Shoir bilan tanishuv
Toʻra Sulaymon bilan 1960 yilning avgust oyida oʻtgan yosh ijodkorlarning birinchi Respublika kengashida ustoz Mirtemir domla tanishtirgandi. Kechki payt u kishi xonamizga kirib, meni imlab chaqirdi va “Bugundan boshlab bogʻ qorovuli Yoʻldosh otaning uyida yashaymiz, gap bor” deb qoldi. Hayron boʻlib xonamga qaytib kirdim va oʻshlik doʻstlarim Usmon Temur bilan Madaminjon Mamatkarimovlardan uzr soʻrab, sumkamni koʻtarib tashqariga chiqsam, Toʻra Sulaymon argʻuvon ostidagi soʻrida kutib turardi. Katta yoʻlga chikqanimizdan keyin, koʻchishimiz sababini aytib berdi.
– Tushlikdan soʻng, choy olgani oshxonaga chiqsam, oʻris oshpaz xonimlar kir sovunda doshqozonlarni yuvayotgan ekan, gʻashim kelib bogʻ qorovuli Yoʻldosh otaning uyini soʻrab-surishtirdim, boloxonasi boʻsh ekan, qolgan oʻn kunga yotoqxona va ovqatimiz uchun pulini toʻlab qoʻydim.
Oʻn kun davomida Toʻra Sulaymonni kashf qildim. Mendan yosh jihatdan ancha ulugʻ boʻlgan bu insonning boshidan talay qiyinchiliklar oʻtgan ekan. Toʻgʻri kelgan kishi bilan birdaniga til topishib ketolmasdi, pokiza, oʻta noziktaʼb edi. Ijodiy muloqotlar, ustozlarning suhbatlari, tengdoshlar bilan tanishuvlar mening uchun oʻziga xos maktab boʻldi. Toʻra Sulaymon Mirtemir domlaning, men ustoz Qudrat Hikmatning seminarida qatnashib, yoʻl-yoʻriqlar oldik. Kengash oxirida xotira uchun suratlarga tushdik, manzillarni almashdik.
Mana, oradan yillar oʻtdi. Oʻzbekiston xalq shoiri Toʻra Sulaymon hozir hayot boʻlganida sakson yoshning etagidan tutgan boʻlardi. Men fursatdan foydalanib ulugʻ shoirimiz bilan bogʻliq ayrim hangomalarni jurnalxonlarga ilinishni niyat qildim.
“GALUSTUKKA MOS TUSHDI…”
Toʻra akaning oʻziga xos erkaliklari bor ediki, faqat uning oʻziga yarashardi. Akaning qaltis paytda qilgan iltimoslariga hatto ogʻamiz Saʼdulla Siyoev ham gʻiring deyolmasdi. Bu, albatta Saʼdulla akaning T. Sulaymonni oʻta siylaganidan boʻlsa kerak. 1980 yilning may oyida S. Siyoevning 50 yillik yubileyi har jihatdan uyushgan holda oʻtdi. Adib ogʻamizga tortiq qilingan sovgʻalarning orasida eng noyobi oppoq charmdan tayyorlangan sumka edi. Toʻra aka ikkilanib oʻtirmay:
– Saʼdulla, men shunday goʻzal sumkalarga yarashiqli ijodkorman. Rozi boʻl, – deya menga yuzlandi, – Tursunjon, bugun senikida qoʻnoq boʻlmoqchiman, qani ketdik.
Oʻsha paytlarda Yunusobodda, ijara uyda yashardik. Uyga kelsak talaba oʻgʻlim Murodjon dars tayyorlab oʻtirgan ekan. Toʻra aka oʻgʻlimni yoshligidan tanigani uchun tezda tillashib ketdi. Talabaning dazmollangan, ammo ancha urinib qolgan koʻylaklaridan olib oʻziga oʻlchab, kiyib koʻrdi va galstugini yaxshilab bogʻladi.
