Noziklashuv jarayoni

Maʼlumki, jurnalning oʻtgan sonida modern adabiyotning estetik qimmati haqida mulohaza yuritgan edik. Ushbu kuzatishlarimiz quruq mulohazalardangina iborat boʻlib qolmasligi uchun endi ayrim modern asarlarni tahlil qilib koʻrish maqsadga muvofiq deb bildik. Nazarimda, bugungi oʻzbek modern sheʼriyatining taniqli vakili Faxriyorning asarlari tahlili modern adabiyotning mohiyati borasida fikrlashga yetarlicha asos beradi.

Tiriklik savdoga qoʻyilgan, umr bozorga chiqarilgan, eng muqaddas tuygʻulardan oddiy ashyolargacha olib-sotilayotgan, butun insoniyat isteʼmolchiga aylangan bir sharoitda odamni atrofga emas, oʻz shaxsiga qaratadigan, oʻziga boʻlgandayam sirtiga emas, koʻkrak qafasini yorib, ichkariga kirishga undaydigan adabiyotga kuchli ehtiyoj seziladi. Jamiyat aʼzolarining asl odamiy sezimlardan tamomila ayrilib qolmagan qismi ana shu ehtiyojmandlar lashkarini tashkil etadi. Bu ehtiyojmandlar jamoasining borligi jamiyatning potensial imkoniyatini bildirsa, bunday qatlamning tobora koʻpayib borayotgani millatning ijtimoiy sogʻlomlashuvidan dalolat beradi. Demak, ana shunday ijtimoiy-ruhoniy holatning ifodasi oʻlaroq yuzaga kelgan modern adabiyot millat badiiy didining buzilishidan emas, aksincha, uning noziklashuvidan dalolatdir.

Asl sheʼr odamning ichida boʻlayotgan dolgʻali talotumlar, omonsiz janglarni koʻrsatish orqali uning koʻnglidan tuygʻusizlik zangini ketkazib, yurakka toza epkin olib kiradi. Bu bilan ham qanoatlanmay, oʻsha epkinni bulutga, bulutni yomgʻirga aylantiradi va yurak deb atalmish chegarasiz hamda himoyasiz mulkni ezgulik yomgʻirlari bilan yuvib, undagi manfaat kirlarini, loqaydlik muzlarini eritadi. Maʼlumki, insonning baxti oʻtkinchi, gʻussasi esa doimiydir:

 

Yurak ingrar chorasiz

Chatnab yotar muzligi,

Na adoq bor, na xulosa

Azob uzluksizligi.

Bu sheʼr har bir oʻychil sheʼrxonga oʻz yuragidagi muzlik miqyosini tuyish imkonini beradi. Tuymoq bilmoqqa, bilmoq esa, muzdan qutulmoqqa olib kelishi mumkin. Shoir yurak holatidan shunchaki axborot bermagani kabi, chaqiriq ham tashlamaydi. Odamni oʻz koʻngli xususida oʻyga toldiradi. Bunday samaraga erishish uchun shoir gʻoyatda chigal, oʻta mavhum tuygʻularni tuyimli qilib moddiylashtiradi. Ingrayotgan chorasiz yurakda chatnab yotgan muzlik tasviri oʻqirmanga oʻz koʻngil holatini tasavvur qilish imkonini beradi.

Faxriyorning sheʼrlarini oʻqish ham, uqish ham, taʼsirlanish ham oson emas. Lekin uning bitganlari milliy sheʼriyatimiz taraqqiyotining shunday darajasidirki, uni bilmaslik estetik va maʼnaviy qiyofaning kemtikligiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun ham bugungi oydin oʻzbek Faxriyor asarlarini oʻqishi, oʻrganishi, tahlil qilishga ehtiyoj sezishi kerak.

Faxriyor ruhiy holatlar murakkabligini oʻta nozik his qiladi va gʻoyat ingichka tasvirlaydi. Shoirning “Cuygulim…” tarzida boshlanadigan sheʼrida sevgi deb atalmish u bilan dardlangan kishi dunyosini ostin-ustun qilib yuborishga qodir muqaddas tuygʻuning kutilmagan qirralari soʻz oʻyinlari vositasida aks ettirilgan. Sheʼrdagi soʻzlargina emas, balki har bir tovush va tinish belgilariga ham alohida eʼtibor berilsagina uning poetik jozibasini his etib, undan taʼsirlanish mumkin. Shundagina sheʼrning: “Cuygulim, suy, gulim, suygu lim” misrasi bilan boshlanishi tasodifiy emasligini payqab, shaklan bir soʻzning shu tarzda turli badiiy maʼnolarni yuzaga keltirayotganiga eʼtibor qilinadi.

