Bolgariya sheʼriyatidan tarjimalar

Har bir millat adabiyoti uning koʻp asrlik tarixi, madaniyati va dunyoqarashiga mos boʻladi. Bolgariya adabiyoti ham bundan mustasno emas. Jahonning barcha xalqlarida boʻlgani kabi bolgar adabiyotining tub ildizlari ham uning boy folkloriga borib taqaladi. Mazkur adabiyotning ilk rivojlanish bosqichlarida diniy rivoyatlar alohida ahamiyat kasb etgan. Bolgariya shoirlari ijodida vatan va millat hurligi, qalb erkinligi, hayot mantigʻi kuylanadi. Bu mavzularni, ayniqsa, Lyuben Karavelov, Xristo Botev kabi shoirlar ijodida kuzatish mumkin. Dramaturgiya, sheʼriyat, nasr va publitsistika kabi qator janrlarda qalam tebratgan Ivan Vazov, folklorshunos, shoir va publitsist sifatida tanilgan Petko Rachev Slaveykov, uning oʻgʻli – oʻz otasining munosib farzandi, nomzodi “Nobel” mukofotiga qoʻyilgan Pencho Slaveykov, sohir qalb sohibi Peyo Yavorov, beqiyos isteʼdod egasi Atanas Dalchev, majnunqalb Aleksandr Gerov, insoniy tuygʻularning nozik ifodalarini kashf etgan Voymir Asenov bolgar sheʼriyatining rivojlanishiga hissa qoʻshgan ijodkorlar sanaladi.

Shuningdek, bu adabiyot vakillari orasida Yelisaveta Bagryana, Yana Yazova, Valentina Radinska, Yolka Nyagolova singari shoiralar ham bor. Valentina Radinska taniqli rus shoiralari – Anna Axmatova hamda Marina Svetayevaning muxlisi boʻlib, uning Svetayeva xotirasiga bagʻishlangan “Avgust” nomli sheʼri anchagina mashhur.

Insoniy tuygʻular millat tanlamaydi, deyishadi. Mashhur rus shoirasi Anna Axmatova isteʼdodli bolgar shoirasi Yelisaveta Bagryananing bir turkum sheʼrini, shuningdek, Pencho Slaveykov va Aleksandr Gerovning eng mashhur sheʼrlarini rus tiliga mahorat bilan oʻgirgan. Atanas Dalchev sheʼrlari esa Mariya Petroviʼx tarjimasida oʻzgacha jaranglaydi.

Gohida shoirning kam sonli sheʼrlari ham, uning ijodiy mahorati haqida tasavvur berishi mumkin. Axir, “qatrada quyosh aks etadi”, degan hikmat bor.

Shu hikmatga asosan aytish mumkinki, bolgar shoirlarining aksariyati oʻziga xos uslubga ega. Jumladan, Ivan Vazov oʻz asarlarida vatan va inson erkining muqaddasligini chuqur falsafiy mushohadalar orqali bayon etgan boʻlsa, Dimitr Metodiyev odamzot qismatining murakkabliklarini tarixiy haqiqatlar va taʼsirchan manzaralar vositasida tasvirlab bergan. Shoir “Nefertiti” sheʼrida shunday yozadi:

 

Nefertiti, koʻrdim, suluvsan gʻoyat,

Begʻubor sevgimga qilmagin gumon.

Yoʻqotganim izlab topdim nihoyat,

Senga yetgunimcha oʻtdi koʻp zamon.

Turfa mish-mishlarga ishonma aslo,

Xudoni ham qilar odamzot gʻiybat.

Bu dunyoda senga yetgunimcha to

Qancha kulfat chekdim, qancha uqubat.

 

(R. Musurmon tarjimasi)

 

Umuman olganda, Dimitr Metodiyevning “Nefertiti”, “Dunyoning kashf etilishi”, “Goʻdaklik hidi”, Pencho Slaveykovning “Mikelanjelo” hamda “Cis moll”[1] kabi sheʼrlarini oʻqish chogʻida, bolgar sheʼriyati vakillarining olam va odam falsafasini anglash yoʻlidagi urinishlari besamar ketmaganligi ayon boʻladi. Peyo Yavorov, Voymir Asenov kabi shoirlar ijodida esa tabiat lirikasi va muhabbat tarannumiga keng oʻrin berilgan.

