Onamning aytishicha, murgʻaklikda ogʻrigan paytlarim, Zaynab momo tanglayimni paxta bilan koʻtarib qoʻyarkan. Shuning uchun boʻlsa kerak, paxtaga mehrim bolalikdan boshlangan. Toʻrt yashar chogʻimda, onamning gardi roʻmolini belimga etakdek bogʻlab, otamning oldiga tushib paxta terganman. Oʻshanda boʻyim gʻoʻzalardan past boʻlgani bois, koʻproq osmonni, oppoq bulutlarni kuzatardim. Nazarimda, ular ham menga ulkan paxta xirmonlarini eslatardi.
Keyinchalik, peshonasiga charm koʻztumor taqilgan, bir shoxli, sersut sigirimizni Damariq boʻyidagi ajriqzorlarda oʻtlatib yurib ham dehqonlar ishini zavq bilan kuzatishdan tolmaganman. Paxtaning momiq tolalarini paypaslab, uning qop – qora chigitlarini tishlarim bilan qisirlatganda rohatlanardim.
Biz – bir guruh quvnoq bolalar, xirmonchi Hazrat boboning haqoratu tahdidlarini nazar-pisand qilmay, oʻzimizni paxta xirmoni bagʻriga otardik. Uning tafti, isi kishiga oʻzgacha kayfiyat baxsh etardi. Balki, oʻsha sabab, yuragimizning qat-qatidan paxta joy olgan boʻlsa, ajabmas…
Paxtazorlarni oralab, damodam etak boʻshatganimizni koʻrgan Baxshi kampirning: “Deti – detam, xeti – xetam”, – deya erkalatishlari quloqlarim ostida hanuzgacha jaranglab turadi. Baxshi kampir, biz terimchi bolalarni, goʻyo oʻsha paytlar dalalarda paxta terib yurgan, terim mashinalariga qiyoslardi.
Oy toʻlishib chiqqan pallada, Zulhayot opam bizni ohista shivirlab, shirin uyqudan uygʻotardi:
– Paxta terishga boramiz…
Bizning butun fikru zikrimiz dalalar bilan bogʻlanib ketardi. Goho, kunlik paxta terimi normasini bajarolmay qolsak, hisobchimiz Bozor Qodirning vajohatidan qoʻrqib, dalalar bagʻriga bekinish payida boʻlardik…
U KUNLARNI UNUTISH OGʻIR…
Bolalik dalalar bagʻrida qoldi,
Paxta terar edik hatto qorlarda.
Opa, Baxshi kampir qayga yoʻqoldi,
Yoki pul tegdimi paxtakorlarga?
Xushmoʻylov yigitning dalasi qayda,
Qamchilab yuribdi koʻkka otini.
Chiqib uch yuz kilo paxta terganmish,
Shoʻrlik Jangiboyning dardmand xotini.
“Uyim kuydi”, – deya titrar Sharif chol,
Quloqqa koʻndalang qoʻyib oʻzini.
U shunday qilmasa edi ehtimol,
Sel olib ketardi rizqu roʻzini.
Dala darsxonadek boʻlmagan bejiz,
Bosh egib yurardik, nihollarga qul.
“Tuzning ozi ham tuz, koʻpi ham bu tuz,”
Mahzun soʻz boshlardi usta Jumaqul.
Xirmonlar osmonga boʻylashib borar,
Unda toshdan edi balki jonimiz.
Har kun barmoqlarni teshib qon olar,
Soʻnggi chanoqlarda qolgan nonimiz.
Opa, u kunlarni eslagim kelmas,
Pinhona koʻz yoshim oqaveradi.
Yurakka zarracha halovat bermas,
Hijronlar dilimni yoqaveradi.
Yana bir kunimni oʻgʻirlaydi tun,
Koʻzimni uzmayman qora chodirdan.