Yurakning hosilasi boʻlgan muhabbat odamning, avvalo, koʻzida zohir boʻlishini oʻylagan oʻqirmangina “yuraklarim koʻzimdan toshar” ifodasi mohiyatini anglay oladi. Koʻngil istagini bajarolmagan aftoda oshiq va bunga imkon bermagan maʼshuqa ruhiy holati sheʼrda birvarakayiga: “Meni yengib bormoqda oʻlim, seni esa qiynaydi yashash” tarzida tasvir etilgan. Shoirning ham ikkilanib, ham zidlangan anduhi sababini anglashga urinish oʻqirman sezimlarini ingichkalashtiradi, uning tuygʻularini yuksaltiradi. “Men”ning oʻlimga yengilib borayotganidan yozgʻirishi oson tushuniladi, lekin “sen”ning yashashdan qiynalishi sababini ilgʻash uchun fikr uchqurligidan tashqari, hissiyot tozaligi ham kerak boʻladi.

Sheʼrxon: “Kuymoq boʻldi mening nasibam, baxtiyorlik – sening qismating” satrlari anglatgan holatni oldingi misralardan kelib chiqadigan mazmunga bogʻlay olsa, qahramonni yaqindan his etadi. Faxriyorning ifodalanayotgan tuygʻuni jilolantirish borasidagi mahorati shundaki, u soʻzlar tashiydigan odatiy maʼnolarni tubdan oʻzgartirib yuborib, ularga tamomila yangi maʼno va sezimlar yuklay oladi. Odatda, ijobiy maʼno tashiydigan “nasiba” soʻzi oʻz-oʻzidan nasibador odamning mamnunligini ham ifoda etardi. Sheʼrda esa shoir bu soʻzga salbiy maʼno ottenkasi yuklab, kuyish holati bilan bogʻlaydi. “Qismat” soʻzi zamirida esa, tabiiy ravishda, chorasizlik, mahkumlik maʼnolari ham boʻlardi. Faxriyorning sheʼrida qismat baxtiyorlik bilan bogʻlanib, ifodaga oʻzgacha bir ranginlik beradi. Muhimi, bunda ifodagina oʻzgarib qolmay, mazmun ham teranlashadi.

Sheʼrdan: “Sen-chi yotsan. Baxtning ayoli” tarzida telegraf yoʻsinida chiqarilgan xulosa oʻquvchini hayotiy vaziyat va insoniy munosabatlarning naqadar chigal ekani haqida jiddiy mulohaza yuritishga undaydi. Sheʼrning soʻnggi bandidagi misralarga ogʻir insoniy iztirob yashiringanini payqash kishi tuygʻularini yuksaltiradi:

 

Yuraklarim koʻzimdan toshar,

qismat boʻldi koʻzlar qarosi.

Qoshlar aro ayriliq yashar.

 

Bu oʻrinda satrlardan chiqadigan mazmunni anglashgina yetarli emas. Chunki umumiy maʼnodan ham koʻra aynan ifodadagi injalik sheʼr mazmunini teranlashtirgan va aynan shu oʻrinlarda moderncha poetik tafakkur yoʻsinidagi oʻziga xoslik yorqin namoyon boʻlgan. “Qismat boʻldi koʻzlar qarosi” satri orqali “mening qismatim sening koʻzingday qora boʻldi” tarzidagi hasrat bilan birga yor koʻzining qoraligiga ham nozik ishora bor. Lekin bu – muhimi emas. Negaki, misrada hali oqibat haqidagi axborotgina aytilgan. Sababning kutilmagan sehrli ifodasi “Qoshlar aro ayriliq yashar” satrida boʻlib, u: “Bizning qismatimizda abadiy ayriliq bor, ikki qosh bir-biriga qoʻshilolmagani singari biz ham ayriliqqa mahkummiz” yoʻsinidagi anduhni aks ettiradi.

