SOGʻINCH
Seni sogʻinsinlar,
Sen koʻp sogʻinding,
Chora yoʻq baribir ikki holda ham.
Daryodek tosharding, koʻl kabi tinding,
Faqat ruhing qoldi sen bilan hamdam.
Afsus, sogʻinchning ham bordir adogʻi,
Keyin unutilish, bari abasdir.
Sogʻingan odamning koʻnglida dogʻi,
Sogʻintirganga ham oson emasdir.
28.01.2015
ShARH
Bu dunyoda soddalar bisyor,
Oʻtmishda ham uchragan ancha.
Biri deydi: – Iqtidoring bor,
Shuning uchun bergansan qancha?
Boshqasi der: – Aqling zoʻr chindan,
Gapni gapga rosa ulading.
Jon ogʻayni, yashirma mendan,
Buning uchun qancha toʻlading?
Deyman, yoʻqdir ularning narxi
Ular – hayot, ular – zarurat.
Lekin bordir ozgina sharhi:
Tekin erur nodonlik faqat.
15.01.2015
AKSIOMA
Tomni boʻyash uchun yetmadimi gal,
Mehmon qay ilgakka toʻnini ilgay?
Bularning javobin hammadan avval,
Shu uyning egasi – mezboni bilgay.
Bir bogʻ shovullaydi koʻzni yashnatib,
Olamga tatirlik hosil ham qilgay.
Bul ajib maʼvoda bor qanday tartib?
Buni, ekkan odam – bogʻboni bilgay.
Oʻzini har yonga urmaydi karvon,
Turfa toʻsiqlar bor, koʻksini tilgay.
Aslida bu karvon ketmoqda qayon?
Buni – yulduz koʻrgan sarboni bilgay.
Mening kiprigimda qalqib turar yosh,
U qachon toʻkilgay, u qachon jilgay?
Dengizlar tosharmi, koʻcharmi yo tosh,
Olamlar sohibi – darboni bilgay.
14.01.2015
ONA NIGOHI
Hazrati Xizrga yoʻliqsam albat,
Faqat bir narsani soʻrardim faqat:
Yomon nazarlardan toliqdi ruhim,
Onam nigohini koʻrsating, hazrat!
23.01.2015
MOMO
Men koʻrgani keldim atayin,
Hozir sensan eng qadimgi jon.
Nabirangdek tinglab yotayin,
Afsonalar aytgin, momojon.
Aytgin, odam bolasi bir vaqt
Insof bilan yashaganligin.
Halol va pok, faqat va faqat,
Oʻz oshini oshaganligin.
Insonlarda sadoqat, vafo,
Bir zamonlar boʻlganini ayt.
Oʻzi ochu koʻzlari ammo,
Mehr bilan toʻlganini ayt.
Bandalarni makkorlik, kibr,
Kemirmagan, yemagan degin.
Boshlariga tushsa ham shamshir,
Yolgʻonlarni demagan degin.
Men koʻrgani keldim atayin,
Hozir sensan eng qadimgi jon.
Nabirangdek tinglab yotayin,
Afsonalar aytgin, momojon.
Tilagingdan bahra olsin to
Oqmi qora – jamiki odam.
Ezgulik deb sen qilgan duo
Yerda qolmas, momo, sira ham.
12.01.2015
UZR
Shoir deydi: – Topdim shon-shuhrat,
Xayolimni nurga oʻrayman.
Hasadgoʻylar koʻp ekan faqat,
Men ulardan uzr soʻrayman.
Bemor deydi: – Oʻldim, tirildim,
Endi jonni zarga oʻrayman.
Betoblikda bezovta qildim,
Doʻstu yordan uzr soʻrayman.
Chaqaloq der: – Salom, ey olam,
Seni shaksiz gulga oʻrayman.
Ostonangda turibman men ham,
Zamin, sendan uzr soʻrayman.
10.01.2015
YOLGʻIZLIK
Nega uyuridan ketgan ot misol,
Bir oʻzing kezasan yaylovdan yiroq.
Qachondir yolgʻizlik kelmasmi malol,
Axir, yoʻqmi senda doʻstu yor, oʻrtoq?
Deyman, doʻstlarim bor havas qilgulik,
Himmati bir yurtning xiroji qadar.
Yurakning qatida asrab kelgulik
Tengsiz zotlar ular, bahosiz gavhar.
Lekin otam aytgan shunday gap ham bor:
Nomardga yolborma, qolsang hamki och.
Aytilmagan joyga bosh suqma zinhor,
Qadringni bilmagan davralardan qoch.
