Doʻppisi yoʻq dunyo

Qabrning eshigi yoʻq

 

Uning boshini nam tuproqqa ohista qoʻyishdi. U hamon qimir etmay, toshday qotib yotardi. Xayriyat, avval jagʻini, soʻng qoʻllarini boʻshatishdi. Ishqilib, nafas olayotganini birov sezib qolmasaydi. Sezsa barchasi barbod boʻladi…

Uning tirikligini faqat xotini eshitmasin, eshitsa tamom, hammasi qaytadan boshlanadi. U esa janjallardan shu qadar toʻyib ketgan ediki, eh-he, bu janjal-toʻpolonlarni, adi-badilarni, achchiq-nordon gap-soʻzlarni, zaharli kesatiqlarni, ur-yiqitlarni ipidan ignasigacha qogʻozga tushirishga qalamning bardoshi yetmaydi. Ularni birma-bir bayon etish uchun shoʻrlik qogʻozning yuzi chidamaydi…

Endi u umr boʻyi yelib-yugurib, orzu qilib topgan shohona joyidan hech qachon turmaydi, turolmaydi, turishni ham istamaydi. Hatto qimirlamaydi ham. Chunki chiqib ketishi uchun qabrning eshigi yoʻq.

 

Ham kulasiz, ham kuyasiz

 

Yirik korxonaning yirik boʻlimlaridan birining shinam va yorugʻ xonasida toʻrt kishi savlat toʻkib oʻtiradi. Ular bir xonada ishlaydilar. Hatto ularning lavozimlari ham bir xil. Har uch oyda va bayramlar munosabati bilan beriladigan mukofotlarni ham bir xil miqdorda oladilar. Mehnat taʼtili kunlarini hisobga olmaganda ular har kuni ishga bir vaqtda kelib, belgilangan vaqtda ketishadi. Ular oʻzaro muomalalaridan goʻyo bir-birlari bilan inoq va mehribon odamlarga oʻxshaydilar. Aslida esa…

Kechirasizlar, andak faromushlik qilib, xonadagi beshinchi kishini unutib qoʻyishimizga ozgina qolibdi. Beshinchi odam zamonaviy tilda aytganimizda, ushbu xonada oʻtirgan toʻrt xodimning referenti, toʻgʻrisi, yordamchisi. Lekin uning vazifasi ancha ogʻir va murakkab. Oldin ular ham ikki kishi edi. Lekin korxona rahbariga uchta referent zarur boʻlib qolganligi sababli bittasi yuqoriga koʻtarilib ketdi. Referentning vazifalari aniq belgilanmagan boʻlsa-da, u quyidagi yumushlarni bajaradi.

Aytaylik, xonaning oʻng tomonida oʻtirgan xodimga bir varaq qogʻoz kerak boʻlib qolsa, u darhol referentga qoʻngʻiroq qilib, “falonchi akangizdan menga bir varaq qogʻoz olib kelib bering”, – deydi buyruq ohangida. Referent ham qogʻozni olishi lozim boʻlgan xodimga darhol qoʻngʻiroq qilib, uning qogʻozi bor-yoʻqligini soʻraydi. Agar u rozilik bersa, xodimning iltimosini aytadi. Boʻlmasa kutadi. Referent qogʻozni olib, kirim-chiqim daftariga qayd etib, soʻragan xodimga olib borib beradi. Borishdan oldin esa, qoʻngʻiroq qilib, xodimdan ruxsat soʻraydi.

Xuddi shunday holat xonaning chap tomonida yoki kun chiqar tomonida oʻtirgan xodimlar bilan ham roʻy berishi muqarrar. Ular ham oʻylab oʻtirmasdan darhol referentga qoʻngʻiroq qiladilar. Referent ularning soʻrovlarini (iltimoslarini emas!) yelib-yugurib bajaradi. Masalan, xodim biror yumush yoki topshiriq bilan ketsa, yonidagi xodimni emas, albatta referentni ogohlantiradi. “Bularga aytib qoʻying, falon joyga, falon ish bilan ketayotirman”, deydi. Va xonadan viqor bilan chiqib ketadi.

Xodimlarga kun boʻyi goh ruchka, goh qogʻoz zarur boʻlib turadi. Ulardan biri choy ichsa, biri qahva xohlaydi. Yana birining koʻngli muzqaymoq tusab qoladi.

Xullas, referent ularga beminnat xizmat qilishdan aslo charchamaydi. Toʻrt nafar xodim esa boʻlar-boʻlmas ishlarni referent zimmasiga yuklashdan mutlaqo erinmaydilar. Ular referent uchun har kuni yangi-yangi xizmat turlarini oʻylab topishni oʻzlari uchun sharaf, deb biladilar. Va bu ishlaridan benihoya huzurlanadilar.

