uylangansiz, uylanmaganman deb yolgʻon gapirayapsiz”.
“Toʻgʻri, uylanganman, ammo sevib emas. Bittasiga uylab qoʻyishgan”.
“Yoqtirmaysizmi?”.
“Murosa uchun yashab yuribman”.
“U-chi, balki sizga koʻngli bordir?”.
“Yoʻq, unda koʻngil nima qilsin. Ovqat pishiradi, yeydi, yotadi”.
“Birortasini sevmagan ekan-da?”.
“Meningcha, sevgan, ammo hozir sevgining vaqti emas, toʻgʻrimi?”.
“Bilmasam…”.
* * *
Yana bir kundan keyin.
“Kecha televizorda turkcha yangi serial boshlashdi. Koʻrdingizmi?
“Koʻrolmadim. Erim oʻrtoqlariga ziyofat berdi. Charchab jonim uzilayozdi. Nima kino ekan?”.
“Bir kelin boʻladi. Uni hech kim tushunmaydi. Hamma oʻzini oʻylaydi. Bechora kelinni tinglaydigan odam yoʻq. Bugun albatta koʻring”.
* * *
Yana bir kundan keyin.
“Kino maʼqul boʻldimi?”.
“Qoʻshnilar chiqishgandi, ularga qarab koʻra olmadim. Bir qozon ovqatni paqqos tushirishdi. Choy-choy deyishadi nuqul. Bugun koʻrarman”.
“Kelinsiz-da, xizmat qilishingiz kerak”.
“E, kelinlik ham qursin. Tinka-madoring qurib ketar ekan”.
“Kuyov bola qalay, ishlari yaxshimi?”.
“Bilmasam, kayfiyati yoʻqroq. Tekshiruvchilar kelishibdi. Hujjatlarni bitta-bittadan koʻrishayotganmish”.
“Gaplashsa boʻladi. Tekshiruvchining ham nafsi bor”.
“Shunaqa deng? Balkim, yordam berarsiz?”.
“Siz uchun jonim bilan…”.
* * *
Chexov domla: “Yaxshi yozuvchi gapni choʻzmaydi, boʻladiganini yozadi-qoʻyadi”, deganlar. Yozuvchilikka davoim boʻlmasa-da, gapni choʻzvorganimni oʻzim sezib, oʻquvchidan uzr soʻrashga chogʻlanib turibman.
Alqissa, Zebo va Habib muloqotlari yana uzoq davom etdi. Ular bir-birlarini koʻrishmagan boʻlishsa-da, telefon bahona juda yaqin, qadrdon, sirdosh, koʻngildosh boʻlib qolishdi. SMS joʻnatish va uning javobini oʻqish kundalik turmushning mazmuniga aylandi desam, ishonavering. Ahvol shu darajaga yetdiki, Zebo Habibdan maslahat soʻraydigan, unga koʻnglini yozib, ichini boʻshatib oladigan, bir-ikki kun jim boʻlib qolsa, uyqusi qochadigan boʻlib qoldi.
Habib boʻlsa oʻzini odob bilan tutar, sobiq maʼshuqasi koʻngliga botadigan biror soʻz aytmas, xatlarida iboli, taʼsirchan soʻz va iboralarni qoʻllar, yosh kelinchakni vazminlikka, qiyinchiliklarni bardosh bilan yengishga undardi. Faqat bitta soʻz bu qoidadan istisno edi. U ham boʻlsa: “jonim”.
Zebo avvaliga “jonim”ni xushlamadi, olifta yigitlarning olifta qiligʻiga yoʻydi, keyin-keyin SMS matnidagi ayni shu soʻzni nigohlari tiyraklashib oʻqiydigan boʻldi. Shu soʻz uning qanotiga aylandi.
Habib boʻlsa Javlonlar oilasining ichki hayotini baland bir joydan durbinda kuzatayotganga oʻxshardi. Bu yerda bir nima boʻldi deguncha, u bundan xabar topib, SMS matnini shu voqeaga moslardi.
Bir kuni Javlon uyga mast keldi. “Tamom, hammasi tamom”, deya shovqin soldi. Firma yopiladigan, oʻzi odam eshitsa yuragi orqaga tortib ketadigan darajada koʻp jarimaga tortiladigan boʻlibdi.
Zebo uni yupatmoqchi boʻldi. Ammo yupanch soʻzlari olovga kerosin quyganday boʻldi. Umrida birinchi marta erkak kishidan shapaloq yedi. Ertasiga ertalab Javlon uyidan bezor boʻlgan odamday, “Men ketdim” dedi. Zebo “Qayoqqa?” degan edi, erining ogʻzidan yozsa qogʻoz ham uyaladigan soʻz chiqdi.
Tushga yaqin Habibdan SMS keldi. Oralarida nima gap-soʻz boʻlganini yozish shart emas. Ammo Zebo, bordi-yu Habibning qayerdaligini bilganida, oldiga borishga, birov koʻrsayu koʻrmasa boshini yelkasiga qoʻyib, yum-yum yigʻlashga tayyor edi.
Uzoqdagi Habib buni juda yaxshi his qilib turardi.