– Talabadan SirFA akademigiga munosib shu koʻylak ekan, rozi boʻl! Yoqasi yaxshi, galstukka mos tushdi, – dedi. Oʻgʻlim xijolat, men zimdan unga ishora qildim.
Toʻra aka oʻrnidan turib qizil sumkasini ochib, yaltiroq qogʻozga oʻralgan oppoq koʻylakni Murodjonga qoʻsh qoʻllab tutdi.
“MORITS KRASNIʼY NOS…”
1970 yillarda bizlarga saboq bergan A. Ayupov, G. N. Soksonova, A. Shomaqsudov va Yu. A. Morits singari domlalarimizga imtihon topshirgani ancha-muncha talabalarning yuragi dov bermasdi. Ayniqsa rus tili fani boʻyicha oʻqitiladigan fanlardan Toʻra aka ham oʻzimiz qatori edi. Yuriy Aleksandrovich Morits Nekrasovning ijodi boʻyicha taniqli mutaxassislardan biri edi. Oʻsha kezdagi kuratorimiz Karim Saodatovdan Toʻra aka ikkinchi marta yoʻllanmani olgach, Talʼat Soliyev ikkimiz ogʻaga jilovdor boʻlib Xadradagi jurnalistika fakultetining ikkinchi qavatidagi imtihon olinayotgan xonani topdik. Kun issiq boʻlgani uchun eshikning qanotlari ochiq turardi. Domla Toʻra akaga koʻzi tushdi shekilli, ichkariga taklif qildi. Quloqlarimiz ding.
– Tovarishʼ Suleymanov, berite bilet, – dedi. Toʻra aka stolga terib qoʻyilgan biletlardan birini koʻtardi.
– Kakoy bilet?
– Shestoy!
– Chto za vopros?
– Morits krasniʼy nos!
– Chto!!! Oq-sariqdan kelgan domlamizning rang-roʻyi keskin oʻzgarib, – von otsyuda! – dedi jahl bilan. Talaba hangu mang. Biz kulgidan oʻzimizni tiyolmaymiz. Aka yoʻlakka chiqqach, odatdagiday bizni “Svolochlar!” deya soʻkib, voqeaga aniqlik kiritishimizni soʻradi.
– Siz olgan biletdagi birinchi savol, Nekrasovning “Moroz krasniʼy nos” poemasi edi. Uni oʻzbek tiliga ustoz Mirtemir domla “Izgʻirin qizil burun” deb tarjima qilgan. Moroz bilan Moritsni sal almashtirib qoʻydingiz xolos, – dedik. Akaxonimiz odatdagiday rus tilining “abjagʻini” chiqarganligini tan olib, qotib-qotib kuldi.
SOVUQ GAP…
Kunlarning birida Mirtemir domlani ziyorat qilgani uylariga bordik. Mirjalol xaltalarimizni olib ichkariga boshladi. Mehmonxonada ustoz moskvalik tarjimoni Ruvim Moran bilan shakarguftorlik qilib oʻtirishgan ekan. Mehmon gurungni umr oʻtkinchi ekanligiga burib, “dunyo omonat, qarib qoldik”, deb yevropaliklarga xos tarzda dangal soʻzlagani ikkovimizga ham biroz malol keldi. Arman sharobining taʼsiri tegdimi Toʻra aka, – Tursun, mehmon sovuq gap qilayapti, tizginni tortaman shekilli, – deb shivirladi. Men “qoʻying” deya boshimni sarak-sarak qildim. Mirjalol keltirgan qovurma gazakdan tamaddi qilgach, ustoz yana bir piyoladan sharob uzatdi. Oradan koʻp oʻtmay Toʻra aka toʻsatdan;
– Dorogoy Ruvim! Zachem takoy xolodniʼy razgovor? – desa boʻladimi… mehmon xijolat boʻlib goh Mirjalolga, goh menga qaraydi. Gap nima haqda borayotganligini toʻliq anglamagan Mirtemir domla qulogʻiga kaftini qoʻyib engashib; – Toʻrajon, nima dedingiz? – soʻrab qoldilar. Toʻra Sulaymon mehmonning sovuq gaplarini oʻziga xos ohangda sharhladi, – ustoz tizzasiga urib qotib-qotib kuldi va ruscha muqobilini Ruvim Moranga ham tushuntirgach, qahqaha avjiga chiqdi. Toʻra aka har galgiday rasmiy tilning yana “abjagʻini” chiqarganligini tan olgach, qoʻnalgʻamizga yetguncha kulib bordik.