Afsus-nadomatlar boʻlsinki, ular xonaning koʻzga yaqqol tashlanadigan joyiga yirik-yirik harflar bilan yozilgan “Yoʻqolsin, byurokratizm!” degan shiorga aqalli qayrilib qaramaydilar.

 

 

Umr oʻtar, baxt oʻtar…

 

Kelsa, aqlimni olar,

Ketsa, qarorim yoʻq mani.

Maxtumquli

 

Ukam Azimboyga!

U quyosh beminnat mehr nurlari bilan yuzlariga erinmay rasm solgan bu qoramagʻiz qizni tasodifan bozorda koʻrdi. Koʻrdi-yu ohuday jovdirab turgan mehribon nigohiga koʻzi tushdi. Qizning koʻzlari uzukka oʻrnatilgan olmos yangligʻ charaqlab turardi.

Yigit qizga parvo qilmay:

– Yoningizdagi joy… – deyishi bilan qiz beixtiyor “boʻsh”, deb yuborganini oʻzi ham sezmay qoldi.

Yigit anjir toʻla togʻorani dast koʻtarib, qiz koʻrsatgan rastaga qoʻydi. Soʻng rastani aylanib kelib, togʻoraga oʻralgan gullik matoni yechdi. Bir tekis shodaday terilgan, quyoshday tovlanib turgan tilla rang anjirlarni soʻrovchi xaridorlar koʻpaydi.

– Anjir qancha? – soʻradi xaridorlardan biri. Yigit bozordagi narxdan biroz pastrogʻini aytgan edi, savdosi yurishdi.

– Uch kilo oʻlchang!..

– Menga ikki kilo oʻlchang…

– Menga toʻrt kilo…

Qiz oʻziga tegishli tarozuning pallasini tutib, darhol qoʻlma-qoʻl sotilayotgan anjirlardan oʻlchashib yubordi.

Yigit bir zumda anjirlarini sotib boʻldi-yu togʻorasini qoʻltiqlab, tezgina joʻnab ketdi. Qiz qoshlari qalin, moʻylovlari sabza urgan, bir qarashda mashhur kino qahramoni Otabekni yodga soluvchi bu yigitni goʻyo tushida koʻrganday boʻldi. Faqat uning doʻppisi yoʻq edi. Beixtiyor koʻksi jizillab ketdi. Qiz yuragiga bir bezovta qush kirib olganday edi. Qizning xayollari toʻzib, beixtiyor yigit ketgan tomonga tez-tez qaray boshladi. Va bu holatidan oʻzi uyalib, negadir yigitni eslamaslikka harakat qildi. Lekin buning ilojini topa olmadi. Yigit uning oromini oʻgʻirlagan edi. Qiz ketishi oldidan yigitga astagina shivirladi:

– Ertaga yana kelasizmi, aka?

– Kelaman, – dedi u ishonch bilan.

Talaba yigit aslida yozgi taʼtilning oxirgi kunlarida ota-onasidan xabar olay, qishloqdagi doʻstlar bilan bir otamlashay, deb uyiga – Hallang qishlogʻiga kelgan edi. Qarasa, anjir gʻarq pishib, bodringlar palaklar ostida soyalab, pomidorlar bir-biridan rang olib rosa qizargan…

– Muncha tez qaytding, oʻgʻlim?

– Ozgina arzon qilgandim, bir pasda sotilib ketdi, – dedi u otasining savoliga javob berib.

– Toʻgʻri qilibsan, oʻgʻlim. Qolgan anjirlarni ham terib, ertaga bozorga olib borgin. Ana bodring, pomidor ham pishib yotibdi. Qanchaga sotsang, oʻzingga olaver, oʻqishingga kerak boʻladi…

Yigit ertalab bozorga borsa, qiz allaqachon kelib, unga ham yonidan joy hozirlab qoʻygan ekan. Lekin yigit bozor chekkasida savdo qilayotgan, otasi tomondan uzoqroq qarindoshi boʻlgan ayolni koʻrmadi. Qarindosh ham bozorda savdo qilayotganini unga sezdirmadi. Yigitning esa bozor aylanishga vaqti yoʻq edi…

– Assalom, – birinchi boʻlib qiz boshini koʻtarmay salom berdi.

– Salom, – dedi yigit va anjir toʻla togʻorani yana dast koʻtarib rastaga qoʻyib, togʻoraga oʻralgan matoni yechdi.

