Hikoyangizni oʻqib yoxud Zulfiya Qurolboy qiziga ochiq xat…

Zulfiya opa! “Ayol” nomli hikoyangiz menga juda maʼqul boʻldi. Koʻpdan buyon bunchalik zavqlanib va taʼsirlanib oʻzbek tilida nasriy asar oʻqimagan edim.

“Ayol” neoromantizm usulida yaratilgan. Ehtimol kimdir bu fikrga qoʻshilmas, biroq asarda chindan realizmdan koʻra koʻproq romantizm ruhi ustunlik qiladi. Zero, bosh qahramonning hayotda shunday boʻlishi mumkinligi ehtimolidan koʻra, muallif uni shu taxlit harakat qilishini koʻproq xohlaydi. Bu esa romantizmning birinchi alomatidir. Aynan muallifning tasvirlanayotgan voqelikka boʻlgan munosabati uning badiiy metodini aniqlashda asosiy kalitdir… Ogʻir xasta, umrining soʻnggi kunlari, soatlarini yashayotgan Nazokat bu hayotni AYOL sifatida tark etishni istaydi, yaʼni u umrining soʻnggi damlarida, oʻta “xunuklashgan” onlarda dastlab hamshiradan eri Shavkatni oldiga kirgizmaslikni soʻraydi, keyin soʻnggi pullarini unga tutqazib bunga erishadi ham, oxirida esa, vrachdan oyoqlari va butun aʼzoi badanini shishirib kelayotgan suyuqlikni olib tashlashni iltimos qiladi. Tanlangan mavzuga bunday qiziqarli tus berilishi asarning badiiy-estetik qiymatini belgilaydi. Ayol – Nazokat qanday yoʻl bilan maqsadga erishadi? Aynan shu badiiy yoʻl – syujet dinamikasi, diqqatimizni tortdi va muallifning katta isteʼdod sohibi ekanligiga eʼtiborimizni qaratdi. Zero, asar mavzusi yangiligi va unda mahorat bilan qoʻllanilgan detallar, motivlar bir talay, oʻzgacha; ifoda uslubidan yuksak noziktaʼb did va badiiy-estetik layoqat ufurib turadi…

Shu oʻrinda ijodkorlarning badiiy estetikasi hamda ular dunyoqarashining falsafiy negizlari mavzusi, ayniqsa, zamonaviy ijodkorlar toʻgʻrisida gapirilganda, adabiyotshunosligimizda tadqiq etilmay qolayotganligini taʼkidlash zarur. Badiiy estetik pozitsiyasi mavhum yoki jamiyatimizning maʼnaviy manfaatlariga zid qarash sohiblari, zamonasozlikni kasb qilib olgan qalamkashlar, yaratgan asarlarining qiymati ham, bahosi ham, ularning badiiy estetik pozitsiyalari nuqtai nazaridan baholangandagina xolis boʻladi. Aks holda badiiy durdona va epigon asar, adabiy-badiiy hodisa va grafoman mahsuli oʻrtasidagi farqlar anglashilmay qoladi.

Hikoya mavzusi bir qarashda ayol yoki ayollik latofati deb talqin etilishi mumkin, biroq matnni bir necha marta eʼtibor bilan mutoala qilsangiz mavzusi anchayin kengroq ekanligini, u shunchaki oʻlim genderligining badiiy talqini boʻlibgina qolmasdan, balki keng maʼnoda hayot va oʻlim mavzusidagi asar ekanligiga ishonasiz. Bu esa asarning poetik qamrovi kengligidan, matn semantik maydonini hosil qiluvchi, quvvatlantiruvchi unsurlari anchagina va asosli ekanligidan dalolat beradi. Albatta, bu oʻrinda oʻlim ham “ayol va erkak oʻlimiga” boʻlinadimi, deya savol beruvchi, primitiv tafakkur egalari paydo boʻlishi aniq. Ammo zukko oʻquvchi gap sanʼat asaridagi oʻlim haqidaligini tushunib turibdi (Gʻarb adabiyotida “oʻlim estetikasi” amaliyotchilarini, Edgar Poning “Esherlar xonadoni tanazzuli” asarini eslang!). Bu maʼnoda oʻlim ham “xillarga” boʻlinar ekan. Buni, yaʼni “ayollarcha oʻlim mavzusini” oʻzbek hikoyachiligida siz birinchi boʻlib (agar adashmayotgan boʻlsam albatta) yangi mavzu sifatida badiiy isteʼmolga kiritdingiz, Zulfiya opa. Demak, siz milliy adabiyotimizga oʻziga xos munosib hissa qoʻshdingiz.

