Yoz chillasida hoʻkiz oʻlibdi,
Qish chillasida arpa gullabdi.
Maqol.
Erta tongda telefon jiringladi. Goʻshakni koʻtarsam – amakim:
– Mahmudjon, – dedi xavotirli ohangda. – Mashinangizda yangangizni bir joyga olib borib keling, iltimos…
Xoʻp, dedim. Choy-poy ichib, koʻchaga chiqsam, qor uchqunlab turibdi. Yerdagisi erimay, boz yogʻayotgan bu qor haydovchi zotining koʻkayini kesib yuboradi. Tonggacha mashinaning motori sovib qoladi. Bazoʻr oʻt oldirdim. Salonda oʻynab turgan buyuqdan etim simillaydi.
Borsam, yanga va kelini katta yoʻlga chiqib turgan ekan. Yoʻlga tushdik. Mashina oynasidan qarab-qarab qoʻyaman. Ikkovining ham yuz-koʻzida jindek faromushlikni sezdim. Uyi notinch odamlarda halovat boʻladimi. Muammolar girdobida qolgan qarindoshimizning boshiga ketma-ket tushayotgan tashvishlarni bilsam-da, joʻyali tasalli berolmayman. Lekin har esga tushganda ichimda yolvorib, kushoyish soʻrayman. Qanchalik achinmayin, qoʻlimdan kelgani shu edi. Hozir yoʻlda ketyapmiz-u, durustroq koʻngil ham soʻrolmayotganimdan xijolatda edim. Poyintar-soyintar hol soʻrashlarimdan sezdi, shekilli, yangamizning oʻzi gap boshladi.
– Ay, hech kimga koʻrsatmasin bu kunni, ukam, – dedi yanga. – Koʻz tegdimi, bilmayman, hadeb ishimiz orqaga ketyapti. Akangizning biznesi yurishmay qoldi. Bilasiz, roʻzgʻorimiz kattagina, tomib turgani ham qurib qoldi. Oʻgʻillarning ham topganidan baraka ketdi. Mana, kuni kecha hoʻkizimizni oʻgʻri urdi. Uchinchi marta-ya. Avval-boshda yigirma jaydari qoʻyimizni oʻgʻirlab ketishganda dod solib qoldik. Oradan yil oʻtmay, yana besh qoʻchqorni oʻmarib ketishdi. Oʻylayverib, yurak oʻynogʻini orttirib oldim… Mol achchigʻi – jon achchigʻi. Tuyoqlarni deb, bormagan idoramiz qolmadi. Melisama-melisa yurib, tinkamiz quridi. Bu jigʻildoningga oʻt tushgur melisa deganiyam yuhodan beri ekan, ularga ish tushmasin ekan. Oʻzingiz aybdorsiz, yanga, deydi. Mol saqlagan odam avval istehkomni baquvvat qurishi kerakmish. Hey urgildim, uyimni oʻgʻri ursa, senga ishonib borsam, kelib-kelib men manglayi qora jabrdiydaga nasihat oʻqiysanmi deb urishdim.
Mol molga yetguncha, Azroil jonga yetar ekan, uka. Davleniya boʻp qolayozdim. Bular-ku, mayli, har narsaning davosi vaqt, qulogʻini ushlab ketgan mollarimizni endi esdan chiqaramiz deganimizda, koʻrmaysizmi, kapaginangga oʻt tushgurlar tishimizning kavagida saqlab oʻtirgan hoʻkizimizni oʻgʻirlab ketishdi. Dardimizni kimga aytamiz? Akangizning ishlari bu, oʻgʻillarim ham gandiraklab qoldi. Xonavayron boʻldik-da…
Jim eshitib ketyapman. Koʻzimning ustidagi bu odamlarni yaxshi bilaman: halol, birovning haqini yemaydigan insonlar. Lekin gʻam-tashvish ham dardga oʻxsharkan: bir kelsa, qoʻshaloq keladi. Madda boylab, musibatga aylanishi ham mumkin. Shundan asrasin, deb oʻyladim va taskin bergan boʻldim.
