Sogʻlom bolaning shakllanishida nafaqat jismonan sogʻlomlik, balki fikran sogʻlomlik ham mohiyatan bir maqsadga qaratilgan. Bolalarni sogʻlom fikrlilikka chorlash degani ana shu sogʻlom fikrlar haqida uqtirish emas, balki uni hayotga tadbiq qilish orqali singdirishdir. Biz shundagina har tomonlama sogʻlom bolaning shakllanishida toʻgʻri yondoshgan boʻlamiz. Xalq ogʻzaki ijodi namunalari qadimiyligi, taʼsirchanligi bois bolalar tarbiyasida eʼtiborli va ishonchli manbaalardan hisoblanadi. Bu tarbiya vositalarini bolalar hayotiga tabiiy ravishda olib kirish lozim. Zangori ekran orqali namoyish etilayotgan “Toʻgʻrivoy va Egrivoy”, “Zumrad va Qimmat”, “Sher ila Durroj”, “Sohibjamol qoʻgʻirchoq”, “Yoʻl va bolalar”, “Sumalak – ming bir tilak”, “Susambil”, “Hunarmand shahzoda”, “Farrux va Zumrad”, “Alpomish” kabi milliy multfilmlarimiz fikrimizni yaqqol tasdiqlaydi. Ular mehnat, poklik, kattalarga hurmat kabi insoniy fazilatlarni bola qalbiga ekran orqali singdiradi.
Milliy qahramonlarimiz haqidagi bolalar fikrini bilish maqsadida oʻyin tashkil etildi. Oʻyin sharti boʻyicha bir sinf bolalar ichidan ixtiyoriy besh nafarini tanlab olindi. Va shu beshta bolaning orqasiga oʻzlariga mazmunini koʻrsatmay “Alpomish”, “Toʻmaris”, “Merlin”, “Zumrad”, “Jumong” soʻzlari yozilgan qogʻozlarni yopishtirib qoʻyildi. Qolgan bolalar ixtiyoriga ularni oʻsha qahramonlar sifatida qabul qilib tanlash berildi. Bolalarning 70 foizi “Merlin” va “Jumong” atrofida toʻplanishdi. Qolgan 30 foiz bolalar esa, “Alpomish”, “Zumrad”, “Toʻmaris”larning atrofiga yigʻilishdi. 70 foizni tashkil etgan bolalardan bu tanlovlarning izohi soʻralganda aniq bir javob ololmadik. Bu bolalarning koʻr-koʻrona ularga ergashayotganidan, darak beradi. Toʻgʻri, bu achinarli holat, biroq biz bu bilan bolalarni ham kattalarni ham, ayblay olmaymiz. Bu aybdorlik ham emas, bu barchamizni xavotirga solayotgan maʼnaviy boʻshliqning, shu bilan birga “ommaviy madaniyat”ning endigina shakllanayotgan nuqtasidir. Biz teran fikrli sogʻlom bola shakllanishi uchun kurashayotgan ekanmiz, islohotni mana shu nuqtadan boshlashimiz kerak.
Koʻzga tashlanayotgan ilk muammo – yoshlar, bolalarning boʻsh vaqtlari befoyda oʻtayotgani boʻlib koʻrinadi, biroq 12-14 yoshgacha boʻlgan bolalarning boʻsh vaqtlarini unumli tashkil qildik ham, deylik. Lekin maʼnaviyatni toʻliq shakllantirish uchun shu unumlilik tarkibining xalq ogʻzaki ijodi bilan boyitilishi maqsadga muvofiq boʻlar edi. Avvalo ota-ona milliy merosimizdan xabardor boʻlsagina farzand tarbiyasiga qaratilgan vositalarni toʻgʻri tanlay biladi, chunki tarbiyada xalq ogʻzaki ijodi durdonalarini bolalar ongiga singdirishning oʻrni beqiyos va ular bunga masʼuldir.
