“Yuraging bir parcha goʻshtga aylanib qolmasin!”
“Alximik”dan
Bundan yetti asr muqaddam mohiyat kashshofi Mavlono Jaloliddin Rumiy “inson bir ishni qilish uchun dunyoga keladi”, yaʼni “har kim oʻz ehtiyoji yonida yashaydi” deydi. Shunday ekan, har bir davrning oʻz ijodkori boʻladiki, oʻsha ijodkorlar butun millat haqida aniq mantiqqa quloq tutib, toʻgʻrirogʻi, inson haqida bilganlarini tarix zarvaraqlariga vaqtida muhrlab boradi. Bundan yigirma yillar ilgari Lotin Amerikasining soʻz sehrgari, yozuvchi Paulo Koeloning “Alximik” romani dunyoga kelgan edi. Oradan oʻn ikki yil vaqt oʻtib ushbu asar oʻzbek tiliga tarjima qilindi. Va, bir necha yil ichida “Alximik”ning uchta tarjima varianti yuzaga keldi. Bular munaqqid O. Sharafiddinov, shoir A. Said, adabiyotshunos A. Otaboyev kabi tarjimonlar tomonidan oʻzbek tiliga oʻgirilib, minglab nusxalarda oʻzbek oʻquvchilari qoʻliga yetib bordi. Roman syujetini koʻpchilik adabiyotshunos va munaqqidlar Rumiyning “Har ne istarsen, oʻzingda jam erur” falsafiy hikmati asosida qurilgan, degan fikrlarni ilgari surishadi. Bu ayni haqiqatdir. Binobarin, P. Koelo bir ijodkor sifatida sharq xalqlari, xususan, tasavvuf adabiyoti namunalari bilan tanishgan boʻlishi mumkin. Uning yutugʻi shundaki, romanda yuqorida aytganimizdek Rumiy “inson bu dunyoga bir ish va safar qilgani keladi” deydi. Haqiqatdan ham Rumiyning fikrlari P. Koelo romanida asos vazifasini oʻtagan. Roman qahramoni ham xazina izlab safarga chiqadi. Safar davomida turli-tuman “oq-qora” yoʻllarni bosib oʻtadi. Goho zulmat koʻchalarida adashsa, goho yorugʻ kunduzlarda aziyat chekadi. Bu insonning oʻz taqdiri oldida ojizligi va hayot atalmish sirli jumboqning mohiyatini toʻla bilmasligidan shahodat beradi. Rumiyning hikoyati va hikmati asosida yaratilgan ushbu roman kunimizga kelib, bir yuz yigirmadan ortiq mamlakatga yetib borib, butun dunyoni kezib yuribdi. Demak, gap shaklda emas, mazmunda. Mazmunni shakllantira olgan P. Koelo turli xil taqdirlarga roʻbaroʻ qilgan Santyagoni “hayot atalmish” sinov maydonida toblab koʻradi. Safar davomida irodasi oxirigacha bardosh bera olgan Santyago xazinani oʻz yurtidan axtarish lozimligini anglab yetadi. Bu yerda inson-millat-qadriyat-tabiat-jamiyat munosabatlariga ramziy ishora berilgan. Negaki, har bir inson oʻz hayoti davomida turfa xil koʻchalarga bosh uradi, turfa xil taqdirlarga roʻbaroʻ keladi, ana shu jihatlar uchrashgan joyda – inson mohiyatiga, oʻzligini anglashga safar boshlanadi. “Agar oʻzligida yangi narsalar topgan zot aqllidir, kulliydir” deydi Rumiy. Yaʼni, inson oʻzidagi bor bilim va tafakkuri bilan hayot atalmish moʻjaz jumboqning asrorini anglashga kirishadi. P. Koeloning qahramoni Santyago ham xazina uchun bir necha shaharu qishloqlarda sarson-sargardon kezinadi. Yozuvchi “hayotga kelishdan muddao ne?” degan savolni qahramoniga beradi-da, uni safar qilishga joʻnatadi. Demak, romanning mohiyatida umrning bebaqoligini, har bir narsa omonat ekanligini, u qaysi davr farzandi boʻlishidan qatʼi nazar sharafiga monand oʻrin egallashi lozimligini zukko kitobxonga ramz va ishoralar orqali tanishtiradi. Santyagoga hech kim achinmaydi. Hatto uni oʻlim xavfi bostirib