Maʼlumki, sharq mumtoz sheʼriyatida ishq-muhabbat mavzusi yetakchi oʻrin tutadi. Toʻgʻri, zohiran ishqiy mavzuda yozilgandek koʻringani bilan tasavvufiy mazmunga ega sheʼrlar ham koʻp. Biz majoziy ishq mavzusidagi sheʼrlarga, ularning ham oshiq holi, yor goʻzalligi tavsifi kabilarga bagʻishlanganlarini qoʻyib, hijron motivi talqin qilinganlariga toʻxtalamiz. Qarasak, bu ham juda keng mavzu, shuning uchun yanada toraytirib, ayollar sheʼriyatida hijron talqinini koʻrib oʻtamiz.
Kishilik jamiyati taraqqiy etib, insonlar ilm-maʼrifatni egallay boshlagandin buyon barcha sohalarda ayollarning nomlari zikr etib kelinadi. Ayollardan chiqqan buyuk davlat arboblari, yetuk vatanparvarlar, mashhur olimlar bilan bir qatorda soʻz sanʼatining gʻurur-u iftixori sanalgan shoiralar ham bor. Boburiylar avlodidan boʻlgan mashhur shoira Zebunniso, atoqli shoiralarimiz: Uvaysiy, Nodira, Mahzunalar shular jumlasidandir.
Zebunnisoning gʻazal va ruboiylari sevgi lirikasining yorqin namunasidir. Uning har bir misrasida abadiy hijron va firoqning shiddatli toʻlqinlari, jafokor yorning sitamlari aks etadi. “Mashohir nisvon” (“Mashhur ayollar) kitobida aytilishicha, Zebunniso bir yigitga yashirin muhabbat qoʻygan ekan. Ming afsuski, u yigit yoshligida oʻldirilgan. Shu sababdan boʻlsa kerak, Zebunniso afsus va nadomatlar bilan quyidagi satrlarni bitadi:
Yuz bahor oxir boʻlib, har chakkadan joy oldi gul,
Hayfdir – bizning gulimiz zebi dastor oʻlmasa.
Har matoga bor xaridor, husnning bozorida,
Ne uchun Zebunniso qarib, xaridor oʻlmasa?
Boshqa shoiralardan farqli oʻlaroq, Uvaysiy lirikasida hijron motivi, hijron dardi yor – mahbubdan tashqari, Yaratganga muhabbat yoki oʻgʻlidan judolik bilan bogʻliq. Biz uchala hijron dardini ham (Allohdan, yordan, farzanddan) koʻzdan kechirmoqchimiz. “Uvaysiyman” radifli gʻazalida Yaratganga intiqlik bilan intilayotgan solik banda, Paygʻambar alayhissalomga oshiq ummat, haq yoʻlidagi pir-u ustozlarga muhabbatli shogird sifatida tuygʻularini izhor etadi:
To koʻrib xarobotin taʼna etma ey Zohid,
Bir nafas emas xoli iqtido Uvaysiyman…
Faqir borgohiga qoʻysa gar qadam har kim,
Bosh agar kerak boʻlsa, jon fido Uvaysiyman.
Shoiraning “Koʻndalang” radifli sheʼri sevgi bobidagi bir haqiqat ifodasi sanaladi. Har bir misrasining tashbehlari samimiy, tili sodda, ifodasi xalqonadir:
Maʼshuq ermas boʻlmasa vasl ichra nozi koʻndalang,
Oshiq ermas boʻlmasa soʻz-u gudozi koʻndalang.
Necha kun bedor oʻlub hech topmadim andin asar,
Tush aro boʻldum muyassar eʼtirozi koʻndalang.
Bugina emas, Uvaysiyning yorga boʻlgan sevgisi, muhabbat lirikasiga oid quyidagi baytlar ham sodda, ravon, ohangdor. Soʻzlar bagʻriga singgan hijron yorqin aks etadi:
Koʻzlaring firogʻida tanda lolagun qonlar,
Qilgʻali tomoshosin saf chekibdi mujgonlar.
Yoki:
Jafosin chekmayin boʻlmas muyassar senga jononing,
Yurakka dardi tegmay, taʼsir etmas oh-u afgʻoning.
“Sogʻindim” radifli hasbi hol gʻazalda oʻgʻli Muhammadxonning sarbozlikka yuborilishi munosabati bilan farzandidan judo onaning iztiroblari, nolayu figʻonlari, sogʻinchlari ifodalanadi:
Bukun, ey doʻstlar, farzandi jononimni sogʻindim,
Gado boʻlsam ne ayb, ul shohi davronimni sogʻindim…
Qorongʻu boʻldi olam koʻzima ushbu judolikdin
Koʻz-u koʻnglim ziyosi mohitobonimni sogʻindim.