– Choʻkayotgan odam xasga ham yopisharmish, – dedi yanga. – Hech ishdan natija chiqmagach, mana, oxiri bir fol ochirib ham koʻraylik-chi, deb ketyapmiz-da, ukam. Eskilar ham bir nimani bilar…
Yoʻl uzoq, mashina sirpanchiq yoʻlda chayqalib-chayqalib oladi. Sekin yuribmiz. Bir yarim soatlarda manzilga yetdik. Odamlardan soʻrab-soʻrab, nomi chiqqan folbinning uyini topdik. Men oʻshanda folbin deganlarining uyi haqida ilk tasavvurga ega boʻlganman: odamlar doʻxtiru tabibga ham bunchalik ixlos bilan najot istab kelmasa kerak. Sahardan hovlida oʻn-oʻn besh chogʻli odam. Dardiga malham topish ilinjida Xudoga tilmoch-vositachi qidirganlar buncha koʻp boʻlmasa…
Biz ham folbin hovlisida navbatda turdik. Odamlar birin-ketin kirib-chiqyapti. Birovning yuzida tabassum, kimdir maʼyus tortib tashqarilaydi.
Qancha kutdik, bilmayman, navbati kelib, yangam bilan kelini kirib ketishdi. Men esa odamlarga qoʻshilmay, bir oʻzim chekkaroqda ularni kuta boshladim. Hammadan ayro turganimni koʻrib, bir xotin “Hoy uka, siz ham folga keldingizmi?”, deb soʻrab qoldi.
– Yangalarimni opkeldim, ularni kutib turibman, – dedim.
– Voy, bu xotin manaman degan folbiningizdan zoʻr, – dedi ayol bilagʻonlik qilib.
– Avval kelganmisiz? – dedim joʻrtaga.
– Bir kelib qoyil qolganman. Mana, yana keldim.
– Biror muammongiz bormi?
– Yoʻgʻ-a, yaxshilikka keldim, aynanay, yaxshilikka. Aytdim-ku, bu xotin hamma narsani biladi, aytgan gapining bari toʻgʻri chiqadi.
– Shuncha zoʻrmi?
– Ha, mana bunday! – deydi u bosh barmogʻini yuqoriga koʻtarib. – Oʻtgan yili, bir qoʻshnim maqtagani uchun ikkilanib-ikkilanib bir keluvdim. “Baxtingizdan ochaymi yo taxtingizdanmi?” deb soʻradi. “Taxtimdan” dedim. U qoʻllarimga chiziq chizib, “Singlim, sizga nuqta tushyapti. Siz bir oy deganda kattagina hovli-joyli boʻlasiz. Faqat shu kelayotgan oyda uni olib, baxt qushingizni ushlab qolsangiz qoldingiz – boʻlmasa, sizda bunday imkon boshqa boʻlmaydi” deb aytdi. Xursand boʻlib ketdim. Uyga borib, dadasiga maslahat soldim. Biram yoʻlimiz ochildiki, dadamiz darrov rozi boʻldilar. Eski shahardagi ikki xonali uyimizni sotdik. Qurib ketsin, temir boʻlsa, topiladi-da, deb mashinamizni ham pulladik. Hovliga ozroq yetmay qoldi. Oradan yigirma kuncha oʻtib ketdi. Noiloj boʻldik. Keyin qoʻni-qoʻshni, qarindosh-urugʻdan ham anchagina qarz koʻtardik. Lekin, qurgʻur xotin rost aytgan ekan, bir amallab, yigirma toʻqqizinchi kuni shu atrofdan, dangʻillama boʻlmasayam, bundayroq hovli-joyni sotib oldig-yey. Balo ekan bu folbin!
– E, qoyilman sizlarga! – dedi yonimizda qunishibgina turgan bir erkak.
– Ha, juda topib aytar ekan oʻziyam, – deya kulib qoʻydi qoshlari qalin bir xotin.
– Bugun nimaga keldingiz unda? – deya soʻradi momiq roʻmolli xotin.
Ayol odamlar gapini jon qulogʻi bilan eshitib turganigami, toza iyib ketdi:
– Bugun oʻgʻlimning masalasida keluvdim, aynanay, – dedi.
– Oʻgʻlingizga nima boʻpti? – soʻradi momiq roʻmolli xotin.
– Voy, hech nima qilmagan. Yaqinda yoʻl-yoʻlakay kirib ketgandim shu opaga. Oʻgʻlim oʻzgarib, injiq boʻlib qoldi, dedim. Fol ochib qoʻydi. “Yaxshilab eʼtibor bering, oʻgʻlingiz sevib qolgan”, dedi. Uyga borib, siquvga oldim oʻgʻlimni. Rostdan ham sevib qolgan ekan. Yana keldim opaga. Oʻgʻlim sevib qolgan qizni kelin qilsam, yaxshi boʻladimi – yomon boʻladimi, opa, dedim. Fol ochib, bu qizga uylansa yaxshi boʻlmaydi, dedi. Keyin ismi “A”, “Z”, “M”, “Sh”, “H” harflari bilan boshlangan qizlardan kelin qilmang, deb aytdi. Men xoʻp deb chiqib ketibman…
– Keyin-chi, keyin? – deyishdik birvarakayiga. Bu ayol aytayotgan gaplar rosmanasiga hammamizni qiziqtirib qoʻygandi.
