Tudana

Katta hovli. Paxsa devor bilan oʻralgan. Tartib bilan gullar ekilgan. Hammayoq saranjom-sarishta. Hovlining bir chetida mol-holga alohida joy qilingan. Supaning kunchiqar tarafida shoxlari tarvaqaylagan baquvvat katta daraxt – qayragʻoch. Gʻadir-budur, toʻq jigarrang poʻstloq bilan qoplangan tanasi qulochga sigʻmaydi. Uch-toʻrt qurigan shoxi osmonu falakka nolakor uzalgan qadoq qoʻllarga oʻxshaydi.

U supa ustida oq oralagan sochlarini kafti bilan silagan koʻyi oʻyga choʻmgan edi. Uzoqdagi togʻ choʻqqilari bugun oʻzining avvalgi tarovatini yoʻqotganday tuyuldi. Qani endi imkon topilsa-yu, koʻngil xiraliklarini sidirib tashlasa. Afsus, buning iloji yoʻq! Hayot murakkab, turmush chigal…

U beixtiyor kamzuli choʻntagini kovladi. Qoʻliga qattiq narsa ilashdi.

Tudana! Esiga tushdi: Oʻttiz yillar oldin boʻlgan edi bu voqea. Ilmiy ishini himoya qilish uchun xorij safariga ketayotgan payt ota-ona uni chaqirib olishdi. Fotihadan soʻng, otasi choʻntagidan kichkina bir narsa chiqardi. U buning tudana ekanini payqadi. Payqadi-yu, mashinasida tumor taqib yurganligi uchun ishdan haydalgan odamlarning iztirob chekkanini koʻz oldiga keltirib, otam ham qiziq-da, degan fikr xayolidan lip etib oʻtdi. Biroq, otasining xalq dostonlarini yoddan bilishi, eshitganlar sel boʻlib yigʻlashini esladi-da, miyigʻida kulib qoʻya qoldi. Koʻziga qarab turgan otasining yuzi sal qizarib ketganidan oʻgʻil otasining bu fikrini anglaganini sezdi. Otasi esa bosiqlik bilan gapirdi: “Oʻgʻlim, men bu tudanani mana shu gujumning yashnab turgan shoxidan yasattirdim. Zardolining yelimi shimdirilgan. Buyam bir istak-da, oʻgʻlim! Sen bizning toʻngʻichimiz. Sen avlodimizdan ilk bor katta ilm dargohiga chiqayotgan, olim boʻlishga intilayotgan farzandsan. Biz shundan faxrlanamiz. Xavotirimiz ham yoʻq emas.”

Shu payti otasining ovozida sal qaltirash sezildi, koʻzlari namlandi. Onasi esa koʻz yoshlarini tiya olmasdi. Birozdan keyin ota soʻzida davom etdi: “Bu tumor. Yoningda saqla! Seni har xil balolardan saqlaydi. Dilingdagi ishonch mustahkam boʻladi. Ishonch mustahkam boʻlsa, qalbing quvvati, ruhing quvvati hech sinmaydi!”

Onasi ham yigʻlamsirab: “Shunday qil bolam. Zinhor shunday qil!” – deb bir necha bor tayinladi…

Mana bugun shu tudana uning qoʻlida. Yonida doim avaylab saqlar edi. Qanday qilib kamzulining choʻntagiga tushib qoldi ekan?! U diqqat bilan tudananing orqa-oldini aylantirib qaradi. Yozuvlariga koʻzi tushdi. Endi u hayajon bilan noyob naqshlar orasiga yashiringan suls yozuvidagi harflarni hijjalab oʻqidi: “Allohumma xirliy vaxtirliy”. Maʼnosini chaqdi: “Ey Alloh, mening ishimni yaxshilik tomonga bur va koʻp yaxshiliklarni bajarishda ilhom ato et.”

