Vaqt ranglarining musavviri edi

Ustoz Ravshan Fayzni xotirlab

 

Taniqli shoir Ravshan Fayzning 1990 yilda Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida bosilgan “Tashrif” nomli ilk kitobida “Vaqt ranglari” nomli sheʼr bor.

Men oʻynab qolibman bolalik bilan…

Yillar – imkonlarim ketib qolibdi.

Yillar ranglarimni oʻgʻirlabdilar.

Men oʻzimcha oʻrik, uzum tusasam,

Onam menga turshak, mayiz berdilar.

Ravshan Fayz musavvirona mahorat sohibi edi. Umrning begʻubor navbahorini, rang-barang gullar, yam-yashil maysalarni ulugʻlash shoir sheʼriyatining asosiy mazmun-mundarijasini tashkil etadi. Ranglar koʻchma maʼnoni ifodalaydi. Shu maʼnoda vaqt ranglari – bolalik, yoshlik va goʻzallikni, mehr-muhabbatni, insonning ezgu amallarini anglatadi. Vaqt ranglari…

1988 yilning yozi edi. Talabalik oʻrtogʻim Bobomurod Eraliyev bilan mashqlarimni Ravshan Fayzga olib borgandik. Ravshan aka u paytlar “Yoshlik” jurnalining sheʼriyat boʻlimida ishlar edi. Bizni iliq kutib oldi. Bir sheʼrda yurakni qoziqqa bogʻlab qoʻyilgan duldul otga qiyoslagan edim. Faqat bu “ot”ning ozigʻi – beda emas, yem emas, mehr. U mendan boshqa odamning koʻziga koʻrinmaydi (yaʼni yuragimda nimalar kechgani faqat oʻzimga maʼlum-ku). Ammo mening oʻzim unga yemish tutsam, yemaydi (axir, oʻzim oʻzimga mehr berolmayman, oʻz-oʻzini yaxshi koʻrish xudbinlik boʻladi). Shuning uchun koʻksimdagi duldul suluvlarning qoʻlidan oziqlanib oʻrgangan. Oxiri bir parini olib qochar yugurib, meni sudrab ketadi qozigʻini sugʻurib… Bu tashbeh Ravshan akaga maʼqul boʻldi.

– Men bir narsaning nomini boshqacha atashni yaxshi koʻraman, – dedi u qoʻlidagi qalamini aylantirib. – Aytaylik, mana shu qalamni koʻpchilik “qalam” deydi, men unaqa degim kelmaydi, masalan, “yurak tilmochi” yoki “olmosdan ham oʻtkir tigʻ”mi, nima boʻlsa ham, boshqacha nomlagim keladi qalamni.

Ravshan akaning bu gapi badiiy adabiyot, sheʼriyat mohiyatining ulkan xulosasi edi. Men uning maʼnisini ancha keyin angladim.

 

Bobomurod Eraliyevning:

“Tun boʻyi gul terib uxlamas ayol

Devorga osilgan soʻzonalardan,” – degan misralarini oʻqidi.

– Qarang, tun-kechalar devordagi kashtalarni barmoqlarida gʻijimlab-oʻynab, yor xayoli ila bedor yotgan, kuyovini intizor kutayotgan kelinchakning goʻzal tasviri.

Tasvirda asosiy va birinchi darajali narsadan chetlashib qochib, orqa plandagi ikkinchi darajali narsalar qalamga olinganda, oʻsha birinchi darajali narsa yanada boʻrtib koʻrinadi, yorqin aks etadi. Oʻsha asosiy boʻlmagan narsalarning hammasi asosiy narsani ifodalashga xizmat qiladi. Bu bamisoli mozaikaday: turli-tuman rang va hajmdagi mayda toshchalar devordagi sahnga yopishtirilib, ulardan muayyan voqea-hodisa yoki inson qiyofasi shakllantiriladi.

Shoirlar boshni aylantiradilar, bir gapni toʻgʻridan-toʻgʻri aytish oʻrniga oʻsha gapning atrofida aylanib yuradilar, qulogʻing qani desang, oʻng qoʻli bilan yaqindagi oʻng qulogʻini koʻrsatish oʻrniga, oʻng qoʻlini boshi uzra aylantirib chap qulogʻini koʻrsatadilar, deyishadi. Bu toʻgʻri. Ravshan Fayzning “Bir narsaning nomini boshqacha atashni yaxshi koʻraman” degan gapiga mutanosib. Shoirlik sanʼati mana shunda.

