* * *
Har tong quyoshning ol balqishin koʻrib,
Deyman, ne yogʻdudir, bu umr, umr?
Goh qatra shabnamdek yaproqda titrar,
Ne inja tuygʻudir, bu umr, umr?
Goho doʻstu dushman duch boʻlar yoʻlda,
Diydorga koʻzgudir, bu umr, umr.
Qayda yo istehzo, yo havas sezsang,
Goh bol, goh ogʻudir, bu umr, umr.
Oy goho toʻlindir, yarimdir gohi,
Yillarga koʻzgudir, bu umr, umr.
Yuksaltgay el ruhin farzand kamoli,
Nurafshon mavzudir, bu umr, umr.
Yurtda ulugʻ zotlar oʻtgan, yashar, bor,
Ki ramzi mangudir, bu umr, umr.
DUNYOGA KELDIK
Dunyoga keldik nening gʻamin yeb,
Guvranib yurdik yemak-ichmak deb.
Ne sirri muabbad tandagi bu jon:
Musiqadir aslan chin madhi iymon.
Dunyoga keldik neni bilib zeb,
Nedin tondik, nedin shodmiz topdik deb?
Anglab yetoldikmi shu bizning zamon?
Sozdadir Hojixon, bordir Komiljon.
Dunyoga keldik, qoʻlda bogʻlam sep,
Bildikmu bori ne, nedir bizga zeb?
Qani Alp qasrlar, avji Sulaymon,
Ay, pirim Navoiy, ey ganji iymon?!
Dunyoga keldik, neni bildik ep,
Nahrlar qay yonda – bitta tomchi deb?
Avval oxir bildik: oʻtar bul zamon,
Bordir Sulton Uvays, Mahmud Pahlavon.
Omonmi bor-yoʻqni koʻrib kelganlar,
Uzoq-yaqinlarda yurib kelganlar!
Qutlugʻ eʼtiqodga koʻmakdadir, bas,
Haq bizga yorlaqab ato etgan jon!
Ulugʻ ruhlar kezar olamni mamnun,
Aljabrdan qudrat olgan tamaddun.
Buyuk vatandoshlar nomin madh etib,
Mangu ehtiromda yurtimga davron!
ISHQ YORLIGʻI
Sevikli rafiqamga
Erta tong shafagʻiga,
Birga bir nazar solsak.
Ajabmas, yangi kundan,
Yana juft mehr olsak.
Daryodan ikkimiz teng,
Toʻldirsak kaftimizni.
Daryo olis manzilga,
Eltgandir ahdimizni.
Sahar gulgʻunchalarga
Ikkov bir tekkizsak qoʻl.
Gulzor boʻstonga doʻnar –
Ishqqa ohanrabo yoʻl.
Farzandlarga ikkovlon,
Nogahon bir soʻz aytsak.
Albatta, ul qalblardan
Qoʻsha nur boʻlib qaytar.
Hayot shu juft nigohdan
Qudrat olgani yangligʻ,
Olamni koʻrish uchun
Shudir ishq degan yorliq.
EʼTIQOD
Alloh deganim Sevgi,
Alloh deganim Yogʻdu.
Ovozim lahza – toʻlqin,
Aks-sadosi Mangu.
Alloh deganim Ummon,
Alloh deganim zarra.
Jismimda goʻdak boʻzlar,
Ruhimda yetuk bahra.
Alloh deganim Borliq,
Alloh moviy qaldiroq.
Oshkora ohlarimdan
Pinhon dardim ogʻirroq.
Alloh deganim yoʻldir,
Allohimdir – taqdirlar.
Oldinda jim borurlar
Sukut ridoli pirlar…
Xorazm – ilohiy soz,
Xorazm – Avestodir.
U barcha tarixlardan
Chuqurroq… va ustadir.
Moʻmin boʻlsang-u, ammo
Hasadgoʻy, ola ogʻiz –
Qalamda chingizlar bor,
Soʻyloq tishli chanqovuz.
Alloh deganim oʻzi –
Buyuk nur va koʻnglim toʻq!
Gʻalamis yovlarimning
Shugina baxti ham yoʻq.
Alloh deganim – Holdir,
Shuni asrasam – Borman.
Harki mavqega, yurtim,
Sen bois sazovorman!
ELLI LAZGISI
Uchdi Ellikka qushlar,
Oʻngga aylandi tushlar.
Farishtalar Boʻstonda
Goʻyo yozlar ham qishlar.
Izla soʻzning joʻyasin,
Soz topar oʻz eyasin.
Davrada hofiz bilar
Elga novvi deyasin!
Bir kelganda Elli*ga,
Boqdim xipcha belli*ga.
Haddingdan oshma bunda,
Chaqirarlar balliga!
Yangra tanbur, jalojil,
Burgʻu-yu dovul, tabul.
Orzularimni aytsam,
Ichingga tushar havul.
Qayda boʻlma qoʻshnayim,
Xorazmni qoʻsh, nayim.
Muhabbati zoʻrlarning
Yuragi ham xush, nayim.
Omon MATJON
“Yoshlik”, 2014 yil 1-son
https://saviya.uz/ijod/nazm/aljabrdan-qudrat-olgan-tamaddun/