Koʻzlaridan dovullab yosh chiqdi: “Oh, Otajonim-a, oh, Onajonim-a! Menga qanchalik gʻamxoʻrlik qilgan ekansizlar-a! Qanday farosatsiz ekanman, oʻshanda?! Agar oʻshanda fikrim, tushuncham, hayotni ilgʻaganim hozirgidek boʻlganda, mening taqdirim, kelajagimning binoyidek boʻlishi sizning baxt va quvonchlaringiz ekanligini anglaganimda, quchoqlab-quchoqlab sizlarning sevinchlaringizni ham, oʻzimning shodligimni ham koʻklarga koʻtargan boʻlardim. Qanday oʻgʻil ekanman-a?! Men gʻofil banda buni endi, bugun tushunib yetibman-a! Naqadar gʻoʻr va fahmi yoʻq ekanman-a… Endi farosatim yetdi-ya! Qanchalik kech!”

U daraxt tanasini quchoqlab ich-ichidan nola qildi. Daraxt tanasining gʻadir-budiri bilaklarini ogʻrita boshlaganida oʻziga keldi. Qurigan daraxt shoxchasining gʻashga tegar qatir-qitir tovushini eshitib, bosh koʻtarib, qaradi. Musicha ham u tomonga qarab turar, xuddi uning yana ham eʼtibor bilan tikilishini yalinib soʻrayotgandek edi. U qattiqroq tikildi: qush ham unga sal qayrilib qaraganicha boshini ikki-uch marta chapdan-oʻngga, oʻngdan-chapga chayqadi-da, quyi tarafga qarab uchdi. Hayron boʻldi: musichaning bosh chayqashini umrida birinchi marta koʻrishi edi. Bu nimaning alomati ekan, deya oʻy surayotgan ham edi-ki, gʻadir-budir gujum tanasining oʻng tarafidan oʻsib chiqqan jajjigina yosh novdaga koʻzi tushdi. Novdaning hali toza kuchlanib ulgurmagan barglari hayotning lazzatli onlaridan bahramand boʻlayotganini bildirmoqchiday, erkalanib mayin esayotgan shabadada, uning belanchagida ohistagina tebranardi. Eh, hayot, bunchalik shirinsan-a, deb qoʻydi, u cheksiz hayratni uygʻotgan yashil novdani kaftlari orasiga avaylab, olib silarkan. U bahaybat gujum boʻlishi mumkin-ku, axir! Qanday ajoyib boʻlardi-ya! Axir ota-onamning dillaridan mahkam joy olgan eng qadrdon daraxti-ku! Asrab-avaylab oʻstirish kerak, degan fikr yashin tezligida xayolidan oʻtdi.

Koʻngli tinchidi. Ammo toliqqanini his qildi.

U uyga kirib biroz mizgʻib olish uchun choʻzildi. Xayol uni yana uzoq yillar avvalgi xotiralarga yetakladi…

…Ota nozikkina qayragʻoch niholini kaftlari bilan ohista va avaylab silaganicha oʻgʻlining qoʻliga tutqazdi. Soʻngra tushunmaydigan soʻzlarni pichirlab, yuziga fotiha tortdi:

– Oʻgʻlim! Shu niholga men mehrimni berdim. Nega bunday, oʻzim ham bilmayman. Ammo, bu koʻnglimning tilagi. Bu aniq. Uni shu yerga, tomirlariga hech ziyon yetkazmasdan, ehtiyotlik bilan, mehringni berib ek. Nasib etsa, juda yaxshi gujum boʻladi. Uning soyasida quyuq suhbatlar quramiz. Sen kenjamiz. Kenjada ajoyib xislat boʻladi. Xislatingga yarasha soya-salqin beradigan ulkan daraxtga barcha havas qiladi.