Bugun ham yigitning bozori chopdi. Ana-mana deguncha anjir toʻla togʻorani tinchitib, “xayr”, degancha joʻnab ketdi. U goʻyo bozorga shamolday kelib, yana shamolday gʻoyib boʻldi. Qiz bu gal ham u bilan yurak yutib suhbatlasha olmadi. Aqalli ismini soʻrab, qayerda, nima bilan mashgʻulligini bilmoqchi edi. Boʻlmadi. Uning sokin yuragiga gʻulgʻula solgan, bir meʼyorda tinchgina oqayotgan suvni toʻlqinlantirgan bu yigit kim ekan?

Kim ekan, oʻzi u?

Qiz u bilan tuzukroq gaplasholmaganidan oʻkindi. Xayriyat, “Ertaga yana kelasizmi”, deb soʻrashga ulgurdi. Yigit “ha” degan maʼnoda bosh egadi. Ertasi kuni yigit bozorga ikki qop bodring olib keldi. Yana qizning yonida turib savdo qildi. Qiz tushlik paytida unga bir boʻlak tovuq goʻshti uzatdi.

– Juda mazali ekan. Oʻzingiz pishirdingizmi?

Qizning yigitga maqtangisi kelmay, boshini bilinar-bilinmas qimirlatdi. Lekin taomning yigitga yoqqanidan ichida xursand boʻldi. Qiz tovuqni mehr bilan pishirgan edi.

Yigit ertasi kuni yana ikki qop bodring va qoʻltigʻida bir kitob bilan keldi. Qiz odatdagiday unga yonidan joy olib qoʻygan edi va qopdagi bodringlarni olib, latta bilan birma-bir artib, rastaga chiroyli qilib terib chiqdi.

Yigit omadli ekan, yana bozori chaqqon boʻldi. Bu orada u haligi kitobni berilib oʻqidi. Kitobdagi goʻzal bir sheʼrni qizga ham ilindi:

 

Umr oʻtar, vaqt oʻtar,

Xonlar oʻtar, taxt oʻtar,

Omad oʻtar, baxt oʻtar.

Lekin hech qachon chiqmas yodimdan,

Sening yurishlaring, sening kulishlaring…

 

Sheʼr qiz qalbidagi choʻgʻni gulxanga aylantirib yubordi. Yigitning ichki bir dard va yoqimli ovozda oʻqigan sheʼri qizning yuragiga muhrlanib qolgandek edi.

Sheʼr olov edi, sheʼr oʻt edi. Qizning yuragini lovullatib yubordi. Endi qiz yigitning asirasiga aylangan edi…

Qiz sheʼrni yodlab olmagan boʻlsa-da uning misralari yuragining allaqayerini tirnab oʻtgani aniq. U yigitdan kitobni bir kunga soʻrab olmoqchi boʻldi-yu, botinolmadi, andak uyaldi. Ertaga olib kelsa soʻrayman, deb oʻyladi.

– Ertaga yana kelasizmi?

– Albatta!

Bir haftadan buyon yigit uning halovatini oʻgʻirlagan, oʻy-xayollarini bandi etgan.

Uning koʻzlari bezovta, qalbi bezovta, hatto tomirlarida oqayotgan qon bezovta. Oʻsha bezovtalik uni batamom chulgʻab olgan edi.

Qiz es-hushini yoʻqotib, allaqachon Layliga aylangan edi… Xayolida faqat yigitdan eshitgan misralari aylanardi:

 

Bahorda bogʻ na goʻzal,

Qor tushsa togʻ na goʻzal,

Bu yoshlik chogʻ na goʻzal,

Lekin hech qachon chiqmas yodimdan

Soʻzsiz qarashlaring, holim soʻrashlaring…

Yigit ertasi kuni bozorga kelmadi. Uni kecha oqshom otasi yoniga chaqirdi. Ota-bolaning oʻrtasida shunday qisqa suhbat boʻlib oʻtdi.

– Kimning qizi?

– Bilmayman.

– Ismi kim?

– Soʻramadim.

– Qaysi qishloqdan ekan?

– Bilmayman, ota. Bu haqda gaplashmadik.

– Boʻlmasa nega har kuni bozorga qatnayapsan?

– Oʻzingiz aytgan narsalarni sotib kelyapman, xolos.

– Narsalarni faqat oʻsha qiz bilan bir rastada sotgin, deb aytganmidim?

– Qiz menga har kuni yonidan joy olib qoʻyadi. Sotaman-u qaytaman. Oramizda hech qanday gap yoʻq.

