ERK YOʻLI
Bari yolgʻon,
Shu yoʻlgina chin.
Bu yoʻlda yurmaysan, uchasan.
Faqat unda ketmoqlik uchun
Oʻzing bor-yoʻgʻingdan kechasan.
Otlanarkan tong yoki kechda,
Ichga toʻldir ozodlik kuyin.
Bor lash-lushing birma-bir yechda,
Boshdan-oyoq hurlikka kiyin.
Baxtga toʻyin,
Kerak tamomi
Muhtojlikdan oʻzni qutqarmoq.
Xudoyimning toza yoʻlida
Qanday bayram kishansiz bormoq.
Qayirolmas hech kim shoxingni,
Qirqiladi gʻilofu, qinlar.
Boshingdagi erk kulohingni
Boshing olmay ololmasinlar!
Ololmasinlar!!!
MEHMONDIR
Odam oʻgʻli bu dunyoga mehmondir.
Mahtumquli
Mehmon erur – asli dunyoda bari,
Rangi sarigʻ kuzak bizga mehmondir.
Yurakka mehmondir gʻalayonlari,
Tizingdagi mador tizga mehmondir.
Besh kunlikdir bu dunyoning yorugʻi,
Yerga tushgay bul kun koʻkdagi tugʻi.
Ketmoq uchun koʻrar yoʻl tadorigin
Qargʻa, qiygʻir dala-tuzga mehmondir.
Gʻam kelsa ham quyib ichaberingiz,
Tiriksiz-ku, suyib ichaberingiz.
Toʻzim toʻnin kiyib ichaberingiz
Axir koʻzda jola koʻzga mehmondir.
Tilsiz boʻlsa hamki mungligʻ onangiz,
Sanchabermang koʻksiga tigʻ, taʼnangiz.
Uning bagʻir qoʻrgʻonida tunangiz
Oh, bu qoʻrgʻon, bolam, Sizga mehmondir.
Garchand bu kun bulbulning bir turiman,
Esayotgan shamolning hur-huriman.
Ketayotgan onalarning biriman,
Manim achchiq nolam Sizga mehmondir.
SEZIB QOLDIM
Beshikdin to tobut qadar muhabbat ehtiyojimdir.
Alisher Navoiy
Ketdim. Oʻyladimki sendan qutildim,
Endi sensiz kutgum har tongotarni.
Ismingni koʻksimdan chechakday yuldim,
Yor-a-b, chechak shunday ildiz otarmi?
Yor-a-b, oʻlim-ku bu ishq degani-a,
Nahot har hujayrang egallab borsa.
Nahot har chin oshiq ishq deganida
Peshonasin oʻlim gurzisi yorsa.
Qayoqdanam senga koʻngil ochdim-u,
Oʻzimni umrlik oʻtga soldim men.
Oʻlimdan qochganday sendan qochdim-u,
Sensiz oʻlarimni sezib qoldim men.
Izlab topolmayman birorta taftni,
Sensiz har qadamda urilib toshga.
Koʻksimda hech narsa ildiz otmapti,
Egallagan oʻsha chechakdan boshqa.
ONAM YODI
Bolaligim. Avji saraton
Dala. Togʻu toshlar kuymakda.
Onam ishga otlanadi tong
Rangi oʻngib ketgan koʻylakda.
Naqd taqimda sochini sochib,
Boyovutning shamoli sangʻir.
Vafo qildi birgina sochi
Eplayolmay roʻmolda tangʻir.
Borar baland boʻyli, kulcha yuz
Boʻy-boʻy juvon, sirli siyoqda.
Suyolmasdik uni qilcha biz,
Xudo suysin endi u yoqda.
Eshitaman tovushlarini,
Borar jannat malaklariday.
Tuproq toʻla kovushlari-yu
Rangi oʻnggan koʻylaklarida…
MENGA BARIBIR…
Menga baribirdir, menga farqi yoʻq
Ketsang, daryo yoʻling bogʻlasa kerak.
Faqat… namozshomgul soʻlar, barqi yoʻq
Oy osmonda yolgʻiz, yigʻlasa kerak.
Qumlari kuydirar dashtu choʻllarni
Sahrolarda sarob yutishi mumkin.
Buralib-buralib dunyo yoʻllari,
Seni adashtirib ketishi mumkin.
Menga baribirdir, ha, menga nima
Yurganimam yoʻgʻ-u aziyat chekib.
Yoʻlga chiqqach ortga qaytmasmish kema,
Qaytsa, toʻfonlarda ketarmish choʻkib.
