Har bir millatning oʻz oʻtmishi, oʻz ruhiyati va albatta oʻziga xos xarakteri boʻladi. Adabiyot olamida esa millatning tarixi, qadriyat va anʼanalari, ruhiyatini oʻzida mujassam etgan muhtasham bir janr borki, biz bu janrni “epos” deb ataymiz.
Eposlarda millat hayoti, uning koʻp asrlik tarixi qamrab olinishi masalaning birinchi tomoni. Asosiysi shuki, eposlar zamirida juda katta tarixiy haqiqat yashiringan boʻladi. Shuning uchun ham eposlarni millatning ruhiy olamini anglash yoʻlidagi tengsiz badiiy hodisalar deb atashga haqlimiz. Shu maʼnoda aytish mumkinki, xalqimizning ming yillar osha sayqallanib kelgan maʼnaviy xazinalari bor. Xususan, xalq ogʻzaki ijodi xalqimiz tafakkuri, dunyoqarashi, yashash tarzi va qadriyatlariga asoslangan holda sekin-asta toʻplangan bebaho merosdir.
Maʼlumki, xalq ogʻzaki ijodi namunalarida butun boshli xalqqa tegishli boʻlgan orzu-maqsadlar, armonlar, ayni paytda xalq dardi va quvonchi aks etadi. Necha asrlardan beri anʼana tarzida shakllanib kelayotgan xalq dostonlaridagi botir va vatanparvar qahramonlar yigitlarga oʻrnak qilib koʻrsatiladi. Bunday qahramonlar sirasiga Alpomish va Goʻroʻgʻli, Avazxon va Ravshanxonlar kiradi. Qiz bolalar esa Barchin kabi sadoqatli, Qaldirgʻochdek muruvvatli, Shohsanamdek buyuk qalbli boʻlishi taʼkidlanadi.
Bolalik kunlarimda,
Uyqusiz tunlarimda,
Koʻp ertak eshitgandim,
Soʻzlab berardi buvim.
Esimda oʻsha damlar,
Oʻzi uchgan gilamlar…
Ulugʻ shoirimiz aytganidek, bolalik yillari haqida eslaganda, birinchi galda ertaklarni yodga olamiz. Ertaklar bizni hayratga solgan uchar gilamlar, koʻrinmas qalpoqchalar vatani. Ular bizni oʻz maqsadiga erishish uchun borsa kelmas yoʻllariga otlanadigan botir yigitlar, kulgusi gulga aylanadigan goʻzal qizlar bilan tanishtirgan.
Bilasizmi, bizni ilk bor tasavvur va xayolot olamiga boshlagan ana shunday “hodisa”lardan biri alladir! Alla – tengsiz mehr-muhabbatga yoʻgʻrilgan onalar qoʻshigʻi! Bu qoʻshiqni dastlab kim, qachon va qayerda ijro etgan – buni hech kim bilmaydi. Bilganimiz shuki, alla mehr-muhabbat va oqibat ifodasi.
Alla aytay, jonim bolam,
Quloq solgin, alla.
Shirin allam tinglab asta
Uxlab qolgin alla.
Tasavvur qiling, garchi bu misralar qatida kishini mahzun qilib qoʻyadigan biror soʻz boʻlmasa-da, uni tinglashingiz bilan koʻnglingizda allaqanday sokinlik, mehr paydo boʻladi. Alla xoh quvnoq, xoh mungli tarzda kuylanmasin, baribir kishining qalbiga ajib bir sokinlik olib kiradi.
Inson bolalik xotiralarini eslab qololmaydi. Ammo ilk bor tinglagan qoʻshigʻi, yaʼni allaning ohangi uning xotirasida umrbod muhrlanib qoladi. Qachonlardir oʻsha ohang qulogʻiga chalinganida, bir zum bolalik dunyosiga tushib qolgandek boʻladi.
Alla ilk bor qachon va kim tomonidan kuylanganini hech kim bilmaydi. Ammo shunisi aniqki, u dunyoning birinchi qoʻshigʻi va uni ayol kuylagan. Shuning uchun ham faylasuflardan biri ayolni madh etarkan: “Dunyoning ilk shoiri ham, bastakori va kuychisi ham onadir, chunki u ilk bor farzandiga alla kuylagan”, deb yozgan edi.
Alla – onalar qoʻshigʻi. U onalarning oʻz farzandi uchun toʻqigan, yurakdan kuylagan dostonidir. Allada ona qalbining jamiki his-tuygʻulari – quvonchi, iztirobi, dardu hasrati, ayni paytda farzandiga boʻlgan fidoiylarcha mehri mujassamlanadi. Baʼzi holatlarda onaning hayotga va insonlarga nisbatan munosabati ham u kuylagan allada aks etadi. Shunga asoslangan holda aytish mumkinki, alla koʻp asrlardan beri ayol uchun yurak dardini toʻkib solishning eng samarali vositasi boʻlib kelgan.
Allalar tarixiy va milliy xarakterga ega. Chunonchi, har bir xalqning allasida faqat shu xalqning mentaletitiga, yashash tarziga xos boʻlgan xususiyatlar, holatlar aks etadi. Allada eng ardoqli, eng muhim narsalar tilga olinadi. Ona oʻz goʻdagini dunyoning eng goʻzal xilqatlariga qiyoslaydi, erkalaydi. Taʼbir joiz boʻlsa, ona alla vositasida hali dunyo tashvishlaridan bexabar goʻdakni sekin-asta hayotga tayyorlab boradi. Shu maʼnoda alla goʻdak uchun ilk hayotiy saboq vazifasini bajaradi:
Qirda yashnar lolalar, alla,
Bogʻda oʻynar bolalar, alla.
