Mevaning toti u yetishgan ogʻochga qanchalik bogʻliq boʻlsa, ijodkorning bitganlari uning shaxsiyatiga ham shunchalik aloqadordir. Sobiq shoʻro davridagi ijodkorlar orasida Zulfiya sheʼriyati shu jihatdan, ayniqsa, ajralib turadi. Uning nozik chizgilar, goʻzal tashbihlar bilan bir vaqtda “inson ruhiyatini gʻajib tashlay oladigan” ayriliqdan tugʻilgan tiyiqsiz iztirob, taqdirning notantiligiga poʻrtanavor isyon aks etgan lirikasi shoira shaxsiyati va ruhiyatidagi inja manzaralardir, deyish mumkin.
Zulfiya ijodida hijron, sadoqat toʻgʻrisidagi sheʼrlar salmoqli oʻrin egallaydi. Bu – tabiiy hol. Negaki, u oʻzining ikki kishi uchun yashalgan uzoq umri davomida ayriliqning ellik ikki yillik yoʻlini bosib oʻtib, hijron kuychisi va sadoqat timsoliga aylandi. Shoiraning nihoyasiz ayriliqning hasratlari aks etgan sheʼrlarida badbinlik, umidsizlik, noshukurlik, soʻngsiz qaygʻuga asirlik tuygʻulari yoʻq. Uning hijronzada sheʼrlarida suyguvchi, suygani bois ayriliqdan qattiq kuyguvchi, ammo hayotdagi yorugʻliklarni koʻra olguvchi va koʻrganiga shukronalik qilguvchi shokira ayol sezimlari aks etgan.
Zulfiyaning mashhur “Bahor keldi seni soʻroqlab” asarida uning hijron mavzusidagi barcha boshqa sheʼrlaridagi kabi kuchli dard, chegarasiz hijron aks etgan. Ulkan insoniy alam, oʻkinchning sheʼrga yoʻgʻrilgan samimiy ifodasi sheʼrxonning koʻnglini titratadi. Chunki titragan koʻngilning manzarasi oʻqirman ruhiyati va hissiyotini ham titratishi tayin. Sheʼrda ifoda etilgan shoira, bahor, yel timsollarining bari sogʻinch dardiga mubtalo. Ularning uchalasi ham oʻrik gullariga maftun boʻlib, bahor yellarini “baxtim bormi deya” soʻroqqa tutgan, shoiranida, bahornida, yelnida yaxshi koʻrgan jingala sochli xayolchan yigit Hamid Olimjonni birday sogʻinishgan. Bu dard uch qaygʻukashni bir-biriga yaqinlashtiradi, ularni bir-birini suyashga, bir-birini tuyishga undaydi.
Birinchi toʻrtlik mazmun-mohiyati bilan sheʼrga kirish vazifasini oʻtaydi. Lirik qahramonning atrofidagi hamma narsa bahor qaytib kelganidan darak beradi. Tabiat marhamatli, unda fasllar aylanib kelaveradi. Koʻklam goʻzalligiga burkangan olam – toʻkis. Unda bultur bor boʻlgan narsalarning deyarli barchasi bu yil ham mavjud. Lekin lirik qahramon, bahorning oʻzi va sarin yel uchun olam toʻkis emas. Ular kimnidir qoʻmsaydi, qidiradi, topgisi keladi.
Sheʼrning ikkinchi bandida lirik qahramon izlayotgan odamining tabiati qandayligini tuydirishga diqqat qaratiladi:
Qancha sevar eding, bagʻrim, bahorni,
Oʻrik gullarining eding maftuni.
Har uygʻongan kurtak hayot bergan kabi
Koʻzlaringga surtib oʻparding uni.
