Enatosh

Enasining yettisi oʻtkazilgan kunning ertasi yumushga chiqqan Togʻay oqshom oldi ovuli tomon oʻsha-oʻsha gʻamnok bir kayfiyatda qaytarkan, kunchiqishdagi adirlik qoʻyniga shoʻngʻigan koʻyi, gʻuborli olis ufq qaʼriga singib, izsiz yoʻqolgan keng asfalt yoʻlning oʻng tarafidagi togʻoldi kengligi uzra misli bodroqdek sochilgan pastu baland tepaliklar orasida eng mahobatlisi boʻlmish Choʻngtepa poyiga yetganida, har safargidek, oyoq ilib, tepalik beliga chirmashgan ingichka soʻqmoqqa andak malollanib boqdi; avvaliga tepalik yonlab borib, soʻng naridagi doʻngliklar oralab chuvalanib ketgan ensiz toshyoʻlga hardamxayol nazar tashlab qoʻyishni ham unutmadi. Bejizga emas, negaki, katta yoʻl boʻylab enlab tushgan Choʻngtepa ortidagi kichik vodiyda joylashgan moʻjazgina ovuliga har ikkisi ham olib boradi, farqi – biri haddan ziyod tik, yuqoriga oʻrlaguningcha toza tinkang quriydi, biri esa aylanishli, doʻngliklar oralab xiyla ulogʻib yurishingga toʻgʻri keladi.

Aslida toshi yengil, poyi-piyoda odamga ushbu tor soʻqmoqdan sozi yoʻq, chunki Choʻngtepa deganlari bu tomondan tik va baland esa-da, ters tarafi vodiy sathiga tutash qiyalik, quyiga oʻynab-oʻynab enasan. Biroq quyiga oʻynab-oʻynab enish uchun esa avvalo uzuq-yuluq, ingichka, sirpanchiq soʻqmoqdan bir amallab tepaning toshloq yagʻriniga chiqib olmoq darkor. Shuning uchun, ovul yosh-yalanglarini demasa, kattalar soʻqmoqqa yaqin yoʻlashmaydi, andak aylanishli boʻlsa-da, shu oʻzimizning koʻhna yoʻl durust, deyishadi. Togʻayga kelsak, Choʻngtepa yelkasiga oyoq qoʻyishi hamon koʻzga tashlanadigan och jigarrang tusdagi baland qoyatosh – Enatosh bagʻrida har shom yoʻliga koʻz tikib oʻtiradigan enasi, Adolat kampir vajidan soʻqmoqqa tirmashishni odat qilgan. Bu gal ham ushbu koʻnikma boʻyicha, boyasaroq salgina sevalab oʻtgan koʻklam yomgʻiridan namlangan soʻqmoqdan, tiygʻana-tiygʻana, asta yuqorilay boshladi.

Togʻoldi zaminiga xos, Choʻngtepa asosi qoyatosh, yuzasidagi bir enlik soz tuproq esa yogʻin-sochinga bardoshsiz. Shuning uchun yuqoriga tirmashgan odam yoʻl-yoʻlakay qoyatoshlarga manglay urmay, soʻqmoq boʻyidagi sertikanak achchiq bodom butalariga “talanmay” sira iloji yoʻq. Ammo bolaligidan tik soʻqmoqlarga oʻrlashning obdon hadisini olgan Togʻay kabi yigitlarga bu xil noqulayliklar choʻt emas, manglayi terchib, egni terdan namiqib, zumda yuqoriga chiqib oladi.

U bazoʻr nafasini rostlab, tepaning keng, uning taʼbiricha, zabardast yagʻriniga qadam qoʻyarkan, odatiga koʻra, qarshisida yuz ochgan manzara qoshida bir zum tek qotdi-da, soʻng yashil vodiy kunbotishida, sanoqli qoʻrgʻonlardan iborat jimitdek ovul joylashgan doʻnglik betida koʻkka boʻy rostlab turgan Enatosh – boshida lachak, soʻl qoʻli koʻksiga yopishgan, oʻng kafti tizzasida, tepalik sari xayolchan termulib oʻtirgan ayol timsoli – ulkan qoyatosh bagʻriga gʻayriixtiyoriy tarzda oshigʻich koʻz tashladi.

Vo ajab, Enatosh bagʻri boʻm-boʻsh edi.

– Iya, enam qani?!

