Tarjimonlik sanʼatkorlikdir

Filologiya fanlari nomzodi, mohir tarjimon

Yanglish Egamova bilan muloqot

 

– Yanglish opa, sizdan dastavval uzoq yillardan beri hamnafas boʻlib kelayotganingiz – nemis adabiyotiga qay tariqa mehr qoʻyganingiz haqida soʻrasam. Maʼlumki, nemis adabiyoti sharq adabiyoti singari mustahkam ildizlarga, koʻp asrlik tarixga ega. Ayting-chi, bu olam sizni qa­chon va qanday maftun etdi?

– Men nafaqat nemis adabiyotiga, umuman adabiyotga bolalikdan mehr qoʻyganman. Hali maktabga bormay turiboq aka-opalarimning “Oʻqish kitob”laridagi Abdulla Qahhor, Oybek, Zulfiya singari ijodkorlarning suratlariga qarab nomlarini aytardim. Savodim chiqqandanoq xalq ertaklari va dostonlarini oʻqishga kirishdim. Oʻsha 50-yillarda oʻzbek tiliga tarjima qilingan Andersen, aka-uka Grimm ertak­larini, oʻzbek xalq ertaklari hamda dostonlarini qayta-qayta oʻqiyverib yod qilib yuborgan edim. Ke­yinchalik oʻzbek adabiyoti namunalari va jahon adabiyotidan tarjima qilingan yirik asarlarni oʻqiy boshladim. Kitob mening jonu dilim edi. Kelgusida adabiyotchi boʻlishni, badiiy ijod sohasida nimadir qilishni orzu qilardim. Afsuski, bu orzum amalga oshmadi. Nemis tili mutaxassisi boʻldim. Shunday boʻlgach, demak, endi vaziyat nemis adabiyotini ham chuqur oʻrganishimni taqozo etardi. Nemis adabiyotini ham oʻsha – adabiyotga boʻlgan mehr bilan qiziqib oʻrgandim, oʻzimga yoqqanlarini tarjima qildim. Yoshligimda adabiyot olamida amalga oshirishni orzu qilganim “nimadir” ehtimol badiiy tarjimalar boʻlib dunyoga kelgandir…

Nemis tili azaldan mening qismatim shekilli, birinchi sinfga borganimda 6 yoshda edim, maktabga har qanday kitobni olib borsa boʻlaveradi, degan oʻyda akamning 8-sinf “Nemis tili” kitobini koʻtarib borganman. Maktab ostonasiga nemis tili kitobi bilan qadam qoʻygan edim, mana salkam yarim asrdirki, nemis tili va adabiyoti bilan mashgʻulman.

– Kitobxon sifatida nemis tilidan oʻzbek tiliga bevosita oʻgirilgan asarlarni baholi qudrat kuzatib boraman. Kuzatishlarim asosida shunday xulosaga keldimki, bizda nemis adabiyoti namunalarini asliyatdan tarjima qilish jarayoni boshqa tillarga nisbatan ancha yaxshiroq (va ertaroq) yoʻlga qoʻyilgan. Aytaylik, sizning tarjimangizda oʻzbek oʻquvchisiga taqdim etilgan Gyotening “Yosh Verterning iztiroblari” romani, Stefan Svaygning turli tarjimonlar tomonidan oʻgirilgan qator novellalari, Yoʻldosh Parda, Mirzaali Akbarov kabi mahoratli ijodkorlarning tarjimadagi izlanishlari tahsinga loyiq. Mirzaali Akbarov ayniqsa Hermann Hessening “Choʻl boʻrisi” romani va baʼzi hikoyalarini maromiga yetkazib tarjima qildi. Oʻzbekiston Xalq shoiri Erkin Vohidov rus tilidan oʻgirgan “Faust” asari esa Posho Ali Usmonning bevosita asliyatdan qilingan tarjimasida yana bir bor kitobxonlar hukmiga havola etildi. Aytish oson boʻlsa-da, bular aslida koʻp yillik izlanishlar, mashaqqatlar mevasidir. Shunday emasmi?

– Toʻgʻri, boshqa tillarga nisbatan nemis adabiyoti namunalarini oʻzbek tiliga asliyatdan tarjima qilish sal ertaroq boshlandi. Gyotening “Yosh Verterning iztiroblari” romanini nemis tilidan tarjima qilib, 1975 yilda chop ettirgan paytimda hali Oʻzbekistonda Gʻarbiy Yevropa tillaridan birorta yirik asar asl nusxadan tarjima qilinmagan edi. Ungacha boshqa tillarda yaratilgan asarlar, ayniqsa, gʻarb adabiyoti namunalari rus tili orqali oʻgirilar va natijada rus tarjimoni sodir etgan xatoliklar bilan birga oʻzbek tarjimoni tufayli yoʻl qoʻyilgan nuqsonlar ham qoʻshilib, tarjima asarining sifati ikki karra yomonlashar edi.

Keyinchalik nemis tili mutaxassislari orasidan Yoʻldosh Parda, Sadriddin Salim Buxoriy (Alloh ularni rahmatiga olgan boʻlsin), Mirzaali Akbarov, Posho Ali Usmon, Xurram Rahimov, Shuhratxon Imyaminova, Hafiza Qoʻchqorova singari tarjimonlar yetishib chiqdi va asliyatdan tarjima qilish ancha jonlandi. Yoshligidan Haynrix Hayne sheʼrlarining shaydosi boʻlgan shoir Abdulla Sher oʻsha sheʼrlarni asliyatdan tarjima qilish uchun nemis tilini oʻrgandi va Haynrix Hayne lirikasi Abdulla Sher tarjimasida asl nusxaga hamohang holda oʻzbek tilida jarangladi, jurnallar sahifalarida, alohida kitob holida bosib chiqarildi.