Shundan beri ancha yillar oʻtdi. Nihol bahaybat daraxt boʻldi. Tanasining yoʻgʻonligiga quloch yetmaydi. Soyasi quyuq. Soyasi doirasida tangachaday yorugʻlik ham koʻzga tashlanmaydi. Supa usti doim salqin, quyoshning jazirama issigʻi ham mayin shabada shashtini qaytara olmaydi. Esida, otasi qandaydir sirli duolar oʻqib, navnihol tagiga chelakdan suv quyardi. Oʻgʻil hayron.

“Ota, suv bilan ham gaplashasizmi?” – deb soʻrardi. “Zamonlaring boshqa-da, hali buning fahmiga yetmaysanlar. Ha, mayli, bir kun kelib tushunarsizlar”, – deb qoʻyardi otasi tabassum bilan. Suvda xosiyat koʻpligini u bugunga kelib tushundi. Suv oʻziga aytilgan yaxshi soʻzlarni, oʻqilgan duolarni molekulalari qatlariga jamlab, shu yaxshi sifatlarning barchasini oʻzida saqlagan holda, oʻzi oziq berayotgan nimarsalarga oʻtkazishini shu vaqtga kelib bilibdi-ya! Otasi esa bu ilmni bir necha oʻn yillar oldin bilgan ekan-a!

Ota uzoq safardan qaytganida ham darvozadan kiriboq, sogʻinch bilan daraxt soyasiga kelib oʻtirar, yaxshi soʻzlar aytib, pichirlabgina duo oʻqigach, yuziga shoshilmasdan, ohistagina fotiha tortardi. Shu zahoti koʻngli yayrab ruhi yengil tortganidan ich-ichidan quvonardi. Bugʻdoyrang yuzidagi iliq tabassumdan atrofiga nur yogʻilganday boʻlardi, bu holni oʻgʻillari ham sezishgan. Ota boshini oʻngga-soʻlga ohista tebratar, gohida siyrak, ozgina mallarang qoshlarini bilinar-bilinmas chimirib, koʻz qarashlarini daraxtning bu shoxidan u shoxiga oʻzgartirar, daraxtning har bir shoxchasi bilan alohida gaplashardi. Ota daraxtga mehri tobora ortib borayotganini sezar, mehri ortgan sari daraxt ham mayda shoxlarini egib taʼzim qilganday boʻlar, esgan mayin shabadasi bilan mehriga javob qaytarardi. Ayniqsa, daraxtning bahaybat tanasiga suyanganida barcha gʻuborlar tanasini tark etar, Ota bundan behad shodlanib, qalbi yengil tortib, oʻzini qushday sezardi. Ota bu kundalik odatini kanda qilmas, kanda qilmoqni xayoliga ham keltirmasdi. Daraxtning tanasini silab, eng shirin xayollarga berilardi…

Onasi-chi, onasi!… Ona daraxt soyasida oʻtirar ekan xotiralarni koʻz oʻngida tiklab, shirin xayollar ogʻushida mayin jilmayib qoʻyardi. “Bu gujumning soyasi boshqacha-da! Kenjam ekkan! Boshqa daraxtning soyasida oʻtirsam, hatto uning soyaligini ham sezmayman. Buning soyasi esa bor dardingni oladi. Dilingga nuqul shodlik olib kiradi-ya! Gujumning soyasida bolalarimga salom yoʻllayman, ular xuddi bagʻrimda erkalanayotganday boʻladi. Kattasi shaharlik boʻlib ketdi. Mayli-da, boshi omon boʻlsa boʻldi. Ungayam salomimni daraxt yetkazadi. Salomimni yetkaz, deya iltimos qilganimdan keyin quyosh bir qarich pastlagach, daraxtning shoxlari boshqacha tebrana boshlaydi. Tebranishlari mayin, bir tekis. Barglarining shitirlashi yuragimning ovoziday. Bu – salomimning bolalarimga yetganligi belgisi. Toʻngʻichim ham buni bilsa kerak. Ilk quvonchim-da, axir! Ishqilib omon boʻlishsin! Daraxt esa menga juda ham qadrdon!”

Ona bu soʻzlarni bot-bot aytishdan charchamaydi, uning sirdoshi shu daraxt, shu soya.

