Oʻtgan asrning 30-yillarida dunyoga kelgan avlod bilan hozir shakllanib borayotgan avlod oʻrtasida yer bilan osmonchalik farq bor. Bu avlod Ikkinchi jahon urushining tahlikali yillariyu, urushdan keyingi davr mashaqqatlarini boshidan kechirdi. 50-60-yillarda esa “zulm saltanati”da yashagani va yashayotganini tushunib, “gʻurur” nimayu, “iztirob” nima ekanligini chuqur angladi. Shuning uchun ham bu avlod abadiy haqiqatlar va abadiy qadriyatlarning qadriga yetadi. Shu haqiqatlar va shu qadriyatlarning oyoq osti boʻlmasligini istab, istabgina qolmay, qoʻlidan kelganicha ularni ardoqlab, himoyalab yashashga urinadi.
80 dan oshib, 90 ga yaqinlashib, demak, siyraklashib borayotgan bu avlod hozir oʻzini jamiyatga keraksizdek sezmoqda. Lekin men xuddi shu avlodga mansub boʻlganligim bilan faxrlanaman.
Toshkentning Eski shaharida Kesakqoʻrgʻon degan mahalla boʻlardi. Shu mahalladagi madrasa shahardagi nufuzli diniy-maʼrifiy maskanlardan biri boʻlgan. Shu bois Kesakqoʻrgʻon baʼzi tarixiy-memuar asarlarda Toshkentning maʼrifiy oʻchoqlaridan biri sifatida tilga olinadi. Otamiz mashhur jadid shoir Sidqiy Xondayliqiyning shu madrasada taʼlim olganligini aytar edilar. Bobom shu madrasada imomlik qilganlari sababli Xondayliqiy bilan yaqin munosabatda boʻlgan ekanlar.
Dadam fizika, amakim matematika oʻqituvchisi boʻlishgan. 30-yillarda bu fan mutaxassislari yetishmaganligi uchun dadam erta tongdan kechgacha turli maktab va bilim yurtlarida dars berishga majbur boʻlganlar. Ammo adabiyot va sanʼatga ixlos qoʻyganlari uchun oʻzbek yozuvchilarining 20-40-yillarda chop etilgan asarlarini sotib olib, yaxshigina kutubxona barpo etganlar, fonotekalarida esa qanchadan-qancha hofizlarning “likopchalar”i boʻlgan. (“Qatagʻon qurbonlari xotirasi” muzeyidagi “Oʻtkan kunlar”ning birinchi nashrida otamizning imzolari va muhrlari bor) Uyimizda boʻladigan “gap”larga baʼzan Karim Zokirovdek sanʼatkorlar kelib turishgan.
Men ana shunday muhitda oʻsganman. Yoshligim urush yillariga toʻgʻri kelgan. Shu sababli bir emas, bir necha maktablarda taʼlim olishga toʻgʻri keldi. Urushning dastlabki yillarida jang maydonlarida qattiq jarohat olganlar esheloni Toshkentga ham shashqator oqib kelib, maktablar harbiy shifoxonalarga aylantirildi. Urushdan keyin shifoxona-maktablardagi “koyka”lar yigʻib olinib, oʻrniga yana partalar qoʻyildi. Oʻqituvchilarda ham, biz oʻquvchilarda ham, endi boshqacha zavq-shavq paydo boʻldi. Tarix oʻqituvchimiz oʻz fanidan ham koʻra adabiyotni sevar ekan. Yangigina universitetni tugatgan adabiyot oʻqituvchimiz Nabi Nurmuhamedov esa adabiyot darsini oʻtganida, xuddi lablaridan asal taʼmi ketmayotgandek, roʻmolcha bilan artib qoʻyardi. Uning kiyinish, soʻzlash, harakatlanish madaniyati bizni oʻziga jalb etgan. Bundan oldin, Nabi aka maktabga yangi kelgan kunlarda esa, biz uni qabul qilmagan, sobiq oʻqituvchimiz Murshida Ikromovani maktabga qaytarishlarini talab qilgan edik. Bizda adabiyotga katta mehr uygʻotgan Murshida opa Akmal Ikromovning jiyani ekan. U bir-ikki yil maktabimizda ishlaganidan soʻng, “xalq dushmani”ga qarindoshligi kimningdir yodiga tushib, shahardan chiqarib yuborishgan.