Har bir tarjimon shu xilda oʻzini qiziqtirgan sohaga doir va maʼlum bir muallif asarlarini tarjima qilishga harakat qildi. Masalan, Sadriddin Salim Buxoriy oʻz ruhiy olamiga mos kelgani uchun Gyotening “Gʻarbu sharq devoni”ni hamda uning Muhammad (s.a.v.)ga bagʻishlangan maqolasini tarjima qilgan boʻlsa, Xurram Rahimovni ertaklar olami oʻziga tortdi. U nemis xalq ertaklarini oʻzbek tiliga, oʻzbek xalq ertaklarini nemis tiliga tarjima qilib Oʻzbekistonda va Germaniyada chop ettirdi. Yoʻldosh Pardani ruhiy-maʼnaviy olam oʻziga jalb etdi. U nemis islomshunos va sharqshunos olimasi Annemariye Shimmelning islom olamida ayollar siymosini yoritishga bagʻishlangan “Jonon mening jonimda” nomli kitobini oʻzbekchaga oʻgirdi. Bu diniy mavzudagi ilmiy-ommabop asar boʻlib, unda mavzuga oid xos soʻzlar, atamalar juda koʻp. Jumlalar murakkab. Shunga qaramasdan, tarjima juda silliq chiqqan, asar xuddi asli oʻzbek tilida yozilgandek oʻqiladi. Bundan tashqari, Y.Parda “Tristan va Izolda” asarini oʻzbek tiliga hamda Nasriddin Afandi latifalarini, nemislar bilan hamkorlikda Alisher Navoiy gʻazallaridan namunalarni nemis tiliga oʻgirdi. Shuhratxon Imyaminova asosan hajviyalar, kichik hajmdagi hikoyalar tarjimasi bilan shugʻullansa, Hafiza Qoʻchqorova zamonaviy nemis adabiyoti namunalarini tarjima qiladi. Isteʼdodli tarjimon Mirzaali Akbarovni asosan Gyote hikmatlari va Hermann Hesse olami qiziqtiradi. U Gyote hikmatlari hamda Gyote hayoti va ijodiga bagʻishlangan nemis tadqiqotchisi Klaus Zeehaferning “Yohann Volfgang Gyote: shoir, tabiatshunos va davlat arbobi” nomli yirik tadqiqotini oʻzbek tiliga oʻgirib, nashr ettirdi. Hermann Hesse hayoti va ijodini chuqur oʻrganib, uning “Choʻl boʻrisi” romani va qator hikoyalarini qoyilmaqom tarjima qilib, oʻzbek kitobxoniga taqdim etdi. Tan olish kerak, “Choʻl boʻrisi” romanini oddiy kitobxon sifatida oʻqish uchun ham ancha-muncha chidam kerak. Endi uni butun mazmun-mohiyatini his etib, ona tilida qaytadan yozib chiqquncha tarjimon qanday ahvolga tushadiyu, nimalarni boshdan kechiradi, bu faqat uning oʻziga va Allohga ayon. Ana shu zahmatni boʻyniga olgan odamgina bunday asar tarjimasiga kirishadi.

Endi “Faust”ga kelsak, bunday murakkab, buyuk asar tarjimasiga jurʼat etishning oʻzi bir qah­ramonlik. Mahoratda Gyote bilan boʻylasha va bellasha oladigan kishigina bunga jurʼat qiladi. Zabardast shoir Erkin Vohidov “Faust”ni rus tilidan tarjima qilib, oʻzbek adabiyoti xazinasiga olib kirdi, oʻzbek oʻquvchisi “Faust”ni badiiy jihatdan mukammal tarjimada oʻqish baxtiga muyassar boʻldi. Professor Akmal Saidov ushbu tarjimani buyuk jasorat bilan tenglashtirdi. Bir kitobxonlar uchrashuvida Erkin Vohidov “Faust” tarjimasi haqida gapirib: “Men bu tarjimaga kirishishdan oldin nemis tilini oʻrganmoqchi boʻldim. Shunda bir nemis menga, “Faust”ni tushunish uchun nemis boʻlib tugʻilishning oʻzi ham kamlik qiladi, dedi. Shundan soʻng tilni oʻrganishdan voz kechdim-da, Gyoteni oʻrganishga, “Faust”ning butun ichki olamini oʻrganishga kirishdim” degan edi. Erkin Vohidov “Faust”ni asosan Pasternak va Xolodkovskiylar tarjimasidan oʻgirgan. Pas­ternak nusxasi yuksak badiiyligi bilan, Xolodkovs­kiy nusxasi esa asliyatga soʻzma-soʻz yaqinligi bilan shoirga koʻmak bergan.