Oʻqirman koʻklamni yaxshi koʻrgan, oʻrik gullariga maftun boʻlib, shaʼniga sheʼrlar bitgan, bahorda uygʻongan har bir kurtak goʻyo unga hayot berganday koʻzlariga surtib oʻpadigan odamning tabiati, hissiyot olamini sezganday boʻladi. Bahorning uni izlab sarsari kezishini ham bu shaxsning qandayligini koʻrsatuvchi belgi deyish mumkin. Sheʼrda bahorning holati: “Qishning yoqasidan tutib soʻradi seni, Ul ham yosh toʻkdi-yu chekildi nari” misralari orqali berilishi koʻklamga muhabbat qoʻyib, uni ham oʻziga shaydo qilgan shaxs tabiati haqida muayyan tasavvur uygʻotadi. Bahorning qish yoqasidan tutishi shoira koʻngil holatini ifodalashi bilan birga yaralish fasli koʻklamning yoʻqotish fasli qishga munosabatini ham aks ettiradi. Olamni ramziy idrok etishga odatlangan xalqimizning badiiy tajribasi bu oʻrinda “qish” timsoli oʻlim ramzi sifatida kelayotganligini anglatadi. Qishning bahor bergan haq savolga javob topolmay koʻz yoshi toʻkishi, nari chekinishi bilan lirik qahramonning koʻklam yeli soʻroqlari qoshida lol qolishi holatidagi uygʻunlik tasviri sheʼrxonni oʻziga rom etadi. Oʻqirman oʻz husnu koʻrkini koʻrsatmoqchi boʻlib shoir yigitni bogʻlardan, yashil qirgʻoqlardan qidirgan shabbodaning uni topolmagach, qahr bilan boʻronga aylanib jarliklarga bosh olib ketishi, alamdan togʻlarning toshini soylarga qulatishi tasvirini tabiiy qabul qiladi. Sezgir oʻqirman lirik qahramonning yanoqlari zaʼfaronligi sabablari toʻgʻrisida ham oʻyga toladi.
Sheʼrda lirik qahramon yotogʻiga kirib, uni savolga tutgan tong yelining dardi insonning dardi kabi samimiy va chin tasvirlangan. Bu misralar bilan tanishayotgan oʻqirman tomogʻiga yigʻi tiqilganday boʻladi. Lirik qahramon, yel va bahorning sheʼrda aks etgan qaygʻuzada holatlarini tuyish sheʼrxon hissiyotini junbushga keltiradi. Sheʼrning kuchi ham odamni ana shu holatga sola bilganida:
… Qani oʻsha kuychi, xayolchan yigit?
Nechun koʻzingda yosh, turib qolding lol?
Nechun qora libos, sochlaringda oq?
Nechun bu koʻklamda sen parishonhol?
Yelning sogʻinch va alam toʻla bu savollari qarshisida lol qolgan, oʻttizga ham kirmay sochlariga oq oralagan, qora libos kiygan parishonhol maʼshuqa ne qilarini bilmay, uning etagidan tutib, u bilan birga qabristonga – oshiq yoniga ketadi. Yelning alam zoʻridan aftoda kezib, ogʻochlarning hali uygʻonmagan kurtaklariga gʻamnok soʻzlashi, hali ochilmagan gʻunchalar bagʻrini chok-chok etishi holati tasviri katta taʼsir kuchiga ega. Sheʼrda tabiat hodisalari bilan shoira dardining mohirona uygʻunlashuvi inson ham, tabiat ham taqdir irodasi oldida ojiz ekanini koʻrsatadi. Koʻklam ham, yel ham maʼshuqa singari bu yoʻqotishga koʻnishga majbur. Ular koʻnmay ilojlari yoʻqligini bilishadi, ammo ayriliqqa koʻnikish ham qoʻllaridan kelmaydi. Tirik jonki bor hayotning azaliy qonunlari bilan hisoblashishga majbur. Ana shu majburiyat sheʼr qahramonini yashashga mahkum etadi. Qolaversa, shoira suyuklisining hayotini davom ettirish, joʻshqin ovozini soʻndirmaslik uchun ham yashashi kerak. Sheʼrning soʻnggi bandidagi: “Hijroning qalbimda, sozing qoʻlimda, Hayotni kuylayman, chekinar alam. Tunlar tushimdasan, kunduz yodimda, Men hayot ekanman, hayotsan sen ham” misralarida aks etgan nekbin samimiyat, ikki kishi uchun yashash masʼuliyatini zimmasiga olgan lirik qahramonning qatʼiy ishonchi oʻqirman koʻnglida chuqur iz qoldiradi. Soʻnggi bandning ifoda tarziga eʼtibor qilgan sheʼrxon shoiraning qator badiiy kashfiyotini sezadi. Chunonchi, misralarda “h” tovushining toʻrt bor qaytarilgani, “t” bilan boshlanadigan ikki soʻzning yonma-yon keltirilgani, “qalbimda”, “qoʻlimda”, “yodimda” soʻzlarining musiqiy ohangdoshligidan mohirona foydalanish sheʼrning taʼsir darajasini oshirib, uni hijron lirikasining yuksak namunalaridan biriga aylantirgan.
