Ishqqa dil berdimu ishq ila yondim

Muhabbat

 

Ey dil, bahor bilan yuzlashding, yonding,

Uygʻondi qizgʻaldoq boʻyli xotirot.

Yana ertaklarga chin deb ishonding,

Sogʻinch kurtaklaring gullagan hayot.

 

Sabzalar ichida qizgʻaldoq – quyosh,

Yodingda tiklandi oʻtli chogʻlaring.

Kiprigingda gʻuncha – bir tomchi koʻzyosh,

Bagʻriga chorladi zangor bogʻlaring.

 

Binafshalar kuldi, kulgusi sogʻinch,

Daryoga talpindi diydor izlar qor,

Nurli qadamlarin qoʻyib oshiqdi

Sogʻinch gullarini sochganda bahor.

 

Bogʻlarda bodroqday ochildi sogʻinch,

Qaytdi quchogʻingga qaldirgʻochlar ham.

Bulutlar suv sepdi: ey tashna dil, ich,

Koʻklam sogʻinganing aytadigan dam.

 

Lekin har bahor ham qismat gulining

Sen uchun ifori oʻkinch, alamli.

Qudrati yetmaydi qadr tunining,

Sabzaday kipriklar shabnamli, namli.

 

Dilim, fursat yetdi, kelar qoshingga,

Eh, buncha azobga duchor boʻlmasang.

Dunyo gʻarq boʻlar-ku toʻkar yoshingga,

Kelsa-yu koʻzida sogʻinch koʻrmasang.

 

Qani endi, ixtiyor senda boʻlsa-yu,

Seni sevmaganni sen ham sevmasang…

 

Jannat yurtim

 

Bu dunyoda umidvor har dil,

Duo birla qilurkan niyat.

Jannatingdan joy bergil, tangrim,

Orom topay, deydi, abadiyat.

 

U bilmas lek, koʻkdami, qayda,

Orzulagan jannat bogʻlari.

Suv oʻrniga sharbatlar oqqan

Chamanzorlar, behisht togʻlari.

 

Yoʻq, kufr deb atamang soʻzim,

Haq vaʼdasin etmasman inkor.

Shukrim dilda, yurtimga boqib,

Zaminda ham, deyman, jannat bor.

 

Boshlanar-ku qalbdan obodlik,

Ezgulikning choʻgʻi yurakdan.

Bunda elning hayoti totlik,

Jannat fayzi yogʻar falakdan.

 

Mehnat bilan rizq topar hamdam,

Hayotidan mamnun, koʻngli toʻq.

Riyokoru, yurtfurushlarga,

Buzgʻunchiga bunda oʻrin yoʻq.

 

Magʻrur, ozod yashar el-ulus,

Oʻziga bek, oʻziga xondir.

Yovlarin mahv etolgan jasur

Bobolari jannatmakondir.

 

Lafzi halol, yurtiga qalqon

Mardlarining qaddi adl, tik.

Toʻrt faslki, toʻxtovsiz gullab,

Yaxshilikdan unar yaxshilik.

 

Hech manzilda baxt topmas tayin

Jaholatga asir boʻlgan jon.

Jannatni ham obod etgaydir

Yurtin jannat etolgan inson!

 

Bargi xazonlar

 

Qanday goʻzal edi, bu bogʻlar goʻzal,

Qanday hilpirardi yashil yaproqlar.

Tabiat hukmimi bu qazo azal,

Kuzak yuragimga solur titroqlar.

Oʻtdimi yashnagan eng ajib onlar,

Dunyoga alvido aytar xazonlar!

 

Bargi xazonlar, bargi xazonlar,

Sizning qismatingiz yuragim dogʻlar.

Ey soʻnggi yaproqlar, oʻtdimi u chogʻlar,

Mening yuragimdek gʻarib bu bogʻlar…

 

Taqdir quyunidek kuzak shamoli

Zaʼfaron barglarga etmaydi shafqat.

Qalbimni oʻrtaydi har barg zavoli,

O hayot, bunchalar hukming beshafqat.

 

Umrim daraxtiga koʻz tashla, ey doʻst,

Yillar armonida kuyib-yonurman.

Bahorlar bagʻriga yoʻl boshla, ey doʻst,

Yoʻqsa bu bogʻlarda mangu qolurman.

Oʻtdimi yashnagan eng goʻzal chogʻlar,

Dildan uchyaptimi bargi xazonlar…

 

Bargi xazonlar, bargi xazonlar,

Siz-la ketyaptimi eng goʻzal chogʻlar.

Bargi xazonlar, bargi xazonlar.

Yoʻq, hali koʻksimda gullaydi bogʻlar…

 

Toʻrtliklar

 

Koʻngil vodiysiga koʻnglim ishondim,

Ishqqa dil berdimu ishq ila yondim.

Qancha yil gʻaflatda oʻtibdi umrim,

Bitta qarashingdan qayta uygʻondim…

 

* * *

Oshiq dilga muattar havolar ishqdan kelur,

Ham boshigʻa gʻavgʻoyu balolar ishqdan kelur,

Majruh dilga tabibdin malham izlama, ey doʻst,

Davosiz bu dardga ham davolar ishqdan kelur.

 

* * *

Yo rab, oʻzing bu dilim ishq ichra samandar qil,

Hijron gulin iforin oʻzing mushku anbar qil.

Vasling soʻrdim, hayotim subhini qaro qilding,

Bemurod ketmay, umrim shomini munavvar qil…

 

* * *

Ey dil, endi vujudimning sohiri sen,

Soʻz aytsam, soʻzimning zohiri sen,

Qancha sarson boʻlib oʻzingga qaytdim,

Angladim, ishq yoʻlin oxiri sen.

 

Yogʻayotgan oppoq qorlar tindimi

 

Yuragimga qorparchalar qoʻngandi,

Qor ostida boychechaklar ungandi,

Kiprigimga pok zarralar ingandi,

Koʻngil chalgan ishq rubobi sindimi,

Yogʻayotgan oppoq qorlar tindimi?

 

Garchi oftob koʻrinmas koʻp samoda,

Lekin tafti yurakdagi maʼvoda,

Yupanch yoʻqdur sevgi degan samoda

Aytgil, ey yor, ishq rubobi sindimi,

Yogʻayotgan oppoq qorlar tindimi?

 

Oppoq edi goʻyo bu jumla jahon,

Har zarradan oʻqir edim bir doston,

Nahot erib ketsa bu oppoq boʻston,

Koʻngil chalgan ishq rubobi sindimi,

Yogʻayotgan oppoq qorlar tindimi?

 

Qorparchalar oshiq qalbim yogʻdusi,

Oyogʻingni oʻpib yoʻlda qolgʻusi,

Erisa ham yuragingga tomgʻusi,

Aytgil, ey yor, ishq rubobi sindimi,

Yogʻayotgan oppoq qorlar tindimi?

 

Minhojiddin MIRZO

 

“Yoshlik”, 2015 yil 11-son

https://saviya.uz/ijod/nazm/ishqqa-dil-berdimu-ishq-ila-yondim/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x