“Faust” haqida rus gyoteshunosi A.Mixaylov shunday yozgan: “Oʻlchov nozikliklari bilan shugʻullanishni Gyote yoqtirmasdi, biroq “Faust” buning teskarisi, negaki “Faust” – sheʼriy shakllar va oʻlchovlarning butun bir qomusidir. Ularning orasida yunon fojialaridagi trimetr va tetrametrlar ham, XVIII asr fojialaridagi gekzametrlar ham, nemis xalq qoʻshiqlari, Dante “Ilohiy komediya”sini yozishda qoʻllagan tersina va boshqa juda koʻplab shakllar uchraydi. Gyote koʻngli tusagan paytda kutilmagan va gʻaroyib shakl­larni yaratar, ammo hammasi oʻz oʻrnida boʻlardi, har gal shoir tanlangan shakl bilan tamoman birlashib, ichki bir mushtaraklik hosil qilishi lozim edi”.

Agar “Faust”ni Erkin Vohidov tarjimasida mutolaa qilsak, gyoteona shakliy xususiyatlar undagi chuqur mazmun “bilan tamoman birlashib, ichki bir mushtaraklik hosil qilishi”ga guvoh boʻlamiz. Posho Ali Usmon tarjimasidagi “Faust” Xolodkovskiy tarjimasiga oʻxshab ketadi. Unda asl nusxadagi barcha lisoniy unsurlar deyarli saqlab qolingan. Samarqanddagi yosh tarjimonlar seminarida Posho Ali ogʻa oʻz tajribalari haqida shunday soʻzlarni aytgan edi: “Men “Faust”ni tarjima qilishdan oldin uni chuqur oʻqib-oʻrgandim. Keyin barcha rus va boshqa tillardagi tarjimalarni yigʻishtirib bekitib qoʻydim-da, birgina asl nusxadan foydalanib, Gyote bilan faqat nemis tilida muloqot qilgan holda tarjimani boshladim.” Shu tariqa tarjimon fojiani sheʼriy shaklda oʻgirganu, biroq asliyatda nima boʻlsa, hammasini saqlashga uringan. Natijada tarjima tili xiyla ogʻir boʻlib qolgan. Ammo ushbu tarjima “Faust” mazmunini tushunishda ancha qoʻl keladi. Albatta, har qanday tarjima ham tinimsiz izlanishlar, mehnat va yana mehnat mevalari boʻlib, bu tarjimondan oʻta fidoyilikni talab qiladi.

– Dunyo kitobxonlarini hayratga solgan, oʻz davrining murakkab masalalari qamrab olingan “Yosh Verterning iztiroblari” romanini Gyote yigirma uch yoshlarida, sharq mutafakkirlari taʼrificha “yigitlik ayyomi”da yozgan. Mazkur asarda u yoshlik iztiroblari bilan pardalangan chuqur hissiy-ruhiy, ijtimoiy muammolarni qalamga oladi. Sizda bu muhtasham asar tarjimasiga qoʻl urish istagi qanday tugʻilgan? Daho Gyotening ulugʻvor ijod dunyosiga qadam qoʻyib, uning mashhur qahramonlarini oʻzbekcha soʻzlatishga jurʼat etganingiz biz uchun juda qiziq.

– Gyotening “Yosh Verterning iztiroblari” romani jahon adabiyoti tarixida boshqa biron-bir asarga nasib etmagan shon-shuhrat bilan yoʻgʻrildi. 1774 yil “Verter” romanining yaratilish yili boʻlib tarixga kirdi. Roman bosilib chiqqanidanoq qoʻldan-qoʻlga oʻtib, tez orada yuzlab tillarga tarjima qilindi.

Avvalo shuni taʼkidlab oʻtish kerakki, Gyote adabiyot maydoniga kirib kelguniga qadar nemis tili nafaqat boshqa xalqlar, hatto nemislarning oʻzlari tomonidan ham qadrlanmas edi. Shimoliy Germaniyaning barcha aslzoda doiralarida fransuz tilida, Avstriyada esa italyan tilida soʻzlashishardi. “Faqatgina Gyotening “Verter” romani inglizlar va fransuzlar tomonidan oʻqib-oʻrganilganidan hamda asar Italiyaga ham kirib borganidan keyingina oliy darajadagi nemis adabiyotining imkoniyatlari tashqi olamda tan olindi. Gyote nasri asta-sekin maʼnaviy hayotning barcha jabhalari uchun ifodaviy vosita namunasi boʻla bordi… “Biz foydalanadigan son-sanoqsiz soʻz va birikmalar Gyotesiz nazarimizdan chetda qolib ketavergan boʻlardi” deb yozadi nemis olimi Hermann Grimm. Mana shu fikrning oʻziyoq nemis tili va adabiyotining asoschisi Gyote dahosi va “Verter” romanining jahonshumul ahamiyati mislsiz ekanligini koʻrsatib turibdi.

XIX asrning 30-yillariga qadar Gyotening “Ver­ter”dan boshqa biror asari rus tiliga oʻgi­rilmagan edi. Yolgʻiz shu roman orqali ham Gyote Rusiyada juda mashhur boʻlgan. Kitobning oʻquvchilar qalbi va ru­hiyatiga nechogʻlik taʼsir etganini taʼkidlash uchun Tomas Mann oʻzining “Gyotening “Verter”i” nomli ma­qolasida shunday bir voqeani keltiradi: “Bir ingliz ancha yillar keyin Vaymarga kelganida yoʻldan oʻtib borayotgan Gyoteni koʻrib qolib, koʻcha oʻrtasida behush yiqilgan ekan, negaki “Verter” muallifining naq oʻzini koʻrish uning uchun kutilmagan va hayratomuz bir voqea boʻlgan”.