Oynaga qarasangiz, aksingiz koʻrinadi, derazadan boqsangiz, tashqaridagi gullar, daraxtlar…

Bu yerda siz, oyna, oynadagi aksingiz va siz, deraza oynagi, oynak ortidagi gullar, daraxtlar uchligi mavjud.

Gap mana shu uchlikning qaysi biridan badiiy vosita sifatida foydalanishda. Ushbu uch birlikka ijodkorlar uch xil yondoshadilar:

Kimdir faqat oʻzini, oynasiz tasvirlaydi. Manzarani toʻgʻridan-toʻgʻri bayon etadi. Bunda oyna va oynadagi aks chetda qoladi.

Ayrimlar oynadagi aksga, manzaraga murojaat etadilar. Manzaraning oʻzi yoki aks egasi hamda ularni koʻrsatib turgan oyna “oʻyindan tashqari holatda” qolib ketadi.

Odamlar oynaga qaraganda undagi aksni tomosha qilib, oʻsha aksni koʻrsatib turgan oynani unutib qoʻyadilar. Yoki derazadan koʻrinib turgan tabiat manzarasiga mahliyo boʻlib, deraza oynaklarini esdan chiqaradilar. Axir, siz va aksingiz, nigohingiz va tashqaridagi manzara oʻrtasida oyna bor-ku. Oʻsha oynani qora parda bilan toʻsib qoʻying-chi, bir nima koʻrinarmikin.

Badiiy asar oʻsha oyna boʻlmogʻi kerak. Mayli, unga qaraganlar, undagi tasvirga mahliyo boʻlib, oynani unutib qoʻysinlar. Ana oʻshanda badiiy asar tabiiy chiqadi. Soʻzning qudrati mana shunda. Shu maʼnoda “Adabiyot – hayot koʻzgusi” degan gap toʻgʻri.

Ravshan Fayzning “Bir narsaning nomini boshqacha atashni yaxshi koʻraman” degan gaplarini eslab, xayolimdan shunday fikrlar kechdi.

Ravshan Fayz oʻz ijodi davomida narsalarning juda koʻp yangi nomlarini topdi, betakror sheʼrlar yaratdi. Sheʼrlarini elu yurtning, inson koʻngli va tuygʻularining yangi nomlari bilan bezadi.

Mana, yilning yangi nomi. Vaqt ranglarining yana bitta surati:

 

Toʻrtta koʻylagi bor

Va bitta oʻzi.

Kiysa, bor umriga bemalol yetar,

Lekin u zoʻravon koʻnglimni buzib,

Har gal bir koʻylagim toʻzdirib ketar.

 

Kiyimning yangisi, doʻstning eskisi yaxshi, deganlariday doʻst oʻzgarmaydi, kiyim oʻzgaradi. “Sendan bir necha koʻylakni koʻp yirtganman”, degan iborani ham oʻz bagʻriga singdirib yuboradi Ravshan Fayzning “Yil” degan sheʼri. Ha, bizdan bir necha koʻylakni koʻp yirtgan, bizdan bir necha barobar mahoratli shoir edi Ravshan Fayz. U ayniqsa, yosh shoirlarga nihoyatda mehribon ustoz edi. Yoshlarni oʻziga teng koʻrib, samimiy suhbatlashardi. Shuning uchun Ravshan akadan dilimizdagi gapni hecham yashirmas edik.

Darvoqe, Ravshan Fayzga olib borgan mashqlarimdan beshtasi “Yoshlik” jurnalining 1989 yil birinchi sonida bir sahifa qilib chop etildi. Bu mening matbuotda ilk chiqishim edi. Ravshan Fayzning sharofati bilan yangi sheʼrlar yozishga ishonchim va intilishim yanada kuchaydi. U kishi yana menga oʻxshagan juda koʻp yoshlarga ustozlik qildi, ijodda toʻgʻri yoʻl koʻrsatdi. “Kamalak” yoshlar nashriyotida ishlagan paytlarida “Oʻzbekiston yosh shoirlari” ruknida Salim Ashur, Gʻulom Mirzo, Qoʻchqor Norqobil, Yusuf Xudoyqul kabi oʻnlab tengdoshlarimning ilk kitoblarini tayyorlab, ularga oʻzi muharrirlik qildi. Oʻsha ruknda mening ham “Ruhimning tovushi” (1995) nomli sheʼrlar toʻplamim Ravshan Fayzning jonkuyarligi tufayli nashr etildi.