Yigit koʻksidan bexos koʻchgan bu nido kechki shabada qanotiga ilashib ulgurmay, volidasi bir necha kunning narisida bandalikni bajo keltirgani va endi hech qachon Enatosh tizzasida – uning ushoq va jonli nusxasi boʻlib – har kech yoʻlini poylab oʻtirmasligi dafʼatan esiga tushib, boʻgʻziga yigʻi tiqildi, mijjalari yoshlanib, alamdan mushtumini tishladi. Soʻng goʻyo bu judolikni koʻtarmoqqa ortiq holi qolmagandek, yonidagi kulrang xarsang chetiga gʻamgin choʻkdi. Enatosh bagʻridek, koʻngli boʻm-boʻshligi bois, shu ondayoq oʻta fayzsiz tus olgan qoyatoshga ortiq qaramaslikka tirishib, endigina qizara boshlagan ufqqa, vodiyni tevaraklagan doʻngliklarga, viqorli togʻlar poyiga bosh qoʻygan qirlarga, naridagi qorli choʻqqilarga, yashil vodiy puchmoqlariga hamda tebranayotgan maysalaru turfa mitti chechaklarga birma-bir razm solgan – oʻzini alahsitgan boʻldi.

Biroq oʻzini har qancha chalgʻitishga urinmasin, nazarida, kimdir shu tomonga zimdan tikilib turgandek tuyulaverdi. Bu xil gʻayritabiiy tuygʻuni hali uylanmagan, shoʻxlikdan tiyilmagan, yaʼni tepalik boshidagi xarsanglar ortiga atay biqinib, shusiz ham oʻzini ilhaq kutib oʻtirgan enasini andak xavotirga solishga uringan kezlarida hamisha yurak-yurakdan his etardi. Adolat kampir allaqachon uning qorasini ilgʻagan va bundan koʻngli taskin topgan esa-da, toki oʻgʻli qoshiga kelmaguncha, oʻrnidan jilay demasdi, oʻtiraverardi qoyaday tosh qotib, soʻng salomiga alik olish oʻrniga aytgan gapi shu boʻlardi: “Sen tiyiqsizni tezroq uylab qoʻymasam, hech quyiladiganga oʻxshamaysan!”.

Oxiri boʻlmadi – ich-ichini tirnayotgan sogʻinch va qandaydir undovga boʻysinib, sekin oʻsha tarafga bosh burdi.

Enatosh!

Xuddi enasidek oʻzi tomon xayolchan termulib turardi.

Bu qadar oʻxshashlikni kutmagan, aniqrogʻi, shu lahzagacha buni ilgʻashga hatto harakat ham qilmagan yigitning yuragi bir qalqib tushdi.

Yo alhazar, nechun buni shu damgacha payqamadi ekan?!

Chindan-da nechun?

Nechunligi shundaki, aksariyat kishilar kabi oʻzi unib-oʻsgan muhitga nisbatan anchayin loqayd boʻlgan Togʻayning bor diqqati shu damgacha qoyatosh quchogʻida suyukli oʻgʻlining yoʻliga koʻz tikib oʻtiradigan enasiga qaratilgani, bundan-da nochori, ovuldoshlari singari, bu koʻhna zaminda kim yoxud nimagadir oʻxshash toshdan kami bormi, degan oʻta lanj koʻnikmaga egaligi tufayli oradagi bu oʻxshashlikka hech qachon jiddiy ahamiyat bermagan, yanada aniqrogʻi, xuddi boshqa joy qurib qolganday, ovul oʻrtasida qoʻnqaygan qandaydir kampir nusxa joʻngina bir tosh edi uning uchun. Bu xil gʻalati shakl-shamoyilga ega toshlar vodiyda qahat emas, sanasang – oʻndan oshadi. Ana, ulardan yana biri – ulkan Ayiqtosh. Turibdi, Enatosh boʻy rostlagan betning janubiy qismida ovul tomonga tumshugʻi hamda soʻl panjasini doʻstona choʻzib. Qisqasi, vodiy hududida eʼtiborga arzigulik gʻaroyibatlar yetarli darajada esa-da, biroq ularni ilgʻaydigan nigoh, anglay oladigan idrok gʻoyatda taqchil edi. Ovul ahliga ularning hech bir qizigʻi va zarracha qadr-qimmati yoʻq edi.