Nodira har on vafoni kuylagan shoiradir. Jafokash taqdir yosh shoirani sevikli yori, ustozi – Umarxondan ayirdi. Lekin Nodira umri poyonigacha yoriga sadoqat aylab, gʻam-gʻussa, hijronu firoqlarga toʻla gʻazallarida Umarxonga abadiy sadoqatini kuyladi:
Bevafolardek seni hargiz faromush aylamay,
Nodira yodingni aylar to dami yavmulhisob.
Umr yoʻldoshini beqiyos qadrlab, uning bilan oʻtgan har lahzani ulugʻ davlat bilgan va shodligu baxtni kuylagan shoira gʻazaliyotini Umarxon vafotidan soʻng motam, hajr, firoq, hijron alamlari egalladi. “Oqibat” radifli gʻazalida yor vaslidan ayro koʻngil, visoldan mosuvo qalbning ohu figʻonlari aks etadi:
Vasl uyin obod qildim, buzdi hijron oqibat
Seli gʻamdin bu imorat boʻldi vayron oqibat.
Faqat bu emas, ushbu davrda yaratilgan har bir gʻazali, muxammas, tarjeʼbandlari, “Firoqnoma”sidagi ruhiy ezilish, abadiy hijrondan shikoyat, zamona zaylidan nolish, yorga intizorlik, uni qoʻmsash, tanholik va judolikdan nola sadolari har bir koʻngilga qandaydir mungli, vazmin taʼsir etadi:
Menki qoldim hajr vayronida besomon boʻlib,
Yor kelmas kulbayi ehzonima mehmon boʻlib.
Dasht-u sahrodin soʻrogʻingni topolmay dard ila,
Aylanib keldim yana gʻam uyiga hayron boʻlib.
Sharbati laʼling xumori birla chandon yigʻladim
Qatra-qatra koʻzlarimdin oqdi bagʻrim qon boʻlib.
Bunday mungli, alamli sheʼrlarni oʻqiganda qalbimizdan, ich-ichimizdan Nodira dardini his etamiz, uni tushunamiz, yuragimizda shoiraga nisbatan cheksiz hurmat-ehtirom, iliq tuygʻular joʻsh uradi.
Nodira va uning fojiali hayoti, taqdiri haqida gap ketganda beixtiyor Zulfiyaxonim ham yodimizga tushadi. Negaki, ikkisida ham taqdir chizgilari bir xil: biri oʻttiz, yana biri yigirma toʻqqizida umr yoʻldoshidan, hammaslak doʻstdan, ijodda rahnamodan ayrildilar. Bu hajr, bu hijron, bu ayriliq tabiiy ravishda ana oʻsha ikki shoira ijodida hijron motivini asosiy yoʻnalishga aylantirdi, munis va mahzun satrlar bitishga majbur etdi. Yuqorida “gʻamxoʻr ustozi” deb bekorga aynan keltirmadik. Nodirabegim va Zulfiyaxonimning umr yoʻldoshlari faqatgina sevikli yor boʻlib qolmasdan, ularning xatolarini tuzatadigan, kamchiliklarini toʻldirgan, ijodiyotida yangiliklar yaratishga undagan “ilhom parilar”i edi. Buni shoiralar ham oʻz tarjimai hollarida qayd etishgan.
Nodira:”… Sayyid Umar Bahodirxon aksari avqot mavzun xayollar birla gʻazal va muxammas va tarjiʼi murassaʼ qilur erdi va andin oshiqlargʻa surur va husn ahligʻa gʻurur paydo boʻlur erdi… Meni ham alar mutobaatida biror bayt taqlid bilan aytur erdim. Hazrat baʼzi nuqsonlariga isloh berib mavzun va murassaʼ qilur erdilar”.
Zulfiya:”… Hamid Olimjon shuncha kishilar orasida menga ham astoydil yordam berar edi. Yoshman, baʼzan menga sanoqsiz kitoblar, qogʻozlar ichida koʻmilib olinish yoqimli tuyulmasdi. Bunday paytlarda u meni ilhomlantirish yoʻllarini topardi. Esimda: bir gal Samarqand safaridan oʻzi bilan Raʼno Uzoqovaning sheʼrlarini olib keldi, taʼsirchan joylarini oʻsha kezdayoq oʻqib berdi. Soʻng, “Koʻryapsizmi, ayollarimiz qanday yoza oladi? Faqat jasorat, iroda kerak, – dedi-da, sekingina qoʻshib qoʻydi. – Bilasizmi, siz yaxshiroq yoza olasiz”. Bu suhbat menga katta turtki boʻldi”.