Ravshan Fayz faqat talabchan muharrirligi, mehribon akaligi, dilkash insonligi bilan emas, oʻzining betakror sheʼrlari bilan ham barchaga ibrat koʻrsatar edi.

Esimda, 1991 yil “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida eʼlon qilingan bir turkum sheʼrlarini oʻqib, hayajonlanib yurganlarim. Ayniqsa, Vatan haqidagi sheʼri yorqin obrazlarga boyligi tufayli bir oʻqishdayoq yodimda qolib ketgan. Sheʼr obrazi bilan esda qoladi va hech qachon unutilmaydi.

 

Ey ota yurt, ey tugʻishgan el,

Men bir oʻsmir, men bitta gulni

Orzu-havas degan tanti yel

Qay bir bahor bagʻringdan yuldi.

 

Soʻng taqdirga rahmatlar aytib,

Oʻshal yuksak orzumga yetdim –

Tinim bilmas devona, daydi

Shamollarga aylanib ketdim.

 

Ulangandim yuragim bilan

Axir sening jonu jismingga.

Bukun dunyo baribir bir kam,

Orzuim yoʻq, armonlar mingta.

 

Endi tunlar yuragim ogʻrir,

Sogʻinaman seni, qishlogʻim,

Dashtlaringni eslayman ogʻir

Qoyalarga urilgan chogʻim.

 

Turib-turib keladi koʻrgim,

Sen-chi, sen ham sado bergin, hoy!

Bilinarmi hali ham oʻrnim,

Ogʻriydimi men yulingan joy?!

 

– Ravshan aka, “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”da zoʻr sheʼrlaringiz chiqibdi, tabriklayman, – degan edim.

– Hech kim zoʻr demayapti-ku, – dedilar…

Ravshan Fayz mehribon doʻst edi. 1992 yilning kuzida shoir Chori Avaz vafot etdi. Hammamiz chuqur qaygʻuda qoldik. Ravshan aka hozirgi “Sharq” nashriyoti yonidagi 12 qavatli binoning yonida avtobus tashkil qildi. Bir avtobus shoirlar Ravshan Fayz boshchiligida Gʻuzorga borib keldik. U doʻsti Chori Avazga yoʻqlov aytdi.

 

Sorbon soʻzlab qaytadur,

Boʻta boʻzlab qaytadur.

Ogʻir karvon Gʻuzorday

Yurtni koʻzlab qaytadur.

 

Keksa-yoshga yoqqan doʻst,

Quyoshga tik boqqan doʻst.

Ogʻzi oshga yetganda

Burnidan qon oqqan doʻst…

 

Bu ham Ravshan Fayz sheʼriyatidagi vaqt ranglaridan biri.

Hayot doimo boshingni silayvermaydi. Gazeta-jurnallar tahririyatlarida hamisha ham Ravshan Fayzga oʻxshagan – yoshlarga gʻamxoʻr muharrirlar oʻtiravermaydi. Keyinchalik oʻzim ham “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasining nazm va nasr boʻlimida ishladim. Biroq Ravshan Fayzdek boʻloldimmi-yoʻqmi, bilmadim…

Oʻsha paytda gazeta tahririyatida ishlamas edim. Gazetaga bergan sheʼrlarimning taqdirini bilish uchun yoʻlga chiqdim. Nega berishmayapti ekan, ancha vaqt boʻldi-ku… Yoki… Maʼqul deyishgandi-ku… Nima qilsam ekan?.. Ichimdan xoʻrsinaman… Nima xayolda ketayapman-u, biroq oʻz odatimni tark etmadim. Koʻkaldosh madrasasi yonidagi eski kitoblar doʻkoniga burildim. Javonlardagi eski kitoblarning hammasini birma-bir qoʻldan oʻtkazdim. Bir-ikkita noyob kitob tanladim. Bu xazinaning ichida ikki soatdan koʻproq vaqt sarfladim. Topgan boyligimni qoʻltiqlab, trolleybusga chiqdim. Orqadagi boʻsh joyga oʻtirib, kitoblarni katta mamnuniyat bilan varaqlay boshladim. Beixtiyor kimningdir menga tikilib turganini sezdim. Boshimni koʻtarib qarasam, Ravshan aka jilmayib turibdi. Darhol oʻrnimdan turib, u kishiga joy boʻshatdim. Oʻtirmayman, dedi. Qoʻlimdagi kitoblarni koʻrdi. Oynadan koʻchaga boqqancha gaplashib ketdik. Men oʻz dardi holimni arz etdim.

