Ikki yulduz shuʼlasi

SamDU professori, filologiya fanlari doktori

Dilorom SALOHIY bilan suhbat

 

Yevropada Gyote va Shekspir ijodini bilmagan odam ziyoli sanalmaydi, degan gap bor. Bizda esa Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburni bilmagan odamni mumtoz adabiyotdan, asl ijod zavqidan bebahra deb hisoblash mumkin. Chunki Navoiy mumtoz adabiyot tarixida lirik, epik poeziyani eng yuqori choʻqqiga olib chiqqan boʻlsa, Bobur oʻzbek nasri taraqqiyotida yangi sahifani ochdi.

Dilorom opa, ayting-chi, biz bugun Navoiy va Bobur ijodidan qay darajada bahramandmiz va millatimizning bu ikki siymo haqidagi tasavvuri, bilimi qay darajada?

Haqiqatan, millatimiz iftixori va toleida balqigan baxt yulduzlari boʻlmish bu ikki moʻtabar siymo ijodiy merosidan bebahralik nafaqat adabiyot va badiiy ijod zavqidan, balki odamiylik ilmidan, insonlik saodatidan bexabarlik, bebahralikdir. Gyote va Shekspir, Pushkin va Tolstoy kabi jahoniy shuhratga ega boʻlgan mutafakkirlar har bir davrda ham, har bir xalq-millat taqdirida ham paydo boʻlavermaydi. Bunday donishmand siymolarning biror davr ijtimoiy muhitida yashab, ijod qilishlari oʻsha xalq toleiga Yaratgan tomonidan bitilgan katta sharafdir. Bir oʻylab koʻraylik, insoniyat baxti uchun dunyoga kelgan jahonshumul ijodkorlar soni shuncha koʻpmi, saflari uzunmi? Javob aniq: juda oz, barmoq bilan sanarli. Badiiy til bilan aytadigan boʻlsak, ming sadafdan bittasining ichida gavhar boʻlishi mumkin. Xalqimiz toleining balandligi shundaki, insoniyat tafakkuri taraqqiyoti tarixida oʻtgan ikki bebaho gavhar, baxt yulduzlari shu yurtda dunyoga keldi.

Tasavvur qilaylik, xushboʻylik va goʻzallikda benazir boʻlgan gul toza tuproqdan unib chiqadi, ildizi baquvvat, sogʻlom daraxt shirin meva beradi. Buyuklarimizning zuvalalari shu toza tuprogʻimizdan qorilgan. Azaldan millatimiz maʼrifatga suvga intilgandek intilgan. Yurtimizdagi biror xonadonda zarracha boʻlsin, maʼrifiy suhbat boʻlmaydi, degan soʻzga men ishonmayman. Hech boʻlmaganda, Alisher Navoiyning “Oz-oz oʻrganib dono boʻlur, qatra-qatra yigʻilib daryo boʻlur” (“Mahbub ul-qulub”dan) degan oʻgitlari otalar tomonidan farzandlarga aytib turiladi. Bobur Mirzoning “Yaxshiligʻ” radifli qoʻshiq boʻlib ketgan gʻazali kirmagan xonadon ham yoʻqligiga ishonaman. Chunki, “Zar qadrini zargar bilar” deydilar. Men asl zargar millatimizni nazarda tutmoqdaman, misgarlarni emas.

Navoiy ham, Bobur ham davlat arboblari edi. Ijodlarining qiziqarli va kerakliligi shunda boʻldiki, ular davr va jamiyatning maʼnaviy talab va ehtiyojlarini oʻz asarlarida koʻtarib chiqdilar va foydali fikrlarini bayon etdilar. Ular yashagan davr romantizm davri boʻlgani uchun, badiiy ijod vositasida faoliyat yuritishdi. Biz esa texnika asrida yashayapmiz. Zamona tezkor va yoshlarning talab va ehtiyojlari ham shunga monand. Noutbuk koʻtarib yugurib ketayotgan yosh yigit-qizlarni toʻxtatib, “Navoiydan yuz bayt yoddan aytib bering”, desangiz, ijobiy javob ololmaysiz. Ammo, Prezidentimizning “Yuksak maʼnaviyat – yengilmas kuch” asari yuzasidan suhbat boshlasangiz, ularning fikrlaridan qoniqish hosil qilasiz. Axir, ijtimoiy va maʼnaviy muammolar koʻtarilgan, fikr yuritilgan ushbu asar Alisher Navoiy va Bobur Mirzo maʼnaviy dunyoqarashining zamonaviy muhitdan kelib chiqib yaratilgan nasriy talqini emasmi? Umuman, milliy mafkuramizning tamal toshi, poydevori Navoiy va Bobur kabi daho ajdodlarimizning badiiy tafakkuri hosilasi emasmi?! Shu jihatdan buyuk siymolar ijodidan millat bilvosita bahramand. Bevosita bahramandlik esa qalb ehtiyojidan, romantika va tarix sirlariga tashnalikdan kelib chiqadi. Boshqacha aytganda, Navoiy va Bobur ijodiy merosi boshlangʻich sinf oʻquvchisining 2×2=4 deb yodlab oladigan fani emas, balki aqli kamolga yetgan, ongi shakllangan, maʼrifatga talabgor shaxsning ixlos va eʼtiqod bilan qoʻlga oladigan muqaddas boyligidir.