Biz ilmga chanqoq bolalar maktabdan tashqari turli toʻgaraklarga qatnashar edik. Muzika toʻgaragi, xor toʻgaragi, keyinchalik “Bolalarni badiiy tarbiyalash uyi”da adabiyot toʻgaraklari bizni oʻziga jalb etgan edi. Ammo koʻp oʻtmay, ulardan birini tanlashga toʻgʻri keldi. Xullas, adabiyotga mehr ustunlik qildi. Dastlabki sheʼrlarimiz yoshlar gazetalarida bosildi. Boʻlajak shoir sifatida Yozuvchilar uyushmasidagi birorta adabiy yigʻilishni kanda qilmasdik. Shu yigʻilishlarda birga qatnashgan doʻstlarimdan biri Husniddin Sharipov badiiy ijodni, men boʻlsam adabiyot ilmini tanladik.
Sir emas, qariyb har bir kishi yoshligida sheʼr yozadi, hatto sheʼrlari, baʼzan esa bitta-yarimta sheʼriy kitobi ham bosilib chiqadi. Lekin hamma sheʼr mashq qilgan, sheʼr yozgan kishining shoir boʻlishi shart emas. Qanchadan-qancha kishilar sheʼriyat maydoniga tasodifan kirib qolib, umrlarining oxirigacha chiqolmay, qiynalib yurishgan.
Koʻnglim adabiyotshunoslik koʻchasini tanlagani bejiz emas. Xolavachcham Mahmudali Yunusov taniqli adabiyotshunos, filologiya fanlari doktori boʻlgan. U professor Abdurahmon Saʼdiyning shogirdi, Solih Qosimov, Hamidulla Ubaydullayev singari 50-yillarda mashhur boʻlgan tanqidchilarning doʻsti edi. Biz devor-darmiyon qoʻshni boʻlib yashaganimiz tufayli uning uyida koʻp boʻlar, doʻstlari bilan adabiy mavzularda qilgan bahsu suhbatlarida hozir boʻlar va shu gurunglar mening adabiyot ilmiga boʻlgan mehrimga choʻgʻ tashlab turardi. Mahmudali akaning noziktaʼbligi, mayin ovoz bilan adabiy tilda ravon soʻzlashi, ham mumtoz, ham zamonaviy oʻzbek adabiyotini yaxshi bilishi, Navoiy haqida ham, Barot Boyqobilov haqida ham bilimdonlik bilan yozishi havas qilishga, ibrat olishga arzirli edi. U urush yillarida evakuatsiyaga kelgan rus ayoliga uylangani tufayli rus tilida ham yaxshi soʻzlab, yaxshi yozardi. Mahmudali akaning 10-sinfni bitirishi bilan urushga ketib, frontga yetib bormay halok boʻlgan Ahmadali degan ukasi ham adabiyot muxlisi edi. Shu ikki kishining menga mehri va taʼsiri adabiyotshunoslik sohasini tanlashimga sabab boʻlgan boʻlsa ajab emas.
Bir sirni aytib oʻtmasam boʻlmas. 1946 yili boʻlsa kerak. Dadam Maorif xalq komissarligiga ishga olinib, maktablar boʻyicha yoʻriqchi (inspektor) sifatida Namangan viloyatiga biriktirilgan kezlar. Oʻsha yillarda xizmat safari bilan “gullar shahri”ga tez-tez borib, koʻplab maorif xodimlari bilan qadrdonlashib qolgan ekanlar. Yozgi taʼtil kunlaridan birida meni ham navbatdagi safarga olib ketdilar. Namanganda bir-ikki kun turganimizdan soʻng, mezbonlar bizni viloyatning Qirgʻiziston bilan chegaradosh hududida joylashgan Poshshaota qishlogʻiga olib borishdi. Togʻ etaklarida joylashgan, bagʻrida muzdekkina soy oqib turgan bunday xushmanazara joy kamdan-kam topiladi. Biz Toshkentga qaytib kelganimizdan keyin dadam nima uchundir mening nomimdan Poshshaota taassurotlari haqida jajjigina maqola yozib, uni oʻquvchilar gazetasiga olib borishimni buyurdilar. Gazeta muharriri Sanjar Tilla dadamning shogirdlari ekan. Xullas, maqola tez orada chop etilib, men muxbir sifatida sinfdoshlarim va oʻqituvchilarim ogʻziga tushdim. Ammo maqolani oʻzim yozmaganligim uchun aybimni yuvishim kerak edi. Ana shu burch, ana shu oqlanish istagi meni oʻsha gazeta uchun sheʼr va maqolalar yozishga majbur etdi, hatto doʻstim, boʻlajak taniqli jurnalist va tarjimon Miad Hakimov bilan birga bu va boshqa yoshlar gazetalariga krossvordlar ham tuzib yuboradigan boʻldik… Bu voqeani eslashim tasodifiy emas: bilishimcha, dadam fizika oʻqituvchisi boʻlishlariga qaramay, adabiyotga boʻlgan maylimni sezib, beshinchi-oltinchi sinfdalik chogʻimdayoq menga xat-xabarlar yozishni oʻrgatmoqchi boʻlgan ekanlar.