Shoiraning ayriliq ifodasi boʻlmish yana bir sheʼri “Koʻrganmiding koʻzlarimda yosh” deb ataladi. Sheʼrning birinchi bandida gul berishning ikki shakli tasvir etilgan. Oldin oshiq lirik qahramon – maʼshuqaga gul keltirgan boʻlsa, oʻlim ularning oʻrnini almashtiradi. Lirik qahramonning: “Endi har chogʻ men eltaman gul”, – degan hasrati sababi shunda.
Zulfiyaning hijron lirikasida unga hamisha tabiat hamdard. Bu holat sheʼrning ikkinchi bandida yaqqol aks etgan:
Keldim. Uzoq qoldim men sokin,
Sening aziz boshingda yolgʻiz.
Osmon tiniq edi va, lokin
Parcha bulut yetib keldi tez.
Osmon tiniq boʻlishiga qaramay, yoʻq yerdan parcha bulutning yetib kelishi, lirik qahramonning koʻzlarida yosh koʻrib, uning iztiroblariga bardosh qilolmay, duv-duv yosh toʻkishi tasvirining taʼsir darajasi, samimiyligi, haqqoniyligi, hayotiy asosi sheʼrxonni oʻyga toldiradi.
Sheʼrning soʻnggi bandidagi dastlabki ikki misra oʻqilganda, ikki munglugʻ jonning holatidan oʻqirman yuragida ham ismsiz bir ogʻriq paydo boʻlib, koʻzga yosh qalqitadi. Bu misralar oʻqirman koʻnglida qani edi, shoira izlayotgan odam: “Keldingmi?” – deb yotgan joyidan bosh koʻtara qolsa, degan istakni uygʻotadi. Sheʼrxonda ana shunday tuygʻuni paydo qilishning oʻzi shoir uchun eng yuksak natijaga erishmoqdir. Asl intim lirika namunasigina shunday quvvatga ega boʻladi. Odam oʻzganing emas, oʻzining tuygʻulari tasvirini bergandagina samimiy boʻla oladi. Zero, sinchkov adabiyotshunos Fayzulla Salay qayd etganidek, intim lirika:”… samimiy doʻstlik, muhabbat, vafo va sadoqatni tarannum etuvchi lirik asarlardir. Intim lirika paydo boʻlishi jihatdan gʻoyat qadimiydir. Negaki, ilk sanʼat asarlarida kishilararo munosabatlar yetakchi oʻrin tutganligiga shubha yoʻq… Dil rozi, muhabbat izhori, hijron dardi, visol quvonchi barcha xalqlar sheʼriyatining doimiy motivlaridan sanaladi”.
Zulfiyaning “Sen qaydasan, yuragim” sheʼri Hamid Olimjon vafotidan bir yil oʻtgach yozilgan boʻlib, unda hijron oʻtida qovrilayotgan alamdiyda ayolning chin tuygʻulari yorqin aks ettirilgan. Oʻquvchini sheʼrning ohangi oʻziga jalb etadi. Mazmuni gʻamdan iborat sheʼrning ohangi ham gʻamgin. Bu ohangda adoqsiz gʻam ogʻushidagi shoiraning shikasta ovozi, yoʻqsil ruhi aks etadi. Hazin ohang oʻqirman tuygʻulari koʻzini ochib, sheʼr ruhi tuyilishini osonlashtiradi.
Zulfiya uchun Hamid Olimjon ham sevimli yor, ham maslakdosh doʻst, ham ustoz edi. Endi u – yoʻq. Yigʻlamaslik, gʻamga choʻkmaslik imkonsiz. Iroda ojizlik qilmoqda. Atrofda odam koʻp-u, lirik qahramon “yakka-yolgʻiz”. Chunki uning suygani olamda birgina edi, xolos. Uning oʻrnini bosib, qahramonni yolgʻizlikdan xalos eta oladigan odam yoʻq. Uning xayoli oʻzi bilmagani holda yoʻqotganini izlash bilan ovora. Yorini yoʻqotganidan dunyoning rangsizlanib qolganini shoira: “Birdan qalbim keksarib”, – deya ifodalaydi. Bor-yoʻgʻi oʻttiz yoshdagi shoiraning dardu hasrati sheʼrda bandma-band oshib boraveradi: “Qayga ketding, yuragim, Bitdi bardosh va toqat. Suhbatingdir tilagim, Tilda hasratim qat-qat”. Ayriliq zoʻridan tili va dilida hasratlar qat-qat boʻlgan mushtipar ayolning ruhiyati ushbu misralarda yaqqol aks etgan.