Normamni bajarmay qochganim uchun,
Uyalib yuribman Bozor Qodirdan…
Ajib damlar ekan bolalik…
Onam kunu tun olov bilan sirlashishdan tolmasdi. Nazarimda, koʻkda kezib yurgan Oy ham onamni non yopishga undayotgandek boʻlardi…
Oy…
Onam quvlab ado boʻlgan non,
Oqarmadi qismat tandiri.
Bizlar esa yoʻldamiz hamon,
Boʻynimizda hayot zanjiri…
Onamning tandiri oqarganini eslayolmayman, ogʻzidan ajdar kabi lovullab oʻt purkayotgan qop-qora tandir, onamning gulgun kunlarini yulib ketdi.
Shoʻrlik, dunyo tashvishlaridan horiqqan paytlari bir soʻzni bizga bot-bot uqtirardi.
– Bir kuni peshonang dunyoning koʻhna ustuniga tekkach, bilasan, mening qanchalar haqligimni…
Dunyoning ham koʻhna ustuni boʻladimi, deya oʻylardim. Yillar oʻtib borgan sari volidamning oʻsha soʻzlari nechogʻlik hikmatga limmo-lim ekanligini anglab yetayapman.
Qishlogʻimizning chekkasidagi joylashgan bogʻdagi sarxil mevalarni negadir hech kim qoʻriqlamasdi, u hamma uchun birdek edi. Nomi ham gʻalati: Oʻgʻrilar bogʻi. Emishki, bir zamonlar u yerda behisob bir toʻp qaroqchilar yashagan ekan. Balki, oʻshalar oʻzlarining qingʻir ishlarini yuvish ilinjida bu yerga daraxt koʻchatlarini oʻtqazib ketishgandir. Yana, kim biladi deysiz… Qishloq bolalarining qiyqirib beminnat balxi tut yeyishi marhum oʻgʻrilarning qilgan gunohlarini bir yoʻla yuvayotgan boʻlsa, ajabmas.
Oʻshanda men nega bu qadar paxtazorlarga mahliyo boʻlib qolganligimning mohiyatini hanuzgacha anglayolmayman. Ilk bor sevgan qizimning qoʻliga gulpaxta yasab tutqazganimda, uning ichida qalbim sirlari qorishib ketgan xat ham bor edi…
Mening eng ayanchli, qorongʻu kunim, bogʻlarni zarhal yaproqlarga burkagan zargʻaldoq kuz, onamning oʻltirgan soʻrisini xazonlarga toʻldirganida keldi.
– Oyoqlarim zirqirab ogʻriyapti, bolam… – deya noliyotgan onamizni kuz oʻzining xazonlari bilan qorishtirib ketdi…
Oʻshanda, boshim dunyoning koʻhna ustuniga ilk bor toʻqqillab tekkanini his qildim.
Bolaligim kechgan hovli bir zumda huvillab qoldi…
ONAMNI SOGʻINDIM
Qiyshaygan tandiri qoraydi,
Dunyo koʻz oldimda toraydi,
Pandlari korimga yaraydi,
Onamni sogʻindim, O n a m n i…
Boʻgʻzimni kuydirib chiqqan satrlar meni cheksiz sogʻinch domiga tortadi. U paytlar men tuproq bilan sirlashib yurgan ziroatchi edim…
Onamni tuproqqa qoʻygach, orzu-havasdan koʻnglim butkul soviganday boʻldi. Umr boʻyi bizlarni deb tashvishlarga koʻmilib yashagan u mushtipar ayolni yoʻqotib qoʻygach, dunyodagi eng katta boyligimdan ayrilganimni fahmladim. Oʻn ikkita farzandni oq yuvib-oq taragan onamiz, borligʻini farzand tarbiyasiga bagʻishlab, oʻzini unutib qoʻygandi. Onamiz bizlardan bir zayil ezgu maqsadlarga erishish uchun yaxshi niyat qilishni talab qilardi.