Faxriyorning “Boʻgʻzimdan sirqirar tovush – qon” qatori bilan boshlanadigan sheʼrida ishq yoʻlida yuragi laxta qonga aylangan oshiq iztiroblari aks etgan. Shoir sheʼrda tuygʻularning shunchaki tasvirini bermaydi. Shuning uchun ham u ilk misradayoq oʻz holatini favqulodda yoʻsinda ifodalaydi. Bunday muqaddima oʻquvchini beixtiyor hushyor torttirib, tovushning qonligi, ovozning “hirqirash” oʻrniga “sirqirash”i sababi haqida oʻylashga majbur etadi. Sheʼrda shunchaki axborot yoʻq, unda dardli yurak zarblari aks etgan. Ishqqa mubtalolik sabab oshiq vujudining barcha muchalari yurakka aylangan. Hijron azobi bu yurakni zardobu qonga toʻldirgan. Maʼlumki, toʻlib ketgan yurak tugʻyonlari tashqariga chiqmoq istaydi. Yoʻl esa bitta – boʻgʻiz orqali. Shu sabab boʻgʻizdan tovush emas, qon chiqadi va u xuddi yurak kabi “sirqiraydi”. Chigal ruhiy holatning bunday inja tasviri oʻqirmanni mushohadaga chorlaydi.

Sheʼrdagi: “Gul mening eng soʻnggi soʻzimdir” tasviri zamiridagi maʼnoni izohlash oʻquvchi badiiy zakovatini oshiradi. Maʼlumki, gul faqat chechakkina emas, yor hamdir. Demak, oshiqning boʻgʻzidan chiqadigan soʻnggi soʻzi ham “yor” boʻladi. Shoir sheʼrning ikkinchi bandida: “Yuragim tovondir – yorilar”, – deb nola qilsa, soʻnggi bandda oʻz irodasini: “Yuragim tovondir – toʻlayman” tarzida ifoda etgan. Shakldosh soʻzlarning koʻzboylagʻich kabi ustalik bilan oʻynatilishi natijasida shoir yaratgan badiiy effekt sheʼrxonni lol qoldiradi. Buning uchun oʻqirman “tovon” soʻzining ikki maʼnosi borligini bilishdan tashqari, maʼshuqa sitami tufayli yuragi tovonday yorilgan hamda har daqiqada ishqi uchun yuragi bilan tovon toʻlashga shay oshiq holatini tuyishi ham kerak boʻladi. Shundagina sheʼrdagi: “Suyarman, kuyarman, boshimga Yetar ishq, men senga yetmasman” shaklidagi umidsiz toʻxtam sababi anglab yetiladi. Kutilmagan izlanishlarga boy oʻzbek adabiyotida ham zidlik maʼnosi butun bir asarning boshidan oxiriga qadar bu qadar izchillik bilan va sezdirmay ifoda etilgan sheʼrlar juda kam uchraydiki, bu hol Faxriyor poeziyasi betakrorligidan belgidir.

“Osmon yaratganning…” soʻzlari bilan boshlanadigan sheʼrda shoirning hayot tartiboti, Yaratganning intizom va adolati haqidagi falsafiy oʻylari oʻziga xos yoʻsinda ifoda etilgan. Sheʼrning birinchi va ikkinchi bandlarida Allohning qudrati, uning odamzotga qilgan cheksiz marhamatlar tizimi tasvir etiladi. Shoir oʻquvchini sheʼrdan kelib chiqishi mumkin boʻlgan kutilmagan maʼnoga Yaratganning irodasi natijalarini xolis tasvirlash yoʻli bilan kishi bilmas tarzda tayyorlab boradi. Odamga berilgan neʼmatlar orasida sheʼrning uchinchi bandidagi: “Koʻngilga dogʻ berdi, diydalarga – yosh” misrasi mazmunini chaqish, “yosh” va “dogʻ” tamsillari nima ekanini oʻylash oʻqirmanni tashqi hayrat olamidan ichki dardkashlik ochuniga olib kiradi.