kelayotganida ham. Chunki kitobxon Santyagoning oʻlimidan tahlikaga tushmaydi, uning izlayotgan xazinasi qayerda ekanligi haqida oʻy surib, alaloqibat xazinani qoʻliga kirita oladimi yoki yoʻq degan tasavvur oqimida yashaydi. Bu yerda koʻrinadiki, adib badiiy mahorati anglangan va anglanmagan tasavvurlarga oydinlik kiritish, insonning bilim va tafakkur qudratini chamalash, kuchli va ojiz jihatlarini urgʻulashga qaratilgani qabarib koʻrinadi. Adib roman soʻz boshisida taʼkidlashicha: “Modomiki, bizning boshqalarga qaraganda qoʻproq aziyat chekishimizga toʻgʻri kelar ekan, Oʻz Taqdir yoʻlimizdan yurishimiz shartmi, deb soʻrashingiz mumkin. Bu shuning uchun ham zarurki, omadsizliklar va magʻlubiyatlar ortda qolgach – ular oxir-oqibat baribir ortda qoladi, – biz toʻla-toʻkis baxt tuygʻusini anglab yetamiz va oʻzimizga ishonchimiz yanada ortadi. Qalbimizning tub-tubida boshimizdan kechirgan gʻaroyib hodisalarga munosib ekanimizga ishonch hosil etamiz. Hayotimizning har bir soati – bu Sharafli Jang daqiqalaridir”. Insonning asl oʻzagi – mohiyati haqida mushohada yuritgan adib “Yuragingda Oʻz Taqdiringga” qalbingda ishonch va mustahkam iroda tuyish lozimligiga mantiqiy urgʻu beradi. Bu teran tushuncha hayot jumbogʻini anglashga zamin hozirlayotgani shubhasizdir.
Munaqqid U. Hamdam “Inson – mantiq farzandi” maqolasida shunday yozadi: “Asar syujet qurilishiga, tasviriga koʻra romantik, asarga yuklatilgan mazmunni ifoda qilish prinsipiga koʻra simvolistik, uslubiga koʻra modernistik va nihoyat, undan uqiladigan maʼno haqiqatiga koʻra realistikdir. Ehtimol, bu gaplarni hali ancha tarashlash kerakdir. Lekin bundan qatʼi nazar, ilk taassurotlar “Alximik” toʻgʻrisida umumiyroq boʻlsa-da, ana shunday mulohazalarga undaydi”. Darhaqiqat, romanning tabiatida turli “izm”larning sinkretik holati tajassum topgan. Roman janrining oʻsha 1988 yil “Alximik” dunyoga kelgan kunlardagi holati ummon orti davlatlarida juda boshqacha, postmodern namunalar deb sanalayotgan jihatlar aks ettirilgani ayonlashadi. Chunki bizning adabiyotimizga kirib kelgunga qadar, bizda ham bu borada “ancha-muncha” katta-kichik tajribalar qilishga urinayotgan yozuvchilarimiz bor edi. Demak, dunyodagi mavjud “izm”lar davr va kayfiyat mahsuli sifatida yuzaga kelishi yuqoridagi mulohazalardan ham koʻrinib turibdi.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, “Alximik”da muayyan davr va uni ifoda qilish yoki davr va muhit ziddiyati koʻzga tashlanmaydi. Chunki roman bitta jamiyat hayoti bilan bogʻliq emas. U evrilayotgan dunyo sarhadlarining barcha burchaklarida oʻqilishining ham oʻzi buni tasdiqlab turibdi. Roman – ramz va ishoralar yigʻindisidan iborat. Santyago inson atalmish sirli jumboqning bir qirrasi, xolos. Zotan, barcha zamonlarda ruhiy borliq haqida mushohada yuritgan inson oʻziga jozib bir maʼno axtarib keladi. Ummon orqasidagi xalqlarning kayfiyati bundan yigirma yillar ilgari bu kabi “izm”lar mahsuliga ehtiyoj sezgan ekan, buning serqirra koʻrinishlari oʻzbek adabiyotida “endi” rivojlanish pallasiga kirib kelmoqda desak, aslo mubolagʻa qilmagan boʻlamiz.
Zamira QABULOVA
“Yoshlik”, 2014 yil 2-son
https://saviya.uz/hayot/nigoh/shaklga-yashiringan-mani/