Onam yerga tushgan bir parcha yozuvi bor qogʻozni ham, garchi savodi boʻlmasa-da, eʼtibordan chetda qoldirmay, bizlarga:”… oʻqib koʻr-chi, bunda nima yozilgan”, – deb ixlos bilan uzatardi. Maktab koʻrmagan volidamning zukkoligidan doim hayratlanganman…
Har gal qabri boshiga borsam, quloqlarim ostida:
– Oyoqlarim zirqirab ogʻriyapti, bolam… – degan nido yangrayotgandek boʻladi.
Bugun yana shu yerdaman. Bahor boʻlgani uchun maysalar ham oʻzlarining yam-yashil sepini yozibdi. Lolaqizgʻaldoqlar lovullab onamning yurak dogʻlari bilan qorishib ungandek edi. Qabr – homilador ona vujudiga oʻxshaydi. Bir paytlar men onamning qornida boʻlganman, bugun esa onam yer bagʻrida yotibdi. Nazarimda bunda bir hikmat bordek tuyuladi. Oʻzimcha nelarnidir ilgʻaganday boʻlaman.
BU MAYSALAR USTIMDAN KULDI
Men kim boʻldim dunyoda, ona,
Bu maysalar ustimdan kuldi.
Mendan oldin mozoringizga,
Borib sizni ziyorat qildi.
Tushunmay bu dunyo ishlarin,
Orqasidan quvib tolganman,
Balki oʻsha sabab, onajon,
Maysalardan ortda qolganman.
Qabristonda qizgʻaldoqlarning,
Qanchalar qon boʻlganin koʻrdim.
Tabiatning tanbehlaridan,
Qarshingizda xijolat boʻldim.
Tuproq kabi beozor onam,
Endi sizni qaydan topaman.
Koʻnglim kabi huvillab yotgan,
Dalalarga qarab chopaman.
Topdim barcha yoʻqotganlarim,
Hamroh boʻldi menga shuhrat-shon.
Ammo sizni qancha izlasam,
Topolmayman endi, onajon.
Men kim boʻldim dunyoda, ona,
Bu maysalar ustimdan kuldi.
Mendan oldin mozoringizga,
Oʻzlarini poyandoz qildi.
Ona, dunyoning nohaqliklari bilan toʻqnashgan chogʻimda, sizning ibratli pandlaringiz menga yor boʻladi. Siz, har bir insonning yelkasida doimiy ikki farishta turadi, derdingiz. U farishtalar kishining qilgan niyatlari ijobat boʻlishi uchun “Omin”, deb turar ekan. Shuning uchun ham, tilak doim yaxshi boʻlishini bot-bot uqtirardingiz. Biz – bolalar u pandlarni momolarning koʻhna naqli, deb kulardik.
Bahor quruq kelgan palla, gʻoʻza nihollarining yerdan unib chiqishi qiyinlashgan lahzalar, hali tong otmay turib dalalar bagʻriga singib, qorongʻu tushganda uyga qaytardik. Sahar payti xoʻjalik bogʻida bir bulbul sayrayapti, yuraklarni tilka-pora etib kuylayapti, bagʻri qon gullarni koʻksiga bosib kuylayapti. Navodan dilim yayrab ketdi. Bulbulning ovoziga mahliyo boʻldim.
Gul ishqida yongan bulbul,
sen menga yonishni oʻrgat,
Tillaringdan aylanayin,
eng shirin xonishni oʻrgat.
Ey sen bogʻning hukmdori,
oshiq dillarning sardori,
Menga faqat bitta gulning
koʻnglini olishni oʻrgat.
Navo qilding gulni quchib,
guldan gulga bording uchib,
Bellaridan olay quchib,
unga yolvorishni oʻrgat.
Sochiga bogʻlab jonimni,
xino qildi dil qonimni,
Balki qiynab oʻldirmoqchi,
oʻlmay sogʻ qolishni oʻrgat.
Qachon chiqar mening gulim,
darddan toʻlib ketdi dilim,
Ustozim boʻlgin bulbulim,
eng dardli nolishni oʻrgat.