Ovul ahlidan farqli oʻlaroq, mazkur “toshhaykal”larga chet kishilar – ayrim joʻshqin feʼlli sayyohlarning eʼtibori va munosabati butunlay boʻlakcha edi. Qaysidir bir yili kichkina sargʻish chodirini koʻtarib kelgan ana shunday sayyohlardan biri Enatoshni ona timsoliga qiyoslab, suratini olgan va unga sakkiz qator sheʼr bagʻishlab, gazetaga bosib chiqargandi. Ushbu voqea sabab qoyatosh Enatoshga aylangan esa-da, baribir ovul kishilarining ayricha eʼzoziga sazovor boʻlmagan, qaytamga, oʻsha “shoir” sayyoh ustidan anchagacha kulib yurishgan: “Bechora gʻirt yetim ekan-da, a, toshni enamlab qopti!”.

Oʻsha kulganlar orasida Togʻay ham yoʻq emasdi, hiringlash borasida ovuldoshlaridan oʻzgan boʻlsa oʻzgandirki, aslo ortda qolmagan. Mana endi judolik tufayli yuzaga kelgan sogʻinch hissi mudroq shuuriga toʻyqusdan keskin taʼsir etib, hayrat toʻla nigohini qoyatoshga mixlab qoʻygandi.

U yelkasidan togʻdek bosib turgan gʻam balosini, zumga boʻlsa-da, paqqos unutgancha, qoyatoshning kelbati va qiyofasidan enasiga oʻxshash jihatlarni qidirishda davom edi: boshidagi lachak… manglayi… boʻrtiq yanoqlari… choʻzinchoqroq yuzi… oʻng yelkasi soʻliga qaraganda biroz kengroq demasa… oʻng tizzasi ustidagi qoʻli… xiyol oldinga egilgan qomati – o-o, bari juda-juda oʻxshash… Oqibat, kenja oʻgʻil sifatida hamisha Adolat kampirning alohida mehr-muhabbatiga sazovor boʻlgan, chunonchi, enasini akalari va boshqa xeshlariga nisbatan boʻlakcha suygan bu erkatobroq oʻgʻilning nim ochiq lablari orasidan bisotida boʻlmagan, boʻlgan taqdirda ham, bugunga qadar biror marta tiliga olmagan ibora beixtiyor sirgʻalib chiqdi:

– Moʻjiza!

Bu soʻzni yarim ovozda takror irod etarkan, vujudida tiyiqsiz bir hisni – enasining har kech poʻstak tashlab oʻtiraverishidan oynadek silliq tortgan qizgʻish tosh yuzasiga, Enatoshning soʻl tizzasiga bir damgina bosh qoʻyish istagini tuydi. Biroq bu istakni qondirmoq uchun avvaliga quyiga enib, soʻng betga oʻrlashi lozim edi. Boz ustiga, xohlasa-xohlamasa, bu amalni jigarlari koʻz oʻngida ado etmogʻi darkor edi. Agar shunday qilar boʻlsa, turgan gap, bu qiligʻidan boshda ular anqayishadi, soʻng miyasi suyilib qopti buning, deya ustidan kulishadi.

– Qani, kulib koʻrishsin-chi!

Togʻayning yuragi toʻyqusdan olovlanib, kishini anglashdan koʻra ustidan kulishni xush koʻradigan xeshlariga nisbatan adovatga oʻxshash otashli bir tuygʻuni his etib, achchiq-tizziq gaplar bilan barini boplab qamchilashni koʻngliga tugdi: “Kuydirgan kalladay tirjayishni bas qilib, avval manovu gapni eshitinglar! Bugun men buni ilkisdan bildim, barimiz koʻr, Enatoshni aynan enamga oʻxshashini bilmaydigan darajada basir ekanmiz! Qaranglar! Ha-a, tuzuklab qaranglar, kimga oʻxshaydi bu?! Enamga oʻxshaydi! Endi gap shu, bundan soʻgʻin har kuni Enatoshni tavof qilamiz! Bugun kech, ertan poyiga bir jonliq soʻyamiz, qon chiqaramiz! Nimaga deganda, bu tosh nafaqat enamga oʻxshaydi, unga, ha, unga, enajonimning ruh-ruxsori singgan! Bugun menga boshqacha qaradi! Ha, xuddi enamday qaradi!”. Bu gap-soʻzlari jigarlariga nechogʻlik jiddiy taʼsir etishini oʻzicha tasavvur etib, yuziga tund tabassum indi. Keyin esa tabiatning bu qadar mohir, bu qadar chevarligini goʻyo endi teran idrok etayotgandek – aslida ham shunday – koʻz oʻngida butunlay oʻzgacha maʼno va mazmun kasb etgan tevarak-atrofdagi boshqa shakl-shamoyildagi qoyatoshlarga, jumladan, Ayiqtoshga ayricha eʼtibor bilan nazar tashladi. Umrida ilk bora feʼlidagi loqaydlik sababini qidirib, oʻz taʼbiri bilan aytganda, ongini choʻkib qolgan loyqa-luyqa va qoʻqimlardan tozalashga urinarkan, saldan soʻng oʻzini oqlamoqqa topgan bahonasi shu boʻldi: “Vaqtida yolchitib oʻqimaganmiz-da, agar oʻz vaqtida manovu pishmagan xumkallani toshlarga urib-urib oʻqiganimizda bormi, bu qadar omi, bu qadar fikri sust tanbal boʻlmasdik… Qarang-a, axir buning bari shunchaki tosh emas, mohir usta qoʻli bilan yasalgan toshhaykallarga oʻxshaydi-ku…”. U boya oʻziga juda yoqib tushgan oʻsha yangi iborani qayta tilga oldi:

