Ikki daryo kuylab yotgan qoʻshnaydir

 BAHORDA

 

Gullagan oʻrikning sochi oqargan,

Otamga oʻxshatib yozgandim, bu rost.

Topdim, oʻrikzorga maftun boqarkan,

Qiygʻos gullashiga yana bir qiyos:

Oppoq ehrom kiygan pok zotlar kabi

Rukuda turarkan daraxtlar bu chogʻ,

Hayratdan hapriqib ketadi qalbing,

Muqaddas Makkaga oʻxshab ketar bogʻ.

 

BAHOR QIZI

 

Qorlar tushib keldi huv baland taxtdan,

Suv boʻlib poyingga urmoq-chun boshin.

Yuzingni koʻrdimi, nechun dafʼatan,

Hayajoni oshib ketdi quyoshning.

Kiprigi pirpirab qaraydi yulduz,

Husningga mahliyo koʻkdagi oy ham.

Madhingni kuylash-chun kecha-yu kunduz,

Sozini sozlaydi sozanda, soz ham.

 

Qoshingni koʻrganda oʻzida yoʻq shod,

Qaldirgʻoch charx urar sigʻmay osmonga.

Maysa qadamingga aytar hasanot,

Teraklar tegrangda soqchi-posbonday.

 

Lab juftlab turibdi kurtak-gʻunchalar,

Ismingni aytishga jinday iymanib.

Senga xush yoqay deb borliq shunchalar

Kuymanib yotibdi, tinmay kuymanib.

 

QALAMGA QASIDA

 

Haqiqat suratin chizgan qalam bu,

Soʻzlardan dur-marjon tizgan qalam bu.

Bu hayot qogʻozdek oq, pok boʻlsin deb

Bagʻridan qora qon sizgan qalam bu.

 

UMR OʻTIB…

 

Bergan edi ming tuman boylik –

Toʻrt mucha – sogʻ, orzular – bisyor.

Nima berib, nimani oldik?

(Bu dunyoni derlar-ku bozor),

 

Asl gavhar qadriga yetmay,

Holimiz ne pul deb, boylik deb:

Ichimiz boʻsh – toʻkilgan tutday,

Oy yuzimiz – tutilgan oydek.

 

* * *

Bekor urinar ular,

Bilmaydi, eh, bilmaydi.

Seni sindirmoq mumkin,

Lekin egib boʻlmaydi.

 

* * *

Ilohiy soʻz suratin chizguvchi ilohiysan,

Turkiyda Navoiysan, forsiyda Binoiysan.

Zarra-zarra zar kabi toʻkilursan qogʻozga,

Yoʻq alam, fidoiysan, ey qalam, fidoiysan!

 

* * *

Qorasanu, hamisha yoqlaysan nur-ziyoni,

Misli muslim zanjisan – pokdir dinu imoni,

Ona sutin oqlolmay yurar yuzi qoralar,

Sen qogʻozni qoralab oqartirgung dunyoni!

 

AMU VA SIR ORASIDA

 

Ikki daryo kuylab yotgan qoʻshnaydir,

Navolarin tinglab qalbing joʻshgaydir.

Hayot qaynar, charx urgandek “Lazgi” ga,

Toʻkin turmush – farovonlik bazmi-da!

Ikki daryo – ikki misra, shohbaytdir,

Ozod yurtga tinmay shukrona aytur.

Bu shoh baytga quloq sol qul-qarolday,

U yetib bormasa, qalbing… Orolday…

 

TOʻRTLIKLAR

 

Hoy, inson, tugʻilding, jiddu jahd etding,

Muroding ne edi, yetdingmi, netding?

Bilmadim, bilmadim. Soʻng yoʻlga balki,

Uyatdan tobutga berkinib ketding…

 

* * *

Parchalandim, sochildim, jamlamoq kerak oʻzni,

Safarim olis boʻlgay, gʻamlamoq kerak oʻzni.

Oqil der: “Bu dunyoda oʻrningni bilmoq boʻlsang,

Avval Allohni tanib, anglamoq kerak oʻzni”.

 

BOLAJON

 

Poyingga bu dunyo tiz choʻksa ravo,

Bolalik – poshsholik, donolar aytur.

Har soʻzing hukmdir, boʻlgusi bajo,

Shohdirsan, har gaping ajib shohbaytdir.

 

HAYKAL QOSHIDA

 

Toʻxta! Boshingni koʻtar,

Shoshma koʻz yosh toʻkmoqqa.

Arziysanmi, bil avval,

Poyiga tiz choʻkmoqqa.

 

ShOIRLAR

 

Oʻylamang, shoirlar shundoq yuradi,

Oʻz oʻyi, oʻz zavqu alami bilan.

Ular bu dunyoni tergab turadi,

Koʻrsatkich barmoqday qalami bilan.

 

ADABIYOT

 

(Soat aylanadir),

Millar aylanar,

“Fasllar aylanar,

Yillar aylanar.”*

Ne zamon oʻtsa ham

Noming aytmoqqa,

Pok dillar talpinar,

Tillar aylanar.

Ezgulik yoʻlida soatday bedor,

Har lahza, qadaming yorugʻ niyatdir.

Eski-yu eskirmas bir haqiqat bor:

Zero, adabiyot abadiyatdir!

Soat “chiq-chiq”iday qilaman takror:

Zero,

 

Dilshod RAJAB

 

“Yoshlik”, 2014 yil 4-son

https://saviya.uz/ijod/nazm/ikki-daryo-kuylab-yotgan-qoshnaydir/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x