“Verter” romanida oʻsha davrdagi “Boʻron va hu­jum” harakatining oldingi safida boʻlgan yosh Gyote har taraflama ilgʻor fikrli, zukko va sezgir qalbli yigitning goʻzal ichki kechinmalari, ehtiroslarini oʻzida jamlagan qahramon obrazini yaratish bilan shu harakat uchun xarakterli boʻlgan qirralarni ochib berdi: goh junbushga keluvchi, goho oʻta tushkunlikka, yigʻloqilikka yuz tutuvchi tuygʻular, ehtiroslar erkinligi, tabiat qoʻyniga intilish, tabiatdan oziq olish, hayotdagi bir xillik, kishilarni chegaralovchi, ta­baqalarga ajratuvchi har qanday qonun-qoidalarni inkor etish, sanʼatni va maʼnaviy erkinlikni targʻib qilish kabi muammolar “Verter”ning asosiy magʻzini tashkil etadi. Tomas Mann taʼbiri bilan aytganda, fransuz burjua inqilobi taʼsirida boʻlgan Yevropa yoshlariga Verter “porox toʻldirilgan idishga tushgan uchqundek” taʼsir qildi.

Oradan koʻp yillar oʻtib, Gyote oʻtgan umriga nazar tashlab, “Sheʼriyat va haqiqat” kitobida shunday yozgan edi: “Boshqalaridan ham koʻra ushbu asarim menga junbushga kelgan halokat changalidan qutulib chiqish imkonini berdi… Oʻzimni baayni yuragidagi dardlarni kimgadir toʻkib solgan odamdek, yengil, xursand, yangicha yashashga jazm qilgandek sezdim.” Verterning qoʻlidan kelmagan ish, yaʼni “junbushga kelgan halokat changalidan qutulib chiqish”ga yozuvchi muvaffaq boʻldi.Tabiiyki, bunda faqat Sharlotta Buffga boʻlgan javobsiz sevgigina emas, balki 1771-1774 yillardagi shoirni qiynagan ruhiy tushkunliklar ham koʻzda tutiladi. Verter maktublarida goh qaygʻu-alam girdobida, goh quvonch toʻlqinida bitilgan gaplar keyinchalik Gyotening oʻzini ham hayratga solgan.

1780 yilning 30 aprelida kundalik daftariga shunday soʻzlarni bitgan: “Nashr qilingandan buyon endi boshdan-oyoq oʻqib chiqdim va hayratdan yoqa ushladim.” Qayta oʻqishga yuragi betlamagan shoir: “Turgan-bitgani olovli yolqin, buni oʻqish ham dahshat” deb yozgan. U oʻz avlodini azoblagan va holdan toydirgan barcha koʻrguliklarni shaxsan boshdan kechirgan edi. Bu kechinmalar “Verter”da goʻyo aks-sado boʻlib yangradi.

Shaklan moʻjazgina, biroq mohiyatan juda buyuk bu kitobni tarjima qilishga meni nima undadi? Tabiiyki, bu tarjimaga men dafʼatan jazm qilmadim. Odatda bunday ishga juda katta tayyorgarlik talab qilinadi, asosan ruhiy tayyorgarlikni koʻzda tutayapman. Koʻp tarjimonlar ishni kichik hajmdagi hajviya, hikoyalardan boshlashadi. Men esa badiiy tarjimani birdaniga ana shu romandan boshlaganman. “Verter”ga mehr menda talabalik yillarimda, romandan katta bir parchani tahliliy oʻqish darsida batafsil oʻrgangan paytimizda tugʻilgan edi. Bu ayni oʻsha yoshlar uyushtirgan, Verter bilan Lottaning tanishuvlariga sabab boʻlgan ball tasviri berilgan parcha edi. Yoshlarning raqsga tushishlari tasviri aynan tasavvurimda jonlangan, davrada aylanayotgan Lotta koʻylagining etagi goʻyo mening yuzimni yelpib oʻtgandek tuyulgan edi. Qolaversa, qahramon bilan xarakterlar mushtarakligi, sof subʼyektiv sabablar ham bunga turtki bergan boʻlishi mumkin… Xullas, bu kitobni asliyatda qayta-qayta oʻqir, Verter taqdiri uchun unga qoʻshilib koʻz yoshi toʻkardim. Asar mening yuragimni “jiz” etkizibgina qolmasdan, butun qalbimni, oʻy-xayolimni egallagan edi. Bunday holatda uni tarjima qilmasdan boʻlmasdi. Toʻgʻri, nazariy jihatdan men Gyoteni tarjima qilishga tayyor emasdim, ammo ruhan, butun shuurim bilan tayyor ekanligimni his etgach, bu ishga kirishdim. “Verter” romani yozilganidan soʻng oradan ikki yuz yil oʻtgach oʻzbek tiliga oʻgirildi. Shunday goʻzal asarni asliyatdan tarjima qilishdek sharafli va masʼuliyatli ishning aynan menga nasib etgani – Allohning menga koʻrsatgan inoyati boʻlsa kerak. Kitob bosilib chiqqan yillari rahmatlik professor Akram Kattabekov uni oʻqib: “Agar Gyote shu romanini oʻzbek tilida yozganida edi, xuddi shunday yozgan boʻlardi” degan edilar. Behad zukko adabiyotshunos tomonidan berilgan bunday baho men uchun katta mukofot edi.