Kim boʻldi deb, Axtamquli,
lol qolsa koʻplarning tili,
Gʻoʻzalardan uzr soʻrab
Toshkanga borishni oʻrgat.
Tilagim ijobat boʻldi, gʻazal koʻplarni hayajonlantirdi. Yelkamdagi farishtalar “Omin”, deb turgan ekanmi, gʻoʻzalardan izn soʻrab, Toshkentga borishimga imkon topildi… Katta minbarlarda, elning ichida hayajonlanib sheʼr oʻqiyotgan chogʻimda, duogoʻy onamning aytgan farishtalariyu, xoʻjalik bogʻida tinimsiz kuylayotgan kuychi bulbulning navosi xayolimdan kechadi. Niyatni doim yaxshi qilish kerak ekan, degan xayolga boraman…
Ona, onajon, bu yorugʻ olamda ilm olish ilinjida dunyoning bir qancha boshi berk koʻchalariga kirib chiqdim. Ulkan bilim dargohlari menga quchoq ochdi. Ammo sizning darsxonangizdek, mehrli, beminnat dargoh, dunyoning hech bir goʻshasida yoʻqligini angladim.
Yurtboshimizning “Adabiyotga eʼtibor – maʼnaviyatga, kelajakka eʼtibor” risolasida bejiz:
“Yozuvchilik – bu oddiy kasb emas, Xudo bergan isteʼdoddir. Bu kasbga hech qayerda oʻqitib, oʻrgatib boʻlmaydi. Yozuvchilikning maktabi ham, dorilfununi ham bitta. U ham boʻlsa hayot ichida, oʻz xalqi bilan hamdardu hamnafas yashash, haqiqat va adolatga sadoqat bilan xizmatqilishdir…” deyilmagan.
Toʻshakda mixlanib yotgan onam haqida sheʼr yozib borgandim, u kishi sheʼrimni tinglab, mungli koʻzlarini menga tikib dedilar:
– Sheʼr eshitgan bilan, tuzalmayapman-ku, bolam?!..
Keyin bilsam, meni ne-ne kuylarga solgan bu noshud baytlarim, onamning ham dardiga malham boʻlolmagan ekan.
Oq bulutdek toʻziladi borgan sari,
Qismatimning bitilmagan daftarlari,
Bu holatni sezmaganman men ilgari,
Ona, sizni bir sogʻindim, Ona, sizni…
Shotiroʻd, mening barcha orzu-armonlarimni borliqqa tarannum aylagan ona qishlogʻim! Uning soddadil, koʻngli osmon odamlarining har biri menga ustozlik qilishgan. Darvozasi kechayu kunduz lang ochiq, mehmon qabul qilishdan zavqlanadigan Kokil bobodan tortib, qirlar bagʻrida yalang oyoq yurgan omonatbon Devona bobogacha hamma-hammasi, hayotimda ibrat maktabi boʻlgan.
Ona, bugun men sizning koʻngil maktabingiz haqida kengroq fikr yuritishni niyat qildim. Tarbiyaning boshlanishi dunyoni teran nigoh bilan koʻra bilishda, u dargohning muallimidadir. Biz – oʻn ikki farzand, qishning uzun tunlari sandal atrofida gʻuj boʻlib “Koʻk sigir” haqidagi gʻaroyib ertakni eshitganimizda, koʻkdan xum toʻla sut yogʻilishini orzu qilib chiqqanimiz sir emas. Ayniqsa, singillarim – Fotima-Zuhra tugʻilgan yili qish qattiq kelgandi. Qisir qolgan bir shoxli, sersut sigirimizning qadri bilinib turgan bir paytda, qishlogʻimizga chetdan kelin boʻlib kelgan ximiya oʻqituvchisi – Bahriniso opaning har kuni yarim paqir sutni bepul, beminnat, egizaklar uchun berib yuborgani ogʻirimizni yengil qilgan. Uning qilgan yaxshiliklariga onamning behisob duolari yogʻilardi. Duolarni Alloh ijobat etdi. Oʻqituvchimiz ham payti kelib, egizaklarning onasi boʻldi.