Oradan yillar oʻtib, maktabni bitirdim. Oʻsha yillarda bitiruvchilarni Moskva va Leningrad singari shaharlardagi oliy oʻquv yurtlariga yuborish amaliyoti boshlangan edi. Shu masalaga aloqador boʻlgan kishilardan biri dadamning jonajon doʻstlari akademik Adham Yunusov edi. Men u kishining huzuriga borib, Moskva davlat universitetining filologiya fakultetida oʻqish istagida ekanligimni aytib, undan yordam berishni soʻradim. Adham aka hazilkash odam edi. Ammo bu safar hazilni yigʻishtirib qoʻyib, jiddiy gapirdi: “Agar otangdek fizik yoki mendek biolog olim boʻlmoqchi boʻlsang, Moskvadagi xohlagan oliy oʻquv yurtingga yuborishim mumkin. Ammo filolog boʻlib nima qilasan? Filologlik ham ishmi?” dedi. Men shu sohaga qiziqishimni takrorladim. U tanlovimga rozi boʻlmay, haydab-chiqarib yubordi. Baʼzan oʻylab qolaman: agar Moskvada oʻqib, rus tilini mukammalroq egallab, rus va Yevropa adabiyoti haqidagi bilimim chuqurroq boʻlganida, rus tilida ham maqola va kitoblar yozgan boʻlarmidim?.. Bunday xayollarga borishimning sababi oʻzbek adabiyoti targʻibotining faqat mamlakatimiz doirasidagina cheklanib qolganligidir. Shoyad yaqin kelajakda Yevropa va Osiyo xalqlari tillarini mukammal bilgan tarjimonlar, jurnalistlar, adabiyotshunoslar, tarixchilar yetishib chiqishsa…
Shu narsa gʻaroyibki, biz yashagan davrda mamlakatda oʻqtin-oʻqtin qonli boʻronlar gurlagani, tintuv, badargʻa, “hujum”, chopiq, terim, pilla, qoʻriq kabi kampaniyalarning tinimsiz paydo boʻlib turgani, dunyoga hukmdorlikni daʼvo qilgan yana bir kuch – nemis fashizmining yuzlab shahar va qishloqlarni vayronaga aylantirgani va millionlab kishilarning qirilib ketishiga sababchi boʻlganiga qaramay, aksar shoir va yozuvchilar romantik orzular qanotida parvoz qilib yashardi. Bizning avlod shu shoirlardan tashqari, Gyote, Geyne, Bayron singari Yevropa, Pushkin, Lermontov, Tyutchev singari rus romantik lirikasi taʼsirida shakllandi. Yangi tarix sahifalarini qon va qilich bilan yozayotgan sovet davlati bizning koʻzimizni romantik sheʼriyat buloqlarining nuqra mavjlari bilan yuvishga urindi. Jahon badiiy tafakkurining qaymogʻi ana shu, dedi. Shunday ijtimoiy-madaniy muhitda shakllangan adabiyotshunoslar “Oʻzbek adabiyotida Lenin obrazi”, “Hamza Hakimzoda – inqilobchi shoir”, “Oʻzbek adabiyotining internatsional pafosi”, “Oʻzbek romanlarida M. Gorkiy anʼanalari” singari mavzularda dissertatsiyalar, kitoblar, maqolalar yozdilar. Adabiyotshunoslik ilmida sotsiologiya tantana qildi. Shunday bir vaqtda Matyoqub Qoʻshjonov “Oybek mahorati”, men “Hamid Olimjon mahorati” degan mavzularga qoʻl urdik. Bu tadqiqotlarga hozirgi kun yuksakligidan turib nazar tashlagan kishi ularda oʻsha davr adabiyotshunosligining salbiy taʼsirini ham sezishi qiyin emas. Lekin bu ikki tadqiqot Ozod Sharafiddinovning “Zamon-qalb-poeziya” kitobi bilan birga oʻzbek adabiyotshunosligi eʼtiborini badiiy ijodning oʻzak masalalariga qaratdi, desam, balki nokamtarlik boʻlmas…
Adabiyotshunoslik yoʻnalishidagi kitoblar odatda katta nusxada chop etilmaydi. “Hamid Olimjonning poetik mahorati” (1964) degan ilk kitobim ham “Fan” nashriyotida katta tirajda chop etilgan emas. Bu kitobdan keyin uzoq vaqtgacha ilmiy xodim sifatida Til va adabiyot institutidagi jamoaviy tadqiqotlarning maydonga kelishida qatnashib, yangi oʻzbek adabiyotining shakllanish va rivojlanish tarixiga bagʻishlangan koʻp jildlik kitoblarning yaratilishiga ozmi-koʻpmi hissa qoʻshdim. Moskvada nashr etilgan olti jildlik “Koʻp millatli sovet adabiyoti tarixi”ning oʻzbek adabiyotiga bagʻishlangan qismlarini yozgan Izzat Sultonov, Yusuf Sultonov singari muallif orasida mening ham nomim bor.