Sheʼrning “Kuymoqqa dil berdi, cuymoqqa – ayol. Choʻkmoqqa tiz berdi, egmoq uchun – bosh” satrlari zamiridagi teran maʼnolarni yuzaga chiqarishga urinish sheʼrxonga kutilmagan hayotiy va badiiy haqiqatlarni kashf qilish imkonini beradi. “Jon berdi ayolga etguday nisor, Uni deb yonmoqqa – sham kabi hayot” misralarida er kishiga tegishli qanday yuksak tuygʻular kuylanayotganini anglash oʻqirman sezimlarini noziklashtirib, shaxsiyati yuksalishiga turtki beradi. Shoir Yaratgan tomonidan inʼom qilingan narsalarda faqat koʻngil va sevgiga doir oliy neʼmatlarnigina koʻradi. U oʻz borligʻini yolgʻiz ishq ogʻushida, muhabbat quchogʻidagina tasavvur etadi. Shoir kuchli ruhiy zarbani sheʼrning soʻngida beradi: “Yaralmay qolgani birgina visol”, – deydi u goʻyo bamaylixotir, joʻngina. Demak, oshiq chin visol qiyomatda ekaniga koʻnikmogʻi lozim boʻladi. Ammo bu holat uning sevgisi darajasini bir misqolga boʻlsin pasaytirmaydi. Ishqdan natija kutish taʼmaga oʻxshab qoladi va shoir chogʻdoshimizning qutulish ham, voz kechib ketish ham mumkin boʻlmagan sevgi domidagi nozik tuygʻulari, ingichka sezimlarini taʼsirli ifoda etadi.

Faxriyorning “Sensizlik” turkumidagi sheʼrlardan biridagi “Sochlaringda adashdi soʻzlar. Ne soʻz edi, qoraydi tuyqus, Sochlaringga qoʻshilib kuydi” misralari maʼnosini anglash soʻzning ifoda imkoniyatlarini ochish nuqtai nazaridan katta samara beradi. Maʼshuqaning sochi qora ekani maʼlum. Unga aytilgan soʻz asli qora emasdi, lekin tuyqus qorayib ketdi. Demak, unga oshiqning istagiga ters mazmun joylangan. Kuymoq yanada qoraymoqdir. Soʻzning qoraligi sochning qoraligiga qoʻshilib ketdi va uni kuchaytirdi. Bundan kelib chiqadigan badiiy maʼnoni topish uchun astoydil oʻylanmoq darkor. Ehtimol, bu maʼno “Ne qismatki, soʻz va soch uyqash” misrasi zamiridadir. Unda yo xususiyatiga va yoki vazifasiga koʻra “soch”ga uyqash boʻlgan “soʻz” haqida oʻylash sheʼrxonni isteʼmolchidan ijodkorga aylantiradi. Bu uyqashlik “qora soch”ga “nari qoch” kabi shakldamikin yoxud “baxti qora” singari mohiyatda? Sheʼrdagi: “Ne baxt, meni hijroning suydi?” misrasi oshiq uchun topish yoki yoʻqotishning ifodasi ekanini aniqlash, qahramonning chindan ham baxtli yoxud baxtsizligi toʻgʻrisida mulohaza yuritish oʻqirman tuygʻularini oʻstiradi. Bu satrlarni har kim oʻzicha izohlaydiki, modern sheʼrning oʻziga xosligi ham uni tuyishning turfaligida koʻrinadi.

Sheʼrdagi “Yurak ketdi, qolaverdim men” ifodasi zamiridagi ulkan gʻamni tushunish oʻqirmanni maʼnaviy-estetik jihatdan yuksaltirishi, shubhasiz. Bunday sheʼrxon “Menda endi hech kim yashamas” tarzidagi taʼkid “yurak ketdi” ifodasining oqibati ekanini anglab yetadi. Shoirning:

 

Senga ketmoq baxtiyorligi,

Menga qolmoq azobi nasib.

Ketmasligingga zorligim

Qolmogʻingga emas munosib – tarzidagi izhorlari sababini anglash va sharhlash uchun koʻngil holati nozikligini ilgʻaydigan tiyrak nazar zarur boʻladi. “Oʻzni sendan olgandim tilab, Endi oʻzni kimdan kutarman?” misralari zamiridagi badiiy va hayotiy maʼnoni izohlashga urinish sezimlarni teranlashtiradi. Sheʼrdagi “Muhabbat – armonli tengsizlik” hukm-misrasini, “Men seni yoʻqlarman, borlarman” satri maʼnosini, “Xavfsiz koʻngil badbaxt va boʻm-boʻsh” taʼkidini anglash kishiga estetik lazzat beribgina qolmay, unda shaxslik sifatlarini qaror topdirishga ham xizmat qiladi.