– Yigʻishtir. Endi bozorga bormaysan. Tamom.

– Xoʻp ota, bormayman endi oʻsha bozorga…

Bu oʻsha, yigitni bozorda koʻrgan qarindoshining ishi edi…

Qiz uni ertasi kuni, keyingi kuni va undan keyingi kunlar ham koʻzlari nigoron, qalbi giryon boʻlib kutdi. Uzoq kutdi, yuragi orziqib, oʻrtanib, yigʻlab, qon boʻlib kutdi. Lekin yigitdan darak boʻlmadi. Suvga tashlangan toshday gʻoyib boʻldi.

Uning qalb dardlariga yigit oʻqib bergan sheʼr yana malham boʻldi:

 

Oy chiqar goh zaholi,

Doʻstlar koʻpdir vafoli,

Hayot shundan safoli,

Lekin hech qachon chiqmas yodimdan

Sekin soʻzlashlaring, pinhon izlashlaring…

Qiz uning ismini, manzilini soʻrab-surishtirmaganiga afsus qildi. Kimdan soʻrashni, nima deb soʻrashni bilmay garang boʻldi. Yigitdan unga faqat shoirning “Umr oʻtar” sheʼri bir umrga yodgor boʻlib qoldi…

Peshonasi shoʻr ekan, qizni oʻzi sevmagan bir yigitga uzatishdi. Qiz taqdirga tan berib, toʻyga rozi boʻldi. Goʻyo yonidagi kuyov bozorda uchratgan yigitga aylanib qolishini juda-juda istardi u…

Toʻyga kelgan mashhur hofiz mashhur qoʻshigʻini dardli va oʻtli ovozda kuylar edi:

 

Umr – yoʻl, qayrilish koʻp,

Uchrashish, ayrilish koʻp,

Unutish, aytilish koʻp.

Lekin hech qachon chiqmas yodimdan

Oʻsha kulishlaring, oʻsha kelishlaring…

 

 

Qoʻshni haqqi

Uning otasi savdo tizimida ishlagan. Har yili kuzda uyining darvozasi oldiga arzon narxda bir mashina kartoshkani olib kelib toʻkardi. Katta koʻchada yashaydigan qoʻni-qoʻshnilar qoplarda koʻtarganlaricha kartoshkadan terib olishardi.

Ertasi kuni qoʻshnilar biri-ketin chiqib “mening qopimdagi kartoshka falon kilo chiqdi”, – deb insof bilan pulini berib ketishardi.

– Ota, nega bunday qilasiz? – deb soʻraganida, otasi:

– Oʻgʻlim, qoʻshnining ham haqqi bor. Uni ado etib turish ham savobga kiradi, – derdi.

 

Teleoila

 

Oila aʼzolarim bilan teleoilamiz, desam aslo mubolagʻa boʻlmaydi.

Gapni oʻzimdan boshlayman: men televizorni yaxshi koʻraman. Boʻsh qoldim, deguncha pultni olib telekanallarga sayohat qilaman.

Xotinimning qoʻlidan telefon tushmaydi. Ovqat qilayotganda, kir yuvayotganda, tikish tikayotganda albatta uning qulogʻida telefonni eshitadigan teleapparat boʻladi. Boʻlmay iloji yoʻq. Qaynonasiga oʻchakishganday kelinimizning ham yotgan-turgandagi yaqin hamrohi va ermagi telefon. Dasturxon atrofida oʻtirganda, ovqatlanayotganda ham qoʻlidan telefon tushmaydi. Hatto ikki yoshga toʻlayotgan nabiramiz ham telefonni bergin, deb toʻpolon qiladi. Telefonni oladi-yu tinchiydi. Soʻng musiqa qoʻyib bergin, deb dadasini holi-joniga qoʻymaydi. Bu vaqtda dadasi ham berilib telefon oʻynayotgan boʻladi. Bir ota faqat telefon oʻynasa gʻalati boʻlarkan…

Oʻgʻlimning ham, qizimning ham qoʻllarida telefon. Biz har safar dasturxon atrofida oʻtirganimizda, koʻzlarimiz televizorda, qulogʻimiz telefonda boʻlgani bois mazza qilib gap yeymiz.

Ertalab hammamiz telefon bilan uygʻonamiz. Ishga, oʻqishga ketayotganda quloqlarimiz telefonda boʻlgani bois xayrlashmaymiz. Men ham zoʻrgʻa televizorni oʻchirib, noiloj ishga joʻnayman.