Kuzatishimizcha, soʻnggi yillarda oʻzbek adabiyotshunosligida gʻayritabiiy, ilmiy jihatdan konservativ bir anʼana paydo boʻlib qolgandek. Holbuki, folklorimizdan boshlab, har bir mumtoz yoki zamonaviy adabiyotimiz namunasi poetik-struktur va boshqacha tahlillarga muhtoj. Ming afsuslar boʻlsinki, koʻplab ilmiy asarlarda qayta va qayta taʼkidlangan bu va bu kabi nisbatan yangi tahlil metodlari amalda qoʻllanilmasdan qolmoqda. Zero, tilshunoslik va adabiyotshunoslik borasida zamburugʻdek urchib ketgan monografiya va dissertatsiyalarda zamonaviy adabiy jarayon, jonli tilimiz hosilasi va ijtimoiy hodisa ekanligiga qaramasdan uning namunalari tadqiqotlarga keng jalb etilmasdan qolmoqda (Ammo bu alohida mavzu). Ommaviy axborot vositalarida tanqidiy-analitik maqolalar deyarlik koʻzga koʻrinmaydi. Buning sabablari nimada? Nazarimizda, filologik taʼlim bilan mashgʻul oliy oʻquv yurtlarining mutasaddilari taʼlim sifati, reyting koʻrsatkichlari va boshqalar ortidan quvib, sohaning asosiy vazifasi boʻlgan soʻz sanʼati va uning zamonaviy namunalarini ilgʻor ilmiy metodlar asosida tahlil qila biluvchi, badiiy soʻzning xalq va jamiyat uchun naqadar ahamiyati ulkan ekanligini targʻib eta oluvchi mutaxassislarni tayyorlash zaruratini unutishgandek koʻrinadi. Alalxusus, endilikda yoshlarning ideali-kumirlari talantli soʻz sanʼatkorlari emas, qoʻshiqchilar, yengil-yelpi kino ustalari boʻlsa, ehtimol.

Bugungi kun talabi chet tillarni bilgan, zamonaviy bilim va metodikalar bilan qurollangan ilm ahlining soʻz sanʼati hodisalarini oddiy kitobxonga chiroyli va muxtasar izohlab, uning maʼnaviy mulkka aylanishiga hissa qoʻshish emasmi? Taassufki, takror aytamiz, bu vazifa bir oz unutilgandek. Zero, bir ijodkor sifatida qator nashrlarga murojaat etganingizda adabiy idrok amalda oʻta sayozligini, badiiy fikr toʻmtoqligini, aksariyat hollarda, turli darajadagi muharrirlarning zamonaboplik, shuningdek, oʻtkinchi iqtisodiy muammolar va mansabparastlik iskanjasi taʼsirida, ijodkordan oddiy devonxona qorovuli darajasidagi xattot-kotibga aylanib qolayotganligini, ularni yangi shakl ham, yangicha mazmun ham qiziqtirmasligini, buni anglashdan shaxsan manfaatdor emasliklarini kuzatish mumkin. Holbuki koʻpincha ularni savodsizlikda ayblab ham boʻlmaydi – gap did, dunyoqarash, qolaversa, saviya haqida: ular shunchaki konservativ turmush, taʼbir joiz boʻlsa, tinchgina ish tarzini-da maʼqul koʻradilar; bu esa, ochigʻini aytish kerakki, zamonaviy badiiy ijod, yangicha badiiy tafakkur kushandaligining oʻzginasidir. Shundan yillar mobaynida adabiyot olamida ulkan hodisa boʻladigan badiiy va tanqidiy asarlar koʻzga tashlanmayotgan boʻlsa ehtimol?! Yosh kitobxonlar oʻrtasida keng ommalashib ketayotgan Azamat Qorjovov, Salomat Vafo, Nuriddin Ismoilov kabi zamonaviy billetristika liderlari fenomenining asl mohiyati, Bobur Bobomurod, Ahad Qayum va boshqa qoʻshiqchi-shoirlar novatorligi, boringki, hatto Ulugʻbek Hamdamdek zamonaviy yirik adibning keng badiiy olami ham taqriz va talqinlarga muhtoj, nazarimizda.

“Ayol” hikoyasining kompozitsiyasida ikki motiv muhim badiiy-estetik va funksional-kompozitsion vazifa bajaradi: bular, birinchisi, quyosh motivi boʻlsa, ikkinchisi uzuk motividir. Aslida bu ikki motiv-detal bir-birini toʻldirib keladi. Hikoya ekspozitsiyasi “Derazalari oppoq xona. Deraza oynasidan toʻkilayotgan nur ayolning yuzida jilva qiladi, va… barmoqlaridagi uzukning olmos koʻzchalarida aks etdi” kabi jumlalardan boshlanib, uning hayoti hali intiho topmaganligini, hali ayol “koʻzlarini yumib, quyosh nurlarini simirishi” va “Seni qanchalik yaxshi koʻraman, quyosh!…”deya olishi kabi holatlarni kuzatamiz. Quyosh esa goʻyo bunga javoban “nurlarini moʻl-koʻl toʻkdi. Ayol oftob nurlariga butkul gʻarq boʻldi…”