XARKOV-33
Toʻra Sulaymon oʻta didli, yigʻinchoq boʻlganligi uchun safarda, kundalik hayotda kerak boʻladigan, hatto attorning qutisidan ham topib boʻlmaydigan zarur buyumlarni xarid qilib bizning koʻzimizni kuydirardi. 1960–70 yillarda mashhur boʻlgan Ukrainaning Xarkov shahrida ishlab chiqarilgan soqol oladigan yangi elektr mashinkani koʻz-koʻz qilib, har kuni ertalab iyagini qirtishlay boshlardi.
– Kalga temir taroq, koʻsaga mashinka yarashadi, – deb gʻashiga tegardim.
Oradan bir hafta oʻtmay, Toʻra aka xuddi oʻsha mashinkani, – SirFA akademigi gʻirt koʻsa Toʻra Sulaymondan havaskor koʻsa, QirFa akademigi mullo Tursunboy Adashboy oʻgʻliga, – deb kaminaga tortiq qilgandi.
ASSALOMU ALAYKUM, UBAYDULLA AKA!
Toʻra Sulaymon odatda imtihonlardan qutulib, darslar yengillagan mahallarda oppoq qogʻozga ertaga qaysi redaksiyalarga, qaysi vaqtda borishini yozib, “marshrut qogʻozini” tayyorlab qoʻyardi. Kunlarning birida belgilangan yoʻnalish boʻyicha Navoiy koʻchasi orqali piyoda “Mushtum” jurnali redaksiyasiga, Saʼdulla Siyoevning huzuriga qarab safar tortdik. Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti gullagan mahallar. Olisdan bashang kiyingan, boshiga papaxa qoʻndirgan, ana shu nashriyotning boshligʻi ustoz Hamid Gʻulom koʻrindi. Toʻra aka shoshib, Tursun, Hamid Ubaydullayevich kelayapti, deb shipshidi. Men atay, tanimas ekanman, dedim. U, svoloch, deya bir chetga chirt ettirib tufladi. Soʻngra odatiga koʻra, Hamid Ubaydullayev, Hamid Ubaydullayevich, – deb qayta-qayta mashq takrorlab bordi. Men Hamid aka bilan suhbatdosh boʻlmaganim uchun oramizdagi masofa yaqin qolganda oʻzimni chetga olib ohista yura boshladim. Toʻra aka hamon “vich” qoʻshimchasi bilan aytiladigan ismi shariflarni takrorlab kelardi. Quloqlarim lakatorga aylangan. Ustoz roʻbaroʻ kelgan chogʻda, hamrohimizning:
– Assalomu alaykum, Ubaydulla aka! – degan soʻzlari jarangladi. Chamamda akani ustozning salobati bosdi shekilli. Hamid Gʻulom oʻz navbatida ogʻir-bosiqlik bilan, – Va alaykum assalom, mulla Toʻrajon, – deb erkalatib soʻrashdi.
Mening uchun hazilga bahona topilgan edi. Toʻra aka tushmagur, vichini qoʻshmasam asakam ketarmidi. Bu dunyoda oʻzimizning, salom ustoz, soʻzidan ulugʻroq gap yoʻq ekan, deb koʻpga qadar iztirob chekib yurdi.