Zulfiya yoridan ayrilgan kezlarda odam oʻz gʻamini aytish imkonidan ham mahrum ekani fojia koʻlamini yana kuchaytiradi. Negaki, hukmron mafkura sovet tuzumida yashayotgan odamlarning hammasidan yoppasiga baxtiyorlikni talab qilardi. Qaygʻu haqida gapirayotgan odam mavjud tuzumning dushmani sanalardi. Zulfiyaga, yuragi alamlardan pora boʻlgan yorga, hijrondan oʻrtanayotgan beva ayolga, norasida farzandlarining soʻroqlariga javob topib bera olmayotgan bagʻri qon onaga, baxtsizlikdan oʻrtanayotgan shoiraga gʻam toʻgʻrisida, hijron toʻgʻrisida keragidan ortiq yozmoqda degan ayb qoʻyiladi! Bu daʼvoni begonalar emas, uni yaxshi biladiganlar, yonida yurganlar qilishadi. Ushbu holat sheʼrda, garchi, “Yigʻlaysan deb doʻstlarim taʼna qilar. Netay men?” tarzida muloyim bir hazinlik bilan ifodalangan esa-da, bu misralar zamirida adoqsiz va unutilmas alam silqib yotibdi.
Ahdida ustuvor va tuygʻulariga xiyonat qilmagan shoiraning kechinmalari sovimaydi. Alami, hijroni har zumda yangilanib, tobora kuchayib boraveradi. Roʻzgʻori, farzandlari, kitoblari, doʻstlari yoʻqotgan kishisini qayta-qayta esga solavergani bois quyidagi oʻtli satrlar qogʻozga inadi: “Sovush bermaydi menga, Yoqib ketganing olov”. Muhabbatning olovi – mangu yongulik qudratga ega. Aql yorning qaytib kelmasligiga iqror boʻlsa ham, ruh bunga koʻnikmaydi, u berahmlik bilan qaytmas boʻlib ketgan yorga talpinaveradi. Sadoqatli shaxsning azoblari tinimsiz davom etaveradi. Ushbu dramatik holat shoiraning shaxsigagina tegishli boʻlsa-da, u kechirgan tuygʻular chin boʻlgani bois boshqalarga ham begona emas.
Shoiraning “Ne baloga etding mubtalo” sheʼrida Hamid Olimjon nomi toʻgʻridan-toʻgʻri tilga olinmaydi. Ammo shoiraning hayot yoʻli bilan birmuncha tanish boʻlgan har bir oʻqirman sheʼrning u haqda ekanligini tuyishi tayin. Sheʼrdagi alamli murojaat, javobsiz savollar kimga atalganini aniqlashga urinish shunga olib keladi. Sheʼr 1945 yilda yozilgan. Fojia roʻy berganiga yil oʻtgan, lekin uning alamlari eskirgan emas. “Oʻtdi oylar gʻam bilan oqib, Dil topmadi zarra tasallo” misralarida shoiraning insoniy dardi koʻlami tasvir etiladi. Oylarning gʻam bilan oqishi tasviri tuygʻuning miqyosi va shiddatini oʻqirman tasavvurida gavdalantirishga xizmat qiladi. Ayriliq tufayli paydo boʻlgan gʻam daryoday oqmoqda. Hijron oylari ana shu gʻam oʻzanida oqib bormoqda. Vaqt tinimsiz oʻtib borayotir. U har qanday dardni unuttirishi kerak. Lekin vaqtning oʻtishidan shoira dili zarra qadar tasalli topa olmayapti. Haqiqiy va ulkan yoʻqotish oldida vaqt ham ojiz.