Aytmoqchi, mening ham ikkita choʻntak telefonim borligini aytish xayolimdan koʻtarilibdi. Nabiralarim allaqachon soʻnggi rusumdagi “Aypon” telefonlariga oʻtganligi va muntazam “Planshet” oʻynayotganligini aytsam hayron boʻlmang.

Biz yangi zamon anʼanasi – teleoilamizga sodiqmiz. Marhamat, mehmonimiz boʻling, teledoʻstlar. Bir telelashib ketasiz. Teletajriba orttirasiz.

 

Pochta qutisidagi ogʻu

 

U uyining pochta qutisidan oʻz nomiga kelgan xatni shoshilmay oldi. Xatjilt chiroyli edi. Xat kimdan va qayerdan kelganligi nomaʼlum edi. Uzoq yillar masʼul lavozimlarda ishlagan, nafaqaga chiqqach tadbirkorlik bilan shugʻullanayotgan Sayfullo Sano xatni xonada bafurja oʻqiyman, deb ichkariga kirib, yechinib kresloga choʻkdi. Choʻkdi-yu xatni ochdi. Xat qisqa boʻlib, unda shunday deb yozilgan edi:

“Sizga va oila aʼzolaringizga bevaqt qazo qilganligingiz munosabati bilan chuqur taʼziya izhor etaman. Qachonlardir shunday ogʻir judolik boʻlishini bilardim. El-yurt orasida hurmatingiz bor ekan, janozada odam koʻp boʻldi. Janozangizni mashhur qori oʻqidi. Tobutingiz qoʻlma-qoʻl boʻlib ketdi. Afsuski, bu judolik manzarasini oʻzingiz koʻrmadingiz…

Oxiratingiz obod boʻlsin! Xudoyimdan Sizga sabr tilab, doʻstingiz I. I. B.”

Sayfullo Sanoning doʻstlari koʻp edi. Uni yaxshi koʻradigan, samimiy, begʻaraz doʻstlari bilan birga, unga hasad qiladigan, koʻrolmaydigan qitmir “doʻst”lari ham yetarlicha topilardi. Uning shon-shuhrati, boyligi, odamlar orasidagi obroʻyi ayrim “doʻst”lariga tinchlik bermasdi. Baʼzi doʻstlari uning yutuqlaridan kuyib-yonib ketardi…

U xatda ismi-sharifining bosh harflari koʻrsatilgan doʻsti borligini eslay olmadi. Xatni oʻqib boʻlishi bilan yuragi siqildi. Nafas olishi ogʻirlashdi. Soʻng yuragini changalladi-yu, oʻzini kreslo suyanchigʻiga tashladi… Bir jonajon doʻst ikkinchi qadrdon doʻstni ado qilgan edi.

 

Toʻn

Mahallaga yangi qoʻshni koʻchib kelibdi. Uning bir yomon qiligʻi bor ekan. Qoʻshnilar toʻy qilsa, albatta toʻyda janjal chiqarib, toʻpolon qilarkan. Mahalladoshlari oldin bunga hayron qolishibdi. Soʻngra tanbeh berishibdi, oʻrtaga olib koʻp gapirishibdi. Natija boʻlmabdi. Soʻng ular uning bemaʼni qiligʻiga koʻnikib ketishibdi. Shu mahallada bir aqlli odam yasharkan. U toʻy qilmoqchi boʻlibdi. Toʻydan bir kun oldin oʻsha urishqoq qoʻshnini uyiga mehmonga chaqiribdi. Uni yaxshilab ziyofat qilibdi. Ketishidan oldin yelkasiga yangi toʻn yopibdi. Va uni ertaga boʻladigan toʻyga yana bir bor taklif qilibdi.

Toʻy boshlanibdi. Hamma qoʻni-qoʻshnilar qatorida haligi urishqoq ham toʻyga kelibdi. Hamma qatori yeb-ichibdi. Lekin oʻsha kuni toʻyda janjal qilmabdi. Qoʻshnilar hayron boʻlib, toʻydan qaytishda nega uning janjal qilmaganligi sababini soʻrashibdi.

– E, qoʻshnijonlar, kecha toʻn kiyganman, toʻn! – debdi u.

 

Kechikib oʻqilgan kitob

Yozuvchi yangi kitobini bir amaldor ogʻaynisiga dastxat yozib berdi. Keyin ular koʻp bora koʻrishdilar, maʼraka va toʻylarda uchrashdilar. Lekin amaldor kitobdan soʻz ochmadi. Yozuvchi ham bundan oʻksimadi. “Ishi koʻp, kitob oʻqishga vaqti yoʻqdir-da”, – deb oʻyladi.

