Frans KAFKA
Bogʻ panjarasi yonidan aravalarning oʻtib borayotgani eshitildi, baʼzan ularni sal-pal chayqalib turgan barg-yaproqlar orasidan ham koʻrib qolardim. Ularning jazirama issiqda qurib-qaqshab ketgan kegay hamda shotilari shunaqangi gʻichirlardiki! Daladan qaytayotgan ishchilarning bundan kulishayotganini koʻrib, odam uyalib ketardi.
Men ota-onamning bogʻida, daraxtlar orasida, abjirgina argʻimchogʻimizda dam olib oʻtirardim.
Panjara oldida shovqin sira tinmaydi. Hozirgina bolalar zuv yugurib oʻtib ketishdi; hayal oʻtmay gʻalla ortilgan aravalar paydo boʻldi, ulardagi bogʻlamlar ustiga erkaklar va ayollar oʻtirib olishgan, tevarak-atrofdagi gulpushtalar qorayib koʻrinadi; kechga tomon hassa tayangan bir janobga koʻzim tushdi, u aftidan, kechki salqinda asta sayr qilib yurardi, uning roʻparasidan qoʻl ushlashib kelayotgan bir toʻp qizlar chiqib qoldi, ana, ular salomlashib, yon tomondagi maysazorga oʻtib ketishdi.
Shundan soʻng, allaqayerdan “guv” etib qushlar osmonga koʻtarildi, ularni kuzatarkanman, birdaniga otilib chiqqanini koʻrgan boʻlsam ham, negadir ishongim kelmasdi, ehtimol, quvvatsizlikdanmi, bir oz boshim aylanib, oʻzimni xuddi yiqilayotgandek his qildim va arqonlarni mahkam ushlab oldim. Dam oʻtmay, qattiqroq chayqala boshladim, havo ham yanada salqinlashib, osmonda parvoz qilib yurgan qushlar oʻrnini endi miltillagan yulduzlar egalladi.
Sham yorugʻida kechki tamaddiga oʻtirdim. Charchadim shekilli, ikkala qoʻllarim bilan taxtasupaga suyangan koʻyim buterbrod yeb oldim. Derazaning nihoyatda yupqa, mayin toʻrsimon pardalari iliq shabadada yengil hilpiraydi, goh-goh koʻchadan bitta-yarimta oʻtib qolib, men bilan koʻrishib, gaplashgisi kelib qolsa, uni qoʻllari bilan mahkam tutadi. Koʻpincha sham oʻchib qoladi va shamning boʻgʻiq tutunida anchagacha chivinlar uymalashadi. Goho kimdir deraza osha chaqirib qoladi, men ham xuddi togʻlarga yoki ochiq havoga qaragandek, birrov nazar tashlayman, ovoz bergan kimsa esa javob ham kutmay ketib qoladi.
Nihoyat, bittasi deraza panjarasiga astoydil sakrab chiqadi va boshqalar uy oldida toʻplanib, kutishayotganini maʼlum qiladi, men esa xoʻrsinib, oʻrnimdan turaman.
– Yoʻgʻ-e, namuncha xoʻrsinmasang? Nima boʻldi oʻzi? Boshingga biror ogʻir, tuzatib boʻlmas musibat tushdimi? Nima, endi sira oʻzimizga kelolmaymizmi? Rostdanam hammasi tugadimi?
Hech nima tugagani yoʻq edi. Biz uy oldiga chopib bordik.
– Xayriyat-e, keldilaringmi? Sen oʻzi doim kech qolasan!
– Nega endi men?
– Ha, sen, xohlamasang, uyingda oʻtir. Ayab oʻtirish yoʻq!
– Nima? Ayab oʻtirish yoʻq? Bu nima deganing?
Biz boshimiz bilan oqshom bagʻriga shoʻngʻidik. Na kunning, na tunning farqi bor edi. Dam nimchalarimiz tugmalari bir-biriga tegib, tishdek gʻichirlar, dam barchamiz baravar masofada birga yugurib borar, tropik joylardagi jonivorlarga oʻxshab, ogʻzimizdan olov purkardik. Qadimgi urushlardagi kirasir(kirasa(sovut) kiygan otliq askar)lar yangligʻ bir-bir bosib, tagʻin osmonu ziminda, bir-birimizni turtib-surib, torkoʻchadan quyi tushib kelar va oyoqlarimizdagi ana shu tezlik sovib ulgurmay, yana qaytadan qishloq koʻchasi sari chiqib borardik. Shu ketishda baʼzi bir sheriklarimiz koʻchadagi chuqurlarga tushib ketar, ammo qoramtir doʻnglik oldida koʻzdan gʻoyib boʻldi deguncha, yana yuqorida, dala yoʻlida begona odamlardek paydo boʻlar va pastga termilib turishardi.
– Bu yoqqa tushsalaring-chi!
– Avval tepaga chiqib ollaring!
– Bizni yiqitmoqchisanlar deb oʻylayotganimiz yoʻq, kallamiz joyida.
– Shunchalik qoʻrqoqmiz, demoqchimisanlar. Qani, chiqaqolinglar unda!
– Rostdanmi? Sanlar-a? Bizni yiqitmoqchimisanlar? Koʻramiz hali ahvollaringni.
Biz hujumni boshladik, zumda oynadek silliq tepalik oldiga yetib borib, oʻzimizni koʻchadagi oʻt-oʻlanlar oʻsib yotgan chuqurlar ustiga tashladik, kimdir nogoh yiqildi, kimdir oʻz ixtiyori bilan. Hamma narsa birdek qizigan, biz na issiqni, na oʻt-maysalardagi sovuqni sezardik, faqat charchaganimiz bilinardi, xolos.