70-yillarda institutda atoqli oʻzbek yozuvchilarining Toʻla asarlar toʻplamlarini nashrga tayyorlash ishlari boshlandi. Hamzaning 6 jildlik, Hamid Olimjonning 10 jildlik, Gʻafur Gʻulomning 12 jildlik toʻla asarlar toʻplamining yuzaga kelishida ishtirok etdim. Ayniqsa, Oybekning 20 jildlik “Mukammal asarlar toʻplami”ning yaratilishida faol qatnashganim bilan gʻururlanib yuraman. Zero, shu jarayonda Oybekning badiiy olami bilan oshno boʻlish, uni ulugʻ adib va ulugʻ inson sifatida kashf etish, uning oʻlmas asarlari tarovati bilan yashashning oʻzi ham adabiyotshunos uchun katta baxt ekanligini sezdim.
Biz adabiyotshunoslar, 70-yillargacha yozuvchilar ijodini ular shaxsidan, ularning hayotiy tajribalaridan ajratgan holda oʻrganib kelganmiz. Bu, shubhasiz, yozuvchilar ijodini bir tomonlama oʻrganishga sababchi boʻlgan. 70-yillarda Oʻzbekistonda ham “Ajoyib kishilar hayoti” turkumidagi oʻzbek yozuvchilariga bagʻishlangan kitoblarning yaratila boshlashi adabiyotshunoslikda yangi, biografik yoʻnalishning yuzaga kelishiga sabab boʻldi.
Maʼlumki, Yevropa mamlakatlarida shu uslubda yozilgan asarlar katta nusxalarda nashr qilib kelinadi. Fransuz Andre Moruaning Balzak, Gyugo, Stendal va boshqa mashhur kishilarga bagʻishlangan biografik romanlari xuddi badiiy asardek sevib oʻqiladi. Men ham oʻzbek yozuvchilari hayotini oʻrganish jarayonida shunday asarlar yozish mumkinligini sezdim. Choʻlpon, Soʻfizoda, Oybek, Hamid Olimjon, Shayxzoda, Mirtemir, Usmon Nosirga bagʻishlangan maʼrifiy-biografik roman va qissalarim oʻzbek adabiyotida shu janrning shakllanishi yoʻlidagi dastlabki qadamlardan boʻldi. Oʻylaymanki, hali bu janrning kelajagi yorqin.
Afsuski, oʻzbek yozuvchilarida kundalik tutish, biror asar yoki uchrashuvdan olgan taassurotlarini jilla qursa oʻzi uchun yozib qoldirish madaniyati shakllanmagan. Zamondoshlarning marhum yozuvchilar toʻgʻrisidagi xotiralarida yolgʻon va taxminiy gaplar koʻp. Aksar xotiranavislar xotirlanayotgan yozuvchiga aytgan dono soʻzlarini, koʻrsatgan muruvvatlarini tarix uchun yozib qoldirishnigina oʻylamoqdalar. Arxivlardagi ahvol ham achinarli. Bu hol kelajakda yozilajak biografik roman mualliflari oldida katta qiyinchiliklarni tugʻdirishi turgan gap.