– Keyin… kelib oʻgʻlimga aytdim shu gaplarni. Oʻgʻlim xoʻp degandi…
– Xoʻsh-xoʻsh, keyin-chi? – tobora qiziqib borardik uning gapiga. – Keyin nima boʻldi?
– Keyin nima boʻlardi, – dedi ayol koʻzlarini javdiratib. – Keyin… mana, keldim yana.
– Iya, yana nima boʻldi? Endi nima uchun keldingiz? – deb soʻradi momiq roʻmolli ayol.
Xotin bir dam sukut saqladi. Soʻng soxta faylasuflik bilan qoshlarini chimirdi:
– Oʻgʻlim gapimga qarshi bordi, – dedi. – U hozir yaxshi koʻrib qolgan qizning ismi Mahfuza ekan. “M” bilan boshlanarkan…
“Xoʻsh, shunga nima qipti?”, “Folga shunchalik ishonasizmi?”, “Endi nima qilmoqchisiz?” Savollarni qatorlashtirib tashladik. Bir juvon oʻxshatib gap tashladi:
– Baliq suvda turib ham “chanqadim”, derkan, – dedi. – Shuyam tashvish boʻptimi?!
– Nimayam derdim, qadimgilarimiz folga ishonma, lekin folsiz ham yurma, degan, – dedi xotin. – Men boshqa folbinlarni bilmadim-kuya, lekin bu xotinga ishonaman. Bir oyda hovli olasizlar, degandi, ana, aytgani boʻldi, dedim-ku. Endi hozir oldiga kirib, oʻgʻlim topgan qizning ismi “M” bilan boshlansayam, kelin qilaversam, rostdan ham yaxshi boʻladimi yoki yomon boʻladimi, deb aniqlashtirib soʻramoqchiman. Yomon boʻladi, desa, unda oʻgʻlimni bu qizdan sovitib, kichkina ammamning oʻrtancha qizi bor, Barno ismi, “B” harfi bilan boshlanadi, shunga isitib berishini iltimos qilmoqchiman, aynanay…
Ayolning gaplariga berilib ketib, yangalarimning folbin oldidan chiqqanini ham sezmay qolibman.
– Uka, zoʻr folbin ekan lekin, siz ham bir kirib koʻring, – deb qistab qoldi yangamiz. – Sizdan nima ketdi, shuncha joydan kelib, bir fol ochirsangiz ochiribsiz-da, bizning dardimizni birdan topdi-ya…
Yoʻq deyishimga qaramay, qoʻyarda-qoʻymay kirishga majburlashdi. Raʼyi qaytmasin, dedim.
Shoshilmay folbin oʻtirgan xona eshigini taqillatdim. Ichkaridan “Kiring” degan oʻktam ovoz eshitildi.
Xiragina yoritilgan xona. Xonaning ikki burchida ikkita sham yoqilgan, negadir, shiftda chiroq boʻlishiga qaramay, sham yoqilgani kishiga andak gʻalati tuyular ekan. Ehtimol, sehr olamiga muhit shundoq yaralar?
Sandalga oʻxshash bir taypoq stolcha ustiga koʻrpa toʻshalgan, stolning nariga tomonidan boshiga uzun roʻmolni tashlab olib, koʻzoynak ortidan burgut koʻzini qadab qarab turgan xotin “Tez-tez boʻl, bolam, odamlar kutib turibdi”, – dedi. Qarshisiga oʻtirib oldim.
Folbin favqulodda tezlik bilan chap qoʻlimni ushlab, kaftimga moyli qalamda chiza boshladi. Chizayotganda qitigʻim kelib, kulimsiradim. Buni payqadi, chogʻi, jiddiy taʼna qildi: “Shaytonga quloq solma, bolam, shayton yoʻldan uradi”, dedi. Hech nimani tushunmay angrayib qoldim.