Mana, yarim asrdirki, talabalarga nemis tilini oʻrgatish bilan bir vaqtda badiiy tarjima bilan shugʻullanaman. Nemis tilida ijod qiluvchi yozuvchilardan Bruno Apits, Volfgang Borxert, Frits Vyurtle asarlarini asliyatdan oʻzbek tiliga oʻgirdim. Lekin Gyotening hayoti va ijodiga men oʻzgacha bir mehr bilan qaradim, uni chuqur oʻrganishga harakat qildim. Ana shu urinishlarim samarasi oʻlaroq uning yana bir romani – “Hamroz dillar” mening tarjimamda bosilib chiqdi. “Yosh Verterning iztiroblari” romanining qayta ishlangan uchinchi nashri va “Hamroz dillar” romani birgalikda “Muhabbatnoma” nomi bilan “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi Bosh tahririyatida nashrdan chiqdi (2013). Unga muallif hayoti va ijodi, ana shu ikki roman, ularning tarjimalari haqidagi ilmiy kuzatishlarim hamda nemis tilidan tarjima qilingan Gyote haqidagi zamondoshlarining xotiralari ham ilova qilingan. Kitob hozirgi kunda sotuvga chiqarilgan.

– Badiiy tarjima – murakkab hodisa. Murakkabligi avvalo shundaki, tarjimon asar muallifining mushohadalarini, uni qiynagan hasratlar yoki aksincha quvontirgan shodlik­larni asarning yangi oʻquvchilariga tushuntirib berishi zarur. Menimcha, bu jarayonda til bilishning oʻzi kamlik qiladi. Ayting-chi, el­qatori tarjimon bilan sanʼatkor tarjimon oʻrtasidagi farq nimalarda koʻrinadi?

– Badiiy tarjima – yuksak sanʼat. Tarjimon esa, xuddi yozuvchi singari sanʼatkor. U boshqa tilda bi­tilgan badiiy asarni shakl va mazmun birligini saqlagan holda oʻz ona tilida qayta yaratadi. Ular oʻrtasidagi farq shundaki, yozuvchida erkinlik katta: u istagan mavzuda, istagan uslubda, istagan soʻz va iboralarni qoʻllab yozaveradi. Biroq tarjimon imkoniyatlari cheklangan, u tarjima qilayotgan asar mavzusi, gʻoyasi, muallif maqsadi, uslubi, til xususiyatlaridan chetga chiqolmaydi, shu imkoniyatlar doirasida oʻz tili qonuniyatlaridan kelib chiqqan holda asarni qaytadan oʻz tilida yozib chiqadi. Bu jarayon “qaytadan yozib chiqadi” deb aytishgagina oson. Avvalo, badiiy tarjimada ikki tilni, ayniqsa ona tilini mukammal bilish talab qilinadi. Biroq til bilishning oʻzi kamlik qiladi. Tarjimon badiiylikni his etishi kerak. Oʻzi tarjima qilayotgan asarga xos boʻlgan badiiy-tasviriy vositalarni, uning uslubiy qirralarini, badiiy boʻyoqlarni ona tili imkoniyatlaridan unumli foydalangan holda tarjima oʻquvchisiga yetkaza olishi, bir soʻz bilan aytganda, badiiy asar yaratishi lozim. Tarjimon shu asarni yozishda oʻz muallifi qanday holatga tushgan boʻlsa, xuddi oʻsha holatga tushishi kerak. Bitta misol: Gyote doʻsti va kotibi Ekkermannga: “Verter shunday zotki, men saqoqush yangligʻ uni oʻz yurak qonim bilan oziqlantirganman” deydi. Demak, tarjimon ham oʻsha qahramonni oʻz yurak qoni bilan oziqlantirmogʻi zarurki, aks holda tarjima oʻquvchi qalbini zabt etolmaydi. Gyote “Verter” romanini yigʻlay-yigʻlay yozgan ekan, men ham uni yigʻlay-yigʻlay tarjima qilganman. U hali kitob boʻlib chiqmagan paytlarda baʼzan doʻstlarim davrasida yigʻlay-yigʻlay undan parchalar oʻqib berardim. Bunday holat oʻz-oʻzidan yuzaga kelmaydi. Buni soʻz bilan ifodalash qiyin, faqat his etish lozim. Sirasini aytganda, haqiqiy badiiy tarjima uning ilohiy huzur va azoblarini tom maʼnoda boshdan kechirgandagina yaratiladi. Buni xuddi aktyorning rolga kirish holatiga qiyoslash mumkin. Tarjimon ham ijod jarayonida butunlay oʻzini unutishi, asar ichiga butunlay kirib keta olishi kerak. Oʻshanda miyasiga goʻzal ifodalar oʻz-oʻzidan quyilib kelaveradi va u ham kitob qahramoni singari goh koʻtarinki his-tuygʻular, goh koʻz yoshlari va iztiroblar olamiga singib ketadi.