Sovet davrida insoniyat tarixida shu vaqtgacha roʻy bermagan voqealar sodir etildi. Oʻz xalqining erkin yashashini, vatanining ozod va mustaqil boʻlishini istagan xalqlarning peshqadam farzandlari “millatchilar” deb ataldi. “Ishchi”, “hasharchi”, “ketmonchi” singari bu beozor soʻzning rangi-roʻyi shu qadar oʻzgartirildiki, “millatchi” deganda boshqa millatni tan olmaydigan, boshqa millatga mansub kishilarning ogʻizlaridagi luqmai xalolni ham olib qoʻyadigan kimsalar tushunila boshlandi. Keyinchalik ular manglayiga “xalq dushmani” tamgʻasi bosildi, soʻng otib tashlandi, nihoyat, asarlarini oʻqish, nomlarini tilga olish tamomila taqiqlandi. Shu tarzda XX asr oʻzbek adabiyotining buyuk namoyandalari Behbudiy, Abdulla Qodiriy, Fitrat, Choʻlpon kabi yozuvchilar ijodi oʻzbek adabiyoti tarixidan chiqarib tashlandi, asarlarining nashr etilishiga ruxsat berilmadi. Dastlab Behbudiy bilan Qodiriyning, keyin Fitrat bilan Choʻlponning ijodkor sifatida oqlanishi uchun qanchadan-qancha nayzalarni sindirish, qanchadan-qancha majlislar, bahs va munozaralar qilish lozim boʻldi. Ajablanarli tomoni shundaki, bu buyuk jabrdiylalarning oqlanishiga Moskvadagi mafkurachilar emas, oʻzimizdagi nonkoʻrlar tish-tirnoqlari bilan qarshilik koʻrsatishdi. Toʻgʻri, ularning orqasida suyanch togʻlari bor edi. Lekin ular bu togʻlarning nuray boshlaganini, ularni ortiq himoya qilish kuchiga ega emasligini sezishmadi…
Xullas, Choʻlpon va Fitrat yozuvchi sifatida oqlanib, adabiyotimizning muhtasham binosi peshtoqida Adolat va Haqiqat bayrogʻi hilpiray boshladi. Choʻlpon va Fitratning gulxanlarda kuymay, anhorlarga tashlanmay, yerga koʻmilmay qolgan asarlarini nashr etishga kirishildi. Ular hayoti va ijodini oʻrganish ishlari ham yurishib ketdi. Kamina shu muborak ishda Ozod Sharafiddinov, Ahmad Aliyev, Begali Qosimov, Sherali Turdiyev, Erik Karimov singari fidoyi olimlar safida boʻlganligim bilan faxrlanaman.
Afsuski, bu ulugʻ yozuvchilar boshiga yetgan kishilar hali ham tavba-tazarru qilishmagan ekan. 80-yillar oʻrtasida Til va adabiyot institutida tayyorlana boshlangan koʻp jildlik “XX asr oʻzbek adabiyoti tarixi”ni yaratish jarayonida Fitrat va Choʻlponni hali ham millatchilik va aksilinqilobchilik ruhida yozilgan asarlar muallifi sifatida talqin qilishdan charchamagan Domlaga qarshi chiqishga, bunday ruhdagi “ilmiy asarlar” davri oʻtganligini aytishga, uning hali ham sinmagan shashtini qaytarishga toʻgʻri keldi. Hatto markazkomdagi rahbarlar ham mazkur “Tarix”ning 1-jildiga Domla tomonidan yozilgan, bosmaxonaga topshirilgan va terilgan bobni “brak” qilishga majbur boʻldilar. Shu bobning tamomila qayta yozilgan va “Tarix”ning 1-jildida eʼlon qilingan nusxasi hozirgi kunda mutlaqo yaroqsizdir.
Bunday “almisoqdan qolgan” gaplarni eslashimning boisi shundaki, tarix oʻqtin-oʻqtin takrorlanib turadi. Har bir xatodan saboq olish, shunday xatoning takrorlanishiga yoʻl qoʻymaslik lozim. Biz sovet davrida haq gapni aytishdan hayiqib qolgan kishilarmiz. Shunday “fazilat”imiz ozgina oftob tegishi bilanoq yana yam-yashil barglar yozishi hech gap emas. Yozuvchi ijodini, uning asarlarini baholashda subʼyektiv mezonlarning davri oʻtgan. Hozir biror adabiyotshunos yoki tanqidchi gʻayrli maqsadda biror yozuvchi ijodini, biror asarni chippakka chiqarishi, yoki kimgadir (avvalo yozuvchiga) yoqish istagida biror asarni osmoni falakka koʻtarishi mumkin. Lekin bu bilan oʻrtamiyona kitob durdona asarga aylanib qolmaganidek, “oq kaltak-koʻk kaltak” qilingan asar ham dami chiqqan koptakdek bujmayib qolmaydi.
Adabiy tanqid va adabiyotshunoslikning adabiy jarayonga halol va xolisona munosabati adabiy iqlimning moʻtadil boʻlishiga yordam beradi. Adabiy iqlim qanchalik moʻtadil boʻlsa, shoir va yozuvchilar shunchalik ijod zavqi bilan yashab, dillariga tugib yurgan asarlarini yozishga oʻzlarida kuch va ragʻbat topadilar.