Ikkinchi banddagi “Koʻz ochgani qoʻymaydi alam, Boshim qoʻysam kuydirar bolish” misralarida teran poetik maʼno oʻta taʼsirli shaklda ifoda etilgan. Alamning zoʻridan koʻzini ocholmaydigan holga tushgan, yuragidagi gʻam oʻtining kuchi beva ayolning aslida muzday boʻladigan bolishini kuydirar darajaga yetgani ifodasi shoira tuygʻularini oʻqirmanga ham toʻla yuqtiradi. Koʻngilda yonayotgan ayriliq alangasi sabab yostiq boshni kuydirishi ifodasining shu qadar shoirona berilishi oʻqirmanni befarq qoldirmaydi. Sheʼrda iztirobli tuygʻular gʻoyat izchil tasvirlangan: vujud va yurak qiynogʻi ifodasidan keyin bu qiynoqlarni bosish uchun kitob va qalamga qoʻl urilgani, ammo na kitob, na qalam qahramonni yupata olgani aks etadi. “Misralarim koʻtarar nolish” satrida esa kuchli mantiq juda chiroyli ifodasini topadi: ayriliq iskanjasidagi odam gʻamni unutmoq uchun qoʻliga qalam olsa-da, qalam oʻz-oʻzidan yana nolani, yana dardni, yana hijronni ifodalayveradi! Chunki chinakam sheʼr koʻngil holatining manzarasidir. Koʻngilda esa ayriliq dardi hukmron. Shoira oʻz hissiyoti xurujining quyuq manzarasini bergach, soʻraydi: “Nahot shuncha maʼsum, shuncha pok Sevishmoqda alam bor shuncha”. Sirtdan qaraganda, bu soʻzlar oshiqqa qaratilganday koʻrinsa-da, aslida taqdir, qismat soʻroqqa tutilmoqda. “Shuncha” soʻzining takror ishlatilishi gʻamining naqadar kattaligini oʻzi ham tuzukroq tasavvur qilolmayotgan kishi holatini aks ettirgan. Hushyor sheʼrxon yuqoridagi misralarda Hamid Olimjonning mashhur “Ofeliyaning oʻlimi” sheʼridagi “Hali sevishmoqda shumidir maʼno? Faqat azob bordir qismatda, nahot?” satrlarining nuqsi borligi va bu tabiiy ekanini anglaydi.
Sheʼrning soʻnggi bandi oʻqirmanni oʻylashga undashi, tuygʻular rang-barangligini sezishga yoʻnaltirishi bilan ajralib turadi:
Erib ketmagandim sevgingdan,
Boʻlmaslikchun baxtingdan judo,
Birga qolish uchun sen bilan
Kuyamanu boʻlmayman ado.
Shoira vujudidagi tuygʻular mavji uni baxtiyor damlar qatlanib yotgan xotiralar qirgʻogʻiga keltirib tashlaydi. U armon bilan eslaydi: tirikligingda sendan ayrilmaslik, baxtdan judo boʻlmaslik uchun olovli muhabbating taftida erib ketmagandim. Endi qabring poyida sen bilan birga qolish uchun shamday kuyamanu, ammo ado boʻlmayman! Demak, avval, erish mumkinligida ayrilmaslik uchun atay erimagandim, endi senga qoʻshilish uchun atay kuyib ketmoqchimanu eriy olmayotirman! Bir yuksak tuygʻuning ikki qarama-qarshi maʼnolar tashiydigan baytlarda ifodalanishidagi ifoda goʻzalligi sheʼrning badiiy qimmatini oshiradi.