Hayot bir maromda silliq kechmas ekan. Amaldor mansab kursisida oʻtirganida jigʻildon kasali tufayli qoʻlga tushib, jazoni oʻtashga mahkum etildi…

Oradan maʼlum vaqt oʻtib, ozodlikka chiqdi. Qimtinib-qisinib qoʻni-qoʻshnilarnikida boʻladigan maʼrakalarga chiqa boshladi.

Bir kuni ular tasodifan uchrashdilar.

– Iloyo, yomon kunlar ortda qolib ketgan boʻlsin, ogʻayni, – dedi yozuvchi.

– Zonada ham bekor oʻtirmadim. Kutubxonasida sizning kitobingiz bor ekan… Shuni toʻliq oʻqib chiqib mazza qildim. Juda qiziqarli ekan, – dedi sobiq amaldor bir vaqtlar u dastxat yozib bergan kitobining nomini aytib.

– Yaxshi qilibsiz, ogʻayni. Lekin kitobni oʻqish uchun u yoqqa borish shart emasdi-ku? – dedi yozuvchi afsus bilan.

 

Jaloyir

 

Bolaligimda Jaloyir koʻzlarimga juda katta boʻlib koʻrinardi. Xayolimda uning poyoni, cheku chegarasi yoʻqday edi. Rahmatli ustozimiz – jugʻrofiya muallimi Bahron aka Mardonov koʻrsatgan globusdan ham ulkan edi goʻyo.

Yigitlik paytimda Jaloyir yanada goʻzal, yanada tarovatli, choʻgʻlari oʻchmaydigan olov boʻlib koʻrindi. Uning yantoqlari eng chiroyli gulga oʻxshardi, Oyoqlarimga kirsa huzur qilardim. Qasoba kanalida joʻralarim bilan choʻmilgandagi rohatni qaytib hech bir joyda koʻrmadim. Jaloyirlik bir suluvning yuragiga yuragimni umrbod boyladim…

Endi Jaloyir menga bobomday donishmand, buvimday mehribon boʻlib koʻrinadi. Ota-onamday yoʻllarimga zor-zor termuladi. Bu oʻtib ketgan azizlarimning ruhlariga mudom duo qilaman.

Jaloyir hamisha yaxshilik va mehrdan saboq berib keladi…

Jaloyir – mening mayda tuygʻularga oʻralashib yurishimni istamaydi. U hamon keng va ulugʻ boʻlishga chorlaydi. Oʻylab koʻrsam, Jaloyir onajonim, jonajonim Oʻzbekiston ekan!..

 

Qor

 

Bobo bilan nabira oppoq marvarid misol yogʻayotgan qordan oʻzlaricha zavqlanadilar.

Koʻzlarida olov porlab turgan nabira tizza boʻyi yoqqan qordan “koptok” yasab atrofga otadi. Qiyqirib qorga yumalaydi, kuladi, yayraydi…

Nabiraning zavq-shavqini koʻrib, boboning bolaligi esga tushadi. Qor goʻyo boboning umrini elayotganga oʻxshaydi. U qanchalar joziba, tarovat va latofat bilan yogʻmasin, boboning oʻtgan umrini ortga qaytara olmaydi. Bu – hayot qonuni. Endi boboning nabiraga oʻxshab qorboʻron oʻynashiga qoʻlidagi ogʻir aso yoʻl bermaydi. Chunki, aso uni goʻyo qorga mixlab turadi.

Qor esa nabiraning hayrat bilan pirpirayotgan kipriklariga qoʻnadi…

 

Yoqub qani?

 

Oʻtmish hangomasi

 

Hashamatli binoning hashamatli zali liq toʻla odam. Zalda oʻtirganlarning nigohlari sahnadagi ulkan minbarga qadalgan. Minbarni mahkam quchoqlab olgan viloyat firqa qoʻmitasining birinchi kotibi yil yakuni haqida koʻtarinki ruhda maʼruza qilyapti. Zalda mudrab oʻtirganlarni tez-tez yangrayotgan gulduros qarsaklar sergak torttirib turibdi.

– Bu yil paxta, gʻalla rejasini 150 foizga, goʻsht, tuxum, saryogʻ yetishtirishni 130 foizga oshirib ado etdik. Xullas, yuqoridan belgilab berilgan vazifalarni sharaf bilan bajardik, – deb maʼruzasini tantana bilan tugatdi. Yana gulduros qarsaklar yangradi. Soʻng Kotib zaldagilarga yuzlanib: – Kimda savol bor? – dedi.