30.12.2014
ShOKOLAD
Choʻntagimga solib oldim toʻrtta shokolad
Va oʻzimcha bitta shartni ayladim tayin:
Kimki meni aldamasa, siylayman albat,
Shokoladni shu odamga sovgʻa etayin.
Kuni boʻyi biror gʻolib chiqmadi, ajab,
Boz ustiga bilmas edi hech kim shartlarni.
Uyga qaytdim, bolalarni bayram deb aldab,
Boʻlib berdim choʻntakdagi shokoladlarni.
28.12.2014
SAFAR
Olib ketmasmidim safarga seni
Zarracha imkonim boʻlsa agarda.
Bir sen kuzatmading vokzalda meni,
Ketmagandek boʻldim men ham safarga.
Qaytdim sogʻinch bilan yoʻl bosib ogʻir,
Yana faqat seni izladim, erkam.
Bir sen chiqmaganding vokzalga axir,
Qaytmagandek edim safardan men ham.
15.10.2014
ESLASH
Otam bilan birga otga mingashib,
Kitob dovonidan oshgandik bir vaqt.
Qarab boʻlmas edi pastga engashib,
Bir qadam narida jarlik – halokat.
Qanday oʻtgan edik u yoʻldan omon?
Eslasam, entikib ketaman hamon.
Tun edi, shahardan qishloqqa qarab,
Katta akam bilan tushardik qirdan.
Toʻrtta boʻri bizni olgandi oʻrab,
Ufqda toʻrt otliq koʻrindi birdan.
Biz ular tufayli qolgandik omon,
Eslasam, entikib ketaman hamon.
Kezdim, yer yuzini sayohat qildim,
Ortga qaytar boʻldim kemada bir kun.
Dengiz nimaligin oʻshanda bildim,
Baloyi azimday quturdi toʻlqin.
Kemamiz toʻfondan chiqdi-ku omon,
Eslasam, entikib ketaman hamon.
Nima ham qilardim, issiq jon ekan,
Musofir yurtlarda chalindim dardga.
Tiriklik aslida imtihon ekan,
Axir zor boʻldim-ku men ham madadga.
Kunimdan bor ekan, sogʻaydim omon,
Eslasam, entikib ketaman hamon.
Bugun nasib etdi salobatli yosh,
Shukrona aytaman barchasi uchun.
Lekin nokaslar ham boʻldilar yoʻldosh,
Umrimni egovlab yedilar butun.
Ne baxtkim, baridan oʻtoldim omon,
Eslasam, entikib ketaman hamon.
8.10.2014
MARDLIK
Nabiralarga
Bobolaring mard boʻlgan,
Yiqilgan polvonni ham
Hurmat qilib, kamsitmay
Yerdan turgʻazib qoʻygan,
Ezgulikning qoshida
Erigan misli malham,
Lekin, yovuzning koʻzin
Oʻyib, qoʻrgʻoshin quygan.
Bobolaring mard boʻlgan,
Poyga-yu koʻpkarida
Meniki, deb olmagan
Birovning nasibasin.
Oʻzi kashfiyot yasab
Ilmu fan mehvarida,
Pesh qilmagan hech qachon
Shajara-yu nisbasin.
Bobolaring mard boʻlgan,
Qozining toʻnin kiyib,
Dabdurustdan oʻrtaga,
Qoziman deb chiqmagan.
Nomardlarning qoshida
Yurmagan boʻynin egib,
Oʻldirsa ham dushmanga
Doʻstlarini chaqmagan.
Bobolaring mard boʻlgan,
Sheʼr yozsa ham muqarrar
Xayolida goʻyoki
Palang bilan olishgan.
Maydonda gʻoliblikka
Koʻzi yetmasa agar,
Bu ishni yigʻishtirib,
Yozmay qoʻya qolishgan.
Bobolaring mard boʻlgan,
Qadrdon tulporini
Qarigan chogʻida ham
Qassobga topshirmagan.
Gavhar kabi asragan
Oriyatni-orini,
Gunohi boʻlsa agar
Birovga oshirmagan.
Bobolaring mard boʻlgan,
Najmiddin Kubro kabi
Kerak boʻlsa, Vatan deb
Tugʻni tutib bergan jon.
Dillarida iymonu
Ham ozodlik matlabi,
Tushlariga kirgandir
Turon – mulki Turkiston.
Abdulla ORIPOV,
Oʻzbekiston Qahramoni, Xalq shoiri
“Yoshlik”, 2015 yil 1-son
https://saviya.uz/ijod/nazm/tiriklik-aslida-imtihon-ekan/