Ulkan shoir va jamoat arbobi Gʻafur Gʻulom betakror isteʼdod sohibi edi. Uning sheʼriyatida arslon naʼrasini eslatuvchi qudrat bor. Teran falsafa bor. Shoir eng oddiy narsa haqida yozganida ham keng qamrovli falsafiy umumlashmalar chiqara oladi.
Gʻafur Gʻulom har jihatdan toʻkis, jamiki orzusiga erishgan ijodkor desa boʻladi. El hurmati, davralarning toʻri, unvonlar, nishonlar… Ayni paytda u zanjirlangan sherni ham eslatadi. Har bir satrni yozayotganida shoʻro siyosatining tahdidli koʻlankasi yelkasi osha kuzatib turganini his etib qalam tebratishga majbur boʻlgani seziladi. Shu jihatdan bu alloma shoir koʻp gaplarni aytolmay ketgani ham rost…
Albatta, Gʻafur Gʻulom birinchi navbatda – shoir. Zoʻr shoir! Shu bilan birga, uning nasriy asarlarini oʻqigan kitobxon adibning ichakuzdi hajviyalarida, zavq bilan oʻqiladigan hikoya va qissalarida alloma isteʼdodining yana bir qirrasini topadi. Ularning koʻpchiligi Vaqt sinovidan oʻtgan va yana uzoq yashaydigan asarlardir. Menimcha, Gʻafur Gʻulom, aynan, nasriy asarlarini yozayotganida yelkasidan bosib turgan yukdan bir oz xalos boʻlgandek tuyuladi. Qalbi buyurganicha, xohlasa kulib, xohlasa istehzo qilib, xohlasa yigʻlab, qalam suradi. Ularda ijodkor xalq hayotini, xalq tilining ming bir jilosini mukammal bilishi aniq koʻrinadi.
“Shum bola” qissasini olib koʻraylik. Aslida bir yetimning ayanchli qismatini tasvirlovchi bu asar qandaydir “mugʻombirona” tabassum bilan yozilgan. Qissani oʻqiyotib ham kulasiz, ham iztirob chekasiz. Aqalli bozor manzarasini oling. Oʻzbek bozorini Gʻafur Gʻulomchalik “kiftini keltirib” tasvirlay olgan qalamkash boʻlmasa kerak. Shovqin-suron, “obi xudoyi” deb tekinga suv tarqatayotgan savobtalablar, “Yo Olloh doʻst, yo Olloh”, deb zikr tushayotgan qalandarlar – hammasi xuddi kino tasviri kabi koʻz oʻngingizga keladi. Koʻmir saroyi oldidagi maydonchada “ot oʻyin” tomosha qilayotgan shum bolaning holatini eslang. Qoʻynidan anor chiqarib, ikkiga boʻlib yeydi. Shunda… boyadan beri tantanavor gʻartillayotgan karnayning ham, nola chekayotgan surnayning ham ovozi oʻzidan-oʻzi susayib, viqirlab chiqa boshlaydi. Nordon anor yeyayotgan bolani koʻrib ogʻzi suv ochib ketgan surnaychining soʻlagi toʻlib qolgan surnayining uni oʻchadi. Koʻsa surnaychi “gʻiyq” etib surnay chalishni toʻxtatadi-da, bolaga oʻshqiradi: “Hoy qizzataloq bola, chiq davradan, anoringni boshqa joyga borib ye!” Bunaqa manzarani “ichidan toʻqib” chiqarib boʻlmaydi. Uni tasvirlash uchun oʻz koʻzi bilan koʻrish, hatto oʻz boshidan oʻtkazish lozim. Ammo “oʻz boshidan oʻtkazish” ham kamlik qiladi. Xalq hayotining ikir-chikirlarigacha bu qadar yorqin tasvirlash uchun isteʼdod kerak.
Gʻafur Gʻulom asarlarida makon va zamon tushunchalari benihoya aniq. Adib bir ogʻiz soʻz bilan oʻz qahramonining butun tarjimai holini tasvirlab qoʻyishi mumkin. Bir soʻz bilan butun bir davrga baho bera oladi. Bunga uning talay nasriy asarlari misol.
Menga qolsa, adib hikoyalari orasida “Mening oʻgʻrigina bolam”ni eng zabardast asarlardan biri degan boʻlur edim. Hikoyaning fazilati shundaki, unda oʻzbekning olami mana-man deb koʻrinib turadi. Bir qarashda bu asar mashhur adib O’Genrining “Hamdardlar” hikoyasini yodga solgandek boʻladi. O’Genri hikoyasining qahramoni – oʻgʻri. Gʻafur Gʻulom hikoyasining qahramoni ham oʻgʻri. Har ikkala hikoyada oʻgʻri bilan uy egasi apoq-chapoq boʻlib ketadi. Biroq Gʻafur Gʻulom asarida boshqa biron xalqqa oʻxshamagan oʻzbekning olami yarq etib koʻrinadi. Nari borsa, shapaloqdek keladigan bu hikoyada qanchadan-qancha dard bor. Gʻalati bagʻrikenglik bor. Oʻquvchining qalbini ilitib turadigan nur bor!