Faxriyorning “Bir kecha…” deb boshlanadigan sheʼrida hijron azobida oʻrtanayotgan oshiq holati juda nozik va zamzamali aks ettiriladi. Oʻqirmanni sheʼr boshidagi “Bir kecha ming kecha boʻlgan bu kecha” misrasida alliteratsiya faqat tovushlarga emas, balki soʻzlarning maʼnosiga ham koʻchib, tasvir injaligi va maʼno serqatlamligini yuzaga keltirgan. Aslida, hijronning azobli va uzoq tuni ifodaning oʻzgachaligi tufayli oʻta yengil ohang bilan berilgan. Sheʼrdagi tashqi “beozor” ohang tufayli tugʻilgan kayfiyat ogʻushidagi sheʼrxon shoirning: “Yurak – qarshiligi boʻlmagan uzv” tarzidagi xulosasiga beixtiyor qoʻshiladi. Negaki, odamga daxldor neki yaxshi-yomon narsa bor, hammasi yurakka kirib kelaveradi. Yurak ularning birontasiga ham eshigini yopib ololmaydi. Uning muhabbatga ham, nafratga ham, azobu quvonchga ham qarshilik qilolmaydigan mucha ekani haqidagi haqqoniy va dardchil taʼkidning gʻoyat muloyim ohangda berilishi oʻquvchi shuuriga kuchli taʼsir koʻrsatadi.

Sheʼrdagi: “Dil ogʻrib sogʻinar, sogʻinib ogʻrir” misrasini sabab va oqibat munosabati nuqtai nazaridan izohlash kishini oʻziga xos poetik kashfiyotga undaydi. Odam oʻylab qoladi: dil ogʻriqdan sogʻinadimi yoki sogʻinchdan ogʻriydimi? Shuningdek, “Tushlarim soʻllimi, oʻngim oʻnglimi?” savolidagi soʻzlarning koʻpqatlamligi hamda maʼno oʻyini tagiga yetishga urinish kishi fikrini charxlaganidek, sezimlarini noziklashtiradi. Erkaklarning tushi teskarisidan keladi degan qarash bor. Lekin oshiqning tushi emas, oʻngi ham teskarisidan kelmasmikin, ishqilib? Oʻngning oʻng emasligi sheʼrxonni ham xavotirga solib, uni shoirga tuygʻudosh qiladi. Shu bois shoirning: “Oʻnglar azobidan tushga qochaman” shaklidagi iqrori oʻqirmanniki ham.

Faxriyorning koʻpchilik sheʼrlari musiqiy ohangdorlikka qurilgan emas. Ularda dolgʻali ruhiy holat musiqaga solinmagan. Chunki bu sheʼrlar quloqqa atab bitilmagan. Ular yolgʻizlikda koʻz bilan, undan ham koʻra, koʻngil bilan oʻqilib, teran idrok etilib, oʻz ruhiy holatining ichki musiqasini topib olishni koʻzda tutib yaratilgan. Ayni vaqtda, shoirning qofiyasiz sheʼrlarida ham umumiy ichki ohang, yashirin garmoniya borligi ularning oʻzgachaligini taʼminlaydi. Faxriyor sheʼrlarining vazni ham turlicha. Uning baʼzi sheʼrlari mutlaqo qofiyasiz boʻlsa, boshqasining bir misrasi oʻn, ikkinchi qatori uch boʻgʻinli ham boʻlaveradi. Lekin oʻsha bitiklardagi ichki bir mung, hazinlik, dard barcha sheʼrlarni xuddi bir ustun singari boshdan oxirigacha tutib turadi. Mavzunlik baxsh etadi. Faxriyorda xuddi qadim gʻazallar singari har bayti oʻzgacha maʼno tashiydigan, yaʼni yakpora boʻlmagan sheʼrlar ham bor. Lekin tasvirdagi mozaika tuygʻular ifodasidan kelib chiqadigan umumiy maʼno salmogʻi zalvorini kamaytirmaydi:

 

“Butlamoq” kalimasi butga aylanar,

sigʻinib oʻtirar kechayu kunduz

unga bir etak bola

qorin sigʻinchini esdan chiqarib.

Ehtiyoj maʼbudaga aylanar sekin,

Ommalashib borar xalqning ichida,

Ehtiyojga boʻyinsinib yashar raiyat…

 

Chuqur oʻylanmasdan oʻynab aytilganday tuyulguvchi bu pardozsiz soʻzlar zamiridagi hayotiy-estetik maʼnoni tuyish kishi etini junjiktirib yuboradi. Ularda nafsning istaklarini butlamoq ilinjidan but (sanam), hech tuganmas ehtiyojdan esa maʼbuda (iloha) yasab olgan insonlarning fojiaviy holati butun dahshati bilan aks etgan. Bu holatga zamoniy aniqlik, makoniy mansublik, yaʼni xronotop talabi bilan yondashish samara bermaydi. Illatlarning ildizi chuqur, ularning tarqalish jugʻrofiyasi chegarasiz, u koʻngil mamlakatini egallab olgan. Sheʼrda tashqi jozibaning koʻzga tashlanmasligi, mazmunning oʻzgacha yoʻsinda ifoda etilgani uning hissiy qudratini oshirgan.