Baʼzan shunday boʻladiki, ijtimoiy-siyosiy davr adabiy iqlimni yamlab-yutib yuboradi. Shunday muhitda faqat buyuk isteʼdod egasigina davr va muhitning betonlangan zaminini teshib-yorib chiqishi mumkin. Oʻtgan asrning 50-60-yillarida Qirgʻizistondagi adabiy-ijtimoiy muhitni yengib chiqish Chingiz Aytmatovga oson boʻlmagan. Koʻkragida oltin yulduz yaraqlab turgan Ali Toʻqomboyevga oʻxshagan kimsalar uni majaqlab tashlashga qanchalik harakat qilmasinlar, Chingiz Aytmatov ularning qadr-qimmatini yoʻqotgan togʻ-togʻ asarlari orasidan yorib chiqibgina qolmay, Oʻrta Osiyo hududlaridan chetda jilva berib ulgurmagan qirgʻiz adabiyotini dunyo miqyosiga olib chiqdi. Uning asarlari insoniyatning fikrlash tarzini, dunyoqarashini, badiiy ijodga boʻlgan munosabatini keskin oʻzgartirib yubordi. Qariyb shunga oʻxshash ishni oʻtgan asrning 20-yillarida Choʻlpon erktalab sheʼrlari va Abdulla Qodiriy “Oʻtgan kunlar” romani bilan, 40-yillarda Gʻafur Gʻulom “Sen yetim emassan”, “Sogʻinish”, “Vaqt” sheʼrlari va Oybek “Navoiy” romani bilan, 60-yillarda esa Erkin Vohidov va Abdulla Oripov oʻzbek sheʼriyatiga yangi ruh olib kirgan asarlari bilan amalga oshirgan edilar. Bu sheʼrlarni oʻqigan kishilarda ham, jamiyatda ham silkinish roʻy bergan. Adabiyot jamiyatga taʼsir qilish kuchini yana bir bor namoyish qilgan.
Lekin tabiatning bahor faslida kiygan goʻzal libosi kuz sovugʻi boshlanishi bilan toʻzib-uvada boʻlib ketganidek, davr shamollari jamiyat va kishilar hayotini bezab turgan narsalarni ham sovurib-toʻzdirib yuborishi mumkin.
Tabiat avvaldan programmalashtirilgan, koinotda hukm surgan va hukm surayotgan, koinotni idora etgan va idora etayotgan ilohiy qonunlar asosida yangilanib turadi. Afsuski, jamiyatdagi yangilanish ijtimoiy qudratli kuchlarning tarix sahnasiga kelishi va shu kuchlarning vaqti-vaqti bilan yangilanib turishi asosida kechadi. Jamiyatning bunday yangilanib turishida, afsuski, adabiyot-yozuvchi-badiiy asardan iborat uchlik shu vaqtgacha hal qiluvchi rolni oʻynamagan va bundan keyin ham oʻynashi qiyin. Zero, adabiyot-yozuvchi-badiiy asarning vazifasi mutlaqo boshqa. U asosan inson tuygʻulariga, inson qalbiga taʼsir koʻrsatadi. Tabiat manzaralarining rangin tasviri kitobxonning parishon xayollarini bir nuqtaga jamlab, uning hissiyot olamiga sokinlik, tiniqlik, goʻzallik bagʻishlaydi. Har bir satridan, har bir tashbehidan bayramona tantanavor sadolar jaranglab turgan asarlar kitobxon qalbida tantanavor kayfiyatni hosil qiladi. Shoir yoki yozuvchi dilidan oqib tushgan musibat ohanglari esa kitobxonning ruhiy olamiga hazin va oʻksik tuygʻular boʻlib quyuladi.
Endi oʻzbek sheʼriyatining goʻzal namunalaridan biri boʻlmish quyidagi satrlarga eʼtibor bering:
Ulugʻ Turkistonim, oltin dalalar,
Oftob sochqi sochar bosh uzra balqib.
U sening tilingda aytar allalar,
Qonim, ona tilim, oh, ona xalqim.
Navoiy baytiga oʻxshaydi yoʻllar,
Bu toshlar Hamzaning qotili, hayhot.
Nahotki, umrbod oʻrtasa oʻylar,
Umrbod janjirband etsa xotirot?!
Zanjirbandman, ona tilim, Ona Soʻzingga,
Fano vodiysida kimman? Bilarman.
Men seni yozarman oʻyib koʻzimga.
Yoʻllarimni yoʻllaringga ularman,
Boshimni qoʻyarman sening izingga,
Men gʻarib bandangman, Bir Soʻz tilarman.