Bu yerda muallif soʻzni asar mavzusi va badiiy mantigʻiga mos ravishda mahorat bilan ishlatilishiga eʼtiboringizni qaratmoqchiiz. Zero, ayolning xoksorligini, beminnatligi-yu betamaligini quyoshdan oʻzga nimaga ham mengzash mumkin. Quyosh nuri poklik, yorugʻlik timsoli, biz ham uning tasviridan zavq ola boshlaymiz. Sizning maqsadingiz ham, Zulfiya opa, nazarimda, timsol va uning inʼikosi oʻrtasidagi uzviylikni tasvirlashdan iborat boʻlgan. Mobodo siz yuqorida keltirilgan ekspozitsion tasvir bilan cheklanganingizda hikoyangiz, ehtimol, nisbatan oʻrtamiyonaroq badiiy asar boʻlib qolardi. Hamma gap shundaki, siz bu ekspozitsiya bilan cheklanmaysiz va goʻyo oddiy narsadek uzuk motivini oldinroq kiritasiz: “Deraza oynasidan toʻkilayotgan oppoq nur uzukning olmos koʻzchalarida aks etdi. Ayol koʻzlarini ochdi. Shuʼla endi uning qorachiqlarida akslandi.” Aytilgandek, ushbu tasvirdan boshlangan asar tezisi aynan final-yechimda uning antitezasi bilan yakun topadi. Biroq yechim toʻgʻrisida fikr yuritishdan oldin asar matnining energetik maydonini kengaytirib yuborgan syujet dinamikasidagi quyosh motivining qoʻllanishiga yana bir karra etibor qaratamiz. Yuqorida keltirilgan ekspozitsiyada oftob badiiy qahramonning AYOLLIGIdan, yaʼni uning mohiyatan ulugʻvorligidan darak beruvchi qiyos, timsol sifatida tasvirlansa, adabiyotning mumtoz nazariyasiga muvofiq matnning keyingi tadrijida quyosh-tabiat qahramonning holatiga, tabiatiga uygʻun holatda tus oladi, oʻzgarib turadi va oxir oqibatda xarakter ochilishiga va gʻoya ifodasiga xizmat qiladi. Masalan, Nazokatning eri bilan boʻlgan oʻtgan qisqa dialogida “oʻlim” soʻzi tilga olinadi:”… Men oʻladigan odamga oʻxshaymanmi qarang… Ayol yurishdan toʻxtadi. Havo sovugan, osmonda uvada bulutlar kezinar, quyosh xiragina nur sochar, qorning hidi kelardi”. Shu tarzda quyosh motivi asar tuzilishida syujet shakllantiruvchi unsurga aylana boradi. Finalda esa, haqiqiy, yuksak badiyatli asarga xos tarzda izoh va bayonlarning oʻrnini egallab, yakuniy badiiy tugal mantiqli xulosani yasaydi.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, ayol hikoyasining kompozitsiyasida rang – koloristika alohida oʻrin egallaydi. Koloristikaning badiiy-fuksional roli badiiy matn poetikasida boʻrtib turibdi. Ranglar asosan oq, oqning turli darajadagi koʻrinishlari va qora ranglardan iborat. Agar hikoyada qoʻllanilgan leksik birliklar semantik jihatdan S. Solovyovning statistik metodi asosida oʻrganib chiqilsa, fikrimiz yanada ishonchliroq dalillanadi…

Muhtarama Zulfiya opa, badiiy adabiyotning vazifasi, nazarimda, bizni maʼnaviyat va madaniyatning yuksak choʻqqilariga olib chiqishdan iborat; biz shunda oʻzimiz kechirayotgan bugungi hayotimizni yuqoridan kuzatish va baholash imkoniyatiga ega boʻlamiz. Kaminani ustozlarim shunday deb oʻqitishgan. Demak, aynan badiiy adabiyot yaratib beradigan yuksalish imkoniyati ijtimoiy hayotni taraqqiyotga, yuksalishga boshlaydi. Bu esa soʻz sanʼati durdonalarining inson va jamiyat hayotida oʻta muhim omillardan ekanligining isbotidir. Shu sababli ham biz soʻz sanʼatkorlari hamda bu sanʼat namunalariga eng noyob va qadrli mulk sifatida xolis hamda ehtirom bilan munosabatda boʻlmogʻimiz shart. Ushbu ochiq xatni yozishdan maqsadim, dilbar hikoyangiz bahonasida shularni yana bir bora sidqidil taʼkidlashdan iborat edi. Ijodingizga barkamollik tilayman.

 

Abduvali ESHQOBILOV

 

“Yoshlik”, 2014 yil 10-son

https://saviya.uz/hayot/nigoh/hikoyangizni-oqib-yoxud-zulfiya-qurolboy-qiziga-ochiq-xat/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x