Oʻtgan asrning saksoninchi yillaridan boshlab bolgar sheʼriyatida ham modernistik tamoyillar taʼsiri sezila boshladi. Yolka Nyagolova, Krasimir Georgiyev kabi shoirlar shu tamoyillarga asoslangan zamonaviy shakllarda qalam tebratishadi. Adabiy tanqidchilar xulosasiga koʻra, ayni paytda bolgar adabiyoti susayish davrini boshdan kechirmoqda. Buning oʻziga yarasha sabablari bor. Zamonaviy ijodkorlarining koʻpchiligi postmodernizm taʼsirida bolgar adabiyotining koʻp asrlik anʼanalarini inkor etmoqdalar. Bu holatda esa adabiy til meʼyorlari va adabiyotdagi koʻp asrlik anʼanalarga putur yetishi mumkin.

Har ne boʻlganda ham, bolgar shoirlari ijodi oʻziga xos ohangi va mavzulari bilan ajralib turadi. Bu sheʼrlarda olamning koʻhna haqiqatlari, insonning goʻzal va latif tuygʻulari, eng muhimi, ibtido sogʻinchi mujassam.

 

Mazkur sheʼr buyuk bastakor Betxoven xotirasiga bagʻishlangan boʻlib, sheʼrga uning “Taqdir eshikni taqillatdi” degan soʻzlari epigraf qilib olingan.

 

Tarjimondan


 

 

Pencho Slaveykov (1866–1912)

 

* * *

Kuz barglari qovjiroq, zaʼfar,

Yerga sochar ularni boʻron.

Qadamimdan sinar xazonlar,

Soyasidan ayrilmish oʻrmon.

 

Xazonlarning shivirlashlarin

Soyasidan ayri oʻrmonda,

Anglagayman kuzning boʻroni

Meni yerga qulatgan onda.

 

KEChA KOʻZ YOSH TOʻKAR…

 

Kecha koʻz yosh toʻkar sokin va soʻzsiz,

Achchiq alam bilan tan olar, esiz:

Oppoq kun Kechani olmas yodiga,

Oppoq kun hech qachon yetmas dodiga.

Bilishni istamas: u nega mahzun,

Bu teran va abad qaygʻu ne uchun?

 

Tong nurli jamolin koʻrsatgan chogʻlar,

Maysalar boʻynida shudring munchoqlar.

Bu shaffof tomchilar qaynoq, shashqator,

Lek sira achinmas Kun degan gʻaddor.

Boqar – tabassumi yorqin va mayin,

Goʻyo bu gʻussaga daxli yoʻqdayin.

 

* * *

Tushimda ham, oʻngimda ham, yor,

Jamolingga etding mahliyo –

Bamisoli tunday fusunkor,

Nur sochuvchi kunduzday, goʻyo.

 

Kunduz firoq dilni poralar,

Haqiqat ham tegar jonimga.

Tunda esa tushlar oralab

Chorlagayman kunni yonimga.

 

 

Valentina Dimitrova Radinska (1951)

 

 

 

MADHIYa

 

Erta ketsam hayotdan – koʻzim yummoqqa shoshma,

Gajak bilakuzuk va uzugim taq qoʻlimga.

Yashirib daftarimni, qalamimni taroshla –

Qabr siri noayon – u tegishli oʻlimga.

 

Erta ketsang hayotdan – mumkin boʻlmogʻi sodir,

Yagonam eding, – deya tan olgumdir nihoyat.

Titroq barmoqlaringdan boʻsa olgum birma-bir,

Uzoqdan nur taratgan yuragingdan ham albat.

 

Bori shu. Hammasiga tayyorman endi, mana,

Sensiz hayot nedir? U – zulmat ichra nur koʻrmoq.

Tomosha, sahna oʻsha, parda tortilar yana,

Doʻstlar chiqarar yoddan, gʻanimlar eslar uzoq.

Afsus… Koʻrmaymiz yerning hamma tomoshalarin.

 

Lek sezamiz urugʻning xoʻrsinishin dalada,

Qor kabi oq ildizning oʻsganini ilgʻaymiz.

Zamin osti suvlari quvvat berar pallada

Bola hayrati bilan insondek boqar ildiz.

 

Bugʻdoyiq misol oʻtar yillar oralab dadil,,

Mangu yashil qoni-la davolar bizni albat.