– Moʻjiza!

Yigitning yoniq nigohi endi ovul boʻylab kezina boshladi. Enatosh poyiga qadar choʻzilgan keng yoʻlakning soʻl tomonida katta akasi – Abduqahhorning baland tosh imorati savlat toʻkkan, oʻngdagi ixcham qoʻrgʻon oʻziniki. Kichik akasi Abdunazarning anchayin didsizlarcha qurilgan qoʻrgʻoni doʻnglik tepasida boʻrtib turgan barmoq nusxa toshboʻrtiq – qoyatosh poyidan oʻrin olgan. Undan xiyol quyiroqda qator tushgan toʻrt qoʻrgʻon esa uzoq-yaqin xeshlariga tegishli. Oʻsha qator chekkasida Abduqahhor ikkinchi oʻgʻli – Raufga atab tashlagan yangi imorat oʻrni – chala-yarim poydevor qorayib turardi. Ovulda faqat birgina Abduqahhorning qoʻrgʻoni, boshqalarniki kabi belga yetar-yetmas toshqalama bilan emas, tepasi tunukalangan boʻy baravar pishiq-puxta toshdevor bilan oʻralgan. Akasining feʼli shu – kimda nima koʻrsa, oʻshandan ulgu olishga urinadi. Tuman markazida kimningdir dangʻillama uyiga havas qilib, ushbu imoratini buzib, qayta solgan. Boʻlmalari oʻnga yaqin, biroq kelin tushirgan boʻlishiga qaramay, haligacha yarmidan koʻpiga birov bosh suqmaydi, qurilganidan beri chang bosib yotibdi. Bu yil esa Raufning uyini yanada baland koʻtarmoqchi, agar imkon topsa, bir emas, qoʻshqavatli qilib.

Nechun?

Bu kabi savollar uni oʻylatmaydi.

Hozircha yagona orzusi shu – oʻgʻlini bu atrofda tanho boʻlmish qoʻshqavatli uy sohibiga aylantirish. Uy – oʻgʻilga, obroʻy esa – otaga. Axir, oʻgʻil mulki – ota mulki, degan gap bor-ku. Bu oʻladigan dunyoda shu kabi orzu-havaslardan boʻlak yana nima kerak kishiga! Aytadilar-ku, yo dongʻing chiqsin, yo changing, deb! Otasi Haydar chavandoz ushbu ovulga tamal toshini qoʻyganidek, oʻzidan ham biror yodgorlik, hechqursa bir-ikkita qasrnoma toshimoratlar qolsin-da! Bu haqda birovga churq etmasa-da, biroq tutumidan shu narsa ayon. Ustiga ustak, oʻlgudek ishchan, chorvasiga bir emas, toʻrt choʻpon yollagan boʻlishiga qaramay, keti yer iskamaydi – yillab yiqqanini yoʻq yerdagi orzu-havaslar yoʻlida ayamay sovurishdan qaytmaydi.