Koʻrinib turibdiki, yuqoridagi iqrorlarda Amir Umarxon va Hamid Olimjon shoiralar uchun faqat sevimli yorgina emas, sheʼriyatda gʻamxoʻr, mehribon ustoz ham ekanligi ravshanlashadi. Demak, Mohlar oyimni mashhur shoira darajasiga yetkazgan, “Nodirayi davron” nomi ila dong taratishiga sabab boʻlgan ustoz – Umarxon edi. Zulfiyaning ham XX asr adabiyotining yorqin vakilasi boʻlib yetishishi, “Zulfiyaxonim” boʻlib butun dunyoga ovoza boʻlishiga sababkor – Hamid Olimjondir.
Zulfiya lirikasiga nazar solganimizda chin muhabbatga loyiq insonning pok sevgisi va abadiy sadoqatini his etamiz. Zulfiyaxonim boshqalarga oʻxshagan oddiy ayol emas. Taqdir bir qoʻli bilan unga chin muhabbat inʼom etgan boʻlsa, oʻz navbatida ikkinchi qoʻli bilan buyuk iroda va sadoqat tuhfa qildi. Shu sababdanmi Zulfiya ayollarning bor dardini qalamga ola bildi, ijod qilganda ham yonib ijod qildi. Baʼzi ijodkorlarga oʻxshab bir maromda emas, gulxan kabi lovullab yondi. Oʻsha gulxanning lovullab yonishiga sabab boʻlayotgan, tobora olovlantirayotgan narsa HIJRON DARDI boʻldi. Aynan oʻsha hijron shoiraning olovli qalbidan otilib chiqayotgan oʻtli soʻzlari edi. Ha, Zulfiyaning sheʼrlarining har bir satri shoira qalbidagi gulxanning uchqunlaridir.
Shoira bor dardini yashirib oʻzini qanchalik baxtiyor koʻrsatishga urinmasin, baribir hijron azobi, hijron dardi uni tinch qoʻymadi:
Lekin qolganimda qalbim-la tanho,
Tuygʻular zoriga solganda quloq.
Oʻzni zaif, chanqoq sezganda goho,
Alamdan beraman javobsiz soʻroq:
Nega tiriklikda tashlab ketmading?
Sheʼrning butun mazmunini, Zulfiyaning dardini band oxiridagi birgina “Nega tiriklikda tashlab ketmading” misrasi ifodalamoqda. Shoira yorining oʻlimidan koʻra hayotlik chogʻlarida tashlab ketishini afzal koʻrmoqda. Bunday olib qaraganda, “tashlab ketilish” ham qanchalar ogʻir… Har bir ayolni, qolaversa, har qanday insonni ham iztirobga soladigan holat. Lekin shoira abadiy ayriliqdan koʻra oʻsha “alamli holat”ga ham rozi edi:
Hayotda men uchun qolarding tirik, Qalaming mujdasin kutardim mushtoq.
Maʼyus taqdiringga yashab men sherik,
Mushkul boʻlayotir shodlik yaratmoq.
Sevgan insoning qalbida “Sen” yashashing, unda faqat “Sen”ing isming borligini bilib yashash qanday baxt. Yana oʻsha Baxting, Muhabbating dunyoning qaysidir joyida nafas olayotganini sezib yashash ham gohida sen uchun kifoyadir. Toʻgʻri-da, u bilan birga boʻlmasang ham, qalbingning tub-tubida bir kunmas bir kun uni koʻrish umidi pinhon yashaydi. Baʼzi hollarda shu “mitti umid”ning oʻzi ham insonga hayot bagʻishlaydi. Ammo taqdir Zulfiyaga shunday baxtni ham ravo koʻrmadi:
Yana yilday uzun boʻldi tun,
Koʻzlarimga kelmadi uyqu.
Turli xayol chulgʻab oʻyimni,
Oʻtday yoqdi boshimni parquv.
Yana oʻsha dard, oʻsha xotira, oʻsha hijron. Eng achinarlisi bu “dard”lar har kun, har vaqt – uzun tun chogʻi, doʻstlar davrasida, tabiat manzarasi, farzandlar kulgusida, sheʼr mashqi chogʻlarida ham shoirani taʼqib etadi. Zulfiya “Yupatolmas kitob va qalam, misralarim koʻtarar nolish” deya faryod qilganida har qanday odamning ham koʻnglini vayron qilib, yigʻlatmasdan qoʻymaydi.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, har qaysi shoira hijron mavzusini qalamga olganida ham xotiralarga yoʻgʻrilgan misralari bilan baribir sof muhabbatni tarannum etganlar, hayotni, ezgulikni sevishga, qiyinchiliklarga qarshi tura olishga oʻrgatganlar. Ular kuylagan muhabbat, ularning hayoti va taqdiri barcha ibratlidir.
Mohinur MUXTOROVA
“Yoshlik”, 2015 yil 6-son
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/hijron-motivi-shoiralar-talqinida/