Zulfiyaning “Sensiz” sheʼri 1970 yilda yozilgan. Mazkur sheʼrni shoira hayotidagi fojianing bevosita aks-sadosi deyish qiyin, chunki oradan chorak asrdan koʻproq vaqt oʻtgan, oddiy tasavvurlarga koʻra, har qanday gʻam-alam unutilishi uchun yetarli fursat kechgan. Sheʼrning ohista boshlangan dastlabki misralari ham shuni tasdiqlaganday boʻladi: “Mana bir umrni yashadim sensiz, Qaytmas shodliklarning qaytishin kutib”. Oʻquvchi ilk misralarning maʼnosini chaqib, ular zamiridagi goʻzallikni koʻra olsa, quyidagilarni kashf etgan boʻlardi: shodliklar oshiq bilan qabrga kirgan, shu bois qaytmas, lirik qahramon buni juda chuqur his etadi. Ammo u umidvor inson, baribir qandaydir moʻjiza yuz berib yorining qaytishini kutaveradi. Shu taxlit aldamchi umid bilan butun bir umr yashab qoʻyilibdi! Shuning oʻzi – bir insonga yetgulik fojia. Ammo sheʼrdagi fojiaviy ohang misrama-misra yanada yuksalib boraveradi. Chunki lirik qahramonning yarador qalbini baxt ham, bahor ham, qish ham qiynaydi. Negaki, birovning baxti oʻzining baxtsizligini esiga soladi, yorning sevgan fasli bahor qaytib kelaveradi, bahorni sevuvchi insonning oʻzi esa yoʻq. Qish – ogʻir kechadigan fasl, shu bois bari – bir bahorni – yoʻqotilgan sevgini esga tushiraveradi. Qaygʻuga ham befarq boʻlolmaydi, zotan, har qanday insonning har qanday qaygʻusi qahramon qaygʻusiga oʻxshash, hamohang!
U seviklisini unuta olmaydi, esdan chiqarishga urinsa ham, buning uddasidan chiqolmaydi. Va ayriliqdan hadsiz qiynalib ketganlarida xayolan yoridan soʻraydi: “Tirik ekan nega tashlab ketmading?” Bu misra – suygan odamning ilojsizlikdan, muhabbat va ayriliq qarshisidagi ojizlikdan bildirgan noroziligining avj ifodasi. Shundan keyingi misralarda yorning tirikligida shoirani tashlab ketishiga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan xayoliy goʻzalning sifatlari keltiriladi. Shoiraning tasviricha, suyganidan tiriklikda ayrilganda, keyingi hijron bu qadar ogʻir kechmagan boʻlardi!
Lirik qahramonning tuygʻulari – pokiza. U biladi hijron azobli, tirik turib ayrilish har nedan qiyin, lekin sevgan kishisining hayoti uchun har qanday azobga-da tayyor: “Bilardim, qaydadir olasan nafas”. Shoira tuygʻular tasviri maromini buzmaydi. Lirik qahramon sevgisi rad etilgan har qanday ayol singari: “Bilaman, rashk meni etardi halok, Afzal koʻrganingni qargʻab oʻtardim”, – degan soʻzlari bilan oʻzining bir ayol sifatidagi asl tuygʻularini ochiq aytadi. Jonidan ortiq yaxshi koʻrgan kishisining qandaydir boshqa birov bilan qaydadir nafas olishini his qilish qahramon uchun oson emas. Garchand, u bugunga kelib, qaytarilmas yoʻqotishlar qarshisida shunga ham rozi esada. Shu bois u nega tirikligingda tashlab keta qolmading, ayriliqni kechirish osonroq boʻlarmidi deb iddao qiladi.
Zulfiya sheʼrlarining aksariyatida kuchli obraz, porloq fikr koʻpincha soʻnggi bandda beriladi. Lirik qahramon oʻz qismatining taxirligidan nolib kelar ekan, tuygʻular junbushi borgan sari yuksalib boraveradi. Soʻnggi bandda, nihoyat, shoira tan oladi: “Maʼyus taqdiringga yashab men sherik, Mushkul boʻlayotir shodlik yaratmoq”. U yorining qismatisiz, uning maʼyus taqdiriga sherik boʻlmasdan yashay olmaydi. Noravo hayot esa undan “shodlik yaratishni” talab etadi. Shu bois lirik qahramon suyganidan norozi boʻladi, shu sabab alam bilan unga murojaat etadi: “Nega tirik ekan tashlab ketmading, Tashlab ketmading-sa boshlab ketmading?!” Lirik qahramon holatining, tuygʻulari koʻlamining yorqin ifodasi sheʼrning soʻnggi ikki misrasiga goʻzal joylangan. Sheʼrning eng soʻnggi qatorida “ekansan” soʻzining “sa” tarzida oʻta qisqartirib berilishi ham, – sa shakli tufayli jumla qurilishidagi oʻzgarishlar ham qahramon ruhiy holatini quyuqroq ifodalashga, tasvirning taʼsirchanligini oshirishga xizmat qilgan.