Bundan yetti yilning narisida dorilfanodan dorilbaqoga rixlat qilgan Haydar chavandoz asos solgan bu moʻjaz ovul vodiyda tanhodek tuyulsa-da, aslida yakka-yolgʻiz emas, tepasida toshboʻrtiq boʻylanib turgan doʻnglik ortidagi quyi yalanglikda joylashgan Oʻrtaovulning uzviy qismi – ayro tushgan boʻlagi. Nomi ham shunga yarasha – “Ayriovul”. Darvoqe, uni asosiy ovuldan ajratib turgan toshboʻrtiq – “Boshbarmoq”, vodiy esa – “Yalangkaft” deb ataladi. Bu kabi gʻalati nomlanishlar bejizga emas, eʼtibor bilan qaralsa, vodiy sathi chindan-da barmoqlari yarimdan kengroq yozilgan yalang kaftga, uning sharqiy-shimoliy sarhadida koʻkka boʻy choʻzib turgan toʻrt qoya – toʻrt barmoqqa, qibla tomondagi tepa qismi chatnagan toshboʻrtiq esa boshbarmoqqa oʻxshaydi. Yalangkaft zamini tosh, toshkaftni enlagan qalin tuproq unumdor, vodiyning toqqa tutash qismida toʻrt buloq jildirab, yana ikkisi ovul biqinida qaynab turibdi, suv degani moʻl – xohlagancha dehqonchilik qilish mumkin. Biroq ovul ahli ekin-tikindan koʻra chorvani xush koʻradi. Bu kichik ovuldan bir Togʻaygina chetda – tuman markazi biqinidagi korxonada ishlaydi, qolganlar chorva etagidan mahkam tutgan, tuyoq sonini koʻpaytirish ilinjida kuyib-pishib yurishadi.

Togʻay oniy lahzada joʻn qoyatoshdan muqaddas toshga aylangan Enatoshga oʻzgacha ehtirom ila qaray-qaray, quyiga enarkan, ovul qoʻnim topgan betga yetganda tugʻishganlarining motamsaro koʻngliga ortiqcha gʻidi-bidi sigʻmasligini nazarda tutib, hozircha tuygʻulariga erk bermaslikka, bugun aytilishi lozim boʻlgan gap-soʻzlarini sal keyinroqqa qoldirishga ahd qildi. Agar shu tobda birov, yoʻliga, “enam-ov” desa, qoʻshilib yigʻlashga hozir edi u.

Yigit shu andishada quyidan betga koʻtarilar ekan, toʻsatdan ayol kishining azador muhitga yot quvnoq kulgusini eshitib, taajjubga tushdi. Bu paytda u boʻy baravar toshdevor yoqalab bormoqda edi. Quvnoq kulgu bot takrorlangach, hayrati choʻnglashib, oʻz eshigi qolib, zumda ogʻasining lang ochiq hashamdor darvozasi qarshisida paydo boʻldi.

Qiziq, koʻngliga kulgu siqqan kim boʻldi ekan?

Koʻzi keng hovli oʻrtasida, tepasi yopiq ogʻoch soʻrida oʻtirgan bir toʻp qiz-juvonga tushdi. Aksariyati azador kiyimda esa-da, xuddi gap-gashtakka yigʻilganday xushhol gurunglashgancha, biri sabzi toʻgʻrab, biri piyoz archib kechki taomga hozirlik koʻrishar, nariroqda yangi soʻyilgan qoʻy nimtalari osigʻliq turar, oynavand peshayvondan esa erkaklarning gangur-gunguri quloqqa chalinar, goʻyo yaqindagina bu ovuldan oʻlik chiqmaganday, Togʻay kutgan hazin kayfiyatdan asar ham yoʻq edi. Ana, oʻz ayoli Xadicha ham iymanibgina kulguga joʻr boʻlmoqda.

Ayollar darvozada turib qolgan Togʻayning qorasini ilgʻashga ulgurmay, ichkaridan akasi Abduqahhor, tish kavlagancha, notanish yigitlar – oʻtgan kuzda yangi imorat poydevorini chala-yarim qoʻyib ketgan ustalar bilan boshlashib chiqib keldi. Demak, u qurilishni boshlamoqchi.

Namuncha oshiqmasa!

Qoshiga soyaday sirgʻalib kelgan yigitlarning qaysi biri bilan soʻrashdi, qaysi biri bilan koʻrishdi – Togʻay tuzukroq anglay olmadi, qoqqan qoziqday, turaverdi serrayib. Avzoyidan ayollar darrov sergak tortishgan esa-da, ammo erkaklar uning tund aftiga tariqcha eʼtibor berishmadi, oʻzaro soʻylashgancha Enatosh tomon yurishdi.

Togʻay hovliga kirishni ham, kirmaslikni ham bilmay, soʻridan sirgʻalib tushgancha oʻzi tomon jonsaraklanib kelayotgan ayoliga qovogʻini uyub qarab turarkan, taq-toʻq ovozni eshitib, asta Enatosh tomon oʻgirildi. Qarasaki, belbogʻiga choqqina choʻkich qistirigʻli, manglayi keng, yanoqlari boʻrtiq, koʻzlari qisiq, moʻylovdor ustaboshi qoyatosh poyida uyulib yotgan katta-kichik toshlardan birini olib, birini qoʻyib koʻrmoqda. Qolganlar esa uning xatti-harakatlarini kuzatib, jimgina turishibdi.