* * *
SMS
“Zebo, mening zebo sirdoshim.
Bugun tush koʻribman. Qirgʻoqlari ufqqa tutashib ketgan dengiz emish. Qayiqda suzib borayotgan ekansizlar: Siz, Javlon. Birdan dovul koʻtarilib, qayiq toʻnkarilib ketdi. Ikkingiz ham dod soldingiz. Olam dodingizdan larzaga keldi. Oʻzimni suvga otdim. Ammo harchand urinmayin, Sizga yetolmadim, dengiz tubiga choʻka boshlagan Javlon menga mahkam yopishib olib, pastga torta boshladi. Men esa koʻzlarim jovdirab Sizni qidiraman. U boʻlsa ovozi xirrillab: “Doʻstim, meni qutqar, meni…” deydi. Men unga doʻst emishman. Uygʻonib ketdim. Koʻnglim xira…”.
Zebo shu zahotiyoq javob yoʻlladi:
“Sizda avliyolik xislati bor. Men chindan ham choʻka boshladim. Atrofim toʻla odam, ammo hech kim qoʻlini choʻzmaydi. Siz ham. Dunyodan sovidim. Bu sovuq dunyoni koʻrishga toqatim qolmadi”.
Habibga shu kerak edi. U, mana ikki oydirki, ayni shu holat uchun kurashdi va bugun gʻoliblik nashidasini surdi.
“Zebo, mening yagonaginam, yagona ilinjim, bugun koʻrishmasak dengiz tubiga sizdan oldin men yoʻl olaman. Rahmingiz kelsin”.
Zebo oʻzida emasdi.
“Qayerda?”.
Habib, aftidan, qachondir shu savol berilishini kutgan va unga tayyor ekan chogʻi, darhol javob yozdi:
“Qoʻshni mahalla adogʻida “Mushtarak” kafesi bor. Ichkariga kirib, oʻng tomondagi oxirgi xonaga yuring. Bir soatdan keyin oʻsha yerda boʻlaman. Sizni koʻp ushlamayman”.
* * *
Bir soat ming soatdan ham oʻtib ketdi. Soat millari imillab qoldi. Vaqt toʻxtaganday edi.
Zebo kiyindi, taqinchoqlarini taqmadi, ammo sumkachasiga soldi. Yaqinlashganida taqib oladi. “Mushtarak” kafesini biladi. Javlon bilan bir marta kirishgan, nimadir yoqmay, qaytib chiqishgan edi.
Kafega yaqinlashgani sari yuragi gupillab ura boshladi. Maktabda oʻqib yurgan kezlari, yosh shilqim domla uni chetga tortib, qoʻpollik bilan quchogʻiga tortganida shunday ahvolga tushgandi. Oyoqlari birinchi marta yurayotganday chalkashib ketar, ammo toʻxtamasdi, aksincha, ildamlab borardi.
Yetib keldi. Vaqt kech emasdi, odamlar siyrak, borlar ham oʻzi bilan oʻzi ovora. Bunday joylarda birov birovga qaramaydi, ammo hamma hammani koʻradi.
Oʻng tomon. Birinchi, ikkinchi, uchinchi va, nihoyat, oxirgi xilvatroq xona.
U hozir shu xilvat xonaning eshigini ochadi. Keyin koʻnglini ochadi, balkim bagʻrini ham ochar. Qoʻshiqda “Nima boʻlsa boʻlar ertaga” deyiladi-ku.
Xona eshigi qiya ochiq ekan. Qoʻli tegishi bilan lang ochildi. Va shu yerda, ming bor uzr, hikoyamiz… nihoyasiga yetdi.
Nega deysizmi?
Negaligi shundaki, eshik ochilishga ochildi, ammo hech nima sodir boʻlgani yoʻq. Kimdir Zeboning ustidan bir togʻora sovuq suv quyib yubordi. Badani avvaliga muzladi, soʻng tosh qotdi. Koʻzlaridagi hayrat va qoʻrquv ham qotib qoldi.
Ichkarida Javlon lagʻmonni sanchqiga oʻrab, ishtaha bilan tushirayotgandi…
* * *
Oradan bir oy oʻtdi.
Zebo qaqajon singlisi bilan uy ichini tozalab boʻlib, endi divanga choʻzilgan ham ediki, SMS keldi.
“Zebo. Hammasiga oʻzim aybdorman. Uyga qayt. Ahmoqlik qildim. Men yaramasni kechir. Axir, biror ayb ish boʻlgani yoʻq! Kelmasang xarob boʻlaman. Oyim yotib qoldilar. Xoʻb desang, oʻzim borib olib kelaman”.
“Javlon aka, bu dunyoda men uchun faqat bitta ish qoldi, u ham boʻlsa… Habibni topish”.
“Zebo, nega tushunmaysan, Habib axir menman-ku!”.
“Yoʻq, Siz hech qachon Habib boʻlolmaysiz. Boʻlo-olmaysiz! Men uni albatta topaman”.
Bu – soʻnggi SMS edi.
Ahmadjon MELIBOYEV
“Yoshlik”, 2013 yil 11-son
https://saviya.uz/ijod/nasr/songgi-sms/