Chizib boʻlgach, koʻzlarimga tik qaradi va:
– Bolam, men yoʻl koʻryapman, – dedi. – Yaqinda uzoq safarga chiqar ekansan.
– Qayerga? – dedim hovliqib.
– Bilmadim, lekin uzoqroq yoʻl ekan, – dedi.
Folbin qoʻlidagi moyqalam bilan kaftimdagi nuqtalarni birlashtirib, oʻylanib qoldi.
– Oʻttiz yoshingda toʻrt xonali uying boʻladi, – dedi.
Men kuldim:
– Olgan oyligim bu, bitimga olarkanmanmi uyni?!
– San bola kulma, man chin aytyapman, – dedi folbin xotin lahjasini oʻzgartirib. – Man aytdimmi, boʻladi. Kulsang, teskarisi kelishi ham mumkin…
Folbinning shamali tahdididan choʻchidimmi, harholda, tilimni tiyishga urindim.
U kaftimga boshqatdan tikilib qaray boshladi va hech kutilmaganda:
– Hayotingda “D” harfi bilan boshlanuvchi juda yaqin odaming bor ekan-a? – deya soʻradi.
Oʻylab ham oʻtirmay “yoʻq” dedim. Chunki, ismi bunday harf bilan boshlanadigan yaqin odamim yoʻq edi-da.
– Yaxshilab oʻyla, boʻlishi kerak, – dedi folbin ajablanib.
– Yoʻq bunaqasi, – dedim qatʼiy.
– Shunaqami? Masalan, otangni ismi nima?
– Otamning ismi “D” bilan emas, “J” bilan boshlanadi. Jabbor aka, deydi otamni.
– E, odamni ahmoq qilma san bala, – dedi xotin rosmana jahli chiqib. – Axir ruschada ism boshida “J”dan avval “D” harfi qoʻyiladi-da, balam… “Djabbar” boʻladi-da…
Avvaliga indamadim. Bu xotin folni ruscha ochar ekan-da, deb oʻyladim. Kulgim qistab ketdi. Xo-xolab kulib yubordim.
– Nimaga tirjayasan, balam? – dedi folbin.
– Folni oʻzbekcha ochsangiz boʻlmaydi, xola? – dedim koʻzlarimni uqalab.
– Man maktabda ruscha oʻqiganman, – dedi xotin jahli chiqib. – Bor, ket, ustimdan kulmay, haqing ham kerak emas! Folga ixlosi yoʻqlarga fol koʻrmayman!
Indamay chiqib ketdim.
Ichkaridan folbin xotinning: “Burniga narvon yetmaydi-ya” degan shangʻillashi eshitildi.
Chiqishim bilan yangalarim savolga tutishdi:
– Qalay ekan? Topdimi?
– Juda alomat folbin ekan, – dedim.
Yangalarim yengil tortishdi. Bu gʻurbatxonadan chiqa-chiqa qarasam, mendan keyin boyagi – oʻgʻli “M” harfli qizni sevib qolgan, folbindan ogʻziga choʻp oʻlchatib olgan xotin kirib ketdi.
Albatta, yangalarimga u xotin bilan boʻlgan gurung haqida hech nima demadim. Qaytanga yoʻl-yoʻlakay oʻzlarini gapga soldim. Aytishlaricha, oʻsha folbin rostdan ham balogina ekan. Amakimizning ishi ortiga ketishiga ismi “Q” harfli (ehtimol, ruschadan kelganda “K” harflidir?) shaxs sabab boʻlgan ekan. Qoʻy va qoʻchqorlarni ham, hoʻkizni ham oʻgʻirlaganlarning ismi katta ehtimol bilan “B”, “M”, “I” yoki “T” harfi bilan boshlanishini aytganmish.
– Rostdan ham, alomat folbin ekan, – dedim yangalarimga. – Hamma narsani bilgich ekan.
– Endi nima qilsak ekan-a, Mahmudjon? – dedi yangam.
– Nimayam qilardingiz, yanga, – dedim. – Endi folbinning gapiga kirib, qarindosh-urugʻu, qoʻni-qoʻshnilar, tanishu notanishlar orasidan ismi “B”, “M”, “I” yoki “T” harfi bilan boshlanadigan “oʻgʻri”larni zimdan qidirib boshlaysizlar-da…
Yangalarim bosh silkib, gapimni maʼqullab qoʻyishdi.
Jasur KENGBOYEV
“Yoshlik”, 2014 yil 9-son
https://saviya.uz/ijod/nasr/gurbatxona/