“Ona tilim” deb atalgan bu sonetni oʻqigan kishi oʻzbek tilining sovet davrida baynalmilal tillar orasida qisilib-qimtinib yashaganini koʻz oldiga keltirsa ajab emas. Ona tilining shu ayanchli qismatidan iztirob chekkan lirik qahramon ruhida gurlagan boʻron kitobxonning ham qalbiga chang soladi, unda lirik qahramonga darddoshlik tuygʻulari chappor ura boshlaydi. Lirik qahramonning: “Men seni yozarman oʻyib koʻzimga”, “Boshimni qoʻyarman sening izingga”, degan nidosi uning qalbida aks-sado beradi. Agar boyagi peyzaj-sheʼrlar, bayramona tantanavor manzumalar kitobxonda faqat his-tuygʻular toʻlqinini uygʻotsa, bu sheʼr uning aql-zakovatiga ham taʼsir koʻrsatib, uning fikrlash tarziga, dunyoqarashiga oʻz muhrini bosadi. Oʻtgan asrning 80-yillarida oʻzbek tilining mavqeini oshirish, davlat tili sifatidagi maqomini tiklash yoʻlidagi harakat, maʼlum maʼnoda, shunday sheʼrlardan ruh va kuch olgan.
Chamasi, men “Adib xonadonida” degan ruknning qonun-qoidalaridan ancha chetga chiqib ketdim. Odatda bu ruknning mezbonlari mushtariylarni million-million nusxada bosilib chiqqan jild-jild kitoblari bilan tanishtiradilar. Men shu masalada kitoblari jahon xalqlarining koʻpgina tillarida millionlab nusxada chop etilgan Xudoyberdi Toʻxtaboyev singari doʻstlarim bilan bahslasha olmayman. Kitoblarim qanchaligini aniq bilmayman. Har holda kitob va risolalarim, darslik va oʻquv qoʻllanmalarim hammasi yigʻilib, 25-30 dan oshsa kerak. Bu kitob va risolalarimning adadi koʻp boʻlmasa ham, oliy oʻquv yurti va taʼlim maktablari uchun hamkasblarim bilan hamkorlikda yozgan darslik va oʻquv qoʻllanmalarim bir necha marta qayta nashr qilingan, shuning uchun ular adadi, balki, oz emasdir. Maqolalarim soni esa mingga yaqinlashib boradi. Lekin gap sonda emas, sifatda ekanligini hurmatli jurnalxonlar yaxshi bilishadi.
Oilam katta emas. Ikki oʻgʻil, ikki kelin, besh nabira. Ularning birortasi mening yoʻlimdan ketmagan. Nabiralarda ham adabiyotga, ijtimoiy-gumanitar fanlarga mehr borligiga shubha bilan qarayman. Mayli, ular qaysi sohani tanlashsa ham omon boʻlishsin, tanlagan sohalari oʻzlari uchun ham, elimiz uchun ham naf va yorugʻlik keltirsin.
Bizning avlod nekbinlik ruhida tarbiya topgani uchun biz kelajakka katta umidlar bogʻlagan edik. Boshlangan XXI asrning tinchlik, texnik taraqqiyot va yangi madaniy yuksalish asri boʻlishiga, albatta, umidvormiz. Ammo yangi asrning 10-yillarida roʻy bergan va roʻy berayotgan tabiiy kataklizmlar, urush va janjallar, qirgʻinlar bu asrning XX asrdan ham dahshatli kechishi mumkinligidan darak bermoqda. Hozirning oʻzidayoq ichimlik suv va tabiiy oziq zahiralarining tugab qolishigina emas, dunyoga hukmronlik qilishga daʼvogar davlatlarning cheksiz-chegarasiz istak va xohishlari ham yer sayyorasidagi hayot katta xavf ostida ekanini ayon qilib turibdi. 1945 yilda boshi yanchilgan fashizm sekin-asta Yevropaning qariyb barcha mamlakatlarida, shu jumladan, ayrim sobiq sovet respublikalarida ham tirilib, kimlarningdir madadida mintaqadagi sokin hayotni izdan chiqarishga shay boʻlib turibdi. Shunday tarixiy-ijtimoiy sharoitda insoniyat hushyorlikni boy bermasligi, urushdan keyingi davrda Tinchlik bayrogʻi ostida birlashib, eshik orqasida turgan Urush sharpasini quvlab-haydab chiqarganini eslasa, ayni muddao boʻlurdi. Bobolarimiz: “Dunyo tinch – yurt tinch”, deb bekorga aytishmagan, axir.