Nima qilayapti bu?

Togʻay es-hushini yigʻishga ulgurmay, qulogʻiga shu gap chalindi.

– Poydevorga bemalol yetsa kerak…

– Kamiga-chi? – oʻsmoqchilab soʻradi Abduqahhor, devorni nazarda tutib.

– Agar haqi toʻlansa, – ustaboshi yelka uchirib, qitmirona iljaydi-da, Enatoshga ishora qildi, – manovu tomoni serqatlam ekan… bir harakat qilsak, kamigayam yetkazamiz-da, boy ota. Yo olis daradan tosh opkeb berasizmi?

Akasining toshimorati Enatosh biqinidagi kichik qoyatoshni komiga tortgani yodiga tushib, Togʻay hushyor tortdi.

– Pulsiz hatto yoʻtalmayman deng? – dedi akasi achitib.

– Pulsiz yoʻtalib boʻlarkanmi, boy ota, – ustaboshi moʻylovini burab, yoyilib kuldi. – Tomoq qirilib ketadi-ku…

U qishin-yozin boshidan tushmaydigan yagʻir telpagini ensasiga surib, manglayini yengilgina qashladi-da, soʻng soʻzlana-soʻzlana, tabiiy tosh zinalarni bir-bir bosib, Enatoshning “tizza”li qismiga koʻtarildi, goʻyo toshning oynadek silliqligiga havasi kelganday, soʻl “tizzatosh”ning qizgʻish sirtini kafti bilan silab-siypaladi. Keyin xuddi oʻsha yerga oyoq qoʻyib, “tizza” ustiga chiqdi. Qoyatoshdan namuna olish oʻyida belidagi choʻkichni qoʻliga tutdi. U “usta” maqomiga ega esa-da, toshlarning xili va soziga koʻpam aqli yetavermasdi. Ammo oʻrni kelganda, oʻzini koʻrsatishga gʻoyatda mohir edi. Hozir ham quyida turganlar eʼtibori oʻziga qaratilgani sabab, oʻta bilagʻon kishi sifatida qoyatosh bagʻriga, shunchaki yoʻliga, choʻkich oʻrib koʻrish niyatida edi. Biroq maroq bilan boshlagan “oʻyin”ini adoqlay olmadi – toʻyqusdan qoʻpgan gʻayritabiiy bir oʻkirikdan shoʻrlikning esi toʻnkarilib, choʻkichi qoʻlidan tushib ketdi.

– Qani, tush pastga! – deya qayta bor ovozda hayqirdi, uning Enatosh “tizza”siga, yoʻq-yoʻq, Enatosh “tizza”siga emas, enasining tabarruk tizzasiga oyoq qoʻyganidan quturish darajasiga yetgan Togʻay, mezbonlik taomilini paqqos unutgan holda. – Emasam, hozir chatogʻingni chiqaraman!

Ustaboshi bazoʻr oʻzini oʻnglab, “Hozir-hozir, mana, hozir”, deya zingʻillagancha pastga enarkan, inisining bu qiligʻidan boshqalar qatori hang-mang turib qolgan Abduqahhorga nimasi bu, degan maʼnoda koʻzlarini javdiratib qaradi.

– Nima gap, oʻzi? – dedi begonalar oldida qattiq xijolatda qolgan Abduqahhor, nihoyat oʻziga kelib. – Anglat… bunday!

– Agar yana toshga qotinar boʻlsang, naq qansharingdan otaman! – dedi Togʻay taxmon kunjagiga bekitib qoʻyilgan qoʻshogʻiz miltigʻini nazarda tutib, vajohat toʻla ohangda. – Ha, ikki qoshingni oʻrtasidan otaman!

– Uv-v, nimalar deyapsan sen, oʻzi? – Abduqahhor ovozini bir parda koʻtardi. – Jin chalganday namuncha boʻkirasan, a?

– Jin meni emas, sizni chalganga oʻxshaydi, aka! – dedi Togʻay qahr toʻla koʻzlarini ustaboshidan uzib, unga oʻqdek qadarkan. – Imoratni deb endi bu toshniyam gumdon qilmoqchimisiz? Yoʻq-q, kechiribgina qoʻyasiz! Bu tosh siz oʻylaganchalik oddiy tosh emas! Enamning ruhi va ruxsori bu! Qarang, bunday! Nahotki bunda enamning qiyofasini koʻrmayotgan boʻlsangiz?! Qarang, yaxshilab qarang! Mening enam! Bu oqshom enam oʻrnida ena boʻp kutib olgan enajonim mening bu!