Zalning bir chetida maʼruzani maroq bilan tinglab oʻtirgan Yoqub sekin qoʻlini koʻtarib savol berdi:

– Mana siz goʻsht, yogʻ, tuxum rejalarini oshirib bajardik, dedingiz. Aytgan gaplaringizni qoʻllab-quvvatlagan holda soʻramoqchimanki, nega bu mahsulotlar doʻkonlarimizda koʻrinmaydi?!

– Oʻtiring! Bu savolingizga yozma ravishda javob beramiz! – dedi birinchi kotib minbarni mushtlab. Yana qarsak ovozi gumburladi.

…Oradan bir yil oʻtdi. Yana oʻsha hashamatli zal, yana oʻsha “ura-ura” ruhidagi yil yakuniga bagʻishlangan yigʻilish. Yana oʻsha ulkan minbarda balandparvoz raqamlar tilga olindi. Maʼruza soʻngida birinchi kotib odatdagiday yana zalga yuzlandi:

– Kimda savol bor, marhamat! – dedi.

Zalning bir chetida oʻtirgan Yoqubning doʻsti Isoq asta qoʻlini koʻtardi.

– Rejalarning necha foizga oshirib bajarilganligiga hech qanday eʼtirozim ham, shubham ham yoʻq. Bitta savolim bor xolos!

– Ayting.

– Yoqub qani?!.

 

Sabr qilgan kelin

 

Bolaligimda bobom bilan Potkoron qishlogʻiga mehmonga borgan edik. Uy egasi bobomning muridi edi.

Uyda bir suluv kelinchak yelib-yugurib xizmat qilardi. Lekin bu goʻzal ayol mendan negadir koʻzlarini uzmasdi. Menga qandaydir iltijoli boqardi. Goʻyo koʻzlarida bir olam mehr mujassam edi.

Men qoʻshni bolalar bilan biroz oʻynab, yana oʻsha xonadonga qaytdim. Biroz vaqt bobomning yonida oʻtirdim. Choy olib kirgan kelin meni imlab chaqirdi.

– Bu yoqqa kel, bolakay. Isming nima?

– Mardon.

– Nechanchi sinfda oʻqiysan?

– Birinchini bitirdim.

– Muncha koʻzlaring chiroyli, Mardonjon?..

Kelin choʻntagidan qogʻozli konfet chiqarib, menga uzatdi. Shirinlikka oʻchligim tufayli, darhol konfetga qoʻl choʻzdim.

Hovlida hech kim yoʻqligini koʻrib, kelin meni oshxona tomon imladi. Oʻzi oshxonaga kirib, soʻng meni chaqirdi.

– Kel Mardonjon, bu yoqqa kir, – dedi astagina.

Uning mehr bilan chaqirayotganidan iyib oshxonaga kirdim. Shunda kutilmagan, gʻalati voqea roʻy berdi.

Kelin shartta menga oʻgirilib, mahkam bagʻriga bosib, yuz-koʻzlarimdan oʻpa boshladi. Soʻng uning chiroyli koʻzlari yoshga toʻldi. Bu qaynoq yoshlar yuzlarimga tegdi. Juda gʻalati boʻlib, negadir yuragim toʻlib-toshib mening ham yigʻlagim keldi. Kelinning nega bunday qilayotgani sababini tushunmadim.

Meni hali na onam, na buvim, na amma-xolalarim bunday hayajonli mehr bilan oʻpishmagan edi.

Kelin oʻpishdan toʻxtab, meni bir lahza bagʻriga qattiq bosib turdi. Undan qishloqning xushboʻy hidi kelardi. Shunda uning yuragi tez-tez urayotganligini his qildim.

U meni astagina bagʻridan boʻshatib, koʻzlarida yosh bilan qoʻllarini ochib “Allohim, Xudojonim…” deb pichirlay boshladi.

Men nima boʻlganini anglab yetmay yugurib borib, bobomning yoniga kirdim. Bobom muridi bilan berilib suhbatlashib oʻtirardi…

Kechki ovqatni yemay uxlab qoldim.

Ertalab xayrlashayotganimizda, kelinchak: “Yana mehmon boʻlib kelgin, Mardonjon, yaxshi bor”, dedi oʻsha mehr bilan bizni kuzatar ekan.

Mehmondan qaytishimiz bilan bu voqea esimdan chiqib ketdi. Lekin kelinning qaynoq va mehrli oʻpichlarini anchagacha unutolmadim.

Oradan bir yilmi, undan koʻproq oʻtibmi, bobomning muridi biznikiga mehmon boʻlib keldi. Men mehmonga koʻrpacha toʻshab, dasturxon yozdim. Bobom fotiha qildi.