“Verter” xatlardan iborat – epistolyar roman. Unda ulkan muhabbat tilga olingan. Bunday asarni tarjima qilish uchun oʻziga xos tayyorgarlikdan ham oʻtish kerak boʻladi. Masalan, menda hali “Verter”ni tarjima qilish rejasi tugʻilmasdan oldin kundalik daftar tutardim, nimalarnidir yozishni yaxshi koʻrardim, yozishdan erinmasdim. Hayotimda yuz bergan eng qiziq, qimmatli voqealarni kundalikka muhrlardim. Koʻp oʻqirdim. “Verter” tarjimasiga kirishishdan oldin muhabbat mavzusiga bagʻishlangan koʻplab kitoblarni oʻqib chiqqanman. Ayniqsa, oʻzbekchaga tarjima qilingan Turgenevning “Otalar va bolalar”, “Dvoryanlar uyasi”, “Asya”, “Arafa”, “Bahor toshqinlari” nomli qissa va romanlarini oʻqish katta samara bergan. Tarjima jarayonida ham kundaligimga qalb kechinmalarimni qayd etib borganman. Mana, qahramon bilan birga chekkan iztiroblarim aks etgan satrlardan ayrim namunalar: “16.XI.1969. Bu kitobning oxirgi sahifalari meni ham qahramonga qoʻshib oʻldirib qoʻyadimi, deb qoʻrqaman. Uni oddiy kitobxondek oʻqish boshqa-yu, har bir soʻz, har bir jumla mazmunini his etib, tarjima qilish boshqa ekan!… Marjon-marjon koʻz yoshlarim Verter va Lottaning koʻz yoshlariga qoʻshilib ketyapti. Hech bir kimsa mening qalb tugʻyonlarimni his etolmaydi…” “18.XI.1969. Ulkan sevgiga hamisha oʻlim hamroh boʻlib yurarmish… Bugun huzurli va ayni paytda mashaqqatli ishimni nihoyasiga yetkazdim. Soʻnggi varaqni oʻgirishda chinakam dod solib yigʻladim, goʻyo eng yaqin kishim vafot etgandek. Bir satr yozaman-da, ortiq kuchim yetmay yigʻlashga tushaman. Bir oz oʻzimni tutib olgach, yana yoza boshlayman… Eh-he, kim ham his eta olardi mening holatimni! Bu maʼnosiz soʻzlarning hech narsani ifodalay olmasligi-ku turgan gap!..”

Chingiz Aytmatov aytganidek, “tarjima – mu­hab­bat farzandi”. Tarjima qilinayotgan asarni yurakdan sevmay turib yaxshisi tarjimaga kirishmagan maʼqul. Ayniqsa, jahon mumtoz adabiyoti namunalari tarjimasi katta masʼuliyat talab qiladi. Tarjimon bir zum ham kimni tarjima qilayotganini, qanchalik sharafli vazifani oʻz zimmasiga olganini, oʻsha buyuk asarni buyukligicha oʻz xalqiga taqdim qilishi, bu ish juda katta mehnat, sabr-toqat, chidam talab qilishini, buni uddalash jasorat bilan teng ekanligini yodda tutishi kerak. Oʻzida shunga kuch va iqtidor sezsagina, ruhan, qalban shunga tayyor boʻlsagina tarjima uchun qoʻlga qalam olishi durust boʻladi. Menimcha, sanʼatkor tarjimon shu jihatlari bilan oʻrtamiyona tarjimondan farq qiladi.

– Odatda tarjimonlarimiz avval ham tarjima qilingan asarga kamdan-kam hollarda murojaat etishadi. Rus adabiyotida “Hamlet” tragediyasining ellikdan ortiq tarjima variantlari boʻlib, ular orasida eng mashhurlari Boris Pasternak va Mixail Lozinskiylarning tarjimalari ekan.

Asarning bir nechta tarjima variantlari boʻlishi adabiyot uchun qanchalik foydali?

– Bir asarning bir tilga turli tarjimonlar tomonidan oʻgirilishi, menimcha, ijobiy hodisa. Bunda mutarjimlar bir-birlaridan tajriba oʻrganishadi. Tarjimalarni qiyoslash jarayonida har bir nusxadagi yutuq va kamchiliklar yaqqol koʻrinib turadi. Kim badiiylikka intilganu, kim soʻzga qul boʻlib qolgan, kimda yozuvchi uslubi maromida qayta tiklanganu, kimda oʻzidan qoʻshishlar va muallif fikrini oʻzgartirishlar koʻzga tashlanadi – shu va shu singari jihatlarga baho berish imkoni tugʻiladi. Bu tarjimalar ichidan eng yaxshilari yillar, hatto asrlar oʻtib ham yashab qolaveradi. Oʻzbek tarjimachiligi tarixida ham bunga misollar topiladi. Masalan, Saʼdiy Sheroziyning “Guliston” asarini XIV asrda Sayfi Saroyi, XIX asrda Ogahiy, XX asr boshlarida Murodxoʻja domla Solihxoʻjayev, shu asr oʻrtalarida Gʻafur Gʻulom bilan Rustam Komilovlar tarjima qilishgan. Adabiyotshunoslarning fikricha, shulardan eng yaxshisi Sayfi Saroyi tarjimasi ekan. Akademik V.Jirmunskiy “Gyote rus adabiyotida” nomli monografiyasida “Verter”ning XVIII asrdagi rus tarjimonlari haqida qiziqarli maʼlumotlarni keltiradi: “”Verter” tarjimasiga “Doʻstona adabiy jamiyat” deb nomlanuvchi toʻgarak aʼzolaridan Andrey Turgenev va Aleksey Merzlyakovlar bir vaqtda kirishishadi va ish natijalari bilan bir-birlarini muntazam xabardor qilib turishadi.” Qani endi bizda ham shunday ijodiy musobaqalar boʻlib tursa! Yosh tarjimonlarning hududiy seminarlarida yoshlardan bir nechtasi Haynening “Lirik intermetsso”, “Lorelay” sheʼrlarini tarjima qilganlariga guvoh boʻldim. Mayli, harakat qilaverishsin, oʻquvchi oʻsha tarjimalardan eng yetugini qabul qiladi. Uzoqqa bormaylik, shu yilning oʻzida Jorj Bayronning “Don Juan” poemasi rus tilidan Sulaymon Rahmon va ingliz tilidan Abdulla Sher tarjimalarida “Jahon adabiyoti” jurnalida eʼlon qilindi. Shunisi tahsinga loyiqki, shoir Abdulla Sher “Don Juan”ni asliyatdan oʻgirish uchun ingliz tilini oʻrgangan.