Ona oʻzi surgan xayollar taʼsiridan oʻzida yoʻq xursand boʻlar, ammo daraxtning qurigan katta shoxiga koʻzi tushib, diydasi yumshab koʻzi namlanardi: “Nega tashlab ketdingiz? Hali erta edi-ku?! Paygʻambar yoshidan endi oʻtgandingiz-a… Oʻrtanchangizning boshiga tushgan kunlarni oʻzingizga oldingiz-a! Bedodlik boʻldi. Yoʻqligingizga oʻn besh yil boʻldi. Birga ketamiz degandingiz-ku?! Qani vaʼda? Ey Alloh, oʻzing kechirguvchisan!”

Onaning aniq esida: fanodan boqiylikka safar qilgan Otaning yetti kunlik maʼrakasi boʻlayotganida daraxtning kunchiqar tarafidagi eng katta shoxining barglari soʻliy boshladi. Qirqida esa tamoman quridi. Shoxchalari barglarsiz soʻppayib qolaverdi. “Qurigan shoxini ham avaylanglar, bolalarim”, deganida farzandlar ham Onaning soʻzlarini maʼqullashdi. Ular otasining daraxtga qattiq mehri borligini, uning har bir bargini qanday avaylashini juda yaxshi bilar va tushunar edilar. Faqat katta bir shoxining qurib qolish sababini hech biri tushunmas edi. Ona buning sirini anglaganday boʻldi. Biroq bu toʻgʻrida hech kimga churq etgan emas.

Ertalab tong azonda daraxtning oldiga borib, uning kattakon tanasini nozik kaftlari bilan siypalab, oʻz xursandligini shabadaga shivirlab aytayotgan barglarga yuzidagi nim tabassum bilan qarardi. Qaragan sari qalbining eng toʻrida allaqanday shirin va yoqimli tuygʻu uygʻonib, behad quvonardi, oʻzida yoʻq sevinardi. Baʼzan koʻrinar-koʻrinmas ingichka oqim gavdasidan chiqib, daraxtga yoʻnalayotganini aniq koʻrar, daraxtdan uzoqlashayotganida uning mayda, nozik shoxchalari oʻzi tomon sal egilganini payqab: “Yo Alloh, oʻzing bilguvchisan!” deb shivirlardi.

Vaqt oʻtgan sari Ona daraxtga tobora qattiqroq bogʻlanib qolayotganini, aniq his qilardi. Qish vaqti uning keksa tanasini qoplagan poʻstlogʻi ustidan qorni barmoqlari bilan avaylabgina, silab-siypalab ohistagina tushirardi. Ona bundan erinmas, toliqmas, har safar qor yoqqanida shunday qilaverardi. Oʻgʻillarining, onajon, qorning oʻzi erib, tushib ketadi-ku! Sizga zarilmi?! Bunchalik mehribon boʻlmasangiz, degan soʻzlarini eshitib, astagina: “Daraxt-da, bolam” – deb qoʻyardi. Axir oʻgʻillarim nimani ham tushunardi. Daraxtning ham joni bor. Joni borligi uchun ham qishga tayyorgarlik koʻradi, bahor kelganini sezib, kurtak chiqaradi, barg yozadi, soyasini quyuq qilib, atrofidan shabada yurgizadi. Odamlardan yaxshiligini ayamaydi. Mehr koʻrgizsang, shoxchalarini sekin silkitib, barglari sassiz shivirlab, astagina egilib mehr bilan javob beradi. Yana nima ham qilsin beozor daraxt?!