EZIB ICHKI
Toʻra Sulaymon kamroq uxlab, koʻp oʻqirdi. Tunda ishlashni maʼqul koʻrardi. Qizil sumkasidan koʻlvori ilondan tayyorlangan kaplama va ezib ichki uzilmasdi. Bir kuni “Tursunboy, Saʼdulla kutayapti, bugun unikida mehmon boʻlamiz”, deb qoldi. Oʻzimizga yarasha bozorimizni qilib Yunusobodga yoʻl oldik. Xonadon bekasi singlimiz Shirin lazzatli taomlar bilan bizni siyladi. Uchovlon biroz ulfatchilik ham qildik. Keyin Saʼdulla aka ikkimiz bir xonada, Toʻra aka esa ayvonda yotadigan boʻldi. Mehmonning iltimosiga binoan Shirin katta chinni kosada pamil choyni tayyorlab beribdi. Ogʻamiz chinnidagi choyga ezib ichkidan aralashtirib shifonerning ustiga yashirganligini payqagan Saʼdulla aka mehmon qoʻl yuvgani kirgan kezda chinnidagi choyni almashtirib qoʻydi. May oyi boʻlgani sababli oʻrta eshik va derazalar ochiq. Biroz mizgʻigan boʻldik. Kulgidan oʻzimizni tiyolmaymiz. Saharxez aka tushmagur allaqachon turib olgandi. Kostyum yelkada yelvagay, soat besh. Koʻrpani durbin qilib akani kuzatyapmiz. Bir mahal shifoner ustidagi kosani olib, soʻrining yoniga choʻkib ezib ichkidan picha tatib koʻrgach, taʼmi yoqmadi shekilli, svolochlar, deb chinni kosani zarda bilan koʻchaga uloqtirdi. Saʼdulla aka hech narsani bilmaganday oʻrnidan turib biz yotgan xonadagi deraza raxtidagi korsonni mehmonga uzatdi. Toʻra akaning chehrasi yorishib, chinnidagi yaxna ezib ichkini ixlos bilan shimirib, xuddi qimiz ichganday tomogʻini taqillatib, qoyil, dedi mamnun ohangda.
HECh BOʻLMASA, RASTUPINNI
AYTMADI-Ya, ZANGʻAR…
Ustoz Sarvar Azimov Yozuvchilar uyushmasini boshqargan 1980 yillarda juda koʻpchilik ijodkorlar uylik-joylik boʻlishgan. Mashinalar xarid qilishgan. Mustabid tuzum davrida Markaz uyushma aʼzolarining sifatiga emas, soniga qarab mablagʻ ajratardi. Sarvar Olimjonovich shunga koʻra, viloyatlarda uyushmaning koʻchma yigʻilishlarini oʻtkazib, joylardagi shoir va yozuvchilarni aʼzolikka qabul qilish rusumini joriy etgandi.
Navbatdagi qabul Guliston shahrida boʻldi. Toʻra Sulaymon sirdaryolik ijodkorlarning rahbari boʻlgani uchun jiddiy tayyorgarlik koʻrildi. Atoqli shoir marhum Mashrab Boboyev shu viloyatga kuratorlik qilardi. Aʼzolikka nomzodlarning orasida “Sirdaryo haqiqati” gazetasining xodimlaridan biri, ancha-muncha hikoyalar yozib, Toshkentdan kelgan ijodkorlarni shaxsiy mashinasida uchrashuvlarga olib borib, Toʻra akaga koʻmaklashib turadigan yigit ham roʻyxatga tirkalgandi. Nihoyat qabulga kirish navbati gazeta xodimiga keldi. Hayʼat aʼzolarining salobati bosdimi, jurnalist savollarga javob berolmadi. Achinarlisi, 1960 yillarda adabiyotimizga kirib kelgan adiblarni ham aytolmadi.
Mashrab Boboyev Toʻra Sulaymon bilan koʻz urishtirib olishdi. Hayʼat aʼzolaridan biri vaziyatni yumshatish niyatida, rus yozuvchilaridan kimlarning asarlarini oʻqigansiz, deb soʻradi. Nomzod yana lom-lim deyolmadi. Gazeta xodimi noqulay ahvolga tushmasligi uchun avans tarzda u aʼzolikka qabul qilindi.