Bizning xalqimiz tinch va xotirjam hayotning qadriga yetadigan, mamlakatimiz osmoni bulutsiz boʻlgani uchun Yurtboshimizni duo qilishdan charchamaydigan xalq. Lekin besh qoʻl baravar emas. Yaqin-yaqingacha axloq-odob tarbiyasiga katta eʼtibor berib kelgan xalq ham, jamiyat ham hozir boshqa muhim masalalar bilan bandmikan, har holda yoshlarni Sharq xalqlariga xos ota-onaga hurmat, beva-bechoralarga shafqat, shaxsiy manfaatdan jamiyat manfaatini ustun qoʻyish, maʼnaviy qadriyatlarni asrash va qadrlash singari fazilatlar ruhida tarbiyalashga kam eʼtibor berayotgandek tuyuladi. Toʻy va aza marosimlari munosabati bilan oʻtkazilayotgan amri-maʼruflarda ham axloq va odob masalalaridan koʻra boshqa masalalar ustivorlik qilmoqda. Yoshlar tarbiyasiga halol xizmat qilib kelgan adabiyot faniga ajratilgan soatlar esa qisqarib bormoqda…
Biz bu soʻzlar bilan ginaxonlik qilmoqchi emasmiz. Murodimiz boʻlak. Modomiki, badiiy adabiyot xalqning maʼnaviy va ruhiy hayotida hali ham katta mavqega ega ekan, uning kuchini, Abdulla Qahhor ifodasi bilan aytganda, oʻtin yorishga emas, xalq, ayniqsa, yoshlar ruhiy va maʼnaviy olamining boy, toza, koʻrkam boʻlishiga qaratish taqozo etiladi. Agar mamlakatimizda nashr etilayotgan koʻp sonli oʻzbek va rus tillaridagi bozorgir gazeta va jurnallarga koʻzingiz tushib qolsa, allaqanday tanish va notanish artistlarning kim bilan ajrashib, hozir kim bilan don olishib yurgani bormi, qaysi markali mashinasini sotib, endi qanday rangli mashinada uchib yurayotgani bormi, kuylagiyu lozimi, ichayotgan choyiyu yeyayotgan ovqati bormi, hammasini yozishadi. Va yoshlar shunday gazeta va jurnallarni pulga sotib olib, muk tushib oʻqishadi. Bu nashrlar yoshlar tarbiyasiga qanchalik zarar keltirayotganini oʻylab koʻrayapmizmi? Yoki televizorning qaysi kanalini buramang, otish, oʻldirish, zoʻrlash yoki banklarni oʻmarishni koʻrasiz. “Navoiy” yoki “Ulugʻbek xazinasi” singari romanlarni oʻqish oʻrniga shunday filmlarni koʻrayotgan yoshlarning tarbiyasi qanday shakllanishi mumkin?!.
Bu gaplar faqat meni emas, koʻpchilikni ham bezovta qilayotganini yaxshi bilaman. Yana shuni ham bilamanki, shu haqda qanchalik gapirmaylik, biror oʻzgarish boʻlayotgani sezilmay turipti. Xususiy kinostudiyalar chaynalgan mavzularga bagʻishlangan filmlarini chiqarishda, televideniyedagilar sayoz va bachkana film hamda spektakllarni namoyish etishda, bozorgir nashrlar yoshlarning qiziqish doiralarini chakana masalalarga yoʻnaltirishda, Rossiya telekanallari esa oʻgʻirlik, xunrezlik, zoʻravonlikni targʻib qiluvchi filmlari bilan neonatsizm “gʻoya”larining yoyilishiga hissa qoʻshmoqdalar.
Agar shunday “madaniy” muhit davom etaversa, Navoiy va Bobur, Balzak va Tolstoy asarlarini oʻqiydigan, “Shoh Edip” va “Otello” spektakllarini, “Urush va tinchlik” hamda “Tazarru” filmlarini koʻrib, tafakkuri oshadigan tomoshabinlar qolarmikan?!.
Bir zamonlar rus adibi F. M. Dostoyevskiy Rossiyaning halokat yoqasiga kelib qolganini sezib: “Dunyoni goʻzallik qutqaradi”, degan edi. U “goʻzallik” deganda adabiyot va sanʼatni ham, insonlardagi goʻzal fazilatlarni ham nazarda tutgan. Agar shu fikr haqiqat zarralaridan xoli boʻlmasa, dunyoni balo-qazolardan saqlab qoluvchi qudratli kuchlardan, najotkorlardan biri badiiy adabiyotdir, iymoni but adiblarning Yonar soʻzlari, Sehrli soʻzlaridir.
Men yozuvchilarning, “Yoshlik” jurnali mualliflarining shu soʻzlarni yodda tutishlarini istar edim.
Naim KARIMOV
“Yoshlik”, 2014 yil 6-son
https://saviya.uz/hayot/nigoh/najot-adabiyotdadir/