Onasi hovliga kirishdan oldin roʻmolini boshiga qaytatdan tangʻib bogʻlab, toʻgʻri daraxt tomonga shaxdam yurib, bir pas toʻxtab olar, ota-onasining yaxshi soʻzlarini aytardi. Qoʻshni qishloqqa kelin boʻlib tushibdi-ki, bu odatini kanda qilmagan. Hovliga kirganida esa yuragini allaqanday tushunib boʻlmas havosat va shodlik baravariga bosganday boʻlar, bir katta shoxi butunlay qurigan, ikkita katta shoxlaridagi soʻliy boshlagan barglariga koʻzi tushganida esa bu noxush havosat kuchayardi. Tok soʻrisining tagida uzunasiga ekilgan rayhonlar hidini ikki oʻrim boʻliq sochini yelkaga tashlab, toʻyib-toʻyib hidlaganida yuragida paydo bu bezovtalanish oʻrnini shodlik egallardi. Koʻzadagi tiniq suvni rayhon barglariga maydalab-maydalab, purkab-purkab sepganidan soʻng barglar yuzasidagi har xil tusda tovlanayotgan tomchilarning biri yuzida oyijonining ruxsorini koʻrganday boʻlardi. Shu tomchining oldiga borib, xayolidan oʻtayotgan Onasining siymosini tomchidagi ruxsor bilan solishtirar, ikkisining aynan oʻxshash ekanligini koʻrib, ancha vaqt shu yerda oʻtirib qolganini oʻzi ham sezmay qolardi. Rayhon bargidagi tomchilardan birini koʻrsatkich barmogʻiga ilashtirib, oʻrtasi tutashay-tutashay deb turgan qalin qora qoshlariga surganda qalbidagi besaranjomlik mutlaqo yoʻqolardi. Sizga nima boʻldi, hali ham xayol surayapsizmi, deya yangasi gap qotmasa boshidan oʻtayotgan xayollarning asiraligidan chiqa olmasdi. Biroq xayollarining asiraligidan qutilmoq uchun xotira yoʻqolmogʻi shart. Ammo unda eslasa arzigulik, balki undan-da kattaroq va muhimroq xotiralar borki, ularni unutmoq gunohi azim ekanligi ayon. Ayniqsa…

…Hozirgiday eslaydi… Turmushga chiqish arafasida ota-onasi uni huzuriga chaqirishdi:

– Qizim, – ohista salmoqlab gap boshladi otajonisi, onasi esa unga jovdirabgina, muloyimgina, sal kulimsirab qarab turardi. – Sen yetti oʻgʻilning orasida yagona qiz farzandimizsan. Sening bizga qanchalik azizligingni oʻzing tushunarsan. Turmushga seni katta orzu-umidlar bilan uzatayapmiz. Hayoting farovon boʻlib, kelgusiga ishonch bilan yashagaysan. Senda shu ishonch doim mustahkam boʻlsin deb, niyat bilan tudana berayapmiz. Ol, qizim! Oʻzing bilgan gujum shoxchasidan yasalgan. Doim yoningda boʻlsin qizim. Koʻngling xotirjam boʻlgʻay.

– Katta akangdayam xuddi shunday tumor bor, – jilmayib qoʻshib qoʻygan edi onasi, oʻshanda.

Kelin boʻlib tushganiga ancha yillar boʻldi. Bola-chaqali. Roʻzgʻor tashvishlari. Biroq har haftada bir marta kelib, supaning usti chinniday yaltirayotgan boʻlsa ham Onajonisi qoʻllarida boʻlgan, ular doim avaylab saqlagan supurgini namlab, shoshilmasdan hafsala bilan supa ustini supurar, gujumning atrofi ham eʼtibordan chetda qolmasdi. Soʻngra supurgini avaylabgina satin matoga oʻrar, ashqol-dashqollar saqlanayotgan xonaning tokchasiga ohistagina yotqizib qoʻyardi-da, saksondan oʻtgan yoshingizdan aylanay, Onajonim! Ilohim menga ham Sizning yoshingizni bersin, deb yuziga fotiha tortardi.