Faxriyorning bitiklarini tuyish va taʼsirlanish, modern adabiyotining barcha yaxshi namunalarida boʻlgani kabi, oʻqib tugatilgandan keyin boshlanadi. Undagi yashirin maʼnolarni har kim oʻz holiga yarasha aniqlaydi, chogʻi kelar darajada anglaydi, tafakkur va koʻngli imkon bergan miqyosda taʼsirlanadi. Ayrim sheʼrlarning silliq emasligi, unda na qofiya, na vazn, na band mavjudligi bir suhbatida Faxriyorning oʻzi aytganiday: “Sheʼrning faqat qogʻozda mavjudligi, ovoz chiqarib oʻqilmasligi uning anʼanaviy unsurlari boʻlmish qofiya, turoq, boʻgʻin, band, bayt, radif singari… “rudimentlar”i yoʻqolib borishiga sabab boʻlishi, eksperimentlar ohangdan shaklga – vizual holatga koʻchib oʻtishi ham mumkin”ligini koʻrsatmoqda.

Aytish kerakki, modern sheʼrda shakl ikkilamchi hodisa emas. Bitikning qimmati uning aynan ayni tarzda yozilganidadir. Bu hol oʻqirmanning fikrigagina emas, sezim va kechinmalariga ham rang-baranglik bagʻishlaydi. Faxriyorning tuygʻuni fikrdan, fikrni soʻzdan, soʻzni uning oʻynoqi jilvalaridan ayirmaydigan poetik isteʼdodi oʻqirmanni oʻqigan sheʼrining chin ijodkoriga aylantiradi. Chunki u oʻqirmanga soʻz daryosidan baliq tutib bermaydi, balki unga fikr va tuygʻu qarmogʻini sovgʻa qiladi. Bu hol sheʼrxonning oʻzini ishlashga, ifodadagi sirli va jumboqli oʻrinlarni kashf qilishga undaydi.

Faxriyor soʻz, maʼno, ohang va poetik vositalar bilan alohida-alohida ishlamaydi. Isteʼdod qudrati shoirga nazmning barcha unsurlarini birday tuyish, qoʻllash va birvarakayiga badiiy effektga erishish imkonini beradi. Shoir “shakl simfoniyasi”ni shunday uygʻunlashtiradiki, oʻqirmanda bir vaqtning oʻzida tovushni koʻrish, rangni eshitish, shaklni tuyish, barchasidan baravar lazzatlanish imkoniyati paydo boʻladi. Faxriyorning na soʻzlashuv va na ilmiy tilda qayta ifodalash mumkin boʻlgan sheʼrlarida oʻzbekcha fikrning qilichday oʻtkirligi-yu, oʻzbek tilining ifoda imkoniyati cheksiz ekani namoyon boʻladi. Ayni chogʻda, axborotlar zamonida davridan ortda qolmaslikka intilayotgan zamondoshimiz ruhiyatining aniq chizgilari ham beriladi.

Odam tafakkurining yuksalishi uning tuygʻulari noziklashishini ham taqozo qiladi. Aks holda, tafakkur va tuygʻu nomutanosibligi kishini maʼnaviy tanazzulga olib kelishi mumkin. Bugungi odam hech qachon faqat baxtdan iborat hayot kechirolmasligini teran anglab borayotir. Zero, yashash yangidan-yangi gunohlar qilish va shu sabab mabdadan borgan sari uzoqlashishga mahkumlikdir. Demak, mung doimiy, quvonch oʻtkinchi yoʻldoshdir. Ayni shu holat yuzaga kelgan sharoitda modern izlanishlarga ehtiyoj paydo boʻladi. Sinchiklab qaragan kishi Faxriyorning sheʼrlarida ana shu doimiy mung ifodasini koʻradi. Uning sheʼrlarida hamishalik mung iskanjasidagi insonning murakkab va inja ruhiy holatlari mahorat bilan koʻrsatiladi.

 

Qozoqboy YOʻLDOSH

 

“Yoshlik”, 2014 yil 10-son

https://saviya.uz/ijod/noziklashuv-jarayoni/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x