Zulfiya faqat oʻz shaxsiy hayoti qobigʻida qolishi mumkin boʻlmagan miqyosdagi ijodkor edi. Shoira ayriliqdan oʻzga hayotiy yoʻnalishlarda ham koʻplab sevgi sheʼrlari, dostonlar, poetik manzaralar yaratgan ijodkordir. Jumladan, shoiraning “Oydinda” sheʼrida koʻklamning yomgʻirdan keyingi tunlaridan birida yulduzlar charaqlagan osmon, olamni oqlikka oʻragan oy, xayol kabi toʻzgʻin bulutlar goʻzalligini koʻrib hayajonga tushgan shaxsning kechinmalari, hayratlari qaytarilmas yoʻsinda aks ettirilgan. Bu asar shoira sheʼriyati yoʻnalishining sertarmoqligini koʻrsatib, hassos qalbli ijodkorning ayriliq sheʼrlaridan keskin farq qiladigan badiiy yuksak yaratiqlari ham borligini bildirishi bilan ahamiyatli. Sheʼrda oyning “jilib-jilmas”ligi, “anhorda qulun toy”ligi-yu, “gilosda shigʻil-shigʻil” aks etganligi, “bulutning xayolday yengil”ligi tasviri oʻqirman kayfiyatinida lirik qahramonnikiga sherik qiladi.
Anhor tinimsiz toʻlqinlanib oqadi, shu bois unda aks etayotgan oy qulunday yugurik. Yomgʻir yuvib ketgan gilos mevalarining har birida bittadan oy jilva qiladi, shu bois gilosda “oy shigʻil-shigʻil”. Hovuz oqmaydi, shu bois oy unga yaxlit oynaday boʻlib yoyilgan, oyni yaxshiroq koʻrmoq ilinjida egilgan shoira yana bir Oyga – oʻziga roʻbaroʻ keladi. U goʻzal malika yangligʻ ming-ming yulduzni sidirgʻasiga chayqab, yerga sudrab ketmoqda. Chunki tiniq osmonning hovuzdagi aksi koʻkdagidan-da tiniq koʻrinadi. Ortidan minglab yulduzlarni ergashtirib ketayotgan oyday malak oʻquvchi koʻz oldiga keladi. “Sel unutgan koʻlmaklar Misli oyning singani” misralaridagi chiroyli oʻxshatishdan tashqari “sel unutgan koʻlmak” obrazli ifodasi haqida oʻyga tolish, uning tagiga yetishga urinish sheʼrxonni yuksaltiradi. Samimiy tuygʻular ifodasi boʻlmish sheʼrdan hayratga tusha oladigan, chinakam sheʼriy satrlar bagʻridagi sehrni his qilishga qodir oʻquvchi maʼnaviy olamida ezgu sifatlar shakllanishi shubhasizdir.
Shoiraning “Tun” sheʼrida koʻngil holati tabiat manzarasiga mahorat bilan uygʻunlashtirilgan. Bu asarning dastlabki ikki misrasiyoq kishi diqqatini tortadi: “Togʻ ortiga oʻtib ketdi kun, Sekin choʻkdi toza, salqin tun”. Bir qaraganda kunning togʻ ortiga oʻtib ketishi va tunning kirib kelishi tabiatning joʻn bir holati. Lekin bu holatning shoirona tasviri, bu tunda shoiraning bedorligi, qop-qorongʻiligining oʻzi bilan koʻngillarda hadik uygʻotuvchi tunning toza deb ifodalanishi, uning kirishi “choʻkdi” tarzida taʼriflanishi kishini yon-veridagi narsa-hodisalarga boshqacharoq, shoirona koʻz bilan qarashga undaydi. Sheʼrga kirish vazifasini oʻtagan bu ikki misra tinglovchini ruhan tun quchogʻiga yetaklaganday boʻladi. Ular zamiridagi sokin va betakror ohang oʻquvchini shu holatga olib kiradi.
Sheʼrning keyingi bandi ohangi esa tamomila oʻzgachalik kasb etadi: “Men deraza ochganim chorbogʻ, Sokin uxlar tun koʻrpasida. Mayin qoʻshiq yoyilar har yon, Esib oʻtgan yel sharpasida”. Kirish misralardagi tunga munosib sokinlik oʻrniga ilk bandda quvnoq hayotbaxsh ohang, tabiatning cheksiz goʻzalligini koʻra oladigan, undan zavqlana biladigan, toshib chiqayotgan tuygʻularini ifodalashni uddalaydigan lirik qahramon tiynati aks etadi.