Ammo, har tomonlama toʻla shakllangan, yuksak insoniy fazilatlar egasi boʻlgan insonni tarbiyalab, voyaga yetkazish uchun hali goʻdakligidayoq unga Hazrat Navoiy pand-oʻgitlaridan, Bobur shijoati va fazilatlaridan dars oʻqimoq darkor.

Har bir ijodkorda oʻziga xos dunyoqarash, uslub, ohang boʻladi. Bu xususiyatlar, shubhasizki, Navoiy va Boburda nihoyatda boʻrtib koʻrinadi. Aniqrogʻi, ularning hayoti va ijodida yaqinlik bor. Umuman, Boburni Navoiyning maʼnaviy vorisi deb hisoblashimiz qanchalik haqiqatga yaqin?

Bu ikki ulugʻ siymo ijodiy faoliyatida albatta uygʻunlik bor. Chunki, ular bir davrning, bir ijtimoiy-siyosiy muhitning farzandlari edi. Dunyoqarashlari, qiziqishlari, intilishlari bir edi. Bobur Mirzo Alisher Navoiyning kichik zamondoshi edi, shoirga ixlosmand edi. Ijodkordagi ixlosmandlik ijodiy bahramandlikni ham keltirib chiqaradi. Umuman, Sharqda buyuk Navoiy ijodidan bahra topmagan ijodkor bormikin?! Shulardan biri Bobur Mirzo edi.

Uslub, ohang, ovoz va shoirona did xususida soʻzlasak, albatta, shaxsning oʻziga xosligi yaqqol namoyon boʻladi. Biror shaxs, har qancha eʼtiqod qilmasin, boshqa shaxsni aynan takrorlamaydi. Navoiy va Bobur badiiy uslublaridagi mushtaraklik va farqni tushunish uchun ikki tarixiy hodisaga eʼtibor qaratsak: Alisher Navoiy 12 yoshida davrning mashhur shoiri, “malik ul-kalom” Mavlono Lutfiyning eʼtibori va yuksak eʼtirofiga sazovor boʻldi. Mirzo Bobur esa 12 yoshida Andijon taxtiga oʻtirib, toj kiydi. Yana bir shunday misol: Alisher Navoiy 41-42 yoshlarida butun Sharqqa mashhur boʻlib ketgan monumental tarixiy asar – “Xamsa”ni yaratdi. Bobur Mirzo esa shu yoshida buyuk bobosi Amir Temur imperiyasini tiklash maqsadida Hindiston taxtiga oʻtirdi va u yerdagi tarqoqlikka barham berdi.

Navoiyning ham davlat arbobi, ham shoir sifatidagi quroli – qalam edi. Sarkarda Boburshohning quroli esa – qilich va qalam edi. Ana shunday hayot tarzi ularning badiiy uslublarini ham shakllantirdi. Navoiy asarlarida quyma donishmandlik, faylasufona mantiqiy fikr tarzi, tilida esa nazokat koʻzga tashlanadi. Bobur esa “Vaqoyeʼ”sida, sheʼrlarida samimiy inson, kuzatuvchan olim, shijoatli va magʻrur aslzoda shaxs sifatida namoyon boʻlib turadi. Bunga quyidagi ikki ruboiy misolida ham amin boʻlish mumkin.

 

Navoiy:

Yorabki, inoyatingni yor ayla manga,

Yoʻqluqqa hidoyatingni bor ayla manga,

Har kahfi kifoyatingni dor ayla manga,

Har durri inoyating nisor ayla manga.

 

Bobur:

Yakson karaming qoshida mudbiru muqbil,

Oson sening olingda jamiʼ mushkil,

Yo lutfu inoyat onga qilkim, koʻtaray,

Yo qahru gʻazabni toqatim boricha qil.

 

– Buyuk ijodkorlar asos solgan adabiy maktablar ularning isteʼdodi va shuhratiga munosib boʻlishi tabiiy. Ular faoliyati va uslubining taʼsiri oʻzlari oʻtib ketganlaridan keyin ham qalam ahlini ortidan ergashtiradi, millat adabiyotini yangi gʻoya va mavzular bilan “taʼminlab” turadi. Shu oʻrinda Navoiy va Bobur ijodining XX asr oʻzbek adabiyotiga taʼsiri haqida toʻxtalsangiz.

