ANBAR HIDLI BOYOʻGʻLI BOʻLADIMI?
Sulaymon paygʻambarning xat tashuvchi dono qushi – Hudhudni biz sassiqpopishak deymiz. Harqalay, men mumtoz adabiyot namunalaridan “falon qush xushboʻy” degan maʼlumotga duch kelmaganman. Alisher Navoiy “Mukammal asarlar toʻplami” ning 5-jildi “Badoyeʼ ul-vasat” devonidan quyidagi baytni oʻqib, shubhalanib qoldim:
Qoʻrkaramkim, boʻlmagʻay ozurda nozuk qomating,
Egninga xush-xushki solmish chugʻdi
anbarbor bor. (119-bet)
Ikkinchi misra mazmuniga koʻra, suluvning egniga anbar hidli boyoʻgʻli qoʻnib olgan… Chugʻd, chugʻz – ukki, boyoʻgʻli demakdir. Goʻzal sanam yelkasiga boyoʻgʻlining qoʻnib olgani (ayniqsa Navoiy talqinida!), hech ham aqlga sigʻmaydi. Chunki boyoʻgʻli yaxshi qush emas-da, harqalay.
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Davlat Adabiyot muzeyi fondidagi “Xazoyin ul-maoniy” devonlarini koʻzdan kechira boshladim. Baxtimga, shu bayt topildi! Nashrga tayyorlovchi oʻsha “chugʻd” soʻzini notoʻgʻri koʻchirgan ekan: uning birinchi harfi “jim”, ikkinchi “gʻ” tarzida oʻqilgani “ayn” ekan. Demak soʻz “chugʻd” emas-u, “jaʼd” ekan!
Qoʻrqaramkim, boʻlmagʻay ozurda nozik qomating,
Egninga xush-xushki solmish
jaʼdi anbarbor bor.
Jaʼd – soch oʻrimi. Jaʼdi anbarbor – anbar hidi anqib turadigan soch oʻrimi demakdir. Xayriyate! Sanam egniga boyoʻgʻli qoʻnmagan ekan!
TIKANDAN GAVHAR ChIQADIMI?
Mumtoz adabiyotimizda tikan maʼnosida koʻp marotaba “xor” soʻzi uchraydi. Masalan Alisher Navoiy “Mukammal asarlar toʻplami”, 5-jildida shunday bayt bor:
Zamondin ahli yo ahli zamondin istagan ehson,
Yonar oʻtdin tilarkim su chiqargay,
xordin gavhar. (121-bet).
Bu baytdagi “ahli” soʻzi hech bir maʼnoni ifodalamaydi. “Xor” – “tikan”, “choʻp”, degani. Axir gavhar tikandan olinadimi? Navoiyday daho shunday fikr yuritadimi?
Yana “Xazoyin ul-maoniy” qoʻlyozmalarini varaqlay-varaqlay, bu matn haqiqatini topishga muvaffaq boʻldim. Asliyat mana bunday ekan:
Zamondin ahle yo ahli zamondin istagan ehson
Yonar oʻtdin tilarkim su chiqargay,
xoradin gavhar.
Baytning mazmuni: Zamondagi bitta odamdan yoki zamondoshlardan ehson kutish xuddi yonayotgan olovdan suv, qattiq toshdan gavhar kutgandek gap.
“Ahle” – bitta odam, “xora” – qattiq toshdir. Endi bu fikrda mantiq hukm suradi…
MEʼROJ KEChASIDAGI… URUSH
Agar Alisher Navoiyning “Gʻaroyib us-sigʻar” devonini oʻqiyotib masʼul kotibi – nashrga tayyorlovchi olimga ishonsak, Muhammad alayhissalom meʼroj kechasi Alloh dargohidan emas, balki kimlar bilandir urushdan qaytganlar:
Chun shomi urush qaytting bot,
Subh etti gʻussadin yaqo chok.
(“Mukammal asarlar toʻplami”, 3-jild, “Xazoyin ul-maoniy”, 1988,262-bet)
Bayt mazmuni: Urush oqshomi darhol qaytding, tong gʻam chekib yoqasini yirtdi.
Taassuf: “Shomi uruj” – meʼroj kechasi, “shomi urush” – jang oqshomiga aylantirib yuborilgan. Yuzaki qaralganda – oddiy imloviy xato. Aslida esa bunday eʼtiborsizlikning roʻy berishi Navoiy ijodiga nisbatan masʼuliyatsizlikdir.
Vahob RAHMONOV,
filologiya fanlari nomzodi
“Yoshlik”, 2014 yil 4-son
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/sahifalarga-sinchkov-nazar/