Ona, mening ijodim zamirida yotgan gʻoyalarning barchasi, bolalikdan olgan taassurotlarim hosilasidir. Sizning osmondek cheksiz bagʻringizda ulgʻayib, dunyoni tanidim. Harbiy xizmatda yurgan kezlarim moskvalik bir tillasoch ayol, oilada nechta farzandsizlar, deb soʻrab qoldi.
– Biz oilada oʻn ikki farzandmiz.
Ammo bu javobimga shaharlik xonim ishonmaganday boʻldi.
– Nahotki, bir ayol oʻn ikkita farzandni dunyoga keltirgan boʻlsa?! Men borligʻimni Irinaga bagʻishlaganman, ikkinchi bolaga mehr berishni tasavvur ham qilolmayman.
Kuldim. Ajablandim. Kuldim.
Ona, siz oʻn ikkita farzandga birdek mehr bera olgan, dunyodagi eng jasoratli ayolsiz!
Mana, yana oʻsha yurak-bagʻrimni tilkalab yuboruvchi zargʻaldoq kuz keldi. Kuz havosi sizga yoqmagani kabi, men uchun ham yoqimsizdir. Ayni damda shifoxonada yotibman, dardimning ham tayini yoʻq.
U kun qadrdon dalalarimni sogʻinib, paxta dalalariga chiqqandim. Paxtazorda qoʻlimni nimadir chaqib oldi. Mahalliy aholining aytishicha, zulmkorning ismini sir tutish kerak emish. U yerdagilar uni “nomsiz” deyisharkan. Uning nishidan sochilgan zahar halovatimni buzdi. Yetti kun shifoxonaga qatnadim. Asorati bitay deb turganda yana bir “nomsiz” “yuragimni chaqdi”. Tappa yiqildim, keyin nima boʻlganini bilmayman. Bugun oʻn toʻrt kundir, shifoxonaning oppoq shiftiga tikilib yotibman. Qaqragan tomirlarimga shifokorlar dori tomchilatayapti.
Kaftimga qoʻy kaftingni, paxta,
“Nomsiz” chaqib oldi qoʻlimni!
Qirq yil boʻldi egatlar ichra,
Izlayapman sarxush yoʻlimni.
Yuragimni chaqdi “nomsiz”lar,
Gʻaflat aro qoldim bilmayin.
Dard dilimni tilkalab borar,
Zoʻrligimni pisand qilmayin.
El boʻlmagan bu xumkallalar,
Bir-biriga yetkazar ziyon.
Koʻzlarimning yogʻini yalar,
Oyogʻimga chirmashgan ilon.
Odamzodning qismati taxir,
Hayratingga hayrat soladi.
Mashrabni dor ostidan chaqir,
Yoʻqsa dunyo kuyib qoladi.
Ulugʻbekning oltin boshiga,
“Nomsiz”larning nomi bitilgan.
Farzandining qoʻllari bilan,
Xurosonda qatl etilgan.
Tuprogʻini tark etdi Bobur,
Ixtiyori ketgach oʻzidan.
Sogʻinchlari misli javohir,
Boʻlib yogʻdi uning izidan.
Hamrohimiz quvgʻindi shayton,
Yirtilmagan koʻhna niqobi.
Mehrobdagi mehrsiz “chayon”,
Qodiriyning dard iztirobi.
Buxoriyni izlar Buxoro,
Astrobodda benavo Hazrat…
Mendan koʻngil tilasang, dunyo,
Bardoshimni togʻ qilib yarat!
Mayli, onajon, nima boʻlganda ham, hammasi xayrli kechdi. Peshonam dunyoning koʻhna ustuniga ikkinchi bor unsiz urildi. Men ham bugun asta-sekinlik bilan yashashni oʻrganyapman…
AXTAMQULI
“Yoshlik”, 2014 yil 3-son
https://saviya.uz/ijod/publitsistika/ajib-damlar-ekan-bolalik/