XX asr oʻzbek adabiyotshunosligi tom maʼnoda Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur dahosini kashf etib, mutafakkirlar ijodiy merosini toʻla nashr ettirgan, qimmatli ilmiy tadqiqotlarni yaratgan boʻlsa, oʻzbek adabiyoti vakillari – olimlar va shoirlar millatning bu ikki yorugʻ yulduzi timsollarini badiiy adabiyot xazinasiga olib kirdilar. Bu davrda dunyoga kelgan eng qimmatli asarlar – Oybekning “Navoiy” romani, Izzat Sulton va Uygʻunning “Alisher Navoiy” dramasi edi. Bu asarlar endi millat boyligi, qimmatli manba, shedevr boʻlib qoldi. Bobur Mirzo haqida esa bu davrda kattaroq badiiy asar yaratilmadi, yaratilganlari ham qattiq muhokama va tanqidga uchradi (P. Qodirovning “Yulduzli tunlar” romani nazarda tutilmoqda). XX asr adib va shoirlari Navoiy va Bobur ijodi taʼsirida ochiq-oydin ijod qila olmasdilar. Bunga oʻsha davrdagi siyosiy tushov, hukmron mafkura yoʻl bermas edi. XX asr ijodkorlari Navoiy va Boburdan ijodiy saboq olib, taʼsirlanib asarlar yaratsalar, mavjud siyosiy tuzumga qarshi chiqqan va buning uchun juda qimmat narx bilan “javob bergan” boʻlardilar. Shuning uchun yuqorida nomlari keltirilgan asarlarda oʻzlarini mustamlakachi solayotgan xavfdan ihotalamoq uchun “xoʻjakoʻrsin”ga Navoiy va uning eng yaqin doʻsti, hammaslagi Sulton Husayn Boyqaro bir-birini tushunmagan, murosasiz dushmanlar sifatida tasvirlandilar. Millat iftixorlari, millat quyoshlari boʻlmish shohu sultonlar – Amir Temur, Husayn Boyqaro, Bobur Mirzo, Ubaydulloxon – Ubaydiy, Muhammad Rahimxon – Firuz, Amir Umarxon – Amiriy kabi yirik davlat arboblari qoralangan zamonda qay tariqa Bobur podshoh haqida yoki uning uslubida asar yaratish mumkin boʻlar edi?! Bunday asar oʻquvchiga yetib borarmidi?

Shukrki, XXI asrda adabiyotimizning bu armonlari ushaladiganga oʻxshaydi. Asrimiz tongidayoq dunyo yuzini koʻrgan atoqli adib Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” trilogiyasi, Xayriddin Sultonning “Boburiynoma” asari, Naim Karimovning “Navoiy” dramasi ushbu fikrni baralla aytish uchun asos beradi. Ishonchimiz komilki, buyuk Navoiy va shavkatli Bobur kabi mutafakkirlar anʼanalari oʻz yurtiga va oʻz erkiga ega boʻlgan xalq badiiy adabiyotida bundan buyon yanada taraqqiy topadi va ijodiy yangilanadi.

Bir holatga koʻp guvoh boʻlamiz. Aruz har doim ham oddiy oʻquvchiga “yuzini ochmaydi”. Faqat adabiyotshunoslar sharhlab bergandagina uning eng nozik, eng goʻzal qirralarini koʻra olamiz, baytlar qatidagi asl maʼnoni tushunib yetamiz. Bu mumtoz adabiyotimizni nihoyatda ilohiylashtirib yuborganimizdanmi yoki uni kam oʻqiganimizdanmi?

Bu savolingiz yuqoridagi savoldan kelib chiqqanga oʻxshaydi. Buyuk ijodkorlardan ilhomlanish, yaʼni adabiy vorisiylik nafaqat gʻoyaviy mazmun, balki poetik shakl nuqtai nazaridan ham amalga oshirilsa, yangi yaratilgan asar badiiy barkamol boʻladi. Demak, bundan “endi aruzga murojaat etmoq lozim”, degan maʼno kelib chiqadi. Hozirgi davr sheʼriyatida aruzning oʻrni qanday, u bugungi oʻquvchi uchun qiziqarlimi? Bunday savollar oʻtgan asr sheʼrshunosligida ham muhokama mavzui boʻlgan. Xususan, oʻz davrining zukko va talabchan munaqqidi boʻlmish Abdulla Qahhor barmoq va aruz vaznlari muqoyasasi asosida yozgan “Shakl va mundarija haqida” nomli maqolasida aruzning zamonaviy sheʼriyatdagi oʻrni haqida bahs yuritadi. Uning fikricha, aruz vaznida yaratilgan sheʼriyat oʻz davrining nodir durdonasi sifatida oliy darajada oʻrnashib qoldi, uni bizning zamonamizga moslash “mumtozlik” maqomiga nuqson yetkazishdek taassurot uygʻotadi.