– Bugun yurtimizda tarjimachilik soha­si­ning rivojlanishi uchun barcha imkoniyatlar yetarli. Shunga mos ravishda tarjimonlarning yosh, navqiron avlodi yetishib kelmoqda. Matbuot sahifalarida yoshlarning ingliz, nemis, yapon, koreys, xitoy tillaridan bevosita oʻgirilgan tarjimalarini koʻrib quvonasan kishi. Lekin mazkur tarjimalarning aksariyati nuqsondan xoli emas. Yosh tarjimonlar uslubiy xatolarga, gʻalizliklarga yoʻl qoʻyishadi. Chet tilini puxta bilganlari holda ona tilimizning lugʻat boyligi, oʻzbekona soʻzlarning maʼno tovlanishlaridan bexabarliklari sezilib qoladi.

– Darhaqiqat, hozir yoshlarning bilim olishlari, chet ellarga chiqishlari, xorijiy tillarni oʻr­ganishlari, ijod qilishlari uchun barcha imkoniyatlar eshigi ochilgan. Bu imkoniyatlardan qay darajada foydalana bilish endi yoshlarning oʻzlariga bogʻliq. Ke­yingi paytlarda yoshlar orasida koʻp boʻlyapman. Toshkentdagi Gyote institutida “Tarjimonlar harakatda” loyihasi doirasida nemis tilidan oʻzbek tiliga tarjima qiluvchi yosh tarjimonlarning hududiy seminarlari tashkil etilmoqda. Shunday seminarlar 2013 yilda Toshkentda, Samarqandda, Andijonda boʻlib oʻtdi. Men oʻsha seminarlarda maslahatchi-tarjimon va tarjimashunos sifatida ishtirok etdim. Tan berish kerak, nihoyatda iqtidorli, yuragida oʻti bor, yangilikka tashna yoshlar oʻsib kelmoqda. Orqamizda qolib, biz qilolmagan ishlarni davom ettiradigan yoshlarimiz borligidan juda sevindim. Ularning chet tillarini mukammal bilishlari, oʻsha tillarda bemalol gaplasha olishlarini koʻrib faxrlanib ketdim. Demak, nemis tilidagi asarlarni asliyatdan oʻzbek tiliga, oʻzbek yozuvchi, shoirlarining asarlarini nemis tiliga bemalol oʻgira oladigan yosh tarjimonlar avlodi yetishib kelmoqda. Samarqandlik umidli tarjimon Oybek Ostonov asosan oʻzbekchadan nemis tiliga tarjima qilish bilan shugʻullanadi. U A.Qahhor hikoyalarini tarjima qilib, “Der Granatapfel” (“Anor”) nomi bilan chop ettirdi. Hozir Gʻafur Gʻulomning “Shum bola” qissasi tarjimasini nashrga tayyorlash bilan band. Bundan tashqari, nemis tilidan bevosita tarjima qiluvchi Sobirjon Yusupov, Davronbek Mamarasulov, Oybek Arabov singari koʻplab iqtidorli yoshlar oʻzbek badiiy tarjimachiligining ertangi kunini taʼminlashlariga umid bor. D.Mamarasulov tarjima qilib “Jahon adabiyoti” (2012 yil 1-soni) jurnalida chop ettirgan Stefan Svaygning “Shaxmat novellasi” anchagina ijobiy shov-shuvlarga sabab boʻldi. Faqat ular bitta hikoya yoki sheʼrni tarjima qilib, matbuotda eʼlon qilgach, shu bilan toʻxtab qolmasliklari, yangi-yangi asarlarga qoʻl urishlari, oʻz ustida tinmay ishlashlari lozimki, shundagina badiiy tarjimadek mashaqqatli ijod maydonida nimagadir erishish mumkin.

Oʻsha seminarlarda guvoh boʻlganimdek, ayrim yosh tarjimonlarda oʻzbek tilida badiiy mushohada yuritish iqtidori sal sustroqqa oʻxshaydi. Bu nuqsondan xoli boʻlish uchun ular: oʻzbek tilida zabardast soʻz ustalarining original va tarjima asarlarini koʻp oʻqishlari, ulardan soʻz qoʻllash mahoratini, soʻzlarning maʼno tovlanishlarini oʻrganishlari, shoir-tarjimonlar esa, koʻp sheʼr yod olishlari kerak, busiz sanʼatkor tarjimon darajasiga yetish mushkul. Tarjimon avvalo oʻzi tarjima qilmoqchi boʻlgan asarning uslubi, til xususiyatlaridan kelib chiqib tarjimaga qoʻl urishi kerak. Aks holda tarjimada uslubiy gʻalizliklar, tishga tegadigan holatlarning yuz berishi turgan gap.

