XV asrning birinchi yarmida yashab ijod etgan turkigoʻy shoirlar adabiyot, sanʼat va madaniyat rivojiga katta hissa qoʻshganlar. Gʻazal mulkining sultoni, Hazrat Alisher Navoiy ijodining shakllanishi va shunday buyuk mavqega erishishida bu ijodkorlarning katta hissasi bor. Mana shu toyifaga mansub boʻlgan ijodkorlar safida oʻzining turkona gʻazallari, sodda uslubi bilan shuhrat qozongan Mavlono Atoiy ham bor.
Atoiy ham Lutfiy, Durbek, Haydar Xorazmiy, Sakkokiy, Gadoiylar singari turkiy xalqlar madaniyatini boyitdi. Samimiy sheʼriyati bilan el ogʻziga tushdi. Hatto Alisher Navoiy ham oʻz tazkiralarida Mavlono Atoiy nomini alohida hurmat bilan tilga oladi. Shoirning oʻz zamonasida shuhrat qozongan gʻazallaridan misollar keltirib, ularning yutuqlari va qusurlarini sanab oʻtadi. Misol uchun, Navoiyning Atoiy ijodiga mansub “Ul sanamkim” deb boshlanuvchi gʻazal haqida aytgan “Qofiyasida aybgʻinasi bor” degan taʼrifi adabiyot ahli oʻrtasida mashhur boʻlib ketgan.
Biroq Mavlono Atoiy sheʼriyatining tili haqiqiy turkona tildir. Shuning uchun ham oʻz zamonasida Atoiy gʻazallari ahli adab davrasida ham, oddiy xalq orasida ham keng yoyilgan. Navoiy hazratlari ana shu manbalarga tayangan holda “Mavlono Atoiy turkigoʻy erdi”, deb yozadi. Shoir oʻz ijodida xalq tiliga, xalq hayotiga yaqin boʻlgan uslublardan foydalangan. Aksariyat shoirlar fors tilida ijod etishni afzal bilgan bir davrda turkiy tilning nufuzini oshirishga, uni boyitishga xizmat qilgan. Balki shu sabab, Atoiy sheʼriyati Navoiyning nazariga tushgandir. Zotan, Navoiy “Majolis un nafois” hamda “Muhokamatul lugʻatayn” asarlarida Atoiy nomini tilga olib oʻtadi.
Atoiy lirik merosining umumiy hajmi 1718 baytni tashkil etadi. Shoir boshqa salaflaridan farqli tarzda kichik hajmli, ixcham gʻazallar bitgan. Atoiy devonida besh baytdan iborat boʻlgan 58 ta gʻazal mavjud. Shoir devoni ancha mukammal ekani bilan ahamiyatlidir.
Yuzungni, ey malohat xoni, bir och,
Toʻya koʻrsun seni bu mustahiq och.
Eʼtibor bergan boʻlsangiz, mazkur gʻazal maʼshuqaga murojaat bilan boshlanadi. Atoiy lirik qahramon tilidan soʻzlar ekan, maʼshuqani “malohat xoni” deb ataydi. Unga xitob qilib aytadiki, “Ey malohat xoni, kelgin, menga yuzungni koʻrsatgin. Men ishq balosiga mustahiq boʻlganman, ochman, sen oʻz husnu jamoling bilan meni toʻydirgin,” demoqda. Bunda radif vazifasini bajargan “och” soʻzi shoir tomonidan ikki maʼnoda qoʻllanadi. Bu misolni kuzata turib, shoir turkiy tilning badiiy imkoniyatlaridan yaxshi xabardor boʻlgan, degan xulosaga kelish mumkin.
Ixcham va sodda gʻazallar ijodining asosiy shakl koʻrinishlaridan sanaladi. Aytish mumkinki, Atoiy bu borada anʼanalarga ergashishni maʼqul koʻrgan.
Netay men gʻamzang ilkindin, ki har dam,
Tegar jonimgʻa koʻz koʻnglimni olgʻoch.
Bu baytning mazmuni shunday: “Men sening gʻamzangdan, otash nigohlaringdan qayerga qochib qutulay. Sen menga nigoh solganingda, har lahzada jonimga koʻz tekkanday boʻlyapti”, deydi. Bu misralarda ham “koʻz tegishi” degan birikma ikki xil maʼnoda qoʻllangan.
Chindan ham Atoiy sheʼriyati nihoyatda oʻziga xos. Shoir ijodida benazir badiiy sanʼatlar, tasviriy vositalar, nozik qochirimlar, tashbehlarni koʻramiz. Mazmunining bir qadar soddaligi, bitta soʻzning turli oʻrinlarda bir nechta maʼnoni ifodalab kelishi Atoiy ijodining yetakchi xususiyatlaridan biridir.
Tilarsankim, jahon oshufta boʻlgʻay,
Zamone sunbulingni gul uza soch.
Bu misralarda shunday maʼno koʻzga tashlanadi: “Agar jahon xalqi senga shaydo boʻlishini istasang, sunbulingni gul uzra sochib yuborgin”. Bu baytda Atoiy atalmish soʻz sanʼatkori mumtoz sheʼriyatning bir nechta tasviriy vositalaridan, badiiy sanʼatlaridan foydalangan. Baytdagi “oshufta” soʻzi shaydolik va mahliyo boʻlish singari maʼnolarni ifodalaydi.
Atoiy sevgali ohu koʻzingni,
Ani sayd etmadi hech koʻzi qiymoch.
Gʻazaldagi lirik qahramon, yaʼni shoir ohu koʻzlar oshigʻi. Shuning uchun ham uni qiyiq koʻzlar oʻziga tortmaydi. Shoir bunday koʻzlarga nisbatan mutlaqo beparvo. Sheʼrning soʻnggi xulosasi mana shunday. Bir qarashda bu gʻazal oshiq-maʼshuqlik munosabatlariga bagʻishlangan oddiy bir sheʼr kabi taassurot qoldiradi. Ammo bir haqiqat borki, mana shu kichik gʻazal misolida shoir oʻzbek tilining badiiy imkoniyatlarini ochib bera olgan.
Mana shularga asoslangan holda aytish mumkinki, Mavlono Atoiy sheʼriyati oʻzbek mumtoz adabiyoti rivojiga, gʻazal janri taraqqiyotiga katta ulush boʻlib qoʻshilgan.
Zohida RAHMONOVA
“Yoshlik”, 2015 yil 6-son
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/turkona-til-jozibasi/