MUHABBAT
Turfa moʻjizaga boydir bu dunyo,
Yeru osmon toʻla kamalakdek rang.
Lekin koʻz oʻngimdan ketmaydi aslo,
Bir sening qiyofang, bir sening chehrang.
Dunyoda oz emas sohibjamol ham,
Duch kelsang nogahon titraydi yurak.
Baribir, men seni qoʻmsayman, erkam,
Muhabbat degani shu boʻlsa kerak.
2013 yil 2 noyabr
SOBIQ SAFDOSHLAR
Safdosh akalarim –
ahli davronlar,
Omon chiqqandingiz qancha qamaldan
Va lekin evrilib vaqtu zamonlar
Bir-bir ketgansizlar mansab, amaldan.
El bilan boʻldingiz goh shod, goh noshod,
Ogohmiz yolgʻonu ham chiningizdan.
Tashlangani kabi oʻljaga jonzot,
Qon ham tomgan edi qamchiningizdan.
Endi u haybat yoʻq, xushomadlar yoʻq,
Soxta joʻralardan qolmagan bir iz.
Garchi farzandlardan sizning koʻngil toʻq,
Lekin engashmaysiz, bukolmaysiz tiz.
Siz-ku oʻzingizni demassiz gʻolib,
Hayot shu, Allohning dargohidir keng.
Yotmang goʻshalarda burkanib olib,
Axir quyoshli kun barcha uchun teng.
Toʻrt devor ichida saqlaysiz oʻzni,
Eshiklarni yopgan ehtimol gʻurur.
Sezmaysiz borliqni, bahorni, kuzni,
Axir berilgan-ku bir marta umr.
Suronli yillardan oʻtdingiz omon,
Bilmayman men sizga nima derimni.
Mayliga, ogʻalar, jilmayib pinhon
Oʻqib qoʻya qoling ushbu sheʼrimni.
2013 yil 31 dekabr
NABIRAMGA
Oh, bolam-a, shamol kabi yelasan-a,
Istanbulning mashhurligin bilasan-a.
Men bu yonda oʻlim bilan olishaman,
Sen dengizni tomoshalar qilasan-a.
“Samo” shifoxonasi, 2014 yil 15 fevral
QUSHLARIM
Qushlarim, siz meni maʼzur tutingiz,
Yaxshisi, bogʻimga qoʻnmay oʻtingiz.
Bogʻning atrofida misoli balo
Bezori bolalar boʻlmishlar paydo.
Ularning qoʻlida palaxmon, kamon
Uchragan jonzotga keltirgay qiron.
Burgut boʻlsangiz ham yaqin kelmang, bas,
Oʻzini asragan qoʻrqoq sanalmas.
2014 yil 28 may
IKKI HAMROH
Bir kun hamroh boʻldi menga feʼli tor,
Sabrim tugab bitdi chekkan ohimdan.
Dedim: – Doʻzaxingga mayliga yubor,
Yo rab, qutqar meni shu hamrohimdan.
Bir kun hamroh boʻldi bagʻri keng siymo,
Asar ham qolmadi oʻsha ohimdan.
Dedim: – Mayli, qilma jannatni ato,
Faqat ajratmagin shu hamrohimdan.
2014 yil 12 iyun
ShIFOXONADA
Vatanni anglatay,
Tingla meni tek.
Xorijda shifo top,
Mayli boʻlib bek.
Lekin birov seni
Kimsan demaydi,
Davolandi, – deydi
Qandaydir oʻzbek.
Istanbul, 2014 yil 24 mart
OʻGʻRI VA TOʻGʻRI
Toʻgʻrilar qishlogʻiga
Kelib qoldi bir oʻgʻri,
Qanaqasi boʻldi, deb
Rosa boshin qashladi.
Demakki, el qatori
Boʻlishim kerak toʻgʻri,
Oʻgʻrilikni tashladi.
Oʻgʻrilar qishlogʻiga
Kelib qoldi bir toʻgʻri,
U ham avval lol, hayron,
Rosa boshin qashladi.
Demakki, el qatori
Boʻlishim kerak oʻgʻri,
Oʻgʻrilikni boshladi.
2014 yil 31 may
* * *
Muz ham erib bir kun mayinlanadi,
Tarozu bordirki – shayinlanadi.
Avliyo boʻlishi mumkin har odam,
Faqat paygʻambarlar tayinlanadi.
2013 yil 5 noyabr
* * *
Kimnidir qargʻashar: – Koʻzing oqsin, deb,
Kimnidir alqashar: – Omad boqsin, deb.
Birov qoʻshnisini yozgʻirar edi:
– Yopmagan tomingga yomgʻir yogʻsin, deb.
2013 yil 7 noyabr
* * *
Sovgʻa bersang mezbonga – pora deydi,
Toʻn kiygazsang mehmonga – pora deydi.
Tovuq soʻysang bobongning arvohiga,
Bu ishni ham osmonga pora deydi.
2013 yil 8 noyabr
Abdulla ORIPOV,
Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri
“Yoshlik”, 2014 yil 6-son
https://saviya.uz/ijod/nazm/turfa-mojizaga-boydir-bu-dunyo/