– Suhbat yakunida yana Gyotega qaytsak. Gyoteni oʻzbek kitobxoniga bir qadar yovuqlashtiradigan holat uning Sharqqa maftunligi, sharq adabiyotiga nisbatan cheksiz muhabbati boʻlsa kerak. Buyuk shoir ijodidan oʻrgangan eng goʻzal fazilatlarni sanab bera olasizmi?

– Mening nazarimda Gyote, bir tomondan, yetib boʻlmas yuksak choʻqqi, buyuk daho boʻlsa, ikkinchi tomondan, goʻyo har birimizga hamdard, hamfikr boʻlib, shundoqqina roʻparamizga oʻtirib, hayot mushkulotlaridan qutulish yoʻllarini oʻrgatuvchi maslahatgoʻy doʻstdir. Gyotega xos boʻlgan barcha xislatlar, fazilatlar ana shu ikki qutb oʻrtasida makon topgan. Gyote shunday tinib-tinchimas, bilimga tashna, oʻrganishdan toliqmaydigan, olov qalbli Inson boʻlganki, u egallamagan bilim, u qoʻl urmagan soha, u yuz burmagan makon, u qiziqmagan mavzu qolmagan, desa boʻladi. Shuning uchun, Sharq sheʼriyatini, madaniyatini, Qurʼoni Karimu Hadisi sharifni, islom diniyu Muhammad paygʻambar (s.a.v.) hayotini oʻrganib, ilmiy va badiiy asarlar, butun bir devon yaratganiga hayron qolmasa ham boʻladi. Gyoteni oʻqiyverasiz, oʻrganaverasiz, qancha oʻrgansangiz, shuncha siz bilmagan qirralari ochilaveradi. Uning ijodi javohirlarga toʻla bir ummon, har kim undan iqtidori yetgancha oladi. Men uning barcha asarlarini oʻqib-oʻrgandim, iq­tidorim yetgancha tarjimalar qildim, lekin hali oʻrganmaganim koʻp. Ayniqsa, uning shogirdi, doʻsti va kotibi Yohann Peter Ekkermanning “Gyote bilan gurunglar” asarini tarjima qilishim Gyoteni anglash yoʻlida men uchun katta maktab boʻldi. Gyoteni har taraflama anglashni istayman, degan odam shu asarni oʻqishi kerak. Unda tilga olinmagan sohayu mavzuning oʻzi yoʻq.

Gyotedan nimalarni oʻrgansa boʻladi? Uning eng ulugʻ fazilati: millatparvarlik, oʻz yurti, oʻz tili va adabiyotiga cheksiz muhabbat, shu bilan birga, boshqa xalqlarga, ularning adabiyoti va madaniyatiga ham chuqur hurmat bilan qarashni; uzluksiz ham aqliy, ham jismoniy harakatda boʻlishni; boshlagan ishni oxiriga yetkazishni; goʻzallikka, tabiatga oshuftalikni; irodalilikni; yaratuvchilik fazilatini; doʻstlarga mehr va sadoqatni; aslzodalarga xos dabdabalarga intilmaslikni; talantli yoshlarni qoʻllab-quvvatlashni va boshqa koʻplab fazilatlarni oʻrganish mumkinki, ularning sanogʻiga yetish qiyin.

– “Yoshlik” jurnali muxlislariga tilaklaringiz. Yanglish opa, shu oʻrinda yoshlarga nemis adabiyotidan qaysi ijodkorlarning asarlarini oʻqishni tavsiya etasiz?

– “Yoshlik” jurnali muxlislariga kitobxonlik baxtini, bilimga tashnalikni tilayman. Kitobga mehr qoʻygan odamdan hech qachon yomonlik chiqmaydi. Koʻp oʻqigan odam koʻp biladi, oyogʻi ostidagi zamini mustahkam boʻladi. Shuncha ilm va bilim egasi boʻlgan Gyote: “Men hech narsa bilmasligimni bilaman” degan ekan. Demak, odam qancha koʻp bilsa, bilmagan narsasi shunchalik koʻp boʻladi va u bilish uchun tinmay oldinga intilishda davom etaveradi. Gyotega xos xislatlarni egallash uchun uning asarlarini, oʻzbekchaga tarjima qilingan “Faust”, “Gʻarbu sharq devoni”, “Yosh Verterning iztiroblari”, “Hamroz dillar”i, “Hikmatlar”ini, shuningdek, Nizom Komil tarjimasidagi Remarkning “Uch ogʻayni”, “Esizgina yoshligim” romanlarini, Hermann Hessening “Choʻl boʻrisi”ni, Hafiza Qoʻchqorova tarjimasidagi Jenni Erpenbekning “Makon istab” romanini hamda oʻzbek adabiyoti yirik namoyandalarining asarlarini mutolaa qilishni tavsiya etgan boʻlardim.

 

Suhbatdosh: Gulnoz MOʻMINOVA

 

“Yoshlik”, 2013 yil 12-son

https://saviya.uz/hayot/suhbat/tarjimonlik-sanatkorlikdir/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x