Xalq ogʻzaki ijodi – xalq badiiy faoliyatining tarkibiy qismi. U xalq sanʼatining boshqa turlaridan oʻziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadigan ogʻzaki soʻz sanʼatidir. Har bir xalqning boy ogʻzaki soʻz sanʼati boʻlganidek, oʻzbek xalqining ham ogʻzaki adabiyot durdonalari mavjud. Oʻzbek xalq ogʻzaki ijodi xalq tomonidan asrlar davomida yaratilib, ogʻizdan-ogʻizga, avloddan-avlodga, ustozdan shogirdga oʻtib kelgan ijod mahsulidir. Chunki ular bir kishining ongli faoliyati natijasida emas, butun bir jamoaning ijodi asosida vujudga keladi.
Xalq ogʻzaki ijodi sifatida yaratilgan mifologik obrazlar, vatanparvarlik tipidagi ertak va doston qahramonlarining shakllanishida asosiy zamin yaratdi. Bunday qahramonlar mifologik obrazlardagidek tabiat yovuzliklariga emas, balki ijtimoiy tuzumdagi zulm va zoʻrlikka qarshi chiqadi. Uning mazmuni ijtimoiy gʻoyalar taʼsirida chuqurlashadi va oʻtkirlashadi. Dastlab tabiatning sirli kuchlarini ifodalab, keyinchalik ijtimoiy xususiyat kasb etgan va tarixiy kuchlarning namoyandasiga aylangan fantastik obrazlar rivojlanib, vatanparvarlik va qahramonlikni madh etuvchi obrazlar darajasiga yetdi. Shunday obrazlar Toʻmaris, Shiroq, Zarina, Rustam va Siyovush kabi epik qahramonlar misolida shakllandi.
Jangnoma tipidagi epik asarlar, asosan tarixiy voqea va hodisalar bilan bogʻliq holda yuzaga kelgan boʻlib, “Toʻmaris” va “Shiroq” singari afsonalar shular jumlasidandir.
“Toʻmaris” – qadimgi jangovar ayollar haqida toʻqilgan afsona. Bu afsona haqida eshitgan har qanday qizaloq oʻzining momolari buyuk va jasur boʻlganiga ishonadi. Albatta jangovar boʻlib emas, irodali, oʻz kuchiga ishongan va intiluvchan boʻlib ulgʻayadi. Bu qizaloq Vatan ravnaqi yoʻlida oʻzining ishtiroki beqiyosligini anglaydi. Maʼnaviy jihatdan komillikka intiladi.
“Shiroq” afsonasining yuzaga kelishida Eron shohi Doro bilan shak qabilalari oʻrtasida yuz bergan tarixiy janglar asos boʻlgan. Afsonada vatanparvarlik va xalqparvarlik, tinchlik va ozodlikni sevish kabi tushunchalar ulugʻlanib, bosqinchilik, zulm va zoʻrlik kabi siyosat qoralanadi. Bu afsona haqida eshitgan oʻzbek farzandi Shiroqning tadbirliligiga, jasoratiga va fidoyiligiga havas qiladi va oʻzining Vatan oldidagi burchi haqida oʻylay boshlaydi.
Albatta, har bir xalqning hayoti bilan asrlar davomida bogʻliq boʻlgan maqollarning ham sogʻlom bola shakllanishidagi oʻrni beqiyos. Maqollar oʻzbek xalq ogʻzaki ijodining qadimiy, ommaviy janrlaridan biridir. Ularda xalqimizning dunyoqarashi, jamiyatga munosabati va axloqiy jihatlari oʻz ifodasini topgan. Maqollar mantiqiy mushohada namunasi, odob va axloq qoidalari majmuasi hisoblanib, ular qadimdan sinalgan, turmush tasdigʻidan oʻtgan tushunchalar orqali kishilarni ogohlantiradi. Hayot, yashash tushunchalariga endigina duch kelayotgan bola maqollar orqali toʻgʻri yoʻlni tanlay oladi, kattalar tajriba asosida erishgan bilimlarga yoshlikdanoq ega boʻladi va hayotda toʻgʻri qoʻllay biladi. Bunday bilimlarga ega boʻlgan bola har bir voqea-hodisaga mushohada yuritgan holda ijobiy yondoshadi va hayotda qoqilmaydi.