Shunday qilib, kuz kechalaridan birida saksondan oshgan kampir bu bevafo dunyoning kulfatlaridan uyqusi qochib, nos chek-i-b oʻtiribdi. Turmushi nochor. Voyaga yetmagan toʻrt yetimning qismatini oʻylab ogʻir xayollarga choʻmgan. Buni qarangki, shu payt tomda oʻgʻri paydo boʻladi. Boshqa joy qurib qolgandek, aynan, kampirning roʻparasiga kelganda aksirib yuboradi. Kampir nosini tuflab tashlab, unga dashnom beradi: “Oʻgʻrigina bolam, kasbing nozik, tumov-pumovingni yozib chiqsang boʻlmaydimi?” Oʻgʻri ham tomdan turib kampirga dashnom beradi: “Buvijon, siz ham birorgina kecha tinchingizni olib uxlasangiz boʻlmaydimi, bizning tirikchiligimizning yoʻlini toʻsaverasizmi?”
Shu tariqa gap-gapga ulanib, kampir toʻrt yetimning kelajagini oʻylab ezilayotganini, oʻgʻri esa, zamon ogʻirlashib, ishsiz qolganini, ikkita bolasi, xotini, qari onasini qanday boqishni bilmay shu yoʻlga kirganini aytadi. Kampir bu xonadonda hech vaqo yoʻqligini aytib, oʻgʻriga Karimqori, Odilxoʻja, Matyoqubboy deganlarnikiga borishni maslahat beradi. Oʻgʻri bu maslahat joʻyali ekani, ammo oʻsha boylarnikiga borgudek boʻlsa, qoʻlga tushishi aniqligini aytib, hasrat qiladi. Kampir unga chin dildan achinadi: “Bu gaping ham toʻgʻri, oʻgʻrigina bolam. Ammo-lekin ehtiyot boʻl, el-yurtning oldida tagʻin badnom boʻlib qolmagin!”
Kampir nima qilib boʻlsa ham, oʻgʻrining hojatini chiqarishni oʻylaydi. “Qutlugʻ uydan quruq ketasanmi, bolam… Oshxonada bitta yarim pudlik qozon bor. Allazamonlar uyimizda odamlar koʻp edi, katta qozonda osh ichardik… Shuni olib keta qol. Sotib bir kuningga yaratarsan, oʻgʻrigina bolam…” Oʻgʻrining javobini qarang! “Yoʻq, yoʻgʻ-e, buvi, yomon niyat qilmang. Ha-huv deguncha bu kunlar ham unut boʻlib ketadi… Hatto bu qozon ham kichiklik qilib qoladi. Oʻsha yetimlarning oʻziga buyursin!”
Qiziq, kampirning oʻzi-ku “qoqqanda qoziq, osganda xurmacha” boʻlib oʻtiribdi. Ammo oʻgʻrining “qutlugʻ uydan quruq ketishi”ni xohlamaydi. Oʻgʻrining javobini qarang! Oilasini boqolmay egri yoʻlga kirishga majbur boʻlgan odam kampirga dalda beryapti. Yetim haqini olishdan bosh tortyapti!
Kampir oʻgʻriga oshxona yonidagi tutdan sirgʻalib tushib, bir vaqtlar bogʻdan kelgan yongʻoq toʻnkadan tarasha uchirib berishni soʻraydi. Maqsad qumgʻon qoʻyib, choy qaynatib, uydagi bor-yoʻgʻi ikkitagina zogʻoraning birini baham koʻrish. Oʻgʻri bu taklifga ham koʻnmaydi. “Yoʻgʻ-e, buvi! Toʻnka yorib-ku berarman, ammo choy icholmayman, chunki kun yorishib qolsa, meni tanib qolasiz. Judayam yuzimni sidirib tashlaganim yoʻq, andisham bor, uyalaman”.
Shu oʻrinda, aynan mana shu pallada oʻzbekning olami yarq etib ochiladi! Kampir shu qadar bagʻrikengki, borini shu bechora bilan baham koʻrgisi keladi. Oʻgʻri shu qadar andishaliki, kampir uni tanib qolishidan uyaladi. Shu qadar insofliki, yetimlarni qaqshatganidan koʻra och oʻtirishni afzal koʻradi!
Oʻquvchi har ikkala qahramonni yaxshi koʻrib qoladi. Har bir soʻziga, har bir imosiga ishonadi. Ularga beixtiyor hamdard boʻladi va, hatto havasi keladi! Bunday vaziyatni shu qadar kutilmagan yoʻnalishda tasvirlash uchun katta, juda katta, noyob isteʼdod kerak!
Gʻafur Gʻulomda esa bunday isteʼdod moʻl-koʻl edi…
Oʻtkir Hoshimov
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/xalqning-rangin-olami/