Oftob tigʻida qovjirab, ammo nima uchundir gujumning qurigan ayrim shoxlariga ilashganicha qolgan barglarini tushirmaslik uchun daraxtning tanasiga tegib ketmasdan uning poʻstlogʻi oraliqlaridagi chang, gʻuborlarni erinmay tozalardi. Uning aniq esida: Onasining qirq maʼrakasi oʻtganidan keyin daraxtning ikki katta shoxidagi barglar soʻlib, shoxlardan tushib keta boshladi. Tomiriga chelaklab suv quyishdi, ammo foydasi tegmadi. Gujumning tomiriga quyilayotgan suvga Otasi ham, Onasi ham duolar oʻqishardi. Ammo bu duolarni akalari ham, oʻzi ham bilmasligidan ming afsus chekdi. Ammo, na iloj. Tarvaqaylagan ikki shox avval qurigan shoxning yonida osmonga nola qilayotgandek soʻppayib qolaverdilar. Ular goʻyo taqdiridagi bu oʻzgarishlardan figʻon chekayotganga oʻxshardi.

– Eh, onajonim-a! Daraxtga shunchalik ham qadrdon boʻlib, mehringizning unga shunchalik bogʻlanib ketganligi sababini endi tushunayotgandekman. Axir, otamdan keyin yigirma yillik mehringizni shu daraxtdan ayamabsiz-da! Onajon, siz bilan otajonimning ruhlari shoxchalarning biridan menga qarab, Allohdan baxtimni soʻrayotgandek. Ilohim shunday boʻlsin! Gujumning soyasida ozgina oʻtirsam ham rosa dam olaman. Qushday yengil boʻlaman. Sal silkinsam osmonga otilib chiqib ketadigandayman. Xayolimdagi boʻlmagʻur fikrlar parchalanib, koʻnglim tozaradi, uning oʻrnini orzu-tilaklar egallaydi. Doim shu yerga kelgim kelaveradi. Afsus va ming afsus, onajonimdan daraxtga nima deb pichirlab duo oʻqiganlarini hech qursa biron marta soʻramabman-a…

Shu xayollar bilan u daraxtning quruq tanasiga suyanganini bilmay qolar, uzoq xayollarga choʻmar, lekin inson mehrining daraxtga, daraxt mehrining insonga oʻzaro qattiq bogʻlanib qolishini tasavvur ham qila olmasdi. Bu sirli hodisaning aynan shunday ekanligiga esa oʻzi guvoh…

Shu fikrlar ummonida suzayotganida gujum tanasining oʻng, yaʼni kunchiqar tarafidan oʻsib chiqqan nozikkina yashil novdaga koʻzi tushdi. Uning mayin esayotgan shabadadan yengilgina silkinayotgan, sekin-sekin pirpirab tebranayotgan kichkina-kichkina, ham toʻliq yashillanib ulgurmagan barglariga hayrat bilan tikildi. “Shu mengamikan?” degan fikr xayolidan bir zumda oʻtdi. Shu zahoti bu fikrni unutib, onasi erkalagan, ammo hozir tarvaqaylagan shoxlari bilan osmonga boqib, nola-yu nido qilayotgan ikki shoxga tikilganicha xayollar ummoniga choʻkib ketdi…

…Tez uygʻondi. Darhol oʻrnidan turdi. Apil-tapil yuzini yuvdi. Yuragida tushunib boʻlmas bezovtalik paydo boʻlganini sezdi-yu, ildam yurib daraxtning oldiga bordi. Yashil novdaga qaradi: novdaning barglari soʻlib, uchi yerga shalpayib, rangi ham qoraroq tusga oʻzgargan, besh-oltita barg yerga tushib, xuddi yigʻlayotgandek pir-pir uchib turishardi. U bu hol nimadan darak ekanini tushundi. “Oh!” dedi-yu, shoshilib choʻntagiga qoʻlini tiqdi. Tudana ikkiga boʻlingan edi.

 

Jumanazar BEKNAZAR

 

“Yoshlik”, 2014 yil 12-son

https://saviya.uz/ijod/nasr/tudana/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x