Sen sovuqqa yoʻqsan, tagʻin, boding bor
Ketsang puxta oʻylab, sezim bilan ket.
Mening ham kichkina arzu dodim bor
Qachon, qayon ketsang – oʻzim bilan ket!
Garchand,
Menga baribirdir,
Menga farqi yoʻq…
YUKSALISHGA MAHKUMLIK
Masʼulmiz yo
Majburmiz debmas,
Mahkummiz deb bu holga yondosh.
Endi yerda sudralmoq epmas,
Endi yerdan koʻtarildi bosh!
Boz egilsa
Bosh uchar toshday,
Boz egilsa, biz oʻzi kimmiz?
Ayrilmaslik uchun ham boshdan,
Endi yuksalmoqqa mahkummiz!
Ey chirmashgan!
Qudratlan, kuch top,
Yuksak daraxt – chaqir tikan, hoʻl.
Mahkumlik bu – muqarrar azob,
Ozodlikka olib chiqar yoʻl!
TOSH YAXShI YASHAR
Sargʻayamiz sabrsizlikdan
Yomgʻirsizlik, abrsizlikdan.
Qiynalamiz jabr, soʻzlikdan
Sabr ila bardosh yaxshi yashar.
Bir kun quvonch, bir kun kelar gʻam
Bormidi-yey oʻchmaydigan sham.
Oʻtgach, narigi dunyosida ham
Egilmagan bosh yaxshi yashar.
Noni yarim, yoʻliga boqib
Joni yarim, tunlarda… oqib.
Yolgʻizlikni sevib, yutoqib
Kim aytar kundosh yaxshi yashar.
Ishqni izlab, sarson-u, daydi,
Abad kelmaslarni kutmaydi.
Ishqqa nihon, goʻrga ketmaydi,
Bizdan koʻra tosh yaxshi yashar.
BILMABMAN
Saratonim surib, yovuq keldi kuz,
Jaziramada ham titragan qalbman.
Sizsiz saraton ham ichirarkan muz
Men buni bilmabman.
Sizsiz shamol buzar qoʻrgʻon, qalʼamni
Hurkak goʻdagimni oʻksib suyaman.
Qulogʻimda titrab turgan halqamni
Koʻzdan panaroqqa olib qoʻyaman.
Koʻnglimga sigʻmaydi, koʻzimga sigʻmas,
Toʻkkan shoʻr yoshimda toyib boraman.
Sham-u, shaʼn haqida oʻylamay qoʻydim,
Gʻamdan hech kamim yoʻq, boyib boraman.
Ishqni men “ishq” debman, debman visol, koʻrk,
Dod, yod ekanini bilmabman.
Ishq ozodlik ekan, ekan qoʻrgʻon, erk,
Hayot ekanini bilmabman.
QADAH
(Ballada)
Shom shamoli izgʻigan kechda
Uchta odam oʻtirib ichdi.
Er-xotin va uchinchi erkak
Uchinchining koʻzlari sergak.
Ayol silab-siypar erini
Er bilmaydi uning yerini.
Xotin tilda bergudayin jon
Koʻkragida gʻimirlar ilon.
Qani, oldik!
Oq urarlar, oq,
Er koʻksini changallar shu choq.
Oʻh, yurakka borib yetdi oʻt
Tomirlarni kirqib ketdi oʻt.
Zahar!
Qulab, eri berdi jon,
Na qotil bor, na bir tomchi qon…
Boʻsh qadah ham ketmadi sinib,
Dasturxonga qaytdi yuvinib…
OSMON YAQIN KELAR
Osmon yaqin kelar
Judayam yaqin
Qarichlab yetasan
Ololsang chama.
Bir kuni chaqnaydi
Ulugʻvor chaqin
Bolaga aylanib
Qoladi hamma.
Buguncha kattasiz
Xafahol, zada
Yuribsiz sir tutib
Dil, qaʼringizni.
Quyuq tuman bosgan
Har bir lahzada
Bir-birovga toʻkib
Zaharingizni.
Ammo, aziz odam,
Bechora odam!
To yerning ostiga
Ketmasdan kirib,
Dunyoda behishtiy
Un ham borligin
Goʻdakka aylanib,
Shodon qiyqirib
Bir-birin quchoqlar
Kun ham borligin
Unutmang!
Osmon yaqin kelar,
Judayam yaqin…
Halima XUDOYBERDIYEVA
“Yoshlik”, 2014 yil 1-son
https://saviya.uz/ijod/nazm/rangi-sariq-kuzak-bizga-mehmondir/