Ammo, vaqt koʻrsatmoqdaki, aruzni qimmatbaho mulk sifatida tokchaga olib qoʻyish hodisasi yuz bermadi. Bu vazn hanuz anʼanaviy bir vazn sifatida yashab, davom etib kelmoqda. Oʻtgan asrda Gʻafur Gʻulom, Hamid Olimjon, Sobir Abdulla, Habibiy, Chustiy, Erkin Vohidov kabi shoirlarning aruz vaznida yaratilgan asarlari oʻz davriga mos yangi mazmun kasb etgan. Yangi asrimiz sheʼriyatida ham shunday hodisa kuzatilmoqda. Endi, aruzning har doim ham oʻquvchiga “yuzini ochavermasligi” masalasiga kelsak, buning ham oʻziga yarasha sababi bor. Avvalo, u barmoq vazni kabi faqat takt va ritmdan iborat boʻlmay, ichki mazmunga ham ega. Aruz vaznlarining muayyan bahrlari kishida muayyan kayfiyat uygʻotadi. Ayrim bahrlar nomi aruz vaznlarining mohiyati va qanday janrga qoʻl kelishini ham aks ettiradi. Chunonchi, hazaj – yoqimli un va tarona, rajaz – iztirob va shitob kabi. Masalan, Alisher Navoiy “Layli va Majnun” dostoni uchun hazaj bahridagi hazin vaznlardan biri – hazaji musaddasi aqrabi makfuf vazni (“mafʼulu mafoilun faulun”)ni tanlagan edi. Bu vaznda yaratilgan asarni oʻqigan kishida “hoʻng-hoʻng” yigʻi tovushini eshitgandek taassurot paydo boʻladi:

Bir naʼshqa soldilar ikkovni,

Jonsiz kelinu oʻluk kuyovni…

 

“Saddi Iskandariy” dostonini esa Navoiy qahramonlik dostonlari (masalan, “Shohnoma”) uchun anʼanaviy bahr boʻlgan mutaqorib (mutaqoribi musammani maqsur)da yaratdi. Bu bahrda yozilgan sheʼriyat kishida askarlarning bir maromda tashlayotgan oyoqlari tovushini eshitgandek taassurot uygʻotadi: faulan faulan faulan faul. Misol:

Bu goʻyo jahon ichra toʻfon erur,

Ki ondin jahon ahli vayron erur…

 

Barmoq vaznida bunday xususiyat, imkoniyat yoʻq.

Bundan tashqari, aruz vazni til xususiyatlari jihatidan ham oʻziga xoslikka ega. Bu ham fonetika, ham morfologiya, ham sintaksisga tegishli. Aruzda murakkab uslubiy shakllar mavjud – baʼzan bir misrada ikki fikr, baʼzan ikki misra – bir baytda bir fikr ifoda etiladi. Shu boisdan aruzda yozilgan asarlarni kam oʻqigan oʻquvchi uni tushunish zavqidan bebahra qoladi. Bu bebahralik Hazrat Navoiydek, Bobur Mirzodek buyuk shaxslar merosxoʻri boʻlgan millat farzandlariga yarashmaydi, menimcha. Mumtoz sheʼriyat namunalaridan oʻqib, bahra olib turish inson tafakkurini charxlaydi, asardan badiiy zavq olishga oʻrgatadi, estetik didni shakllantiradi.

Aruzda yaratilgan asarlar maktabdanoq yosh avlodga oʻqitiladi, oʻrgatiladi. Bu juda yaxshi. Ammo, yoshlarimiz goʻzal fazilatlar, nozik did, yuksak salohiyat va boy dunyoqarashga ega boʻlishlari uchun aruzni chuqurroq oʻrganishlari zarur. Aruzdan xabardorlik ularga Navoiy va Bobur kabi daho shoirlar maʼnaviy olamini teranroq anglash imkonini beradi.

Ustoz, samimiy suhbatingiz uchun tashakkur! “Yoshlik” jurnali muxlislari nomidan sizga yana uzoq yillar ulugʻlar ijodiga hamnafas boʻlish nasib etishini tilab qolamiz.

 

Suhbatdosh: Isomiddin POʻLATOV

 

“Yoshlik”, 2015 yil 2-son

https://saviya.uz/hayot/suhbat/ikki-yulduz-shulasi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x