Bu gap-soʻzlardan hamma lol turib qoldi, soʻng barcha, jumladan, allaqachon soʻrini tark etib, mojaro tomoshabiniga aylangan ayollar ham Enatosh tomon oʻgirilishdi. Biroq u yaqindan koʻpam marhumaga oʻxshamasdi, uning butun sir-sinoati kunchiqish tarafdan turib qarashga bogʻliq boʻlib, shunda ham xiyol olislabroq boqish lozim edi.

– Ha-a, enang oʻlib, sen bechoraning butunlay esing ogʻib qopti! – dedi Abduqahhor ham achitib, ham achinib.

– Yoʻq, enam oʻlmagan! – dedi Togʻay qaysarona bir ohangda. – Mana, u kishi tepamizda savlat toʻkib turibdi!

Abduqahhor qiziqsinib qoyatoshga qayta tikildi. Biroq bir tuki qilt etmadi, qaytamga, ajabsindi: “Buning nimasi enamga oʻxsharkan, a? Lachak yopingan qandaydir alvasti-ku bu!”. Qoyatoshning enasiga oʻxshash-oʻxshamasligi emas, aksincha, uning oʻng biqinidagi imoratga yarogʻli toshlar qatlami koʻproq qiziqtirmoqda edi uni. Axir burni tagida shuncha tosh zaxirasi boʻla turib, nega endi chiqim qilib, olis daradan tosh tashib yurishi kerak? U shu oʻyda Enatoshga boshdan-oyoq razm solarkan, toʻsatdan tosh inisining qoʻrgʻonidan koʻra, oʻziga yaqinroq yerda joylashganini payqab qoldi.

– Koʻp boshni qotirma! – dedi pisanda ohangda. – Qara, bu tosh sendan koʻra koʻproq menga tovin…

– Qachondan beri ena kimgadir tovin boʻlib qoldi? – dedi Togʻay uning shaʼmasini anglab.

– Axir bu enang emas-ku, nodon!

– Yoʻq, menga ena! – dedi Togʻay qatʼiy yoʻsinda. – Bundan keyin har oqshom ishdan qaytishimni ilhaq kutib oladigan enam bu mening! Undan koʻra tavob qiling! Ertan, yoʻq, shu jumada poyiga jonliq suyaman! Tevaragini tozalab, obod qilaman!

– Elga kulgu boʻlasan…

– Enam uchun kulgu boʻsam-boʻpman-da!

– Yoʻq, buni senga bermayman, oʻzimga kerak bu.

– Tirikligi malol kelardi… – dedi achitib Togʻay. – Endi toshi kerak boʻp qoldimi sizga!

– Haddingdan oshayapsan!

– Men emas, siz oshayapsiz!

– Demak, bermaysan?

– Xuddi shunday.

– Axir…

– Axir-paxiri yoʻq!

Ustalar oldida noqulay ahvolga tushib qolgan Abduqahhor, bir xayoli, qahr otiga irgʻib minib, ukasi ustiga ot surmoqchi boʻldi. Ammo agar jahllansa, uning hech narsadan tap tortmasligini bilgani uchun, shu xil qaltis paytlarda otasi qoʻllaydigan ibratli amallardan birini ishga solmoqni maʼqul topdi.

– Xay-y, bu masala yechimini senu men emas, – dedi darrov yuziga niqob tortib, yurt kayvanilariga xos salobatli ohangda, – el-ulus hal qiladi. El nima desa – shu! Qani, aytinglar-chi, bu tosh chindan-da marhuma enamizga oʻxshaydimi, yo yoʻqmi? Agar oʻxshasa, toshga qotinish yoʻq, oʻxshamasa… aksi boʻladi.

Davraga ogʻir sukunat choʻkdi.

Abduqahhor yuzaga kelgan bu sukunatni inkor maʼnosida qabul qilib, botinan oʻzida yoʻq sevingancha, endi tantana qilmoqchi ham ediki, ayollar toʻpidan Xadichaning jurʼatsiz ovozi eshitildi:

– Ha-a, chindanam oʻxshaydi, boyogʻa.