– Mulla bobo, Xudoyimdan oʻrgilay, nabira berdi. Oʻgʻlim ham nihoyat farzandli boʻldi. Kelinga rahmat, besh yil chidadi. Alloh sabr qilgan qulini noumid qoldirmaydi. Mulla bobo, Xudo bergan nabirani bir duo qiling, – dedi.

Bobom sabrli kelinning yaqinda dunyoga kelgan farzandini uzoq duo qildilar…

Men keyinchalik, yoshim ancha ulgʻaygach u ayol meni nega bagʻriga bosib, yuz-koʻzlarimdan oʻpganini, yuragi toʻlib-toshib yigʻlaganini va butun vujudi bilan Allohga iltijo qilgani sabablarini tushunib yetganday edim. Bildimki, Allohning dargohi keng.

 

Shoʻrlik quyon

 

Quyon uzoq yillar izlanib, ming mashaqqatlar bilan ijod qilib kitob yozdi. Zavqi ichiga sigʻmay kitob qoʻlyozmasini oʻqitish uchun dastlab Tulkiga olib bordi. Tulki kitobni obdon oʻqib chiqib, joʻyali xato topolmagach, bir joyida vergul qolib ketganini roʻkach qilib, uni tuzatgan boʻldi. Va kitobga oʻzini ham muallif sifatida qoʻshib qoʻydi. Quyon eʼtiroz bildirmadi.

Quyon yana koʻngli toʻlmay kitobni Boʻriga koʻrsatdi. Boʻri ham eski koʻzoynagini taqib, oʻrindiqda uzoq oʻtirib, qoʻlyozmani hijjalab koʻzdan kechirdi. Bir oʻrinda nuqta qoʻyish lozimligini alohida taʼkidlab, u ham mualliflar qatoriga oʻzini tirkab qoʻydi.

Quyon noiloj bunga ham koʻndi va yana boshi qotdi: kitobni oʻrmon sardori – Sherga koʻrsatmasa boʻlmaydi. U kitobni bagʻriga bosgancha Sherning huzuriga yugurdi. Sher erinmay kitobni qayta-qayta varaqladi. Lekin xato topolmadi. Va oxiri, “Quyon bu yerda nima qilib yuribdi”, deb uni mualliflar roʻyxatidan oʻchirdi.

Shoʻrlik quyonning boshi qotib, hayratdan quloqlarini ushladi…

 

Minbar

 

Shoʻrodan qolgan manzara

Bu minbar temir-betondan ishlangan boʻlib, nihoyatda mustahkam edi. U qanday qurilgan boʻlsa, shunday, yaʼni yetmish yildan ortiq qoʻqqayib turdi. Faqat minbar mezanasida salobatidan ot hurkadigan amaldorlar safi – baʼzan ahyon-ahyonda, baʼzan tez-tez oʻzgarardi xolos. Maʼruzalar bir xil, chapaklar bir xil, shiorlar bir xil, vaʼdalar ham bir xil edi. Minbarlarda faqat yolgʻon sadolar yangrardi. Bu yolgʻonlar nutqlardan nutqlarga koʻchardi. Odamlar ana shu shirin yolgʻonlarga yetmish yil ishonib yashadilar. Minbarda turgan haykalsimon kimsalardan tunu kun najot kutdilar. Kutganlari esa oxir-oqibat sarob boʻlib chiqdi. Vaʼda qilingan baxtli xayot, nurli kelajak – qatagʻon bilan siylandi. Asosiy kaltak isteʼdodlar boshida sindi. Oʻlimdan qutilganlari surgun azobini tortdilar. Haqiqat oyoq osti qilindi, inson qadr-qimmati ayovsiz toptaldi. Toʻgʻri soʻz oʻrnini batamom yolgʻonga boʻshatib berdi. Haq soʻz qahat boʻldi.

Yolgʻonlarga doya boʻlgan bu minbar endi huvillab qolgan. Odamlar undan hazar qiladilar.

 

Bir poy etik

 

Muzeydagi koʻrgazmaga bir poy kirza etik qoʻyilgan. Etikning yirtilgan joylari chiroyli qilib yamalgan. Obdon moy surtilgan, yaltiragan etikning yonidagi taxtachada shunday yozuv bor: “Etikning ikkinchi poyi Berlinda qolib ketgan”.

 

Ashurali JOʻRAYEV

 

“Yoshlik”, 2015 yil 4-son

https://saviya.uz/ijod/nasr/doppisi-yoq-dunyo/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x