Tabiiyki, bolalarning eng sevimli mashgʻulotlaridan biri, bu ertak tinglashdir. Ertaklar xalq ogʻzaki ijodining eng qadimiy, ommaviy va keng tarqalgan janrlaridan hisoblanadi. Ertaklarda insonparvarlik, vatanparvarlik, doʻstga sadoqat, yorga vafodorlik, shu yoʻlda qahramonlik, jasorat koʻrsatish kabi fazilatlar ulugʻlanadi, zulm va zoʻrlik qoralanadi. Ertaklar bolalarda hayotga muhabbat uygʻotadi, kelajakka umid koʻzi bilan qarashga, yaxshi turmush, farovon hayot uchun kurashishga chaqiradi, yer yuzida adolat tantana qilishiga ishonch hosil qildiradi. Barchamizga maʼlum ertaklardan misol keltirsak: “Sholgʻom” hamda “Uch ogʻayni botirlar” ertagi bolalarga kuch birlikda, ahillikda ekanligini uqtiradi. “Ur toʻqmoq” ertagi esa halollikni ulugʻlaydi.
Dostonlar ham sogʻlom bola maʼnaviyatini yuksaltirishda asosiy vositalardan biridir.
Masalan “Alpomish” dostonidagi bosh qahramon – xalqning qahramonlik kuchlarini oʻzida mujassamlashtirgan, yovuzlik va yomonlikning ashaddiy dushmani, el-yurt farovonligi yoʻlida mardliklar koʻrsata olgan bahodir, xalq eposining komillik darajasidagi obrazidir. Dostonda qahramonlik, jasurlikni ulugʻlash, mardlik tuygʻulari – vatanparvarlik gʻoyasi bilan uzviy bogʻlangan holda tasvirlanadi. Yosh avlod shu kabi doston qahramonlari orqali dovyurak, yengilmas, vatanparvar, fidoyi boʻlib tarbiyalanadi. Bobolarimiz naqadar jasur va vijdonli boʻlganliklarini anglab, faxrlanadi. Ulardek boʻlishga intiladi.
Endi bolalar hayotini tashkil qilayotgan asosiy mashgʻulotlar – oʻyinlar haqida gaplashsak. Asosan, bolalar “Raskraska”larni boʻyashni, multfilmlar koʻrishni, ertaklar eshitishni va yangi chiqqan qogʻoz oʻyinlar(“Ketkalar”) oʻynashni yoqtirishadi. Biz ularning bu ehtiyojlarini toʻgʻri yoʻnaltira olishimiz kerak. Yaʼni oʻzbek xalq ertaklari va dostonlar asosidagi multfilmlar yaratishimiz va bu multfilmlarning sifatini jahon multfilmlari sifati bilan tenglasha oladigan darajaga yetkazishimiz (chunki XXI asr bolalari har qanday narsani sifatiga qarab tanlashadi), turli chet el multfilmlari surati tushirilgan “Raskraska”larni emas, milliy qahramonlarimiz timsoli tushirilgan, jumladan Alpomish, Toʻmaris, Shiroq kabilarning surati tushirilgan va ularning kim ekanliklari yozilgan “Raskraska”larni, “Mozaika”larni kengaytirishimiz, bolalar bogʻchasi va bolalar saylgohlarida ularning timsollari tushirilgan yorliqlar osilishi, shu bilan birga ota-onalar farzandlariga oʻzligimiz va tariximiz aks etuvchi ertaklarni har kuni aytib berishlari lozim.
Jasoratli, irodali va albatta maʼnaviyatli etib tarbiyalovchi xalq ogʻzaki ijodi oʻsib kelayotgan avlodning kelajak hayoti bilan bogʻliq. Oldimizga maʼnan sogʻlom, ruhan pok, jismonan barkamol bolani tarbiyalashdek ulkan maqsad qoʻygan ekanmiz, bu maqsad yoʻlida birgalikda kurashsakgina, farzandlarimiz kelajagidan xotirjam boʻla olamiz. Bu esa oʻzbek millati, oʻzbek nomining abadiy yashashiga ishoradir.
Mohisadaf UBAYDULLAYEVA
“Yoshlik”, 2015 yil 6-son
https://saviya.uz/hayot/nigoh/ertaklar-komillikka-yetaklar/