Oʻng tomonga xiyol yonboshlab, qoʻlni quloq ostiga qoʻydim deguncha, odamni uyqu elita boshlaydi. Lekin boshingni koʻtarib, bor kuchingni toʻplab, yana sakrab oʻrningdan turishing, yanada chuqurroq oʻraga tushib ketishing kerak. Shundan soʻng, qoʻlingni koʻndalang tutib, oyoqlaringni yondama shamol yalab, havoga yuzma-yuz otilib chiqasan va albatta, yana boshqa chuqurroq xandaqqa yiqilib tushasan. Koshki edi shunisi oxirgisi boʻlsa.
Soʻnggi chuqurda bukik tizzalaringni, butun tanangni oʻz holiga qoʻyib, choʻzilib uxlab olging keladi, qayoqda, bu haqda oʻylab ham boʻlmaydi, aksincha, kasal odamga oʻxshab chalqancha yotvolib, yigʻlavoray deysan. Mabodo tepalikdan bironta bola tirsaklarini beliga tirab, tovonlari qorayib tushib kelgudek boʻlsa, unga asta koʻz qisib qoʻyasan.
Tepada Oy koʻrindi, chiroqlarini yoqvolgan pochta mashinasi oʻtib ketdi.
Yengil shabada esdi, buni chuqurda yotib ham sezish mumkin edi, yaqin-oʻrtada joylashgan oʻrmon shovillay boshladi. Shunaqa paytlarda odamning ortiq yolgʻiz qolgisi kelmay qoladi.
– Qayerdasanlar? Bu yoqqa kelinglar, hammang!
– Nimaga yashirinib oʻtiribsan, tur-ye!
– Pochta allaqachon oʻtib ketdi, bilmadilaringmi?
– Yoʻgʻ-ye! Rostdanmi?
– Albatta, sen uxlayotgan paytda oʻtib ketgan.
– Men uxladimmi? Boʻlmagan gap!
– Qoʻysang-chi, yuz-koʻzlaringdan bilinib turibdi-ku.
– Sendan iltimos qilaman…
– Kelaqolinglar endi!
Biz yonma-yon yugurishib ketdik, baʼzilar qoʻl ushlashib oldi, boshimizni tik tutib boʻlmasdi, chunki pastga qarab tushib borardik. Kimdir kutilmaganda hindularning jangovar chaqirigʻini hayqirib yubordi va biz endi otlarga oʻxshab sakrab chopa ketdik, har sakrashimizda shamol bellarimizdan quchib, madadkor boʻlayotgandek tuyulardi. Bizni hech narsa toʻxtata olmasdi; bir-birimizni quvib oʻtayotganimizda qoʻllarimizni qovushtirib, yon-atrofimizga ham birrov razm solib olardik.
Tentaksoy koʻprigi ustiga yetganda, hammamiz toʻxtab qoldik; ilgarilab ketganlar ham qaytib kelishdi. Pastda suv tosh va ildizlarga urilib oqar, vaqt allamahal boʻlib qolgani ham sezilmasdi. Nega hozir birortamiz koʻprik panjarasidan suvga sakramayotganimiz ajablanarli hol edi.
Uzoqda, butazor va changalzorlar ortidan temir yoʻl poyezdi yelib kelardi. Barcha kupelarning chiroqlari yoniq, deraza oynalari tushirib qoʻyilgan edi. Shunda oramizdan bittasi nogoh koʻcha qoʻshigʻini kuylay boshladi-yu, barchamizning ashula aytgimiz kelib qoldi. Biz poyezdga qaraganda ham tezroq kuylardik, qoʻllarimizni silkib ham qoʻyardik, chunki ovozimiz yetishmay, boʻgʻilayotgandek tuyular, bu esa bizga yoqardi. Agar ovozing boshqalarniki bilan qoʻshilib ketgudek boʻlsa, oʻzingni goʻyo qarmoqqa ilingandek his etarkansan.
Ortimizda oʻrmon, olislab borayotgan sayyohlar ketidan shunday kuylab qoldik. Bu paytda qishloqda kattalar haliyam uygʻoq, onalar esa bolalarini yotqizish uchun joy hozirlashardi.
Vaqt boʻldi. Men yonimdagi bolani oʻpib qoʻydim-da, qolgan uchoviga shunchaki qoʻl uzatdim va kelgan yoʻlimdan orqaga chopib ketdim, ortimdan hech kim chaqirmadi. Birinchi muyulishga yetib borgach, meni endi ular koʻraolmasdi, burildim va dala yoʻllari boʻylab oʻrmon tomon yana yugurib ketdim. Men janubdagi shahar sari intilardim. Bu shahar haqida qishlogʻimizda shunday gap-soʻz yurardi:
U yerda odamlar yashaydi! Bilasizlarmi, ular uxlamas emish!
– Nega endi uxlamas ekan?
– Chunki ular charchashmas ekan.
– Nega endi charchashmasakan?
– Chunki ular ahmoq ekan.
– Nima, ahmoqlar charchamaydimi?
– Ahmoqlar qanday charchasin, axir!
Nemis tilidan Mirzaali AKBAROV tarjimasi
“Yoshlik”, 2015 yil 2-son
https://saviya.uz/ijod/nasr/qishloq-kochasidagi-bolalar/