Misralarda “tun koʻrpasiga burkangan chorboq”qa deraza ochgan shoira tuygʻulari, yel sharpasidan taralayotgan mayin qoʻshiqni ilgʻagandagi koʻngil holati oʻqirman tasavvurida gavdalanadi. Ikkinchi bandda sheʼrxon diqqati tunni allalab oqayotgan suvga tortiladi. Oʻqirman suvning tunni allalashi tasviriga ilk bor duch kelgani uchun bu chiroyli tashbih uni oʻziga rom qiladi. Banddagi qolgan uch misra shoiraning bedorligi holatini ifodalaydi. Uning hamrohlari: “parcha qogʻoz”, “kichik bir qalam”, boshi uzra porlab turgan chiroq va suv allalayotgan sokin tun. Mahorat bilan qilingan tasvir oʻquvchi koʻz oldiga bedor lirik qahramon “berilib quloq sol”ayotgan tunning kuyi, quyilib kelayotgan xayollarning rang-barangligi va koʻngildan kechayotgan tuygʻular ifodasiga soʻz topolmay shoshib qolgan qahramon holatini keltiradi. Sokin tunda koʻnglida sodir boʻlayotgan kechmishlarga rang axtarib, topa olmay qiynalayotgan insonning holatini hissiyot qoʻzgʻaydigan tasvirga aylantirish chin isteʼdod egasininggina qoʻlidan keladi.
“Tun”ning toʻrtinchi bandida parvona timsoli tasvirga tortiladi: “Sof yel esar… Parvona uchar, Chiroq atrofida oʻrgilib, Oʻzin urib part boʻladi-yu, Stolimga tushadi kelib”. Shoira chirogʻi atrofida “oʻrgilib”, oʻzini olovga urib “part boʻlgan” parvona mumtoz adabiyotda koʻpincha ishq oʻtida oʻzini qurbon qilgan oshiq timsolida namoyon boʻladi. Mazkur sheʼr oʻquvchilarni parvona kimning timsoli ekani toʻgʻrisida oʻylashga majbur qiladi. Keyingi bandda tun taʼsirida shoira koʻnglidan kechgan ismsiz tuygʻularning sheʼr shaklida bir parcha qogʻozga toʻkilishi joʻngina “men yozaman” shaklida ifodalangan.
Shoiraning yuragi dunyodagi ezguligu yovuzlik, goʻzalligu xunuklikka ochiq ekani bois hayotdagi hamma narsa unga taʼsir qilib, muvozanatdan chiqaradi. Hayot hodisalari tufayli koʻnglida sodir boʻlayotgan bezovtalik, dard unga tinchlik bermaydi. U yozmasa, tuzalmaydi, yengillasholmaydi. Unga tunlari uyqu bermay bedor qilgan ham shu – dard. Samimiy koʻngilda paydo boʻlgan va soʻz bilan moddiylashgan dard qaysidir darajada, boshqalarga ham xosligi, ularning koʻngil torlarini cherta bilgani uchun ham shoiraning sheʼrlari oʻzgalarga taʼsir qiladi, huzur bagʻishlaydi. Oʻzgalargada “yuqadi”gan dard tufayli lirik qahramon tunni bedor oʻtkazib, tongni kutib oladi. Tun goʻzalligidan shuncha taʼsirlangan shoira yorugʻ tongning tasviriga kirishib oʻtirmaydi. Chunki uning tasviriga qalam ojiz…
Sheʼrning: “Koʻzlarimda erib ketdi tun, Yoyilmoqda, yorqin juvon kun” tarzidagi soʻnggi ikki misrasi salmoqli badiiy va majoziy maʼno tashiydi. Koʻzining oldida erib ketgan tun goʻzalligi koʻnglida gʻalayon qoʻzgʻagan lirik qahramon yoyilayotgan “yorqin juvon kun”ni katta umidlar bilan qarshilaydi.
Yorqin isteʼdod, betakror shaxsiyat, kamyob taqdir egasi boʻlgan shoira Zulfiyaning taʼsirchan sheʼriyati uzoq yillar millat ahliga samimiyat saboqlarini berishda davom etaveradi.
Qozoqboy YOʻLDOSH
“Yoshlik”, 2015 yil 2-son
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/ayriliqning-umidbaxsh-tasviri/