– Balkim oʻxshar… – Abduqahhor ichidan qirindi oʻtsa-da, sir boy bermaslikka tirishib, oʻsha viqor, oʻsha salobat bilan har bir soʻzini chertib-chertib dedi: – Biroq bu yigʻindi sening gaping inobatga olinmaydi, kelin. El, erining tarafini olayapti, degan oʻyga borishi mumkin. Shuning uchun biz xolis odamlar fikrini eshitamiz. Xoʻsh, kim nima deydi?

– Men gapirsam maylimi? – dedi kutilmaganda oʻn uch yoshli katta qizi Oysanam, xuddi muallim qarshisida turganday, beixtiyor qoʻlini koʻtarib.

– Gapir, qizim, – Abduqahhor unga umidvor tikildi.

– Bu tosh… chindanam momomga oʻxshaydi, – dedi qiz. – Buni men momomning oʻzigayam aytganman. Oʻlsam, mendan silarga yodgorlik boʻp qoladi, deya kulgan momom.

Xuddi shu eʼtirofni kutganday, davrada gʻala-gʻovur koʻtarildi.

– Ha, oʻxshaydi.

– Uncha oʻxshamaydi.

– Yoʻq, oʻxshaydi.

– Ha, momoning xuddi oʻzi.

Abduqahhor, obbo, bu yogʻi chatoq boʻldi-ku, degan maʼnoda ustalar tomon oʻgirildi. Qarasaki, ulardan ikkisi – ustaboshi hamda quyuq qoshli bir yigit olislab qoyatoshga tikilib turishibdi.

– Qani, ustalardan ham fikr eshitaylik-chi, – dedi soʻnggi ilinj bilan Abduqahhor.

– Haqiqatan ham, momoga oʻxsharkan, – dedi “quyuq qosh” uning gapiga ahamiyat bermay, oshkora hayrat bilan.

– Oʻxshaydi-oʻxshaydi, – dedi ustaboshi ham oʻzi bilmagan holda uning gapini maʼqullab. – Bunaqa toshni qaysi bir kinoda ham koʻrganman.

Abduqahhor bugun ustalarning kelishi sharafiga jonliq soʻyganiga qattiq poʻshaymon yedi: “Izzatni bilmagan nokaslar! Bularni odam desam, gʻirt xoin ekan-ku!” deb oʻyladi alam bilan. Soʻng Togʻayga yuzlanib, piching-la dedi:

– Hechqursa tagidagi toshlarni yigʻib olishga ruxsat berarsiz, a, xoʻjayin?!

– Bemalol, – dedi Togʻay pichingga ahamiyat bermay. – Shusiz ham tevaragini toshlardan tozalash oʻyidaman.

Abduqahhor qoyatoshning enasiga oʻxshashligidan va bu narsa qizgʻinlik bilan eʼtirof etilganidan, oʻzi qolib, inisining tegirmoniga suv qoʻygan befahm ustalardan oʻpkalanib, magʻlub boʻlganidan oʻksinib, sekin davrani tark etdi.

 

***

Ertasi oqshomga yaqin yumushdan qaytayotgan Togʻay Choʻngtepa beliga harsillab-gursillab koʻtarilarkan, bu safar qarshisida mahobat-la yuz ochgan manzaraga emas, birinchi galda Enatoshga koʻz tashladi. Qarasaki, Enatosh, Enatosh emas, enasi – Adolat kampir, qachon kelasan, oʻgʻlim, deganday xayolchan termulib turibdi.

Togʻay bundan yengil tin oldi.

Togʻay bundan suyundi.

Togʻay bundan koʻzini yoshladi.

Biroq Togʻayning bu quvonchi uzoqqa choʻzilmadi.

Avvaliga doʻnglikning shimoliy qismida uymalashib yurgan qora-qura koʻlankalarga eʼtibor bermadi. Soʻng koʻngli qandaydir noxushlikni his qilib, beixtiyor oʻsha tomon koʻz tashladi. Ne koʻz bilan koʻrsinki, ustalardan ikkisi katta zambilgʻaltakka tosh yuklashmoqda, allaqachon soʻl panjasidan ayrilgan shoʻrlik Ayiqtosh esa bu ne hol, deganday ovul tarafga tumshugʻini mungli choʻzib turibdi.

Togʻay qattiq soʻkingancha quyiga otildi. U oʻzi sezmagan holda vodiydagi gʻaroyib “toshhaykal”larning chin qoʻriqchisiga aylanib ulgurgandi.

 

Hormurod NORQOBILOV

 

“Yoshlik”, 2015 yil 10-son

https://saviya.uz/ijod/nasr/enatosh/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x