Sevgimiz yot koʻzlarga koʻrsatmagay sira, bil –

Togʻlar aro yashirib qoʻyar abadul abad.

 

 

Peyo Yavorov (1878–1914)

 

SOHIRA

 

Qalbim – qalbing asirga olgan

Itoatkor quldir, umrbod

Koʻzlaringga termulib qolgan…

Duo qilar, yolvorar nolon,

U yil sayin boʻlmoqda barbod.

Qalbing parvo qilmagay sira,

Qalbim quldir, qalbing – sohira.

Zoʻr tashnalik bermoqda azob,

Chorlovimga bir bora javob

Qaytarmadi iloha qalbing.

Ikki chashming yonayotir jim,

Sokin qalbing timsoli – sabot.

Uni afsun toʻla marosim

Xijolatga solmoqda nahot?

 

 

Nikolay Liliyev (1885–1960)

 

* * *

Navbahorning mayin yomgʻiri

Tom ustida sochmoqda jarang.

Tinglagancha bahor yomgʻirin

Qancha umid koʻz ochar, qarang!

 

Shu bahoriy mayin yomgʻir-la

Uygʻonmoqda ohista Zamin.

Shu bahoriy mayin yomgʻirlar

Soʻzlab berar koʻklam ertagin.

 

Koʻklamoyning yomgʻiri mayin –

Baxt shuʼlasin yoʻymang sarobga.

Tinglagancha bahor yomgʻirin

Qancha orzu chiqar roʻyobga!

 

 

Dimitr Metodiyev (1922–1995)

 

KUZ

 

Olam uyqu hamda toʻzgʻinlikka band,

Yerga, odamlarga berib borini,

Sokin va ulugʻvor – goʻyo donishmand,

Soʻnib borayotir yorqin kuz kuni.

Yigʻlama hadik-la, qoʻygil gʻussani,

Ha, kunlarni bargday sovurdi fursat.

Lekin terakzorning sargʻish gulxani

Yashil dala uzra yonmoqda bu vaqt.

 

* * *

Abadiymas mening qoʻshigʻim,

Lek oʻzimga qilar kifoya.

Men nomaʼlum askarman – umri

Ulugʻ jangda topgan nihoya.

 

Bir kun kimdir motam gullarin

Taʼzim bilan qoʻyadi yerga –

Boqib yuksak supada turgan,

Tanilmagan jasur shoirga.

 

 

Aleksandr Gerov (1919–1997)

 

KUN

 

Kun sen bilan toʻliq – sensan fitrati

Va shunday ulugʻvor, poyonsiz bu kun.

Endi choʻchitolmas vaqtning vahshati,

Lahzaga aylandi fursat men uchun.

 

Yulduzlar yopinchiq toʻqishar tunga,

Samovot bagʻrida taratgancha nur.

Yor yonimda boʻlgan kun uchun senga,

Ey abadiy lahza, ming bor tashakkur!

 

 

Voymir Asenov (1939–2013)

 

BILLUR

 

Sevar edim seni, muhabbat,

Isming naqshi chekilmish jonga.

Bugun tavba kunidur albat,

Sajda qilgum sen bor tomonga.

 

Ehtirosing buyuk, telbavash –

Etar bizni jannatdan judo.

Seni qoʻmsab, izladim yakkash,

Zohidmasman, kechirsin Xudo.

 

Paydo boʻlding qarshimda, joʻshqin

Olamingni etib namoyon.

Qadim olov ichra yonardim,

Aldamading sen meni shu on.

 

Qalbim oʻtda aylading abgor –

Ammo qalqdim Qaqnus qushiday.

Sevgi, boqqin, toʻrt tomoning qor –

Sen goʻzalsan oshiq tushiday!

 

Bugun yana chorlading qayta,

Kuying ichra billuriy sado…

Peshvoz chiqqum, sen avvalgiday

Sen yonimga qaytarsan, illo!

 

Gulnoz MOʻMINOVA tarjimalari

 

“Yoshlik”, 2015 yil 7-son

 


[1] Mazkur sheʼr buyuk bastakor Betxoven xotirasiga bagʻishlangan boʻlib, sheʼrga uning “Taqdir eshikni taqillatdi” degan soʻzlari epigraf qilib olingan.

https://saviya.uz/ijod/nazm/bolgariya-sheriyatidan-tarjimalar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x