Yigʻilishdan keyin Mashrab Boboyev noligan ohangda Toʻra Sulaymonga qarab: bu birodarimiz na Shukur Xolmirzayevni va na Oʻtkir Hoshimovni bilmasa-ya, rus yozuvchilaridan Lev Belov, Vasiliy Shukshinlarni ham oʻqimagan ekan-da, – deb xijolat boʻldi.
Toʻra Sulaymon oʻz navbatida Mashrab Boboyevning iztiroblariga hamdardlik bildirmoqchi boʻlib: – Mashrabjon, juda toʻgʻri gapirdingiz, bu zingʻar hech deganda Rastupinni aytsa boʻlardi-ku, – dedi. (Aslida Toʻra aka Rasputin demoqchi boʻlgan).
Akaxonimning bu soʻzlari davrada turganlarning kutilmagan qahqahasiga sabab boʻldi.
“LEV TOLSTOYNING ASHADDIY MUXLISI”
Namangan viloyatida oʻtgan adabiy uchrashuvlar mazmunli boʻldi. Adabiyotimizning muxlisi, shahar gaz boshqarmasining bosh injeneri Turgʻunpoʻlat Sulaymonov qadrdon doʻstimiz Habib Saʼdullaning eng yaqin joʻralaridan biri edi. U xayrlashuv oldidan shoirlarga jahon sheʼriyati vakillarining asarlarini, taniqli adib Saʼdulla Siyoevga esa Lev Tolstoyning toʻrt jildlik eng noyob saylanmasini tortiq qildi.
Shu mahal Toʻra Sulaymon kutilmagan iltimos bilan Saʼdulla Siyoevga yuzlandi, ukaginam, men Lev, Lev Tolstoyning ashadiy muxlisiman-ku, bu kitoblar sendan menga munosib sovgʻa boʻldi, deya ularni xaltasiga soldi.
– Toʻra aka, siz bu kitoblarni baribir oʻqimaysiz-ku, – iddao qildi Saʼdulla aka.
– Toʻgʻri aytasan, ammo uyimizga kelgan ayrim mehmonlar kutubxonamda buni koʻrsa, Toʻra Sulaymon hatto Lev Tolstoy bilan ham gurunglashgan ekan-da deyishi mumkin…
USTOZNING OʻZI KELAR
Xotiralarimga nuqta qoʻyishdan avval ikki ming oʻninchi yilda buyuk ustoz Mirtemirning 100 yilligi munosabati bilan oʻtkazilgan xotira tadbiri bilan bogʻliq quyidagi hangoma sheʼrni ham adabiyotimizning zukko muxlislariga ilindim.
Yozuvchilar uyushmasi,
Adiblarning pakkasi.
Bu yer – ijod ahlining,
Madinasi – Makkasi.
Shu manzilda nishonlanar,
Qutlugʻ kunlar, sanalar.
Kutilmagan hangomalar,
Shu goʻshadan taralar.
Oʻrtakashlar topgan chogʻi,
Sobiq rahbar koʻnglini.
Masʼul kotib qildi ular,
Bir olimning oʻgʻlini.
Ismi ulugʻ boʻlsa-da,
Biroz dumbulroq ekan.
Adabiyot olamidan,
Anchayin yiroq ekan.
Ha, ikki ming oʻninchida,
Navroʻz payti, mart edi.
Shu sababdan uch-toʻrt tadbir,
Oʻtkazmoqlik shart edi.
Mirtemirning yuz yilligi,
Eng muborak kun edi.
Mehmonlarga joy yetishmas,
Muxlislar mamnun edi.
Masʼul kotib shu pallada,
Jadal kelib qoshimga.
Soʻrab qoldi: – Yubilyarni,
Kim obkelar moshinda?
Tovonimni teshsa hamki,
Masʼul kotib soʻzlari.
Dedim: – Ustoz juda bardam,
Keladilar oʻzlari…
Tursunboy ADASHBOYEV
“Yoshlik”, 2014 yil 6-son
https://saviya.uz/ijod/nasr/tora-sulaymon-haqida-hangomalar/