Chamanimda rayhonim, alla,
Orom olgin, polvonim, alla.
Baʼzi onalar alla goʻdakning tezroq uxlashiga yordam beradi, deb hisoblashadi. Bu notoʻgʻri fikr. Alla bolaga osoyishtalik bagʻishlaydi. Onasining allasini tinglab uyquga ketgan goʻdak tinch uxlaydi, uyqusida bezovta boʻlmaydi. Eʼtibor bilan qarasangiz, beshik tebranishi va alla ohangi oʻrtasida ham mutanosiblik, bogʻliqlik bor. Beshikning mayin gʻichirlashi oʻziga xos musiqa vazifasini bajaradi.
Ona oʻz allasida farzandini turli jonzotlarning bolalariga qiyoslaydi. Shuning uchun ham allalarda “qoʻzichogʻim, alla, boʻtalogʻim, alla” qabilidagi erkalamalar koʻp uchraydi. Bu bejizga emas. Chunki har qanday jonivorning ham bolasi shirin boʻladi. Aytaylik, qoʻzichoq mittiligi, boʻtaloq jovdiragan, maʼsum koʻzlari bilan begʻubor goʻdak uchun eng munosib qiyos boʻlishi mumkin.
Xoʻsh, ona nima uchun farzandini qushning polaponiga, qoʻyning qoʻzichogʻiga oʻxshatadi? Chunki xuddi inson farzandi kabi jonzotlarning bolasi ham mehrga, gʻamxoʻrlikka muhtoj! Ayni mana shu mehr tiriklikning davomiyligini taʼminlaydi.
Bugungi kunda goʻdakning rivojlanishi uchun ona suti qanchalik katta ahamiyatga ega ekanini koʻpchilik yaxshi biladi. Bu noyob ozuqa bolaning jismoniy rivojlanishini taʼminlaydi. Uning tashqi taʼsirlarga nisbatan himoya qobiliyatini shakllantiradi. Tibbiyot sohasi vakillari esa bolaning jismoniy rivojlanishida ona suti qanchalik muhim boʻlsa, uning ruhiy rivojida alla shunchalik katta ahamiyatga ega ekanligini taʼkidlashadi.
Alla faqat ona qalbidagi mehr-muhabbatni ifodalash vositasi emas. U murgʻak goʻdakka uni qurshab turgan, biroq hali unga notanish boʻlgan narsa-hodisalar, manzaralar haqida maʼlumot beradi:
Jonimning jindalagi alla,
Qovunning handalagi, alla.
Chaman ichra gulchasi alla,
Nonlar ichra kulchasi, alla.
Juda sodda misralardan tashkil topgan bunday allalarda murgʻak goʻdak qovunning handalagiga, mitti gullarga, shirin kulchaga qiyoslanadi. Umuman olganda, bunday nafis va tabiiy shakldagi qiyoslar faqat oʻzbek allalariga xos desak, xato boʻlmasa kerak.
“Kulcha” soʻzi esa juda koʻp allalarda uchraydi. Bu ham oʻzbekona hayot tarzini ifodalovchi soʻzlardan biridir. Sir emaski, yosh bolasi bor xonadonlarda, non yopilganda, oiladagi bolalarning har biriga atab kulchalar yopiladi. Yurtimizning baʼzi viloyatlarida bolani beshikka solganda, yostigʻi ostiga kulcha qoʻyish odati ham bor. Keksalarning soʻzlariga koʻra, bu odat “bolaning rizqi butun boʻlsin” degan maʼnoni ifodalar ekan.
Yurtimizning turli hududlarida kuylanadigan allalar bir-biridan farq qiladi. Bunday allalarda oʻsha hududga xos soʻzlar, atamalar, odatlar ham aks etishi mumkin. Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatining dasht hududlarida aytiladigan alladan parcha keltirsak:
Alla aytay adiga, alla,
Suv obkelsin kadiga, alla.
Kadilar bovi uzilsin, alla,
Kelinlar boʻlib suzilsin, alla.
Uxlash uning zimmasi, alla,
Aylanib oʻtsin ammasi, alla.
Adirlarning lolasi, alla,
Oʻrgilib oʻtsin xolasi, alla.
Dastavval mazkur alladagi “kadi” soʻzi haqida. Kadi qovoqning bir turi. Undan ichimlik suvini saqlash va sutni ivitishda foydalanishgan. Kadida ivigan qatiq juda xushxoʻr va mazali boʻlgan. Qashqadaryoning baʼzi tumanlarida hozirga qadar yangi ivigan qatiqni “kadiqatiq” deb atashadi. Xoʻsh, “kadi” soʻzining bu allaga qanday bogʻliqligi bor?
Bu holat ona qalbidagi niyat bilan bogʻliq. Ona yuragidagi ezgu niyatlarini juda sodda tilda bayon etayotir. U farzandi voyaga yetib, oilaning dastyori boʻlishini orzu qilyapti. “Kadi” – kichik hajmli idish. Unda suv keltirish esa bola uchun ham oson, ham qiziqarli boʻlishi mumkin.
Bola ulgʻayib borgani sari unga kuylanadigan allalar ham nisbatan jiddiylashib boradi. Erkalash va ardoq yoniga nasihat va oʻgit mazmunidagi misralar qoʻshiladi. Chunki alla endilikda bola uchun faqat orom vositasi boʻlibgina qolmay, balki unga olam va hayot haqida maʼlumot beruvchi manbaga aylanadi.
Marhabo ABDULLAYEVA
“Yoshlik”, 2014 yil 10-son
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/hayotbaxsh-navo/