– Parvo qilma, eng muhimi, yozyapsanmi, boʻldi. Yozaver, shoshilma, bir kuni chiqadi.

Men u kishidan nega anchadan buyon matbuotda koʻrinmayotganini soʻradim.

– Sheʼrlarimni gazetalarga berishga qiziqmay qoʻydim…

Men uning soʻzlarini hafsalasizlikka yoʻydim. Hozir qayerda ishlayotganini soʻradim.

– Hech qayerda ishlamayapman, – dedi u.

Ravshan Fayzning ushbu holati, gaplari, qarashlari dunyodan qoʻl silkigan darveshga oʻxshar edi. Goʻyo hamma narsaga befarq, beparvo…

Yoʻq, aslida bunday emas edi. Aslida Ravshan Fayz tinimsiz yozayotgan edi. Aslida men bilan gaplashib turgan shu holatda bus-butun bir kitob tuzib qoʻygan edi Ravshan aka.

Amir Temur xiyoboniga yetganimizda Ravshan akaga imo qildim:

– Ketdik, tushamiz.

– Yoʻq, men vokzalga ketyapman, birovni kuzatishim kerak…

Biz shunday xayrlashdik. Ravshan aka menga nimanidir aytmoqchiday, men esa nimanidir anglamay qolganday edim…

Men yoʻlda tushib qoldim, Ravshan aka vokzalga ketdi.

Ravshan Fayzning “Kimlarni kuzatdim poyezdga” sheʼrini oʻqiganimda bizning oʻsha uchrashuvimiz yodimga tushaveradi.

 

Kimlarni kuzatdim poyezdga,

Ming marta yuragim yalindi menga,

Xudoning zorini qildi koʻp koʻnglim.

Men esa shu buyuk xohishni yenga

Tanish-bilishlarning shartiga koʻndim.

 

Kimlarni poyezdga kuzatdim ming bor,

Kimni kutib oldim qoʻnalgʻalarda.

Qachon ketib boʻldi, yo rabbiy, bahor,

Kuz ham kirib kepti qachon shaharga.

 

Qishloqqa ketdik deb yigʻlab yuragim,

Qovogʻimga qarab kun sayin seldir.

Men esa oʻy surib oʻtiribman jim:

“Ataylab koʻrgani kelmaydi kimdir…”

 

Kelganning bariga mayoqman yo rab,

Kutib-kuzataman shomu saharda.

Ayting, ne boʻlardi birov ataylab,

Hol soʻrab koʻrgani kelsa bir marta…

 

Ha, oʻsha damda Ravshan Fayz oxiri koʻngilning xohishiga kirgan edi.

U qishlogʻiga ketdi. Faqat poyezdda emas, nomaʼlum yoʻlovchi mashinada bemahal ketdi. Buni hech kim koʻrmay qoldi, bilmay qoldi…

Bir kuni ustoz Mahmud Saʼdiyni mashina sal turtib ketibdi.

Biz koʻrgani kasalxonaga borganimizda ustoz hoʻngrab yigʻlab yubordi.

– Men oʻzimga emas, Ravshanga yigʻlayapman, – dedi u. – Men-ku sogʻ qoldim, Ravshan-chi, eh, Ravshan…

Ravshan akani katta-yu kichik – hamma yaxshi koʻrar edi.

 

Bilinarmi hali ham oʻrnim,

Ogʻriydimi men yulingan joy?!

 

Satrlari hecham yodimdan chiqmaydi. Hamon Ravshan Fayzning oʻrni juda bilinadi. Hamon Ravshan Fayz yulingan joy qattiq ogʻriydi.

 

Rustam MUSURMON

 

“Yoshlik”, 2015 yil 7-son

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/vaqt-ranglarining-musavviri-edi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x